Mavzu: "Antik davr shaharsozlik madaniyati". Topshirdi


Antik davr manzilgohlarining joylashishi


Download 330 Kb.
bet3/10
Sana29.01.2023
Hajmi330 Kb.
#1139335
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
Antik davr shaharsozlik madaniyati . Topshirdi

Antik davr manzilgohlarining joylashishi.
Xorazm vohasi jo’g’rofik nuqtai nazardan ikkita katta qumliklar sahrosi o’rab olganligi natijasida ushbu hudud juda qadimgi davrdan O’rta Osiyoning tarixiy-madaniy dehqonchilik vohasi sifatida janubga nisbatan ancha keyin vujudga kelgan. Geografik joylashish o’rni, tabiiy sharoiti Xorazm vohasida bir qator noqulayliklarni keltirib chiqarganligi sababli, ularni okean va dengizdan uzoqda joylashganligi, shimol tomondan sovuq, janub tomondan issiq havo massasiga to’siq bo’ladigan baland tog’larning yo’qligidir. Shimoli-sharqiy tomonda joylashgan Sulton Uvays tog’i Pomir, Tyanshan tog’laridek baland emas, shuning uchun ham, shimoldan kelayotgan sovuq shamolga to’siq bo’lolmaydi. Quyi Amudaryo g’arbda Ustyurt adirlari, janub va janubi-g’arbda Qoraqum, sharqiy tomonda esa Qizilqum bilan chegaralanib, shimolda Orol dengizgacha davom etgan.
Qadimgi Xorazm istehkomli shaharlarining geografik joylashishi shundan dalolat beradiki, bu erda voha chegara chizig’ining sahro tomondan himoya qilingan qal‘alarning yagona sistemasi mavjud bo’lib, sharqdan g’arbga qarab davom etgan Jonbosqal‘a, Bozorqal‘a, Qo’rg’oshinqal‘a, Katta va Kichik Qirqiz, Ayozqal‘a, Burliqal‘a va Tuproqqal‘alar ariqlarning oxirlarida, kanallar yoqalab cho’zilgan madaniy erlar chegarasida joylashgan bo’lib, birini ikkinchisidan turib ko’rish mumkin bo’lgan qal‘alarning uzluksiz zanjirini hosil qiladi.
Shubhasiz, bu o’rinda vohani dasht qabilalaridan himoya qilishning yagona plani mujassamlashgan bo’lib, huddi irrigatsiya sistemasi singari, bu ham markazlashgan kuchli davlatdan darak beradi.
Mil. avv. V asr oxiri – IV asr boshlarida Xorazm ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tub o’zgarishlar sodir bo’ldi. Quyi Amudaryo havzasida markazlashgan qudratli Xorazm davlatining tashkil topishi hududning irrigatsiya tizimlari ko’lamini kengaytirishga imkon yaratdi. Amudaryoning o’ng sohilidagi o’zlashtirilmay yotgan suvsiz taqir erlarga eski o’zanlarni chuqurlatish yoki unga parallel ravishda yirik sug’orish kanallarining barpo etilishi bilan sug’orma
dehqonchilikka asoslangan madaniy vohalarning hududi kengaydi. Ilgarigi kichik-kichik mikrovohalar atrofida yangi dehqonchilik vohalari yuzaga kelib, ularni yagona magistral sug’orish inshooti orqali o’zaro bog’lagan yaxlit sug’orish-dehqonchilik massivlari tarkib topdi. Bu jarayon o’ng sohil Oqchadaryo havzasida ayniqsa keng ko’lamli bo’ldi. Bular quyidagilar:

  • Bozorqal‘a massivi. Qadimiy Kaltaminor kanali (Oqchadaryoning eng sharqiy o’zani)ga yonma-yon chiqarilgan Bozorqal‘a kanali va undan faqat o’ng tomonga qarab chiqarilgan bir necha tarmoq kanallar havzasidagi vohalar tizimini o’z ichiga oladi. Ushbu hududda joylashgan shahar qal‘alar(Qo’yqirilganqal‘a, Anqoqal‘a, Qo’zqirilganqal‘a, Jonbosqal‘a, Bozorqal‘a, Qo’rg’oshinqal‘a va boshq.) Bozorqal‘a kanalidan chiqarilgan sug’orish tizimlarining boshlang’ich yoki quyi qismidagi hududlarning tayanch harbiy-ma‘muriy markazi vazifasini bajargan. Massivning bosh shahri Bozorqal‘a va Jonbosqal‘a shaharlari bo’lgan.15

  • Qirqqiz-Burgutqal‘a massivi. Guldursun shahridan boshlab to shimolda Katta va Kichik Qirqqiz qal‘asigacha bo’lgan 70 km masofaga cho’zilgan qadimgi Tozabog’yob kanalidan chiqarilgan Qirqqiz kanalining havzasidagi dehqonchilik vohalarini o’z ichiga oladi. Katta Guldursun, Katta va Kichik Qirqqiz qal‘alari va keyingi davr yodgorliklari ham ushbu massivning tarkibiga kiradi. Massivning bosh shahri dastlab Katta Qirqqiz, keyinchalik Tuproqqal‘a va Qirqqiz sug’orish inshootlari ayrilgan joydagi Katta Guldursun shahri.

  • Tuproqqal‘a-Gavxo’ra madaniy-xo’jalik massivi. Tozabog’yob kanalidan shimoli-g’arbga Sulton Uvays tog’lari tomon chiqarilgan Tuproqqal‘a kanali va undan suv olgan kanallar havzasidagi qator mikrovohalarni o’z ichiga oladi. Dumanqal‘a, Tuproqqal‘a, Qizilqal‘a, Burliqal‘alar ushbu hudud mikrovohalarining ma‘muriy markazlari bo’lib, eramizning II–III asridan boshlab Tuproqqal‘a shahri massivning bosh markaziga aylangan.


  • Yakka Parson massivi. Qadimgi Tuproqqal‘a kanalidan chiqarilgan Yakka Parson kanali bo’yidagi qator dehqonchilik vohalari markazi bo’lgan Ayozqal‘a 1, Ayozqal‘a 3 va keyingi davr yodgorliklarni ham o’z ichiga oladi. Y’kka Parson kanalining quyi qismidagi Ayozqal‘a 3 shahristoni hududning bosh ma‘muriy markazi bo’lgan.16

  • Toshxirmon madaniy-xo’jalik massivi. Bosh shahri Aqchaxonqal‘a.17

  • Katqal‘a massivi. Amudaryodan chiqarilgan Kat kanali havzasini o’z ichiga oladi. Madaniy xo’jalik markazining bosh shahri Al-Fir (Pilqal‘a) bo’lgan.18

O’ng sohil Xorazmda Oqchadaryo markazidagi Toshxirmon vohasida Toshxirmontepa (markazi Oqchaxonqal‘a), Tuproqqal‘a sug’orilish hududida markazi Tuproqqal‘a va Qizilqal‘a barpo etiladi. Kaltaminor kanalining irmoqdan ajralib chiqqan joyida Anqoqal‘a, oxirgi qismida Jonbosqal‘a, Qo’yqirilganqal‘a paydo bo’ladi. Xuddi shu davrdan boshlab shimoliy hudud tomonida Sulton Uvays tog’tizmasi bo’ylab Ayozqal‘a 1, 3, Burliqal‘a, Katta va Kichik Qirqqizqal‘a kabi harbiy mazmunga ega bo’lgan qal‘alar qad ko’taradi. Ular ichki dehqonchilik vohalarining paydo bo’lishiga imkon yaratib, dehqonchilik vohalarini ko’chmanchilar xavfidan himoya qilish funksiyasini bajarganlar.
Antik davrda, shuningdek, Oqchadaryo havzasining Qizilqum chegarasida Qo’rg’oshinqal‘a, Sulton Uvays tog’i g’arbiy tizmasi yonbag’rida Govurqal‘a, Tuproqqal‘a yaqinida Qizilqal‘a kabi muhim harbiy-strategik va karvon yo’llari bo’yida qal‘alar bunyod etiladi.
Miloddan avvalgi IV asrdan Xorazm shaharsozlik madaniyatida tub burilish kuzatiladi. Xorazm davlatining iqtisodiy va harbiy qudrati oshib borgan sari yangi bunyod etilgan shaharlarning chegarasi kengayib boradi.
Shu o’rinda, antik davri yodgorliklarining o’sha davrdagi kanallar bo’yicha joylashish o’rni ham katta ahamiyatga ega bo’lgan, chunki qadimgi Xorazm sun‘iy sug’orishga asoslangan bo’lib, har bir qal‘aga kanallar orqali suv olib kelingan. Demak, Amudaryo o’ng sohili yodgorliklarining joylashish o’rnini kanallar orqali o’rganishimiz ham mumkindir.
Yodgorliklarning joylashishini Amudaryo sohillarining janubiy hududlardan shimolga tomon yo’naltiramiz. Antik davrda Amudaryo o’ng sohilida ikkita yirik kanal ya‘ni Kaltaminor va Tozabog’yob kanallari mavjud bo’lib, Amudaryo orqali suv bilan ta‘minlangan. Kaltaminor kanali janubiy – sharqiy hududda joylashgan bo’lib, undan Bozorqal‘a kanali irmog’i ajralib chiqqan. Kaltaminor kanalining shimolga tomon yo’nalishida ilk antik davr yodgorligi Qo’yqirilganqal‘a joylashgan.19
Qo’yqirilganqal‘a daydib oqadigan toshqin suvlarini shu joyning o’zida boshqarish asosida vujudga kelgan bo’lib, istehkomlangan doira shaklidagi aholi punkti bo’lgan, u qalin aylana devor bilan o’ralgan bo’lib, hozir bu devor yemirilishi natijasida pastgina ko’tarmaga o’xshab qolgan. Devor bo’ylab qachonlardir bir-biridan 18-20 metr masofada doira bo’ylab, to’qqizta burj qad ko’tarib turgan, o’rtada qal‘aning doira shaklida solingan markaziy binosi bo’lgan. Tashqi xalqa devori bilan ark o’rtasidagi masofa 15 metr. Arkning devorlari qisman va kuchli emirilgan bo’lsa-da ancha yaxshi saqlanib qolgan, bularga qarab bu binolarning dastlabki ko’rinishini to’la aniqlash mumkin.
Qo’yqirilganqal‘a tipidagi istehkomlar ko’shklarga o’xshash bir narsa bo’lib, ularda ehtimol ahamoniylar tipidagi lashkarboshilar singari Xorazm lashkarboshilari yashagan va ularning ham juda yaxshi qurollangan shaxsiy ko’ngilli qo’shinlari bo’lgan. Mana shu antik ―ko’shk atrofida katta-katta ochiq qishloqlar paydo bo’lgan. Bu qasr egalari – yuqori mansabli urug’ boshliqlari quldorlar va butun okrug hokimlari – Xorazm podsholarining siyosiy va harbiy hokimiyatining tayanchi bo’lganlar. Aholining jamoat ishlariga safarbar qilish ham, qo’shin yig’ish ham mana shular orqali amalga oshirilgan. Ma‘lumki, bu vaqtda yangi kanallar qurish, eskilarini kengaytirish ishlari ham urug’ jamoalari kuchi bilan bajarilgan. Bu jamoa boshliqlari shubhasiz, massagetlarning ―oltin jabduqli suvoralari bo’lgan, bu haqda Gerodot20 ham qayd qilib o’tadi. Dehqonchilik urug’i jamoalarining mana shu jangovor namoyandalari davlatning asosiy harbiy – siyosiy tayanchi bo’lgan. Ular bilan bir qatorda, ko’chmanchilardan tuzilgan yollanma otryadlar ham katta kuch bo’lgan.
Qo’yqirilganqal‘adan shimolda Anqaqal‘a yodgorligi joylashgan, uning tarhi kvadrat (75x75m) ikki qatorli mudofaa devor bilan o’rab olingan. Devorda to’rt burchakli, burchaklarda esa kvadrat burjlar joylashgan bo’lib, ularning soni 9 ta. Mudofaa va burj devorlari avvalo paxsadan, keyin kvadrat xomg’isht bilan qurilgan, g’ishtlarning o’lchami 40x40x10 sm teng.21 Qal‘a darvozasi janubiy – sharqiy devor o’rtasida joylashgan, ikki burchagi to’g’ri burchakli burj bilan kuchaytirilib, uning hajmi 5x8m. Mudofaa devori va burjlari nayza o’qi uchli shinaklar bilan mustahkamlangan, ularning ichki qismi kengligi 1,20 sm, tashqi tomondagi chiqishi esa 1,90 sm3. Qal‘a kichkinagina (0,81ga) bo’lsada, fortifikatsiya nuqtai nazardan juda mustahkam qurilgan.22
S.P.Tolstov va Y.G’ulomovlar Anqaqal‘ani III-IV asrlarga oid deb hisoblaganlar.23 So’nggi tadqiqotlar yodgorlikdan topilgan sopol parchalari Qo’yqirilganqal‘aning yuqori qatlamlari, Tuproqqal‘a va Ayozqal‘a 3 ashyolariga juda yaqinligini ko’rsatdi. Shularga asoslanib Anqaqal‘a Xorazmning I-III asrlariga taalluqli yodgorlik degan xulosaga kelindi.24
Anqaqal‘a atroflari antik davrda ochiq va ximoyalanmagan qishloqlar bilan o’rab olingan. Butun voha qadimgi Kaltaminor kanalidan suv oluvchi Bozorqal‘a va Jonbosqal‘a tarmoqlari orqali sug’orilgan. Anqaqal‘a esa ana shu dehqonchilik hududlarini va u erdagi sug’orish tizimlarini himoya qilish maqsadida bunyod etilgan harbiylar gornizoni (kazarma)bo’lgan.
Anqaqal‘adan 2 km shimoli – sharqda mahalliy xalq orasida ―To’pshahar nomi bilan ma‘lum bo’lgan Qo’zqirilganqal‘a joylashgan bo’lib Kaltaminor kanali irmoqlari orqali sug’orilgan. Qachonlardir u ikki qavatli bino bo’lib, uning birinchi qavatigina yaxshi saqlanib qolgan. Imoratdan sharqqa tomon 60 m masofada 7,50 m uzunlikda devor topilgan, aftidan devor qo’shaloq bo’lib, vazifasi noma‘lumligicha qolmoqda. Topilgan sopol parchalari I-III asrlarga taalluqlidir.25
Uning shimoliy tarafida Bozorqal‘a joylashgan bo’lib, u ham shu kanal orqali suv bilan ta‘minlangan. Ilk antik davridagi turli tipdagi shaharlar orasida Amudaryoning o’ng qirg’og’idagi ancha erta qurilgan Bozorqal‘a alohida diqqatga sazovordir. Shahar harobalari qadimgi katta ―Uzun uy pastligi yonidagi tekislikda joylashgan.26
Yuqorida ta‘kidlaganimizdek, Bozorqal‘a katta kanalning bo’yida joylashgan, bu kanal hozirgi Kaltaminor kanalining davomi bo’lgan bo’lishi mumkin. Hozirgi vaqtda Bozorqal‘a kanalining quruq o’zani deyarli meridional yo’nalishda bu shahar xarobalaridan 1km g’arbroqdan o’tadi va uning oxiri Bozorqal‘adan 8-10 km shimolroqdagi past yerlarda yo’q bo’lib ketadi. Kanal bo’yi mintaqasida, ilk Bozorqal‘a davri madaniyatiga o’xshash moddiy madaniyat qoldiqlari keng tarqalgan. Bu hol ana shu tumanda aholi yashaganini ko’rsatsa, shu bilan birga, qadim zamonlarda kanallarni qazish va ularni tozalash vaqtida er tagidan topilgan turli arxeologik material bu erda qadim zamonlarda aholi yashaganligini yaqqol tasdiqlab beradi.
Bozorqal‘aning shimoliy – sharqiy tomonida, ya‘ni Kaltaminor kanalining shimolga qarab cho’zilgan Bozorqal‘a irmoqlari bo’yida Jonbosqal‘a joylashgan. Ya‘ni, Sulton Uvays tog’ining sharqiy etagida, Aqchadaryo o’zanidagi qiyalikda qurilgan. Yodgorlikning rejalashtirilishi to’g’ri burchak shaklda 200x170 m, uning devorlar yaxshi saqlanib qolgan, tepalik ustidan 9,5-10 metr ko’tarilib turadi.27 Shimoliy devor markazida yagona darvoza joylashgan bo’lib, bir necha aylanma dahliz ―Labirint bilan mustahkamlangan. Inshoot to’g’ri burchak shaklda, uzunligi 52 m, kengligi 20 m, kirish qismi 3,5 m, devordan yon tomonga o’sib chiqishi 18 m labirint devorli yo’lakka ega, devor balandligi qal‘a devori bilan teng, umumiy maydoni 0,1 ga. Labirint devori ham ma‘lum masofada joylashgan kamon o’qi uchli shinaklarga ega. Qal‘a devori burjlarga ega emas, lekin ko’p sonli shinaklar mavjud.28 Devor va devor burchaklaridagi shinaklar burj vazifasini bajargan. Shahar darvozadan qarama-qarshi tomonga 30 m kenglikda ko’cha o’tgan, bu shaharni ikki mahallaga bo’lgan.29 Har bir mahallada 200 ga yaqin turli hajmdagi uy xonalari joylashgan. S.P.Tolstov qal‘aning bu tariqa ikkiga bo’linishini urug’ jamoasining dual asosida tashkil bo’lganligini ko’rsatadi, deb hisoblaydi.30 Qala‘adagi keng ko’cha qarama-qarshi tomonda joylashgan ibodatxonaga olib boradi. YOdgorlik ibodatxonaga ega, lekin ark mavjud emas. Arkning bo’lmasligini S.P.Tolstov shahar hokimlari oddiy aholi kabi yashagan bo’lishi mumkin deb keltiradi.
Jonbosqal‘a shinaklarining hammasidan bir vaqtda o’q otib turish uchun ikki mingga yaqin o’qchi talab qilingan – kichkinagina qal‘a uchun bu raqam ancha kattadir. Tabiiyki shinaklarning bunday maqsadda nomunofiq joylashtirilishi, deydi S.P.Tolstov, - bu tip mudofaaning eskiligini va uning shu joyda vujudga kelganligini ko’rsatadi, chunki qadimgi Sharqda burjlar yordamida devorlarni va burchaklarni mudofaa qilish sestemasi kam deganda mil.avv. III ming yillikda mavjud edi. S.P.Tolstov Jonbosqal‘aning mustahkamlash usuli uning mudofaasida qal‘aning barcha aholisi, hatto ayollarning ishtirok etishiga mo’ljallangan sistema ekanligini aniqlashga imkon beradi deb qayd qiladi. Qal‘aning darvozasi murakkab darvozaoldi inshoatlar bilan himoya qilinadi. Darvozadan kirgan kishi bu inshootning ichida tor yo’lga chiqqan, bu yo’l to’g’ri burchak hosil qilib buriladi beshta tirsakdan iborat bo’lgan, ular ichkari tomonga qarab ochilgan shinaklardan o’qqa tutilgan.31
S.P.Tolstov qal‘ani to’liq tasvirlab beradi, ammo qal‘a yonida, uning darvozasi qarshisidagi tekislikda joylashgan va g’arbga ancha uzoq cho’zilib borgan qishloq haqida ma‘lumot yozmagan. Bu qishloq o’rnashgan joyda uylarning tosh va paxsa poydevorlari, kulolchilik pechlarining qoldiqlari, ariq izlari va hokazolar mavjud. Agar bu qishloqni qal‘a bilan taqqoslasa, hududning asosiy aholisi qal‘adan tashqarida yashaganligiga ishonch hosil qilish mumkin. Ya.G’.G’ulomov fikricha qal‘ada yashovchilar soni taxminan hisoblab chiqilsa, uni himoya qiluvchilar soni juda ozchilikni tashkil qiladi va yuzaki qarashda shinaklarning soni qal‘ani himoya qiluvchilar soniga muvofiq tushmaganday ko’rinadi. Biroq, qal‘adagi jang qilishga qobil aholiga uning atrofida yashovchilardan ozgina himoyachilar kelib qo’shilsa, Jonbosqal‘aning mudofaa sistemasi to’la tushunarli bo’ladi. Harbiy harakatlar vaqtida yon atrof aholisi o’z chorvasi va mol-mulkini olib qal‘ada jon saqlaganligini tarixiy adabiyot va xalq og’zaki ijodiyotida har doim qayd qilinadi. Demak, qamal qilingan vaqtlarda Jonbosqal‘ani himoya qiluvchilar soni talab qilinganidan ham ko’proq bo’lgan va shunga muvofiq ravishda harbiy harakatlar vaqtida yon atrof aholisi o’z chorvasi va mol-mulkini olib qal‘ada jon saqlagan va mustahkam qal‘a mudofaasi tashkil etilgan. Qal‘a mil.avv. IV-III asrlarda bunyod etilgan bo’lib, ya‘ni Jonbosqal‘ada mil.avv. IV mil. I asrlardagi kangyuylar madaniyatini ko’ramiz. Jonbosqal‘aning mustahkamlash sistemasida burjlarning bo’lmasligi bu sistemaning arxaikligini ko’rsatuvchi belgi bo’la olmaydi.

    1. Download 330 Kb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling