Mavzu: Milliy iqtisodiyot rivojlanishida ijtimoiy omillarning roli
Download 86.5 Kb.
|
furqat
Mavzu: Milliy iqtisodiyot rivojlanishida ijtimoiy omillarning roli. 1. Ijtimoiy siyosatning mohiyati va asosiy yo‘nalishlari O‘zbekistonda shakllanayotgan va rivojlanayotgan bozor iqtisodiyoti fuqarolarning o‘z ilmiy-ijodiy, kasb qobiliyatlaridan samarali foydalanish imkoniyatini beruvchi iqtisodiy tizimdir. Ammo hamma ham bozor sharoitida mehnat qilib, daromad ko‘rishning keng imkoniyatlariga ega bo‘lavermaydi. Bundan tashqari aholining mehnat qilish yoshiga ytmagan va mehnat qobiliyatini yo‘qotgan toifalari g‘am mavjudki, bunday qatlamlarga mansublarni ijtimoiy himoya qilish zarurati tug‘iladi. Mazkur vazifani davlat va amalda faoliyat ko‘rsatayotgan turli ijtimoiy tashkilotlar bajaradi. Mamlaktimizda bozor islohotlarining dastlabki yillaridanoq davlat o‘z oldiga kuchli va ta’sirchan ijtimoiy siyosat yuritish vazifasini qo‘ydi. Bizningcha, bunday siyosatni yuritishning asosiy sabablari quyidagilardan iborat: - bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida tovarlarning narxi doimiy ravishda oshib, bu aholining turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Davlat hayotiy zarur mahsulotlarning ma’lum guruhiga qat’iy narx belgilash orqali turmush darajasi pasayishining oldini oldi; - O‘zbekiston aholisi tarkibida mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lmaganlarning ulushi yuqori hisoblanadi va ular doimiy ravishda davlatning moddiy yordamiga ehtiyoj sezadi; - islohotlar davrida yangi, bozor sharoitlarga moslasha olmasdan ba’zi korxonalar ish faoliyatini to‘xtatadi yoki samarasiz ishlayotgan korxonalar faoliyatiga barham beriladi. Bu ushbu korxonalar ishchi va xodimlarining ishsiz qolishiga olib keladi. Natijada ishsizlarni ijtimoiy himoyalash zarurati vujudga kelishi tabiiy. Davlat ijtimoiy siyosati amalda asosan ikki ko‘rinishda namoyon bo‘ladi: ijtimoiy himoya va ijtimoiy ta’minot. Ijtimoiy himoya mustaqillikning moddiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash va bozor islohotlarini amalga oshirish davrida O’zbekiston aholisini ijtimoiy va moddiy muhofaza qilish va milliy xo‘jalikda amal qiladigan iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy va hatto siyosiy chora-tadbirlar yig‘indisi bo‘lib, xususan, aholining yoshi, salomatligi, ijtimoiy holati hamda hayot kechirishning zarur vositalariga ega bo‘lmaganligi sababli yordamga muhtoj qatlamiga davlat va jamoat tashkilotlari va jamg‘armalarining yordami hisobanadi. Ijtimoiy ta’minotning asosiy maqsadi aholi turmush darajasini to‘xtovsiz oshirib borish, qashshoqlanishning oldini olish, aholi turli qatlamlari o‘rtasidagi ta’lim olish, madaniyat va san’at yutuqlaridan foydalanish, kasb malakasini oshirish va daromadlarni ta’minlash jihatidan tafovutlarni kamaytirish, inson taraqqiyotining uzluksizligini ta’minlab borishdan iborat. Ijtimoiy himoyaning asosiy shakllari erkin ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatni ta’minlash, ish bilan bandlik, o‘qish va ta’lim olish, daromadlarni kafolatlash, iste’molchilar huquqlarining himoyasi va iste’mol kafolatini ta’minlash, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholining kam taminlangan qatlamlariga turli imtiyozlar va tulovlar joriy etish kabilardan iborat. Rivojlangan, sanoati taraqqiy etgan mamlakatlarda ijtimoiy himoya tizimi takomillashgan bo‘lib, O’zbekistonda ham bu yo‘nalishda mustaqillik davrida qator ijobiy siljishlarga erishildi. Islohotlarning dastlabki yillaridanoq ijtimoiy himoyaning huquqiy asoslari yaratilib, uning asosiy tamoyillari Konstitutsiyada belgilab berildi. YAngi ish joylarini yaratish dasturlari, inflyatsiyaning oldini olish chora-tadbirlari, kichik va xususiy biznesning erkin faoliyati uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, atrof-muhitni himoya qilish tadbirlari, kadrlar tayyorlash milliy dasturining hayotga tadbiq etilishi, fuqarolar o‘z-o‘zini boshqarishining mahalla tizimini rivojlantirish, eng kam ish haqi miqdorining oshirib borilishi, davlat sektoridagi ishchi va xodimlar ish haqining oshirib borilishi, ijtimoiy himoya tizimining tarkibiy qismlariga aylanib bormoqda. Ijtimoiy himoya tizimi keyingi yillarda takomillashtirilib, aholini yalpi ijtimoiy himoya qilish tizimidan uning manzilli va maqsadli tizimiga o‘tildi. Bu tizimda mahallalar hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Mahalla tizimiga o‘tilgach, 1999 yilda ushbu tizim orqali kam ta’minlangan oilalarda jami 3 mln. kishi va ko‘p bolali oilalarda 6,5 mln. kishi (bu mamlakat aholisining qariyb 40 foizi) moddiy yordam olgan bo‘lsa, 2003 yilda bu ko‘rsatkich 44 foizdan oshdi. Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaning milliy dastur darajasiga olib chiqilishi bu tizimning muayyan yo‘nalishlariga har yili ustuvorlik berilishida ko‘rinadi. Ayollar, bolalar, qariyalar, ko‘p bolali oilalar, sog‘lom avlodni voyaga ytkazish maqsadlarida masalan, 1998 yil “Oila yili”, 1999 yil “Ayollar yili”, 2000 yil “Sog‘lom avlod yili”, 2001 yil “Bolalar yili”, 2002 yil “Qariyalarni qadrlash yili”, 2004 yil “Mehr-muruvvat yili”, 2005 yil “Sihat-salomatlik yili” va 2006 yil «Ҳomiylar va shifokorlar yili» deb e’lon qilindi va tegishli dasturlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda “O’zbekiston Respublikasi aholisini 2010 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan ijtimoiy himoya tizimining yangi kontseptsiyasi” ishlab chiqilgan bo‘lib, bundan keyin ijtimoiy himoya va ijtimoiy yordam nafaqa ta’minoti, bolalarga nafaqa to‘lash, yolg‘iz keksalarga xizmat ko‘rsatish, nogironlarni tibbiy anjomlar va dori-darmonlar bilan ta’minlash, ishsizlarni ishga joylashtirish va moddiy yordam ko‘rsatish shaklida amalga oshirilishi nazarda tutilgan. O’zbekistonda ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri davlat tomonidan, xususan, byudjet mablag‘lari hisobidan keksaygan, mehnatga layoqatsiz bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotganlarga moddiy, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish hisoblanadi. Bu davlat ijtimoiy ta’minoti tizimi bo‘lib, o‘z ichiga ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlarni qamrab oadi. Ijtimoiy ta’minot bevosita davlat va mahalliy budjetlardan ajratiladigan mablag‘lar, homiylar va boshqa manbalar mablag‘lari hisobidan amalga oshirilib, uning miqdori, tarkibi, yordam ko‘rsatish tartibi va yo‘nalishlari qonuniy belgilangan, an’analarga asoslangan va xalqaro tajribada sinalgan tartib-qoidalarga ko‘ra shakllanadi. Keksalik, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha nafaqalar hamda nogiron bolalarga, bolalikdan nogironlarga, ishlamagan yolg‘iz nogironlar va keksalarga belgilangan ijtimoiy to‘lovlar ijtimoiy ta’minotning asosiy shakllaridir. Qariya va nogironlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, nogironlarni “Muruvvat” uylariga, yolg‘iz qariyalarni “Sahovat” uylariga joylashtirish, muhtojlarni tibbiy anjomlar va xarakatlanish vositalari bilan ta’minlash, nogiron bolalarni o‘qitish va ishga joylashtirish, sanatoriy va dam olish uylariga imtiyozli yo‘llanmalar joriy etish, jamoat transportlarida yurish imtiyozlari berish, turar joy, soliq va maishiy xizmatlarning imtiyozli shakllarini joriy etish kabilar respublikamizda ijtimoiy ta’minotning keng tarqalgan ko‘rinishlari hisoblanadi. Ijtimoiy ta’minotning huquqiy asoslarida nafaqa ta’minotining davlat tomonidan kafolatlanganligi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, uning muhim tamoyillari 1993 yil 3-sentyabrda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiyasi ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunida ifodalangan. Unga ko‘ra nafaqalar miqdori mehnat staji va ish haqiga uzviy bog‘langan. Bugungi kunda qariyb 1,3 mln.ga yaqin nafaqadagilar va nogironlar 18 turdagi imtiyozlardan foydalanmoqdalar. Mustaqillik yillarida davlat ijtimoiy ta’minotidan foydalanuvchilar soni ortib borayotgan bo‘lib, bu o‘z navbatida iqtisodiyotning jadal rivojlanishini va shunga muvofiq davlat byudjeti daromadlarining oshirib borilishini taqozo etadi. Ijtimoiy himoya va ijtimoiy ta’minot tizimini takomillashtirish va bu sohada davlat boshqaruvini oqilona tashkil etish maqsadida tashkiliy-ma’muriy islohotlar ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, islohotlarning dastlabki bosqichida qator nodavlat va notijorat ijtimoiy jamg‘armalar tashkil etildi. 2001 yil 13 fevralda oldingi Mehnat vazirligi va Mjtimoiy ta’minot vazirligi birlashtirilib, uning negizida O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi shakllantirildi. Joylarda davlatning ijtimoiy ta’minot siyosatini yuritishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, 12 viloyat va Toshkent shahar Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmalari, 213 ta tuman va shahar ijtimoiy ta’minot bo‘limlari, 26 ta “Muruvvat” va 8 ta “Sahovat” uylari, Urush va mehnat faxriylari respublika pansionati, Toshkentda “Nuroniy”, Farg‘onada “Oltiariq”, Toshkent viloyatida “Tovoqsoy”, Namanganda “Kosonsoy” sanatoriylari, Nogironlarni tibbiy – ijtimoiy va kasb bo‘yicha sog‘lomlashtirish milliy markazi, 180 dan ortiq tibbiy-ekspertiza komissiyalari, 3 ta nogiron bolalar uchun kasb-hunar bilim yurtlari faoliyat ko‘rsatmoqda. O’zbekistonda aholini ijtimoiy himoyalashda davlat bilan bir qatorda bir qancha ijtimoiy jamg‘arma va tashkilotlar faoliyat olib bormoqda. Ijtimoiy jamg‘armalar fuqarolar yoki yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda mulkiy ulush qo‘shish orqalishakllantirilgan tashkilotlar bo‘lib, ularning asosiy maqsadlari xayriya, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy faoliyat yuritish orqali jamiyat ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qo‘shishdan iboratdir. Download 86.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling