Mavzu: “Etika” fanining predmeti va jamiyat hayotidagi ahamiyati. Nikoh va oilaning axloqiy asoslari, uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni. Estetikaning predmeti, maqsadi va vazifalari. Estetikaning zamonaviy muammolari soat Reja


Gedonizm va evdemonizm tushunchalarining axloqiy mohiyati


Download 64.63 Kb.
bet2/7
Sana26.12.2022
Hajmi64.63 Kb.
#1067242
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Falsafa sirtqi 6 mavzu

Gedonizm va evdemonizm tushunchalarining axloqiy mohiyati
Gedonizm (grech. hendone - lazzatlanish) - qadimgi davr falsafiy tushunchalaridan biri sifatida ko‘ngilocharlik, huzurlanish ma’nolarini beradi. Qadimgi davr axloqshunosligida gedonizm (huzurbaxshlik ta’limoti) hayotning ma’nosini nafaqat jismoniy, balki ruhiy huzurbaxshlikdan ham iborat degan ta’limotni ilgari surar edi. Hozirgi davrga kelib esa bu tushuncha akasariyat holda o‘zida xudbinlik, «nafs quliga aylanish», «boylik, shuxrat ketidan quvish» kabi ma’nolarini ham anglatmoqda.
Gedonizm (huzurbaxshlik ta’limoti) - bu o‘ziga xos hayotga bo‘lgan yondoshuv bo‘lib, hayotda asosiy maqsadning birinchi pog‘onasiga lazzatlanish va huzurbaxshlik qo‘yiladi. Bunday qarashlarning ibtidosi qadimgi yunon faylasufi Aristipp Kirenskiyning ta’limotlariga borib taqaladi. Faylasuf axloqshunoslikning yaxshilik tushunchasiga nisbat berar ekan, uni huzurbaxshlik bilan bog‘laydi. Ya’ni nima insonga huzur baxsh etsa shu yaxshilikdir degan xulosaga keladi. Bunday xulosa o‘sha davrning aksariyat olimlarining bu yondoshuv ketidan ergashishiga va gedonchilar yo‘nalishini paydo qilishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Shu tariqa ijtimoiy tartiblar erkinlik va o‘zini to‘liq namoyon qilishni cheklaydigan shartlar sifatida qarala boshlandi.
Yillar osha bu qadimgi tushuncha global ahamiyatga molik axloqiy masala sirasiga kira boshladi. Dunyo miqyosida hozirgi kunda huzurbaxshlik ta’limotining ta’siri kun sayin kuchayib bormoqda. Yashashga bo‘lgan intilish ashyoviylik, moddiylik bilan yo‘g‘rilib, insonlarni yelkasiga yanada og‘irroq bo‘lgan yuklarni ortmoqda. Natijada zamonaviylik «hayotdan to‘liq zavq olish» shiori ostida uni yanada yorqinroq, chiroyli va dabdabali kunga aylantirishga intilish kuchaydi. «Sabr», «shukr», «minnatdorchilik», «kelajakka umid» degan tushunchalar nozamonaviylik, noreallik tarzida qabul qilinyapti. Bunda eng yaxshi hayot tarziga ega bo‘lish eng yaxshi narsalarga ega bo‘lish bilan belgilanadi. Qimmatbaho buyumlar, mazali taomlar, eng yaxshi moddiy ta’minot baxtning belgisi sifatida namoyon bo‘lar ekan, axloqiy anglash muammosi bu borada qay darajada muhim ekanligini belgilaydi.
Shu jihatdan ham, hozir ushbu ta’limot sog‘lom va nosog‘lom turlariga ajrala boshladi. Nosog‘lom turi nafaqat o‘zini, balki boshqalarning ham hayoti, ya’ni yashash tarziga «halaqit» beradi. Aynan moddiy yetishmovchilik tufayligina boshqa insonlarni qadrini, oriyatini, izzatini oyoq-osti qiladi. Ularni tahqirlaydi. Insonning mohiyati emas, uning tashqi ko‘rinishi, u bog‘langan va foydalanayotgan narsalariga bo‘lgan qiziqishning kuchliligi, Kamyu tili bilan aytganda ob’ektni sizdan «begonalashuviga» olib keladi. Biz o‘zimiz bilmagan holda uni nafratiga sabab bo‘lamiz. Unda o‘zini, yoki boshqalarni o‘limiga intilish hissini uyg‘otamiz.
Gedonizm ta’limotining sog‘lom turi boshqalarning hayotini ham yaxshi o‘tishiga to‘sqinlik paydo qilmaslikdir. Misol uchun, siz jamoat transportida ketyapsiz. Qulog‘ingizga uyali aloqa vositasining quloqqa taqadigan jihozini (quloqchin) taqib musiqa eshitib ketyapsiz. Ammo bu jihozlar aksariyat holda sifatsizi tanlanadi – ya’ni siz eshitayotgan musiqani shovqinli, asabga qattiq tegadigan ovoz chiqaradiganidan olgansiz. Siz ertalabki tiqilinchni sezmaslik, o‘zingizda yaxshi kayfiyatni uyg‘otish uchun qo‘shiqdan huzur qilsangiz, atrofdagilarning asabi buziladi. Shundoq ham qiyinchilik tug‘dirayotgan bu sharoit yanada og‘irlashadi. Sizni bekatdan tushib qolishingizni istaydilar. Huzurbaxshlik ta’limotini sog‘lom turi insonning o‘z burchini his qilishi, boshqalarni erkiga, izzat-nafsiga tegmaslikni talab qiladi. Bu zamonaviylikni faqat yaxshilik bilan bog‘liq xususiyatlarini o‘zida mujassam qilishni, turmush go‘zalligini, inson go‘zalligini, atrof-muhitni go‘zallashtirish, hayotni ma’nosini to‘laqonli bo‘lishiga intilishda ko‘rinadi.
Gedonizm axloqshunoslikning huzurbaxshlik yo‘nalishi bo‘lib, unda hayotning maqsadi hayotning yuksak ne’matlariga intilish va undan lazzatlanib, zavqlanib yashash bilan belgilanadi. Shu jihatdan ham qadimgi davr faylasuflaridan biri Antisfen: «mehnat orqasidan keladigan farog‘atni talab qilish kerak, undan oldin keladiganini emas» degan fikrni bejizga aytgan emas.
Aslida huzurbaxshlik ta’limotiga ergashish salbiy xususiyat kasb etmaydi. Insonni hayot qiyinchiliklaridan o‘tishda uning mehnati samarasi katta ahmiyat kasb etadi. Turli ruhiy, jismoniy zo‘riqishlarga uchragan insonga ruh bag‘ishlaydi. Mehnat estetikasi inson mehnat jarayonida zavqlangani uchun ham mehnatga intiladi, unda o‘zini erkin va komil his qiladi degan fikrni ilgari suradi. Zotan mehnatda inson o‘zining asosiy mohiyatini topadi: u yaratish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa estetik zavq baxsh etadi. Ammo nafsni cheklashga intilish maqsadida asketizm bilan bog‘liq g‘oyalarni ilgari suradigan shunday rahnamolar ham bo‘lganki ular tarixda o‘z nomiga dog‘ tushiradi. Ular orasida diniy rahnamolar, siyosiy arboblar ham ko‘p uchragan.
Qadimgi davrda gedonizmga qarshi g‘oyalarni ilgari surgan kiniklar edi. Kiniklarning asoschisi Antisfen (e.a. 435-375 yy.) lazzatlanishning har qanday turini, inson ehtiyoji uchun kerakli bo‘lgan oddiy qulayliklarga nisbatan ham qarshi chiqadilar. Misol uchun, Diogen Sinopskiy (e.a. 330 y. — 320 y), bochkada yashab, faqatgina yopinchiq bilan cheklangan. Bundan maqsad – moddiy imkoniyatlardan voz kechib haqiqiy erkinlikka erishish edi. Ammo bunday cheklashlar o‘zida jamiyat talablarini ham inkor etardi. Natijada oddiy axloqiy me’yorlardan ham voz kechishga to‘g‘ri kelardi. Zotan axloqiy anglashning eng muhim xususiyatlaridan botiniy ozodlik va ma’naviy qadriyatlarning ustuvorligi ular tomonidan mutlaqlashtiriladi.
Boshqa tomondan, huzurbaxshlik ta’limoti ham axloqshunoslikning muhim g‘oyalaridan – inson uchun zarur bo‘lgan ehtiyojlari, moddiy qadriyatlar uning qadr-qimmati bilan bog‘liq g‘oyalarni ilgari suradi. Bu ikki ta’limot asosida boshqa mashhur ta’limotlarni vujudga keltirdi.
Bu falsafiy yo‘nalish asoschisi Suqrotning zamondoshi Aristipp (435—355 yy.) inson ruhini ikki holati haqida gapiradi: huzurlanish mayinlik va nafislik sifatida, iztirob esa qo‘pol va ruhiy qo‘zg‘alish xususiyatlariga ajratadi. Aristipp fikricha baxtga erishuv hushurbaxlikning yuksak cho‘qqisiga iztirobga tushmasdan amalga oshishi kerak. Hayotning ma’nosi uningcha aynan shunday natijaga erishish bilan bog‘liq.
Epikur esa lazzatni hayotni yo‘lga qo‘yishning tamoyili sifatida ko‘radi. Huzurbaxshlikni Epikur nafrat va yoqimsiz narsalardan ozod bo‘lish deb tushunadi. Unda asosiy maqsad huzurbaxshlikning o‘zi emas, balki baxtsizlik va iztiroblarlardan qutulishdir. Epikurning baxt falsafasida unga erishuv bezovtalik hamda iztirobdan erkinlik vositasida amalga oshishi bilan belgilanadi. Bunday erkinlik Epikur fikricha dunyoviy ehtiyojlar yordamida emas, balki haqiqiy ehtiyojlarga bo‘lgan, misol uchun, do‘stlikka bo‘lgan ehtiyojga sinchkov e’tibor orqali erishiladi. Utilitarchilardan Djeremi Bentam bunday yondoshuvni «hisobli huzurbaxshlik» deb nomlaydi. Henri Sidgvik (Henry Sidgwick) XIX asr utilitarizmini ta’riflar ekan, huzurbaxshlik ta’limotini axloqiy va ruhiy huzurbaxshlik ta’limotiga ajratadi. Bunda ruhiy huzurbaxshlik ta’limoti insonning o‘z quvonchlarini ko‘paytrishga intilish bilan belgilanadi. Shu tariqa tushkunlikka tushishdan saqlanishga yoki zavqlanishni kuchaytirishga intilish inson harakatlarining asosiy sababchisiga aylanadi. Axloqqa taalluqli huzurbaxshlik esa bir necha nazariy turlarga ajralib ketadi. Inson o‘zinigina qoniqishi uchun intilishi (xudbinlik gedonizmi), yoinki jamiyatni farog‘ati uchun harakat qilishi lozim (universal gedonizm yoki utilitarizm). Sidgvikdan farqli o‘laroq Bentam: «Tabiat insonni ikki hukmdor – iztirob va quvonchning qo‘liga topshirib qo‘ygan. Ular bizga bugun va ertaga nima qilishimiz kerakligini aytib turadilar», deb yozadi.
«Katta farog‘at egasi bo‘lish uchun inson o‘zini cheklay bilishi lozim» degan fikrni, garchi huzurbaxshlik ta’limoti namoyondasi bo‘lmasa-da, Epikur hayotning tenglamasi qilib qo‘ydi.
Keyinchalik bu axloqiy yondoshuvlar estetika sohasi bilan uyg‘un tarzda shakllana boshlandi. Misol uchun, turmush estetikasi, texnika estetikasi, dizayn va intererlarning go‘zalligi. Teatr, musiqa, umuman, san’at turlari va ko‘ngilochar sayllardan olinadigan huzurbaxshlik va h.k. Shu tariqa huzurbaxshlik ta’limoti bir necha yo‘nalishga ajraladi.
Keyinchalik insonni doimo huzurbaxshlikka intilishi «libido (nafs)» tushunchalari bilan bog‘liq bo‘lib, ruhiy tahlil etikasi asoschisi Zigmund Froyd uning insonni o‘lim bilan bog‘laydigan, unga tayyorlaydigan, insonni doimo qo‘rquv, o‘zidan qoniqmaslik, vijdon azobi, va boshqa ruhiy iztiroblarning ibtidosi sifatida qarasa, yangi ruhiy tahlil yo‘nalishi namoyondasi Karl Gustav Yung huzurbaxshlikka intilish insonni ruhiy xastalikka uchrashini «osonlashtiradi». Bunga qarshi insonni tabiatga yaqinlashishi qo‘l keladi. Karl Yung fikriga ko‘ra, inson tabiat bilan uyg‘unlashgandagina o‘z tabiiy insoniy mohiyatini topadi va uning huzurbaxshlikka intilishi moddiylikdan ma’naviylikka «o‘tish» bilan amalga oshadi.
Gedonizmning qaysidir ma’noda davomchisi sanalgan yana bir yo‘nalishlardan biri evdemonizmdir. Evdemonizm (grech. ευδαιμονία — barqarorlik, huzurbaxshlik, baxt) — inson asosiy faoliyatining baxtga erishuvga intilishi bilan bog‘liq bo‘lgan axloqshunoslik yo‘nalishlardan biri sanaladi.
Evdemonizm yo‘nalishi namoyondalari qarashlarida inson uchun eng buyuk ne’mat baxt sanaladi. Uning asosida yunon faylasufi Arastuning baxt haqidagi ta’limoti yotadi. Uning fikricha baxt bu «biz doimo uning o‘zi uchun o‘zini tanlaydigan, boshqa narsa uchun uni tanlamaydigan» axloqiy tushunchadir. O‘rta asrlar tafakkurida evdemonizm (baxtga etishuv ta’limoti) Foma Akvinskiy ta’limotiga yo‘naltirilgan bo‘lib, yuksak baxt Xudoni anglash va hayoti davomida Uni tan olmoqdir, degan g‘oyani tasdiqlar edi.
Evdemonizm yo‘nalishidagi huzurbaxshlik ta’limotini yoqlovchilar Epikur, Gassendi, Lametri, Volter, Golbaxlar baxt va huzurbaxshlikni uyg‘unlashtiradilar. Ammo gedonizmdan farqli o‘laroq huzurbaxshlik bu erda insonning axloqiy faoliyati bilan bevosita bog‘lanadi. Misol uchun, Epikur nazdida yuksak darajadagi huzur tuban jismoniy lazzatda emas, balki nafis ma’naviylikdadir. Faqatgina mutlaq sokinlik holatidagina inson haqiqiy baxt egasiga aylanadi.
Ammo asosiy evdemonizm yo‘nalishi tanqidchilaridan Immannuel Kant haqiqiy axloqiy faoliyatning asosida baxt emas, burch turishini ta’kidlaydi.
Zamonaviy ruhshunoslikda bu yo‘nalish ijobiy, amaliy ruhshunoslik sifatida evdamoniya haqidagi qadimgi yunon faylasuflarining ta’limotini o‘rganmoqda.
Sharq falsafasiga esa, baxtga erishuv haqidagi bu ta’limotni buddhachilikning nirvanaga erishish uchun barcha iztiroblardan qutulishga intilish va shu bilan to‘laqonli baxtga erishuvga nisbat beriladi. Dalay-Lama (XIV) qarashlari «Inson hayotining asosiy maqsadi – baxtdir. Bu shubhasiz. Biz qanday e’tiqoddaligimizdan qat’i nazar — dahriy yo Xudoga ishonamizmi yo‘qmi, buddhachi yo nasroniy, — barchamiz hayotda eng yaxshi narsani izlaymiz. Shu tariqa, mening fikrimcha, hayotimizdagi asosiy faoliyatimiz — bu baxtga intilishdir» .
L.A. Seneka yaxshilikning o‘zi baxtli bo‘lish uchun yetarlidir deb hisoblasa, Spinoza baxt – yaxshilik uchun qilingan mukofot emas, balki ezgulikning o‘zidir degan xulosaga keladi.
Yuqoridagi mutafakkirlarning qarashlaridan xulosa yasaydigan bo‘lsak, inson haqiqiy baxtli bo‘lgandagina huzurbaxshlikka erishadi. Baxt esa, avvalambor axloqiy faoliyat bilan chambarchas bog‘liqdir. Qadimgi Yunon axloqshunosligi haqida gap ketar ekan, asosan, to‘rt buyuk faylasufning nomini tilga olish odat bo‘lib qolgan; Suqrot, Aflotun, Arastu, Epikur. Lekin, aslida, ulargacha ham Qadimgi Yunonistonda axloqshunoslik borasida ancha-muncha ishlar qilingan .
Suqrot (miloddan avvalgi 470-399 yillar) qarashlariga kelsak, axloq bilan huquqni bo‘linmas yaxlitlikda olib qaraydi: «Nimaiki qonuniy bo‘lsa, o‘sha adolatdandir». Ikkala mutafakkir ham hukmronlikning yaxshi yoki yomon deb baholanishini fuqarolar tarbiyasi bilan bog‘laydi, jasorat va betama’ xizmat namunalarini o‘z davlatlari o‘tmishidan topadi.
Suqrotning fikricha, polis bilan fuqaro o‘z huquqlari jihatidan teng emas; ular ota bilan o‘g‘ilga o‘xshaydi. Axloqning asosiy mohiyati-o‘zgarmas va abadiy asl fazilat bo‘lmish donishmandlik. U axloqiy xatti-harakat mezoni hisoblangan ilohiy yozmishga mos keladigan benuqson faoliyatdir. Axloqning manbai esa insondan tashqarida, ilohiydir. Suqrot ruhni (jon, qalb, nafsni), vujuddan farqli ravishda, o‘lmas deb hisoblaydi, lekin o‘z qarashlarini rivojlantirmaydi. Uning fikricha, bu boradagi ortiqcha qiziquvchanlik zararli. Chunki ma’budlarga o‘zlari odamlarga ochishni istamagan narsalarning tadqiq etilishi yoqmaydi.
Suqrotdan farqli o‘laroq, Aflotun (miloddan avvalgi 427-347) axloqiy qarashlari uchun, aksincha, g‘oyalar ruh haqidagi ta’limotlar asos bo‘lib xizmat qiladi. Aflotunning g‘oyalar ta’limotiga ko‘ra, bizga ko‘rinib turgan, biz qilayotgan dunyo bor-yo‘g‘i soyalar o‘yini, haqiqiy dunyoni ko‘rish uchun esa inson aqli ojizlik qiladi. Inson g‘or devoriga kishanband qilib qo‘yilgan tutqunga o‘xshaydi, u faqat haqiqiy borliqning noaniq soyalarini kuzatadi, haqiqiy borliq esa soyalar orqasida, ko‘rinmaydi. Uni inson ko‘rmaydi, biroq o‘sha asl borliqni ko‘ra oladigan mangu - o‘lmas ruh mavjud.
U g‘oyalar dunyosiga daxldor, lekin uning faqat aqliy qismigina ana shu dunyoga qaratilgan, ehtiros va hirsli qismi esa doimo gunohkor yerga tomon tortadi. Aflotun ruhning bu ikki xillik jihatini aravakash (aql) bilan ko‘pirgan otlar (ehtiros va hirs) orasidagi kurash sifatida talqin etadi. Otlar baland kelganda ruh (qalb, jon) g‘oyalar dunyosidan vujudga yiqiladi va inson tug‘iladi. Insonning tug‘ilishi shunday qilib, ruhning gunohga botishi barobarida voqe bo‘ladi. Barcha bilimlar xotira natijasidir; ruh g‘oyalar dunyosidan bilganlarining bazilarini eslaydi va vujuddagi hayotida biror-bir diqqatga sazovor yangilikni o‘ziga kasb etmaydi. Shunday qilib, Aflotunning fikricha, axloq, ilohiy asosga ega va axloqiy fazilat insonga azaldan berilgan.
Arastuning axloqiy qarashlari, asosan o‘g‘liga bag‘ishlangan «Nikomaxning axloq kitobi» va «Evdemning axloq kitobi» hamda «Katta axloq kitobi» risolalarida o‘z aksini topgan. Arastu Qadimgi Yunon mutafakkirlari ichida birinchi bo‘lib ixtiyor erkinligini axloqning asosi sifatida olib qaraydi va axloqiy fazilatni Aflotunga qarama-qarshi o‘laroq, ruhning tug‘ma xususiyati emas, balki kasb etiladigan (hosil qilinadigan) sifat ekanini aytadi.
U barcha fazilatlarni ikkiga bo‘ladi: birinchisi, ruhning donishmandlik, tajribakorlik, topqirlik singari ma'naviy soha bilan bog‘liq aqliy qismiga oid fazilatlar va, ikkinchisi, ruhning intiluvchan (ixtiyoriy) qismi - sof axloq bilan bog‘liq fazilatlar. Uning fikricha, asosiy fazilat adolatdir. «Fazilat, - deydi Arastu, - ma'lum ma'noda o‘rtalikdir, zero, doimo o‘rtalikka intiladi». Masalan, mardlik telbavor jasorat bilan qo‘rqoqlik orasidagi o’rtalik va hokazo. Shuningdek, mutafakkir niyatga katta ahamiyat beradi va uni harakatning tamoyili, boshlanishi deb ataydi. Lekin u pirovard maqsad emas, niyatning tamoyili esa intilish va aql, shu sababli niyat aqldan, es-hushdan va odobdan tashqarida bo‘lmaydi.
Arastu aql-idrok faoliyatini hayot va faoliyatning oliy shakli, hech bir narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan qadriyat deb hisoblaydi. Oliy aql doirasida sub’ekt va ob’ekt, fikr va fikrning narsa hodisasi bir-biriga rnos, ya’ni Oliy aql (Xudo) tafakkur haqidagi Tafakkurdir. Garchand inson hech qachon ilohiy hayot darajasiga yetisha olmasada, lekin unga, ideal sifatida imkon boricha intilishi kerak; inson erishgan komillik doimo nisbiy bo‘ladi. Arastu, yuqorida keltirganimizdek, ilmni (aqlni) axloqdan (vijdondan) yuksak qo‘yadi va bu bilan mushohadakor hayotni, nazariyaga, ijodga bag‘ishlangan hayotni axloqiy ideal tarzida talqin etadi. Shunga ko‘ra, buyuk mutafakkir antik dunyo fuqarosining an’naviy fazilatlari bo‘lmish donishmandlik, mardlik, odillik, do‘stlikni yuksak qadrlaydi. Biroq, uning insonga muhabbati, insonparvarligi bizning hozirgi barcha bandalar Xudoning oldida baravar, degan tushunchamizdan farq qiladi. Yuqorida ko‘rganimizdek, uning nazdida odamlar teng emas, tenglik tushunchasi Arastuga yot. U faqat odamlar o‘rtasidagi do‘stlik va xayrixohlikni tan oladi.
Qadimgi Yunon axloqshunoslari ilmiy an'analarini Sitseron, Lukretsiy Kar, Seneka, Epiktet, Mark Avreliy singari Qadimgi Rumo mutafakkirlari davom ettirdilar. Tit Lukretsiy Kar (miloddan avvalgi 99-44 yillar), Epikur axloqiy ta'limotining izchil himoyachisi sifatida, mashhur «Narsalarning tabiati haqida» degan dostonida ruh va vujudning ajralmas aloqasini ta'kidlaydi, ruhning o‘lishi to‘g‘risida fikr yuritadi, insonning o‘lim qo‘rquvidan xalos bo‘lishida axloqiy ma'no borligini aytib o‘tadi. O‘lim qo‘rquvidan va ma'budlar oldidagi qo‘rquvdan xalos bo‘lgan kishi baxtli yashashi mumkin, aql-idrok va his-tuyg'ular sharofati bilan narsalar haqida u haqiqiy tasawurga erishadi.
Lutsiy Anney Seneka (miloddan avvalgi 5-milodiy 65 yillar) ham yozuvchi, ham axloqshunos faylasuf. Uning «G‘azab haqida», «Shafqat haqida», «Baxtli hayot haqida» singari axloqshunoslikka doir risolalari ko‘pchilikka ma'lum. Ayniqsa, «Luijiliyga axloqiy maktublar» asari mashhur. Senekaning fikriga ko‘ra, dunyo moddiy, biroq, unda qandaydir jonli ibtido hukmron: uni aql-idrok deymizmi, tabiat, bashorat yoki taqdir deymizmi-ahamiyati yo‘q. Muhimi shuki, uning yozig‘i albatta amalga oshadi. Faylasuf fazilatlarning ma’nosini taqdirdan rozilikda, uning zarbalariga insoniy qadr-qimmatni yo‘qotmay, mardona va chidam bilan dosh berishda ko‘radi.
O‘rta asrlar musulmon Sharqida mashshoiyyunlik yoki, boshqacha qilib aytganda, arastuchilik oqimini buyuk arab mutafakkiri al-Kindiy boshlab berdi. Uning asoschisi esa turkistonlik qomusiy alloma Abu Nasr al-Forobiy (870-950) hisoblanadi.
Arastu izidan borib, Forobiy ham falsafani ikkiga nazariy va amaliyga bo‘ladi hamda, axloqshunoslikni amaliy falsafa tarkibiga kiritadi. Axloqiy muammolar uning «Baxtga erishuv yo‘lini ko‘rsatuvchi kitob», «Baxtga erishuv haqida», «Davlat arbobining hikmatlari», «Fozil odamlar shahri» singari asarlarida ko‘tarilgan. Ularda inson baxti eng asosiy rnuammo sifatida o‘rtaga tashlanadi. «Baxt - har bir inson intiladigan maqsad, zero u muayyan komillik hisoblanadi», deydi Forobiy. Ayni paytda alloma o‘z qarashlarida fazilatga ham juda katta o‘rin beradi. Chunki, uning fikriga ko‘ra, kimda-kim fazilat nimaligini bilsagina, haqiqiy baxtga erisha oladi. Arastuga o‘xshab, u ham fazilatlarni ikki qismga - fazoili nutqiya (aql-idrokka asoslangan fazilatlar) va fazoili xulqiya (xulqiy fazilatlar) ga ajratadi hamda ularning o‘rtalik xususiyatlarini ta’kidlab o‘tadi.
Forobiy hayot va mamot muammosiga ham batafsil to‘xtaladi. Uning fikriga ko‘ra, fazilatli kishi o‘lim tufayli baxtni orttiruvchi xatti-harakatlarni ko‘proq amalga oshirish imkoniyatlaridan mahrum bo‘ladi. Shuning uchun uning o‘limdan qo‘rqishi boshqalamikidan butunlay o‘zgacha; u o‘lim tufayli ulkan bir yovuzlik qurboni bo‘layotganidan emas, balki yaxshilikni kamroq qilishga mahrum ekanidan cho‘chiydi. Fazilatli odam o‘lgan yoki o‘ldirilganda, u erishgan baxtga havas qilish lozim, unga emas, balki undan ajrab qolgan hamshaharlarining holiga yig‘lash kerak bo‘ladi.
Buyuk vatandoshimizning fikr qilishicha, insonga uni go‘zal a’mollar qilish uchun yo‘naltiradigan odat maxsuli bo‘lmish yetuk xulq lozim. Xulqning yaxshiligi xatti-harakatlarda me’yor qay darajada saqlangani bilan bog‘lanadi. Odobni esa mutafakkir badavlatning davlatini bezaydigan va kambag‘alnig kambag‘alligini o‘g‘irlaydigan axloqiy hodisa sifatida ta’'riflaydi.
Forobiy, ba’zilar o‘ta lazzatga berilish, yeyish-ichish va ayolga ruju qo‘yish tufayli juda bo‘shashib ketadi, irodasi zaiflashadi, unda risoladagi nafrat hamda g‘azab hissi yo‘qoladi, deydi. Butun kuchini o‘z nafsiga sarflaydigan kishida ulug‘vorlik tubanlikka xizmat qila boshlaydi, ya’ni fikrlash qobiliyati g‘azab va ehtiros kuchlari xizmatida bo‘ladi, bu kuchlarning harakati esa yeyish-ichish hamda shahvoniy nafsni qondirishga bag‘ishlanadi. Faylasuf bunday kishilarni arab va turk zodagonlari orasida ko‘proq uchrashini aytadi. Bunday kishilar shahvoniy istaklari qutqusi bilan, ayollar oldida maqtanishni xush ko‘radilar, ularni taqinchoq, bezaklarga ko‘mib tashlaydilar, foydali mehnatdan chetda tutadilar, ular nima desa shuni qiladilar. Natijada ayol uyning haqiqiy hokimi bo‘lib oladi, turli tantiqliklarni odatga aylantiradi. Demak, Forobiy oila baxtini ehtiroslarni yo‘lga sola olishda deb biladi, ayol kishini bezaklarga ko‘mib tashlangan qo‘g‘irchoq bo‘lishiga qarshi turadi.
Mashshoiyyunlik axloqshunosligining yana bir buyuk vakili Forobiyning shogirdi Abu Ali Ibn Sinodir. Ibn Sinoning axloqiy qarashlari asosan «Axloq ilmiga doir risola», «Burch to‘g‘risida risola», «Nafsni pokiza tutish to‘g‘risida risola», «Adolat haqida kitob», «Turar joylardagi tadbirlar» singari asarlarida va zamondoshlari bilan olib borgan munozara- yozishmalarida o‘z aksini topgan.
Avvalo, Ibn Sino axloq ilmining amaliy falsafa tarkibidagi o‘rnini aniqlab olishga intiladi. «Hakimlarning, - deb yozadi alloma shogirdi Bahmanyor al-Ozarboyjoniy bilan munozara-yozishmasida, - falsafa nazariy va amaliy bo‘ladi, deganini falsafa amaliy-axloqiy bo‘ladi, deb tushunmaslik kerak. Chunki amaliy axloqning bunday namoyon bo‘lish holati falsafa degani emas, zero qiyosiy malaka axloqiy malakadan mutlaqo o‘zgadir... Falsafa amaliy va hamma uchun (uni) axloq ilmi degan ma‘qul». Ko‘rinib turibdiki, Ibn Sino axloqshunoslikni amaliy falsafa, ya‘ni nazariya ekanini ta‘kidlaydi va axloqni uning tadqiqot ob’ekti sifatida ta’riflaydi.
Ibn Sino o‘z asarlarida bir qancha axloqiy fazilatlarga ta’rif beradi. Chunonchi, iffat, hikmat, shijoat, adolat, sahiylik, qanoat, qat’iyat, sadoqat, hayo, kamtarlik va boshqalar shular jumlasidandir. Shuningdek, alloma ularning aksi bo‘lgan- o‘g‘rilik, aldamchilik, fisqu-fasod, nafrat, rashq, adovat, bo‘xton, irodasizlik, takabburlik, nodonlik kabi illatlarni ham tavsiflaydi; har ikki turdagi mazkur tushunchalarning bir-biri bilan bog‘liqligini, bir-biriga o‘tib turishini va bunday bog‘lanish ijobiy hol ekanini ta’kidlaydi. Demak, axloqshunoslik ilmida faqat fazilatlar emas, balki illatlar ham o‘rganilishi zarur. Ayni paytda, Ibn Sino ustozlari an’analarini davom ettirib, hat bir axloqiy fazilat ikki nuqson oralig‘ida bo‘ladi, ya’ni o‘rtalik xususiyatiga ega, deydi.

Download 64.63 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling