Garovga qo‘yilgan mol-mulk yo‘qotilgan yoki yetishmagan taqdirda, lombard, garov biletida ko‘rsatilgan baholash summasiga muvofiq uning qiymatini mol-mulkning egasiga qaytarishi shart. Garovda ushlab turilgan mol-mulkka zarar yetkazilgan hollarda, lombard, yetkazilgan shikast yengib bo‘lmaydigan kuch oqibatida yuz berganligini isbotlay olmasa, garovga qo‘yuvchi mulkdorga taraflarning kelishuvi bilan belgilangan lekin garov biletida ko‘rsatilgan mol-mulkning qiymatidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lab berishi shart.
Kreditni so‘ndirguncha garov sifatida taqdim etilgan mol-mulkni garovga oluvchi sotishi mumkinmi?
Kredit summasi belgilangan muddatda qoplanmaganligi taqdirda, lombard, notariusning ijro yozuvi (ijro etish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi tartibot hujjati) asosida imtiyozli bir oylik muddati o‘tganidan so‘ng garov mol-mulkini sotishi mumkin.
+ Olish osonligi: garov mol-mulki va bir nechta hujjatlar kerak xolos;
+ Tezligi: kredit olish jarayoni uzoq vaqt talab qilmaydi;
+ Xatar (risk) pastligi: agar qarzni to‘lash imkoni bo‘lmasa, uning so‘ndirilishi garovga qo‘yilgan mol-mulkning hisobidan amalga oshiriladi, ushbu mablag‘ lombardning talablarini to‘liq qondirish uchun yetarli bo‘lmasa ham;
- Foiz: Lombardlar karzlarni juda yuqori foizda berishadi.
Lombardlar yana qanday xizmatlarni taqdim etadi?
Lombardlar shaxsiy iste'molga mo‘ljallangan fuqarolarning ko‘char mol-mulklarini saqlash uchun ham qabul qilishlari mumkin. Saqlash uchun mol-mulkni qabul qilishda, lambard mijozga shaxsiy saqlash kvitansiyasini beradi.
Lombardga topshirilgan narsa baholanishi va uning to‘liq baholangan summasiga muvofiq mijozning foydasiga sug‘urtalanishi lozim.
Mijoz ashyoni qaytarib olishdan bosh tortgan holatda, lombard ushbu ashyolarni uch oy muddat ichida saqlashi kerak. Uch oy o‘tgandan so‘ng talab qilib olinmagan ashyolarni lombard sotishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |