Mavzu: Abu Rayhon Beruniyning tarix fani metodologiyasiga qo’shgan hissasi Reja: I. Kirish II. Asosiy qism


Download 45.25 Kb.
bet3/4
Sana21.01.2023
Hajmi45.25 Kb.
#1106692
1   2   3   4
Bog'liq
Metodologiya kurs ishi. Mahmudova

Mavzuning ilmiy yangiligi Abu Rayhon Beruniy metodologik jihatdan tarix fanining mohiyat mazmunini ochib berishga harakat qiladi. Tarixiy bilimning shakllanish unsurlarini aniqlashtiradi. Jamiyat, insonning tarixiy ongini shakllanishining eng muhim tomonlari atrofiicha ilmiy tahlil qilinadi. Ahamiyatli voqea-hodisaning tarix fani uchun uni asoslaydigan о‘mini izohlaydi. Tarixiy bilimning obyekti, predmetini ochib beradi. Tarixning sohaviy, tarmoq tuzilishini tushuntirib beradi.

2.1. Abu Rayhon Beruniyning tarixiy ilmiy merosi.


Bugungi kunda zamonaviy tarix fani va uning predmeti sifatida aniq (konkret) jamiyat va uning shakllangandan boshlab tanazzuligacha zamon va makondagi taraqqiyoti bir butun holatda va ayni vaqtda uning ichki tarkibiy tuzilishlari, shuningdek boshqa aniq (konkret) jamiyatlar bilan aloqadorligi va munosabatlari tushuniladigan bo’lsa, bu borada Abu Rayhon Beruniyning fikrlari ham e’tiborga molikdir, uning ta’kidlashicha, “... qadimgi tarixlarning eng avvalgisi va eng mashhuri bashariyatning boshlanishidir”2, ya’ni, Beruniy tarixning boshlanishini kishilik jamiyatining shakllanishi bilan bog’liqligini ko‘rsatib beradi.
Sharq tarixchilari orasida Abu Rayhon Beruniy (973-1048-y.) alohida o‘rin tutadi. U turli mazmunda, jumladan falsafiy, geografik, etnografik, jum ladan tarix sohalariga oid 150 dan ortiq asarlar yozib qoldirgan. Mutafakkirning 152 asaridan 15 tasi bevosita tarix ilmiga bag'ishlangan. Ayniqsa tarix to‘g‘risidagi chuqur bilimlarini o‘z ichiga olgan “Osor ul-boqiya an al-qurun al-holiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) hamda “Hindiston” yoki “Kitab tahqiq molil-Hind min manqula fi-aql va-l-marzuma” (“Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig'maydigan ta’limotlarini tadqiq etish”) va “Kitob ul-musammara fi axbori Xorazm” (“Xorazm haqidagi axborotlar haqida suhbatlar”) nomli asarlari bilan jahon tarix fani va madaniyat tarixiga katta hissa qo‘shdi.3
Beruniy siymosi haqida so‘z yuritar ekan 0‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov quyidagi fikrlarni bildiradi: “Milliy tariximizning yana bir yorqin yulduzi Abu Rayhon Beruniy faoliyatiga haqqoniy baho berar ekan, amerikalik fan tarixchisi Sarton XI asrni “Beruniy asri” deb ta’riflaydi. Bunday yuksak va haqli baho avvalo qomusiy tafakkur sohibi bo‘lmish buyuk vatandoshimizning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan izohlanadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Beruniy ilmiy masalalarda ham, tarixiy voqea-hodisalarga, o'z zamondoshlariga baho berishda ham o'ta xolislik va haqko’ylik bilan fikr yuritgan. Shu bois ham u hayotda ko‘p aziyatlar chekkan, hatto umrining oxirida turmush qiyinchiliklariga duchor bo'lgan, ammo har qanday og‘ir sharoitga qaramasdan, e’tiqodidan qaytmagani uning o'z ma’naviy ideallariga naqadar sodiq bo'lganidan dalolat beradi”4 degan.
Abu Rayhon Beruniygacha dunyo tarixida biror-bir olim o‘tmish tarixiy taraqqiyoti talqinlarini har taraflama ilmiy nuqtayi nazardan chuqur tahlil qilmagan edi.

Al-Beruniy hayotining dastlabki 25 yilini Xorazmda o‘tkazdi, u yerda islom, fiqh, ilohiyot, grammatika, riyoziyot, falakiyot, tibbiyot va falsafa, fizika va boshqa ilmlar bilan ham shug‘ullandi. Beruniy ona tili boʻlgan xorazmiy tilidan tashqari fors, arab yunon, ibroniy va suryoniy tillarini bilgan va 50 yoshida sanskrit tilini o'rgandi. 5


Iroqiylarning oxirgi vakili Abu Nasr Mansur ibn Iroq Beruniyning ustozi edi. Al-Beruniy falakiyot, riyoziyot, geodeziya, jug'rofiya va mineralogiya va tabiiy fanlarni yaxshi bilgan, shuningdek, tarixchi, xronolog va tilshunos sifatida ham ajralib turardi. U o‘z davrining deyarli barcha fanlarini mukammal o‘rgangani sabab qomusiy alloma deb nomlanadi va ko‘plab ilm sohalarida tinimsiz izlanishlari uchun mo‘l-ko‘l mukofotlangan.  Shoh xonadoni va jamiyatdagi boshqa qudratli unsurlar Al-Beruniyning tadqiqotlarini moliyalashtiradi. Oʻziga xos taʼsirga ega boʻlgan Al-Beruniyning oʻzi ham falsafani oʻrganish davomida, boshqa xalqlarning olimlaridan, xususan, yunon olimlaridan ham ilhom olgan.
Beruniy Iroqiylar xonadoniga mansub edi va o'sha paytda Xorazmdagi hukmron Afrigʻiylarga xayrixoh edi, 995-yil Katni, Xorazmning ikkinchi poytaxti, Gurganj (Urganch)ning amiri Maʼmun ibn Muhammad bosib oladi va Afrig'iylar sulolasini taxtdan ag'dardi va natijada Beruniy vatanini tashlab Buxoroga ketdi. U yerda u Ibn Sino bilan yozishmalar olib borgan va bu ikki olim oʻrtasida fikr almashilgan.
U oʻzining „Geodeziya“ asarida 990-yil Kat shahrining geografik kengligini aniqlaganini yozadi. Maʼlumki, geografik kenglikni aniqlash uchun geografiya, matematika va astronomiyadan yetarlicha bilimga ega boʻlish lozim. Ray shahriga (hozirgi Tehron yaqinida) keladi. U Rayda mashhur olim — matematik va astronom al-Xoʻjandiy, tabib va faylasuf ar-Roziylar bilan tanishadi. Beruniy Rayda oʻzining „Al-Faxriy sekstanti“ risolasini yozadi.6 997-yil Beruniy Katga qaytdi. Bu davrda Xorazmda oʻzgarishlar boʻlib, Maʼmun vafot etib, uning oʻrniga Ali ibn Maʼmun taxtga chiqqan edi. 997-yilda mashhur tabib Abu Ali Ibn Sino ham Urganjga keladi.
998-yil Beruniy Jurjonga keldi. U Jurjonda 1004-yilgacha yashaydi. Oʻzining oʻn beshga yaqin asarini shu yerda yaratdi. Jumladan, olimning „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ asari 1000-yil atrofida shu yerda yozilgan. 1004-yilning bahorida Beruniy Xorazmga qaytdi. Bu vaqtda Xorazmning poytaxti Urganj edi. Urganjda u Oy tutilishini kuzatdi. Saroyda al-Masihiy, tabib al-Hammar, Ibn Iroq va boshqalar ishlar edilar.7
Urganjda Beruniy matematika, astronomiya bilan bir qatorda fizika va mineralogiyaning baʼzi masalalari bilan shugʻullandi. Minerallarni aniqlash, ularni tizimga solishda solishtirma ogʻirliklardan foydalanish gʻoyasi ham mana shu yerda tugʻildi.
1017-yil yozida turkiy podsho Mahmud Gʻaznaviyning buyrugʻiga koʻra Beruniy asir sifatida Gʻaznaga olib ketildi. U yerda ogʻir sharoitda yashadi. 1019-yildan keyin ilmiy ish bilan shugʻullanish sharoitiga erishdi. 1022—1024-yillarda Mahmud Hindistonga qilgan yurushida Beruniyni oʻzi bilan olib ketdi. Safarda ham Beruniy ilm bilan shugʻullandi. U Panjobdagi Nandna qalʼasi yonida yer shari meridianini bir gradusining uzunligini oʻlchadi va u 110,895 km. ekanini aniqladi. Bu maʼlumot hozirgi zamon oʻlchashlari natijasi — 111,1 km bilan taqqoslansa, Beruniy oʻlchashlarining aniqligi qay darajada ekani koʻrinadi.8 U umrining ko‘p qismini hozirgi Afg‘onistonning janubiy-sharqiy qismidagi o‘sha paytdagi G‘aznaviylar davlati poytaxti G‘azna shahrida o‘tkazdi. Hindiston yarimoroliga sayohat qilganda, Hindistonda amalda boʻlgan hinduiylik dinini oʻrganib chiqqandan soʻng 1030-yilda “Tarix al-Hind” (Hindiston tarixi) nomli hind madaniyati haqida risola yozdi. U oʻz davri uchun hayratlanarli darajada xolis yozuvchi edi. Turli xalqlarning urf-odatlari va e'tiqodlari, uning ilmiy ob'ektivligi 11-asr boshlarida Hindistonni ajoyib tasvirlagani uchun unga al-Ustad ("Ustoz") unvonini berdi.
Beruniyning Xorazm tarixiga oid asari yuqorida zikr etilgan nomdan tashqari, yana “Tarixi Xorazm” va “Mashohiri Xorazm” (“Xorazmning mashhur kishilari”) nomlari bilan ham mashhur bo'lib, uning ayrim lavhalari-parchalari Abulfazl Bayhaqiyning 1056-yili yozib tamomlangan “Tarixi Bayhaqiy” va Yoqut Hamaviyning “Mo'jam ul-buldon” asarlarida saqlanib qolgan. Beruniyning “Kitob fi axborot al-mubayyizot val-karomita” (“Oq kiyimlilar va karmatlarning xabarlari haqida kitob”) asari ham tarix ilmi uchun alohida qiymatga ega. Unda o'sha zamonlarda O 'rta Osiyoda keng tarqalgan ijtimoiy harakat — karmatlar harakati haqida diqqatga sazovor ma’lumotlar bor.9
2.2. Abu Rayhon Beruniy va tarix fanida axborotning nazariy masalalari.
Abu Rayhon Beruniyning tarix bayonida voqealarning aniq va ishonarli tarzda, ixtiloflardan xoli hamda haqqoniy tavsiflanishi va talqin qilinishiga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa tarixning buzib ko‘rsatilishini ma’qullamaydi. Abu Rayhon Beruniy va uning tarixiy-ilmiy merosi haqida so‘z yuritib, taniqli olima F.Sulaymonova quyidagilarni ta’kidlab o‘tadi: “Taqdir taqozosi bilan Beruniy nomi va asarlari to XIX asrgacha ovrupolik olimlar diqqatidan deyarli chetda qolib kelgan. Faqat 1876-1878-yillarda avstriyalik olim Eduard Zaxau Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarining arabcha matnini chop ettirdi, 1879-yilda esa ingliz tiliga tarjimasini ommalashtirdi. Natijada ovrupoliklar kechikib bo‘lsada, Beruniy asarlari bilan tanisha boshladilar”10.
Abu Rayhon Beruniy ilmiy faoliyatida o‘ziga xos fanlararo yondashuvning ba’zi bir ko‘rinishlari yaqqol namoyon bo‘lishini kuzatishimiz mumkin.11
Beruniy asarlarida tarixni o'rganish va bu jarayonda manbalardan to ‘g‘ri foydalanish haqidagi fikrlarning mavjudligi va ayniqsa ularning aksariyati zamonaviy tarix fani metodologiyasida turli mualliflar tomonidan bildirilgan qarashlar bilan mos kelishi e’tiborni tortadi. Zamonaviy tarix darsliklarida Beruniyning tarixiy tadqiqotlar borasidagi amaliy faoliyati haqida bir qator fikrlarni ko‘rish mumkin. Jumladan, “Ilmiy bilish va anglash tamoyillari”ning rivojlanishiga o ‘rta asrlarning yirik olimi Abu Rayhon Beruniy juda katta hissa qo‘shdi. Beruniy tarixiy qiyosiy metoddan juda keng foydalangan.12 U “Hindiston” asarini yozish jarayonida “men hindlarning qonuniyatlarini qanday bo‘lsa shu holicha keltiraman va ayni vaqtda yunonlarda qanday bo'lganligini ham misol tariqasida keltirib, ularning o‘zaro o'xshash va yaqinlik jihatlarini aniqlayman”13,-deb yozgan edi. “Barcha mamlakatlarga tarqalgan xalqlardan har birining alohida tarixi bor, uning podshohlari, payg'ambarlari, davlatlari yoki men yuqorida aytgan hodisalarning biridan hisoblaydi. Shu tarix yordami bilan muomala ishlarida hamda vaqtlarni bilish xususida kerakli muddatlarni belgilaydi va bu tarix ularni boshqa xalqlardan ajratadi”14. Bunda Beruniyning har bir xalqning alohida tarixi borligi va bu tarix ularni boshqalardan ajratib turishi, biroq ayni vaqtda aynan ana shu ajratib turuvchi farqlarning yoki tafovutlarning o‘sha xalqlarda qanday talqin qilinishini taqqoslash orqali tahlil qilmoqchi bo'lganligi zamonaviy tarix fani metodologiyasidagi sinxron uslub va tarixiy taqqoslash uslublarini bir vaqtning o'zida qo'llash orqali o‘z oldiga qo’ygan maqsadiga, ya’ni yozayotgan kitobining ilmiyligini ta’minlashga harakat qilganligini ko'rish mumkin. Zamonaviy tarix fani tadqiqotlarida muhim ahamiyat kasb etuvchi tarixiy taqqoslash uslubining Abu Rayhon Beruniy ilmiy ijodida tahlil qilib berilishi va ayni vaqtda alloma tomonidan ilgari surilayotgan bunday nazariy qarashlarning ilmiy ahamiyati X asrda ham yuqori bo'lganligidan dalolat beradi.
Tarixda, tarixiy manbalarda va asarlarda, ayniqsa sharq tarixnavisligida “tarix” talqini alohida muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur fanning izohi keltirilgan boshqa manbada qayd etilishicha, tarix bu tabiat va jamiyatdagi har qanday rivojlanish jarayoni va boshqa talqinda insoniyat va uning mahsuli bo‘lgan tamaddunlar rivoji, jamiyat va davlatlar o‘tmishi taraqqiyoti jarayonini o'rganuvchi fan. Tarix fani insoniyatning butun o‘tmishi davomida jamiyat hayotida sodir bo'lgan voqea-hodisalar, jarayonlarni (jamiyat rivojini) yaxlit bir tarzda o'rganadi.
Tarixiy manbalar va mumtoz adabiyotda tarix va ta’rix iboralarining turlicha mazmunda qo'llanilganligini kuzatish mumkin.15
Ta’rix (arab tilida — yuz bergan, sodir bo'lgan) — mashhur kishilarning tug'ilishi va vafoti, turli bino-inshootlarning qurilishi, kitoblar tavsifi va boshqa muhim voqea-hodisalar vaqtini anglatuvchi ishora, she’riy uslub yoki ma’nosi yashiringan so'z. Ta’rix ko'pincha u yoki bu mashhur shaxsning vafoti munosabati bilan, biror-bir tarixiy voqeaning sodir bo'lgan sanasini anglatish yoki unga ishora tarzida she’riy tilda yozilgan. Ta’rixda qo'llangan so'z va iboralar, ularni tashkil etgan arab harflarining abjad hisobidagi raqamlari bilan qo‘shib hisoblanganda, ma’lum bir sanani anglatuvchi raqamlar, son kelib chiqadi16.
Ta’rix sharq tarixnavisligining asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi va “tarix”lar ham muhim manbaviy xususiyatlarga ega ekanligi aniqlandi. Ta’rixlar mazmuniga ko‘ra manbalardagi axborotni ifodalaydi. Zamonaviy tarix fanining nazariy yondashuvlarida axborot ochiq ifodalangan va yashirin holatda (keyingisi ko‘p uchraydi) bo‘lishi ta ’kidlab o‘tilgan bo‘lsa, sharq tarixnavisligidagi ta’rixlarda keltirilgan axborot yashirin holatda ko‘proq uchraydi. Shu bois tarixchi yoki tadqiqotchidan mazkur axborotni matndan aniqlab va ajratib olishi uchun arab alifbosidan va ayniqsa abjad hisobidan boxabar bolishi muhim ahamiyat kasb etadi.
“Adiblardan biri mendan [turli] xalqlar haqidagi tarixlar, ularning boshlanishlari va shoxobchalari, ya’ni oylar va yillari ustida u tarix egalarining ixtiloflari va bu ixtiloflar sabablari ... haqida so‘radi”17.
Beruniy so‘zlariga e ’tibor qaratiladigan bo'lsa, ko'rish mumkinki, asosiy so‘ralayotgan narsa bu tarixlar va ular bilan bog‘liq holatlardir. Beruniyning “Hindiston” asari tarjimasining izohlar qismida “tarixlar” iborasiga quyidagicha sharh berilgan, ya’ni,
*bu yerda tarix so‘zi yil hisobi, era ma’nosida ishlatilmoqda.

Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” hamda “Hindiston” asarlarida tarix fani va tarixiy tadqiqotlarning nazariy jihatlari haqida bildirgan fikrlari va zamonaviy tarix fani metodologiyasida ahamiyati juda kattadir.v



2.3. Abu Rayhon Beruniy va tarix fanida tadqiqot uslublarining nazariy masalalari.
Tarixiy jarayonlarning zamon va makon bilan bog‘liqlik masalasida Beruniy quyidagi so‘zlarni keltirib o‘tadi: “Biror o'tib ketgan yilning avvalidan hisobga olinadigan ma’lum bir muddatga tarix deyiladi. O’sha yilda turli alomatlar va dalillar bilan [qandaydir] ... biron muhim narsa yuz bergan bo‘lishi kerak, bular uzoq asrlar va ko‘p zamonlarsiz paydo bo’lmaydi. Bunday hodisalar orqali m a’lum vaqtlar, tarixlar aniqlanadi (bu yerda hodisalar jumlasini tarixiy jarayonlarni aniqlovchi yoki isbotlovchi dalillar sifatida ham tushunish va qabul qilish mumkin )”18.
Beruniy so‘zlariga e’tibor berib qaralsa, zamonaviy tarix fani metodologiyasidagi mavjud asosiy maxsus tadqiqot uslublaridan biri — diaxron uslub haqida so‘z borayotganligini anglash mumkin. Bu so‘zlarda diaxron uslub bilan turli davrlar va ularning davr sifatida ajratilishi uchun asos bo’lgan tarixiy voqea yoki hodisalarni aniqlashtirish, u yoki bu xalqlar (yoki hududlar)da bu davrlarning boshlanishida ixtiloflar mavjud bo’lsa, ularning boshlanishidagi asl holati qanday ekanligini mavjud manbalar orqali dalillar asosida ko‘rsatib berish lozimligi ta’kidlanmoqda.19
Zamonaviy tarix fani metodologiyasida diaxron uslub borasida quyidagi jihatlar asosiy o‘rin tutadi. Ya’ni, tarixiy tadrijiylik asosida tadqiqotning amalga oshirilishi, tarixiy voqealarning ketma-ket, bosqichma-bosqich rivojlanishi bo'yicha tadqiqot amalga oshiriladi. Vaqt bo'yicha jarayonlarning eng ahamiyatli xususiyatlari, yangi bosqichlarning, davrlarning shakllanish holatlari aniqlanib, jarayonlarning boshlanish davridagi va yakuniy davridagi holatlari solishtirilib, taqqoslanadi, taraqqiyot va rivojlanishning umumiy yo'nalishlari aniqlanadi.20
Beruniy asarida quyidagi so'zlarni o'qish mumkin: “Meni imkon boricha ularni juda ravshan bayon etib, o'quvchi fahmlaydigan, turli kitoblarni axtarish va u kitob egalarini surishtirishga ehtiyoj qoldirmaydigan bir asar yozishga da’vat etdi. Bu ishning qiyin va olinadigan uzoq ekanini va uni yaxshi bilgan odam qalbida shubha qolmaydigan aniq fanlar qatoriga qo'ymoqchi bo'lgan kishiga bo'ysunmasligini bildim” deydi.
Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarining “Oylar va yillar bo’limi” degan qismida miqdoriy metoddan unumli foydalangan. Asarning bu qismida yil nima, qayerdan boshlanadi, yilning butun va kasrli kunlari qancha, yilning necha kunligini aniqlash, xalqlarning yil hisobini yuritishga oid ma’lumotlar bergan.
“Odamlar ikki xil yil-quyosh yili va oy yilini ishlatadigan bo’lganlar. Bu ikkisidan boshqa yoritqichlarni yil hisobida ishlatmaganlar. … istambulliklar, iskandariyaliklar va boshqa xalqlar-rumlik, suriyaliklar, kaldoniylar, hozirgi misrliklar hamda yil to’g’risida Mu’tazid Billoh fikriga amal qiluvchilar-quyosh yilini tutganlar. Bu yil uch yuz oltmish besh butun va chorak kunga yaqin bo’ladi. Bular yillarini uch yuz oltmish besh kun qilib, choraklar har to’rt yilda butunbir kun bo’lgach, uni yilga qo’shganlar.21
Eronliklarga kelganda, ular ham hukmdorlik qilgan vaqtlarida shu yo’lga muvofiq ish tutganlar, lekin ular yilni hisoblashda boshqacharoq yo’l tutganlar. Ular o’z yilini uch yuz oltmish besh kun qilib, shunga tobe bo’ladigan kasr kunlarni hisoblamaganlar. Nihoyat, chorak kunlardan bir yuz yigirma yilda raso biro y kunlari va chorak kunga ergashib keladigan beshdan bir soatlardan bir kun yig’ilgan. 22
Xorazm va So’g’dning qadimgi xalqlari eronliklar dinini qabul etib, ularga bo’ysungan va eronliklar hukmronlik qilgan vaqtida ularga mansub kishilar ham bu haqda ular yo’lidan yurganlar”. Yuqoridagi ma’lumotlardan anglashiladiki, hududiy jihatdan suriyalik, istambullik, iskandaiyalik, eronlik, xorazmiy va so’g’diy aholining yil hisobini tadqiq qilib, bir-biriga solishtirib, qiyosiy metoddan unumli foydalangan.
Asarning yana bir “Zulqarnayn laqabini olgan podshohning kimligini aniqlashda turli millatlarning ixtiloflari ustida so’z” qismida esa shunday so’zlarni keltiradi:
“Bazilar Iskandar quyoshning ikki “shoxiga “ , ya’ni kun chiqish va kun botish tomonlariga borgani sababli bu laqabni oldi deb o’ylaganlar . Chunonchi , Ardasher Baxmanning farmoni nufuzli , istagan joyi ga yetib boradigan bo’lganidan “ qo’li uzun “ laqabini olgan edi.
Boshqalar Iskandar ikki nasldan, [ ya’ni ] Rum va eronlikdan tug’ilgani uchun bu laqabni oldi deb tavsif etib, bu haqda eronliklarning “bir dushmanning O’z dushmaniga qilgan ishi” degan mana shu uydirma hikoyalariga asoslandilar: Katta Doro Iskandarning onasiga uylangan, bu Filifning qizi edi. Doro u qizda yomon bir hid sezib, uni otasiga qaytargan. Qiz Dorodan homilador bo’lgan ekan. Iskandarni Filif tarbiyaqilgan, [ shuning uchun ] u Iskandar ibn Filif deb nasablangan. Eronliklar o’z hikoyalariga Doro jon talashayotgan vaqtda Iskandar uning boshini tizzasiga olib aytgan [ quyidagi ] gapini dalil keltirganlar: ”Ey birodar, kim senga bunday ish qildi, uni menga ayt! undan sening o’chingni olay “. U Doroga mehribonlik ko’rsatish va uni uzi bilan teng tutish uchun unga shunday xitob qilgan. Chunki unga podshoh deb xitob etish yoki otini aytib chaqirib podshohlarga loyiq bo’lmaydigan jafo qilish mumkin emas edi.
Lekin dushmanlar hamisha nasablarga ta’na qilish, nomuslarni yerga urish , turli uydirma gaplar tarqatishga urinadilar. Shuningdek, do’stlar va xayrixohlik qiluvchilar yomonni yaxshi qilib ko’rsatishga, halal yetadigan [ yo’lni ] to’sishga, go’zallikni izhor etishga va yaxshiliklarga nisbat berishga tirishadilar. Masalan, mana shu baytni aytgan kishi u ikki guruh sifatini ko’rsatgan:
Rozilik ko’zi hech bir aybni ko’rmaydi.
Lekin norizolik ko’zi barcha ayblarni oshkor qiladi.”23
Bu yerda ham Beruniy fikrlarni bir-biriga solishtirib, qiyoshlash metodidan unumli foydalangan. Shuningdek, u mantiqiy-tarixiy metoddan ham ko’p o’rinlarda ishlatib, ayniqsa, tarixiy voqea-hodisalarni izchillikda bayon etgan. Ketma-ketlikka rioya qilgan. Xalqlar o’rtasidagi hikoya va afsonalardan, mifologiyadan foydalanib, hikoya metodini ham qo’llagan.
Beruniy hind, xorazm, yunon, so’g’d, xuroson xalqlari hayit bayramlarini solishtirib, tarix metodologiyasida shu vaqtga qadar hech kim qo’llamagan qiyoslash metodiga keng o’rin bergan.

Tarixni davrlashtirishdagi an’anaviy bo'lgan “davr”, “asr”, “yuz yillik” kabi tushunchalar qadimgi Yunonistonda shakllangan.24


Tarixni davrlashtirishni interpretatsiyalash metodi va hattoki, tarixiy jarayonlar va voqealarni tushunish va anglash deb ham nomlash mumkin. Tarixni o'lchash—bu shunchaki mexanik tarzdagi xatti-harakat emas, balki tarixiy hodisalarning tarkibiy qismlarini chuqur tarzda tushuntirib berishga olib boruvchi o'ziga xos tarzdagi ilmiy tadqiqot deb ham qarash mumkin.
Davrning ahamiyatga molik jihatlarini aniqlash uchun davrlashtirish mezonlarini aniq va ravshan belgilab olish va bunda albatta jarayonning sodir bo’lishidagi obyektiv sharoitlar va jarayonning o‘zini inobatga olish zarur. Davdashtirishning bir mezonini boshqa bir mezon bilan almashtirish mumkin emas. Ayrim hollarda u yoki bu voqea va jarayon yoki bosqichning boshlanish sanasini aniq ko'rsatish imkonsiz bo'lib qoladi, chunki jamiyatdagi barcha jarayonlaming chegaralari harakatlanuvchi va ayni vaqtda shartli holda belgilangandir. Bu tadqiqot jarayonida barcha jarayonlar va voqealarning tudi xususiyatlarga egaligi, bir taxlitda sodir bo'lmasligi va vaqt nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda ularni aniq bir «qolip»ga solib chegaralab qo'yish maqsadga muvofiq emas va tarixchi tadqiqot jarayonida bu jihatlarni albatta inobatga olishi zarurdir. Qachonki bir nechta tizim va mezonlar mavjud bo‘lib, ular tadqiqotga jalb etilsa, tarixiy bilish jarayonining ko’lami va mazmunan boyligi ham ortib boradi. Beruniy o‘z oldiga qo‘yayotgan maqsadining qanchalik murakkab ekanligini juda yaxshi anglagan holda asosiy e’tiborni qiyosiy taqqoslash uslubi yordamida yozilishi kerak bo’lgan, ya’ni amalga oshirilishi lozim bo’lgan tadqiqotning ilmiyligini ta’minlash va xulosalarning obyektiv ravishda asoslab berilishiga qaratmoqda. Bu holat zamonaviy tarix fani ilmiy tadqiqotlarida tarixiy jarayonlarning obyektivlik, ilmiy va tarixiylik tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirilishiga qo‘yilayotgan talablar bilan aynan bir xillik kasb etadi.
“... butun kuchimni yig’ib, bor imkoniyatimni ishga solib, goh eshitish, goh ko‘rish va qiyos qilish orqali bilimim yetganicha, u narsalarni bayon etishga bel bog’ladim”25.
Yig’ilgan manbalarni qiyoslash va solishtirish, bir-biri bilan taqqoslash orqali tarixiy jarayonni va tarixiy hodisani tavsiflab berish yoki talqin mumkinligini shu tariqa ko‘rsatmoqda. Zamonaviy tarix fani metodologiyasida tarixiy taqqoslash uslubi quyidagi sharhlanadi: Tarixiy jarayon tafsilotlari aniq va ravshan bo‘lmaganda uning mohiyatini ochishga, shuningdek, umumiylikni, qonuniylikni, takrorlanuvchanlikni aniqlash hamda umumlashtirishga va tarixiy parallellikni yuzaga chiqarish uchun qo’llaniladi.26

Xulosa


Xulosa o’rnida shuni aytish lozimki, taqqoslash uslubi dastlab ma’rifatparvarlar tomonidan qo‘llanilgan. F.Volter birinchilardan bo’lib o‘zi tomonidan yaratilgan tarixiy kitoblarida taqqoslash uslubini qo'llagan.27 Biroq bunda bu uslub tarixiy uslubga nisbatan ko‘proq vosita sifatida qo’llanilgan. XIX asr oxirlariga kelib bu uslub tarixiy tadqiqotlarda, ayniqsa ijtimoiy-iqtisodiy tarix sohalarida ancha keng o‘rin tuta boshladi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda ayniqsa komparativ uslub keng qo’llanila boshlandi. Amalda bironta ham tadqiqot bu uslublarni qo’llamasdan amalga oshirilmaydigan bo'ldi. Bundan ko'rish mumkinki, zamonaviy tarix fani tadqiqotlarida muhim o‘rin egallagan tarixiy taqqoslash uslubining fanda keng qo'llanilishi lozimligi tushunchasi XX asrga kelib to’laqonli shakllandi. Aslida bu uslubning qo'llanilishi va qo‘llashning ahamiyati, shuningdek, uslubning amalda qo'Ilanganligini yanada chuqurroq aniqlashtirishga harakat qiladigan bo'lsak, uning amaliyotini X asrda Abu Rayhon Beruniy tomonidan «Hindiston» va «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarlarining yaratilishi jarayonida qo'llanilganligini ko‘rishimiz mumkin. Shunday ekan, bugungi tarix fani tadqiqot uslublarining shakllanishiga X asrdayoq ilmiy jihatdan asoslanib berilgan va ayni vaqtda amalda ham qo’llanilgan.
Aytish kerakki, tadqiqotchi sifatida Beruniy olingan bilimni tajriba bilan tekshirib ko‘rishni ta ’kidlab o‘tgan: tadqiqot jarayonida yuzaga kelgan shubhani “tajriba va takroriy sinov bartaraf etishi mumkin” (“Minerologiya”). “Geodeziya” asarida “kuzatuvchidan e’tiborli bo'lish talab etiladi, o‘z tadqiqotlarining natijalarini diqqat bilan qayta ko'rib chiqishi va ayni vaqtda o‘zini qayta tekshirishi” kerakligini ko‘rsatib o ‘tadi.28
Daliliy materiallarni, ma’lumotlarni yig’ish, dalillarni tizimlashtirish va tahlil qilish jarayonida tarixchi ko‘pgina jarayonlarning mazmunidagi o‘xshashlikni, biroq ayni vaqtda jarayonlarning zamon va makon bo'yicha turliligi, bir-biridan farqlanishi omillari sababli turlilik kasb etishini va yana ayni vaqtda shaklan umumiylikni ko'rishi mumkin. Mazkur uslubning bilish jarayonidagi mohiyati uning tarixiy jarayonlarning mohiyatini tushuntirib berish uchun yo‘naltiradigan imkoniyatlaridadir. Jarayonning mohiyatini anglash va tushunish uchun uning o‘xshashlik va farqlanuvchi xususiyatlarini tushunish kerak. Bu uslubning mantiqiy asosini analogiya tashkil etib, tadqiqot obyektidagi biror-bir o'xshashlik asosida jarayonning boshqa jihatlari haqida ham xulosalar chiqarilishi mumkin. Tarixiy taqqoslash uslubi tarixiy jarayon tafsilotlari aniq va ravshan bo‘lmaganda uning mohiyatini ochishga, shuningdek, umumiylikni, qonuniylikni, takrorlanuvchanlikni aniqlash hamda umumlashtirishga va tarixiy parallellikni yuzaga chiqarish uchun imkon beradi. Bunda albatta bir qator talablarga rioya etishga to ‘g‘ri keladi. Jumladan, avvalo taqqoslash tarixiy jarayonning shaklan o‘xshash jihatlarini emas, balki mohiyatini aks ettiruvchi aniq va konkret dalillar (faktlar) bilan amalga oshirilishi lozim, ikkinchidan, hodisalar va jarayonlarning tipologiyasi va davrini yaxshi bilish va tushunish lozim. Taraqqiyotning bir bosqichida yoki turli bosqichlarida bo‘lgan bir xil va turli xil hodisalarni taqqoslash mumkin. Bir holatda mohiyat o'xshashlik asosida ochiladigan bo'lsa, boshqa holatda turlilik asosida aniqlanishi mumkin. Biroq ayni vaqtda tarixchidan tarixiylik tamoyilini unutib qo’ymaslik talab etiladi. Tarixiy taqqoslash uslubini qo’llashda bir qator cheklanishlarga duch kelish mumkin. Bu uslub real voqelikning turliligini tushunishga imkon bersada, konkret shakldagi xususiyatini ko'rsatib berolmaydi. Shuningdek, tarixiy taraqqiyot sur’atining tadqiqida ham tarixiy taqqoslash uslubidan foydalanish maqsadga muvofiq emas. Mazkur uslubning rasman (shunchaki qo’llash, qo'llanishi “kerak” bo'lganligi uchun qo‘llash) qo‘llanilishi xatoliklarga olib kelishi, ko‘pgina tarixiy hodisalar mohiyatining noto‘g‘ri talqiniga va tavsiflanishiga olib kelishi mumkin. Tarixiy taqqosldash uslubidan boshqa tadqiqot uslublari bilan birgalikda foydalanish mumkin. Afsuski, tarixchilar tomonidan tarixiy taqqoslash uslubi ko‘p hollarda analogiya va solishtirish bilangina qo'llaniladi, u tadqiqotlar jarayonida to‘liq yuqoridagi ko‘rsatib o‘tilgan jihatlarini inobatga olgan holda kamdan kam qo‘llaniladi.
“...so‘z va e’tiqodlarini bir-biriga solishtirish bilan bilinadi. Ana shu aytib o‘tganim haqiqiy maqsadga yetkazuvchi eng yaxshi yo‘l va bunga dog’ tushuruvchi shak-shubhani yuvib tashlash uchun eng kuchli yordamchidir”29. Bunda Beruniy mavjud axborotni yoki dalillarni bir-biriga solishtirish orqali, ya’ni tarixiy taqqoslash usuli yordamida aniq natijaga enshi mumkinligini, bunda asosiy masala turli manbalanda uchragan axbonotning turlichaligi va ulardagi bir-biridan farqlanuvchi jihatlari, ixtiloflarni imkon qadar kamaytirish va tadqiqot oldiga qo'yilgan aniq maqsadga yo‘naltirilgan eng ishonchli ma’lumotlami yoki dalillarni ajratib olish lozimligigi ko'rsatib o'tmoqda. Bu so'zlardan ko'rish mumkinki, zamonaviy tarix fani tadqiqotlarining eng asosiy uslublaridan biri - tarixiy taqqoslash uslubining asosiy mohiyati X asrdayoq Abu Rayhon Beruniy tomonidan ko'rsatib berilgan va keyingi o‘n asr davomida tarix tadqiqotlarida, tarixnavislikda qo'llanilib kelingan.



Download 45.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling