Ma’ruza matni 09. 2017 1-Mavzu: Musiqa mad


Download 0.98 Mb.
bet1/3
Sana05.10.2019
Hajmi0.98 Mb.
  1   2   3

Ma’ruza matni 6.09.2017
1-Mavzu: Musiqa madaniyati va uning hayotdagi o`rni

Reja:

1.Musiqa madaniyatini shakllanishi

2.Musiqada yangicha uslub

3.Musiqa madaniyati rivojida milliy cholg‘ular o`rni


Tayanch iboralar: Mumtoz musiqa, folklor, musiqiy madaniyat
1. Musiqa madaniyatini shakllanishi. O`zbek xalqining musiqa madaniyati juda uzoq tarixga ega. Tarixiy taraqqiyot davomida xalq mumtoz musiqasi, an’anaviy kasbiy musiqa, xalq bastakorlik yo`lari, shuningdek, folklor - havaskorlik musiqiy merosi singari shaklan va usluban bir-biriga yaqin ijrochilik ko`rinishlari bir-birini to`ldirib keldi. Ushbu musiqiy merosimiz bugungi kunimizda ham ma’naviy madaniyatimizning bir bo`lagi sifatida namoyon bo`lmoqda.

Mustaqillik sharofati bilan milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga, urf- odatlarimizga, unutilayozgan, tarixan qadrli an’analarimizga bo`lgan e’tibor, ularni yangidan islox etish jarayoni ustivor yo`nalish kasb etdi.

Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, ma’naviy boyligimizga bo`lgan e’tibor davlat miqyosiga ko`tarildi. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq ota-bobolarimizdan, ajdodlarimizdan qolgan ma’naviy boyliklarni, jumladan, musiqiy madaniyatni avaylab asrash, tiklash borasida, qolaversa, zamon bilan hamohang qadam tashlash borasida talaygina ishlar qilindi. Bu borada o`tgan ajdodlarimiz bizlarga meros qilib qoldirib ketgan ulkan ma’naviy boyligimiz asosiy omil bo`lib xizmat qilmoqda.

Tarixdan ma’lum, ma’naviyatimizning asosiy bo`g‘ini bo`lgan musiqiy madaniyatimiz, an’anaviy qo`shiqlarimiz, maqom ijrolari hamisha xalqimizning kundalik hayotida ma’naviy ozuqa sifatida e’tirof etib kelingan. Xalq og‘ir kunlarida musiqadan najot izlagan, xursandchilik kunlarida ham qo`shiq va musiqa ularga hamrox bo`lgan. Zero, bugungi muborak Mustaqillikka erishgan kunimizda, o`zligimizni anglab borayotgan bir davrda ulkan ma’naviyatimizning bir bo`lagi bo`lgan, ota-bobolarimizdan meros bo`lib kelgan milliy musiqiy madaniyatimizga suyanish, an’anaviy qo`shiqlarimizga murojaat qilish tabiiy bir holdir. Bularning barchasi barkamol avlod tarbiyasida, yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

An’anaviy musiqa va qo`shiqlarimiz odamlarni hamisha iymonga, mehr-oqibatga, odamiylikka chorlab kelgan. Bugungi kunda ham shu dolzarbligini yo`qotmagan holda Mustaqillikka, mehnatkashlar ongini shakllantirish yo`lida, barkamol avlod tarbiyasida vosita sifatida asosiy omillardan bo`lib qolaveradi.

Ashula, musiqa, raqs, folklor ijrochiligi san’ati milliy musiqa san’atining xalq hayoti va ijodi bilan chambarchas bog‘liq holda paydo bo`lgan va rivojlanib kelgan qadimiy san’at turlaridan hisoblanadi. Ayniqsa, xalqimizning an’anaviy ruhdagi qo`shiqlari o`lmas meros bo`lib, barcha davrlardagidek bugun ham «labbay» deb javob bermoqda. Lekin shu bilan bir qatorda faqat tarixga sajda qilmay, bugungi kunning ruhiga mos tarzda qo`shiqlar yaratish esa milliy mafkuramizni rivojlantirishda bosh omillardan bo`lmish musiqiy san’at bilan shug‘ullanayotgan barcha mutaxassis va san’atkorlarga muhim vazifa qilib qo`yilishi tabiiydir. Mamlakatimiz tamomila yangi jamiyat, yangi turmush va yangi hayotni boshlab yubordi. Odamlarimiz qalbi, tafakkuri va tasavvurida o`zgarishlar paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganlariday, ma’naviyat masalasi millat tarixi, axloqiy va diniy qadriyatlar, madaniy meros, an’ana va rasm - rusumlar, milliy mafkura, vatanparvarlik va insonparvarlik, milliy o`zlikni anglash singari juda ko`p omillarni o`z ichiga oladi va pirovardida, inson shaxsini belgilashda asosiy mezon vazifasini bajaradi.

“Xalqimizning kelajagi, - deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov, - eng avvalo, uning o`ziga, ma’naviy qudratiga va milliy ongining ijodiy kuchiga bog‘liqdir. Moddiy farovonlikka tabiiy intilish millatning ma’naviy va aqliy o`sish ehtiyojiga g‘ov bo`lmasligi lozim. Ma’naviylik va mahrifiylik xalqimizning ko`p asrlik tarixi davomida doimo uning eng kuchli o`ziga xos xususiyati bo`lib keldi”.

Ushbu tamoyillardan kelib chiqib, ma’naviy jabhalarning barcha yo`nalishlari o`zlarining maqsad va vazifalarini belgilab olishlari zarur bo`ladi. Ayniqsa, bu jabhada musiqiy madaniyatning ma’naviy hayotdagi o`ziga xos o`rnini baholash, uning ta’sirchanlik kuchini Mustaqillik mafkurasi tomon yo`naltirish uning bosh mezoni ekanligini anglash muhimdir. Madaniy hayotda bugungi kunda shu tamoyilga ko`ra siljishlar kuzatilmoqda. Ijodkorlarning fikri- zikri ana shu tamoyillar yo`liga yo`naltirilgan desak, xato qilmagan bo`lamiz.

Musiqiy madaniyat o`zining serqirraligi bilan ajralib turadi.

Ayniqsa, o`zining chuqur ildizlari qadimgi davrlarga yetib boradigan o`zbek xalqining boy musiqa merosi hozirgi kundalik hayotimizdan ham tushgani yo`q. U xalq ijodining yuksak namunalari, folklor ijrochiligi, kuy tuzilishi, mazmunan rivojlangan cholg‘u va ashula asarlari, dostonlar ijrochiligi hamda murakkab ijrochilik turkumi atalmish maqom musiqasini o`z ichiga oladi. Bundan tashqari, xalq musiqiy madaniyatida o`zlarining barcha davrlarda sezilarli hissalarini qo`shib kelayotgan xalq bastakorlarining ijodi ham salmoqli o`rin tutadi.

XIX asr oxirlariga kelib o`zbek musiqiy madaniyatida o`zgarishlar davri boshlandi. Bu albatta, Turkiston o`lkasini Rossiya tomonidan istilo qilinishi bilan bog‘liqdir. Bu borada ikki tomonlama qarash bilan o`rganmoq zarur bo`ladi. Chunki bazi bir hollarda milliy musiqa madaniyatimizga salbiy ta’sirini kuzatsak, ikkinchi tomondan, o`ziga xos rivojlanish davri bo‘lganligini ham e’tirof etish zarur bo`ladi. Chunki nota yozuvining kirib kelishi, o`lkamizda milliy musiqa san’atimizni ilmiy ravishda o`rganish, folk­lor va etnografiya sohasidagi rivojlanishga sezilarli ta’sir etdi.

Bu borada V. A. Uspenskiy, Ye.Ye. Romanovskaya, N. N. Mironov singari musiqashunos va etnograf olimlarning mehnatlarini aytib o`tish zarur bo`ladi. Ilyos Akbarov, Mutal Burxonov, Yunus Rajabiy, Tolibjon Sodikov, Muxtor Ashrafiy singari musiqamiz darg‘alari ulardan saboq oldilar. Bundan tashqari, jahon musiqiy madaniyatining durdonalari sanalmish fortepiano sozi, opera va balet, simfonik ijro, jahon klassik musiqiy sozlarining kirib kelishi musiqiy madaniyatimizning har tomonlama serqirra rivojiga salmoqli hissa qo`shdi. Natijada, o`zbek xalq musiqalari, qo`shiqlari, maqomlari joy olgan 20 jilddan ortiq kitoblar dunyo yo`zini ko`rdi.

So`nggi 130 yil ichida musiqiy madaniyatimiz murakkab, keskin ziddiyatlarga, ijobiy va salbiy ko`rinishlarga to`la tarixiy davrni boshidan kechirdi. Ana shu holatlarga qaramay, o`tgan davrlar mobaynida ilm fan, san’at, jumladan, musiqiy madaniyat sohasida faxrlanishga arzigulik ishlar amalga oshirilganligini e’tirof etish zarur. Yaqqol misol sifatida musiqa ijodiyoti, ijrochiligi, musiqa ilmi, tahlili singari sohalarni olish mumkin. Shu o`tgan davrlarning salbiy oqibatlari sifatida hayotimizning o`ta siyosiylashtiriluvi, milliy qadriyatlarimizni mensimaslik, uning toptalishiga yo`l qo`yilishi, xalqchil yo`nalishlarga bepisandlik munosabatida bo`lish, azaliy xalqaro madaniy aloqalar rivojlanishiga sun’iy to`siqlar qo`yilishi kabilarni ko`rsatish mumkin.



Qadimgi yunonistonda estrada tushunchasining paydo bo`lishi. Estrada tarixini o`rganish uchun shu tushunchani paydo qilgan tarixiy daqiqalarni tasavvurimizda tiklab, uning o`z davri tomoshalardagi ilk ko`rinishlarini izlaymiz va o`rganamiz.

Sayoxatimizni qadimgi greklarning tasavvuri va tafakko`rini ifodalagan miflar-rivoyatlaridan boshlaymiz. Ularning miflari diniy ruhda bo`lib, olam avvalida Xaosdan iborat bo`lgan, degan fikrni ta’qidlaydi. Xaos- bugun ham hamma narsaning aralashib ketgan shakli ma’nosida ishlatiladi. Xaosdan Yer-Geya va yerosti olami –Tartar paydo bo`lgan. Geyadanning o`g‘li Uran, osmon xudosi kelib chiqqan. Uran va Geyadan titan-katta xudo Kronos tug‘ilgan.

Kronosdan-Aid, Poseydon, Gestiya, Demetra, Gera va Zevs kabi kichik xudolar kelib chiqqan.

Zevs boshliq kichik xudolar-titanlar, ya’ni katta xudolar hukmdorligini ag‘darib tashlab, olamni o`zlari idora qila boshlaganlar. Shunday qilib, Zevs-bosh xudo, Osmon ma’budasi va nikoh homiysi Gera uning xotini bo`lgan.

Greklar tabiatdagi mo`jiza va o`zgarishlarning sodir bo`lishiga Xudolar sababchi deb qarab, ularning vazifalarini quyidagicha taqsim qilganlar:

1. Poseydon-dengiz xudosi

2. Demetra- hosildorlik va don xudosi

3. Gestiya- uy-ro`zg‘or ma’budasi

4. Aid-yer osti xudosi

5. Afina-donishmandlik va urush xudosi

6. Appolon- ro`shnolik va san’at xudosi

7. Artemida-oy va ov ma’budasi

8. Gefest- temirchilik xudosi

9. Afrodita - go`zallik va sevgi xudosi

10. Dionis- go`zallik yigit qiyofasidagi xoil va vino xudosi.

Greklar o`z miflarida xudolar bilan odamlar o`rtasidagi munosabatni bog‘lay boshlaydi. Natijada Prometey osmondan olovni odamlarga olib tushgani uchun jazolanadi. Yarim xudo-qahramon Greklar 12 marta qahramonlik ko`rsatadi. U xudolar va odamlar nikohidan paydo bo`lgani uchun alohida ezozlangan. Gerakl yovuzlikka qarshi kurashadigan, she’r terisini yopingan, qo`liga tayoq tutgan qahramon obrazidir.

Dunyo madaniyatida katta o`rin tutadigan bayramlar qadimgi greklarning ham o`z xudolariga bag‘ishlab o`tkazadigan asosiy tadbiri bo`lgan. Bu bayramlarni tantanali nishonlash uchun ular, xatto qo`shni shaharlaridan mehmonlar chaqirishgan. Natijada, bayramlar – xalq o`yinlari ko`rigiga, jismoniy tarbiya ko`rgan yigitlar o`rtasidagi musobaqalarga, yasangan qizlarning kiyimlari namoyishiga hamda xor, qo`shiq va raqs ustalarining musobaqasiga asos bo`lgan.

Teatr, aktyor, tragediya, komediya, xor, orkestr, drama, sahna, estrada, stadion, bu-qadimiy greklar yaratgan tomosha san’ati atamalari bo`lib, ular hozir ham o`z mohiyatini yo‘qotmagan. Bular tarixiga ham bir nazar tashlaylik.

Otning taqasi shaklini eslatadigan qadimgi grek teatrlari 20-25 mingcha tomoshabinni sig‘dira olgan. O`rtasi tekis bo`lgan, atrofi tepalik bilan o`ralgan joyni ular jihozlab - stadion, ya’ni musobaqa joyi deb atashgan. Uch tomoni tuproq bilan o`ralgan tepalik shaharning bir tomoni tekislikdan iborat bo`lsa, bu joyni jihozlab-teatr deb atashgan. Demak, Greklar tomoshabinlar o`tiradigan joyni teatr deb atashgan. Tekislikning tomoshabinga eng yaqin, oldi qismi-orkestr, xor joylashadigan maydoncha deb atashgan. Bugun ham shunday, musiqali teatrlarda tomoshabin bilan sahna orasidagi joyga- orkestr va xor joylashadi.

Xor bilan muloqotga kiruvchi va uni boshqaruvchi Korifeyni, tomoshabinlarga yaxshiroq ko`rinishini ta’minlash uchun, uni orkestrni orqa tomonida maxsus jihozlangan - taxta chorpoya ustiga chiqarishgan. Chunki, xorning obro`si baland bo`lib, uning oldida yurish mumkin emas edi.

Keyinchalik, korifey va xor bilan muloqot qilishi uchun chorpoya ustiga birinchi aktyor ham chiqqan. Sahnada Korifey bilan birga birinchi akt yo`lining paydo bo`lishi taxta jihozni yanada kengaytirishni talab qilgan va uni greklar –“estrada”, ya’ni sahna, tom ma’noda- “maxsus ko`tarilgan joy”, deb ataganlar. Demak, estrada-aktyorlar idrosi uchun maxsus jihozlab ko`tarilgan joy bo`lib, sahna atamasi bilan hamon o`z mohiyatini saqlab kelmoqda. Qadimgi greklar, “skene” deb, estrada-sahna ortidagi maxsus chodir, ya’ni palatani atashgan. U yerda aktyorlar qiyingan va sahna jihozlarini saqlagan.

Keyinchalik estrada-sahna orti maxsus devor bilan to`silgan va “skene”-chodir tomoshabinga ko`rinmaydigan bo`lgan. Bu devorda uchta eshik qoldirilgan va undan aktyorlar sahnaga kirib-chiqib to`rgan. Ilk bor bu devorga Dionis uchun atalgan qurbonliklar osib qo`yilgan. Shunday qilib devor asta-sekin mavzuga mos o`zgarib, ilk dekloratsiya- sahna bezagi vazifasini o`tay boshlagan.



Bugungi kundagi teatr tushunchasi bizda yaxlit tomosha ko`rsatish maskanini anglatadigan bo`lsa, greklarda esa tomoshabinlar o`tiradigan joy- teatr; xor joylashadigan joy-orkestr; aktyorlar harakat qiladigan joy, sahna-estrada; jihozlar saqlanadigan joy-skena tushunchalaridan iborat bo`lgan1.


2. Musiqada yangicha uslub.

Hozirgi zamon o`zbek musiqa ijodiyoti serjabha va ko`lami keng, usluban boy va rang-barang, rivojlangan va shiddatli jarayon sifatida gavdalanadi. Zotan, musiqiy madaniyatimiz juda qadim, betakror va noyob an’analarga ega bo`lgani holda, zamona zayli bilan yangidan-yangi yo`nalish, shakl, janr, uslublar bilan yanada boyib bormoqda. Demakki, asrlar osha bizgacha yetib kelgan ardoqli navobaxsh merosimiz qatori bir necha avlod ijodkorlarining ko`rkam musiqiy an’analari madaniy-ma’naviy mulkimizga aylandi. Har qanday san’at turi har xil vositalar orqali hayotiy voqelikni aks ettirishga qodir ekan, so`nggi yuz yillik mobaynida O`zbekiston musiqasining rivojlanishi nechog‘lik murakkab va o‘zgaruvchan ijtimoiy sharoitlarda kechganini yaqqol tasavvur qilish mumkin. Xususan, 20-yillardan e’tiboran kompozitorlikka xos ifoda vositalarining izchil joriy etila boshlanishi musiqiy madaniyatimizda musiqa ijodkorligining yangi tizimi barpo etilishidan dalolat berdi.

Tabiiyki, tez orada o`zbek xalq ijodiyoti, an’anaviy bastakorlik hamda havaskorlik singari o‘zaro chambarchas bog‘liq qatlamlar bilan uzviy bog‘liq ravishda milliy qadriyatlarimizga, «noan’anaviy» kompozitorlik ijodkorligi muhim tarmoq sifatida qo‘shiladi. Umumbashariy madaniy taraqqiyotga mos ravishda mazkur jabha o‘lkamizda tarixan juda qisqa muddat ichida o`zil-kesil shakllanib, samarali rivoj topganini alohida ehtirof etish lozim.

G’arbiy va Sharqiy Yevro‘pa mamlakatlari tajribasidan unumli foydalanibgina qolmay, o`zgacha yaratuvchanlik qonun-qoidalarini o`zlashtirish, uni o`zbek xalq musiqasining boy imkoniyatlari bilan mohirona payvand qilish maqsadida ilg‘or kompozitorlarimiz nafaqat Markaziy Osiyo, balki Sharq mintaqasi doirasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldilar.

Yangicha musiqiy uslubda noyob zamonaviy asar yaratish, jahon xalqlari musiqasi rivojlanishini hisobga olib, tobora yangidan - yangi ijodiy ufqlarni ochib berish bilan tavsiflanuvchi baynalminal jarayonga O`zbekiston o‘z munosib ulushi bilan dadil kira oldi. Kasbiy ulgayish bosqichlarini tezkorlik bilan o‘tab, har tomonlama yetuklik pallasiga ko‘tarilishi bilan «O`zbek kompozitorlik maktabi» dunyo musiqa madaniyatida o`ziga munosib o`rinni egallashga intildi.

Asosan XX asrning ikkinchi yarmida vujudga kelgan ana shunday ijodga moyillik darajasi ilgari ayricha holda bo`lgan ikki toifadagi musiqiy tafakkur an’analarining o`lkamizda uzviy mushtarakligiga erishilganligi bilan ham harakterlanadi. Shu boisdan ko`p ovozlik uslub ila bunyod etilgan turli janrlardagi badiiy jihatdan barkamol, mumtoz asarlar ma’naviy qadriyatlarimizning jahonshumul salohiyatini yanada oshirdi.

Musiqiy madaniyatimizning yangi yo`nalishi bo`lgan o`zbek simfonik musiqasi 70- 80-yillarda peshqadam safga chiqib olganini eslab o`taylik. Bu o‘rinda respublikamizda, kushni va qator xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan nufuzli madaniy tadbirlar, konsert, ko`rik-tanlov hamda festivallarda katta muvaffaqiyat bilan ijro etilgan o`zbekona poemalar, syuitalar, uvertyuralar, fantaziyalar, cholg‘u konsertlar va simfoniyalar xalqaro musiqa jamoatchiligi diqqat-e’tiborini qayta-qayta o`ziga jalb qilgan.

Bugungi kunda o`zbek musiqa san’ati nafaqat asl an’anaviy ko`rinishlarida, balki kompozitorlik yo`nalishlarida ham xalqaro miqyosda tobora kengroq tan olinmoqda. Bu ma’noda sof cholg‘u musiqasi, xususan, uning ancha murakkab sanalmish simfonik ijodiyoti alohida e’tiborga molik. Endilikda respublikamiz kompozitorligi shunchaki xilma xil musiqa janrlarida yozish va izlanish tajribalaridan iborat bo`lmay, balki noyob an’analariga, mumtoz namunalar xazinasiga ega sermaxsul oqimdir. Uni turli yillarda xalqchil kuy ohanglar zaminida yaratilgan noyob va betakror asarlar tashqil etadi. Zero, har qanday andozada bastalangan musiqaning milliylik, badiiy barkamollik, o`ziga xoslik, mazmundorlik, ta’sirchanlik kabi fazilatlari hamisha qadrlidir.

Yuksak kasb mahorati, teran bilimdonlik, nozik did bilan ko‘xna milliy an’analarga tayanib yaratilgan asarlarning umri boqiyligini birgina o`zbek simfonik musiqasi misolida yaqqol ko`rish mumkin.

Jumladan, 30-yillarning ikkinchi yarmida yaratilgan Aleksey Kozlovskiyning ovoz va simfonik orkestriga moslashtirilgan ehtirosli “Tanovar” poemasi, “Lola” syuitasi, Reyngolpd Gliyerning “Farg‘ona bayrami” shodiyona uvertyurasi tinglovchilarga hamon olam-olam zavqu- shavq bag‘ishlab kelmoqda. Simfonik orkestr ishtirokida ijro etishga mo‘ljallangan o‘lmas kashfiyot darajasidagi asarlar orasida Mutal Burxonovning yakkaxon, xor va simfonik orkestr uchun “Alishe’r Navoiyga qasida”si, Muxtor Ashrafiy, Georgiy Mushel, Sulaymon Yudakovlarning qator simfonik asarlari, Doni Zokirovning “Lirik poema”si, Boris Nadejdinning “Bolalarga” syuitasi, Ikrom Akbarovning “Shoir xotirasiga”, “Epik poema”lari, “Samarqand hikoyalari” turkumi, Sayfi Jalilning “Samarqandnoma” simfoniyasi, To‘lqin Qurbonovning simfonik kuylari, Mirsodiq Tojiyevning “Shoir sevgisi” poemasi va 19 ta muhtasham simfoniyalari, Mirhalil Maxmudovning 3 ta simfoniyasi, Nurilla Zokirov, Mustafo Bafoyev, Rustam Abdullayev, Habibullo Raximov, Baxrullo Lutfullayev va boshqa ijodkorlarning yutuqlari musiqiy madaniyatimiz ravnaqiga munosib hissa bo‘lib qo`shildi.

Zaminimizdagi musiqa san’atining rivoji uch ming yilga borib taqaladi. O`tgan bu zalvorli davrlar mobaynida musiqiy madaniyatimiz juda ko`p marta o`zining uzoq rivojlanish davrini bosib o`tdi va xalqimiz ma’naviy boyligining negizi sifatida ezgulik va taraqqiyot uchun xizmat qildi. Shuning uchun ham biz juda boy, rang-barang, ko‘lami keng, usluban xilma xil, qiymati chin ma’noda bebaho darajali ulug‘vor musiqiy merosga egamiz.

O`rta asrlarda faqat mumtoz ijodkorlik qatlamida «O`n ikki maqom»dek muhtasham tizim, uning negizida shakllanib bizgacha yetib kelgan Buxoro va Xorazm maqom turkumlari, Farg‘ona - Toshkent maqomlari, an’anaviy ijrochilik va surnay yo`lari, xalq bastakorlik ijodkorligi, musiqiy dostonchilik san’ati musiqiy madaniyatimizning sarchashmalari sifatida baxramand qilib kelmoqda.



3. Musiqa madaniyati rivojida milliy cholg‘ular o`rni. Milliy cholg‘ularimizning toifalari ko`pchiligi, turfa yakka va jo`rnavozlik ijro an’analarining o`ziga xosligi bo`yicha milliy musiqa san’atimizga dunyo uzra teng keladiganini topish qiyin. Sharq musiqa ilmining asoschisi deb butun jahonda tan olingan vatandoshimiz Abu Nasr Forobiy, buyuk allomalarimizdan Abu Ali ibn Sino, Abdulqodir Marog‘iy, Abduraxmon Jomiy, Alishe’r Navoiy, Zaynulobiddin Xusayniy, Kavkabiy Buxoriy, Darvish Ali Changiy va boshqalar sharqona jahonshumul ahamiyatga molik noyob nazariy va estetik qarashlarni ishlab chiqqan holda mumtoz musiqiy asarlarning ham muallifi sifatida keng tanilgandirlar.

Ana shunday xalqchil va ustozona qatlamlar orqali bizgacha yetib kelgan musiqiy madaniyatimiz tufayli tarixan juda qisqa muddatlarda O`zbekistonda yanada yangicha, ko`p ovozli milliy kompozitorlik ijodiyoti o`zil - kesil shakllandi, o`z qiyofasiga ega bo`ldi, jadal ravnaq topdi. Bunda xalq musiqamiz, ayniqsa, maqomchilik an’analari faqat hayotbaxshlikni taxminlabgina qolmay, balki mahsuldor zamin bo`lib xizmat qildi.

Ma’lumki, ulug‘vor maqom san’ati milliy ma’naviy mulkimizning eng qimmatli va ardoqli xazinasidir. Uning asl namunalaridan necha-necha avlodlar bahramand bo`lib kelishmoqda. Hatto keng ko`lamli targ‘ibot uchun rasman taqiqlangan paytlarda ham maqomlarning mavqei, amaliy-hayotiy mohiyati saqlanib qolaverdi. Xalqimizning yuksak ongi, didi, ruhiy talab va ehtiyojlariga bastakorlik ijodiyoti, ustozona hofizlik va sozandalik ijrochiligi ma’naviy ozuqa berib kelgan. Shu bois bunday san’at ustalari el - yurtimiz orasida hamisha qadrlanganlar va ezozlanganlar.

Buyuk istiqlol tufayli musiqiy madaniyatimiz eski siyosiy - mafkuraviy tazyiqlardan xolos bo`ldi. Shu bilan birga, u ko`xna mumtoz an’analarimizning to‘la tiklanishiga, ayniqsa, yosh avlodlarni bilimdon, savodxon, ma’naviy barkamol darajada tarbiyalashga misli ko`rilmagan imkoniyat yaratdi. Xususan, biz aynan mustaqillik davrida ko`xna maqom ijrochiligi va an’anaviy ijodkorligida yuzaga kelgan yangicha ijodiy salohiyatning tiklanishini kuzatishga muyassar bo`lmoqdamiz.

Diniy-falsafiy ashulalar masalasiga kelsak, bular, avvalo bizning tarixiy boyligimizdir. Kimgadir g‘ayri tabiiy tuyo`lsa ham, bu yo`nalishga to`siq bo`lmaslik aslida ozodlik, erkinlik, yuksak madaniyatga xos chinakam demokratik tamoyillarning amaldagi yaqqol ifodasi bo`lsa kerak. Chunki mumtoz sharq she’riyatida bitilgan ilohiy, tasavvufona mavzular o`tmish musiqamizda o`zining ohanrabo, ta’sirchan ifodasini topgan va qadrlangan. Bunday ashulalarning o`z tinglovchilari, asosan, keksalar orasida shinavandalari, muhlislari bor. Buni albatta, hisobga olish zarur bo‘ladi.

Kezi kelganda shuni ham ehtirof etish kerakki, Ovrupaga turdosh zamonaviy musiqa ijrochiligi bo`yicha, jumladan, fortepiano, torli, damli va zarbli cholg’ular, aka­demik uslubdagi xonandalik ixtisosliklaridan ko`plab iqtidorli yosh musiqachilarimiz voyaga yetmoqda. Ularning aksariyati respublika va chet mamlakatlarda nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etishib, sovrindorlikni qo`lga kiritishayotgani quvonarli holdir.

Xulosa qilib aytganda, musiqiy madaniyatimizning xalq ma’naviy hayotidagi o`rni beqiyosdir. Musiqiy madaniyat xalq ma’naviy dunyosining ajralmas qismi bo`lib, uning ma’naviy ehtiyojini barcha davrlarda qondirgan va har doim hamdard bo‘lgan, beminnat xizmat qilgan. Zero, bugungi mustaqillik davrimizda ham o`zining ma’naviy burchini muqaddas bilib, xalqimizga xizmat qilmoqda. Shuning uchun ham musiqa madaniyatimiz bugungi kunning ulkan ijod maydoniga aylandi.
Tayanch tushunchalar:

«Mumtoz musiqa» yetuk, namunaviy degan ma’noni anglatadi.

«Folklor» o`zbek xalq og`zaki ijodi

«Musiqiy madaniyat» keng qamrovli bo`lib, musiqa faoliyat bilan bog‘langan munosabat va qadriyatlar tizimini ifoda etadi. Musiqiy madaniyat xalq ma’naviy dunyosining ajralmas qismi bo`lib, uning ma’naviy ehtiyojini barcha davrlarda qondirgan va har doim hamdard bo`lgan, beminnat xizmat qilgan.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:

1. O`zbek xalqining musiqa merosini qadim bilan bog‘liqligini qanday tushunasiz?

2.Musiqiy madaniyatimizning ma’naviy hayotdagi o`rni qanday?

3.Musiqiy madaniyatimizning serqirraligi qanday tushuniladi?

4.Musiqiy madaniyatimizdagi o`zgarishlar qaysi davrlarni o`z ichiga oladi?

5.Hozirgi zamon musiqa ijodiyotiga qanday baho berasiz?

6.O`zbek musiqa madaniyatining xalqaro miqyosdagi ahamiyati qanday?

MAVZUNI MUSTAHKAMLASHGA DOIR MUSTAQIL ISH NAMUNALARI

1. Musiqa ijodiyoti masalalari. Maqolalar to`plami. T. “Yangi asr avlodi”.



2002. 31-39 betlar
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1. Bekmatov S. Hofizlik san’ati. O`quv-uslubiy qo`llanma.2007 y.135b.

2. I.Rajabov. Maqom asoslari. T., 1992.10-15 betlar
Xorijiy adabiyotlar
1.Michael Pilhofer, Holly Day. Music Theory for Dummies. 2007. 10-12.
Elektron ta’lim resurslari

1. www. pedagog .uz

2. www. Google. uz

3. www. mail uz

4. www. tdpu. uz

5. www. Ziyonet. uz

6. www. edu. Uz

Ma’ruza matni 13.09.2017 27.09.2017 4.10.2017

2-Mavzu: O`zbek musiqa madaniyati namoyandalari

Reja:

1.Komil Xorazmiy

2.Ota Jaloliddin Nazirov

3.Xoji Abdulaziz Abdurasulov

4.Mulla To‘ychi Toshmuhammedov

5.Madali Hofiz Raxmatillo o`g‘li

6.Usta Olim Komilov

7. Domla Xalim Ibodov

8. Madali Hofiz Raxmatillo o`g‘li

9. Muxiddin Qori Yoqubov

10. To`xtasin Jalilov

11. Yunus Rajabiy

12. Jo`raxon Sultonov

13.Ma’murjon Uzoqov

14.Tamaraxonim

15. Muxtor Ashrafiy

16.Xalima Nosirova

17. Mutal (Mutavvakqil) Burxonov



18.Komiljon Otaniyozov

19.Fattoxxon Mamadaliyev

20.Matniyoz Yusupov

21.Tavakkal Qodirov
Tayanch iboralar: Ashula, artist , vokalist , bastakor.
KOMIL XORAZMIY (1825-1897)
Komil Xorazmiy Xiva shahrida madrasa mudarrisi Ab­dulla Oxun oilasida dunyoga kelgan. Otasining nazorati ostida o`qib juda ko`p bilimlarning sohibiga aylandi. Natijada zabarbast shoir, musiqashunos, sozanda bo`lib yetishadi.

Uning ustozlari zamonasining zabardast sozandalari va maqom ta’limotchilari bo`lgan. Buxorodan «Shashmaqom» ni Xorazmga olib kelgan Niyozxo‘janing shogirdlari Muhammadjon sandiqchi, Abdusattor mahram, Xudoybergan yetikchilaridan ta’lim oldi. G’azallardan devon tuzadi va musiqa ustasi sifatida tanburning 18 pardasiga qarab 18 chiziq chizib, nechanchi pardada o`ynalsa, noxunning o`rishiga binoan nuqtalarni joylashtirgan va shu tariqa Xorazm «Tanbur chizig‘i»ni yaratgan. Komil Xorazmiy Muhammad Raximxon Soniy Feruz saroyida martabali lavozimlarda ishlab uning xomiyligida ijod qilgan. Komil Xorazmiy «Tanbur chizig‘ini» boshlab bergan bo`lsada u olti yarim maqomning bir maqomini «rost»ni qog‘ozga tushirgan, qolgan besh yarim maqomning uning o`g‘li, mashhur bastakor Ra­sul Mirzo va xonning nazorati ostida xon sozandalari, Komil Xorazmiy shogirdlari amalga oshirganlar va Komil Xorazmiy hayotligida nihoyasiga yetkazildi. Otasini ezgu ishini davom ettirgan Komil Xorazmiyning o`g‘li Muhammad Rasul Mirzo 1922 yilda 83 yoshda vafot etgan va o`zining xususiy madrasasiga dafn qilingan.

Komil Xorazmiy va uning shogirdlari tomonidan xalqning bebaho mulki - maqomlarning notalashtirilishi jahon musiqa madaniyati xazinasiga qo`shilgan ulkan boylik sifatida ehtirof etildi.

OTA JALOLIDDIN NASIROV (1845-1928)

O`zbek musiqa madaniyatining atoqli arbobi, Shashmaqom ijrosining bilimdoni, Ota Jalol Nosirov maqomdon ustoz sifatida san’atkorlar va shinavandalar orasida o`z davrida mashhur bo`lib hozirgacha, uning muborak nomi ezozlanadi. Buxoroda birinchi musiqa maktabining ochilishi, Samarqandda musiqa bilim yurtining tashqil topishi, shashmaqomning yozib olinishi va saqlab qolinishi uning nomi bilan bog‘liqdir. Usta Shodi, Domla Xalim, Levicha hofiz, Boboqul Fayzullayev, Xoji Abdulaziz, kabi maqom xonandalari Ota Jalol Nosirovdan ta’lim olishgan. Ota Jalol Nosirov 1845 yili Buxoro shahrining Eshon pir mahallasida tavallud topgan. Uning oilasi musiqaga moyil bo`lib, akasi Mulla Xayrullo mahoratli maqom ijrochisi, uning o`g‘li Karomat esa, usta kamonchilardan edi. Ana shu muhit uni musiqa bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratib beradi. U sakkiz yoshidan musiqa bilan shug‘ullanadi va o‘sha davrning Tillaboy, Mirzo Xidoyat, Abduraxmonbek, Mir bobo singari mashhur xonanda va sozandalaridan saboq oladi. Natijada 20 yoshidayoq shashmaqomni to`liq o‘zlashtirib oldi. Uning davrug‘ini eshitgan Amir Muzaffarxon saroyga taklif etib saroy hofizi etib tayinlaydi. Amir Olimxon davrida esa Mirohur unvoni beriladi.

1920 yilda Buxoroda Sharq musiqa maktabi ochilib, bir qancha hofiz va sozandalar jalb qilinadi va Ota Jalol Nosirov o`zi bosh bo`lib shashmaqomni o`rgata boshlaydi. 1923 yili V. A. Uspenskiy Ota Jalol Nosirov va Ota G’iyos Abdug‘aniyevlardan shashmaqomning barcha turkumlarini yozib oladi. Shashmaqomning o‘sha davrda notaga olinishi va 1924 yilda nashr qilinishi katta voqea sifatida baholanadi. Va keyingi notalashtirish jarayonlariga yo‘l ochib beradi.

Ota Jalol Nosirov faqat xonanda va sozanda emas, balki bastakor sifatida ham ijod qilganligi manbalarda ko`rsatiladi. Ustoz Shashmaqomning mushqilot qismlarini tartibga solgan ayrim sho‘balarini kengaytirgan va qo`shimcha qismlar bastalagan. Segoh maqomi ijrosiga savt usuli bilan bir necha qismli sho‘ba bastalagan. Ushbu sho‘ba ijrosi «Savti jaloliy» deb nomlanadi.

1925 yilda Ota Jalol Nosirov Samarqandga taklif etiladi. Bu yerda yoshlarga maqom ijrolarini va yo`larini o`rgatadi, konsertlarda ishtirok etadi. Xoji Abdulaziz, Yunus Rajabiy, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Shoraxim Shoumarovlar bilan ijodiy muloqotda bo`ldi. Va ular ustozdan shashmaqom yo`larini o`rganadilar, va maslahatlar olib turadilar. Ota Jalol Nosirov ijrochilik uslubidan baxramand bo`lgan o`nlab shogirdlar, keyinchalik maqom ijrochiligi san’atini rivojiga katta hissa qo`shdilar.

Ota Jalol Nosirov musiqa madaniyatimiz tarixidan shashmaqom bilimdoni va targ‘ibotchisi, mashhur hofiz, va sozanda ko`plab maqom ijrochilarining ustozi sifatida o`zidan o`chmas nom qoldirgan ulug‘ san’atkordir.


Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling