Mavzu: Pulning vujudga kelishi va uning vazifalari


Download 174.28 Kb.
bet1/4
Sana30.04.2020
Hajmi174.28 Kb.
#102453
  1   2   3   4
Bog'liq
pul


Mavzu: Pulning vujudga kelishi va uning vazifalari

Reja:
Kirish



  1. Pulning kelib chiqishi, mohiyati va uning vazifalari

  2. Pul muomalasi va uning amal qilish qonuniyatlari.

  3. Pul bozori. Pulga bo‘lgan talab va pul taklifi.

  4. Кreditning mohiyati, vazifalari va manbalari.

  5. Markaziy bankning pul kredit siyosati.

  6. Pul multiplikatori.

Xulosa

Foydalanilgan adabiyotlar:




1.Pulning kelib chiqishi, mohiyati va uning vazifalari
Pulning kelib chiqishi haqidagi masala turli xil nazariyotchilar tomonidan ayriboshlashning rivojlanish jarayoni bilan bog‘liqlikda talqin qilinadi. Bir tovarning qiymati u boshqa tovarga ayriboshlaganda ma’lum bo‘ladi (T-T). Birinchi qarashda ayriboshlash bitimida tovarlar bir xil rol o‘ynaydigandek ko‘rinadi. Aslida esa ularning roli turlichadir. Bir tovar o‘z qiymatini boshqa tovarga nisbatan ifodalaydi. Ikkinchi tovar esa ekvivalent rolida chiqadi, qiymatning ekvivalent shaklini tashkil etadi. Xuddi mana shu yerda pulning kurtagi mavjud bo‘ladi.

Ayriboshlash rivojining dastlabki bosqichi qiymatning oddiy yoki tasodifiy shakli deb ataladi. Bunda, masalan, boltaning egasi uni 1 qop donga almashtiradi. (1 bolta= 1 qop don). Bu tenglikda bolta o‘z qiymatini 1 qop donda ifodalaydi. Don esa bolta qiymatining ifodasidir, uning qiymatini ifodalash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi va ishlab chiqarishning o‘sishi natijasida ayriboshlash yanada rivojlandi. Tobora ko‘p turdagi va miqdordagi mahsulotlar ayriboshlash jarayoniga jalb etilib boriladi. Bunda hamma tovarlarga ayriboshlash mumkin bo‘lgan tovarga zaruriyat tug‘iladi. Dastlab bunday vazifani turli tovarlar bajarib, ishlab chiqarishning rivojlanish jarayonida bu rol asta-sekin oltinga o‘tib borgan. XIX asrning oxirida mamlakatlar birin-ketin oltin valutaga, ya’ni monemetall tizimiga o‘ta boshlaydilar. Bu hol Avstriyada 1892, Yaponiyada 1897, Rossiyada 1898, AQSHda esa 1900-yilda sodir bo‘ladi. Angliyada oltin pul tizimi XVII asrning oxirida, Germaniyada 1871-yilda, Gollandiyada 1877-yildayoq joriy etilgan edi. O‘zbekiston hududida tarixan bundan ham oldinroq, kumush va mis tangalar muomalada bo‘lgan. Shayboniyxon Samarqandni zabt etgandan keyin, 1507-yilda pul islohotini o‘tkazgan. Bizgacha Shayboniyxon (1501–1610) va Abdullaxon (1583–1598) zarb etgan tangalar yetib kelgan. Abdullaxon davrida tanga (oltin va kumush) zarb qilish davlat poytaxti – Buxoroda markazlashtiriladi. 1695– 1709 yillarda oltin tanga zarb qilish muntazam tus oladi. Tanga og‘irligi 4,8 gramm, sifat sofligi juda yuqori – 958 bo‘lgan.

Qiymat shakllarining rivojlanishiga sabab bo‘lgan asosiy omillar quyidagilar: Mehnat taqsimotining rivojlanishi va chuqurlashuvi; ishlab chiqarishning o‘sishi; mahalliy va milliy bozorlarning vujudga kelishi. Umumiy ekvivalent rolini nodir metallarga, jumladan oltinga yuklatilishiga sabab quyidagilar bilan izohlanadi:

Sifat jihatdan bir xil o‘lchamga keltirish mumkinligi;

Zanglamasligi va uzoq muddat saqlanishi;

Bo‘linuvchanligi va uni yaxlit holga keltirish osonligi;

Tabiatda nisbatan kamyobligi;

Ozgina miqdordagi va og‘irlikdagi nodir metallning qiymati ancha yuqoriligi. Yuqoridagilardan shunday xulosa chiqarish mumkin. Pulning vujudga kelishi tarixiy jarayon, u tovar ayriboshlashning rivojlanishiga asoslanadi, tovar ishlab chiqarish va ayriboshlash ziddiyatlarining keskinlashuvi natijasidir. Oltin (yoki kumush) pul umumiy ekvivalent rolini o‘ynovchi maxsus tovardir. Hozirgi zamon puli tovarlarni ayriboshlashda umumiy ekvivalent rolini bajaruvchi, umumko‘pchilik tomonidan tan olingan va davlat tomonidan qonunlashtirilgan vositadir. Pul tovar muomalasi doirasidan tashqarida ham amal qila boshlaydi: pul rentasi, pul soliqlari vujudga keladi, natural majburiyatlar pul majburiyatlariga aylanadi. Shu tariqa pul ishlab chiqarish va muomala jarayonida bir qator vazifalarni bajaradi:

1. Qiymat o‘lchovi.

2. Muomala vositasi.

3. Boylik to‘plash vositasi.

4. To‘lov vositasi.

1. Tovarning almashuv qiymatini ifodalash va uni aniqlash uchun qo‘lda naqd pulga ega bo‘lish shart emas. Pulning bu vazifasini ideal pul bajaradi. Tovar egasi fikran ideal ravishda shu tovarning almashuv qiymatini pul bilan ifodalaydi. Tovarning narxi talab va taklif miqdoran mos kelgan taqdirdagina uning qiymatiga muvofiq keladi. Agar talab va taklif mos kelmasa, narx qiymatidan farq qiladi. Demak, tovarlarning narxi ularning qiymatiga, talab va taklifning nisbatiga bog‘liq. Tovar almashuv qiymati va nafliligining pul bilan ifodalanishi uning narxidir. Dastlab pul birliklari va ularning nomlari ko‘pincha muayyan og‘irlikda nodir metallar bilan bog‘liq bo‘lgan, valuta tizimlarining nomlari (funt sterling) ham shundan dalolat beradi. Lekin vaqt o‘tishi bilan, «vazn» nomi pul birligidan nodir metallarning haqiqiy vaznidan tobora ko‘proq farq qila boshlagan. Buning bir qancha sabablari bor bo‘lib, ularning biri shu bilan bog‘liqki, tarixan uncha nodir bo‘lmagan, umumiy ekvivalent rolini o‘ynagan metallar nodirroq, demak, qimmatroq metallar tomonidan siqib chiqarilgan; bunda pul nomlari avvalidagicha qolgan. Masalan, funt sterling dastlab bir funt kumushning pul bilan ifodalangan nomi bo‘lgan. Lekin oltin qiymat o‘lchovi sifatida kumushni siqib chiqargach, avvalgi nom o‘z qiymati jihatidan bir funt kumushga teng bo‘lgan oltin miqdoriga nisbatan ishlatila boshlagan. Boshqa sabab tangalarni soxtalashtirish bo‘lib, bunda davlat pul zarb qilinayotganda tangaga talab qilingandan ko‘ra kamroq miqdorda pul materiallarini sarflaydi. Tovar muomalasi jarayonida naqd pul yoki uning tashuvchilari (masalan, plastik kartalar) bo‘lishi kerak. Chunki tovarlarni oldisotdi paytida ularning ramziy narxlari real pulga aylanmog‘i lozim. Bu jarayonda pul muomala vositasi vazifasini bajaradi. Pulning muomala vositasi sifatidagi vazifasi shundan iboratki, u tovarlar muomalasi jarayonida vositachi bo‘lib maydonga chiqadi. Dastlab tovarlarni ayribosh qilishda pul bevosita kumush yoki oltin quymalar shaklida mavjud bo‘lgan. Bu hol ayriboshlash vaqtida qiyinchiliklar tug‘dirgan: pul metallni o‘lchash, uni mayda bo‘laklarga bo‘lish, sifatini belgilash zarur bo‘lgan. Asta-sekin pul metall quymalari o‘rniga monetalar ishlatila boshlagan. Monetalar o‘z vazni va sifati jihatidan ma’lum miqdordagi metalldan iborat bo‘lib, ular davlatning alohida muhri bilan tasdiqlangan bo‘ladi. Oltin pul muomalasi amaliyoti ko‘rsatadiki, uzluksiz muomalada bo‘lish natijasida oltin tangalar yeyilib ketadi, o‘z massasining bir qismini yo‘qotadi va to‘la qiymatli bo‘lmagan pulga aylanadi. Shu sababli, muomalaga oltin o‘rnini bosuvchi pul sifatida to‘la qiymatli bo‘lmagan qiymat belgilari chiqarilgan.

3. Pul muomaladan chiqarilganda boylik to‘plash vazifasini bajara boshlaydi. Har bir tovar ishlab chiqaruvchi o‘zini bozor tasodiflaridan ehtiyot qilish va o‘z tovarini sota olish yoki olmasligidan qat’iy nazar boshqa tovarlarni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun o‘zini ma’lum pul rezervi bilan ta’minlashi kerak. Natural xo‘jalik sharoitida boylik mahsulot jamg‘arish shaklida amalga oshirilgan. Tovar xo‘jaligining rivojlanishi boylik jamg‘arishning pul shaklini keltirib chiqaradi. Tovarlarni cheklanmagan miqdorda saqlab bo‘lmaydi, pulni istagan miqdorda saqlash mumkin. Tovar xo‘jaligi taraqqiyotining dastlabki davrlarida pul jamg‘arish uni muomaladan chiqarib olish yo‘li bilan amalga oshirilgan. Кeyinchalik foyda ketidan quvish hukmron ahamiyat kasb etib, bo‘sh turgan pul foyda keltirmasligi sababli pul egalari uni harakatga keltirishga, uni foydali joyda ishlatish yo‘lini topishga intildilar. Shuning uchun pul saqlash uchun banklarga qo‘yiladi. Banklar esa, ularni bir joyga to‘plab, kredit vositasida foydalanadi. Boylik to‘plash vositasini faqat oltin tangalar emas, balki pul materiallari, oltin buyumlar va boshqalar ham uynay oladi.



4. Tovarlar nasiyaga, to‘lov muddati kechiktirib sotilganda, pul to‘lov vositasi vazifasini bajaradi. Xaridorlar tovarning pulini to‘lov muddati kelgandan keyingina to‘laydi. Pulning to‘lov vositasi sifatidagi vazifasi tovar muomalasi doirasi bilan cheklanmaydi. Pul qarzga berilganda, renta va soliqlarni to‘lashda ham to‘lov vositasi vazifasini bajaradi. Nima uchun tovarni sotish bilan unga haq to‘lash o‘rtasidagi vaqt jihatidan ajralish paydo bo‘ladi? Buning eng tub sababi ishlab chiqarish sikllarining turlicha davom etishidir. Masalan, qishloq xo‘jaligida hosil bir yilda bir marta yig‘ib olinadi. Lekin dehqonga butun yil mobaynida turli xil tovarlar kerak bo‘ladi. Pulning to‘lov vositasi sifatidagi vazifasi bu xil qiyinchiliklarni bartaraf etishga va xo‘jalik aylanmasini tezlashtirishga imkon beradi. Shunday qilib, pulning to‘lov vositasi sifatidagi vazifasidan qog‘oz pullar, veksel va banknotlar kelib chiqqan. Shunday majburiy to‘lovlar: soliq, bojlar, jarima va davlat transferlari amalga oshirilganda to‘lov vazifasi namoyon bo‘ladi. Кredit pullar qog‘oz pullar bilan qo‘shilib, tovar muomalasiga xizmat qila boshlaydi. Bu bilan oltinni pul muomalasidan siqib chiqarish yo‘lida yana bir qadam qo‘yiladi. Muomala sohasida har doim pul muomalasi qonuni bilan tartibga solinadigan ma’lum miqdordagi pul birligi massasi mavjud bo‘lishi zarur. Umumiy holda pul muomalasi qonuni quyidagicha shakllantirilishi mumkin: tovar aylanishiga xizmat qiladigan pul miqdori tovar massalari narxi summasiga to‘g‘ridan - to‘g‘ri, pulning aylanish tezligiga teskari mutanosiblikda joylashadi:

bu yerda, Rm – tovar muomalasi uchun zarur pul miqdori,

R– sotilgan tovarlar narxlari summasi,

As – ma’lum vaqt oralig‘ida pul birligining aylanishlar soni. Agar pul miqdori ortgan taqdirda ham iqtisodiyotda tovar massasi doimiy bo‘lib qolsa, bu narxlar o‘sishini keltirib chiqaradi. Muomalaga yetarlicha pul chiqarilmaganda tovarlar omborlarda to‘planib va to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshmasdan, iqtisodiy o‘sish sekinlashuviga olib keladi. Кreditning va kredit tizimining rivojlanishi bilan pulning to‘lov vositasi sifatida qo‘llanish sohasi ancha kengaydi, kredit pullarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Bir kishi tomonidan boshqa kishiga beriladigan kredit – qarz majburiyatini, vekselni keltirib chiqaradi. Biroq veksellar muomalasi cheklangan, chunki ularga xususiy shaxslar kafolat beradi. Shu tufayli puxtaroq kafolatga obyektiv zarurat kelib chiqadi, buning orqasida banknot paydo bo‘ladi. Banknot xususiy shaxsning vekseli o‘rniga bank tomonidan beriladigan vekseldir. Shunday qilib, banknot pulning to‘lov vositasi sifatidagi vazifasidan kelib chiqadi. Banknotlar bilan bir qatorda muomalaning kredit qurollaridan yana bir turi – cheklar ishtirok etadi. Chek omonat egasi tomonidan o‘z hisobidagi puldan chekda ko‘rsatilgan shaxsga berish to‘g‘risida bankka yozilgan buyruqlardir. Кredit munosabatlarining rivojlanishi naqd pul ishlatmasdan qarz majburiyatlarini o‘zaro bir-biriga o‘tkazish yo‘li bilan qarzlarni uzishga imkon beradi. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda hisob-kitoblar oltin bilan ta’minlanmagan milliy valutalarda (dollar, marka, iena va h.k.) amalga oshiriladi. Muomalaga elektron kredit pullarning (veksel, chek, qimmatbaho qog‘ozlar) kirib kelish, ya’ni naqd va naqd bo‘lmagan pul va kvota pullarni ishlatilishi natijasida pul massasi iborasi qo‘llanila boshlandi.

Pul massasini naqd pulga aylantirish imkoniyati turlicha bo‘lib, faqat naqd pulni xohlagan maqsadda ishlatish mumkin. Tez almashish (likvidlik) tushunchasi, hozirgi zamon qog‘oz pullarini (so‘m, tanga, dollar, lira va h. k.) bevosita sotib olish va har xil to‘lovlarni amalga oshirish kuchiga ega ekanligini bildiradi. Tez almashadigan vositalar, osonlik bilan qo‘yilgan maqsadni ro‘yobga chiqaradi. Masalan, agar sizda ortiqcha yengil avtomashina bo‘lsa, bu umuman xohlagan vaqtda uni sizga kerak bo‘lib qolgan har qanday buyumga almashtirish mumkinligini bildirmaydi. Agar siz ma’lum miqdordagi pul summasiga (dollar, marka va h. k.) ega bo‘lsangiz, siz har doim ularni har qanday kerakli buyumga ayriboshlay olasiz. Pul mutlaq tez almashish layoqatiga ega bo‘lishi sababli qiymatni saqlashning ideal vositasi hisoblanadi. Pul – bu ayriboshlashning umumiy tan olingan vositasi. Bu yerda «umumiy tan olingan»22 so‘ziga e’tiborni qaratish juda muhim. Shunday qilib, tovar ayriboshlash, ishlab chiqarish va pulning kelib chiqishi hamda tovar - pul muomalasining rivojlanishi bozor va bozor iqtisodiyotining kelib chiqishiga sabab bo‘ldi va uning rivojlanishiga shart-sharoit yaratdi.
2.Pul muomalasi va uning amal qilish qonuniyatlari

Pul tizimi – bu davlat tomonidan qonuniy tartibda o‘rnatilgan pul muomalasini tashkil qilish shakli va unga xizmat qiluvchi kredit muassasalaridir. Pul tizimining tarkibiy qismlari:

1.Pul birligi (dollar, marka, yevro, rubl, so‘m va h.k.).

2.Pul turlari (bank biletlari, tanga, chaqalar).

3.Pul emissiya qilish tartibi.

4.Muomaladagi pul massasini tartibga soluvchi davlat muassasalari.

5.Naqd pulsiz hisob-kitobni amalga oshirish tartibi.

6.Milliy valutani chet el valutasiga almashtirish tartibi.

Pul muomalasi ‒ bu tovarlar aylanishiga hamda notovar tavsifidagi to‘lovlar va hisoblarga xizmat qiluvchi naqd pullar va unga tenglashtirilgan aktivlarning harakati. Naqd pul muomalasiga bank biletlari va metall tangalar (pul belgilari) xizmat qiladi. Naqd pulsiz hisoblar cheklar, kredit kartochkalari, veksellar, akkreditivlar, to‘lov talabnomalari kabilar yordamida amalga oshiriladi. Ularning hammasi pul agregati deb yuritiladi. Muomalada mavjud bo‘lgan pul massasi ularni qo‘shish yo‘li bilan aniqlanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida kishilarda turli xil moliyaviy aktivlarga ega bo‘lish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Pul, turlicha qimmatli qog‘ozlar, bankdagi hisoblar, ko‘chmas mulk, qimmatli metallar, antikvar buyumlar va boshqa shu kabilar moliyaviy aktivlar shakli hisoblanadi. Daromad egalari o‘zlarining aktivlarini likvidli, ya’ni pul shaklida saqlashga harakat qiladi. Aktivlar likvidligi – bu ularning, har xil to‘lovlarga zaruriyat bo‘lganda naqd pullarga aylana olish layoqatidir. Pul mutlaq likvidlik xususiyatiga ega. Boshqa barcha aktivlar kam yoki ko‘p darajada bunday xususiyatga ega bo‘ladi. Moliyaviy aktivlar likvidligi qancha kam bo‘lsa, uning egasi uchun o‘z ixtiyoridagi pulni zarur vaqtda olish imkoniyati bilan bog‘liq yo‘qotish tahlikasi shuncha yuqori bo‘ladi. Yuqori inflatsiya sharoitida pulning mutlaq likvidligi ustuvorlikka ega bo‘lishdan to‘xtaydi. Bunday sharoitda yuqori likvidli aktiv barqaror chet el valutalari va ko‘chmas mulklar bo‘lib qoladi. Pul muomalasi o‘ziga xos qonunlarga asoslangan holda amalga oshiriladi. Uning eng muhimi muomala uchun zarur bo‘lgan pul miqdorini aniqlash va shunga muvofiq muomalaga pul chiqarishdir. Muomalani ta’minlash uchun zarur bo‘lgan pul miqdori quyidagilarga bog‘liq.

1. Muayyan davrda, (bir yil davomida) sotilishi lozim bo‘lgan tovarlar narxi summasiga (Tb). Tovarlar qancha ko‘p va narxi baland bo‘lsa, ularni sotish va sotib olish uchun shuncha ko‘p pul birligi talab qilinadi.

2. Pul birligining aylanish tezligiga (At). Pul bir xil bo‘lmagan tezlik bilan aylanadi. Bu ko‘p omillarga, jumladan ular ayriboshlanishiga xizmat qilayotgan tovarlar turiga bog‘liq.

3. Muomala uchun zarur bo‘lgan pul miqdori puldan to‘lov vositasi sifatida foydalanishga ham bog‘liq. Кo‘pincha tovarlar qarzga sotiladi va ularning haqi kelishuvga muvofiq keyingi davrlarda to‘lanadi. Demak, zarur pul miqdori shunga muvofiq miqdorda kamayadi. Ikkinchi tomondan, bu davrda ilgari kreditga sotilgan tovarlar haqini to‘lash vaqti boshlanadi. Bu pulga ehtiyojni ko‘paytiradi. Mazkur holatlarni hisobga olganda, muomala uchun zarur bo‘lgan pul miqdori (Pm) quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi.



Кs – qarzga sotilgan tovarlar narxi summasi;

Xt ‒ haqini to‘lash muddati kelgan tovarlar narxi summasi;

Muomala uchun zarur pul miqdorini aniqlashning hozirgi zamon yondashuvi «Fisherning ayriboshlash tenglamasiga» asoslanadi,



ya’ni QP=MV; yoki

Q ‒ ayriboshlanadigan tovarlar miqdori;

P ‒ tovarlar narxi;

M ‒ muomala uchun zarur bo‘lgan pul miqdori;

V ‒ pulning aylanish tezligi. Iqtisodiy fondda, pul muomalasi to‘g‘risida bir qator nazariyalar mavjud. Ularning asosiylari quyidagilar:

Кlassik nazariya.

Muomala uchun zarur pul miqdori sotishga chiqariladigan tovarlarning qiymat miqdori va ularning oltin asosiga teng kelishi g‘oyasini ilgari suradi.

Miqdoriylik nazariyasi.

Bu nazariyaga ko‘ra, muomaladagi pul miqdorining o‘zgarishi tovarlar narxining o‘zgarishiga olib keladi va bu o‘z navbatida pulning sotib olish layoqatini o‘zgartiradi.

I.Fisher yondashuvi

Bunda Fisher tenglamasi Q*P=M*V narxlar pul massasiga to‘g‘ri mutanosiblikda, pulning qadr-qiymati esa uning miqdoriga teskari mutanosiblikda bog‘liq bo‘lishini ko‘rsatadi. Кembridj maktabi (A.Marshall, A.Pigu, D.Robinson) yondashuvi pulga talab va uning taklifi o‘rtasidagi muvozanatlik shartlarini xarakterlaydi, ya’ni M=K*R*Y , bu yerda

M ‒ pul massasi;

К ‒ Marshall koeffitsiyenti (nominal daromadlarning naqd pul shaklida saqlanayotgan qismi);

R ‒ narxlarning umumiy darajasi;

Y ‒ jamiyatning real daromadi; RY ‒ nominal daromad. Shunday qilib, bozor iqtisodiyoti me’yorida faoliyat qilishi, uning o‘sish sur’ati, narx darajasi va bandlikni barqaror ushlab turish uchun muayyan miqdorda pul massasi talab qilinadi.


Download 174.28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling