Mavzu: “Ma’naviyatshunoslik” fanining predmeti, uning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?


Download 25.84 Kb.
bet1/2
Sana12.08.2023
Hajmi25.84 Kb.
#1666629
  1   2
Bog'liq
“Ma’naviyatshunoslik” fanining predmeti, uning maqsad va v


Mavzu: “Ma’naviyatshunoslik” fanining predmeti, uning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
1. “Ma’naviyatshunoslik” fanining predmeti, uning maqsad va vazifalari.
2. “Ma’naviyatshunoslik” fanining prinsiplari, uning boshqa fanlar bilan aloqadorligi
3. Ma’naviyat , uning mazmun-mohiyati va unga bo‘lgan ehtiyoj
4. Ma’naviyat va ma’rifatning o‘zaro uyg‘unligi


Tayanch so’zlar: predmet, ma’naviyat, inson, yuksalish, predmet, obyekt, siyosat, falsafa, metodologiya, jamiyat, kategoriya, huquqshunoslik.
“Ma’naviyatshunoslik” fanining predmeti, maqsad va vazifalari
“Ma’naviyatshunoslik” fanining asosiy vazifasi komil insonni shakllantirishga asosiy hissani qo’shish bulib, bu fan xaldimizning bosh ma'naviy va madaniy merosiga asoslanadi. Zero, komil inson tushunchasi insonning iqtisodiy, siyosiy, ilmiy faoliyatlari bilan bog’lanib ketadi. Komillik xarakteri bilan durollangan shaxs jamiyatni barkamol qilib rivojlantiradi, o’zgartiradi. Insonlar faoliyatini ijobiy tomonlarga yetaklaydi.
Endi “Ma’naviyatshunoslik” fanining predmeti nima, degan savolga quyidagicha ta’rifni keltirish mumkin: “Ma’naviyatshunoslik” fani inson ruhiyatining shakllanish va rivojlanish qonuniyatlarini ilmiy tadqiq etuvchi, komil insonni tarbiyalash jarayonlarini o‘rganuvchi ijtimoiy fandir. Demak, “Ma’naviyatshunoslik” fani inson, uning kamoloti bilan bog‘liq barcha munosabatlarni o‘rganuvchi insonshunoslik fanidir.
Ushbu fanni “Ma’naviyat”, “Ma’naviyatshunoslik”, “Insonshunoslik” deb ham atash mumkin. Ammo, rasmiy “Ma’naviyat asoslari” deb nom qo‘yildi.
Bu nomning qo‘yilishida o‘ziga xos ma’no bor. Ma’naviyat asoslari deyilishining boisi xalqimizning chuqur ma’naviy ildizlarga ega qadimiy xalq ekanligiga ishora, urg‘u berishdir.
Ma’naviyatshunoslik fani quyidagilardan iboratdir:
Birinchi asos – xalqimiz tomonidan yaratilgan yozma va og‘zaki ijodiyot namunalari (bunda “Avesto”, “Fozil odamlar shahri”, “Devon ul lug‘otit turk”, “Qutadg‘u bilig”, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” kabi asarlar nazarda tutiladi).
Ikkinchi asos – xalq ma’naviyatining sarchashmalari bo‘lgan milliy an’analar, urf-odatlar, hikmatlar, askiya va boshqa ijod turlaridan komil insonni tarbiyalashda unumli foydalanish.
Uchinchi asos – umuminsoniy qadriyatlarga aylangan jahon intellektual mulki (Biz Aristotel, Pushkin, Shekspir, Gegel kabi mutafakkirlarning ijodiyotini ham puxta o‘zlashtirishimiz kerak). Umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik bizni milliy biqiqlikdan saqlab qolib, milliy ma’naviyatni boyitishga undaydi.
To‘rtinchi asos – O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov va davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning asarlari. Ushbu asarlarda prezidentimiz milliy ma’naviyat nazariyasini yaratdi. Prezident asarlarini o‘rganish, ularni amaliyot dasturiga aylantirish nazariy va amaliy nuqtai nazardan o‘ta muhim vazifadir.
Beshinchi asos – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, Prezidentning farmon va farmoyishlari, hukumatimizning qarorlari va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar.
Ma’naviyat tushunchasi, uning mazmun va mohiyati
Bugunga qadar ma’naviyat tushunchasiga xilma-xil ta’riflar keltirilgan bo’lib, jumladan taniqli faylasuf A.Jalolov “Mustaqillik ma'suliyati” asarida “Ma'naviyat - insonning zot belgisi, uning faoliyatining ajralmas tarkibiy qismi, ongi, aql-zakovatining mahsuli”, - deb ta'riflagan. “Hayot falsafasi va falsafa hayoti” maqolasida bu ta'rifni yanada kengaytirib, mukammalroq tarzda quyidagicha ta'riflaydi: “Ma'naviyat – inson faoliyatining ruhiy mazmuni bo’lib, kishilar uning vositasida o’zlarini anglaydilar, jamiyatni, tabiatni, ularning mavjudligi hamda taraqqiyoti xususiyatlarini o’rganadilar, qonunlarini kashf etadilar va ularga tayanib, o’z turmush sharoitlari, amaliy faoliyatlari muammolarini hal etadilar”. Muallif o’z fikrini davom ettirib, ma'naviyatsiz hayotni qoronqi bir xonaga o’xshatadi.
Ko’rinadiki, bir muallifning o’zi ma'naviyatni ta'riflashga turlicha yondashadiki, bu ham ma'naviyatning ko’p qamrovli tushuncha ekanligini ko’rsatadi.
“Vatan tuyg’usi” kitobining mualliflari “Ma'naviyat - jamiyatning, millatning va yoki ayrim bir kishining ichki hayoti, ruhiy kechinmalari, aqliy qobiliyati, idrokini mujassamlashtiruvchi tushuncha”, - deb ta'riflaganlar.
Bundan tashqari bir qator olimlarimiz anjumanlarda qilgan ma'ruzalarida “ma'naviyat - insondagi axloq, odob, bilim, ilm, iymon, ixlos va insoniyat kamoloti uchun ijobiy ta'sir qiluvchi tizim yoki ma'naviyat - insonning aqliyaxloqiy, ilmiy, amaliy, mafkuraviy qarashlar yiqindisi hisoblanib, diniy va dunyoviy qarashlarining aks etish darajasidir”, deb ta'rif berib kelmoqdalar.
Abdurahim Erkayevning fikricha, “Ma'naviyat – insonning ijtimoiy-madaniy mavjudot sifatidagi mohiyatidir, ya'ni insonning mehr-muruvvat, adolat, to’g’rilik, sofdillik, vijdon, or-nomus, vatanparvarlik, go’zallikni sevish, zavqlanish, yovuzlikka nafrat, iroda, matonat va shu kabi ko’plab asl insoniy xislatlari va fazilatlarining uzviy birlik, mushtaraklik kasb etgan majmuidir”.
Ma'naviyat muammosi bilan anchadan buyon shug’ullanib kelayotgan olimlarimizdan biri M. Imomnazarov mazkur masalaga bag’ishlab ikkita kitob chiqardi. Muallif birinchi kitobida “Ma'naviyat inson qalbidagi ilohiy nur...”, - deb yozgan bo’lsa, ikkinchi kitobida “Ma'naviyat - inson qalbida, ko’ngil ko’zgusida aks etgan haqiqat nuridir, deyilgan ta'rif darhaqiqat, so’fiyona ramziy ta'rifdir, zotan boshqacha ta'rif bu cheksiz mohiyatni cheklab qo’yadi”, - deb yozadi.
Erkin Yusupov insonda mavjud bo’ladigan hamma xislatlar emas, balki ijobiylarigina ma'naviyat bo’la olishini ko’rsatib: “Ma'naviyat - inson axloqi va odobi, bilimlari, iste'dodi, qobiliyati, amaliy malakalari, vijdoni, iymoni, e'tiqodi, dunyoqarashi, mafkuraviy qarashlarining bir-biri bilan uzviy boqlangan, jamiyat taraqqiyotiga ijobiy ta'sir etadigan mushtarak tizimdir”, - deb ta'riflaydi.
Albatta, yuqorida keltirilgan fikrlarning hammasida ham ma'naviyatning ko’pgina qirralari o’z ifodasini topgan va ularda mualliflar o’zlarining nuqtai nazarlarini bildirganlar, ammo ularda inson salohiyatini o’stirish masalasi e'tibordan chetda qolganligi ko’rinadi. Hali yana ko’plab olimlarimiz ma'naviyat tushunchasiga o’z munosabatlarini bildiradilar va ana shu bildirilgan turli fikrlar asosida umumiy mukammal ta'rif shakllanadi, degan umiddamiz.
Haliga qadar ma'naviyat tushunchasiga mukammal ta'rif shakllanmaganligi sabab uning keng qamrovli, murakkab va ayni vaqtda “soda” tushuncha ekanligida. Ma'naviyat ko’proq insonning ichki, botiniy, yashirin dunyosini aks ettirishdir. Inson ichki, botiniy dunyosi esa gavhar to’la tubsiz dengiz singaridir. Bu dengizdan qancha gavhar olsangiz tugamagani singari inson ichki dunyosi ham tubsiz, rang-barang tarzda namoyon bo’ladi. Inson qalbiga, botiniy dunyosiga qanchalik chuqur kirib borsangiz, shunchalik turli-tumanlik bilan toblanib, o’zining yangidan-yangi qirralarini namoyon etadi. Mana shuning uchun ham ma'naviyat tushunchasiga mukammal, har taraflama to’liq ta'rif berish mushkulroq.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ma'naviyat – insonning ruhiyatini, uning o’z-o’zini anglashi, didi, farosati, adolat bilan razillikni, yaxshilik bilan yomonlikni, go’zallik bilan xunuklikni, vazminlik bilan johillikni ajrata bilish qobiliyatini, aql-zakovatini, yuksak maqsad va g’oyalarni qo’ya bilish, ularni amalga oshirish uchun harakat qilish va intilish salohiyatidir, - deb ta'rif berish o’rinli deb hisoblaymiz. Albatta, bu ta'rif eng oxirgi, qiyomiga etgan, mukammal deb, aytishimiz mumkin emas.
Ma’naviyatning jamiyat hayotida tutgan o’rni
Ma’naviyat – ajdodlarni avlodlarga, o‘tmishni bugunga, bugunni esa kelajakka bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi. U ota-bobolarimiz to‘plagan jamiki yaxshi fazilatlar va xislatlar, qadriyatlar va an’analarning majmui, qolaversa, ajdodlarimiz to‘plagan tarixiy-ijtimoiy tajriba va barcha qarashlarni o‘zida mujassam etadi.
Tariximizning boyligi va buyukligi, avvalo, xalqimizning yuksak ma’naviyati va ma’rifati bilan bog‘liqdir. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyotiga, xususan, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatning yuksalishiga ulkan hissa qo‘shganlar. Temuriylar, Boburiylar tomonidan yaratilgan buyuk saltanatlar, ular rahnamoligida barpo etilgan muhtasham tarixiy obidalar bugun ham xalqimiz dahosining yorqin namunalari sifatida dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda.
Inson kamoloti va yuksak ma’naviyati haqida gap ketganda, ijtimoiy muhit haqida ham fikr yuritish joiz. Chunki qadimda ota-bobolarimiz o‘z farzandlari tarbiyasi masalasiga katta mas’uliyat, jiddiy e’tibor bilan yondashganlar. Masalan, bola tarbiyasi bilan asosan diniy-dunyoviy ilm sohasida oqila enagalar yoki ilm-ma’rifatda katta obro‘-e’tiborga ega ustoz-murabbiylar shug‘ullangan. Dono xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan ibratli so‘zlar bejiz aytilmagan. Ya’ni, har bir shaxsning o‘sib kamol topishida u yashagan oila muhiti, ustozlari va mavjud ijtimoiy sharoitlar muhim o‘rin tutadi.
Afsuski, eski tuzum zamonida ta’lim-tarbiya, ma’rifat va madaniyatga ikkinchi darajali sohalar deb qaraldi. “Ma’naviyat” so‘zining o‘zi tilimizda iste’moldan chiqarib yuborildiki, bu tushuncha zamiridagi qadriyatlarimizning o‘sha davrdagi ahvoli haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Tarix sinovidan o‘tgan haqiqat shuki, ezgu g‘oyalarga, ma’naviy merosga, an’analar va zamonaviy talablarga asoslanmagan har qanday davlat tizimi uzoqqa borolmaydi. Bu haqiqatni yetmish yilning nari-berisida patorat topgan sobiq ittifoqning qismati yaqqol isbotladi. Ayni vaqtda mustabid tuzum davrida xalqimizning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi poymol etilgani, ko‘hna tariximiz va muqaddas qadriyatlarimiz toptalgani, ma’naviy qaramlik ostida taqdirimiz jar yoqasiga kelib qolganini aslo unutib bo‘lmaydi.
Ma’naviyatning asosiy kategoriyalari
Ma'naviyat ham o’zining bir qator kategoriyalariga – tushunchalariga va rivojlanish qonuniyatlariga egadir. Uning tushunchalariga shaxsning o’z-o’zini anglashi, bilimdonlik, qalbi tozalik, saxiylik, samimiylik, xayrixohlik, iymonlilik, halollik, e'tiqodlilik, diyonatlilik, poklik, mehr-shafqatlilik, vijdonlilik, rostgo’ylik, adolatparvarlik, ota-onaga hurmat, oilaga sadoqat, vafodorlik, to’g’rilik va boshqalar; millatning vakili sifatida: milliy o’z-o’zini anglash, milliy g’urur, millatparvarlik, vatanparvarlik, millat taqdiriga nisbatan mas'uliyatni, milliy manfaat ustivorligini his etish, milliy til, milliy tarix, adabiyot, san'at, urf-odatlar, an'analar, qadriyatlar, davlat tizimiga hurmat, qonunlarga hurmat va itoatkorlik, vazminlik, o’z kasbining mohir ustasi bo’lish, mamlakat ichki va tashqi faoliyatidan xabardor bo’lish va uni qo’llab-quvvatlash, mamlakat ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy hayotida faollik va boshqalar kiradi.
Ma'naviyatning yuqorida keltirilgan tushunchalaridan ko’rinib turibdiki, ma'naviyat har bir insonning millat, jamiyat, davlat hayoti, insonlararo bo’ladigan va ijtimoiy hayotga nisbatan bo’ladigan munosabatlarini o’z ichiga oladi.
Yuqoridagilardan tashqari, ma'naviyatning boshqa bir qator tushunchalari ham bor. Bu yerda gap ularning hammasi ustida to’xtash haqida emas, balki ma'naviyatning ko’p qirrali, keng qamrovli ekanligi, u inson ongi, ruhiyati, ichki dunyosining salohiyati, hatti-harakatlari kabi bir qator masalalarni o’z ichiga olishini tushunib yetish haqida bormoqda. Ma'naviyatni chuqur tahlil qilishda ana shu ko’rsatilgan tushunchalarni uyg’un holda tahlil qilish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Ma’naviyatshunoslik” fanining metodologik asoslari
Ma'naviyat rivojlanishi ham ma'lum qonuniyatlarga tayanadi. Garchand bunday qonuniyatlar bir necha yo’nalish va jarayonlarni o’z ichiga olsa ham, ularni yirik guruhlarga ajratish mumkin.
Birinchi guruhga shaxs, millat yoki jamiyatning ichki salohiyati bilan bog’liq bo’lgan qonuniyatlar kiradi. Ya'ni shaxs, millat yoki jamiyatning ichki salohiyati mustahkam, zaminlari chuqur bo’lishi ma'naviyat rivojlanishining asosini tashkil qiladi. Agar ichki salohiyat nochor bo’lsa, shaxs barkamollik darajasiga, millatning o’z bir butunligini saqlashga va ayni paytda jamiyatning yuksak taraqqiyot pog’onasiga erishishiga salbiy ta'sir qiladi. Yana ham aniqroq qilib aytiladigan bo’lsa, ichki salohiyat asosiy tayanch va ob'ektiv zaruriyatdir. Ichki salohiyatning darajalari esa ob'ektiv va sub’yektiv omillar bilan bog’liq bo’ladi. Uning rivojlanishi ularning uyg’un holatda bo’lishini taqazo etadi.
Ichki salohiyatning mustahkam bo’lishi, tarixiy taraqqiyot bosqichi yoki shaxs shakllanish jarayoni qanday murakkab bo’lmasin, baribir zaruriy sharoitlar yuzaga kelgan paytda shaxs ma'naviy kamolotini va millatning yuksalishini ta'minlashga xizmat qilaveradi.
Ikkinchi guruh qonuniyatlariga shaxslar va millatlarning o’zaro munosabatlari jarayonida sodir bo’ladigan “o’zaro ta'sir” va “o’zaro boyitish” orqali namoyon bo’ladigan jarayonlar kiradi. Ya'ni shaxs ma'naviy kamoloti onadan tuqilishi bilan yuzaga kelmaydi. Xuddi shuningdek millat ham tarixiy taraqqiyotning ma'lum bosqichlarida boshqa xalqlar, millatlar bilan hamkorlik natijasida yuzaga keladi. Hech qachon shaxs, inson o’zgalarsiz yashay olmaganidek, millat ham boshqa millatlar, xalqlar bilan aloqa qilmasdan taraqqiy qila olmaydi, boz ustiga bugungi kunda dunyoda “sof” millat borligiga hech kim guvohlik yoki kafolat bera olmaydi. Jamiyat ham xuddi ana shu qonuniyat asosida rivojlanadi.
Ma'naviyat ana shu o’zaro munosabatlar va “ta'sirlar” asosida rivojlanib boradi. Bu jarayonda bir tomon ikkinchisiga nimanidir “beradi” va nimanidir “qabul” qiladi. Shunday qilib, ma'naviyat rivojlanishidagi “ta'sir” va “aks ta'sir” qonuniyati mavjud bo’lib, u ma'naviyatning rivojlanib borishini ta'minlashga xizmat qiladi.
“Ma’naviyatshunoslik” fanining ijtimoiy-gumanitar fanlar tizimidagi o’rni
“Ma’naviyatshunoslik” fani ijtimoiy fanlar tizimiga kiradi. Shu bois uning boshqa ijtimoiy fanlardan farqini anglash lozim. Fikrimizcha, “Ma’naviyatshunoslik” fani boshqa ijtimoiy fanlardan quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi.
1. Ma’naviyat insonning butun ruhiy olamini yaxlit tizim sifatida ifoda etuvchi ijtimoiy kategoriyadir. “Ma’naviyatshunoslik” fani esa ana shu butun, ya’ni ma’naviyat haqida yaxlit, umumiy tasavvurni shakllantiradi. Albatta, barcha ijtimoiy fanlar u yoki bu tarzda ma’naviyatni tadqiq etadi, uni boyitadi, ma’naviyatni rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Biroq “Ma’naviyatshunoslik” fanidan farqli o‘laroq, ma’naviyatni yaxlit bir tizim sifatida o‘rganmaydi. Demak, “Ma’naviyatshunoslik” fani butunni o‘rgansa, boshqa ijtimoiy fanlar uning qismlarini tadqiq etadi.
Madaniyat moddiy va ma’naviy madaniyat yoki ma’naviyatga bo‘linadi. Ma’naviyat, o‘z navbatida, quyidagi tarkibiy qismlarga bo‘linadi: a)ma’naviyat; b) ma’rifat; v) g‘oya; g) mafkura; d) amaliyot. Ma’rifat bilan deyarli barcha fanlar shug‘ullanadi.
Albatta, ko‘proq pedagogika fani shug‘ullanadi. Jurnalistlar, shoir-yozuvchilar, kasb yo‘nalishidan qat’i nazar, barcha sohalardagi olimlarni, hattoki jamoat va davlat idoralarining rahbarlarini ham ma’rifatchilar deyish mumkin. G‘oya, g‘oyashunoslik ham ma’naviyatning tarkibiy qismi. Bunyodkorlik g‘oyalari ma’naviy yetuklik mahsulidir. Ma’naviyat bo‘lmagan joyda g‘oyaviy bo‘shliq1 paydo bo‘ladi. G‘oyaviy bo‘shliqni esa faqat ilm, ma’rifat, ma’naviyat bilan to‘ldirish mumkin.
“Ma’naviyatshunoslik” fani mustaqillik yillarida paydo bo‘lgan “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” fani (1998-y.) bilan chambarchas bog‘liqdir. Qadimgi yunon faylasufi, “Siyosat” (“Politika”) asarining muallifi Aristotel aytganidek, “Demokratiya yuksak ma’naviyat, tartib va intizom, o‘zaro burch va mas’uliyatga asoslangan boshqaruv tizimidir, ularsiz demokratiyadan xavfliroq narsa yo‘qdir”. Bundan ko‘rinadiki, demokratiya bo‘lishi, uinsonlarga xizmat qilishi uchun eng avvalo jamiyatda yuksak ma’naviyat bo‘lishi zarur. Yuksak ma’naviyat – demokratiya poydevoridir. Boshboshdoqlik, so‘z mas’uliyatining yo‘qligi, haqiqatni xarxillashtirish, istalgan narsani qilish, umumiy mas’uliyatsizlik – antidemokratiyadir. Shunday ekan, ma’naviyatsiz jamiyatni demokratlashtirib, liberallashtirib (erkinlashtirib) bo‘lmaydi.
“Ma’naviyatshunoslik” fani huquqshunoslik fani bilan ham bevosita bog‘liqdir. Mustaqillik – o‘z yurtiga egalik qilish, o‘zini o‘zi boshqarish, o‘zini o‘zi himoya qilish, asrash, mustaqil ichki va tashqi siyosat olib borishdir. Mustaqillik – o‘zlikni anglash, yuksak ma’naviyat belgisidir. Shu bois mustaqillikni mustahkamlash, uni siyosiy-huquqiy qadriyat sifatida baholash har bir O‘zbekiston fuqarosining ma’naviy burchidir. Har qanday huquq ma’naviyatga asoslanadi. Huquqiy munosabatlarimiz zaminida ma’naviyat yotadi. Ma’naviyat huquqiy munosabatlarning mezonidir. Jamiyatdagi qonunlarning sifati, xalqchilligi, adolatliligi ham oxir-oqibat ma’naviyatning (insonlarga foydalilik koeffitsiyenti) inson kamolotiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchanadi. Qisqa qilib aytganda, huquq ma’naviyatdan oziqlanadi, ma’naviyat esa huquqda o‘z himoyasini topadi.

Download 25.84 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling