Mavzu: Og’zaki nutq va yozuv, ularning psixofiziologik jarayonda rivojlanishi


Download 42.62 Kb.
Sana04.02.2023
Hajmi42.62 Kb.
#1159279
Bog'liq
Og’zaki nutq va yozuv, ularning psixofiziologik


Mavzu: Og’zaki nutq va yozuv, ularning psixofiziologik jarayonda rivojlanishi.


Insoniyat o’zining nisbatan qisqa tarixida juda ko’p narsalarga erishdi. Bugungi kunda inson jonli va jonsiz tabiatning mikroolam sirlariga tobora chuqurroq kirib bormoqda. Jamiyat qurishdagi subyektiv omilning o’rni muttasil ortib borishi bilan, falsafaning ijtimoiy taraqqiyot jarayonida inson omilining yetakchiligi haqidagi fikri o’z isbotini topmoqda.
Inson to’g’risida fikr yuritar ekanmiz, uning faoliyati ong bilan bog’langanligi shubhasizdir. Inson ongi juda murakkab va ko’p qirrali hodisadir.
U haqidagi qarash va tasavvurlar kishilarning turli hayot tajribalariga tayanib yondashuvi hamda talqin etishlariga bog’liqdir. Ongning falsafiy talqini inson ma’naviy va ruhiy hayoti namoyon bo’lishining barcha shakllarini birgalikda hamda yaxlitlikda olib tahlil qilish imkonini beradi.
Psixologlar fikricha, inson voyaga yeta borishi bilan bir qatorda ko’plab funksiyalar ong nazorati ostidan chiqib, avtomatik xarakter kasb eta boshlaydi. Vaqt o’tishi bilan esa bir qancha harakatlarni ongsiz tarzda, anglamagan holda bajara boshlaymiz. Bunday holat inson faoliyatining turli sohalarida, ularga ongning faol tarzda aralashishini, ya’ni qayta faoliyatni o’z nazoratiga olishi mumkinligini inkor etmaydi. [1. 205]
Biz ushbu ishda bolaning og’zaki nutqi va yozuvi, ularning psixologik rivojlanishi haqida o’z fikrlarimizni bildirib o’tamiz.
Ma’lumki, bolada og’zaki nutqni qabul qilish bola hayotining ikkinchi yilida boshlanadi. Natijada bolaning kattalar bilan amaliy muloqot jarayoni yuzaga keladi. Hayotining birinchi yilida bola doimiy ravishda unga aytilgan nutqni eshitadi. Birovning nutqini idrok etish bolaning eshitish qobiliyatini rivojlantiradi, so’zlarni mustaqil talaffuz qilishga tayyorlaydi. Ushbu amaliy tayyorgarlik bola hayotining ikkinchi yili o’rtalarida bolaga nutq tovushlarini takrorlashga hamda individual obyektlarni nomlashga imkon yaratadi. Bolada asta-sekin obyektlarni nomlash qobiliyati rivojlanib boradi.
4-5 yoshlarga kelib, bola kattalar bilan juda ko’p muloqotga kirisha boshlaydi. Bu yoshda uning nutqi boy va to’liq bo’ladi. Biroq har qanday ravon va yaxshi gapiradigan bola ham uzoq vaqt o’z nutqi alohida so’zlardan tashkil topayotganligini, bu so’zlarni hosil qilishda nutq apparatidagi qanday harakatlar amalga oshirilayotganligini bilavermaydi. Faqat bola maktabda – tilning grammatikasini o’rganishni boshlaganida yuqoridagilarga e’tibor qaratadi.
Bolada og’zaki nutq kattalar nutqiga “jonli bog’lanish ”orqali o’zlashtirilsa, yozish va yozishni rivojlantirish butunlay boshqacha yo’l bilan shakllanadi. Yozish maxsus ongli tayyorgarlik jarayoni, ongli harakat natijasidir.
Hammamizga ma’lumki, bolada yozma nutq dastlab aloqa-aralashuv vositasi sifatida foydalanish bilan boshlanmaydi. Boshlang’ich savodxonlikning birinchi davrida o’quvchi yozishning texnik asoslarini –so’zni tovushlarga aylantirish va ularni harflar bilan ifodalashga juda ko’p vaqt ajratadi. Faqatgina 1,5-2 yillik o’quv mashg’ulotlaridan so’ng yozuv asta-sekin aloqa vositasiga aylanib, bolaning yozish mahorati oshib boradi.
Rus psixologlari Morozova, Luriya, Mosiyava, Bojovich va boshqalar tomonidan olib borilgan kuzatishlar shuni ko’rsatadiki, og’zaki nutqi yaxshi rivojlangan 6-7 yoshli bola o’z nutqini tashkil etayotgan individual so’zlar va bu so’zlarni hosil qilayotgan tovushlarni osonlikcha ajratib bera olmaydi. Bunda bola faqat so’zning anglatgan ma’nosini tushunadi, lekin so’zning shakliy tomoniga e’tibor qaratmaydi. Agar bolalardan “Stolda ikkita olma va bitta nok bor” gapidagi so’zlarning sonini sanashni so’ralganda, ular ko’p hollarda: “Uchta: ikkita olma va nok!” deb javob beradi. Bola diqqatini gapning shakliy tomoniga qaratish uchun (o’qish va yozishni o’rganishda birinchi shart) bir qator maxsus texnik vositalarni qo’llash kerak:
- so’zni alohida talaffuz qilish;
- ovoz bilan tovushlarni alohida ajratish va. h.
Muayyan so’zlarni, ularning ketma-ketligini ajratib ko’rsatish vazifasi, shuningdek, so’z tarkibidan chalg’itish va uni tashkil etuvchi harflarni ajratib ko’rsatish zarurati bola uchun juda katta qiyinchilik tug’diradi. Shu sababli uzoq vaqt davomida boladan unga berilgan so’z qaysi tovush bilan boshlanishi yoki aytilayotgan tovushlar qaysi so’zni hosil qilayotganini tushunish kerak bo’lganda bola qiyinchiliklarga duch keladi. Jumladan, boladan soat so’zining qaysi tovush bilan boshlanayotganligini so’ralganda, bola tezkorlik bilan “so” deydi. Shuning uchun boshlang’ich savodxonlik mashg’ulotlarida bolaning e’tiborini so’zning ma’nosiga qaratish ko’proq vaqt talab etiladi. [2.14]
Savodxonlikning birinchi davrida bolada turli psixologik jarayonlar yuzaga keladi. O’quvchi birinchi marta o’qishni, yozishni boshlaganida, uning jonli nutqqa bo’lgan dastlabki munosabati butunlay o’zgaradi. Endi bola so’zning ma’nosini bevosita idrok etish o’rniga uning tovush tarkibini tahlil qilishi kerak. Ushbu tahlil bir qator bosqichlarga bo’linadi:
- harf bilan yozilishi kerak bo’lgan tovushni ajratib olish;
- yozilishi kerak bo’lgan tovushni tahlil qilish;
- ushbu harfni eslab qolish;
- har bir harfni topish;
- harflarni to’g’ri tasvirlab, so’zni yozish.
Bundan tashqari, har bir harfning imlosi alohida elementlarga bo’linadi. Harflarni tashkil etuvchi individual elementlarni yozib, o’qishni hamda yozishni o’rganishni endi boshlagan o’quvchi harfning har bir elementining to’g’ri yozilishini alohida ko’rib chiqadi. E.V.Guryanov o’z tadqiqotlarida ko’rsatganidek, ongli harakatlarning kombinatsiyasi natijasidagina bola yozishni o’rganadi. [2.17] Uning yozishga bo’lgan ko’nikmasi rivojlanib borgani sari asta-sekin yozuvining grafik ko’rinishi ham o’zgarib boradi. Natijada bola harflarni va so’zlarni osongina yozishni o’rganadi. Endi bola har bir tovush uchun uning to’g’ri grafik belgisini yozishda alohida diqqatini jalb qilmaydi, bola yozish operatsiyalarini o’z-o’zidan bajarishni boshlaydi, yozish jarayoni avtomatlashib, elementar yozuv aktlari birlashtirilib, yozma ravishda murakkab faoliyatga aylanadi. Bolaning ongli harakati yanada qiyin, yaxlit harakatlarga : so’zlarni, iboralarni ba’zida bir qator fikrlarni yozib olishga yo’naladi. To’liq ongli harakatlarning mahsuli bo’lgan jarayon –yozish jarayoni avtomatlashtirilgan, ko’pincha e’tibor berilmaydigan jarayonga aylanadi. Faqatgina alohida holatlarda, masalan, murakkab tovushli tuzilishga ega bo’lgan so’zlarni yozishda yoki yozilga matnni tekshirganda bola so’zni tovushlarga tizimli ravishda ajratishga qaytadi hamda bu ongli jarayonga aylanadi va bola endilikda yordamchi, ammo ongli bo’lmagan operatsiyalarni (ovozli tahlil, uning grafik tasvirini) aniq anglay boshlaydi.
Yozuv – murakkab mahoratning rivojlanishi umuman uning tarkibiy qismlari bo’lgan elementlarning birlashishiga, “yozma nutq” bilan almashinishiga olib keladi. Bolalar va kattalarda yozuv jarayonini sinchkovlik bilan tahlil qilish shuni ko’rsatadiki, ularning yozish jarayonlarining psixologik mazmuni, ya’ni o’ziga xos ruhiy jarayonlarda ishtirok etishi bir xil bo’lmaydi. Misol tariqasida birinchi sinf o’quvchisining yozuvini ko’rib chiqamiz. O’quvchi xatida so’zlarni diqqat bilan tinglab, tovush bilan pichirlab yozganligi anglashilib turadi. Buni yaxshi yozish qobilyatiga ega bo’lgan odamning tekis yozuviga solishtiramiz: uning yozuvida so’zlarni yozish jarayonida tinglash, tovushlarni pichirlab yozish muhim o’rin egallamaydi. Kattalarning xatida alohida harf elementlaridan tashkil topgan to’liq yozish ham kuzatilmaydi. Yaxshi yozish qobiliyatiga ega bo’lgan kishi bir vaqtning o’zida bitta vosita yoki qisqa kalit so’zlar bilan butun bir qator xatlarni yozadi. Borgan sari ko’proq yozish murakkab va umumlashtirilgan kinestetik sxemalarni ifodalashni boshlaydi (tanish so’zlarni yozishda, imzo chekishda). Demakki, insonda yozish ko’nikmasi oshishi bilan yozuv avtomatlashtirilgan mahoratga aylanib boradi.
Taniqli psixolog E.V.Guryanov o’z izlanishlarida yozish jarayoni bilan bog’liq ko’plab amaliy tajribalar olib borgan. Jumladan, Guryanov turli xil qobiliyatga ega bolalarni metall plastinka ustidagi qog’ozga yozdirgan. Bu metall plastinka maxsus apparatga ulangan edi. O’quvchilar tomonidan yozish jarayonida qilingan har bir bosim moslamada egri chiziqqa aylantirilgan. Natijada bitta so’z uchta o’quvchining yozuvida uch xil ko’rinishdagi egri chiziq qalinligida ifodalangan, ya’ni:

 
 
 1-rasm: 1-sinf o’quvchisida: yuqori egri chiziq;

 
 
 2-rasm: 3- sinf o’quvchisida: o’rta egri chiziq;


 
3-rasm: talabada: normal egri chiziq.
Yozishni endi boshlagan o’quvchi (1-sinf) uchun yozuv alohida izolyatsiya qilingan bosimlardan iboratligini ko’rish mumkin. Uchinchi sinf o’quvchisi uchun bu jarayon o’zlashtirila boshlanganini, talabada esa allaqachon o’zlashtirilib bo’linganligini kuzatamiz.
Yuqoridagi egri chiziqlarni, qiyoslashlarni ko’rib chiqish orqali insonda yozma jarayon psixofiziologik rivojlanishning ketma-ket bosqichlarida qanchalik o’zgarib borishini ko’rish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, yozish mahorati murakkab aqliy faoliyat, uning individual aloqalari ko’pincha aniq tushunilmaganligi sababli yozish jarayonining psixologik tarkibini tahlil qilish juda murakkab. Tajribali kuzatuvchilar ham vizual yoki motorli tasvirlarni yozishda insonning yozuvi qanday rol o’ynashini, yozilgan matnning “shivirlashini” yoki yozib olinadigan materialning nozik ovozli tahlilining ahamiyati nimada ekanligini aniq ayta olmaydi. Shuning uchun yozish jarayonlarining psixologik tarkibini diqqat bilan o’rganish juda muhimdir. Bu esa bizga bolaning, ya’ni o’quvchining yozish jarayonida nimalar qiyinchilik tug’dirayotganligini va bu qiyinchiliklarni bartaraf etishning usullarini ishlab chiqishimizga yordam beradi.
 


Foydalanilgan adabiyotlar:


1. Назаров К ва бошкалар. Фалсафа асослари. -Т.: Узбекистон , 2005.
2. А.Р.Л урия. Письмо и реч. –М.: Аcадема, 2002.
Download 42.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling