Mavzu: Jizzax tarixini o‘rganishda "Iqtidor-Shou" intellektual o‘yinlaridan foydalanish. Reja: I bob. Ta‘lim jarayonida o‘yinli texnologiyalarning o‘rni


Yangi va eng yangi davrlarda Jizzax vohasi tarixi


Download 248 Kb.
bet8/19
Sana11.05.2023
Hajmi248 Kb.
#1451353
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19
Bog'liq
For Mr Max

2.3. Yangi va eng yangi davrlarda Jizzax vohasi tarixi.
M.Chernyayev qo‘shinlari 1865-yilning fevralida Mirzacho‘l bo‘ylab Jizzaxga yo‘l oladi. Qattiq qish tufayli o‘tin, yem-xashak tanqisligidan og‘ir ahvolga tushib qoladi. Zo‘ravonlikka odatlangan M.Chernyaev Jizzaxga o`z vakilini jo`natib, Jizzax begi Olloyorbekdan o`tin va yem-xashak berishni talab qiladi. Olloyorbekdan rad javobini olgach, 7-fevralda podpolkovnik Pistolkars qo‘mondonligida ikkita piyoda rota, 400 nafar kazakni ikki zambarak bilan Jizzaxni bosib olish uchun safarbar etiladi. Bosqinchilar shahar himoyachilari tomonidan qattiq zarbaga uchraydi. M.Chernyaev qurshovda qolgan askarlarni qutqarish uchun yana ikkita qo`shimcha rota va ikki zambarakni yuborib, askarlarni o`z qo`shinlarining lageriga qaytarishga muvaffaq bo`ladi. Ikki o`rtada bo`lib o`tgan jangda bosqinchilardan sakkiz kishi o`ldiriladi, o`n to`qqiz kishi jarohatlanadi. Jizzax himoyachilaridan esa yuzdan ortik kishi halok bo`ladi86 M.Chernyaev qo`shinlari Jizzaxda mag`lubiyatga uchragach, urushni davom ettirishga imkoni bo`lmaganidan, 1865-yil 10-fevralda Sirdaryo tomon chekinishga majbur bo‘ladi. General M.Chernyaevning o`zboshimchalik bilan qilgan harbiy yurishi, Jizzaxni bosib ololmagani bosqinchilarga qimmatga tushdi. Mansabini suiiste’mol qilgani uchun 1866-yil yanvar oyining oxirida rus podshosi Aleksandr II M.Chernyaevni lavozimidan olib tashlab, uning o`rniga Turkiston viloyati harbiy gubernatori general D.T.Romanovskiyni bosh qo`mondon etib tayinlaydi87.
D.Romanovskiy Buxoro amirligiga qarshi harbiy harakatlarni boshladi. Amir Muzaffar o‘z qo‘shini bilan Sirdaryo bo‘yidagi Oqjar (Erjar) degan joyga katta qo‘shin bilan kelib o‘rnashdi. 1866-yil 8-mayda Amir qo‘shini bilan ruslar o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Amir Muzaffar Oqjardagi jangda mag‘lubiyatga uchrab, Jizzax tomon qochadi. Amir kechqurun Jizzaxga yetib keladi. Amir Jizzaxga mang‘it Olloyor devonbegini hokim etib tayinlab, Jizzaxning Eski shahridagi O‘rda qal’asi devorlarini mustahkamlash va ta’mirlash haqida unga buyruq beradi. Amirning buyrug`iga ko`ra, Jizzax shahridagi O`rdani harbiy jihatdan mustahkamlash ishlari amalga oshiriladi. Qal’a ikkinchi devor bilan o`rab olinadi88. Muhammad Yoqubbek bosh qo`mondon etib tayinlanib, shaharni himoya qilish uchun 12 ming kishilik askar, 53 ta turli kalibrdagi zambarak va boshqa qurol-yarog`, aslahalar O`rda qal’asiga keltiriladi. Shahar himoyachilari buzilgan harbiy istehkomlarni va O`rda qal’asi devorlarini qayta tiklab, bosqinchilar hujumini qaytarish uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik ko`radilar. Zomindan Jiyanxoja to`qsabo boshchiligidagi qo‘shinlar ham Jizzax himoyasiga etib keladilar89. 1866-yil 23-sentabrda polkovnik Vorontsov-Dashkov boshchiligidagi rus qo‘shini O‘ratepaga hujum boshlaydi. Ruslar qiyinchilik bilan shaharni egallaydilar.
Rossiya soldatlari O`ratepadan keyin Zomin qal’asini qo`lga kiritib olgach, qon to`kish, vayronachilik navbati Jizzax shahriga keladi. Rus zobiti Z.Zinovev butun mintaqada Jizzax istehkomiga o`xshagan mustahkam qal’a bo`lmaganligini, qal’ada murakkab mudofaa ishlari amalga oshirilganligini yozadi. Jizzaxda Iskandarbek boshchiligida 10 ming kishilik qo‘shin, 53 to`p bilan qurollangan himoyachilar bo`lib, to‘p otishda mohir afg‘on askarlari ham bor edi90.
Chor qo‘shinlari qo‘mondonligi Jizzaxni istilo qilish uchun oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Shaharni olish rejalari tuzildi. Shaharni olish uchun hamma narsa taxt qilingandan so‘ng, 11-oktabr kuni general-mayor Krijanovskiy qo‘mondonligida polkovnik Vorontsov, Dashkov, Mixaylov, Grigorev va jallodlikda nom taratgan kazak polki komandiri polkovnik Pistolkors komandirligida 16 ta rota, 500 kishilik raketa rotasi shahardan 13 kilometr chamasi uzoqlikdagi «Ilon o‘tdi» darasiga yaqin joyda mahkam o‘rnashib oldi. Bu tadbir Jizzaxga Buxorodan keladigan yordamning oldini olishga qaratilgan edi. Shahar hokimi Olloyorxon shaharning mudofaa devorlarini o‘z vaqtida qayta tiklagan edi. Shahar hokimi Olloyorxon 8 oy mobaynida tunu kun shahat istehkomi devorlarini tiklashga juda katta kuch sarflaydi. Qalʼa atrof devorlari ko‘tarilib, yangidan 3 kilometr uzunlikda mustahkam istehkom devorlari barpo qilingan edi. Qalʼa devorlari oldida chuqur ariqlar olinib, suvga to‘ldirib qo‘yilgan edi91.
General D.T.Romanovskiy qo`mondonligidagi qo`shinlar 1866-yil 11-oktabrda Jizzax shahrini qurshov ostiga oladilar. Mudofaachilar dushmanning dastlabki hujumini qaytarishadi. Iskandarbek boshchiligidagi afg‘on harbiylari mohirlik bilan jang qilib, himoyachilarga dalda berishadi. Dushman shaharga boradigan suv yo‘llarini berkitib, Samarqand va O`ratepa darvozalaridan hujum qilishga kirishadilar. 15-oktabr kuni kechkurun kapitan Mixaylovskiy 4 piyoda rota, 6 to‘p va 2 mortira bilan Samarqand darvozasi ostonasidan joy oladi. Polkovnik Voronsov-Dashkov qo`mondonligidagi 2 ta rota, 200 kazak va 4 to`p bilan shaharning janubi-g‘arbiy burchagidan joy oladi. Rus qo`shinlari va himoyachi qo‘shinlar o‘rtasida qattiq janglar bo‘lib o‘tadi. Jizzaxning qariyb 100 gektar yerini egallagan O`rda qal’asi mustahkam istehkomga aylantirilgan edi. Qal’a 9-10 metr baland devor bilan o`ralgan, atrofidagi chuqur xandaqlar suv bilan to`ldirilgan, qal’a devorining eni 4-5 metr bo`lib, otga qo`shilgan qo`qon aravadagi zambarak bemalol devor ustida harakatlana olardi. Shu bilan birga ko‘pgina o‘q otish tuynuklariga ega edi. 1866-yil 15-oktabrda bosh qo‘mondon D.Romanovskiy va shtab boshligi V.Krijanovskiylar Jizzax shahar hokimi Olloyorbekka shaharni jangsiz topshirish haqida ultimatum yo‘llaydi. Olloyorbek esa shahar oqsoqollari, lashkarboshilari bilan maslahatlashib, qo`mondonlik ultimatumiga Buxorо amiridan shaharni topshirish haqida ruxsatnoma olguniga qadar, hujum qilmasligini so`rab javob xati yo`llaydi. Rus qo‘mondonligi Olloyorbekning bu hiylasidan xabardor bo`lib, 15-oktabr kuni shaharni qamal qilish va uni qurol kuchi bilan bosib olish uchun shaharning Samarqand, O`ratepa darvozalari atrofida turgan polkovnik Voronsov-Dashkov, polkovnik Grigorev qo`mondonligidagi qo`shinlarga Buxoro sarbozlarini tor-mor qilib, so`ngra Toshkent darvozasi atrofini butunlay egallab olish va zarba berish haqida buyruq beradi. 16-oktabr kuni erta tongdan jang boshlanadi. Polkovnik Voronsov-Dashkov boshchiligidagi 2 rota, 200 kazak va 4 to‘p shaharning janubi-g`arbiy tomoniga yuboriladi. 17-oktabr kuni ertalab dushman soldatlari O`ratepa va Samarqand darvozalari oldida devorni teshib, shaharning O`rda qal’asiga hujum boshlaydilar. Bu jangda Grigorev, Voronsov-Dashkov va Pistolkars qo‘mondonligidagi soldatlar faol qatnashadilar. Rossiya qo`shinlari O`rda qal’asini qo`lga kiritish uchun barcha kuchlarini safarbar qiladi. 17-18-oktabr kunlari Buxoro sarbozlari bilan rus qo`shinlari o`rtasida shiddatli janglar bo`ldi. O‘rda qal’a darvozalari ichki va tashqi tomondan tuproq bilan berkitib qo‘yilishi dushman qo`shinlariga qo‘l keladi. O`rda ichida qamalib qolgan Buxoro sarbozlarini istilochilar ayovsiz qirib tashlaydilar. Shuni aytish joizki, O`ratepa qirg`ini Jizzaxda to`kilgan qonlarga nisbatan birmuncha oz edi. O‘ratepa qal’asida 4 ming kishi himoyada turgan bo`lsa, Jizzaxda 10 ming kishi himoyada turgan edi. O`ratepa qal’asida himoyachilarning ko`pchiligi qochishga ulgurgan bo`lsa, Jizzaxda darvozalar tuproq bilan to`silgani tufayli kamdan kam kishi qocha olgan edi. Buxoro sarbozlari Toshkent darvozasidan tashqariga chiqib, jang qilmoqchi bo`lganlarida pistirmada turgan dushman askarlari miltiqlardan o`q uzib, shahar himoyachilarini qirib tashlaydilar92.
Rus tarixchilarining yozishicha, "Toshkent darvozasida otliq askarlarning murdalaridan go`yo tog‘ hosil bo‘lib, Jizzaxda qon daryo kabi (кров лисось реками) oqqan edi". Istilochilarga qarshi jangda yuz bergan voqealar ularni hayrat va dahshatga solgan edi. Rossiya jurnalistlaridan biri "Русский вестник" gazetasida "shahar himoyachilarining qahramonligiga va qattiq qarshiligiga tan berish lozim. Hatto qal‘adagi bir guruh kishilar jangni davom ettirishga iloji qolmaganidan keyin porox omboriga kirishib, o`zlarini portlatib yubordilar. Bunday qilish uchun yuksak ma’naviyat, katta jasorat va matonat kerak bo`lgan edi"93, deb yozgan edi.
General Romanovskiyning e’tirof etishicha, Jizzax mudofaachilaridan 6 ming kishi o`ldirilgan, 2 ming kishi asir olingan. Tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha esa, hayot-mamot jangida jizzaxliklardan 9000 jangchi, mahalliy tinch aholidan 1500 kishi halok bo`lib, 1500 ga yaqin kishi asirga tushib, ularning 600 tasi og‘ir yarador bo`lgan edi. Buxoro amirining 18 lashkarboshisidan 16 nafari, jumladan, Olloyorbek devonbegi, Odil dodhoh, Abdusattor Inoq, Jo‘yan To‘qsoba, Husanbiy va Iskandarxon singari jasur lashkarboshilar Jizzaxni himoya qilishda mardlarcha halok bo`ldilar94.
Jizzax shahri xonavayron qilinib, qo‘lga olingach, general Krijanovskiy Jizzax komendanti etib tayinlanadi. Favqulodda holatlarning oldini olish uchun uning tasarrufida 10 ta rota askar, 10 ta to`p, 300 jangari kazak va boshqa qurol-yarog‘lar qoldiriladi95.
Rossiya qo‘shinlari Jizzaxni bosib olgach, polkovnik Abramov rahbarligidagi Orenburg o‘qchi batalonining 2 ta rotasi, kazaklarning bir vzvodi, 100 askardan iborat, 4 ta to‘p bilan qurollangan qo`shinlari 1867-yili 27-mayda Samarqandga qarab yurdilar. Bosqinchilar Ilono`ttidan o`tib, Ko‘kgumbaz, Yangiqo‘rgon qal’alariga hujum qilib, ularni kultepaga aylantiradilar. Jizzaxni bosib olishda faol qatnashgan Orenburg general-gubernatori Krijanovskiy Rossiya imperiyasi harbiy vaziri D.N.Milyutinga 19-oktabrda yozgan telegrammasida: „Buxoro amirining Sirdaryo vodiysidagi so`nggi tayanchi Jizzax besh kunlik qamaldan so`ng, 18-oktabr kuni soat 12 da egallandi... 26 ta bayroq, 53 ta qurol va ko‘p boyliklar qo‘lga tushirildi. Bizning yo`qotishimiz, Xudoning irodasi bilan, 100 kishidan kamroq bo`lib, 4 zobitimiz yaralandi"96 deb yozilgan edi.
Jizzax uezdi XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Samarqand viloyatining uezdlaridan biri hisoblanib, 20 ta volostdan iborat edi. Uezd shimoldan Sirdaryo, sharqdan Dashkat dovoni, janubi-g`arbdan Qorachatog‘, g‘arbdan Qizilqum cho‘li bilan chegaralangan edi. O‘sha davrda Jizzax uezdining maydoni 43420 kvadrat verst (verst - 1,06 km), aholisi 222683 kishini tashkil qilgan edi. Qulay geografik hududda joylashgan Jizzax shahri Turkiston general-gubernatorligining buyrug‘i bilan Jizzax uezdining ma’muriy markazi etib belgilandi. Shu munosabati bilan shahar Yangi va Eski shaharga bo`linib idora qilindi. Mahalliy aholi Yangi shahar deb belgilangan hududdan ko`chiriladi, Yangi shaharda rusiyzabon harbiylar, zobitlar, savdogarlar, rus amaldorlari istiqomat qiladigan yevropacha uy-joylar, madaniy-maishiy binolar quriladi. Yangi shaharda Jizzax uezdi ma’muriy binosi, nasroniy-pravoslav cherkovi, rusiyzabon bolalar o`qiydigan gimnaziya, uezd mahkamasi binosi, hozirgi „Ko‘kbozor" hududida ham rus amaldorlari uchun bir qancha turar-joy binolari, harbiy garnizon uchun kazarma (qizil kazarma), mahbuslarni qamash uchun turma binosi qurilib ishga tushiriladi. Yangi shahardagi ko`chalar elektr energiya bo`lmaganligi uchun kechalari har yer-har yerda o`rnatilgan fonarlar yordamida yoritilar edi. Uezd tarkibiga kiruvchi uchastkalarni boshqarishga shtabs-kapitan unvoniga ega bo‘lgan zobitlar tayinlanar edi. Jizzax uezdi boshlig‘i - pristavi lavozimiga polkovnik V.N.Ryabushkin Samarqand viloyati harbiy gubernatori tomonidan tayinlanadi. V.N.Ryabushkin boshqa uezd boshliqlari kabi Jizzax uezdining ma’muriy, polisiya, harbiy hokimiyatlarini o`zida mujassamlashtirgan edi. U odamlarga jarima solish, 7 kungacha hibsda saqlash huquqiga ega bo`lgan. Shuning uchun uezd boshliqlari „Hokim to‘ra“ deb ham atalgan. Jizzax uezdi Jizzax shahri va bir necha uchastkalarga bo`linib boshqarilgan. Masalan, Zomin uchastkasiga kapitan Gliniskiy, Bog‘don uchastkasiga kapitan Borilla tayinlangan. Uchastkalar volostlarga bo`lingan. Masalan, Bog‘don uchastkasi Bog‘don, Sintob, Qoratosh, Forish kabi volost (bo`lis)larga, bo‘lislar esa oqsoqolliklarga bo`lingan. Har bir uchastka (tuman) uezd (tuman) o`z tarkibidagi shahar va qishloqlari bilan uezd boshligi (pristavi)ga bo`ysungan. Uezd boshliqlariga mahalliy aholidan istalgan odamga jarima solish va 3 kungacha hibsda saqlash huquqi berilgan edi.
1917-yil fevral burjua-demokratik inqilobi arafasida Jizzaxda ham murakkab bir ijtimoiy-siyosiy vaziyat yuzaga kelgan edi. Jizzaxda yashayotgan xalq ommasi og‘ir ijtimoiy va milliy mustamlakachilik zulmini o‘z bo‘yinlaridan uloqtirib tashlash harakatiga otlangan edilar. 1917-yil fevralda Petrogradda ko‘tarilgan ishchi va askarlar qo‘zg‘oloni natijasida podsho hokimiyati ag‘darildi, podsho va uning ministrlari, harbiy ma’murlari qamoqqa olindi. Podsho hokimiyatining ag‘darilgani, muvaqqat hukumatning tuzilganligi haqidagi xabar butun Turkistonga, jumladan, Jizzaxga ham yetib keldi. Turkiston general-gubernatori Kuropatkin va uning yordamchilari qamoqqa olindi. Shaharlarda, jumladan, Jizzaxda ishchi, dehqon va askarlar Kengashi va Muvaqqat hukumatning ijroiya qo‘mitalari tuzildi. Shuningdek, Toshkent shahrida musulmon aholi manfaatini ifoda etuvchi "Sho‘roiy Islom" markaziy tashkiloti, shaharlarda, jumladan, Jizzaxda "Sho‘roiy Islom"ning bo‘limlari tashkil topdi, ularga jadidlar rahnamolik qildilar. 1917-yil fevral inqilobidan keyin O‘rta Osiyoda bo‘lgani kabi Jizzaxda ham jadidlarning o‘z maqsad va istaklarini amalga oshirish uchun sharoit yaratildi va bu harakat o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Jizzax xalqining sobitqadam rahnamolaridan bo‘lgan Komil qori Bobojon o‘g‘li va boshqa jadidlar, ruhoniyat arboblari o‘z sa’y-harakatlarida faqat mahalliy, hududiy manfaatlar, qiziqishlar bilan cheklanib qolmay, shu bilan birga boshqa mintaqalardagi musulmonlar ommasi, ularning ilgor vakillari bo‘lgan Toshkent shu’basining rahbari Munavvar qori, Samarqand sho‘basining rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiy, Farg‘ona shu’basini boshqargan Nosirxon To‘ra, Kamolxon To‘ralar bilan aloqa bog‘lab ish olib bordilar. Jizzaxlik jadidlar mamlakat boshqaruvida musulmon aholisi vakillarining qatnashishini ta’minlash, aholini ozodlik va mustaqillik sari haraklantirish yo‘lini muvofiqlashtirish borasida ham bir qator ishlarni amalga oshirishga bosh-qosh bo‘ldilar.
Rossiyada 1917-yil fevral burjua-demokratik inqilobi g‘alabasidan so‘ng Jizzax shahrida ham inqilobiy harakat kuchaydi. Chunki Jizzax shahridagi rus ishchilari va harbiylari orasida ham Rossiya hukumati siyosatidan norozi bo‘lganliklari uchun jazo sifatida Turkistonga yuborilgan ishchilar, askarlar, zobitlar, savdogarlar va boshqa toifadagi kishilar anchagina edi. Rossiyada amalga oshirilgan inqilobdan so‘ng harbiy qismlarda, shahardagi sanoat korxonalarida, muassasalarda 1917-yil fevral voqealari munosabati bilan mitinglar bo‘lib, ishchilar, hunarmandlar inqilob g‘alabasini qo‘llab-quvvatladilar. 1917 yilning 20-21-mart kunlari Jizzax shahri garnizoni askar va zobitlari deputatlarining qo‘shma yig‘ilishida shahardagi Muvaqqat hukumatning ijroiya qo‘mitasiga nisbatan norozilik bildirilib, hokimiyatni ishchi-dehqon va askar deputatlariga topshirish talab qilindi. Shaharda aprel oyining oxirlariga kelib bolsheviklarning tazyiqi bilan Hokimiyat ishchi dehqon va askar deputatlari Kengashi ixtiyoriga o‘tdi. Bu davrda shaharda Muvaqqat hukumat ijroiya qo‘mitasi tuzilgan bo‘lsa-da, amalda u hech qanday qudratga ega emas edi. Jizzax shahar ishchi, dehqon va askar deputatlari Kengashi faollari 1917-yil fevral inqilobi g‘alabasini qo‘llab-quvvatlab, aholi o‘rtasida ko‘plab targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bordilar. Barcha jamoat tashkilotlari orasida ishchi dehqon va askar deputatlari Kengashi katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lib, aholi barcha masalalarni hal qilish uchun ularga murojaat qilar edi. Chunki Jizzax shahrida fevral inkilobi tufayli tuzilgan Muvaqqat hukumat ijroiya qo‘mitasi amaldorlarining asosiy qismi xalqni ilgari ekspluatatsiya qilgan. 1916-yilda Jizzaxda mardikor olishga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonga qatnashgan kishilardan ayovsiz o‘ch olgan podsho ma’muriyati va mahalliy amaldorlar tashkil etar edi. Bular orasida Turkiston general-gubernatorligi tomonidan tayinlangan Jizzax uyezd hokimi, polkovnik V.N.Ryabushkin, uning muovini podpolkovniklar S.Afanasev, N.Fon ijroiya qo‘mitasida yuqori lavozimlarida ishlamoqda edilar.1 Bundan norozi bo‘lgan Jizzax aholisi 1917-yil aprel oyida bu shaxslarni darhol o‘z lavozimlaridan olib tashlash haqida Muvaqqat hukumatning Toshkent shahridagi qo‘mitasiga norozilik xatlarini yo‘lladilar97. Bu davrda Jizzax shahri va uning atrof qishloqlarida istiqomat qilayotgan kishilar o‘rtasida ham va tanglik tobora kuchayib bormoqda edi. Chunki aholiga solinayotgan soliqlarning ko‘paytirilishi ham ijtimoiy tanglik va iqtisodiy inqiroz jarayonlarining zo‘rayishiga olib kelmoqda edi. Muvaqqat hukumatning idoralari tobora obro‘sizlanishi sababli bolsheviklar Jizzaxda ham hokimiyatni har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, qo‘lga olishlari uchun qulay sharoit yuzaga keladi. Jizzaxda hokimiyatning ishchi-dehqon va askar deputatlar Kengashi qo‘liga o‘tishi munosabati bilan harbiy qismlarning askar va zobitlari ham barcha harbiy qo‘shinlarda bo‘lgani kabi o‘z qo‘mondonlariga bo‘ysunmay qo‘ydi. Jizzax garnizonidagi ko‘plab askar va zobitlar o‘z yurtiga va oilasiga jo‘nab ketishdi. Ular bilan birga shaharda istiqomat qilayotgan rus millatiga mansub kishilarning ham ommaviy ko‘chib ketishi yuz berdi. Ishchi, dehqon va askar deputatlari Jizzax shahar Kengashi 1917-yil 30-iyulda Jizzax temir yo‘l ishchilari va xizmatchilaridan iborat o‘z bo‘limini tuzdilar, boshqa joylarda ham hokimiyatni qo‘lga olishga harakat qildilar.
1917-yil oktabr to‘ntarishi yuz bergach, butun Rossiyada bo‘lganidek, Toshkent va Jizzax shahrida ham muvaqqat hukumat ag‘darilib tashlandi va yangi sho‘rolar hukumati tashkil topdi. 1917-yilning 2-dekabrida Jizzax shahar ishchi va soldat deputatlari Kengashi Turkiston o‘lka Xalq Komissarlari Kengashiga Jizzax shahari va uyezdida hokimiyat ishchi, soldat va dehqon Kengashiga o‘tganligini xabar qildi. Jizzax uyezdi ijroiya qo‘mitasi raisligiga Ne’matilla Qarshiboyev saylandi. Uezd ijroiya qo‘mitasida tashkiliy ishlarni yaxshilashda Abdusattor Mirzakarimov va Abdulla Quljonov kabilar samarali mehnat qildilar. 1918-yil yanvar oyida Jizzax uyezdida hokimiyat butunlay sho‘rolar qo‘liga o‘tdi. Shahardagi paxta tozalash, ohak zavodlari, hunarmandchilik korxonalarida ishchi nazorati o‘rnatildi. 1918-yil 30-yanvar sonida «Nasha gazeta»si G‘allaorol, Jizzax, Forish, Zomin, Baxmal tumanlaridagi butun hududlar ishchi, dehqon va soldat deputatlari Kengashi qo‘lga o‘tganligi munosabati bilan tabrik rezolyutsiyasini e’lon qildi. Jizzax uyezdida 1918-yili partiya qo‘mitasi, yoshlar qo‘mitasi tuzilib, aholi o‘rtasida keng tashviqot-targ‘ibot ishlari olib borildi.
1918-yilning may oylarida G‘allaorol, Forish, Zomin va Jizzax tumanlarida ham yer-suv islohotini o‘tkazish qo‘mitalari tuzildi. 1920-yilda Jizzaxda «Qo‘shchi» uyushmasi tuzilib, unga Numonqori Oxunov rais etib saylandi98.
Stalinning olib borgan qatag‘on siyosati ko‘plab fidoiy, vatanparvar yurtdoshlarimizning yostig‘ini quritdi. 30-40-yillardagi qatag‘onning qonli to‘foni Jizzax viloyatini ham chetlab o‘tmadi. Qatag‘on yillari ko‘zga ko‘ringan rahbar xodimlardan Haydarbek Abdujabborov, Orif Olimjonov, Bayza Mirazimov, Tursunxo‘ja Valixo‘jayev, Rizoqul Yo‘ldoshev, Haydarqul Yuldoshev, Mullaisoq Haydarqulov, Mamadali Haydarov, Urdushbek Salimov, Abduqahhor Botirbekov, Bozorbek Tursunqulov, Murtoza Haydarov, Xudoyor Shodibekov, Hojimamat Qurbonov, Azim Safarbekov, Mirzasalim Rahimov singari rahbar xodimlar va Ankaboy Xudoybaxtov singari yozuvchi hamda fan arboblari nobud bo‘ldilar99.
1941-yil 22-iyun kuni fashistlar Germaniyasi SSSR hududiga xoinlarcha bostirib kirdi. Urush haqidagi mash’um xabar O‘zbekistonning hamma yerlarida bo‘lganidek, Jizzax muzofotida ham yashin tezligida tarqalib ketdi. Shahar va qishloq aholisi o‘zlarini frontga safarbar etilgan deb bildilar. 1941-yil 22-iyun kuni Jizzax shahrida ko‘p ming kishilik miting bo‘lib o‘tdi. Mitingda Jizzax tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Otaulla Oxunboboyev nutq so‘zladi100. Urushning dastlabki kunlaridanoq urushga otlanganlar orasida Jizzax ohak zavodining ishchilaridan Nurulla Fattoxov, Abdurahmon Toshpulatov, Said Ashurov, Vasiliy Yakovlev, Stepan Ivanov, Viktor Zaxarov, shuningdek, gallaorollik Uzoq Murodov, Norbek Haydarov, Nurbek Mahmudov, Toshpo‘lat Keldiyorov, Fayzi Boboyev, Yo‘lchi Ortiqov, G‘aybulla Hamroyev va boshqalar bor edi. Viloyatdan juda ko‘plab xotin-qizlar ham ko‘ngilli bo‘lib, frontga jo‘nashga azmu qaror qildilar. Ko‘ngillilar orasida jizzaxlik Anna Tulaykova, Antonina Popova, Buvirajab Bektagirova, Yelizaveta Dublyajenko singari jasur ayollar bor edi101. Jizzax vohasida ham urush yillarida O‘zbekiston yoshlar uyushmasining tank qurish uchun mablag‘ to‘plash tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, 16 million 831 ming sum pul yig‘ildi. Jizzax viloyati tumanlarida mudofaa fondi uchun jamg‘armalar to‘plash amalga oshirildi. Bundan tashqari, Jizzax tumani 1944-yili fashistlar zulmidan ozod qilingan tumanlarga 315 sentner go‘sht, 120 sentner don, 140 bosh qoramol, 2 million sum mablag‘ jo‘natdi. Jizzaxlik jangchilar Moskva, Leningrad, Stalingrad, Kiyev, Minsk shaharlarida fashistlarga qarshi janglarda mardlik ko‘rsatib jang qildilar. Praga, Belgrad, Budapesht, Vena shaharlarini ozod qilishdi. Berlin, Kenisberg shaharlarini zabt qilishda faol qatnashdilar. Bu janglarda G‘aybulla Hamroyev, Urol Axmedov, Xolmat Jurayev, Arslon Sultonov, Uzoq Murodov, Semyon Antonov, Temir Boboyev singari jasur jangchilar faol ishtirok etdilar102.
O‘zbekiston Respublikasida 1984-1990-yillarda amalga oshirilgan «O‘zbeklar ishi» va «Paxta ishi» deb atalgan uydirmalar va juda ko‘p shovshuvlar tufayli amalga oshirilgan qatag‘onlik xalqimiz qalbida uzoq yillar saqlanib qoladi. Qatag‘onlik siyosati tufayli qamoqqa olinganlar orasida Jizzax viloyat partiya qo‘mitasining sanoat bo‘yicha kotibi P.Ismoilov, Zarbdor tumani partiya qo‘mitasining birinchi kotibi M.Umurzoqov, viloyat paxta tozalash boshqarmasi boshligi Q.Shodiyev, Paxtakor paxta tozalash korxonasi direktori F.Xudoyqulov, Jizzax paxta tozalash zavodi direktori R.Bustonov, Uchtepa paxta tozalash zavodi direktori I.Mo‘minov, Arnasoy tumanidagi sobiq Timoshenko davlat xo‘jaligi direktori A.Saidqulov, Zafarobod tumanidagi S.Raximov nomli davlat xo‘jaligi direktori B.Mallayev, Zarbdor paxta tozalash zavodi direktori A.Jurayev, Zarbdor tumanidagi 13-sovxoz direktori A.Ergashev, sobiq «Moskva» paxta tozalash zavodi direktori A.Xudoyberdiyev, «Moskva» (hozirgi X. Nosirov nomli) jamoa xo‘jaligi raisi A.Ergashev, bosh buxgalteri M.Qodirov, Jizzax yo‘l qurilish boshqarmasi boshlig‘i M.Mamatkulov va boshqa juda ko‘p kishilar bor edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Prezident I.A.Karimovning tashabbusi bilan qatag‘on yillarida nohaq qamalgan minglab kishilarning ishlari ko‘rib chiqilib, ular oqlandilar va ko‘plari o‘z vazifalariga qayta qo‘yildilar103.

Mustaqillik yillarida Jizzax viloyati, uning tasarrufidagi Jizzax shahrida mahalliy davlat hokimiyati isloh qilindi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Kompar- tiyaning Jizzax viloyat va shahar qoʼmitalari hukmronligidan xalos kilindi. Jizzax viloyati va Jizzax shahrida maʼmuriy-boshqaruv sohasidagi islohotlar Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʼzbekiston Respublikasining Mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish toʼgʼrisida"gi (1992 yil 4 yanvarь),,,Mahalliy davlat hokimiyati toʼgʼrisida"gi (1993-yil 2 sentyabrь), „Xalk deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylovlar tugrisida"gi (1999 yil 5 may) konunlari asosida amalga oshirildi. Jizzax viloyati hamda Jizzax shahrida mahalliy ijro xokimiyati organi sifatida hokimiyat va vakolat muddati 5 yil etib belgilangan hokim lavozimi taʼsis etildi. Oʼzbe- kiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan 1992 yilda E.Tursunov Jizzax viloyati hokimi etib tayinlandi. Jizzax viloyati hokimi qarori bilan Аhmad Soatov Jizzax shahar xokimi etib tayinlandi. Jizzax viloyati hokimining va Jizzax shahar hokimining devonlari (apparatlari)- hoki- miyatlar tuzildi. 1994 yil dekabrь oyida Jizzax viloyati, uning tasar- rufidagi shahar va tumanlarda, jumladan, Jizzax shahrida Xalk deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga koʼppartiyaviylik, mukobillik asosida saylovlar boʼlib oʼtdi va 5 yil muddatga deputatlar saylandi. Natijada Xalq depu- tatlari Jizzax shahar Kengashi tuzildi va mazkur Kengash Jizzax shaxrida davlat hokimiyatining vakillik organi sifatida faoliyat boshladi. Shu tariqa, Jizzax shahar hokimi fakat ijro hokimiyati organlarigagina emas, shuningdek, shaharning vakillik organi — Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashiga ham rahbarlik kilmokda.




Download 248 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling