Mavzu: Pedagogik psixologiya fanining tadqiqot sohasi va muammolari Reja


Download 123.88 Kb.
bet12/13
Sana22.06.2023
Hajmi123.88 Kb.
#1647291
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
Bog'liq
ped psix predmeti

Sakkizinchi davr, ya’ni qarilik inson sifatida o‘z burchini uddalay olganligidan, turmushning keng qamrovliligidan qanoatlanish tuyg‘ulari bilan tavsiflanadi. Salbiy xususiyat sifatida esa hayot faoliyatidan noumidlilik, ko‘ngil sovish tuyg‘ularini aytish mumkin. Donolik, soflik, gunohlardan forig‘ bo‘lish har bir holatga shaxsiy va umumiy nuqtai nazardan qarash bu yoshdagi odamlarga xos eng muhim jihatlardir.
E.Shpranger “O‘spirinlik davri psixologiyasi” nomli asarida bu davrga 13−19 yoshli qizlarni, 14−22 yoshli yigitlarni kiritishni tavsiya qiladi. Uningcha, bu yosh davrida yuz beradigan asosiy o‘zgarishlar: a) shaxsiy “Men”ni kashf qilish; b) refleksiyaning (o‘zini o‘zi va o‘zgalarni anglash) o‘sishi; v) o‘zining individualligini anglash va shaxsiy xususiyatlarini e’tirof qilish; g) hayotiy ezgu rejalarning paydo bo‘lishi; d) o‘z shaxsiy turmushini ongli xolda qurishga intilish va hokazolardir. 14−17 yoshlarda vujudga keladigan inqiroz o‘smirlarda o‘zlariga kattalarning bolalarcha munosabati doirasidan qutulish tuyg‘usi paydo bo‘lishidan iboratdir. 17−21 yoshlilarning yana bir xususiyati ularda tengqurlaridan “ajralish” inqirozi va tanholik istagining paydo bo‘lishidir. Bu holat tarixiy shart-sharoitlardan kelib chiqadi.
E.Shpranger, K.Byuler, A.Maslou va boshqalar personologik nazariyaning yirik namoyandalari hisoblanadilar.
Kognitivistik yo‘nalishning asoschilari qatoriga J.Piaje, Dj.Kelli va boshqalarni kiritish mum­kin.
J.Piajening aql-idrok nazariyasi, aql-idrok funksiyalari (vazifalari) hamda uning davrlari haqidagi ta’limotni o‘z ichiga oladi. Aql-idrokning asosiy funksiyalari (vazifalari) uyushqoqlik va moslashish, ko‘nikishdan iborat bo‘lib, aql-idrokning funksional invariantligi deb yuritiladi.
Muallif intellektni (aqlni) quyidagi rivojlanish davrlariga ajratadi: 1) sensomotor (hissiy­harakat) intellekti (tug‘ilishdai 2 yoshgacha); 2) operatsiyalardan (fikriy harakatlardan) ilgarigi tafakkur davri (2 yoshdan 7 yoshgacha); 3) yaqqol xatti­harakat davri (7−8 yoshdan 11−12 yoshgacha); 4) rasmiy sa’y­harakatlar davri.
J.Piajening g‘oyalarini davom ettirgan psixologlarning bir guruhini kognitiv-genetik nazariyachilarga qo‘shish mumkin. Bu yo‘nalishning namoyandalari L.Kolberg, D.Bromley, Dj.Birrer, A.Vallon, G.Grimm va boshqalardan iboratdir.
A.Vallon (Fransiya) nuqtai nazaricha, yosh davr­lari quyidagi bosqichlarga ajratiladi: 1) homilaning ona qornidagi davri; 2) impulsiv harakat davri − tug‘ilgandan 6 oylikkacha; 3) emotsional (his-tuyg‘u) davri − 6 oylikdan 1 yoshgacha; 4) sensomotor (idrok bilan harakatning uyg‘unlashuvi) davri − 1 yoshdan 3 yoshgacha; 5) personologizm (shaxsga aylanish) davri − 3 yoshdan 5 yoshgacha; 6) farqlash davri − 6 yosh­dan 11 yoshgacha; 7) jinsiy yetilish va o‘spirinlik dav­ri − 12 yoshdan 18 yoshgacha.

Tug‘ilishdan avvalgi rivojlanish bosqichlari.


a­urug‘langandan bir necha soat o‘tgach sodir bo‘ladigan hujayralar bo‘linishi
b-terminal davr
v-21 kunli embrionda orqa miya shakllanishi
g-to‘rt haftalik embrionda bosh, tana va dumning shakllanishi. Bu davrda yurak hamda asab tizimi o‘z faoliyatini boshlab yuboradi.
d-besh haftalik embrionda qo‘l va oyoqning shakllanishi.
ye-to‘qqiz haftalik embrionda kindik bilan plasenta birlashishining namoyon bo‘ladi.
j-olti haftalik embrionda barcha ichki a’zolar shakllanib bo‘lgan bo‘lsa ham, biroq ularning hammasi o‘z faoliyatini bajara olmaydi.
z-yigirma haftalik embrionda aksariyat ichki a’zolar faoliyatini boshlaydi. Embrion harakatlanishi, yuz ifodasini o‘zgartira olishi mumkin.
Yana bir fransiyalik yirik psixolog R.Zazzo o‘z vatanidagi ta’lim va tarbiya tizimining prinsiplaridan kelib chiqqan holda, mazkur muammoga boshqacharoq yondashib va uni boshqacha talqin etib, insonning ulg‘ayib borishini quyidagi bosqichlarga ajratishni tavsiya qiladi:
1. Birinchi bosqich − bolaning tug‘ilganidan 3 yosh­gacha davri.
2. Ikkinchi bosqich − 3 yoshidan 6 yoshigacha.
3. Uchinchi bosqich − 6 yoshidan 9 yoshigacha.
4. To‘rtinchi bosqich − 9 yoshidan 12 yoshigacha.
5. Beshinchi bosqich − 12 yoshidan 15 yoshigacha.
6. Oltinchi bosqich − 15 yoshidan 18 yoshigacha.
Yosh davrlariga ajratishidan ko‘rinadiki, R.Zazzo inson rivojlanishining bosqichlariga shaxs sifatida tarkib topish, takomillashuv nazariyasidan kelib chiqib yondashgani shaxs shakllanishi pallasining yuqori nuqtasi, ya’ni ijtimoiylashuvi bilan cheklanishga olib kelgan. Shuning uchun uning ta’limoti insonning tug‘ilganidan umrining oxirigacha psixologik takomillashuvi, o‘zgarishi, rivojlanishi xususiyatlari va qonuniyatlari to‘g‘risida mulohaza yuritish imkonini bermaydi.
G.Grimm ontogenezda insonning kamolotini quyidagi davrlarga ajratishni lozim topadi: 1) chaqaloqlik − tug‘ilgandan 10 kunlikkacha; 2) go‘daklik − 10 kunlikdan 1 yoshgacha; 3) ilk bolalik − 1 yoshdan 2 yoshgacha; 4) birinchi bolalik − 3 yoshdan 7 yoshgacha; 5) ikkinchi bolalik − 8 yoshdan 12 yoshgacha; 6) o‘smirlik − 13 yoshdan 16 yoshgacha o‘g‘il bolalar, 12 yoshdan 15 yoshgacha qizlar; 7) o‘spirinlik − 17 yoshdan to 21 yoshgacha yigitlar, 16 yoshdan 20 yoshgacha qizlar; 8) yetuklik − birinchi bosqich: 22 yoshdan 35 yoshgacha erkaklar, 21 yosh­dan 35 yoshgacha ayollar; ikkinchi bosqich: 36 yoshdan 60 yoshgacha erkaklar, 36 yoshdan 55 yoshgacha ayollar; 9) keksayish (yosh qaytishi) − 61 yoshdan 75 yoshgacha erkaklar, 55 yoshdan 75 yoshgacha ayollar; 10) qarilik − 76 yoshdan 90 yoshgacha (jinsiy tafovut yo‘q); 11) uzoq umr ko‘ruvchilar 91 yoshdan yuqorisi.
Dj.Birrer yosh davrlarini quyidagicha tasavvur etadi: 1) go‘daklik − tug‘ilgandan 2 yoshgacha; 2) maktabgacha − 2 yoshdan 5 yoshgacha; 3) bolalik 5 yoshdan 12 yoshgacha; 4) o‘spirinlik davri − 12 yoshdan 17 yoshgacha; 5) ilk yetuklik − 17 yoshdan 20 yoshgacha; 6) yetuklik − 20 yoshdan 50 yoshgacha; 7) yetuklikning oxiri − 50 yoshdan 75 yoshgacha; 8) qarilik − 76 yoshdan yuqorisi.
D.Bromleyning tasnifi boshqalarnikiga mutlaqo o‘xshamaydi, chunki unda yosh davrlarining o‘zi ham davr va bosqichlarga ajratilgan: birinchi davr − ona qornidagi muddatni o‘z ichiga oladi (zigota − embrion − homila − tug‘ilish), ikkinchi davr (bolalik): a) go‘daklik − tug‘ilgandan 18 oylikgacha; b) maktabgacha bosqichdan oldingi − 19 oylikdan 5 yoshgacha; v) maktab bolaligi − 5 yoshdan 11−13 yoshgacha; uchinchi davr (o‘spirinlik) − 1) ilk o‘spirinlik − 11 yoshdan 15 yoshga­cha; 2) o‘spirinlik − 15 yoshdan 21 yoshgacha; to‘rtinchi davr (etuklik) − 1 ilk yetuklik − 21 yoshdan 25 yoshga­cha; 2) o‘rta yetuklik − 25 yoshdan 40 yoshgacha; 3) yetuk­likning so‘nggi bosqichi − 40 yoshdan 55 yoshgacha; beshinchi davr (qarilik) − 1) iste’fo bosqichi − 55 yoshdan 65 yoshgacha; 2) qarilik bosqichi − 65 yoshdan 75 yosh­gacha; 3) eng keksalik − 76 yoshdan yuqorisi.
Biz uzoq xorij mamlakatlar psixologiyasidagi yosh davrlarini tabaqalashning yo‘nalishlari va nazariyalariga qisqacha to‘xtalib o‘tdik. Ulardan ko‘rinib turibdiki, bu sohada bitta umumiy nazariya hali ishlab chiqilmagan.
Rus psixologiyasidagi ontogenezni davrlarga tabaqalash muammosi dastlab L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, B.G.Ananev singari yirik psixologlarning asarlarida o‘z aksini topa boshlagan. Keyinchalik bu muammo bilan shug‘ullanuvchilar safi kengayib bordi, shu boisdan tabaqalanish kelib chiqishi, ilmiy manbai, rivojlanish jarayonlariga yondashilishi nuqtai nazaridan o‘zaro keskin farqlanadi. Hozir ontogenezni davrlarga tabaqalash yuzasidan mulohaza yuritishda olimlarning ilmiy qarashlarini muayyan guruhlarga ajratish va ularning moxiyatini ochish maqsadga muvofiqdir.
L.S.Vigotskiy psixologlarning yosh davrlarini tabaqalash nazariyalarini tanqidiy tahlil qilib, muayyan rivojlanishni vujudga keltiruvchi ruhiy yangilanishlarga tayanib quyidagi bosqichlarga ajratadi:
1. Chaqaloqlik davri inqirozi.
2. Go‘daklik davri − 2 oylikdan 1 yoshgacha.
Bir yoshdagi inkiroz.
3. Ilk bolalik davri − 1 yoshdan 3 yoshgacha.
3 yoshdagi inqiroz.
4. Maktabgacha davr − 3 yoshdan 7 yoshgacha.
7 yoshdagi inqiroz.
5. Maktab yoshi davri − 8 yoshdan 12 yoshgacha.
13 yoshdagi inqiroz.
6. Pubertat (jinsiy yetilish) davri − 14 yoshdan 18 yoshgacha.
17 yoshdagi inqiroz.
Olim o‘z asarlarida har bir davrning o‘ziga xos xususiyatlarini chuqur ilmiy ta’riflay olgan. Eng muhim shaxs ruhiyatidagi yangilanishlar haqida ilmiy va amaliy ahamiyatga molik mulohazalar bildirgan. Biroq bu mulohazalarida ancha munozarali, bahsli o‘rinlar ham uchraydi. Umuman L.S.Vigotskiyning yosh davrlarini tabaqalash nazariyasi ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega, uning rivojlanishni amalga oshiruvchi inqirozlar roli to‘g‘risidagi mulohazalari va olg‘a surgan g‘oyalari hozirgi kunning talabiga mosdir.
L.S.Vigotskiyning shogirdi L.I.Bojovich insonning kamol topishini yosh davrlariga bo‘lishda motivlarni asos qilib oldi, shuning uchun bu bo‘lishni motivatsion yondashish, deb atash mumkin. L.I.Bojovichning mulohazasiga ko‘ra yosh davrlari quyidagi bosqichlardan iborat:
birinchi bosqich − chaqaloqlik; tug‘ilgandan 1 yoshga­cha; ikkinchi bosqich − motivatsion tasavvur: 1 yoshdan 3 yoshgacha; uchinchi bosqich − “Men”ni anglash davri: 3 yoshdan 7 yoshgacha; to‘rtinchi bosqich − ijtimoiy jonzotlikni anglash davri; 7 yoshdan 11 yoshgacha; beshinchi bosqich − a) o‘zini o‘zi anglash davri: 12 yoshdan 14 yoshgacha; b) o‘z o‘rnini belgilash (topish) davri: 15 yoshdan 17 yoshgacha.
L.I.Bojovich har bir bosqichni psixologik tavsiflashda unda namoyon bo‘ladigan o‘zgarishlarni, bu o‘zgarishlarning sabablari, omillari, manbalari, turtkilari, mexanizmlarini ham bayon qiladi.
D.B.Elkoninning tasnifi yetakchi faoliyat (A.N.Leontev) nazariyasiga, har qaysi rivojlanish pallasida faoliyatning biror ustunlik qilishi mumkinligiga asoslanadi. Yetakchi faoliyatning inson shaxs sifatida kamol topishidagi roli nazariyaning negizini tashkil qiladi.
D.B.Elkonin yosh davrlarini quyidagi bosqichlarga ajratishni lozim topadi:
1) go‘daklik davri − tug‘ilgandan 1 yoshgacha: asosiy faoliyat − bevosita emotsional muloqot;
2) ilk bolalik davri − 1 yoshdan 3 yoshgacha: asosiy faoliyat − jism bilan nozik harakatlar qilish;
3) maktabgacha davr − 3 yoshdan 7 yoshgacha: asosiy faoliyat − rolli o‘yinlar;
4) kichik maktab yoshi davri − 7 yoshdan 10 yoshgacha: asosiy faoliyat − o‘qish;
5) kichik o‘smirlik davri − 10 yoshdan 15 yoshgacha: asosiy faoliyat − shaxsning intim muloqoti;
6) katta o‘smirlik yoki ilk o‘spirinlik davri − 16 yoshdan 17 yoshgacha: asosiy faoliyat − o‘qish, kasb tanlash.
D.B.Elkonin tasnifini, ko‘pchilik psixologlar ma’qullashiga qaramay, unda ayrim munozarali jihatlar ham bor. Umuman esa D.B.Elkoninning mazkur nazariyasi psixologiya fanida, ayniqsa ontogenez psixologiyasida muhim o‘rin tutadi.
Bolalar psixologiyasi fanining yirik namoyandasi A.A.Lyublinskaya inson kamolotini yosh davrlariga ajratishda pedagogik psixologiya, faoliyat nuqtai nazaridan unga yondashib, quyidagi davrlarni atroflicha ifodalaydi:
1. Chaqaloqlik davri − tug‘ilganidan bir oylikkacha.
2. Kichik maktabgacha davr − 1 oylikdan 1 yoshgacha.
3. Maktabgacha tarbiyadan oldingi davr − 1 yoshdan 3 yoshgacha.
4. Maktabgacha tarbiya davri − 3 yoshdan 7 yoshgacha.
5. Kichik maktab yoshi davri −7 yoshdan 11 (12) yosh­gacha.
6. O‘rta maktab yoshi davri (o‘smirlik) − 13 yoshdan 15 yoshgacha.
7. Katta maktab yoshi davri − 15 yoshdan 18 yoshgacha.
Pedagogik psixologiyaning taniqli namoyandasi V.A.Kruteskiy insonning ontogenetik kamolotini quyidagi bosqichlardan iboratligini ta’kidlaydi:
1. Chaqaloqlik (tug‘ilganidan 10 kunlikkacha).
2. Go‘daklik (10 kunlikdan 1 yoshgacha).
3. Ilk bolalik (1 yoshdan 3 yoshgacha).
4. Bog‘chagacha yoshi (3 yoshdan 5 yoshgacha).
5. Bog‘cha yoshi (5 yoshdan 7 yoshgacha).
6. Kichik maktab yoshi (7 yoshdan 11 yoshgacha).
7. O‘smirlik (11 yoshdan to 15 yoshgacha).
8. Ilk o‘spirinlik yoki katta maktab yoshi (15−18 yosh).
Har ikkala tasnif ham puxtaligidan, ularga qanday nuqtai nazardan yondashilganidan qat’i nazar inson kamolotini to‘la ifodalab berishga ojizlik qiladi. Mazkur nazariyalar insonning shaxs sifatida shakllanishi bosqichlari haqida ko‘proq ma’lumot beradi, xolos. Ularda yoshlik, yetuklik, qarilik davrlarining xususiyatlari, qonuniyatlari to‘g‘risida nazariy va amaliy ma’lumotlar yetishmaydi. Shunga qaramay, ular o‘rta maktab pedagogik psixologiya fani uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
XXI asr psixologiyasining yirik vakili A.V.Pet­rovskiy inson kamolotiga, shaxsning tarkib topishiga sotsial-psixologik nuqtai nazardan yondashib, yosh davrlarining o‘ziga xos tasnifini yaratdi. A.V.Petrovskiygacha psixologlar shaxsning bir tekis kamol topishini o‘rgangan bo‘lsalar, u shaxs shakllanishining prosotsial (ijtimoiy qoidalarga muvofiq) va asotsial (aksilijtimoiy) bosqichlari ham bo‘lishi mumkinligini isbotlab berishga harakat qiladi: shaxsning kamol topishi uchta makrofazadan iboratligini qayd etib, birinchisi − bolalik davriga to‘g‘ri kelishini, unda ijtimoiy muhitga moslashish, ko‘nikish (adaptatsiya) ro‘y berishini; ikkinchisi − o‘smirlarga xos individuallashish; uchinchisi − o‘spirinlikda, ya’ni yetuklikka intilish davrida o‘ziga xos holatlarni muvofiqlashtirish (birlashtirish) xususiyatlari paydo bo‘lishini bayon qiladi, shaxsning shakllanishi quyi­dagi bosqichlarda amalga oshishini ta’kidlaydi:
1. Ilk bolalik (maktabgacha tarbiya yoshidan oldin­gi davr) − tug‘ilganidan 3 yoshgacha.
2. Bog‘cha davri − 3 yoshdan 7 yoshgacha.
3. Kichik maktab yoshi davri − 7 yoshdan 11 yoshgacha.
4. O‘rta maktab yoshi (o‘smirlik) davri − 11 yoshdan to 15 yoshgacha.
5. Yuqori sinf o‘quvchisi (ilk o‘spirinlik) davri − 15 yoshdan 17 yoshgacha.
A.V.Petrovskiyning tasnifi mukammal bo‘lsa-da, kamolotning oraliq bosqichlarini, ularning o‘ziga xos xususiyatlarini ifodalamaydi. Vaholanki, o‘sish ijtimoiy qoidalarga muvofiqmi yoki aksilijtimoiymi, baribir, har ikki yo‘nalishning ham oraliq jabhalari bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Lekin bu g‘oyani chuqur ifodalab berish joiz.
D.I.Feldshteyn tasnifi ham shaxsga ijtimoiy yondashuvga asoslangan bo‘lsa-da, A.V.Petrovskiy tasnifidan keskin farq qiladi. Uning fikricha, inson shaxs sifatida shakllanishda ikkita katta bosqichdan o‘tadi, ulardan biri − “Men jamiyat bilan” nuqtai nazardan iborat bo‘lib, quyidagi yosh pallalarini qamrab oladi: 1) ilk bolalik − 1 yoshdan 3 yoshgacha; 2) ki­chik maktab yoshi davri − 6 yoshdan 9 yoshgacha; 3) katta maktab yoshi davri − 15 yoshdan 17 yoshgacha.
Shaxs kamolotidagi ikkinchi nuqtai nazar − “Men va jamiyat” deb nomlanib, quyidagi yosh bosqichlaridan iborat: 1) go‘daklik − tug‘ilganidan 1 yoshgacha; 2) maktabgacha davr − 3 yoshdan 6 yoshgacha; 3) o‘smirlik − 10 yoshdan 15 yoshgacha.
D.I.Feldshteyn boshqa tadqiqotchilardan farqli ravishda o‘smirlik davrini uch bosqichga ajratadi: birinchi bosqich (10−11 yosh) o‘ziga munosabatni kashf qilishdan iborat bo‘lib, o‘zini shaxs sifatida his qilish va qat’iy qarorga kelish bilan yakunlanadi. Ik­kinchi bosqich (12–13 yosh) bir tomondan o‘zini shaxs sifatida tan olish, ikkinchi tomondan o‘ziga salbiy munosabatda bo‘lishdir. Uchinchi bosqich (14–15 yosh) tezkorlik, o‘zini o‘zi baholashga moyillik bilan farqlanadi.


XULOSA
Bolalarda “Men jamiyat bilan” nuqtai nazari ilk bolalik, kichik maktab yoshi, katta maktab yoshi davrlarida faol va keng tus oladi, faoliyatning amaliy-predmetli jihatlari jadal o‘sish jarayonida bo‘ladi. Ularda “Men va jamiyat” nuqtai nazari vujudga kelishi maktabgacha va o‘smirlik dvvrlariga to‘g‘ri kelib, ularning ijtimoiy xatti-harakat majburiyatlarini, qoidalarini o‘zlashtirishlari va boshqa shaxslar bilan munosabat o‘rnatishlari, o‘zaro muloqotga kirishishlari bilan ifodalanadi. Ana shu murakkab ijtimoiy-psixologik harakatlarga asoslangan D.I.Feldshteyn bolaning ijtimoiy o‘sishdagi jamiyatga munosabatini asosiy (bosh) va oraliq munosabatlarga ajratadi. Bolada jamiyatga munosabatning shakllanishi ijtimoiylashuv, individuallashuvning tarkibiy qismlarini egallash va bir davrdan ikkinchi davrga o‘tish orqali amalga oshadi. Asosiy (bosh) munosabat − insonning kamol topishida keskin siljish nuqtalari paydo bo‘lishi, ichki sifat o‘zgarishlari vujudga kelishi va yangi xislatlar tarkib topishining mahsulidir.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, D.I.Feldshteynning yosh davrlariga ajratish nazariyasi ontogenezdagi barcha psixologik holat va fazilatlarni ifodalash imkoniyatiga ega emas, ammo u ta’lim-tarbiyaning sifatini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan amaliy ahamiyat kasb etadi.
Umuman psixologlar tomonidan ontogenezni davrlarga tabaqalashtirishning puxta ilmiy-metodologik negizga ega bo‘lgan qator nazariyalari ishlab chiqilgan. Ular ontogenetik qonuniyatlarni yoritishga katta hissa bo‘lib qo‘shildi, amaliy va nazariy muammolarni hal qilishda keng qo‘llanmoqda. Ammo hozir ontogenezni to‘la yoritishga xizmat qila oladigan nazariyani yaratish zarurati tug‘ildi.



Download 123.88 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling