Mavzu: Abu iso muhammad at-termiziyning hadisshunos olim bo'lib yetishishdagi omillar


Download 21.26 Kb.
Sana03.02.2023
Hajmi21.26 Kb.
#1152168
Bog'liq
Abu iso muhammad at-termiziyning hadisshunos olim bo\'lib yetishishdagi omillar


Mavzu: Abu iso muhammad at-termiziyning hadisshunos olim bo'lib yetishishdagi omillar
Oʻrta asrlarda yashagan koʻpgina olimlar ilm-fanning turli sohalariga oid dunyoviy fanlar bilan birga diniy ilmlar rivojiga ham katta eʼtibor berganlar. Zotan diniy ilmlar jamiyat taraqqiyotida, insonlarning kamol topishi va dunyoqarashi shakllanishida alohida ahamiyat kasb etgan.
Jahonshumul ahamiyatga ega asarlar yaratgan buyuk allomalardan biri – mashhur muhaddis (hadis ilmi olimi) Abu Iso Muhammad at-Termiziydir. Uning toʻliq ismi Abu Iso Muhammad ibn Savra ibn Muso ibn ad-Dahhok as-Sullamiy (umrining oxirlarida koʻzi ojiz boʻlib qolganligidan ad-Dariyr taxallusi bilan ham atalgan) at-Termiziy boʻlib, u hijriy hisobda 209 (milodiy 824) yilda Termizda, uncha badavlat boʻlmagan oilada tavallud topdi. Markaziy osiyolik mashhur olim va tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Samʼoniy (113/1167) “Al-Ansob” nomli asarida yozishicha, at-Termiziy Bugʻ (hozirgi Sherobod tumani) qishlogʻida vafot etganligi uchun uning nomiga al-Bugʻiy taxallusi ham qoʻshilgan. Uning yoshlik yillari Termiz shahrida oʻtib, dastlabki maʼlumotni ham shu shaharda olgan. Chunonchi, yozma manbalar va tarixiy osori atiqalardan maʼlumki, oʻrta asrlarda Termiz ham Markaziy Osiyoning Urganch, Buxoro, Samarqand singari ilm-fan va madaniyati rivojlangan shaharlardan biri boʻlgan. Mana shunday madaniy muhitda oʻsgan at-Termiziy yoshligidan turli ilmlarni egallashga zoʻr qiziqish bilan intilgan. Bolaligidan oʻta ziyrakligi, yodlash qobiliyatining kuchliligi va noyob qobiliyati bilan oʻz tengqurlaridan ajralib turgan at-Termiziy diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi oʻz bilimlarini muttasil oshirish uchun koʻpgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Koʻp yillar davom etgan safarlari chogʻida at-Termiziy ilm-fanning turli sohalaridan – ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, oʻzi yoshligidan qiziqqan hadis ilmidan oʻz davrining yirik olimlari – mashhur muhaddislaridan taʼlim oladi. Uning ustozlaridan imom al-Buxoriy, imom Muslim, imom Abu Davud, Qutayba ibn Saʼiyd, Isʼhoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻaylon va boshqa mashhur muhaddislarni koʻrsatish mumkin. Manbalarda yozilishicha, hadislarni toʻplashda va oʻrganishda at-Termiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yoʻlda, safarda boʻlganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham oʻz ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borgan.
Oʻz davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan at-Termiziy koʻpdan-koʻp shogirdlarga ustozlik qilgan. Hadis ilmidagi uning shogirdlaridan Makhul ibn al-Fadl, Muhammad ibn Mahmud, Anbar, Hamad ibn Shokir, Abd ibn Muhammad an-Nasafyun, al-Haysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy va Abul Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiylarni sanab oʻtish mumkin. Musofirchilikdan qaytgan at-Termiziy oʻz yurtida yirik muhaddis olim sifatida shuhrat qozondi va ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashgʻul boʻldi. U 279 hijriy (milodiy 892) yilda Termizdan uzoq boʻlmagan Bugʻ qishlogʻida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.
Oʻz ijodiy va ilmiy faoliyati davrida at-Termiziy bir qancha asarlar yaratdiki, ularning aksariyat qismi bevosita hadislarga bagʻishlangan. Gap shundaki, Islom dini chegaralarining kengayishi, uning qonun-qoidalariga asoslangan jamiyat rivojlangan sari turli-tuman yangi gʻoyaviy fikr-mulohazalar va koʻrsatmalarga ehtiyoj tobora kuchaya borgan. Shu sababdan ham barcha jihatlardan namunali zot hisoblangan paygʻambar Muhammad alayhissalomning oʻzlari aytgan ibratomuz pand-nasihatlar, diniy, axloqiy masalalarga doir qarashlari, qoʻrsatmalari hamda paygʻambar alayhissalom hayoti, faoliyati xususida qarindosh-urugʻlari, sahobalari, yaqin safdoshlari aytgan hikoyat va rivoyatlari – hadislarni toʻplash keng koʻlamda avj olgan. Shunga koʻra, islom taʼlimotida hadislar Qurʼondan keyin turadigan muhim manbalar hisoblanadi. Islom ulamolari oʻrtasida ilk davrdan boshlab hadislarning toʻgʻriligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta eʼtibor berilgan. Chunonchi, oʻsha davrning oʻzidan boshlaboq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta-qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islomshunos yirik ulamolar orasida ishonchli manbalar asosida toʻplangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar toʻplami (As-sihoh as-sitta) mualliflari eng nufuzli va moʻtabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu eʼtirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imom at-Termiziydir.
At-Termiziy qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Al-jomiʼ” (“Jaʼmlovchi”). “Ash-shamoil an-nabaviya” (“Paygʻambarning alohida fazilatlari”), “Al-ilal fi-l-hadiys” (“Hadislardagi ogʻishishlar”), “Risola fi-l-xilof va-l-jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “At-tarix” (“Tarix”), “Kitob az-zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob ul-asmo va-l-quna” (“Ismlar va laqablar haqida kitob”) kabi asarlar shular jumlasiga kiradi.
At-Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, “Al-jomiʼ” boʻlib, avval eslatib oʻtganimizdek, paygʻambar alayhissalomga doir oltita ishonchli hadislar toʻplamlaridan biridir. Ushbu asar ilmiy adabiyot va manbalarda “Al-jomiʼ al-kabir” (“Katta toʻplam”), “Al-jomiʼ as-sahiyh” (“Ishonchli toʻplam”), “Jomiʼ at-Termiziy” (“Termiziy toʻplami”), “Sunan at-Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”) nomi bilan ham atalib, paygʻambar alayhissalom hayoti va faoliyatiga doir muhim manbalardan hisoblanadi.
At-Termiziyning mashhur taʼliflaridan yana biri “Ash-shamo-il an-nabaviya” (“Paygʻambarning alohida fazilatlari”) boʻlib, baʼzi manbalarda “Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallolohu alayhi vasallam” nomi bilan ham keltirilgan. Nomidan ham koʻrinib turibdiki, bu asar paygʻambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u kishining suvrat va siyratlari, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni oʻz ichiga qamragan manbadir. Bu oʻrinda shuni taʼkidlash kerakki, paygʻambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni toʻplash bilan juda koʻp muhaddislar shugʻullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan oʻrin olgan. Lekin at-Termiziy asarining afzalligi shundaki, u hadislarni muntazam ravishda toʻplab, muayyan tartibga solgan va yaxlit bir kitob holiga keltirgan. Muhammad alayhissalomning hayotiga doir muhim manba sifatida “Ash-shamoil an-nabaviya” qadimdan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini oʻziga tortib keldi. Arab tilida yozilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu asarning tili ravon, uslubi gʻoyatda oddiyligini ham qayd qilib oʻtish oʻrinlidir. Asarning fors va turk tillariga tarjima qilinishi ham unga boʻlgan qizqishning kattaligidan dalolat beradi.
“Ash-shamoil an-nabaviya”ning birinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamning suvrat (tashqi qiyofa)lariga, ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa ichki dunyolariyu axloqiy fazilatlarini bayon qilishga bagʻishlangan.
“Ash-shamoil an-nabaviya”ning XVI asrga oid bir qoʻlyozmasi Toshkentda, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 1980 yilda Toshkentdagi Diniy boshqarma buyurtmasi bilan “Ash-shamoil an-nabaviya”ning ushbu qoʻlyozmasi ofset uslubida nashr etilgan boʻlib, unga qisqacha soʻzboshi Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari Diniy boshqarmasi hayʼatining sobiq raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan.
“Ash-shamoil an-nabaviya” soʻnggi yillarda ham Toshkentda bir necha bor nashr etildi. Bundan tashqari allomaning 1200 yillik yubileyi (1990) munosabati bilan gazeta va jurnallarda u haqida koʻplab maqolalar chop etildi.
Shu yilning 14 fevral kuni Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2774-sonli Qarori e’lon qilindi. Albatta, bu quvonchli voqea har bir ilmu ma’rifat ixlosmandlari uchun chin ma’noda quvonarli hol bo‘ldi. Qolaversa, ulug‘ allomaga bo‘lgan hurmat, uning shaxsiga bo‘lgan faxrimizning yorqin ifodasidir.
Mazkur Qarorning asosiy maqsad va vazifalaridan biri – Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishdir.
Chindan ham, bularning barchasi o‘sib kelayotgan kelajak avlod uchun ajdodlar merosini o‘rganish, tadqiq etish, xalqimiz hamda keng jamoatchilikka yetkazish uchun ulkan imkoniyat.
Buyuk muhaddis haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, uning hayoti haqida ma’lumotga oz bo‘lsada ega bo‘lishimiz darkor. Allomaning to‘liq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhoq Abu Iso Sullamiy Zariyr Bug‘iy Termiziy bo‘lib, u hijriy 209 (melodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog‘ida o‘rta hol oilada tavallud topgan. Imom Termiziyning oilasi, ota-onasi haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilmagan. Termiziyning ko‘zi ojizligi to‘g‘risida tarix kitoblarida turli ma’lumotlar keltirilgan. Ba’zi tarixchilar uni tug‘ma ko‘zi ojiz bo‘lgan desalar, ba’zilari olim umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganini yozadilar.
Imom Termiziy yoshligidan o‘ta tirishqoq, idrokli, aql- zakovatli bo‘lganligi bois o‘z tengdoshlari ichida ajralib turgan. Ilmga o‘ta qiziqishi tufayli o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgangan. Qo‘shni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilishiga munosib hissa qo‘shgan yetuk olimlardan biridir. Yoshligidan ilmu-fanga tashna Imom Termiziy 850 yildan, ya’ni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safarlar qiladi. Jumladan, u Hijozda — Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddis, faqih, va ulamolar bilan uchrashib, muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi.
Shu bilan bir qatorda Iso Termiziy payg‘ambar alayhissalom hadislarini to‘plashga alohida e’tibor bilan qaraydi. Bu borada u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qog‘ozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilsagina maxsus qog‘ozlarga qayd etardi. Hadislarning to‘g‘riligiga shubha bo‘lganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar sahiyh (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma’qul), zaif (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi turlarga ajratilgan.
Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda Imom Termiziy o‘z davrining mashhur muhaddislaridan tahsil oldi. O‘ o‘sha davrning yetuk muhaddisi sifatida ko‘pgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Alloma zehnining o‘tkirligi hamda quvvai-hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda ko‘plab misol va rivoyatlar keltiriladi.
Muhaddis bobokalonimiz Imom Iso Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuqori baholagan. Ulardan biri Imom Termiziyni “Hadis ilmida iqtido qilinadigan yagona olim” deb yozsa, boshqa biri esa uni “Birinchilardan bo‘lib hadislarni sahih, hasan, zaifga taqsim qilganiga guvohlik beradi”. Ayniqsa, muhaddis olimning asarlaridagi ravonlik faqat ziyoli kishilar uchun emas, balki har bir inson tushunishi mumkin bo‘lishiga sabab ekanini alohida ta’kidlash joiz. Dunyo ulamolari buyuk ilm sohibi bo‘lgan hamda yuksak e’tirofga munosib ko‘rilgan bobokalonimizning ibratli hayot yo‘llari va boy ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish biz yoshlar uchun ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, shunday yetuk muhaddislarning avlodi bo‘lish har birimizning zimmamizga ulkan mas’uliyatni yuklar ekan, jamiyatimizning har bir a’zosi, ayniqsa yoshlarimiz ularga munosib avlod, ilm-ma’rifat nurini taratguvchi mayoq bo‘lishlari ham qarz, ham farzdir. 

Xulosa
Xulosa qilib aytganda, buyuk vatandoshimiz Abu Iso Muhammad at-Termiziy bizga boy va katta ilmiy meros qoldirgan. Afsuski, hozircha bu qimmatbaho meros jumhuriyatimizda yetarlicha oʻrganilgani yoʻq. Keng jamoachilik ommasi ham uning hayoti va ijodi haqida gʻoyatda oz maʼlumotga ega.
Download 21.26 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling