Mavzu. “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Reja


Download 26,52 Kb.
bet1/2
Sana18.06.2023
Hajmi26,52 Kb.
#1590029
  1   2
Bog'liq
“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv fanining predmeti, maqsad


Mavzu. “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv fanining predmeti, maqsad va vazifalari.


Reja.

  1. “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv fanining predmeti, maqsad va vazifalari.

  2. Oʻzbekiston tarixini davrlashtirish masalasi. Barkamol inson tarbiyalashdagi fanning oʻrni.

  3. Fanni oʻrganishning nazariy-uslubiy asoslari.

“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv fanining predmeti, maqsad va vazifalari.


Oʻzbekiston tarixi shu ona-zaminimizda oʻtmishda yashagan xalqlarning hayoti va ularning rivojlanishi jarayonida sodir boʻlgan oʻzgarishlar, voqealar, ularning turmush tarzi, iqtisodi, madaniyati va shu kabilarni toʻlaligicha oʻrganadigan fandir. Oʻzbekistonning eng yangi tarixi fani esa Vatanimiz mustaqilligini qoʻlga kiritish arafasidan boshlab to mustaqillikning xozirgi kunigacha bosib oʻtgan yoʻli, respublikani rivojlantirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-madaniy sohalarda amalga oshirilgan islohotlar, umumiy qilib aytganda jamiyatning barcha sohalarida sodir boʻlgan oʻzgarishlarni oʻrganadigan fan hisoblanadi.
Shunday qilib, bizning ongimizdan tashqarida va bizning ongimizga bogʻliq boʻlmagan holda mavjud boʻlgan borliq, voqelik va mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda sodir boʻlgan hodisa va jarayonlar Oʻzbekiston eng yangi tarixi fanini oʻrganish obektidir. Oʻzbekiston tarixi faqat turli bilimlar tarzidagi fan emas, balki bir necha asrlar davomida toʻplanib kelgan oʻzaro ichki qonuniyatlar bilan chambarchas bogʻlangan bilimlar tizimi sifatidagi fandir. Shu maʼnoda u oʻzining oʻrganish obekti va predmetiga ega boʻlgan mustaqil fandir.
Oʻzbekistonning mustaqillikni qoʻlga kiritish arafasidan boshlab to shu kunlargacha boʻlgan davrda jamiyat hayotida sodir boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy-maʼnaviy sohalardagi oʻzgarishlar, islohotlar jarayoni Oʻzbekistonning eng yangi tarixi fanining predmeti hisoblanadi

. Oʻzbekistonnin eng tarixi fani dunyoda eng qadimiy va boy tarixga ega boʻlgan oʻzbek xalqining mustaqillik yillaridagi tarixiy va maʼnaviy taraqqiyotini oʻrganuvchi va oʻrgatuvchi fandir.


Oʻzbekiston tarixini davrlashtirish masalasi.
Ilmiy tadqiqotlarda Oʻrta Osiyo tarixi va madaniyati boʻyicha turli tipdagi davrlashtirishlar qoʻllaniladi. Ijtimoiy-iqtisodiy davrlashtirish ijtimoiy tuzum xarakteridan kelib chiqadi. Bular: ibtidoiy-jamoa, quldorlik, feo
dal, kapitalistik, sotsialistik, demokratik. Ularning Oʻrta Osiyo tarixida qoʻllanilishi maqsadga
Muvofiq emas. Oʻrta Osiyo tarixiga toʻgʻri keladigan yangi davrlashtirishni ishlab chiqish tarixchilar oldiga qoʻyilgan vazifadir.
Arxeologik davrlashtirish asosiy mehnat qurollari nimadan yasalganligiga asoslanadi. Bular: paleolit, mezolit, neolit, eneolit, bronza, temir. Ular, oʻz navbatida, bosqichlarga boʻlinadi. Masalan, paleolit davri quyi paleolit, oʻrta paleolit, yuqori paleolitga boʻlinadi.
Yuqoridagilardan tashqari davlat va sulola nomidan kelib chiqadigan davlat-sulolaviy davrlashtirish ham mavjud. Masalan: ahomoniylar, salavkiylar, yunon-baqtriya, kushon va boshqalar.
Tarixiy xronologik nisbiy davrlashtirish umumiy tushunchalarga asoslanib, katta xronologik davrlarni oʻz ichiga oladi: eng qadimgi, arxaik, antik, ilk oʻrta asrlar, oʻrta asrlar, soʻnggi oʻrta asrlar, yangi, eng yangi davrlar.
Tarixiy madaniy davrlashtirish hukmron (asosiy) madaniyat belgisiga qarab aniqlanadi. Masalan: ellinistik davr. Etnik davrlashtirish asosida qabilaviy mansublikka asoslangan davrlashtirish yotadi. Masalan: sak, eron, eftalit, turk, arab, oʻzbek davrlari.
Diniy davrlashtirish asosida u yoki bu davrda hukmron boʻlgan din, eʼtiqod yotadi. Masalan: otashparastlik, buddaviylik, musulmon davrlari. Oʻrta Osiyo tarixini musulmon dinigacha va musulmon davrlariga boʻlish fanda keng tarqalgan. Bu oʻziga xos qadimgi va ilk oʻrta asrlar davrini oʻrta asrlar davridan ajratib turuvchi belgi sifatida ham qabul qilingan.
Bulardan tashqari Oʻrta Osiyo tarixida lokal davrlashtirishlar ham qoʻllaniladi. Masalan: Oʻrta Osiyoning janubi uchun Kushon, Oʻrta Osiyoning markazi va shimoli uchun Qangʻuy davrlashtirishlari qoʻllaniladi.
Mustaqillik yillarida tarixiy voqealarni oʻrganish qanday ilmiy-nazariy metodologik asoslarga tayanishining ahamiyati juda katta. Shoʻrolar hokimiyati davrida tarixni oʻqitish va oʻrganish ishlari marksistik metodologiyaga boʻysundirilgan edi. Har qanday voqeani yoritishga komfirqa mafkuraviyligi, partiyaviylik, sinfiylik nuqtai nazaridan yondoshildi. Oqibatda koʻpgina tarixiy voqea-hodisalar soxtalashtirildi, oʻtmish qoralandi, maʼnaviy merosimiz, milliy qadriyatlarimiz haqoratlandi. Bu borada mamlakatda hukmron boʻlgan totalitar tuzumning salbiy roli katta boʻldi. Tarix totalitar tuzum xizmatkoriga, targʻibotchi va himoyachisiga aylantirilgan edi.
Kishilik jamiyatining tarixiy voqea, hodisalarni oʻrganishning muhim nazariy-metodologik asoslaridan biri jamiyat taraqqiyoti qonunlarini ochib beruvchi dialektik metoddir. Inson hayoti, jamiyat taraqqiyoti dialektik jarayondir. Dialektika olam yagona va yaxlit, unda sodir boʻladigan hodisalar, voqealar umumiy va oʻzaro bogʻlanishda, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda boʻladi, deb taʼlim beradi. Dialektik metodologiya har qanday mamlakat tarixini jahon xalqlari tarixi bilan bogʻliq holda oʻrganishni taqozo etadi. Negaki har bir xalq, davlat tarixda milliylik, oʻziga xos betakror xususiyatlari bilan birga jahon tarixi, butun insoniyat taraqqiyoti bilan umumiy bogʻlanishdadir. Shundan kelib chiqib Oʻzbekistonning eng yangi tarixini dunyoda sodir boʻlayotgan voqea va hodisalar bogʻlab oʻrganish muhim ahamiyatga ega.
“Maʼnaviyatini tiklashi, tugʻilib oʻsgan yurtida oʻzini boshqalardan kam sezmay boshini baland koʻtarib yurishi uchun insonga, albatta, tarixiy xotira kerak. Tarixiy xotirasi bor inson irodali inson. Kim boʻlishidan qatʼiy nazar, jamiyatning har bir aʼzosi oʻz oʻtmishini yaxshi bilsa, bunday insonlarni yoʻldan urish, har xil aqidalar taʼsiriga olish mumkin emas. Tarix saboqlari insonni xushyorlikka oʻrgatadi, irodasini mustahkamlaydi”. Oʻzbekistonning Birinchi
Prezidenti I.Karimovning bu soʻzlari komil insonni tarbiyalashda Vatan tarixini xolisona va haqqoniy oʻrganish naqadar muhim ekanligining dalilidir.
Darhaqiqat, tarix xotirasi inson taraqqiyotiga kuchli taʼsir oʻtkazadi, milliy gʻoyaning shakllanishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Milliy ong, milliy tafakkur xalq tarixi, uning rivojlanish bosqichlarini nechogʻli oʻrganish, undan saboq chiqarish bilan bogʻliq. Ulugʻ allomalar aytganidek, tarix insonni istiqbolga daʼvat etadi, ulkan yaratuvchilikni ragʻbatlantiradi. Zotan, uning ulugʻ murabbiylik, tarbiyachilik, yoʻnaltiruvchilik qudrati ham xuddi ana shunda.
Har tomonlama yetuk, komil insonni tarbiyalashda Oʻzbekiston tarixining oʻrni kattadir. Bugungi kunda xalqning, ayniqsa, yoshlarning maʼnaviy ruhini mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi ishlar davlatning oldida turgan muhim vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Maʼnaviyat, maʼnaviy barkamollik shundaygina kishi ruhiga kirib qolmaydi. Unga har kuni va har soatda tinmay mehnat qilish orqali yetishish mumkin. Bu xayrli ishda Oʻzbekiston tarixini oʻrganishning oʻrni beqiyosdir. Milliy qadriyat, maʼnaviyat, madaniyat umumbashariy qadriyat, maʼnaviyat va madaniyatining sarchashmasidir. Ana shu sarchashma maʼlum makonda, yaʼni Vatanda vujudga keladi. Shunday ekan, milliy qadriyat va madaniyat bevosita vatanparvarlik bilan uzviy aloqadorlikdadir.
Turkiston xalqlari tarixi insoniyatning eng olijanob orzu-umidlari,
ezgu niyatlarini oʻzida mujassamlashtirgan ana shunday vatanparvarlik his-tuygʻulari bilan toʻlib-toshgan, desak mubolagʻa boʻlmas. Toʻmaris, Spitamen, Muqanna, Temurmalik, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Bobur, Dukchi Eshon, Qoʻchqor Turdiyev, Sobir Rahimov... yana qancha dovyurak qalblar...”
Xalqimizning azaliy orzusi milliy mustaqillikka erishganimiz tufayli Amir Temur asos solgan buyuk davlat tarixini oʻrganishga bagʻishlangan mavzuni oʻtishning oʻzi vatanparvarlik tarbiyasi uchun katta original faktik maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatlariga egamiz. Bugungi kunda Amir Temurga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar oʻtkazilib, uning shaxsiga xolisona taʼrif berilgan.

Fanni oʻrganishning nazariy-uslubiy asoslari.


Tarixiy voqea, hodisalarni oʻrganish, tahlil etish va yoritishda xolisona, haqqoniy, adolatli yondashuv muhim metodologik qoidadir. Xolislik qoidasi tarixiy voqea, hodisalarni oʻrganayotganda ular bilan bogʻliq boʻlgan barcha faktlarning, hech bir istisnosiz, butun majmuini birga olib tekshirishni, aniq, haqqoniy dalillarga asoslanishini talab qiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda oʻzaro aloqada va munosabatda deb tekshirish lozim.
Tarixni oʻrganishda tarixiylik metodologiyasi muhim ahamiyatga ega. Tarixiylik qoidasi voqea, hodisalarni oʻz davrining aniq tarixiy sharoitidan kelib chiqqan holda oʻrganishni taqozo etadi.
Voqea, hodisalarni oʻrganishda tarixiy bogʻlanish, tarixiy rivojlanish jarayoniga eʼtibor qilmoq zarur. Har bir voqea, hodisani boshqa voqealar, hodisalar bilan bogʻlab oʻrgangandagina mazkur voqea-hodisaning umumiy tarixiy jarayondagi oʻrnini toʻgʻri aniqlash, belgilash mumkin boʻladi. Har bir voqea, hodisaga umumiy tarixiy jarayonning bir qismi, boʻlagi deb qaramoq zarur. Har bir hodisa qanday tarixiy sharoitda, muhitda paydo boʻlganligini, bu hodisa oʻz taraqqiyotida qanday asosiy bosqichlarni oʻtganligini, keyinchalik u qanday boʻlib qolganligini bilish tarixiylik qoidasining asosiy talabidir. Masalan, ibtidoiy davrda ayrim qabilalarda odamxoʻrlik boʻlgan, bu bugungi kun nazaridan baho bersak, vahshiylik, lekin oʻsha davr sharoitidan kelib chiqib baho bersak, bu zaruriyat (ilojsizlikdan qilingan harakat) dir.
Tarixiylik metodologiyasi xalqning oʻtmishini, hozirgi zamon va kelajagini yagona tabiiy-tarixiy jarayon deb, oʻtmish hozirgi zamonni tayyorlaydi, hozirgi zamon kelajakni yaratadi, degan taraqqiyot qonuni asosida qaraydi. Insoniyat ana shunday umumiy yoʻldan borar ekan, istiqbolda porloq hayot qurmoqchi boʻlgan avlod tarix fani orqali oʻz oʻtmishini yaxshi bilmogʻi lozim. Oʻtmishni, ajdodlarimiz tarixini qanchalik yaxshi bilsak, anglab yetsak, hozirgi zamonni, mustaqilligimiz mazmunini shunchalik mukammal tushunamiz, kelajakni toʻgʻri tasavvur etamiz. Shuningdek, hozirgi zamonni bugungi avlodning bunyodkorlik faoliyatini toʻgʻri idrok etish oʻtmishni, tariximizni chuqur anglashga koʻmaklashadi.
Tarixiy jarayonni oʻrganishda ijtimoiy yondashuv tamoyiliga rioya etish zarur. Ijtimoiy yondashuv metodologiyasi tarixiy jarayonlarni aholi barcha tabaqalarining manfaatlarini hisobga olgan holda oʻrganishni taqozo etadi. Voqealarni alohida bir ijtimoiy tabaqa manfaati nuqtayi nazaridan turib tahlil etish, yoritish bir tomonlama yondashuv boʻlib, u tarixni soxtalashtiradi, toʻgʻri xulosaga olib kelmaydi. Ijtimoiy yondashuv tamoyili davlat arboblarining, siyosiy kuchlar, partiyalarning tarixiy taraqqiyot darajasiga koʻrsatgan ijobiy yoki salbiy taʼsirini, jamiyatni u yoki bu yoʻldan rivojlanishidagi rolini bilib olishda muhim ahamiyatga egadir.
Xulosa qilib aytganda, ilmiylik, xolislik, tarixiylik metodlari tarixni yoritishning asosiy kaliti hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning maʼnaviy yetuk shaxsni tarbiyalashda tarixiy xotiraning oʻrni va saboqlari toʻgʻrisidagi fikrlari.


Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston tarixini xolisona tatqiq etishga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy merosni asrab-avaylash va oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi. Ziyoratgohlar va tarixiy obidalarni qaytadan tiklash, u joylarda obodonlashtirish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bu sohada olib borilayotgan ishlarga soʻngi yillarda ham katta eʼtibor qaratilmoqda.


Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyunda “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi. Qarorga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha Jamoatchilik kengashi tuzildi. Jamoatchilik kengashi quyidagi vazifalarni amalga oshirish belgilandi:
Oʻzbekistonning eng yangi tarixini zamonaviy nazariy-metodologik, fanlararo yondashuvlarga, tarixiylik va xolislik tamoyillariga asoslangan holda tizimli oʻrganishni tashkil etish, Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha dolzarb muammolarni ishlab chiqish, shuningdek, buyuk tarixiy-madaniy merosga ega boʻlgan va jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qoʻshgan oʻzbek xalqining tarixiy oʻtmishi va bugungi kuniga baho berishda bir yoqlama yondashuvlarga, aqidaparastlikka yoʻl qoʻymaslik ishlarini muvofiqlashtirish;
demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning “oʻzbek modeli” mohiyati va mazmunini, jamiyatda barqarorlikni, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni saqlash boʻyicha keng koʻlamli ishlarni, hozirgi dunyoda Oʻzbekistonning roli va oʻrnini chuqur oʻrganish va yaqqol ochib berish;
ilmiy, oʻquv, oʻquv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini tayyorlash va chop etish ishlarini muvofiqlashtirish, ularda Oʻzbekistonning eng yangi tarixini umumjahon va mintaqaviy jarayonlar bilan, shuningdek, hozirgi Oʻzbekiston hududida shakllangan xalqlar va davlatlar sivilizatsiyasining tarixiy-madaniy merosi bilan uzviy bogʻliq holda koʻrib chiqishni taʼminlash; Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha ilmiy, oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlar, oʻquv dasturlari monitoringini olib borish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot, oʻquv-metodik ishlarning sifatini yaxshilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va joriy etish;
fuqarolarda tarixiy xotira, milliy oʻzlikni anglash, yuksak maʼnaviyat, xalqning tarixiy anʼanalari, madaniy merosiga hurmat, mamlakatimiz mustaqillikka erishganligining buyuk tarixiy ahamiyatini anglash kabi fazilatlarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali oshirib borishga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston tarixi boʻyicha zamonaviy chet el ilmiy va oʻquv adabiyotlarini oʻrganishga yoʻnaltirilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hozirgi Oʻzbekistonning tarixiy oʻtmishi, sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi, mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar toʻgʻrisidagi xolis axborotni keng xalqaro jamoatchilikka yetkazish.
Belgilangan vazifalarni ijorisini taʼminlash maqsadida keyingi yillarida olimlar tomonidan “Buyuk va muqaddas, mustaqil diyor”, “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi: nazariy-metodologik asoslari, oʻrganish tajribasi, manba va uslublar”, “Oʻzbekiston yoshlari ijtimoiy-madaniy islohotlar jarayonida”, “Oʻzbekistonning eng yangi tarixidan lavhalar”, “Fargʻona vodiysi shaharlarida iqtisodiy transformatsiya jarayonlari (1991-1996-yillar)” kabi qator toʻplam va monografiyalarning nashr etilishi Oʻzbekistonning eng yangi tarixiga oid amalga oshirilgan qator ilmiy-tadqiqot loyihalar natijasi, deyish mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonida xalq manfaatlarini oʻylab olib borilayotgan siyosatida tarix faniga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida toʻla tasavvurga ega boʻlishi, katta maʼnaviyat olib ketishi zarur, - deb taʼkidlaydi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish ishlari bilan tanishish chogʻida.
“Axsikent tarixini ilmiy asoslangan holda chuqur oʻrganish, ajdodlarimizning asl oʻtmishi haqida maʼlumotlarni toʻplash va yosh avlodga singdirish boʻyicha tizimli ishlarni olib borish kerak. Axsikent – buyuk tariximiz koʻzgusi. Bobolarimiz yashagan, qahramonlik koʻrsatgan bu manzilda tariximizni tiklash uchun juda katta manba, oʻtmish dalillari bor. Biz shu paytgacha faqat mashhur shaharlarimiz tarixini oʻrgandik, bunday joylarga eʼtibor qilmadik. Maʼnaviyatimizni yuksaltirmoqchi boʻlsak, yoshlarimizni ota-bobolarimizning asl merosidan bahramand etib ulgʻaytirishimiz, xalqimizga yetkazishimiz kerak” – deb taʼkidladi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2019-yil 28-fevral kuni Namangan viloyatining Axsikent tumaniga tashrif chogʻida. Davlat rahbari Axsikent – ochiq osmon ostidagi muzeyning tashkil qilinishi haqida koʻrsatmalar berdi.
Shu oʻrinda Axsikent yodgorligi tarixiga bir nazar tashlash oʻrinli deb oʻylaymiz. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan Namangan viloyatining Axsikent tumanida joylashgan Axsikent yodgorligi xududida 2018-yilning ikkinchi yarmidan “Ochiq osmon ostida muzey” tashkil qilish ishlari boshlab yuborilgan boʻlib, 2019-yil fevral oyining oxirlarida jahon standartlari darajasidagi muzey tashkil etildi. Bu shahriston ichida joylashgan 8 ta obyekt boʻlib, ular turar joy, ishlab chiqarish, yer osti suvi yoʻllari, vodoprovod va 1,5 ming yillik madaniy qatlamlarni oʻz ichiga olgan majmuadan iboratdir. Axsikent – Fargʻona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlik hisoblanadi. Ushbu qadimiy shahar miloddan avvalgi III-II asrlarda barpo etilgan boʻlib, 5,5 metrli mudofaa devorlar bilan oʻralgan va maydoni 50 gektardan ziyodroq joyni egallagan 1621-yilgi zilzilada vayronaga aylangan. Xitoy tarixshunoslarining manbalarida Fargʻona shahri nomini xitoychaga tarjima qilib “Yuan”, vodiy nomini esa “Da Yuan” (Katta Fargʻona) deb, tilga olinadi. Shahar topografik nuqtayi nazardan 3 qismdan iborat boʻlgan: ark, ichki va tashqi shahar. Miloddan avvalgi 128-127-yillarda iqtidorli xitoy diplomati Chjan Syan Fargʻona davlatida boʻlib, yurtni podsho, 2 ta maslahatchisi va oqsoqollar kengashi (parlament) yordamida boshqaradi – deb yozadi. Uning Xitoy imperatoriga yoʻllagan maktubida Fargʻonaning uzumi, undan tayyorlangan ajoyib ichimligi va samoviy tulporlari xaqida batafsil maʼlumot berilgan. Ushbu shahar qadimgi Fargʻona davlatining poytaxti, siyosiy, madaniy, iqtisodiy markazi hamda Buyuk ipak yoʻlining asosiy kentlaridan biri boʻlgan. Yer osti suv inshootining mavjudligi va shahar mudofaa uchun qulay geografik hududda joylashgani Axsikent shaharsozligidagi oʻziga xos jihatlar hisoblanadi. Bu yerda oʻz davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. Qoʻrgʻon VII-X va XV asrning ikkinchi yarmida Fargʻona davlatining poytaxti vazifasini oʻtagan. Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat boʻlgan. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jomeʼ masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib oʻrganilgan. Prezidentimiz topshirigʻi asosida 2017-yil oktyabrdan Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish boʻyicha ishlar boshlandi. “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Qisqa vaqt mobaynida Axsikentni turizm manziliga aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Mazkur yodgorlik Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois uni asrab-avaylash, sayyohlarni jalb etishda undan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yurtimiz va xorijdagi sayyohlik koʻrgazmalarida Axsikent shahri haqida ham taqdimotlar oʻtkazilmoqda. Buning samarasida mahalliy va xorijiy sayyohlar oʻrtasida tarixiy yodgorlikka qiziqish ortib bormoqda. Hozirga qadar Belgiya, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurdi. Qadamjoni tadqiq etish, uning jozibadorligini va sayyohlar oqimini oshirish maqsadida maxsus konsepsiya ishlab chiqilgan. Axsikentning qadimiy dovrugʻini tiklash maqsadida ramziy darvoza oʻrnatiladi. Bobur va Umarshayx Mirzoning Kamoliddin Behzod tomonidan ishlangan asl suratlari nusxalari asosida ularning haykali bunyod etiladi. Shuningdek, bu yerda muzey ishga tushiriladi. Sayyohlar uchun Sirdaryo boʻylab qayiqlarda sayr qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, tuyada koʻhna shaharni tomosha qilish yoʻlga qoʻyiladi. Qisqacha aytganda, Axsikent sayyohlik manziliga aylanishi uchun barcha sharoitlar, zarur infratuzilma yaratiladi, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari quriladi. Shavkat Mirziyoyev majmuada qadimiy tariximizni tarannum etuvchi festival oʻtkazish, Namangan davlat universitetida arxeologiya taʼlim yoʻnalishlarini ochish boʻyicha tavsiyalar berdi. Tarixni tarixiy obyektlarda oʻqitish, maktab va universitetdagi amaliy mashgʻulotlar va darslarnig ayrimlarini shu yerda oʻtish zarurligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2019-yil 19-mart kuni videoselektorda yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, buyuk mutafakkirlarimizning badiiy, adabiy, tarixiy, diniy va ilmiy merosini oʻrganish, ularning jahon tamadduni taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasini targʻib etish yoshlarning dunyoqarashining oʻsishiga, ilm-fanga qiziqishini oshishiga xizmat qiladigan muhim vazifalardan biridir. Innovatsion taraqqiyot yoʻlini tanlagan davlatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar davrida hali oʻrganilmagan, uzoq vaqtlar davomida aholi qoʻlida saqlangan qoʻlyozmalarni tadqiq etish alohida ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-2995-son qaroriga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligi aholida saqlanayotgan noyob qoʻlyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarni Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xarid qilib, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondiga taqdim etmoqda.
Jamgʻarma tomonidan 2018-yilda 117 turdagi 158,1 mln. soʻmlik noyob hujjatlar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Fondiga oʻtkazildi. Joriy 2019-yilda esa 161 turdagi jami 417,6 mln. soʻmlik noyob qoʻlyozma va tarixiy manbalar xarid qilindi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Fondiga taqdim etildi.
Xarid qilingan manbalarning turi, fan sohasiga koʻra tarix, adabiyot, tabobat, islom qonunshunosligi, aqida, tafsir va boshqa turli mavzularga tegishli boʻlgan kitoblar, shuningdek xonlarning buyruqlari, qozilarning yuridik hujjatlarining original nusxalar ham mavjud.
Tarixni bilish va uni oʻrganish, ota-bobolarimizdan qolgan boy merosni asrab-avaylash, yoshlarda milliy gʻururni, vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishga boʻlgan eʼtibor Prezident Sh.Mirziyoyevning 2019-yil uchun moʻljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham oʻz aksini topgan. “Oldimizga qoʻygan ulkan vazifalarni amalga oshirishda biz uchun kuch-qudrat manbai boʻladigan milliy gʻoyani rivojlantirishimiz zarur. Xususan, milliy oʻzligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini oʻrganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, gumanitar soha olimlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz lozim. Oʻtmishga berilgan baho albatta xolisona, eng muhimi, turli mafkuraviy qarashlardan xoli boʻlishi zarur. Afsuski, yurtimiz tarixini oʻrganishda oʻtgan davrda arxeologik tadqiqotlar yetarli darajada olib borilmadi. Shuning uchun Fanlar akademiyasining Arxeologiya va Sanʼatshunoslik institutlari faoliyatini, oliy oʻquv yurtlari va muzeylardagi arxeologik izlanishlarni chet ellik hamkorlar bilan birga tashkil etish zarur. Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz-avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak. Shu maqsadda, Oʻzbekiston Milliy teleradio kompaniyasi tarkibida “Oʻzbekiston tarixi” kanalini tashkil etildi, ilmiy jamoatchilik, ijodkor ziyolilarimiz bilan birgalikda uning dasturlarini puxta shakllantirish kerak. Mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan tarixiy eksponatlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish, har bir muzeyning katalogini yaratish lozim”. Murojaatnomada belgilangan vazifalarni amalga oshirish natijasida 2019-yilning sentyabr oyidan boshlab Oʻzbekiston tarixi telekanali oʻz faoliyatini boshladi. Telekanalda Vatan tarixini oʻrgatuvchi turli xil koʻrsatuvlar efirga oʻzatilmoqda.
XX asrda insoniyat ikkita jahon urushini ishtirokchisi va guvohi boʻldi. 2-jahon urushida erilishgan gʻalabada bizning ota-bobolarimizning xissasi katta boʻlgan. Bu borada davlat rahbari tashabbusi bilan ajdodlarimizning gʻalabaga qoʻshgan hissasini abadiylashtirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari tomonidan 2020-yil Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomada quyidagilarni taʼkidladi. “Bizning mard, yengilmas va olijanob xalqimiz buyuk Gʻalabani taʼminlashga beqiyos hissa qoʻshgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz. Bu qonli urushda jami 1,5 milliondan ziyod Oʻzbekiston farzandlari tinchlik va ozodlik uchun mardona jang qilgani, ularning har uch nafaridan biri oʻz yaqinlari bagʻriga qaytmagani, el-yurtimizning front ortida koʻrsatgan jasoratini xalqimiz hech qachon unutmaydi. Urush yillarida xalqimiz koʻrsatgan haqiqiy jasorat va matonatni kino, teatr sanʼati, badiiy-publitsistik asarlar, ilmiy tadqiqotlar orqali koʻrsatish, aholi, ayniqsa, yoshlarimizga taʼsirchan tarzda yetkazish boʻyicha katta ishlar olib borilmoqda. Xususan, Toshkent shahrining Olmazor tumanida muhtasham “Gʻalaba bogʻi” bunyod etildi”.
Albatta, Oʻzbekiston tarixi fanini xolis oʻrganish va tadqiq etish orqali yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi oʻrni va rol beqiyos. Bu esa yurtimiz tarixchi olimlari zimmasiga yanada kattaroq maʼsuliyat yuklaydi. Shu bilan birga yozlarimiz ham Oʻzbekiston tarixini chuqur oʻqib-oʻrganishlari lozim.


Download 26,52 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling