Mavzu: Chavandoz haqiqatlari
Download 18.81 Kb.
|
Esse
Shamolga tuflama
Ona suti ogʻzidan ketib ulgurmagan ushoqdekkina yigitcha siz haqingizda asar yozaman, deydi. Hafsalasiz qaraganimni koʻrib, “yaqinda bir shoir koʻpkari beshafqatlikni targʻib qiladi, deb aytdi. Men oʻz asarimda bunday emasligini isbotlayman!” deya chiranadi u. Ushoq yigit aytishicha, oʻsha shoirning goʻdakligida chiroyli uloqchasi boʻlgan, uni oʻzi mehr berib ulgʻaytirgan, soʻngra shoirning otasi uloqni chavandozlarga topshirib yuborgan ekan. Shundan keyin shoir koʻnglida koʻpkari oʻyiniga nisbatan adovat uygʻonibdi. “Aslida koʻpkari haqida koʻplab ulugʻ yozuvchilar yaxshi asarlar bitgan, − menda xayrixohlik uygʻotish uchun tagʻin soʻzida davom etadi yigit. – Falon oʻzbek, falon rus yozuvchisi yozgan… Bari yaxshi yozgan…” U aytayotgan yozuvchilarni men yaxshi tanimayman. Toʻgʻrisini aytay, kitoblarini ham oʻqiganim yoʻq. Durust yozgan boʻlsa yozgandir-da! Lekin ayni paytda oʻz hissiyotlari ogʻushida bearmon oqib, toʻlib-toshib gapirayotgan qarshimdagi yigitchaning allanarsalarni chalkashtirib yuborganini tushunib turaman. Yigitcha shoir nechogʻli nohaq, oʻzining esa haqligini isbotlash uchun koʻrsatayotgan bu taxlit tirishqoqlik kulgimni qistatadi. Axir shoirning bir ogʻiz gapi bilan koʻpkari yoʻq boʻlib qolmasligini men bilaman-ku! Koʻpkarining kuni manavi tilibiyron yigitchaga qolmaganiini ham bilaman-ku men! Burungi zamonlarda koʻpakariga hatto butun hukumatning qarshi chiqqanini koʻrgandim. Oʻzinikini oʻtkazish ilinjida asov otday pishqirib-depsinib oʻsha hukumat ham oʻtib ketgandi. Lekin yashab qoldi-ku koʻpkari, sen yana nimani isbotlashga urinasan?! Bilsang, koʻpkari asli aytayotgan yozuvchilaringning isteʼdodidan ulugʻroq! Agar millatni tirik odam sifatida tasavvur qilsang, anʼana va qadriyatlar uning tomirida oqayotgan qonidir. Bas! Demak koʻpkariga oʻxshagan ming yillik qadriyatlar millatning umri qadar yashaydi! Millat bormi, ular barhayot! Hali gapirganing: ulogʻu echkining asli taqdiri shul ekani – yo qassobning pichogʻida, yo boʻrining changalida jon berish qismati ekanini tushunmagan, balkim tushunib turib tan olishni istamagan shoiringga esa, men nima ham dey?! Men gapga usta emasman. Fikrimni uzoq tushuntiray desam, tilim eshilib, boshimda ogʻriq turadi. Xullas, menday sharti ketib, parti qolgan chol bilan maslahatlashay deb vaqtingni ketgazib oʻtirma. Yozmoqchi boʻlsang koʻp lanj qilma-da, yozgin aytgan asaringni. Koʻpkarida mujassam boʻlgan jasurlikni, vatanparvarlikni yoz! Faqat… Faqat ne qilsang ham shamolga tuflama, bolam! Shamolga tuflasang, tupiging betingga qaytadi. Koʻpkarimi u, boshqami, elning qon-qoniga singib ketgan qadriyatlariga osilish shamolga tuflash bilan barobardir!.. Download 18.81 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling