Mavzu № Aholi salomatligi holatini baholash va patronaj hamshiralari faoliyatini tashkil etish. Immunizatsiya tushunchasi. Patronaj xamshirasi va uning vazifasi nimadan iborat?


Download 30.6 Kb.
bet1/4
Sana09.11.2023
Hajmi30.6 Kb.
#1759072
  1   2   3   4
Bog'liq
амалий маш №7


Mavzu № Aholi salomatligi holatini baholash va patronaj hamshiralari faoliyatini tashkil etish. Immunizatsiya tushunchasi.
Patronaj xamshirasi va uning vazifasi nimadan iborat?
Farzand – oila quvonchi, ona – xonadon farishtasi. Ularning salomatligi ko‘nglimizning xotirjamligi, halovatidir. Azaldan xalqimiz bolaning dunyoga kelishi, uning parvarishi va ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor qaratgan.
O‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllantirish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, el ishiga kamarbasta, vatanparvar, jismonan chiniqqan va ma’nan yetuk avlodni kamol toptirish umumxalq harakatiga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining salomatligini ta’minlash va fuqarolarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining 50 foizini oilaviy poliklinikalar hamda qishloq vrachlik punktlari tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda ushbu sohaning birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida faoliyat yuritayotgan hamshiralarning, ya’ni, oila hamshiralarining xizmati tahsinga loyiq.
Oilaviy poliklinika va QVPlar aholi orasida keng miqyosda profilaktik ishlarni olib boradi, shuningdek, aholi o‘rtasida epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni ham o‘tkazadi. Ushbu hududdagi fuqarolarning salomatliga javobgar sanaladi. Yana aholi orasida erta kasallanishni aniqlash, uning ro‘yxatini tashkillashtirish, fuqarolar salomatligi holati ko‘rsatkichlarini tahlil qilish, ishlab chiqarish korxonalari va turli muassasalarda vaqtinchalik ishlay olmaydigan fuqarolarning xastaliklari sabablarini o‘rganish kabi vazifalarni ham bajaradigan muassasadir. Poliklinika faoliyati hududiy uchastka tamoyiliga asoslangan bo‘lib, shu hududda yashovchi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatadi. Poliklinika va unda faoliyat yuritayotgan tibbiy xodimlar shtatlarini rejalashtirishda aholining soniga asoslanish lozim. Zamonaviy poliklinika keng qamrovli faoliyatga ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasidir.
Umumiy amaliyot hamshirasi – oila hamshirasi ham hisoblanadi. U kasb-hunar kolejida olgan amaliy va nazariy bilimlariga tayangan holda bemor va uning oila a’zolari bilan ishonchli muloqot o‘rnatishi, yangi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni qo‘llay bilishi, shuningdek, muolajalarni malakali bajara olishi kerak.
Yana zarur hollarda bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi lozim. Umumiy amaliyot hamshirasi aholi orasiga, mahallaga va oilaga kirib bormog‘i, oila muhitini, uning ruhiy holatini, fuqarolarning qay darajada tibbiy madaniyatli ekanligini o‘rganishi, yosh onalarga bola parvarishi, ona sutining afzalligi, farzandlar tarbiyasidagi muammolarni bartaraf etish, tug‘ruqlar orasidagi masofani saqlash va istalmagan homiladorlikning oldini olishda kontratseptiv vositalarning ahamiyati xususida ayollarga batafsil ma’lumot berishi kerak. Yana xonadon egalariga oilada shaxsiy va ovqatlanish hamda kiyinish gigienasining ahamiyati haqida axborot berib, keksalarga esa oila a’zolarining e’tibor va parvarishi muhimligini ta’kidlab, ularning dardlariga malham bo‘ladigan ruhiy dalda berishi zarur.
Umumiy amaliyot hamshirasi aholi o‘rtasida kasalliklarning oldini olish maqsadida profilaktika va tashviqot-targ‘ibot ishlarini tashkil qilishi, turli xastaliklar sababli sog‘lig‘ini yo‘qotganligi uchun xavf guruhlariga kiritilgan bemorlarni aniqlashi, ularni mutaxassis yoki umumiy amaliyot shifokoriga yo‘naltirishi, oilani shakllantirish, bolalarni jismoniy rivojlanish ko‘rsatkichlarini nazorat qilishi, reabilitatsiya va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi lozim.
Patronaj hamshirasi homilador ayollarni tug‘uruqqacha kuzatuv mobaynida bo‘lajak ona va homila sog‘lig‘iga xavf soluvchi jiddiy belgilarga diqqatini qaratishi zarur. Ayniqsa, xavf omillariga katta e’tibor qaratib, ya’ni, homiladorlikning asoratli kechishi – og‘ir va yengil darajali preeklampsiya hamda qandli diabetda, oila a’zolaridan birortasi yuqumli kasalliklar bilan xastalangan va ularning tozalikka e’tibori kam bo‘lsa xonadon egalariga tushuntirishi kerak. Oila hamshirasining xonadonlarga qatnovlari, shifokor va doyaning doimiy tekshirishlariga qo‘shimcha tibbiy kuzatuv bo‘ladi.
Tug‘ruqdan keyingi parvarish va nazorat qilishda oilaviy hamshiraning roli shifokor va doyaga ko‘maklashishdir.
Ko‘pchilik onalar va ularning chaqaloqlari uchun tug‘uruqdan keyingi davr qiyin kechmaydi. Chunki, oila a’zolarining e’tibori bu davrning bexatar o‘tishiga zamin yaratadi.
Patronaj xizmati homiladorlar, go‘daklar, yosh oilalar, keksalar, yangi farzand ko‘rgan ayollar va parvarishga muhtoj yolg‘iz qariya, nogiron hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uy sharoitida tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimidir. Demak, bu soha butun mamlakat aholisi salomatligiga javobgar yo‘nalish. Shu ma’noda, patronaj xizmati rivojidan, avvalo, onalar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash, ularni to‘liq patronaj tizimi bilan qamrab olish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini, jumladan, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni targ‘ib etish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yilning 29 martida qabul qilingan PQ-2857-sonli qarori bu boradagi vazifalarni amalga oshirishda muhim dasturilamal hujjat vazifasini o‘tamoqda. Qaror birlamchi tibbiyot muassasalari joylashuvini oqilona tashkil etish, ularda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, patronaj tizimini sifat jihatdan tubdan yaxshilash, mamlakatda, uning har bir hududi va aholi yashash punktlarida kasallanish darajasini pasaytirish, profilaktika ishlarini yanada yaxshilashga qaratilgan. Hujjat ijrosi doirasida 793 ta qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikalari, 441 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan 658 ta QVP binolarini QVP va poliklinika shifokorlari uchun xizmat uy-joyi sifatida foydalanishga berilmoqda. QVPlar, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda xizmat ko‘rsatish vaqtini soat 08:00 dan 20:00 gacha uzaytirish hisobiga aholi uchun birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan foydalanish imkoniyati kengaytirilmoqda.


Mazkur qarorning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 13 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun mas’uliyatni oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, biriktirilgan hududda oilalarning to‘liq patronaj bilan qamrab olinishini ta’minlayotgan va o‘z faoliyatining ijobiy pirovard natijalariga, shu jumladan, kasallikka chalinish pasayishiga, go‘daklar va onalar o‘limi bo‘lmasligiga erishgan patronaj tibbiyot hamshiralari va umumiy amaliyot vrachlariga tarif stavkasining 5 foizidan 20 foizigacha miqdorda har oylik shaxsiy ustama belgilandi.

Bundan o‘n yillar oldin qishloq vrachlik punktlari tarmog‘i yaratilgan edi. O‘sha paytdagi sharoitda mazkur tizim katta yutuqqa aylangani bor gap. Ammo bugun faqat shu bilan cheklanib qolish yaramaydi. Boisi endilikda butun jahon tibbiyotida kasallikning oldini olish, profilaktika qilish ustuvor maqsad sifatida qo‘yilgani holda, yangicha qoidalar asosida faoliyat yuritilmoqda. Shuningdek, tezkorlik, bemorlar uchun qulaylik yaratish va boshqa yo‘nalishlardagi tamoyillarda ham zamon talablari o‘zgargan. Endi kasallikni davolash emas, oldini olish — xastalikka sabab bo‘luvchi omilni oldindan aniqlab, bartaraf etish mexanizmini yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda. Buni esa tibbiy patronaj xizmati bilan oilalarga kirib borgan holdagina amalga oshirish mumkin.Shu nuqtai nazardan qishloq oilaviy poliklinikasi sobiq QVPdan tubdan farq qiladi. Yangidan tashkil etilayotgan ushbu muassasalar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar — UTT, EKG va boshqa tekshiruv apparatlari bilan jihozlanmoqda. Qishloq oilaviy poliklinikalarida umumiy amaliyot shifokori va o‘rta tibbiyot xodimlaridan tashqari, jarroh, pediatr, akusher-ginekolog, stomatolog, ultratovush tekshiruvi mutaxassisi kabi tor mutaxassislar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani aholi tibbiy ko‘rik va maslahat olish uchun tuman markaziga, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga qatnab yurishining oldini oladi. Qayd etilganidek, patronaj xizmati mamlakat tibbiyoti uchun yangi yo‘nalish emas. Bu borada ma’lum tajriba va yutuqlar ham mavjud. Ammo oldinda oilalarga kirib borish mexanizmini tizimli asosda yo‘lga qo‘yish vazifasi turibdi. Bundan tashqari, oilaga kirib borishning o‘zi kifoya qilmaydi. Patronaj hamshiraga ma’lum vazifa va mas’uliyat ham yuklatilgan. Yana bir jihatni inobatga olish kerakki, vazifalar taqsimotidagi mavhumliklar, hudud aholisi haqida to‘liq ma’lumotning mavjud emasligi, qolaversa, aholi orasida tibbiy patronajning mazmun-mohiyati to‘la-to‘kis anglab yetilmagani kabi omillar sabab, ushbu xizmat o‘z vazifasini ko‘ngildagidek ado eta olmayotgandi. Shuning uchun ham patronaj xizmati tubdan modernizatsiya qilinib, huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda, moddiy baza yaxshilanayapti.



Download 30.6 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling