Mavzu: maktabda psixologik xizmat: muammolar va ularga yechim izlab…


Download 56 Kb.
Sana23.09.2023
Hajmi56 Kb.
#1686430
Bog'liq
Maktabda psixologik xizmat ;muammo va yechimlar


MAVZU: MAKTABDA PSIXOLOGIK XIZMAT: MUAMMOLAR VA ULARGA YECHIM IZLAB…

Doniyorova Gavhar Samandarovna
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani 12-umumiy o’rta ta’lim
maktabi amaliyotchi psixologi
+99891 454 4274

Keyingi yillarda inson ruhiyati bilan bog’liq muammolar nihoyatda ko’payib bormoqda. Ayniqsa ,o’smir yoshdagi bolalar orasida jinoyatchilik, giyohvandlik, suitsid kabi chuqur muammoli holatlar ko’plab uchramoqdaki, buni to’g’ri anglab yetgan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2018-yil avgust oyidagi 39/07 –sonli qarorni qabul qildilar. Zero, bu kabi muammolarning ildizi oila va maktabga borib taqalishi hech kimga sir emas. Tan olib aytish lozimki, bu mamlakatimiz psixologlari ko’pdan buyon kutayotgan loyiha edi. Chunki garchi shu paytgacha maktabda psixolog shtati mavjud bo’lgan bo’lsa-da, maktabda rahbar xodimlar tomonidan psixologga “yugurdak” sifatida qarash odat tusiga kirgandi (afsuski, bu holat hamon davom etmoqda). Buning sababi esa oddiy : maosh kamligi tufayli bu lavozimga sohadan mutlaqo yiroq, ko’p hollarda o’rta maxsus ma’lumotga ega bo’lgan va dars kamligi tufayli sohaga “qo’shimcha” ish sifatida qaraydigan kadrlar ishlardi. Natija esa ma’lum: hamma narsa faqat qog’ozda bo’lardi yoki o’lda-jo’lda bajarilar edi.


Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qaror sohaga sof mutaxasislarni qaytara oldi desam mubolag’a bo’lmasa kerak. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 577-sonli qarori esa sohadagi muammolarni bartaraf etishda sezilarli qadam bo’ldi deyish mumkin. Ammo ,afsuski, sohada muammolar hali talaygina. Keling, eng dolzarb masaladan boshlaymiz: psixolog yillik ish rejasida ko’rsatilgan vazifalarni qachon bajaradi? Hammasini darsdan keyin bajaradigan bo’lsa, bunga qanday ulgurish mumkin? Aytaylik, maktab amaliyotchi psixologining yillik ish rejasida “Maktabga moslashish jarayoni sekin kechayotgan va moslashmagan 1-sinf o‘quvchilariga guruhiy korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlarni o‘tkazish” bandi kiritilgan. Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, bu 3 yoki 4 ta mashg’ulot bilan korreksiya qilinadigan jarayon emas. Pedagogikada bolani tarbiyalashning izchillik, tizimlilik, uzviylik va uzluksizlik kabi bir qancha tamoyillari mavjud.. Bu tamoyillar bola ruhiyatini tarbiyalashda ham bevosita ishlaydi. E’tibor bergan bo’lsangiz, tarbiyalash deyilmoqda. Axir psixolog ham tarbiyachi- u bola ruhiyatining tarbiyachisi. Shunday ekan, yuqoridagi muammoni bartaraf etish uchun psixolog yil davomida turli mashg’ulotlarni olib borishi zarur. Mashg’ulotlar esa pedagogikaning yuqoridagi tamoyillari asosida uzviylik va tizimlilik tamoyillariga tayanib tashkil etilishi maqsadga muvofiq. Xo’sh, psixolog bu mashg’ulotlarni qaysi paytda tashkil qiladi? Kerak bo’lsa, topib olsin, deyishadi. Mana muammoning ildizi qayerda! Psixolog mashg’ulot o’tish uchun sinf rahbari yoki fan o’qituvchisiga yalinadi yoki uning biror “ishi” chiqib qolishini kutadi. 1-sinf o’qituvchilari dars soatini osonlikcha bermaydi. Albatta, ular ham haq. Axir bu davr ular uchun ham bolani yo yuzaga chiqarish yo butunlay qoloqlikka mahkum bo’lish davri bo’lishi mumkin. Darsdan keyin o’tish mumkin-ku deysizmi? To’g’ri, mumkin. Ammo mamlakatimizda juda ko’p maktablar ikki smenada ishlaydi. Ertalabki sinflar darslari tugashi bilan tushdan keyin o’qiydigan o’quvchilar xonani egallab olishadi. Bunday maktablarda aksariyat hollarda xonalar yetishmaydi. Hatto psixolog uchun alohida xona mavjud emas. U yo yoshlar yetakchi yoki MMIBDO’ ning torgina xonasida ishlaydi. Bunday xonada mashg’ulot o’tish uchun tabiiyki shart-sharoit bo’lmaydi. Faqat bir smenada ishlaydigan maktablarda ham darsdan keyin xonalarni fan o’qituvchilari to’garak mashg’ulotlari uchun band qilishadi. Men faqat bittagina band misolida tushuntirib o’tdim. Ehhe, bunday bandlar yillik ish rejada “tiqilib yotibdi”. Bunday vaziyatda psixolog aytilgan band yuzasidan imkon topib 1 yoki 2 ta mashg’ulot o’tib qo’ya qoladi. Ba’zida esa hammasini qog’oz “gapiradi” . Natija esa ma’lum. Masalan boshqa tomoni ham bor. Darsdan keyin tashkil etiladigan mashg’ulotlarga o’quvchilar ixtiyoriylik nuqtai nazaridan munosabatda bo’lib, imkon qadar uyga ketish uchun bahona qidirishadi. Umuman olganda, ular ham haq. Axir 5-6-soat darsdan qorinlari ham “hushtak chalib” turadi-da. Boshlang’ich sinf o’qituvchilari esa bunday paytda aynan psixolog shug’ullanishi lozim bo’lgan o’quvchilar bilan qo’shimcha mashg’ulotlar tashkil qiladilar. Bu ham ularning ish rejasiga muvofiq, albatta. Bundan tashqari Doimo “bo’sh” qolgan dars soatlari o’rniga psixolog darsga kirishiga ko’nikib qolgan o’quvchilar ulardan olinayotgan psixologik metodikalarga ham mutlaqo jiddiy qaramay qo’yishadi va berilgan topshiriqlarni yo “ shunchaki” bajarishadi yo yonidagi partadoshining javoblarini ko’chirib qo’ya qolishadi (xuddi fan o’qituvchilari oladigan test javoblarini ko’chirgani kabi). Albatta, bu psixologning mahoratiga ham bo’g’liq. U olinayotgan metodikaning ahamiyatini to’g’ri tushuntirib bera olishi zarur. Ammo hamma ham bunday qobiliyatga ega emas. Natijada olingan tahlillar ko’zlangan natijani bermaydi. Bu kabi muammolar nafaqat sifat samaradorligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, balki ichki yashirin muammolarning yuzaga chiqishiga ham to’sqinlik qiladi.
Xo’sh , muammoni qanday bartaraf qilish mumkin deysizmi? Oddiy : maktabda psixolog uchun hech bo’lmaganda har bir sinf uchun 0,5 soatdan dars soati ajratilishi zarur. Hech bo’lmaganda, dedim. Chunki 9-11-sinf o’quvchilari uchun bu kamlik qiladi. Ha, psixolog uchun dars soati ajratilishi zarur, hatto bu shtat hisobiga bo’lsa ham (ya’ni, o’tilgan dars soati uchun alohida pul to’lanmasa ham). Ko’pchilik dars soati ajratilishi zarur deganda, psixolog o’quvchilarga kirib psixologiya haqida dars o’tadi, yoki shunga o’xshash biron mashg’ulot o’tadi deb tushunadi. Yo’q, psixolog bu soatda yillik ish rejasida ko’rsatilgan turli psixotreninglarni tashkil qiladi, metodikalar o’tkazadi, psixoprofilaktik mashg’ulotlar va o’quvchilar bilish jarayonlarini rivojlantiruvchi mashg’ulotlar tashkil qiladi. Albatta , dars soatining ajratilishining o’zi muammoni hal qilmaydi. Buning uchun maktab amaliyotchi psixologlari uchun ishlab chiqiladigan yillik ish rejani ham tubdan o’zgartirish zarur. Yillik ish reja har bir sinf uchun alohida ishlab chiqilishi, har bir ko’rsatilgan psixologik metodika yoki trening mashg’ulotining matni bilan birga berilishi lozim. Chunki ba’zida yillik ish rejada ko’rsatilgan metodika yoki trening mashg’ulotini topish uchun bir necha oy o’tib ketadi. Sababi hozirgi kunda manbasi noaniq bo’lgan trening va metodikalar ijtimoiy tarmoqlarda nihoyatda ko’p va aksariyat hollarda psixologlar ularning qaysi biridan foydalanishni bilmay boshi qotadi. Albatta, men psixolog soati uchun ajratilgan soatlarda o’quvchilarni baholash kerak, degan fikrdan yiroqman. Har holda psixolog yomon xulqli o’quvchiga ikki, yaxshi xulqli o’quvchiga besh baho qo’yishi mantiqqa zid. Bu soatlarda xuddi to’garak soatlari yoki ma’naviyat soati kabi faqat davomat olinadi, xolos. Qolgani reja bo’yicha tashkil qilinaveradi. Psixologning butun maktab miqyosida va pedagog o’qituvchilar bilan olib boradigan faoliyati yuzasidan alohida ish reja ishlab chiqilishi lozim.
Maktabda psixolog soati tashkil qilinishing boshqa afzalliklari ham bor. Masalan, respublika miqyosida olganda har bir psixolog uchun taxminan 400-500 o’quvchi soni to’g’ri keladi. Bir qaraganda katta raqam emas. Ammo 400-500 o’quvchining har biri haqida ma’lumotga ega bo’lish , har biri haqida xulosa bera olish anchagina mushkul nazarimda. Ko’pchiligimiz , “xavf guruhi” o’quvchilari ro’yxatini shakllantirayotganimizda sinf rahbari, fan o’qituvchilari fikrlari va o’zimiz o’tkazgan 1-2-metodikaga tayanamiz ,xolos. Bunday vaziyatda barchasini ichida saqlovchi introvert xususiyatli o’quvchilar ko’p hollarda nazarimizdan chetda qoladi. Biroq psixolog o’zi har hafta darsga kiradigan o’quvchilarini yaxshi taniydi . O’quvchilarni chetdan kuzatish ,ular haqida mulohaza qilish, mulohazalarni aniqlashtirish maqsadida suhbat o’tkazish yoki biron metodikadan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ladi. Bu esa endigina paydo bo’layotgan muammoni aniqlash va u bilan kurashish yoki mutlaqo muammoning oldini olish imkonini beradi. Bundan tashqari agar bu soatlarda tez-tez stressning oldini olish,uni bartaraf etishga qaratilgan treninglar tashkil qilib turilsa, yana boshqa ko’pgina muammolarning kelib chiqishining oldi olingan bo’lar edi. Chunki bugungi kunda har bir bolada, har bir odamda ma’lum bir darajada stresslar mavjudki,o’z vaqtida bartaraf etilmasa, ular yig’ilib borib, bir kuni “portlash effekti”ni hosil qilishi mumkin. Bunday yordamga hozir har bir bola muhtoj, mazarimda.
Albatta, sohadagi muammolar shugina emas. Maktab amaliyotchi psixologlari faoliyatida ma’nan eskirgan, ba’zida esa mutlaqo mentalitet xususiyatlariga to’g’ri kelmaydigan metodikalar uchraydiki, ularni izohlashning o’zi alohida bir mavzu bo’la oladi. Masalan, “Qiziqishlar xaritasi”, “Kasbiy yo’nalganlikni tashxis qilish”, DDS, “Kasbiy ustanovkalarni aniqlash” kabi salkam 30 yildan beri har yili ish rejalariga “tirkab” qo’yiladigan metodikalar borki, ularda tilga olingan kasb turlarining salkam 30 foizi bugungi kunda deyarli mavjud emas, yana 40 foizi mutlaqo bugungi yoshlarni qiziqtira olmaydigan “omadsiz kishilar kasbi” sifatida taassurot uyg’otadi. Bunday metodika esa tabiiyki o’quvchilarni zeriktiradi va kutilgan natijani bera olmaydi. Ba’zi metodikalar esa to’g’ridan to’g’ri chet el metodikalari tarjimasi bo’lib, ba’zida o’ta g’aliz tarjimalarga ham duch kelib qolamiz. Mutaxassis psixologlar o’quvchilarga buni tushuntirib bera olishi mumkin , ammo sohada hali nomutaxasisis kadrlar ham anchagina. Men ularni ishlamaydi, degan fikrdan yiroqman. Hatto ba’zilari “mutaxassisman” deb keriladigan ba’zi kadrlardan afzalroq ham. Aytmoqchimanki, sohani hali to’liq tushunib yetmagan kadrlar bu kabi noaniqliklarni o’quvchiga tushuntira olmaydi va tabiiyki, bu soha obro’siga putur yetkazadi. Shu sabab yillik ish rejasidagi metodikalarni olim va professorlarimiz yana qayta ko’zdan kechirib, tahlil qilib, shundan so’nggina amaliyotga tadbiq etilsa, nur ustiga a’lo nur bo’lardi.
Xulosa qilib aytganda, maktab amaliyotchi psixologi ish faoliyatini to’g’ri tashkil qilish uchun yuqoridagi muammolar to’siq bo’lib turadi. Mening fikrimcha, buning yechimi psixolog o’z faoliyatini tashkil qilishi uchun alohida o’z soatiga ega bo’lishi lozim. Albatta, bu uning ishini biroz qiyinlashtiradi, mas’uliyatini ham oshiradi. Ammo samaradorlik ancha yuqoriroq bo’ladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR



  1. Prezident Shavkat Mirziyoyevning PQ-3907 sonli qarori. T.: 14.08.2018

  2. Vazirlar Mahkamasining 577-sonli qarori.T.: 12.07.2019

  3. J.Hasanboyev . Pedagogika. T.: 2004

  4. Z. Nishonova , Sh.T.Alimboyeva, M. V.Sulaymonov. Psixologik xizmat. Darslik.T.: 2013

Download 56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling