Mavzu: O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida


Download 77.68 Kb.
bet1/3
Sana11.03.2023
Hajmi77.68 Kb.
#1259524
  1   2   3
Bog'liq
Mavzu O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida-fayllar.org


Mavzu: O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida

O’ZBEKISTON DAVLAT JAHON TILLARI UNIVERSITETI
TARJIMONLIK FAKULTETI




Mavzu: O’ZBEKISTON XXI ASR BO’SAG’ASIDA


Bajardi: ___________.
Tekshirdi:__________.

Toshkent-2009

O’ZBEKISTON XXI ASR BO’SAG’ASIDA


Kuvayt Davlati Amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Saboh 21 iyul kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Toshkent aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kutib oldi.
Do‘rmon qarorgohida Kuvayt Davlati Amirini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Saboh shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Kuvayt davlat madhiyalari yangradi. Ikki mamlakat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Islom Karimov va shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning yakkama-yakka suhbatida O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlariga doir masalalar, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Islom Karimov mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Kuvayt O‘zbekistonning Fors ko‘rfazi mintaqasidagi eng yaqin va ishonchli sheriklaridan biri ekanini qayd etdi. Ushbu tashrif 2004 yilda bo‘lib o‘tgan al-Kuvayt sammitining mantiqiy davomi ekanini ta’kidlab, bu galgi muzokaralar ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamini yanada oshirib, yangi mazmun bilan boyitishiga qat’iy ishonch bildirdi.
Shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Saboh O‘zbekistonga taklif etgani uchun Islom Karimovga samimiy minnatdorlik bildirib, ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlarga oid barcha dolzarb masalalar, hamkorlikning hozirgi bosqichi va istiqbollari yuzasidan keng fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat yaratishini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Kuvayt xalqlari o‘rtasida ma’naviy yaqinlik bor. Xususan, Kuvaytda Movarounnahrning islom sivilizatsiyasi, jahon ilmi va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalariga katta hurmat-ehtirom bilan qaraladi. ISESCO tomonidan Toshkent 2007 yilda islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani xalqimizni qanchalik quvontirgan bo‘lsa, Kuvayt jamoatchiligi ham bu xabarni shunchalik katta xushnudlik bilan kutib oldi.
2004 yilda Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari”, 2006 yilda esa “O‘zbek xalqi hech qachon, hech kimga qaram bo‘lmaydi” asarlari Kuvaytda arab tilida nashr etildi. Bu O‘zbekiston va Kuvayt siyosat sohasida, xususan, xalqaro va mintaqaviy miqyosda tinchlik va barqarorlikka xavf soluvchi turli tahdidlarga qarshi kurashda jipslik va hamkorlik zarurligi borasida hamfikr ekanidan yorqin dalolatdir. Bu hamfikrlik ikki mamlakatning terrorizm va ekstremizmga, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi kurashishda, Afg‘onistondagi tiklanish ishlarida hamjihat harakat qilishga intilishida ham namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasida terrorizm, narkotik vositalar kontrabandasi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlikka oid bitim amal qilmoqda. Kuvayt Transafg‘on yo‘li loyihasiga ham katta qiziqish bilan qaraydi.
Mamlakatlarimizning ekologiya sohasidagi hamkorligini rivojlantirish ham juda dolzarb masala. Kuvayt suvdan tejamli foydalanish borasida katta tajribaga ega. Bu yo‘nalishdagi aloqalarni yanada rivojlantirish nafaqat suv xo‘jaligi, balki qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohalari, shahar infratuzilmalari uchun ham foydalidir. Tejamkorlik haqida gap ketganida masala o‘z-o‘zidan energetika sohasiga borib taqaladi. O‘zbekiston va Kuvayt hamkorlikda energiya tejashning yangi texnologiyalarini ishlab chiqishi va birgalikda foydalanishi mumkin. Mamlakatlarimiz energiya manbalarining boy zaxiralariga egaligi esa neft va gaz konlarini topish va o‘zlashtirish borasida hamkorlik uchun katta imkoniyatdir.
O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy sohalarda hamkorlik, sarmoyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoyalash, ikki tomonlama soliqdan qochishga oid hujjatlar imzolangan. Bunday huquqiy asos o‘zaro aloqalarni deyarli barcha yo‘nalishlarda rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar ochmoqda. Transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlik o‘zaro savdo ko‘lamini yanada oshirish, ishbilarmonlarning bevosita hamkorligini faollashtirish, uchinchi davlatlar bilan sheriklik aloqalarini rivojlantirish imkonini beradi. Masalan, Transafg‘on yo‘lining barpo etilishi yo‘l o‘tadigan joylarda rivojlangan, ko‘p tarmoqli infratuzilma yuzaga kelishini, Afg‘oniston aholisining ish bilan band bo‘lishini, ushbu mamlakatning mintaqaviy integratsiya jarayonlariga qo‘shilishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, bu yo‘l O‘zbekiston bilan Kuvaytni bir-biriga yaqinlashtiradi. Bu esa Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida ulkan integratsiya makoni vujudga keladi demakdir.
Islom Karimov va shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Saboh o‘zaro muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlarida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Ushbu yo‘nalishda Kuvayt arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi bilan aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Mazkur tashkilot dastlab 1997 yilda Nukus va Urganch shaharlarini suv bilan ta’minlash loyihasi uchun 19,8 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratgan edi. 2004 yildagi al-Kuvayt sammiti asnosida O‘zbekiston hukumati bilan Kuvayt arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Bu hujjat mamlakatimizdagi suv va energiya ta’minoti, irrigatsiya, qurilish sohalariga oid 9 loyihani moliyalashtirish uchun 215 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratishni nazarda tutadi. Memorandum doirasida 2005 yili “To‘qimachi-Angren temir yo‘l qismini elektrlashtirish” (20 million), 2006 yili “171 tuman shoshilinch tibbiy yordam markazini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash” (20,75 million) loyihalari uchun mablag‘ ajratildi. Ushbu jamg‘arma bilan Arab muvofiqlashtirish guruhi doirasida ham faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Uning o‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekistondagi ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, kimyo sanoati, kommunal xizmat, qurilish va metallurgiya sohalariga doir jami 26 loyiha ko‘rib chiqildi.
Ikki davlat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi protokol imzolangan. Bu hujjat ishbilarmon doiralar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, ikki mamlakatning eksport, sarmoya va sayyohlik sohasidagi salohiyatiga doir seminar, ko‘rgazma va taqdimot marosimlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.


Bunday muvaffaqiyatli hamkorlikka yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Lekin muzokarada ta’kidlanganidek, hozirgi ko‘rsatkichlar tomonlarni qoniqtirmaydi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi nisbatan past bo‘lib, asosan O‘zbekistonning eksportidan iborat. Shu bois mahsulotlar turlarini qaytadan birgalikda ko‘rib chiqish, savdo-sotiqni rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish lozim. Qo‘shma korxonalarni ko‘paytirish ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda o‘tkaziladigan an’anaviy paxta, to‘qimachilik, sayyohlik yarmarkalarida, boshqa iqtisodiy forumlarda, yurtimizda keng davom etayotgan xususiylashtirish jarayonida Kuvayt vakillarining ko‘proq va faolroq qatnashishini ta’minlash ikki tomon uchun ham foydali bo‘ladi.
Muzokarada gumanitar hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. 1996 yili Toshkentda Kuvayt xalqaro xayriya tashkiloti – Osiyo musulmonlari qo‘mitasining bo‘limi ochilgan. Imom al-Buxoriy, Ahmad al-Farg‘oniy kabi buyuk ajdodlarimizning yubileylariga bag‘ishlangan tantanalarda Kuvaytdan nufuzli delegatsiyalar ishtirok etgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan Kuvaytning vaqf va islom ishlari vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan.
2007 yili Toshkent va Samarqandda o‘tkazilgan “O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuidagi xalqaro anjumanda, ISESCO tomonidan Toshkentning 2007 yilda islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan boshqa qator tadbirlarda Kuvaytdan olimlar, mutaxassislar faol ishtirok etdilar.
Bundan tashqari, Kuvayt san’atkorlari Samarqandda har ikki yilda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining doimiy qatnashchilaridir. 2007 yili bo‘lgan festivalda Gran-pri – oliy mukofotga Kuvayt vakillari sazovor bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz.
Muzokarada ilm-fan, sog‘liqni saqlash, sayyohlik, sport kabi sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muzokara yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Kuvayt Davlatining qo‘shma bayonoti qabul qilindi.
Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma qo‘mita tuzish to‘g‘risida, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida, turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, neft va gaz sohasida hamkorlik to‘g‘risida, atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari, O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Kuvayt arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi, mamlakatimiz hukumati bilan mazkur jamg‘arma o‘rtasida Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining kardioxirurgiya bo‘limini ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha kredit shartnomasi (12,97 million AQSH dollari), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan Kuvaytning “Mohammed Abdulmohsin Al-Kharafi & Sons” kompaniyasi o‘rtasida mehmonxona qurish haqida memorandum, mazkur vazirlik bilan Kuvayt investitsiya agentligi o‘rtasida anglashuv protokoli imzolandi.
Ta’kidlash joizki, Islom Karimovning 2004 yildagi Kuvaytga rasmiy tashrifi chog‘ida o‘zaro munosabatlarning huquqiy asosi yaratilgan bo‘lsa, bu galgi Toshkent sammitida ana shu poydevor yanada mustahkamlanib, ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan kelishuvlarga erishildi. Demak, O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlari o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda, deyish uchun barcha asoslar yetarli.



Download 77.68 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling