Mavzu: erkin vohidov lirikasi
Shoir she'riyatida ruhiy tahlil va qiyofa
Download 39.98 Kb.
|
2 5307815537533791047
1.3 Shoir she'riyatida ruhiy tahlil va qiyofa.
Har bir insonning hayotida shunday daqiqalar bo'ladiki, u birdan hayot haqida mushohada yurita boshlaydi. Shaxs va muhitning o'zaro bog'liqligi, o'zining jamiyatda tutgan o'rni va vazifasi nimadan iborat ekani haqida fikr qilishga tushadi. hamma zamonlarda ham progressiv(ilg'or) insonlarni, xususan shoirlarni borliq, olam haqidagi muammolar qiziqtirib kelgan. Bu "la‘nati jumboqlar" (Dostoyevskiy bu muammolarni shunday atagan)kirib bormagan adabiyot yo'q. Uning ustida bosh qotirmagan shoirni topish amri-mahol. Shuning uchun ham YE. Yevtushenko "Bu yurtda shoir shoirlikdan ko'ra ko'proq vazifani bajaradi" degan edi. Pushkinning dahosida shoirlik juda yuksak qadrlangan va uning e‘tiqodicha shoir ilohiy bir yumushga mas‘ul etib tayinlangan zot, degan tushuncha mavjud bo'lgan. Shuning uchun ham u ijodiy qobiliyat va ijodkor haqidagi "Payg'ambar" nomli she‘rida shoir shaxsini xudo, nabiy va serafim darajasidagi yuksaklikda tasvirlaydi Xuddi mana shu mezonlar misolida olib qaraydigan bo'lsak, Erkin Vohidovning "Ruhlar isyoni" she‘ri inson ruhiyatining eng chuqur nuqtalarini ham zabt eta olgan ijod namunasi bo'lib hisoblanadi. Bu dunyoga Nazrul Islom Shoir bo'lib tug'ildi. Ibtidodan yoniq ilhom Shu‘lasiga yo'g'rildi.9 Bengal xalqining farzandi, shoir Nazrul Islom haqidagi she‘r bu. Bir millatga mansub,ammo ikki xil diniy e‘tiqod tarafdori bo'lgan basharning o'zaroxunrezliklari, behuda mojarolari qalamga olingan doston. Yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, katta-katta epik asarlar miqyosini qamrab olgan she‘riy asar bu. Shuning uchun ham mazkur mavzuda mushohada yuritgan adabiyotshunos olim U. Normatov: "Hayotdagi murakkab, chigal, dialektik aloqadorlikni tag-tomiri bilan ko'rsatish jihatidan bu she‘r faqat yirik epik asar uddalay olishi mumkin bo'lgan vazifani ado etgan" deb yozgan edi. Unda bir mamlakatda istiqomat qilayotgan hindu bilan musulmon qavmining kelishmovchiliklari – shoir Nazrul Islomning qalb prizmasida olib ko'rsatilgan. Shoirni u tug'ilmasdan Gado qilgan edilar. Shoir bir doston yozadi, unda haq so'zni aytadi. Xalqni ikkiga bo'lib, o'zaro qirpichoq qilib – parokanda bu qavmning kanadek qonini so'rayotganlar aslida bu mojarolarni chetdan tomosha qilib turgan oq tan janoblar ekanini barchaga uqdirmoqchi bo'ladi. Biroq... Malomatga qoldi endi Shoir bitib haq doston. Hindu uni «jobon» dedi, «Kofir» dedi musulmon. Dostonning mana shu nuqtasida nuktadon o'quvchi hushyor tortadi. To'g'risini aytsam, bir oz esankirab qolishi ham mumkin. Gap qayoqqa sirg'alib borayotganini faxmlagandek bo'ladi. She‘rda bor bo'yi bilan bo'rtib turgan ruhiy iztirob nafaqat shoir Nazrul Islomga, balki Erkin Vohidovning o'ziga tegishli ekani kundek ravshan namoyon bo'ladi. Bu holni biz shoirning "Zamin tashvishlari", "Arslon o'ynatuvchi", "Manfaat falsafasi", "Biz ishlayapmiz" singari asarlari misolida ham ko'rishimiz mumkin. Umarali Normatov shoirning "Hayvon o’rgatuvchi" she‘riga yuksak baho berib, uni "Bugungi poeziyamizning yutug'i"_ deb olqishlagani bejizga emas. Bas, boshimda qamchi o'ynatma! Koksimdagi Uxlab yotgan hisni qo'zg'atma! Haddan oshma! O'z boshingga o'zing yetarsan, Etlaringni Nimta-nimta qilsam, netarsan! 10 Bu – olovli panjaradan sakrashga undalgan arslonning yurak hayqirig'i. Arslon o'ynatuvchiga u isyonini bo'ysunmasligi bilan bildirmoqchi bo'ladi. Yirtqich-da, ba‘zan sarkashligi vahimali tus oladi. Qo'lida qamchi tutib amr-farmon qilib turgan kishiga "sen bor-yo'g'i bir masxarabozsan, men esam tutqun bo'lsam ham chakalakzorlar shohiman" deb nopisand qaraydi. Shoxni shunday shildirvachchaning qo'liga topshirib, bundan huzurlanib turgan tomosha ahliga nafrat bilan boqib, taqdiriga la‘nat aytadi. Shu asno hayvon o'rgatuvchi uning yoniga kelib, qulog'iga bir nimalarni shivirlaydi: 11 – Nodon dema, Men bilaman arslon qudratin. Sen to'qaylar podshosisan, Men – bechoraman, Hamla qilsang, Bir lahzada tilka-poraman. Odam odamni ekspluatatsiya qilgan, hukmron sinfning birovning fojeasi ustida huzur-halovatini qurgan davrning qiyofasi mana shu. Boshqalarning mehnati mahsulini o'zlashtirish orqali tenglikning yo'qolishi, nohaqlikning haddidan oshishiga shahodat bu. Tiriklik ko'yida o'zini o'tga-cho'qqa urishning yorqin namunasi shu. Odamlar olamidagi bu kabi yovuzliklar, yirtqichliklar hattoki yirtqichning ham bag'ri dilini o'rtab yuboradi: Bu so'zlarga chidolmadi, To'lg'ondi arslon: – Bo'ldi, bas qil! Yuragimni qon qilma, inson! Zotan, Amerikaning Vankuver tomoshagohida tug'ilgan bu she‘r qaramlikka, mutelikka nisbatan o'tkir aybnoma bo'lib yangraydi. Unda mustabid tuzumning bor shafqatsizliklari, nohaqliklari qalamga olinadi. Tirikchilik–yashash uchun bir parcha non topish ilinjida odam bolasi nafaqat o'zini, balki boshqa jonzotlar boshiga ham ne ko'ylarni solmaydi deysiz. Shoir faqat shu tafsilotlar bilan cheklanib qolmaydi, balki illatning ildizini ochib beradi – bu esa shoirning, yuqorida ta‘kidlaganimizdek yirik epik asarning qamroviga teng bo'lgan she‘rda hayotning yuksak psixologizmini ifoda eta olganligidan dalolatdir. E.Vohidov yozganidek, inson ―Zarrani ijod etib, daxshat balo bunyod etib, Oqibatni yod etib hayron-u lol o'tirgan vaqt edi bu. Xuddi shu mavzu A.Oripovning "So'nggi urush" she‘rida maxsus qalamga olingan. Yuz berishi mumkin bo'lgan dahshatli falokat shoir qalbini larzaga soladi: Bir qadam qo'ysang bas – naryog'i o'lim, Bir qadam qo'ysang bas – shaksiz halokat. Odamzod boshida turibdi shu zum Qazoyi muallaq, mudhish falokat. Shoir bejiz so'nggi urush demaydi. Chunki xavf solib turgan urush "nainki odam, hayotning o'zi"ni ham qabrga tiqishi, ko'hna tamaddunni kunpayakun qilib, umuman bashariyat kelajagini yo'qlikka yuborish mumkin. Asr "kashf etgan" balo qarshisida qalbi larzaga kelgan shoir "so'nggi she‘rini yozishga-da rozi", faqat urush bo'lmasa bas. She‘r ruhidan kelib chiqib aytish mumkinki, o'tgan asrning 60-70 yillarida dunyoga hukm surgan sovuq urush vahimasi, uning yuraklarga etkazgan daxshati – bularning bari shoirning xayolot olamini yorib kirgan, uni o'z ta‘sir doirasiga olgan edi. Bunday kayfiyatda, "bir qadam qo'ysa naryog'i o'lim" ekanligini, boshlarimiz ustida "bir soch tolasiga bog'langan shamshir" osilib turganini his qilgan holda yashayotgan ijodkorning dunyo to'g'risida, uning boshqaruvi, ravishi haqida o'ylamasligi mumkin emas edi. Bular bari esa o'tgan asr ikkinchi yarmi o'zbek she‘riyatining ijtimoiylashuv jarayoniga jiddiy ta‘sir ko'rsatgan muhim omillardan hisoblanadi. XX asr yana intellekt davri bo'ldi. Odamzod kosmosga chiqdi, dengiz tubiga sho'ng'idi, o'zi sayyoraga qadam qo'ydi, telefon, televizor, radio, kompyuter kashf etildi. Natijada aqlga e‘tibor shoirning botinidagi iqlimga qadar o'z ta‘sirini ko'rsatdi. E.Vohidovning "Yurak va aql" degan she‘rida shu xususda so'z boradi: Meni bir yon boshlasa, aqlim, Boshqa yog'iga yetaklar yurak. Bilolmayman, qaybiri haqli, Qay biriga ishonmoq kerak? Ya‘ni aql va yurak o'rtasida talosh bulayotgan inson o'ylari aks etgan ushbu she‘rda, aqlning ustuvorligi ortib borayotgan sharoitda yozilgan she‘rda shoir aql haqligini tan olgani holda yurak izmiga yurmoqni osonroq biladi, faqat unga ishonadi. Albatta, bu shoirning ratsionalistik qarashlar ustuvorlik kasb etib, hislarga e‘tibor susaygandek bo'layotgan sharoitga munosabati, ta‘bir joiz bo'lsa isyonidir. Ayni chog'da, shoir aslo aqlning rolini inkor etmoqchi emas, faqat meyorni, insonning ong faoliyati aqliy va hissiy tomonlar birligi ekanligi unutilmasligini istaydi. E.Vohidov intellektual lirikaning qator yaxshi namunalarini yarata olgani ham yuqoridagi qikrimiz dalilidir. Shoirning "Po'lat" deb nomlangan she‘rini o'qiymiz: U dastavval oybolta bo'ldi, So'ng zambarak bo'lib quyuldi. Qilich ham u, miltiq va nagan, U bomba bo'lib ham portlagan Lekin olgan jahonni faqat Pero bo'lib quyilgach po'lat. 12 Jajjigina she‘r. Lekin shu kichik she‘r maydonida insoniyatning po'lat bilan bog'liq o'tmishi g'oyat qisqa shaklda bayon etilgan. Umuman, bashariyat temir, mis va po'lat kabi taraqqiyotga turtki bergan tengsiz ashyolarni kashf etgunga qadar minglab yillarni boshidan kechirgan. Ma‘danlar ixtiro qilingach esa evolyusion yo'ldagi harakat misli ko'rilmagan darajada tezlashib ketgan. Lekin po'latning oybolta bo'lib quyulganidan to bomba bo'lib portlagunicha ham inson yashagan, izlangan, fikrlagan. Aynan shu vaqt qaysidir ma‘noda insoniyatning ongli, anglagan hayotini belgilaydi. Aynan shu davrlarning qaysi bir nuqtasida po'latdan shoir aytgan pero quyulgan. Pero esa odamzod turmushining madaniy bosqichidan darak beruvchi bir detal. Umuman olganda esa oybolta, zambarak, qilich, miltiq, nagan,bombakabi detallarning ortida ham bashar ahli bosib o'tgan ijtimoiy siyosiy tarix bo'laklari yotadi. Nihoyat, XX asrga kelganda shu po'lat pero shaklida adabiyotga, xususan, she‘riyatga kirib keldi. Adabiyotda gap po'lat haqida ketar ekan, demak, mavzu o'zga, ijodkorning dunyoni badiiy estetik qabul qlishi o'zga. Bu o'zgachalik shoir badiiy tafakkur tarzidagi ijtimoiy kayfiyat bilan izohlanishi, tushuntirilishi mumkin. Po'latning tadrijiy takomili natijsi o'laroq insonning oyog'i Oyga, Marsga yetdi. She‘riyatga esa kosmonavt, kosmos mavzulari kirib keldi. Chunonchi, "Kosmonavt va shoir" deb nomlangan she‘ri shu ruhni mahsuli. Biz mazkur bobimizda E.Vohidov ijodiga xos psixologik yunalishlariga e‘tiborimizni qaratdik. Albatta, bu yo'lni tutganimiz ayrim e‘tirozlarni uyg'otishi ham mumkin. Lekin bunday yo'l tutishimizga sabablarimiz borki, shu o'rinda ularni qayd etish maqsadga muvofiq. Avvalo, har bir adabiy avlodga xos eng muhim jihatlar shu avlodning peshqadam vakillari ijodida mujassam ifodasini topadi. Shu ma‘noda, biz obyekt sifatida olgan shoirlar ijodi ular mansub avlod ijodidagi ijtimoiy poeziya, uning g'oyaviy-tematik xususiyatlari haqida yetarli tasavvur uyg'otadi. Download 39.98 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling