Mavzu N14 Jaloliddin Manguberdi Vatan himoyachisi, uning harbiy jangsanʼati


Download 8.61 Kb.
Sana12.10.2023
Hajmi8.61 Kb.
#1700704
Bog'liq
Mavzu N14 Jaloliddin Manguberdi


Mavzu N14 Jaloliddin Manguberdi - Vatan himoyachisi, uning harbiy jangsanʼati.
Xorazmshohlar davlatining soʼnggi hukmdori, mohir sarkarda. Аnushteginiylardan. Xorazmshohlardan Muhammadning katta oʼgʼli. Onasi – Oychechak turkman kanizaklaridan boʼlgan. Jaloliddin burnida holi (mank) boʼlgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda oʼzgarib “Manguberdi” nomi bilan mashhur boʼlib ketgan. Jaloliddin voyaga yetgach, otasi uni Gʼazna, Bomiyon, Gʼur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha boʼlgan yerlarda hokim va taxt vorisi etib tayinlangan (1215). Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qatʼiy noroziligi sababli Qutbiddin Oʼzloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, oʼzining jasur jangchi, iqtidorli sarkardalik qobiliyatlarini namoyish etgan (qadimgi Irgʼis daryosi boʼyidagi jang).
Chingizxon boshchiligidagi moʼgʼul qoʼshinlari Movarounnahrga bostirib kirib birin-ketin shaharlarni egallab, Samarqandga yaqinlashganlarida xorazmshoh Muhammad Kaspiy dengizi boʼyida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Аshur ada orolidan panoh topgan. Ogʼir bemor boʼlgan Muhammad oʼgʼillarini yoniga chorlab, soʼnggi damda Jaloliddinni oʼz oʼrniga xorazmshoh etib tayinlagan. Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin Oʼzloqshohlar bilan birga Urganch mudofaasiga oshiqadi. Lekin Urganchdagi qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb eʼlon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi boʼldilar. Bundan xabar topgan Jaloliddin Manguberdi Temur Malik boshchiligidagi 300 kishilik suvoriylar bilan oʼz vatani – Xorazmni tashlab Xurosonga ketishga majbur boʼladi. Niso shahri yaqinida uni 700 nafar moʼgʼul suvoriysi kutardi. Jaloliddin Manguberdi shiddatli jangdan soʼng ularni tor-mor keltirib, Nishopurga keldi. Bu yerdan u barcha viloyat hokimlariga qarshi birlashishga daʼvat etdi, bir oydan soʼng Gʼazni tomon yurdi. Yoʼlda unga Hirot voliysi, qaynotasi Аminalmulk 10 ming kishilik qoʼshin bilan kelib qoʼshildi. Qandahorni qamal qilib turgan moʼgʼul qoʼshinlari bilan 3 kunlik jangda Jaloliddin Manguberdu ularni tor-mor keltirgan. U Gʼaznaga 1221-yil keldi. Bu yerda unga xalaj qabilasi boshligʼi Sayfuddin Igʼroq, Balx voliysi Аʼzam malik, afgʼonlar sardori Muzaffar malik, qarluqlar boshligʼi Hasan Qarluq kelib qoʼshildilar. Ularning har biri ixtiyorida 30 minglik qoʼshin bor edi. Jaloliddin Manguberdining oʼzidagi kuchlar esa 60 ming suvoriy edi. Jaloliddin Manguberdi Valiyon qalʼasini qamal qilayotgan Takajuk va Malgʼur boshchiligidagi moʼgʼul qoʼshiniga hujum qilib, 3 kunlik jangdan soʼng ular tor-mor keltirgan, 1000 dan ortiq moʼgʼul askari oʼldirilgan, omon qolgan qismi Panjshir daryosidan oʼtib, koʼpriki buzib tashlashgan. Bu Jaloliddin Manguberdining moʼgʼullar ustidan qozongan dastlabki yirik gʼalabasi edi.
Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu noʼyonni 45 minglik qoʼshin bilan joʼnatadi. Gʼazna yaqinidagi Parvon jangida Jaloliddin Manguberdi moʼgʼullar ustidan ajoyib gʼalabani qoʼlga kiritadi. Jangda harbiy taktika tarixida birinchi boʼlib, Jaloliddin dushman suvoriylariga qarshi ot yonida turib piyoda jang qilish uslubini qoʼllaydi. Moʼgʼullarning Ushbu jangdagi magʼlubiyati to shu vaqtgacha jiddiy zarbaga uchramagan Chingizxonning asosiy kuchini urushga solishi va harbiy harakat rahbarligini oʼz qoʼliga olishga majbur etadi. Biroq jangdan soʼng Jaloliddin Manguberdining lashkarboshilari oʼlja ustida oʼzaro janjallashib qolib, oqibatda Sayfuddin Igʼroq, Аʼzam malik va Muzaffar maliklar Jaloliddin Manguberdini tark etganlar. Jaloliddin Manguberdining yonida faqat Аminalmulk oʼz lashkari bilan qolgan, xolos.
Chingizxon katta qoʼshin toʼplab Jaloliddin Manguberdiga qarshi shaxsan oʼzi otlangan. Gʼardiz qalʼasi yaqinida Jaloliddin Manguberdi Chingizxon qoʼshinining ilgʼorini tor-mor keltiradi va kuchi ozligi sababli Sind (Hind) daryosi tomon chekinadi. Chingizxon qoʼshini Jaloliddin Manguberdini daryodan oʼtishiga imkon bermay qurshab oladi. 1221-yil 25-noyabrda boʼlgan tengsiz jangda (Sind daryosi boʼyidagi jang) magʼlubiyatga uchragan Jaloliddin Manguberdi 4000 jangchisi bilan Sindning oʼng sohiliga suzib oʼtib, choʼl ichkarisiga kirib ketdi (Bu choʼl hozirda ham choʼli Jaloliy deb ataladi). Chingizxon Jaloliddin Manguberdining bu jasoratidan hayratda qolib, oʼz oʼgʼillariga qarab: “Ota oʼgʼil mana shunday boʼlishi lozim!”, degan. Endilikda Chingizxon Oʼziga teng raqibga duch kelganini yaxshigina tushunib, Jaloliddinning katta kuch toʼplashiga xalaqit berish uchun barcha choralarni koʼradi.
Oradan bir necha kun oʼtgach, Jaloliddin Manguberdi qoʼshini soni 7 mingga yetdi. Unga Koʼlbars bahodir, Kabkuh va Saʼdiddin Аli ash-Sharabdor kabi lashkarboshilar oʼz kishilari bilan kelib qoʼshildi. Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonning notanish choʼlida och, juldur kiyimli jangchilari bilan sargardonlikda qoldi. Uning bu holidan foydalanmoqchi boʼlgan Shatra viloyati rana (shoh) si Jaloliddin Manguberdiga hujum qilgan. Jaloliddin Manguberdining merganlik bilan otgan kamon oʼqidan rana halok boʼladi, qoʼshini esa parokanda boʼlib qochadi. Jaloliddin Manguberdi katta oʼljani qoʼlga kiritadi. Bu gʼalabadan soʼng Sind, Uchcha, Moʼlton, Lohur va Peshavor hokimi Nosiriddin Qubacha (1205-1227)ning Nandana va Sakundagi noibi Qamariddin Karmoniy Jaloliddin Manguberdiga oʼzini xayrixohligini izhor etib, sovgʼa-salomlar joʼnatgan. Gʼiyosiddin Pirshohdan ajralib ketgan amirlardan Sanjoqonhon, Elchi pahlavon, Oʼrxon, Soyircha, Tekjoruq Xonkishilar oʼz lashkarlari bilan kelib Jaloliddin Manguberdiga qoʼshildilar. Jaloliddin Manguberdi Kalor shahri, Parosravar, Tarnuj qalʼalarini qoʼlga kiritdi. Mulklarining katta qismidan ajralgan Qubacha 10 ming otliq qoʼshini hamda mamluklar sulolasidan boʼlgan Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmishdan olgan qoʼshimcha kuch bilan Jaloliddin Manguberdiga qarshi jang qilgan, biroq magʼlubiyatga uchragan, uning xazinasi, qurol-yarogʼlari oʼlja tushgan.
Download 8.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling