Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti
2000-yildan
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi Farmoni bilan Toshkent Davlat universitetiga Milliy universitet maqomi berildi.
Milliylik maqomi universitet bitiruvchilari orasida yurtimiz nomini yuksaklarga ko'targan va hozirgi kunda ilm-fan ravnaqiga munosib hissa qo'shayotgan olimlarning borligi bilan mustahkamlanmoqda. Jumladan, universitetda tahsil olgan Oybek, Muxtor Avezov, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev, O'tkir Hoshimov kabi xalq yozuvchilari o'z ijodi bilan badiiyat xazinasini boyitishga munosib hissa qo'shdi.
Universitetdan Ozod Sharafiddinov, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Suyima G'aniyeva, Turg'un Azlarov kabi O'zbekiston Qahramonlari yetishib chiqdi.
Universitet fizika-matematika fakultetining bitiruvchisi Yu.A.Izrael 1978-1990 yillarda sobiq ittifoq gidrometereologiya va tabiiy muhit nazorati bo'yicha Davlat qo'mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. Iqlim o'zgarishlari haqidagi bilimlarni ommalashtirish va kuchaytirish hamda salbiy jarayonlar tarqalishini to'xtatish borasida olib borilgan ishlari uchun
2007 yilda Yu.A.Izrael Nobel mukofotiga sazovor bo'ldi.
Sportning shaxmat turi buyicha Milliy universitet talabasi R.Qosimjonov - jahon chempioni, S.Qayumov - Osiyo chempioni bo'lib yetishdilar.
O'zbekiston Fanlar Akademiyasida faoliyat yuritgan 13 ta Prezidentning 8 nafari universitet bitiruvchilaridir.
Universitetda yaratilgan 43 ilmiy maktab hozirgi kunda fanning turli sohalari rivojiga beqiyos hissa qo'shib kelmoqda. Ular dunyodagi matematika, fizika, kimyo, geologiya, biologiya, arxeologiya kabi tan olingan ilmiy maktablar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqdalar.
Bugungi kunda O'zMU o'quv jarayoni va ilmiy-tadqiqot sohalarini rivojlantirish uchun zarur bo'lgan yuksak salohiyatli professor-o'qituvchilar, zamonaviy moddiy-texnik asos va jahon miqyosida e'tirof etilgan ilmiy maktablarga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |