Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmetini aniqlashga oid masalaning yechimi juda
murakkab boʻlib, bu haqda oʻtmishda ham, hozir ham turli olimlar har xil fikrlar bildirib
kelmoqdalar.
Masalan, Aristotel bu fanni uy xoʻjaligini boshqarish qonunlari toʻgʻrisidagi fan deb
qaragan boʻlsa, merkantilistlar, fiziokratlar va ingliz klassik iqtisodiy maktabi vakillari unga
boylik toʻgʻrisidagi, uning manbalari va koʻpaytirish yoʻllari, boylikni ishlab chiqarish,
taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish toʻgʻrisidagi fan deb qaradilar. Keyingi paytda
mazkur fanni xalq xoʻjaligi, ijtimoiy xoʻjalik toʻgʻrisidagi fan deb ham hisoblamoqdalar.
Ayrimlar iqtisodiyot nazariyasi fanini moddiy hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va
ayirboshlashni boshqarish qonunlari toʻgʻrisidagi fan deb koʻrsatadilar. A.Marshall esa
iqtisodiyot nazariyasi (siyosiy iqtisod) fanining predmeti insoniyat, jamiyatning me’yoridagi
hayotiy faoliyatini tadqiq qilishdan iborat, deb yozadi.
Iqtisodiyot nazariyasi fani siyosiy iqtisod nomi bilan yuritilgan davrda qator darsliklarda
va ayrim asarlarda uning predmeti moddiy ne’matlarni ishlab chiqarish jarayonida kishilar
oʻrtasida sodir boʻladigan munosabatlarni oʻrganishdan iborat, deb koʻrsatilgan edi.
AQSH va boshqa ba’zi bir mamlakatlardan kirib kelgan «Ekonomiks» darsliklarida
(iqtisodiyot nazariyasi «Ekonomiks» deb yuritilgan darsliklarda) bu fanning predmeti
kishilarning moddiy ehtiyojlarini toʻlaroq qondirish maqsadida cheklangan resurslardan samarali
foydalanish muammolarini tahlil qilish, kishilarning iqtisodiy hulq-atvorini oʻrganishdan iborat,
deb koʻrsatilgan.
Bozor iqtisodiyotiga oʻtilayotgan hozirgi davrda Rossiya Federatsiyasida chiqarilayotgan
turli iqtisodiyot nazariyasi darsliklarida bu fanning predmeti boʻyicha bir-biriga yaqin boʻlgan
ta’riflar berilmoqda (1-jadval).
Do'stlaringiz bilan baham: