Ma’ruzalar matni 2020 – 2021-o’quv yili, Tarix yo’nalishi, kunduzgi ta’lim shakli, 3-kurslari uchun


ROSSIYA IMPERIYASINING TURKISTONDAGI MUSTAMLAKA MA`MURIY BOSHQARUV TIZIMI VA


Download 0.51 Mb.
bet5/17
Sana05.05.2023
Hajmi0.51 Mb.
#1428004
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
Bog'liq
O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus talim vazirligi

ROSSIYA IMPERIYASINING TURKISTONDAGI MUSTAMLAKA MA`MURIY BOSHQARUV TIZIMI VA MUSTAMLAKACHILIK SIYOSATI
Reja:
1. Rossiya imperiyasining Turkistondagi mustamlaka ma`muriy-boshqaruv siyosati.
2. Rossiya imperiyasi tomonidan Turkistonni xom-ashyo bazasiga aylantirishi.
3. XX asr boshlarida Rossiya imperiyasining Turkistondagi ijtimoiy-iqtisodiy siyosati.
1. Rossiya saltanati jahonning qudratli davlatlari Angliya, Fransiya, Germaniya imperiyalari qatorи ulkan mustamlakachi davlat edi. Rossiya o`z mustamlakalari hududi jihatidan Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyani orqada qoldirib ketgandi. Angliya mustamlakalari 13 million kvadrat kilometr, Fransiyaniki 11 million kvadrat kilometrni tashkil qilsa, Rossiyaning birgina Sibir' mustamlakasi hududi 13 million kvadrat kilometrni tashkil qilardi. Rossiyaning Turkiston general-gubernatorligi hududi esa kengligi jihatidan Fransiya, Germaniya va Avtro-Vengriya imperiyalari maydoniga teng bo`lgan.
Toshkent shahri qo`lga olinganidan (1865) keyin, mustamlaka sharoitidan kelib chiqqan holda, Sirdaryo hududi hamda 1864 va 1865-yillarda bosib olingan yerlar hisobiga, Orenburg general-gubernatoriga bo`ysundirilgan Turkiston viloyati tashkil etildi. Turkiston viloyatini boshqariш uchun 1865-yil 6-avgustda “Muvaqqat nizom” e`lon qilindi. Uning asosiy maqsadi, ruslarning yangi bosib olingan yerlarda, boshqaruvning umumiy asoslarini belgilash orqali, tinchlik va xavfsiizlikni ta`minlash bo`lgan. Joylarda butun hokimiyat harbiy boshliqning ho`lida bo`lgan, ma`muriy organlarga esa mahalliy xalq ustidan nazoratni o`rnatish vazifasi yuklatilgan.
1865-yidda imperator Aleksandr II ning azmi qaroriga ko`ra, Orenburg va G’arbiy Sibir general-gubernatorligi hamda Turkiston viloyati aholisining turmushi va umumiy ahvolini o`rganish uchun “Dasht komissiyasi” tuziladi. Dasht hay`ati tomonidan ishlab chiqilgan “Yettisuv va Sirdaryo viloyatlarini boshqarish haqidagi qoidalar loyihasi” bo`yicha Vazirlar mahkamasi qabul qilgan qarorda quyidagilar qayd etiladi:
1. Loyihada ko`rsatilgan hududlarda Yettisuv va Sirdaryo viloyatlari tarkibida Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilsin.
2. General-gubernatorga o`lkani boshqarish uchun loyihada nazarda tutilgan shtatlardan kelib chiqqan holda, boshqarish uchun amaldorlar olishga imkoniyat berilsin.
3. General-gubernatorga loyihada ko`rsatilgan yerlarda, o`lkadagi mahalliy sharoit, tuzem xalqlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda, so`nggi marta qonuniy tartibda ko`rib chiqish va qabul qilish uchun uning qismlari bo`yicha va yaxlit holda o`zining xulosasini berish topshirilsin. Ungacha, loyihada ko`rsatilgan holatlarni asos sifatida qabul qilib, o`lka tuzilishi uchun favqulodda muhim va foydali deb hisoblangan hamma choralarni ko`rish topshirilsin.
Rossiya imperiyasining O`rta Osiyodagi mustamlakachilik siyosati va amaliyoti uning bu o`lkada o`z davlatchiligini joriy etish orqali olib borildi. Butun bir boshliq mustaqil Qo`qon xonligi davlati yo`q qilinib bir viloyatga aylantirildi, Turkistonda milliy davlatchilikka barham berildi. Podshohlik Rossiyasi o`zining boshqaruv tizimini joriy etdi. Ammo imperiyaning bu o`lkada o`rnatgan ma`muriyati uning tasarrufidagi boshqa o`lkalar boshqaruvidan o`zining keskin harbiy-mirshablik ruhi bilan ajralib turgan. Turkiston ma`muriyati imperiyaning boshqa o`lkalari boshqaruvidan o`zining keskin harbiylashgani bilan alohida ajralib turadi. Rossiya hukumatining Turkiston uchun 1865 – 1916-yillar davomida ishlab chiqqan va amalga tatbiq etilgan o’nta qonun loyihasi (1865, 1867, 1871, 1873, 1882, 1884, 1886, 1908, 1912, 1916)ga va uning moddalariga adliya, moliya, harbiy, ichki ishlar va boshqa vazirliklar kiritgan o`zgartirishlarda ana shu holat o`z aksini topgan. Turkistonda imperiyachilik boshqaruvining mustamlakachilik xarakteri birinchi general-gubernator Konstantin fon-Kaufman tomonidan ifodalangan. U 1868-yil 22-yanvarda Toshkent shahar aholisi bilan bo`lgan uchrashuvdagi nutqida ruslarni O`rta Osiyo xalqlarining katta og’asi deb atagan, Turkistonda rus hokimiyatining mustahkam va doimiy o`rnashganligini alohida uqtirib o`tgan edi. Kaufman 1868 – 1876-yillarda o`lkadagi harbiy yurishlarga bosh-qosh bo`ldi va bu yurishlar uning nomini Turkiston o`lkasining omadli zobiti va istilochisi sifatida mashhur qildi.
Kaufmanning hukmronligi davrida Turkiston general-gubernatorlik boshqaruvi uning shaxsiy istibdodi asosida amalga oshirilgan. Mahfiy maslahatchi F.Girs qayd etganidek, general-guburnatorning hokimiyati, qonun bo`yicha ish ko`rilishini taqoza etgan bo`lsa-da, amalda o`zi hohlagancha amalga oshirildi. General-gubernator o`lkadagi hokimiyatning yagona boshqaruvchisiga aylangan edi. Hokimiyatni bunday tartibda markazlashtirish oqibatida ishlar qonun asosida emas, aksincha, general-gubernatorning ko`rsatmasi asosida amalga oshirila boshladi.
1865-yilda Toshkent shahri qo`lga olinganidan keyin, mustamlaka sharoitidan kelib chiqqan holda, Sirdaryo hududi hamda 1864 va 1865-yillarda yangidan qo`lga olingan yerlar hisobiga Orenburg general-gubernatoriga buysundirilgan Turkiston viloyati tashkil etilgan edi.
1867-yil 14-iyulda imperator Aleksandr II Turkiston harbiy okrugini ta`sis etdi va O`rta Osiyoda bosib olingan va saltanat tarkibiga kiritilgan xududlar hisobidan Turkiston general-gubernatorligini tashkil qilish to`g’risida farmon e`lon qildi. General K.P.Kaufman Turkiston okrugi qo`mondoni va general-guburnatori qilib tayinlandi. Unga podsho juda katta vakolatlar berdi. Imperatordan olgan "Oltin yorliq"qa muvofiq fon Kaufman biror davlatga qarshi urush e`lon qilishi, diplomatik aloqalar olib borishi yohud sulh tuzishi mumkin edi. Ayni vaqtda Kaufman moliyaviy hamda iqtisodiy masalalarda ham mustaqil hukmdorlardek keng huquqlarga ega bo`lib, faqat podshogagina hisob berardi. Ko`p o`tmay harbiy ma`muriyatdan tashqari fuqarolik, ma`muriy ishlar ham unga to`la bo`ysundirildi. Shu bois ham fon Kaufmanni mahalliy xalq “yarim podsho” deb atardi.
Viloyatlarning harbiy gubernatorlari va uyezd boshliqlari ham o`z ixtiyorlaridagi harbiy qismlarning qo`mondonlari bo`lishgan. Shu tariqa, “Harbiy xalq boshqaruvi”dagi harbiy hokimiyat chor zobitlari va generallari qo`lida jamlangan edi. “Xalq boshqaruvi” - volost' boshqaruvlari, yuzboshi-oqsoqollar, “xalq sud'yalari” - qozilar aholi tomonidan nomigagina saylanar, aslida ular general-gubernator tomonidan tayinlanar edi.
General-gubernatorlik markaziy o`lka boshqaruvida Turkistonda mutlaq hokim bo`lgan. Markaziy o`lka boshqaruvi general-gubernator hamda uning Kengashi va mahkamasidan iborat edi. Turkiston general-gubernatori o`z qo`lida harbiy va fuqaro hokimiyatini birlashtirgan. Bir vaqtning o`zida u podshо noibi, harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni, Yettisuv kazak qo`shinlari qo`mondoni, bosh mirshab, boш prokuror vazifalarini ham o`tagan. Unga Buxoro amiri va Xiva xoni ham buysungan.
Bosh boshqarmaning ijroiya organi bo`lgan general-gubernator mahkamasi dastlab to`rt bo`limdaн iborat edi. Birinchi bo`lim ma`muriy va nazorat ishlarini boshqargan. Ikkinchisi bosh boshqarmaninг moliyaviy-xo`jalik ishlariga qaragan. Uchinchi bo`lim soliqlar, shaharlar mablag’lari hamda boshqaruvga doir nizomlar loyihalarini tayyorlash bilan shug’ullangan.To`rtinchi bo`lim esa maxsus bo`lim hisoblanib, uning faoliyat doirasi g’oyat keng va serqirra bo`lgan. 1886-yilgacha mustaqil ish ko`rgan bu bo`lim harbiy va adliya vazirlari ko`rsatmalaridan mustasno ravishda sud qarorlarini ham qayta ko`rish huquqiga ega bo`lgan.
Turkiston o`lkasi markaziy bosh boshqarmasi tarkibida general-gubernatorga bo`ysunmaydigan markaz vakillari - adliya, moliya va davlat mulklari vazirliklari ham bo`lgan.
Turkiston general-gubernatorligi 1890-yillarga kelib besh viloyatga (Sirdaryo, Farg’ona, Samarqand, Yettisuv va Kaspiyorti) bo`lindi. Viloyatlar uyezdlarga, uyezdlar bo’lislarga, bo’lislar uchastkalarga bo’linib boshqariladigan bo’ldi.
Turkistonning barcha viloyatlarida xarbiy gubernatorlik boshqarmalari ta`sis etildi. Harbiy gubernatorlar bevosita podsho tomonidan tayinlanadigan bo’ldi. Viloyat boshliqlari esa doimo xarbiy gubernatorlarning nazorati ostida bo’ldi.
O’lkada mustamlakachilik tartiblari o’rnatilishiga qadar xakamlik vazifasini bajarib kelgan qozilar maxalliy axoli o’rtasidagi xuquqiy muammolarni shariat va odat normalariga tayanib xal qiluvchi organ sifatida saqlanib qolindi. Bu, albatta, maxalliy xalq ommasining noroziligini kuchaytirmaslik maqsadida ko’rilgan tadbirlar edi. Ular general-gubernator tomonidan tasdiqlanib, uyezd boshliqlari nazorati ostida ish olib bordi.
Turkiston general-gubernatorligining markazi – Toshkentni boshqaruv 1870-yilgi shahar boshqaruvi qoidasiga ko’ra to’lig’i bilan podsho ma`muriyati qo’liga o’tdi. 1877-yilgacha eski shahar va yangi shahar aloxida boshqarilsa-da, lekin eski shaharda xokimiyat general Geyns qo’lida edi. Usha yili shahar Davlat dumasiga saylovlar bo’ldi. Saylangan 71 deputatning atigi 21 nafari maxalliy axoli vakillari edi.
Turkiston general-gubernatori etib tayinlangan general-leytenant M.G.Chernyaev (1882 – 1884) taklifi bilan 1882-yil 8-mayda imperatorning Turkiston general-gubernatorligini taftish qilish to`g’risidaги farmoni e`lon qilindi. Taftish ishlarini olib borishga rahbar etib Ichki ishlar vazirligi kengashi a`zosi, Dasht komissiyasining sobiq raisi, maxfiy maslahatchi F.K.Girs tayinlandi. Girs 1883-yilda taftish ishlarini tugallab, imperatorga general-gubernatorlik va unga qarashli tashkilotlarning ahvoli to`g’risidagi hisobotni, “O`lkani boshqarish to`g’risidagi nizom loyihasi”ni tushuntirish xati bilan birga taqdim etdi. 1884-yil 21-yanvarda imperator Aleksandr III ning ko`rsatmasi bilan Davlat Kengashi a`zosi, general-ad`yutant, graf N.Ignat'ev raisligida “Turkiston o`lkasini boshqarish to`g’risida”gi nizomning qayta ishlangan so`nggi loyihasini ishlab chiqish" bo`yicha komissiya tashkil etildi.
Graf Ignat'ev komissiyasi tarkibiga Girs boshchiligidagi hay`at a`zolari, 1881-yilgi loyihani tuzganlar, Osiyo departamenta maxfiy maslahatchisi Kobeko, Bosh shtabning Osiyo bo`limi boshlig’i polkovnik Ivanov, general-mayor A.N. Kuropatkin (bo`lajak harbiy vazir) va boshqa yuqori martabali shaxslar a`zo bo`ldilar. Komissiya kengashida general-leytenant Chernyaev o`rniga tayinlangan Turkiston general-gubernatori, general-ad`yutant N.O. Rozenbax (1884 – 1889) ham ishtirok etadi.
Rossiya imperiyasining oliy doiralari tomonidan tuzilgan komissiyaning asosiy vazifasi “O`lkani Rossiyaga qat`iy qaram qilib qo’yish maqsadlari va uni boshqarishda xarajatlarni kamaytirish, daromadlarni esa oshirishga, shuning bilan birga, fuqarolarni boshqarish talablariga va joylarning shart-sharoitlarigа to`g’ri keladigan nizom” tuzilishini amalga oshirishdan iborat edi.
Komissiya o`z ishiga Girs tomonidan ishlab chiqilgan Turkiston o`lkasini boshqarish to`g’risidagi vа general-leytenant Kolpakovskiy rahbarligidagi Toshkent komissiyasiga taqdim etilgan 1881-yilgi nizom loyihasini hamda Turkiston ma`muriyatining oldingi barcha loyihalarining xulosalarini asos sifatida qabul qiladi. Graf Ignat'ev komissiyasining “Turkiston o`lkasini boshqarish to`g’risidagi nizom loyihasi” o`lkani boshqarish bo`yicha tuzilgan oltinchi loyiha edi.
Imperator tomonidan “Turkiston o`lkasini boshqarish to`g’risidagi Nizom” 1886-yil 12-iyunda tasdiqlangandan keyin ham ma`muriy qurilish bo`yicha e`tirozlar davom etdi. Ammo imperator Turkiston o`lkasida sobiq general-gubernatorlik boshqaruvining asosiy tamoyillarini saqlab qolgan holda unga ba`zi o`zgartishlar kiritdi.
General - gubernator mahkamasi bo`limlari:
1. Ma`muriy va nazorat ishlari.
2. Moliyaviy - xo`jalik ishlari.
3. Soliqlar, boshqaruvga doir loihalar tayyorlash.
4. Maxsus bo`lim.
Viloyat va tumanlar
Sirdaryo: Toshkent, Avliyoota, Kazolinsk, Perovsk, CHimkent. Amudaryo tumani ham shu viloyatgа bo`ysungan.
Farg’ona: Marg’ilon, Andijon, Qo`qon, Namangan, O`sh.
Samarqand: Jizzax, Kattaqo`rg’on, Xo`jand, Samarqand.
Yettisuv: Verniy, Jarkent, Kopal, Lepsinek, Pishpak, Prjeval'sk.
Kaspiyorti: Ashxobod, Krasnovodsk, Mang’ishloq, Marv, Tajan.
Sudlar
Rus sudlaridan tashqari o`troq aholining shariat, ko`chmanchilarning adat, turkmanlarning “xalq” sudlari. Duxovskiy: “Islom o`z qiyofasida nufuzli bir kuchdirki, u bilan biz uzoq davrlargacha muqarrar ravishda hisoblashib turishga majburmiz” degan edi.
Podsholik Rossiyasining Turkistondagi asosiy tayanch ma`muriy va majbur qiluvchi tashkiloti - bу politsiya idorasi edi. U juda katta vakolatlarga ega bo`lgan. Politsiya ma`muriyati mustamlakachiliк qonun-qoidalariga amal etishni nazorat qilar, mahalliy xalqning istalgan shubhali shaxsni istalgan paytda hibsga olar edi. Ana shu politsiya tuzumiga suyangan podsho hukumati Turkiston o`lkasi idorasini eng quyi bo`g’inidan oliy bo`g’inigacha o`z qo`lida tutgan. General-gubernatorning o`zi bosh mirshab vazifasini o`tagan. Hokimi mutlaq general-gubernator o`lkadagi istagan odamini, xoh o`zbek, xoh rus bo`lishidan qat`i nazar, imperiyaning chekkalariga 5 yil muddatga surgun qilish huquqi qonunan mustahkamlangan edi. U harbiy bo`lmagan fuqarolar ustidan harbiy sudlar hukmini tasdiqlashdek ichki ishlar vaziri vakolatlarini ham o`z qo`lida jamlagan. Viloyatlarning harbiy gubernatorlari, uyezd, volost pristavlari ham politsiya generallari va zobitlari vakolatlariga ega bo`lganlar.
Mustamlakachilik ma`muriyatining muhim huquqiy bo`g’ini sud organlari hisoblangan. Sudlar ikki xil ko`rinishga ega bo`lib, sudlar va xalq sudlaridan tashkil topgan. Ularning birinchisi sof mustamlakachilik shaklida bo`lsa, xalq sudlari shariat asosida ish yurituvchi qozilik idorasi edi. Sudlar hududiy bo`linishga ko`ra, tuman sudlari, xalq palatasi huquqidagi viloyatlar boshqarmalari, dunyoviy masalalar bo`yicha ish yurituvchi sudlar qurultoylari, harbiy sud komissiyalaridan iborat bo`lgan.
1886-yildagi “Nizom”ga ko`ra mavjud sud tartiblari saqlangan holda unga ayrim o`zgarishlar kiritildi. Tuman sudlari bekor qilindi. O`lkada viloyat sudlari tashkil etildi. Viloyat prokurori va uning yordamchisi muovini, sud tergovchisi lavozimlari joriy etildi.
Imperiya sudida mustamlakachilik tuzumiga qarshi maqsadlarda sodir etilgan ishlar ko`rilgan. Uning asosiy vazifasi mahalliy xalq orasidan chiqqan vatanparvarlarning davlat hokimiyatini ag’darish maqsadida harakat qilgan siyosiy “jinoyat”chilik ishlari ustidan hukm chiqarish edi.
Rus imperiyasi Davlat Kengashi tomonidan sud islohoti tizimlari 1893-yil 2-iyunda tasdiqlandi. Toshkent shahrida sud palatasi, Sirdaryo, Samarqand, Farg’ona, Yettisuv, Kaspiyorti viloyatlarida bittadan okrug sudlari ta`sis qilindi.
1899-yil 14-may Toshkent sud palatasining tantanali ochilish marosimi bo`ldi. U o`lkaning barcha sud organlari faoliyatini boshqarar va nazorat qilar edi.
Imperiya hukumatining siyosiy tusga ega bo`lmagan barcha fuqarolik ishlari shariat va biy sudlariga topshirilgan edi. Mustamlakachilar shariat qonun-qoidalaridan istibdod negiziga qurilgan o`z tuzumlarini o`lkada barqaror qilishda unumli foydalanganlar. Shu maqsadda uni uch xil qilib tuzishgan. Sirdaryo, Samarqand, Farg’ona va Yettisuv viloyatlarining o`troq aholisi uchun qozilar sudi, shu viloyatlarning ko`chmanchi aholisi uchun biy sudlari hamda Kaspiyorti viloyati uchun maxsus xalq sudlari faoliyat ko`rsatgan.
Avval Toshkentda, so`ngra boshqa shaharlarda shahar dumalari tashkil etildi. 1877-yilda maxsus Muvaqqat komissiya tuzilib, saylovlar, saylovchilar mulkdorlik darajasiga qarab uch toifaga ajratildi. Bunda shahar ziyolilari, ishchilar va hunarmandlar yetarli miqdorda mulki bo`lmaganligi uchun sayloв huquqidan mahrum etildi. Shahar dumasidan ruslar uchun noiblarning uchdan ikki qismi miqdorida o`rin ajratildi. Shuningdek, shahar boshqaruvi faoliyatini nazorat qiluvchi viloyat idorasi ham tuzildi. Uning raisi Sirdaryo harbiy gubernatori edi. 1888-yilda rus imperatori Toshkentni boshqarish ishini ma`qullagani holda uni nazorat qilishni general-gubernatorga topshirdi. Ichki ishlar vaziri huquqi harbiy okrug qo`mondoni zimmasiga yuklandi. Duma oqsoqoli harbiy vazir tomonidan tayinlanardi.
Toshkent shahar dumasining oqsoqoli vazifasini 1877-yildan 1907-yilgacha shahar boshlig’i - hokim to`raning o`zi boshqargani ham mustamlaka ma`muriyatining qiyofasini ko`rsatib turibdi.
Rossiya imperiyasida amalda bo`lgan shaharga oid ikkita nizom (1870, 1892-yilgi) Turkistonda faqat Toshkent va Yettisuvdagi Verniy (hozirgi Almati) shaharlarida qo`llanilib, boshqa shaharlarda joriy etilmadi. Rus ma`muriyati Toshkent tajribasi "bu chorani Turkiston o`lkasidagi boshqa shaharlargа qo`llashning foydasi haqida fikr yuritishga erta" degan tahqiromuz xulosaga kelgan edi. Shahar ma`muriy-politsiya tartib qoidalari asosida boshqarildi. Ma`lumotlarga qaraganda, 1870-yilda Toshkentda 80 mingga yaqin aholi yashagan. Ulardan 7 mingga yaqin kishi dehqon, 6 ming kishi hunarmand, 4 ming kishi savdogar, 4 ming kishi mardikor bo`lgan.
O`tgan asrning oxirlarida Toshkentda 20 ta mahalla, 310 ta masjid, 17 ta madrasa, 11 ta hammom, 15 ta karvonsaroy, 11 mingta loy suvoqli paxsa uylar bo`lib, shahar aholisining soni tobora oshib borgan. Turkiston general-gubernatorligining siyosiy-ma`muriy markazi bo`lgan Toshkent shahri o`lka madaniy hayotining asosiy o`chog’i hisoblangan.
Rossiya imperiyasi mustamlakachilari qishloqlarni boshqarishda 1867-yilgi Turkiston general-gubernatorligining viloyatlarni boshqarish haqidagi “Vaqtli Nizom-loyihasi” deb atalgan xujjatlar majmuasiga amal qildilar. Unga ko`ra ko`chmanchi aholiga ikki bosqichli (volost' va ovullar), o`troq aholiga esa bir bosqichli (oqsoqollar) boshqaruv tizimi joriy etildi.
Volost' asosini ming xonadondan ikki ming xonadongacha, ovul jamolarini esa yuz o`tovdan ikki yuz o`tovga qadar aholi tashkil etgan. CHorizm bu o`zgarishlar bilan ko`chmanchi aholining urug’chilik asosidagi tarixiy bo`linishini bekor qildi.
1886-yilda kuchga kirgan “Turkiston o`lkasini boshqarish haqidagi Nizom” bo`yicha o`troq aholining bir bosqichli boshqaruvi ikki bosqichga aylantirilib, oqsoqollar volostlarga birlashtirildi. Ovul jamoalari va oqsoqollar vakillari yig’ini barcha saylovchilar yig’ilishi bilan almashtirildi.
Shaharlar o`zlarining tutgan mavqeiga ko`ra siyosiy, harbiy, iqtisodiy va madaniy markazlar vazifasini bajarar edi. Toshkent, Samarqand, Qo`qon, Andijon, Marg’ilon, Namangan, Ashxobod o`lkaning yirik shaharlari edi. Bundan tashqari mahalliy ahamiyatga ega bo`lgan Chimkent, Jizzax, Qarshi, Termiz va Kattaqo`rg’on kabi shaharlarda iqtisodiy hayot rivojlana bordi.
Bosqinchilarning O`rta Osiyoni mustamlakaga aylantirishlari natijasida yangi shaharlar ham paydo bo`ldi. Jumladan, Kazalinsk, Petro-Alekandrovsk, Skobelev, Chernyaevka kabi shaharlar shu tariqa vujudga keldi. Bosib olingan shaharlarda ruslar uchun maxsus ajratilgan manzilgohlar paydo bo`ldi. Shaharlar ikki qismga bo`linib, biri eski shahar (mahalliy aholi yashaydigan qism) va ikkinchisi yangi shahar (ruslar yashaydigan qism) deb ataladigan bo`ldi. Masalan, Toshkentning rus qismini tashkil qilish uchun maxsus qo`mita tuzildi. Rejaga kirgan joylardan mahalliy aholiga mansub yuzlab oilalar zo`ravonlik bilan ko`chirildi. Ularga yangi hovli, yer olish uchun yordam berilmadi. Hovlilar buzib tashlanib, Yevropa va rus muhitidagi toifalar bo`yicha zobit va amaldorlar uchun uylar, oromgohlar, keng ko`chalar qurildi. Eski shaharning, ya`ni o`zbeklar yashaydigan qism aholisning mustamlakachilar yashaydigan shahar qismiga o`tishi qat`iyan taqiqlandi. Toshkentning yangi shaharini bunyod etish uchun katta mablag’ talab qilinardi. Bu mablag’lar ko`proq eski shahar aholisi daromadi hisobidan qoplanardi.
Shaharlarni ruslashtirish va rus aholiga qulayliklar yaratish maqsadida Seriopol', Kopol', Toshkent, Xo`jand, Turkiston, Chimkent, Avliyoota, Petrovsk, Kazalinsk kabi shaharlarda savdo-sotiq, sanoat va hunarmandchilik bilan shug’ullanuvchi rus fuqarolariga juda ko`p imtiyozlar berildi. Ayni chog’da musulmonlarning ulardan har tomonlama kuchayib ketmasligi choralari ko`rib borildi.
2. O'rta Osiyoning arzon xom ashyo manbai va rus sanoat mollari sotiladigan qulay bozor bo'lishini 1826-yildayoq general-mayor Verigin imperator Nikolay I (1825 – 1856)ga yo'llagan taqdimnomasida bayon qilgan edi. Verigin Rossiyada ishlab chiqarilayotgan mollar mamlakat ichkarisida ham zo'r-bazo'r sotilayotgani va sifati past bo'lgani uchun Yevropa bozorlarida sira raqobatga dosh berolmasligini ko'rsatib, O'rta Osiyo bu jihatdan rus sanoat mollari sotiladigan qulay bozorga aylanishi mumkinligini bayon qilgan edi. Bu fikrni senator graf K.K.Palen rivojlantirib shunday degan edi: “Turkistonni istilo qilishning siyosiy sabablarini hisobga olmagan takdirda ham bu o'lka Rossiya tarafidan bosib olinishining dastlabki kunlaridanoq Rossiya uchun ikki jihatdan qiziqish uyg'otgan edi:
1.Moliyaviy siyosat jihatidan davlat daromadi manbai va ichki ishlab chiqarish mahsulotlari uchun yangi bozor.
2.Mustamlakachilik siyosati nuktai nazaridan markaziy guberniyalardagi ortiqcha aholini ko'chirish uchun yangi hudud sifatida diqqatga loyiq edi”.
Imperiya mustamlakachilari yer egaligi va suvdan foydalanish masalalarini hal etishga dastlabki davrda to`g’ridan-to`g’ri yordamlashmadilar. Rossiya imperiyasi istilo qilgan vaqtda o`lkadagi yer-suv davlat mulki, vaqf va xususiy mulkdan iborat bo`lgan. Dehqonchilik va chorvachilik xo`jalik yuritishning asosiy tarmoqlari hisoblangan. Sun`iy sug’oriladigan yerlar dehqonchilik rivojlanishida asosiy negiz edi. Shuning uchun dehqonchilikni rivojlantirishda irrigatsiyaning ahamiyati juda katta bo`lgan. Irrigatsiya rivojlanishiда miroblar alohida o`rin tutganlar.
1873-yilda general fon Kaufman rus podshosiga Turkistonda yerga egalik tuzilishini o`zgartirish loyihasini taqdim etdi. Loyihaga ko`ra amlok yerlar uni ishlatib turgan odamlar tasarrufiga o`tishi lozim edi. Bu qoidani vaqf yerlariga ham joriy qilish to`g’risidagi loyiha taklifi esa rad etildi. Ammo fon Kaufman o`z so`zida qat`iy turib oldi. U ma`suliyatni o`z zimmasiga olib, yer masalasiga doir bir qancha tadbirlarni amalga oshirdi. Jumladan, yer haqiqatda kimning qo`lida ekanligini e`tiborga olish to`g’risida farmoyish beradi. Shunga muvofiq juda ko`p yerlar davlat hisobiga o`tkaziladi. Ayni chog’da mulkiy yerlarga va hatto vaqf yerlariga ham soliq joriy etiladi. 1886-yilda Turkiston o`lkasini boshqarish to`g’risidagi yangi Nizomga muvofiq yer munosabatlariga doir bir qancha tadbirlar amalga oshirildi. Bundan kuzatilgan asosiy maqsad mahalliy boy-zodagonlarni zaiflashtirish va mustamlakachilar hokimiyatini kuchaytirish edi. Yer munosabatlari sohasidagi tadbirlarning asosiy natijasi shu bo`ldiki, boy yer egaligi tugatildi.
Rossiya imperiyasining Turkistondagi agrar siyosatidan ko`zlangan bosh maqsad va asosiy yo`nalishlarini Davlat mulklari va ziroatchilik vaziri A.V.Krivoshein shunday ifodalagan; “Bu Markaziy Osiyo masalasida uch lavha mavjud. Agar birinchisiga yarqirab turgan yozuv “Paxta” bo`lsa, ikkinchisida “Sug’orish” va nihoyat, uchinchisida soyalanib turgan bo`lsa ham aslida hammasidan muhimi "ruslarni keltirib o`rnashtirish" yozuvi turibdi”. Podsho vaziri markazning Turkistondagi mustamlaka siyosatining asosiy yo`nalishlarini juda lo`nda, ya`ni “paxta”, “sug’orish”, “ruslarni ko`chirib keltirish” kabi uch so`zda ifodaladi.
Imperiya ma`murlari Turkiston o`lkasida olib borgan mustamlakachilik siyosatlarida o`z oldilariga bosh maqsad qilib ruslashtirish siyosatini qo`ydilar. Bu boradagi eng muhim va boshlang’ich qadam Rossiya hududlaridagi xalqlarni Turkiston yerlariga ko`chirishdan iborat bo`ldi. 1869-yildayoq Yettisuvdagi dehqonlar manzilgohlari to`g’risidagi qoidalar ishlab chiqilgan bo`lib, bu qoidalar ruslarning turkistonlilar yurtiga ko`plab ko`chib kelishlari uchun qulay sharoitlar yaratib berardi. 1868 – 1882-yillarda Yettisuvda har birida 250 aholi bo`lgan 29 rus qishlog’i tuzildi. Shu davrda Sirdaryo viloyatida bunday qishloqlar 19 ta bo`lib 1300 aholini o`z qamroviga olardi. Xususan 1891-yildagi Russiyada ro`y bergan ochlikdan so`ng Markaziy Osiyoga bamisoli vabodek yopirilib kelayotgan rus oilalari oqimi kuchaydi. 1906-yilda o`lkaning besh viloyatida 451 ming tanob yerga ega bo`lgan 136 rus posyolkalari paydo bo`ldi. Har bir xo`jalikning tomorqasi 34,5 tanobdan iborat edi. Turkistondagi eng yaxshi yerlarga egalik qilgan bunday rus xonadonlari 1916-yilga kelganda 2.659 ming desyatina yerni o`ziniki qilib olgan 336 ming oiladan iborat edi. Bu o`lka umumiy aholisining 4,5 foizini tashkil etardi. Bundan tashqari 14 million desyatina yer bevosita davlat xazinasi ixtiyoriga olindi. 190 ming desyatina yerni esa rus plantatorlari va pomeshchiklari O`zlariniki qilib oldilar. Eng katta yer egasi bo`lgan podsho Nikolay II ning birgina Murg’ob vohasidagi yerlari 104 desyatinaga teng edi.
1886-yilda imperiya hukumati yer islohoti o`tkazdi. Mustamlakachilik xarakteridagi bu yer islohoti natijasida barcha serunum va sug’oriladigan yerlar boylar va zamindorlar qo`liga o`tib ketdi, kambag’al dehqon xo`jaliklari yanada qashshoqlashdi va xonavayron bo`ldi. 1889 – 1893-yillarda bunday xonavayron bo`lgan dehqonlar o`z bisotlaridagi 15.588 desyatina yerni sotib yubordilar.
AQShdan paxta olishdan deyarli mahrum bo`lgan Rossiya hukumati bu qimmatli xom-ashyoga nisbatan o`sib borayotgan ehtiyojnini asoratga solingan Turkiston hisobidan qondirishga asosiy diqqat-e`tiborini qaratdi. 1869-yili “Rus sanoati va savdosi o`sishiga yordam berish jamiyati” kengashiда I.N.Raevskiy “Rossiya va unga qo`shni Sharq mamlakatlarida paxtachilikni rivojlantirish” mavzuida ma`ruza qiladi. Ma`ruzachi Rossiyaga Markaziy Osiyo va boshqa paxtakor joylardan xom ashyo keltirilishi har jihatdan foydali va qulayligini isbotlab beradi. Uning ta`kidlashicha, Rossiyaga jami 3 088 285 pud (42 710 136 so`mlik) paxta keltirilgan bo`lib, shundan 639 ming 192 pud (5 972 491 so`mlik) paxta sharq o`lkalaridan olib kelingan ekan. Bu Rossiyaga keltirilgan paxtaning 21 foizini tashkil etgan. Albatta ko`p miqdordagi paxtani harid qilish uchun millionlab so`m mablag’ sarflangan. Rossiyada savdo floti bo`lmaganidan paxta Yevropa mamlakatlari floti va temir yo`llarida olib kelingan, natijada ulovidan tushovi qimmatga tushgan.
Markaziy Osiyoda paxtachilikni rivojlantirish Rossiya uchun katta foyda ekanini I.N.Raevskiy alohida uqtirib o`tadi. U mahalliy g’o`za navlarining nuqsonlarini gapirib, uni Amerika navlari bilan almashtirishni tavsiya qiladi. 1871- yili I.V.Raevskiyning shaxsan o`zi Toshkentga kelib Amerika paxtasini iqlimlashtirish borasida katta ishlarni amalga oshiradi. Samarqandda Amerika paxtasi navini ekadi. Toshkentda Amerika paxtasini 1875-yili birinchi bo`lib ekkan kishi Mulla Yo`lchi To`ychiboyevdir. Xorijiy paxta navi urug’i Buxoro xonligida, shuningdek, 1878-yilda Andijon, Namangan, Qo`qon va Marg’ilonda ham qadalgan.
XIX asrning 80-yillariga kelib, Amerika paxtasi urug’lari orasida "Upland" navi mahalliy sharoitda sifatli va ko`p hosilli bo`lib chiqdi va to`qimachilik sanoati talablariga har jihatdan mos tushdi. Vaqt o`tishi bilan dehqonlar Amerika paxtasi navi ekilgan maydonlarni oshira borganlar. 1884-yili horijiy navlar 300 desyatina yerga ekilgan bo`lsa, 1890-yilga kelib 58859 desyatinani tashkil etgan. Amerika va "malla g’o`za" navidan olingan tola 1890-yilda 2 million pudga, 1896-yilda 2 665 337 pudga etadi. Tolaning asosiy qismi Amerika paxtasidan olingan. Paxta, asosan Farg’ona vodiysida yetishtirilgan. Sirdaryo, Samarqand viloyatlarida ham bu qimmatbaho xom ashyo navlari ekilgan. 1900-yilga kelib paxta ekilgan maydon 257 501 gektarni tashkil qilgan.
Turkiston o`lkasida Amerika paxtasining muvaffaqiyatli iqlimlashtirib borilishi va sanoat talablariga mos tushish rus sanoati korxonalari egalarini, savdo aqlini, harbiy xizmatchilarni, qo`yingki, puli bor barcha korchalonlarni hayajonlantirib va shoshirib yubordi. Ular o`lkaga kelib, bevosita paxtachilik bilan shug’ullanishga va paxta zavodlari ochishga kirishdilar. Ular shu tariqa mo`may daromad ketidan quvib, boyligiga boylik qo`shishga mukkasidan tushdilar. Puldor odamlardan Turkiston ma`muriyati nomiga paxta maydonlarini kengaytirish, paxta zavodlarini ochishga ruxsat so`rab yozilgan arizalar birin-ketin tusha boshlaydi. Rossiyada “paxta vasvasasi” avjga minadi. Natijada, o`lkada rus paxta maydonlari va paxtachilikka bog’liq zavodlar miqdori ortib bordi.
XIX asr oxirida, Toshkent shahri atrofida ruslarga qarashli paxtazorlar 4000 desyatina yerni egallab, bu umumiy maydonining 20 foizining tashkil etardi. Masalan, savdogar Belyakov 620, Yaraslavldagi katta to`qimachilik korxonasi 400, tijoratchi Tarsin 200 desyatina yerda dehqonchilik qilgan. Farg’ona vodiysida rus paxta maydonlari 500 desyatina yerni tashkil etgan. 1890-yilda Samarqand viloyatining Xo`jand uyezdida Kudrin firmasi va boshqa kishiga tegishli 300 desyatina yerda Amerika paxtasi yetishtirilgan. Hatto o`lkani bosib olishda jonbozlik ko`rsatgan general-mayor Abramovning Samarqandda shaxsiy paxta maydoni bor edi.
Paxta maydonlarida mardikor va chorikorlar ishlatilgan. O`lkani bosib olgan ruslar endi yerli xalqni xo`jayin sifatida o`z yerida ekspluatatsiya qila boshlagan. Paxtachilik rivoji imperiya hokimiyati xazinasini boyita bordi. XIX asr oxirida boshlangan paxta yakkaxokimligi keyingi yillarda tobora mustahkamlana bordi. O`rta Osiyo temir yo`lining Andijonga yetkazilishi, Toshkent-Orenburg temir yo`li qurilishiga ham asosan paxtani o`lkadan ko`proq tashib ketish sabab bo`lgan.
Imperiya yerning izdan chiqishiga qaramay, paxtachilikni kuchaytirishni o`z vakillaridan talab qilaverdi. Bu xususda Rossiya dehqonchilik noziri Krivoshein shunday degan edi: “Turkistonning har bir pud g’allasi Rusiyaga, rus va Sibir g’allasiga raqobatdir, ortiqcha har bir pud Turkiston paxtasi esa Amerika paxtasiga raqobatdir. Shuning uchun o`lkaga qimmatga tushsa ham g’alla keltirib berish lozimdir". Paxta yakka hokimligini o`rnatish haqidagi bunday g’oyani Turkiston general-gubernatori qo`llab-quvvatlab, bu tadbir hukumatga yiliga 70 million oltin rublni tejashga imkoniyat yaratishinи uqtiradi. Bundan chiqqan ma`no shuki, agar Turkiston diyorida g’alla ko`p ekilsa, Rossiyadan keltirilayotgan g’allaga nisbatan talab kamayib, ziyon ko`riladi. Demak, qancha ko`p paxta ekilsa, Rossiya g’allasiga ehtiyoj shuncha oshib boraveradi. O`z navbatida bu Rossiyaning ulovidan tushovi qimmatga tushayotgan Amerika paxtasiga bog’liq muammolarni ham bartaraf etardi.
Rossiya hukumati Turkiston o`lkasida sanoat korxonalari qurgan bo`lsa, u hech qachon og’ir industriya tarmoqlarini yaratishga intilgan emas. U asosan o`z manfaati nuqtai-nazarini o‘ylab xom ashyo mahsulotlariga birinchi ishlov beradigan yengil-sanoat korxonalarini qurishga e`tiborni qaratgan. Paxta tozalash, yoq ishlab chiqarish, vino, pivo zavodlari, pilla quritish korxonasi, tegirmon, bosmaxona va hakozolar ana shunday korxonalardir. Agar 1880-yilgacha bunday korxonalar 21 ta bo`lsa, 1900-yilda ularning soni 195 taga yetdi. O`lkada qurilgan birinchi temir yo`l ham Rossiyasining bosqinchilik manfaatlarini ko`zlagan. 1880-yilda boshlangan chor ma`murlari uchun g’oyatda og’ir bo`lgan Axaltaka urushi Rossiyani Kaspiyorti temir yo`lini qurishga majbur etdi. Mixaylovskiy bo`g’ozidan to Qizil Arvotgacha bo`lgan temir yo`l qurilishining birinchi navbati 1881-yil 1- sentyabrgacha qurib bitkazildi va 20-sentyabrdan doimiy ravishda poezdlar qatnovi boshlandi. Keyinchalik temir yo`l qurilishi davom ettirilib, Ashxobodga, so`ng Samarqandga keltirildi. 1888-yil 15-mayda birinchi poyezd Samarqandga keldi. 1889-yilda temir yo`l aloqalari Mari-Kushka orqali Toshkent va Andijon bilan bog’landi. Shunday qilib, keyinchalik O'rta Osiyo temir yo'li deb nomlangan Kaspiyorti temir yo'lining uzunligi 1748 chaqirimga yetdi. 1890-yilda Rossiya hukumatining yuqori mansabdorlari o`rtasidagi uzoq fikr almashuvlardan so`ng yangi-Orenburg-Toshkent temir yo`l qurilishi boshlab yuborildi va 1905-yil 1-iyulda bu yo`ldan birinchi poyezd o`tdi. 1912- yilda Farg’ona vodiysi ham Rossiya bilan temir yo’l orqali bog’landi. Kaspiyorti temir yo`li orqali Turkiston bilan aloqa o`rnatish masofaning uzoqligi tufayli Rossiyaga iqtisodiy jihatdan qimmatga tushayotgan edi. Endi yangi temir yo`li qurilishi munosabati bilan Toshkentdan Orenburggacha bo`lgan masofa ilgarigiga qaraganda ancha qisqa muddatda-ikki kecha kunduzda, Moskvagacha esa to`rt kecha kunduzda bosib o`tiladigan bo`ldi. har ikkala temir yo`l ham Turkiston xalqlarining manfaatlarini ko`zlab, yoki Turkistonni jahon mamlakatlari bilan bog’lash maqsadida qurilgan emas. Agar Rossiya bosqinchilari qalbida bunday olijanob niyat bo`lganda bunday temir yo`llarni u avvalo turkiy xalqlar etnik, madaniy, diniy hududiy tomondan yaqin bo`lgan va Turkiston bilan chegaradosh Afg’oniston, Pokiston, Eron, Turkiya kabi davlatlar tomon ham qurgan bo`lur edi. Yo`q. Rossiya ma`muriyati bu temir yo`llarni birinchi navbatda va asosan Turkiston o`lkasidagi xalq boyliklarini tezroq, ko`proq va mo`lroq tashib ketish maqsadi bilan qurdi. Bu borada raqamlar tiliga quloq soladigan bo`lsak masala yanada oydinlashadi. 1888-yilda Turkistondan Markaziy Osiyo temir yo`li orqali 873 ming 093 pud paxta jo`natilgan bo`lsa, 1890-yilda 2 million 673 ming 267 pud va 1893 yilda esa 3 million 588 ming 025 pud paxta Rossiyaga yuborilgan. Yoki 1888 – 1893-yillarda, ya`ni olti yilda Turkiston o`lkasidan 14 million 257 ming 515 pud qimmatbaho paxta xom ashyosi Rossiyaga tashib ketilgan. Bu jarayon yil sayin oshib boravergan. Faqat 1900-yilning o`zida Markaziy Osiyo temir yo`li orqali Rossiyaga tashib olib ketilgan boyliklar hajmi 5 million pudni tashkil etadi. Shundan 60 foizi paxta bo`lib qolganlari quruq meva, ipak tolasi, paxta yog’i, jun, teri va boshqa mahsulotlar edi. 1895-yilning o`zida birgina Farg’onadan Rossiyaga 3 million 399 ming 371 pud paxta, 452 ming 740 so`mlik teri, 192 ming so`mlik pilla tashib ketilgan. Temir yo`l qurilishi bilan bu sohaning ishchilari ham o`sib bordi. 1890-yilda temir yo`llarda 2778 ishchi ishlagan bo`lsa, 1894-yilda - 3222 va 1898-yilda 5044 ishchi ishlagan. Shundan mahalliy millat vakillari 1890-yilda 728 kishini, 1894-yilda - 863 va 1898-yilda esa 948 kishini tashkil etgan.
3. Rossiya imperiyasi soliqlardan ham katta daromad ko’rgan. Imperiya yuqori siyosiy doiralarining nufuzli vakili senator graf K.K.Palen o'lkaning metropoliyaga to'laydigan soliqlari miqdorini aniq bilgani holda ularni yanada oshirish rejasini ham ishlab chiqqan edi. Bu reja izchillik bilan amalga oshirilgan. Agar XIX asr oxirida yer solig'i 4 million so'mni tashkil qilgan bo'lsa, 1914-yilga kelib u 75 foizga kupaydi. Rossiyaning Turkistondan oladigan daromadi 300 foizga oshdi va 1916-yilga kelib 38.329 ming so'mni tashkil qildi.
Imperiyaning Turkiston xom ashyosidan oladigan foydasining aniq miqdorini hech kim bilmagan va u faqat metropoliya burjuaziyasigagina ma'lum edi. Rossiya to'qimachilik sanoati mahsulotlariqkimmati 1900- yildan 1913-yilga qadar 150 foiz oshganidan kelgan foyda ham shu rus kapitalistlarining cho'ntagiga tushgan va uning hisobini ham hech kim bilmaydi.
Rossiya Turkistonni qisqa muddatda o'z sanoati uchun-xom ashyo manbaiga aylantirdi. Agar 1885-yilda paxta maydoni 41,4 ming tanobni tashkil qilgan bo'lsa, 1915-yilga kelib u 541,9 ming tanobga yetdi, ya'ni 13 barobarga o'sdi. O'lka Rossiyaning asosiy paxta bazasiga aylandi. Bu haqda Turkiston jadidlari yetakchilaridan Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev 1917-yil iyul oyida Qozonda o'tgan 2-Butunrossiya musulmonlar qurultoyida shunday degan edi: “Shu kungacha Turkiston rus kapitalistlari uchun govmish sigir bo'lib kelmoqda. Bugunda Turkiston Rossiyaga paxta yetkazuvchidir. Hanuzgacha to'xtamayotgan urush tufayli paxtaga extiyoj tobora ortib bormoqda, chunki u porox tayyorlashda kerakdir. Agar urushgacha bo'lgan davrda Amerika paxtasining 1 pudi Rossiyaga 18 so'mdan tushgan bo'lsa, hozirda barcha mollarga narx-navo 3 barobar oshganda, 1 pud Turkiston paxtasi Rossiya tomonidan 7 so'mdan 10 so'mgacha sotib olinmoqda, holbuki, 1 pudning bahosi hozirda 20 so'mni tashkil qilishi lozim. Demak, Turkiston paxtakorlari har pud paxtadan 10-12 so'm zarar ko'rishmoqda. Bundan shunday xulosa chiqadiki, agar Turkistonda yiliga 10-12 million pud paxta yetishtirilsa, u holda bizning paxtakorlar tomonidan ishlab topilgan 100 million so'm har yili rus kapitalistlari cho'ntagiga tushmoqda”
Metropoliyaning iqtisodiy siyosati Turkistonni xom ashyo bazasiga aylantirish, uni rus mollari sotiladigan bozor sifatida tutib turish va tabiiy boyliklarini markazga tashib ketishga qaratilgan edi. Bu siyosatdan dvoryan-pomeshchiklar sinfidan tashqari, tobora rivojlanib va kuchga kirib borayotgan rus burjuaziyasi, ayniqsa to'qimachilik sanoatining egalari manfaatdor edilar. Turkiston mo'may daromad manbai sifatida ham chor Rossiyasining xazinasini boyitib borayotgan edi. Bu daromadlar 1867 – 1896-yillarda 4 barobarga ko'paydi, aholidan olinadigan soliqlar 1889 – 1893-yillarda 40 foizga oshdi. 1869 – 1896-yillar davomida imperiya xazinasi o'lkadan 158 million so'm daromad oldi.
Rossiya hukmron doiralari Turkiston o'lkasiga mo'may daromad manbai va arzon-xom ashyo makoni sifatida qarab, xalqqa solinadigan soliq va majburiyatlarni ko'paytirish siyosatini qo'llab keldi.
O'lkada soliqlar miqdori tinimsiz oshib bordi. 1889-yildan 1896-yilgacha mustamlaka ma'muriyati soliqlarni 40 foizga oshirdi. General-gubernator imperatorga 1895 – 1897-yillar bo'yicha bergan hisobotida soliqlarni yanada ko'paytirib, o'lkadan olinadigan daromadni oshirish uchun aholidan yangi harbiy soliq undirishni taklif qildi. “Yerli aholi rus harbiy kuchi panohida barcha rus fuqarolari huquqdaridan teng foydalangan holda o'z farovonligini oshirmoqda,-deb yozgan edi general-gubernator, shu bilan birga u hech qanday asossiz rus fuqaroligi beradigan katta imtiyozlardan ham foydalanmoqda. Shuning uchun ham bunday soliqning joriy etilishi xalqqa og'ir botmagan holda davlat xazinasiga yiliga yarim million rubl daromad keltiradi”. Mustamlakachilar sardori paxta yakka hokimligining tobora kuchayib borayotganini qayd etib: “1887-yilda 200000 pudni tashkil qilgan Amerika navli paxta yetishtirish 1895-yilga kelib 500000 pudga yetgan, ya'ni Rossiya sanoati iste'mol qiladigan tolaning uchdan bir qismini tashkil qilgan”,-deb yozadi.
Mustamlakachilar bu boy o'lkani ruschasiga o'zlashtirishga ahamiyatni kuchaytirishga intildilar. Imperiyaning Davlat mulklari va ziroatchilik vaziri Krivoshiy rus podshosiga yo'llagan taqdimnomasida bu haqda shunday deb yozgan edi: “Rus xalqining siyosiy ustivorligiga erishish uning xo'jalik sohasidagi quvvati bilan mustahkamlanmog'i lozim... O'ziga to'q musulmon aholisi o'rtasida rus kelgindilari xo'jaligi kambag'al va harob holda bo'lmasligi kerak. Kelgindi rus xo'jayinning yerida ishlovchi sartni ko'rish maroqli hol bo'lishiga shubha yo'q, bil'aks, uning sart qo'lida batrak bo'lishi juda noxush va ko'ngilsiz voqea ekanligi bizga ayon bo'lmog'i kerak”. Shuning uchun ham “o'zga millatlarning rus elementini bosib ketmasligi uchun” general-gubernatorga keng huquqlar berildi. Mustamlakachilar rus qishloqlarini o'zbek, qirg'iz, tojik qishloqlaridan ajratib, mustaqil bo'lishini ta'minlash bilan birga zarur hollarda rus va mahalliy qishloqlarni birlashtirib rus volost starshinasini uning rahbarligiga qo'yganlar”.
Mustamlaka ma'muriyatining kelgusi faoliyat dasturida ham o'lkani ruslashtirish g'oyasi asosiy o'rinni egalladi. Oliy harbiy-siyosiy doiralar fikrini bayon etgan knyaz Masalskiy 1913-yilda bu haqda lo'nda fikr aytgan: “Turkistonda qariyb yarim asrlik hukmronligimizga yakun yasaganimizda beihtiyor shunday savol tug'iladi: Bu mamlakatdagi kelgusi faoliyatimiz dasturi qanday bo'lishi lozim? Yaqin orada qanday vazifalarni amalga oshiramiz? Maqsadimiz nimalardan iborat va nimalarga intilishimiz lozim? Turkistonda navbatda hal etilishi lozim bo'lgan muhim masalalardan biri-o'lkani rus aholisi bilan mustamlaka qilishdir. Rossiyaga qo'shib olinganiga yarim asrcha vaqt o'tganiga qaramay, o'lkada bu aholi mahalliy musulmon nufusiga nisbatan juda ozchilikdir... Paxtachilikni har tomonlama rivojlantirish va yaxshilashga biz doim intilishimiz, bu borada sarf-harajatlarni ayamasligimiz lozim. Chunki yaqin kelajakda sanoatimizni o'z xom ashyomiz bilan ta'minlash masalasi muhim xayot-mamot masalasiga aylanadi”.
Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan zabt etilishi, o'lkani Rossiya imperiyasining agrar xom ashyo yetkazib beradigan mustamlakasiga aylantirdi. Yangi kapitalistik munosabat­larning kirib kelishi mustamlakachilik tuzumi sharoitida mahalliy aholi uchun fojeali xususiyat kasb etib, o'lkada ijtimoiy qarama-qarshiliklarni nihoyatda kuchaytirib yubordi.
Turkiston metropoliya uchun nafaqat xom-ashyo, balki, davlat xazinasi uchun soliq daromadlarining ham manbasiga aylandi. O'lkada yildan-yilga soliq zulmi ortib boraverdi. Masalan, faqatgina 1900-yilda Farg'ona aholisi davlat xazinasiga yer solig'idan tashqari 4 581 620 rubl 70 kop. mablag' topshirdilar. Huddi shu yil viloyat aholisi 399 467 rubl 34 kop. miqdoridagi mahsulot solig'ini ham bajardi. Bunday rasmiy soliqlardan tashqari, volost kotiblari, oqsoqol va boshqa amaldorlarning ta'minoti uchun “jamoat tushumi” deb ataluvchi soliqlar ham yig'ib olinar edi. Natijada mahalliy aholining bo'ynidagi qarzlari miqdori yil sayin oshib borar edi. Masalan, paxtakorlarning davlat va xususiy banklardan 1912-yildagi qarzlari 156 mln. 712 ming rublni tashkil etdi. Shundan 80 mln. 979 ming rubl pul Farg'ona viloyati paxtakorlari zimmasiga tushgan edi. Bu holat paxtakor dehqonlarning xonavayron bo'lishiga olib keldi.
Mehnatga haq to'lash borasida ham keskin ijtimoiy adolatsizlik hukmronlik qilar edi. Bir xil malaka va tajribaga ega bo'lgan o'zbek ishchisining maoshi rus ishchisining maoshiga nisbatan 40-50 foizga kam bo'lar edi. Masalan, savdogar F. I. Polinskiyning paxta tozalash zavodida rus ishchisi 70 rubl maosh olgan bir paytda, o'zbek ishchisi 11 rubl o'spirin esa 6 rubl haq olar edi. Vadyayevlar zavodida esa 1912-yil rus ishchisi bir kuniga 2 rubl 80 kop. haq olgan bo'lsa, o'zbek ishchisi esa, 70 kopeyekdan 1 rublgacha olar edi.
Mustamlaka sharoitida Turkistonda nafaqat dehqonlarning, balki o'n minglab hunarmand-kosiblarning ham ahvoli ayanchli holatga tushib qoldi. Bunga Rossiya sanoati ishlab chiqargan uy-ro'zg'or ashyolari, ayniqsa, yengil sanoat mahsulotlari bilan o'lka bozorlarining to'ldirilishi sabab bo'ldi. Bu mahsulotlar bozorlardagi mahalliy hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mollarni siqib chiqara boshladi. Natijada hunarmandchilikning ko'plab turlari inqirozga uchradi. Bu esa qashshoq aholi sonining ortib borishiga sabab bo'ldi.
Milliy hunarmandlarning xonavayron bo'lishini Hamza Hakimzoda Niyoziy “Sadoyi Turkiston” gazetasidagi maqolalarining birida bunday ta'riflaydi: “...va ba'zilari yetushdura olmay butun bu hunarlaridan kechub boshqa bir yo'l va kuyg'a kirub ketmakdadurlar...har bir kasb ahli shundo g'dur...Mana bu razolat, xirachilik va xo'rlik na yerdan keldi?...Oh, hunarlarimiz! qaysi taraf g'a va kimlar qo'lig'a asir bo'ldi? Pul va mollarimiz qaysi tarafg'a hijrat etmakdadur?...Bu ho'rliklarning ilmsizlikdan kelganidan shoyad uyalgan va aqlga solib qaragan kishi bilur”.
Ma'lumki, Turkistonda harbiy-polisiya boshqaruviga asoslangan mustabid ma'muriyat hukmronlik qilib, mustamlakachi podsho amaldorlari o'zlarini o'lkaning cheksiz huquqlarga ega bo'lgan hukmdorlari deb hisoblaganlar. Bunday siyosat o'lkada rus mustamlaka rejimining amalda bo'lishi uchun nihoyatda qo'l kelar edi.
Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, mahalliy xalqning tahqirlanganligi, huquqsizligi yaqqol ko'zga tashlanadi.
Shu paytlarda podsho amaldorlari va ofiserlarining ko'chmanchi aholiga bo'lgan munosabatlarida ham mustamlakachilik siyosatining yorqin ifodasini ko'rish mumkin. Chunonchi, O'sh uyezdidagi Oloy volostiga qarashli Ergashtom ovul jamoasi tomonidan tuman pristaviga qilingan arizada ta'kidlanishicha, yashash uchun sharoitning nihoyatda og'irligidan ular hatto Xitoy imperiyasi hududiga o'tib ketishga ham tayyor ekanliklarini bildirganlar.
Shuningdek, Ergashtom rus garnizoni boshlig'i qo'l ostidagi kazak askarlari bilan birgalikda ovulga kelib, qirg'izlardan oziq-ovqat, ot-arava va chorvalarini tortib olayotgani, qarshilik ko'rsatganlarni do'q-po'pisalar bilan hatto o'lim xavfi yoki harbiy holat joriy etish bilan tahdidga solayotganlari ko'rsatilgan. Kazak askarlari nihoyatda haddidan oshgan bo'lib, qirg'izlar bilan o'z bilganlaricha muomalada bo'lganlar. Ovullar bo'ylab aylanish yoki O'sh shahriga borib kelish uchun ular qir g'izlarning eng yaxshi otlarini tortib olardilar. Aholi garnizon uchun arpa donini topshirishlari shart edi. Lekin, ular buning evaziga o'z vaqtida va yetarli haq olmayotganliklari sababli bu majburiyatni bajarishdan bosh torta boshladilar.
Mahalliy va podsho amaldorlarining o'tkazgan zulmlari, iqtisodiy og'ir ahvol, ijtimoiy adolatsizliklar oqibatida Farg'ona vodiysi dehqonlarining bir necha bor tarqoq holdagi ko'tarilishlari bo'lib turdi. Agar 1899-ilda birgina Qo'qon uyezdida shunday “tartibsizliklar” 9 marta sodir etilgan bo'lsa, 1900-yilga kelib, ularning soni 20 taga, 1904-yilda 33 taga, 1905-yilda 55 taga, 1906-yil 63 taga va 1907- yilda esa 67 taga yetdi.
Yuqorida ko'rsatib o'tilgan sabablar viloyatda jinoyatchilikning o'sishiga ham olib keldi. Turkiston o'lkasi istilo etilgach, xalqning asrlar bo'yi e'zozlagan ahloqiy-ma'naviy qadriyatlari oyoq osti qilindi, shariat me'yorlari buzildi. Oqibatda mayda jinoyatlar-o'g'rilik, aroqxo'rlik, tovlamachiliklar soni ortib bordi. Masalan, Farg'ona viloyati bo'yicha 1906-yil 125 ta jinoyat sodir etilgan bo'lsa, 1907-yilda ularning soni 131 taga, 1908-yil 174 taga, 1909-yilda esa 254 taga yetdi.
Birinchi jahon urushida Rossiyaning ishtiroki va urushdagi mag'lubiyatlar, nafaqat imperiyaning markaziy hududlarida, balki chekka mustamlakalar, xususan, Turkistonda ham xalq ommasi noroziligining kuchayishi, ijtimoiy-siyosiy faol­ligining ortishiga sabab bo'ldi. Bundan xavfsiragan mustamlakachilar aholining tobe holatda tutib turishning turli yo'llarini izlay boshladilar. Mahalliy aholida hukumatga, podshoh va uning oila a'zolariga sadoqat ruhini kamol toptirish uchun chor amaldorlari barcha masjidlarda podshoh va uning oila a'zolari nomiga xutba o'qilishini tashkillashtirdilar.
Turkiston general-gubernatorligi mahkamasi tomonidan Farg'ona viloyati harbiy gubernatori nomiga 1915-yil 19-fevralda yuborilgan xatda aytilishicha, birgina Farg'ona viloyati uchun imperator nomiga o'qiladigan xutbaning mahalliy tilda bitilgan 1400 nusxadan iborat matni yuborilgan. Shuningdek, ushbu xutbani viloyatning barcha masjidlarida majburiy tarzda o'qilishi buyurilgan. Bu esa Islom asoslariga mutlaqo zid bo'lib, mahalliy aholining diniy e'tiqodlarini oyoq-osti qilish demakdir.
Podsho hukumati o'lkada o'ziga tayanch yaratish maqsadida Turkiston yerlariga rus aholisini ko'chirish siyosatini o'tkazdi. Paxta ekilmaydigan hududlardagi mahalliy aholining yerlari tortib olinib, rus dehqonlariga berildi. Buning natijasida ko'chirib keltirilgan 2635 xonadonning qo'lida 1914-yilda 53 594 desyatina yer to'plandi, ya'ni har bir xo'jalikka 13 desyatinadan yer to'g'ri kelgani holda, mahalliy dehqon xo'jaliklarining har biriga bir desyatinadan ham kam yer to'g'ri kelar edi.
A.Cho'lpon o'sha kezdayoq vatan boyliklari mustamlakachilar tomonidan o'zlashtirilayotganini, bunga esa chek qo'yish lozimligini oshkora ayta olgan edi: “...Vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar cho'ntagig'a solmasdan va bermasdan o'z cho'ntagimizda olub yurmagimiz kerakdur. Bizga shundog' ishlarg'a kirishmoqg'a vaqt !... Biz ham insonmiz, insondek yashayluk !...”.
O'lkadagi ayanchli ahvol, milliy hunarmandchilikning kasodga uchrashi, aholining kundan-kun og'irlashib borayotgan turmush sharoiti uni befarq qoldirmadi. U o'z maqolalari orqali mustamlakachilar tomonidan o'tkazilayotgan iqtisodiy zulm va uning salbiy oqibatlarini ochib tashladi: “...14 nchi yil ramazonda gadoylar boshqalarg'a qaraganda yuzga qirq prosent bo'lub ketgan desak ham lof bo'lmaydur....Pul va mollarimiz qaysi tarafg'a hijrat etmakdadur?...”.
Imperiya manfaatlarini ko'zlab, o'lkada rus va mahalliy xalq bolalari uchun tashkil etilgan rus-tuzem maktablari zamirida bosqinchilarning g'arazli maqsadlari yotar edi. o'lkadagi dastlabki rus-tuzem maktablari “...Ulkan ruslashtirish rejasini amalga oshirishda maktab katta ahamiyat kasb etishi lozim” degan nuqtai nazar bilan ish tutuvchi general-gubernator Rozenbax davrida ochildi. Ilg'or ziyolilarimiz o'sha davrdayoq bu makkorona siyosatni to'g'ri anglab yetgan edilar. Bunday maktablarni Ismoilbek G'asprali ham o'z vaqtida tanqid qilgan bo'lsa, M. Behbudiy: “...Russkiy-tuzemniy maktablarig'a o'qig'onlar ziyoli tugul, hiyoli hisoblanmaydurlar. Ular faqat ruscha chalasavod kishilardir”,- degan edi.
Turkiston jadidlarining rahnamosi keyinchalik bu maktablarning ochilishidan ko'zlangan maqsadlarni bunday izohlagan edi: “... Eski hukumat zohiran bizni madaniy qilmoq uchun “russko-tuzemniy” isminda bizning uchun maktablar ochib o'z fahmlarincha bizni dunyo va oxirotning baxti, ya'ni nosoron (xrestiyan) kelturg'on missionerlarg'a topshirdilar. Bu maktablarg'a zohiran musulmon muallimidan ta'yin etib, unga 15 so'mdan 25 so'mg'acha vazifa berardilar. Albatta, bu pulg'a hech muqtadir kishi muallimlik qilmas edi. Digar boshqa tarafdan xufiya va prikazlar ila bu maktablardagi musulmon bolalarini oz ta'lim bermoqg'a va baqadri imkon umrini zoye va o'zini hayvon qilmoqg'a farmoyish qilardilar...”.
Jadidlar davriy matbuotida ham rus-tuzem maktablariga nisbatan aholining qarashlarini ifoda etuvchi maqolalarni uchratish mumkin: “...Iskobelev uyezdiga tob'ye Oltiariq qishlog'ida birgina tuzemniy shko'l bor. Lekin bu maktabning o'qituv jihati butunlay tartibsiz...qarilarni qo'yaylik yoshlar ham bunga hech bir diqqat qilmaydurlar...aytur so'zlari shko'lga bola bersang yo'ldan ozadur demakdin iboratdur...”.
20-yillardagi ayrim rus tarixchilari ham ushbu maktablarning asl mohiyatini ochiq bayon etgan edilar: «...Rus-tuzem maktablarining yagona maqsadi, mamlakat aholisining madaniy darajasini yuksaltirish emas, balki uni ruslashtirishdan iborat edi...”.
Musulmon o'quv yurtlariga qarama-qarshi qo'yilgan rus-tuzem maktablari aholini ozchilik qismi orasida biroz e'tibor qozongan bo'lishiga qaramay, bu maktablar hech qachon ommaviy bo'la olmasligini chor ma'murlari yaxshi anglab yetgan edilar. Maorifchi F. Yegorovninng ta'biricha, faqat milliy maktablargina ommaviy bo'lishi mumkin, rus-tuzem maktablari esa milliy bo'lmay, aksincha, sun'iy o'ylab topilgandir.
Shahar aholisining ahvoli ham yomonlashdi. Rossiyaning zamonaviy texnika bilan yaxshi jihozlangan korxonalarida tayyorlangan mollarning keltirilishi mahalliy xunarmandchilik mahsulotlari bozorini sindirdi. Mustaqil xunarmand, yakka ustalar olibsotarga qaram bo'lib qolishdi. Hunarmandlarning ish haqi kamayib, kuniga 10-30 tiyinga tushib qoldi, xunarmandchilik korxonalari yopila boshladi. 1871-yili Toshkentda 311 ta mustaqil ko'nchilik korxonasi bor edi, 1892-yilga kelib ulardan 66 tasi qoldi, xolos. 300 ta bo'yoqchilik korxonasidan atigi 20 tasi qoldi. Xonavayron bo'lganlar chekka, tog'lik qishloqlarga bosh olib ketishardi.
Zakaspiy temir yo'li qurilgandan keyin, 1884-yildan boshlab rus korchalonlari paxtaning uzun tolali amerika navlarini joriy qila boshlashdi. 1889-yildan 1916-yilga qadar amerika paxtasi egallangan maydon (Buxoro va Xiva xonliklarisiz) 7 marta - 50 ming gektardan 343 ming gektarga ko'paydi.
Paxta yetishtirishni ko'paytirishdan faqat moliya sarmoyasi emas, balki o'sib kelayotgan ip-gazlama sanoati ham manfaatdor edi. Birinchi jahon urushi arafasiga kelib, O'rta Osiyo paxtasi Rossiyaning paxtaga bo'lgan ehtiyojini 50 foiz qondira boshlagan edi.
Paxta ekinidan soliq to'lashda sezilarli imtiyozlar berilgani va bu xom ashyoga talab ortib borayotgani dehqonlarning paxta maydonlarini kengaytirishdan manfaatdorligini kuchaytirdi.
Qishloq xo'jalik tumanlari asta-sekin ixtisoslasha bordi. 1917-yili paxta maydoni Andijon uyezdida 35 foiz, Qo'qon uyezdida 35, Skobelev uyezdida 31, Namangan uyezdida 25, Amudaryo bo'limida 18, Kattaqo'rg'on uyezdida 18, Samarqand uyezdida 8, Jizzax uyezdida 3 foiz o'rinni egallagan edi. Farg'ona viloyatining o'zi Rossiyaga jo'natiluvchi jami paxtaning 62 foizini bergan.
G'alla va meva-sazavot yetishtirishga ixtisoslashgan Samarqand viloyatida sug'oriladigan yerlar ko'paygani holda yem-hashak fondi, binobarin chorvachilik qisqargan.
Zarafshon tumanida g'allazorlar qisqarib, paxtazorlar kengaygan.
Xullas chor Rossiyasi tomonidan Turkistonning bosib olinishi mahalliy aholining iqtisodiy ahvolini og'irlashtirib yubordi. Milliy, diniy, iqtisodiy zulm kuchayib ketdi.
Mustamlakachilar tomonidan ommaning qattiq ezilishi, oxir-oqibatda qurolli chiqishlar va qo'zg'olonlarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, bu holat Farg'ona viloyatida keskin tus oldi. Farg'ona viloyati iqtisodiy va mehnat resurslari jihatidan Turkiston general-gubernatorligidagi yetakchi viloyat hisoblangan.
1898-yilgi xalq qo'zg'olonining shafqatsizlarcha bostirilishi, mahalliy aholidan qattiq o'ch olinishi kishilarni irodasini buka olmadi. Aksincha, xalqning mustamlakachilarga bo'lgan qahr-g'azabini oshishiga sabab bo'ldi, xolos. Yana shu kabi xalq harakatlarining paydo bo'lishidan cho'chigan podsho amaldorlari Farg'ona vodiysi aholisi ustidan nazoratni kuchaytirdilar.
Rus-yapon urushi aholining turmush darajasini keskin pasayishiga olib keldi. Urush Turkistonning iqtisodiy ahvoliga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Paxtaning xarid narxi keskin tushib ketdi.
Mustamlakachilar uchun Turkiston o'lkasi paxta yetkazib beruvchi asosiy baza hamda ijtimoiy, iqtisodiy va milliy zulm ob'yektiga aylandi. Bu zulmni amalga oshirishda, o'lka boyliklarini talashda temir yo'llar muhim vosita bo'ldi.
Dastlabki temir yo'l Farg'ona vodiysiga 1899-yil kirib keldi. 1911 – 1913-yillarda Qo'qon-Namangan, 1916-yilda Namangan-Jalolobod temir yo'llari qurildi. Natijada, vodiy metropoliyaning oshkora sur'atdagi xom-ashyo bazasiga va tayyor mahsulotlar sotiladigan bozoriga aylandi. Shundan so'ng, paxta ekin maydonlari kengaydi va u asosiy ekin turiga aylandi. Masalan, 1899-yil Namangan uyezdida paxta ekiladigan yerlar 14 ming gektarni tashkil etgan bo'lsa, 1911-yilda 45 ming gektarga yetdi. Viloyatda aholining qashshoqlashuvi kuchaydi, yersiz dehqonlar soni ortib bordi. Masalan, 1908-yilda Farg'ona vodiysida 18 foiz oila ekin maydonlariga ega bo'lmagan.
Iqtisodiy qiyinchiliklar xalqning zulmga qarshi ko'tarilishlarining kelib chiqishiga turtki bo'ldi. Jumladan, 1902 – 1904-yillarda viloyatning Pomirbo'yi tumanlarida dehqonlarning chiqishlari, 1903-yil yanvar-aprel oylarida Qo'qon uyezdining Isfara, Ganjiravon volostlarida, Marg'ilon uyezdining Avval va Chimyon volostlarida mahalliy hokimiyat zulmiga qarshi xalq chiqishlari bo'ldi.
1916-yil 25-iyundagi Podsho Nikolay IIning front ortidagi ishlar uchun yerli aholidan mardikorlikka olish haqidagi farmoni butun Turkistonda mahalliy aholining keskin noroziligini keltirib chiqardi. Bu noroziliklar ommaviy g'alayonlar, kichik amaldorlarning uylariga o't qo'yish va o'ldirishlarda o'z ifodasini topdi. Podsho farmoniga muvofiq, Turkiston general-gubernatori 1916-yil 23- avgustda buyruq chiqardi. Bunga ko'ra, faqat Farg'ona oblastining o'zidangina 51 233 kishi mardikorlikka safarbar qilinishi lozim edi.
Birinchi jahon urushining salbiy ta'siri Turkiston xalqlari boshiga ko'plab azob-uqubatlarni soldi. Paxta yakkahokimligini zo'r berib kuchaytirish, paxta ekin maydonlarining kengaytirilishi oqibatida o'lkada g'alla yetishtirish va chorvachilik orqaga qarab ketdi.
Butun o'lkada bo'lgani kabi Farg'ona vodiysida ham don taqchilligi yuzaga keldi. 1916-yili Farg'ona viloyatining odatda oladigan g'allasi 12-14 pudga kamaydi. Narx-navo keskin oshdi. Ilgari 50 so'm turadigan otning narxi 80-85 so'mga chiqdi. G'alla va nonning narxi ham oshib ketdi.
90-yillarda Turkistonda ro'y bergan eng yirik xalq harakati 1898 yilgi Andijon qo'zg'olonidir. U Andijonda boshlangan bo'lsa-da, O'sh va Namanganni ham qamrab oldi. Binobarin, uni Farg'ona qo'zg'oloni deb atalsa to'g'riroq bo'ladi. Ushbu davrdagi barcha qo'zg'olonlar kabi bo' harakat ham bostirildi. Mahalliy xalqdan qattiq o'ch olindi, jazolandi.
Qo'zg'olonning sababi chorizmning paxtachilikni rivojlantirishdagi vahshiyona siyosati edi. Sharqiy Farg'ona eng yirik paxtakor viloyat hisoblanar, zotan, Turkistondagi jami paxtazorlarning uchdan bir qismi Farg'onaga to'g'ri kelardi. Xalq ommasining mustamlakachilar va boylar tomonidan ezilishi, sudxo'rlikning avj olishi va hokazolar qarzdorlar, chorakorlar, batraklarni ko'paytirib yubordi. Bu esa, tabiiy ravishda ommaning ko'tarilishini, qo'zg'olonni keltirib chiqardi.
Rossiyasi imperiyasi tomonidan zabt etilgan Turkiston mustamlakachilik zulmining yorqin namunasiga aylandi. Mahalliy xalq turmush sharoitining yomonlashib borishi, milliy-diniy qadriyatlarning oyoq osti qilinishi, chet el sarmoyasining o'lkaga shiddat bilan kirib kelishi, o'lka boyliklarining bosqinchilar tomonidan shafqatsizlarcha talanishi ilg'or fikrli ziyolilarni befarq qoldirmadi. Shu bois milliy vatanparvar ziyolilar tomonidan mustamlaka asoratidan qutilish va taraqqiyot uchun kurashning turli yo'llari izlandi. Ushbu harakatlar natijasida vodiyda ham XIX asr oxirlariga kelib jadidchilik harakati kelib chiqdi. Turkistondagi bu harakat XIX asr oxirlaridan 1938-yillargacha ma'rifatparvarlik harakatidan keng ko'lamli ijtimoiy-siyosiy harakat darajasiga ko'tarildi. Ushbu vaqt oralig'ida butun Turkistonda bo'lgani kabi, vodiydagi ziyolilar qatlami orasida ham turli guruhlarga ajralish jarayonlari tezlashdi. Fikr va qarashlarning turlicha bo'lishiga qaramay, o'lka ziyolilarini yagona Turkiston mustaqilligi g'oyasi birlashtirib turar edi.
Aholi turmush darajasining tushib borishi, shariat me'yorlarining buzilishi, milliy va diniy qadriyatlarning oyoq osti qilinishi, jinoyatlar sonining ortib borishi, mahalliy aholining mavjud tuzumga nisbatan nafratini yanada oshirar edi. Shu bois turli ijtimoiy tabaqalar mustamlaka zulmidan xalos bo'lishning har xil yo'llarini izlardilar.
Xulosa qilib aytganda, o'lkadagi ijtimoiy adolatsizlik, yerlilarni jaholat botqog'ida, qashshoqlikda qoldirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan chorizmning mustamlakachilik siyosati mahalliy xalq ilg'or fikrli ziyolilarining tabiiy ravishda noroziligini keltirib chiqarar edi.

Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling