Мавзу: Фалсафа фанининг предмети, ма=сади, вазифалари ва муаммолари
Download 2.98 Mb.
|
2023 ФАЛСАФА Мажмуа1 11(1) —
Me’yor – predmet borlig‘ining chegarasi. U predmet xossalari miqdor va sifat o‘zgarishlarining xususiyati bilan belgilanadi. Me’yor – bu shunday bir chegaraki, unda miqdor o‘zgarishlari narsaning sifatiga putur yetkazmaydi. Gegel fikricha, «Hamma narsa o‘z me’yoriga ega, ya’ni miqdor jihatidan aniqdir»1. Masalan, vodorod peroksidi va suv bir-biridan molekulalardagi kislorod atomlarining miqdoriga ko‘ra farq qiladi. Huquqiy, axloqiy va estetik hodisalar tavsifida me’yor tushunchasi normativlik xususiyatini kasb etadi. «Aynan «ko‘proq» va «kamroq» orqali yengiltaklik me’yori buziladi va butunlay boshqa narsa – jinoyat namoyon bo‘ladi, aynan «ko‘proq» va «kamroq» orqali adolat haqsizlikka, fazilat nuqsonga o‘tadi»2. Masalan, huquqda qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi va jazo chorasi o‘rtasidagi muvofiqlikka rioya etiladi. Me’yor tushunchasida miqdor va sifat xossalarining o‘zaro aloqasi aks etadi. Tabiatda kuzatiladigan narsalarning bir holatdan boshqa holatga o‘tishi dunyo evolyusiyasining muhim va keng tarqalgan mexanizmlaridan birini aks ettiradi. Me’yor tushunchasi evolyusiya tendensiyalarini aniqlash, turli sistemalarning o‘tmishi va kelajagi xususida gipotezalar tuzish imkonini beradi. Miqdor sifat jihatidan bir jinsli hodisalarning muayyan obyektiv ko‘rsatkichi bo‘lib, u mazkur hodisalarning kattaligini, mavjudlik muddatini va umuman hodisa yoki uning ayrim tomonlari rivojlanishining faollik darajasini tavsiflaydi.
Me’yor – bu miqdor va sifatning shunday bir birligiki, bunda muayyan sifat faqat muayyan miqdor bilan bog‘liq. Me’yor – bu miqdor ko‘rsatkichlari yoki o‘zgarishlarining tegishli sifat mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan muayyan oralig‘i hamdir. Miqdorning me’yor doirasida o‘zgarishi sifatning o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi, lekin me’yordan oshilganda narsa o‘zining avvalgi mohiyatini yo‘qotadi. Miqdor va sifat o‘zgarishlarining o‘zaro bog‘liqligi haqidagi qoida umumiy ahamiyat kasb etadi. U atrof- borliqning barcha narsalari va hodisalariga nisbatan o‘rinli, ya’ni dialektika qonuni kuchiga ega. U quyidagicha ta’riflanadi. Miqdor va sifat o‘zgarishlarining bir-biriga o‘tishi qonuni narsaning miqdor va sifat tomonlarining shunday bir o‘zaro aloqasini aks ettiradiki, uning ta’sirida miqdor o‘zgarishlari me’yor chegarasidan chetga chiqib, albatta tub sifat o‘zgarishlariga sabab bo‘ladi, bu sifat o‘zgarishlari esa, o‘z navbatida, yangi miqdor ko‘rsatkichlariga olib keladi. Bu qonunga muvofiq rivojlanish bir-biridan farq qiladigan, lekin o‘zaro bog‘langan ikki bosqich – uzluksizlik va uzluklilikning birligi sifatida yuz beradi. Rivojlanishda uzluksizlik – bu juda sust, ko‘zga ko‘rinmas miqdor o‘zgarishlari bosqichi. Rivojlanishda uzluklilik sakrash deb ataladi. Sakrash – bu bir sifatning boshqa sifatga aylanish vaqti, shakli, usuli, miqdor o‘zgarishlarining uzluksizligi, bosqichma-bosqichligidagi uzilish. Masalan, sakrash – bu yerda hayotning paydo bo‘lishi, hayvonlar dunyosidan insonning ajralib chiqishi, bir ijtimoiy tuzum o‘rniga boshqa ijtimoiy tuzum kelishi, buyuk ilmiy va texnikaviy kashfiyotlar. Har qanday sakrash rivojlanishda o‘tish davrini tavsiflaydi. O‘z tabiatiga ko‘ra u doim ziddiyatlidir, chunki yangining tug‘ilishidan ham, eskining qarshiligidan ham dalolat beradi. Shunday qilib, miqdor va sifat o‘zgarishlarining bir-biriga o‘tish qonuni uning rivojlanishning umumiy qonuni sifatidagi mazmuni haqida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradigan «sifat», «miqdor», «me’yor», «sakrash» kategoriyalari yordamida muayyanlashtiriladi. Mazkur qonun butun borliqning rivojlanishi, harakati va o‘zgarishi qanday, qay tarzda yuz beradi, degan savolga javob berib, obyektiv voqelikning har qanday sohasida yangi sifatga o‘tishning ichki mexanizmini yoritadi. Ko‘rib chiqilgan qonunlar rivojlanish manbayi va uning mexanizmini yoritib bersa, inkorni-inkor qonuni – rivojlanishning umumiy tendensiyasini, uning yo‘nalishini aks ettiradi. Download 2.98 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling