Mavzu: Rossiya bosqiniga qadar O‟rta Osiyoda arxiv ishi. Reja


Download 496.84 Kb.
Pdf ko'rish
Sana09.01.2023
Hajmi496.84 Kb.
#1084990
Bog'liq
mustaqil ish arxivshunoslik



Toshkent davlat sharqshunoslik unversiteti. 
.


 
Mavzu: Rossiya bosqiniga qadar O‟rta Osiyoda arxiv ishi. 
Reja. 
1. O‟rta Osiyoda arxivlarni paydo bo‟lishi. 
2. IX-XIV asr boshlarida arxiv ishi. 
3. Amir Temur va temuriylar davrida arxiv ishi. 
4. O‟rta Osiyo xonliklar davrida arxiv ishi. 
5. Xulosa. 
O‟rta Osiyo hududida ilk arxivlar yozuv bilan bir vaqtda paydo bo‟lgan. Bu arxivlarga 
Nisodagi Parfiya arxivi, Xorazmdagi Tuproqqal‟a arxivi, Mug‟ qal‟asi xarobalaridan 
topilgan arxivlar kiradi. Yozuv ilk sivilizatsiyaning asosiy belgisi hisoblanadi. O‟rta 
Osiyoda ham arab yozuvi kirib kelgunicha oromiy yozuvi asosida paydo bo‟lgan 
qadimgi baqtriya, xorazmiy, sog‟diy yozuvlaridan foydalanib kelinganligi arxeologik 
topilmalarda o‟z isbotini topmoqda. O‟rta Osiyoda oromiy yozuvining eng qadimgi 
namunasi milloddan avvalgi V-IV asr oid spool idish xum sirtiga bitilgan. Bu yozuv 
arxeolog olim M.Mambetullaev tomonidan Katta Oybuyirqal‟a shahrini o‟rganish 
davomida topilgan. O‟rta Osiyoda oromiy yozuvi namunasida vujudga kelgan 
yozuvlardan biri baqtriya yozuvidir. Baqtriya yozuv va tilining tarixi tilshunoslik va 
sharqshunoslik fanlariga kiritilishi bevosita mashhur olim V.Xenning nomi bilan 
bog‟liq. 1957-yilda shimoliy Afg‟onistoning Bog‟lon hududidagi Surxko‟tal deb 
nomlangan Kushon podshohlari sharafiga bitilgan mahobatli xatning topilishi fanda 
baqtriya yozuvini o‟rganilish tarixini boshlab bergan. O‟zbekisaton hududidagi 
dastlabki baqtriya yozuvi 1962-yilda arxeolog B.Ya.Stavskiy rahbarligida Eski 
Termizning Qoratepa manzilgohidan topilgan. Eng qadimgi baqtriya yozuvlari qayd 
etilgan yodgorliklar tarkibiga Mirzaqultepa, Fayoztepa, Kampirtepa, Qoratepa, 
Ayritom, Zartepa, Dalvarzintepa, Xotinrabot, Xayitobodtepalar kiradi. Bu arxiv 
hujjatlari devorga, toshga, qayin po‟stlog‟iga, sopolga, yog‟ochga, haykallarga va 
boshqa narsalarga yozilgan. O‟rta Osiyoda mavjud bo‟lgan qadimgi yozuvlardan yana 
biri xorazm yozuvidir. Xorazm hududlari (quyi Amudaryo havzasi)da 1937-yildan 
boshlangan arxeologik qazishmalar davomida ko‟plab moddiy manaviyat yodgorliklari 
topilgan bo‟lsada biroq xorazm tili va yozuvini o‟zida aks ettiruvchi topilmalar 
milloddan avvalgi I mingyillikning o‟rtalarigacha bo‟lgan madaniy qatlamlarda 
hanuzgacha arxeologlar tomonidan qayd qilinmagan. Qadimgi Xorazm yozuvi 
yodgorliklari bizning davrimizga qadar numizmatik materiallarda qadimgi xo‟jalik 
buyumlarida saqlanib kelgan. Shunungdek arxeologik izlanishlar jarayonida 
Tuproqqal‟a, To‟qqala‟a va Misdaxkon shaharqal‟alaridan ham juda ko‟plab yozuv 


namunalari topilgan Sug‟d yozuvi oromiy yozuvi asosida shakllangan harf tovush 
yozuvi bo‟lib, hozirgi O‟zbekiston va qisman Tojikiston yerlarida joylashgan 
Sog‟diyonada qo‟llanilgan. Sug‟d yozuvining milodiy asr boshlariga oid eng qadimgi 
namunasi Samarqand yaqinidagi Taliborzu tepaligidan topilgan. O‟rta Osiyo xalqlari 
to‟g‟risidagi ilk yozma hujjatli malumotlar arxiv hujjatlariga: Nisodagi Parfiya arxivi, 
Xorazmdagi Tuproqqal‟a arxivi, Mug‟ qal‟asi xarobalaridan topilgan Mug‟ arxivi 
kiradi. Eski Niso – Ashxabod yaqinidagi Bagir tepaligidan topib o„rganilgan.
Janubiy Turkmaniston arxeologik ekspeditsiyasi vakillari Eski Nisodan bir necha 
oramiy yozuvli sopol bo„laklarini topishgan. Eski Nisodan topilgan Parfiya ish 
yuritish hujjatlari podshohning sharob saqlanuvchi omborxonasidan topilgan 2700dan 
ortiq ostrakon (spool taxtacha) lardan iborat bo‟lib, u oromiy alifbosiga asoslangan 
parfiya tilida yozilgan. Bu hujjatlar milloddan avvalgi I asr va milodiy II – III asrlarni 
o‟z ichiga oladi. Bu hujjatlar bizga Parfiya podsholigini ma‟muriy huquqiy tuzilishi, 
boshqaruv tizimi, ijtimoiy qatlami tog‟risida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. 
1945-1950 – yillarda S.P.Tolstov tomonidan Qoraqalpog‟istonnig Ellikqal‟a tumanida 
joylashgan Tuproqqal‟a xarobalaridan Xorazm hujjatlari bo‟lgan ulkan arxivni topdi. 
Bu arxiv joy nomi bilan Tuproqqal‟a arxivi deb yuritiladi. Hujjatlardan ma‟lum 
bo‟ladiki Xorazmda devonxona ish yuritish va arxivlashtirish ishlari juda yaxshi 
rivojlangan. Qadimgi Xorazm poytaxti Tuproqqal‟ada podsho qarorgohi bo‟lib xizmat 
qilgan saroy majmuasini o‟rganish jarayonida III asrga oid Xorazm podsholari arxivi 
topilgan. Bu arxivda 1947-1949 – yillarda S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorazm 
arxeologik-etnografik ekspeditsiyasi a‟zolari qadimgi xorazmliklarning teri va 
yog‟ochga yozilgan 140ta hujjatni topishdi. Shundan 122 tasi teriga yozilgan bo‟lib, 
ularning ko‟pi chirib ketgan. Hujjatlarning teriga yozilganlaridan 18 tasi taxtaga 
yozilganlaridan esa 8 tasi yaxshi saqlangan hujjatlarning asosiy qismi ma‟muriy 
xo‟jalik masalalariga oid bo‟lib, uni A.A.Freyman va boshqa tilshunoslar tekshirib 
Xorazmning XIII-XIV asrlardagi o‟ziga xos eroniy tiliga o‟xshatishdi. S.P.Talstov 
vafotidan so‟ng 1965-yilda E.Nerezkin rahbarligidagi ekspeditsiya shahar mavzelarida 
qazish ishlarini qayta boshlagan. 1984-yilda 1945-1950-hamda 1965-1972-yillarda 
Tuproqqal‟adagi arxeologik tadqiqot ishlari natijalari sifatida “Топраккала Дворец” 
kitobi nashr qilinadi. Sug‟d yozuvi milloddan avvalgi III-II asrda shakllangan bo‟lib, 
bu yozuv o‟lkamiz madaniyati tarixida muhim ro‟l o‟ynaydi. Sug‟d yozuvi orqali 
bizgacha eramiz boshlaridan to X-XI asrlarga qadar yozilgan ko‟plab yodgorliklar 
yetib kelgan. Ular orasida turli davr va hududlarga oid ko‟plab numizmatik materiallar 
(tanga yozuvlari), metal, spool, yog‟och, charm, qog‟oz va boshqa buyumlarga bitilgan 
matnlar, shaxsiy maktublar, diniy, axloqiy-falsafiy matnlarning parchalari, xo‟jalik, 
huquqiy va diplomatik hujjatlar bor. Ana shunday yodgorliklarning katta guruhi 1932-
1933 yillarda Tojikistonning Panjikent shahri yaqinidagi Mug„ tog„i tepasidagi 
qadimgi qasr xarobasidan topilgan sug„d hujjatlaridir. Keyinchalik “Mug„ arxivi 


hujjatlari” deb atalgan bu manbaning topilishi VII asr oxiri - VIII asr birinchi choragi 
Markaziy Osiyo mintaqasida ro„y bergan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va etnomadaniy 
jarayonlar masalasiga bir qadar oydinlik kiritdi. 
Yillar davomida o„rganilib kelinayotgan mazkur arxiv hujjatlari sobiq sovet va hozirgi 
o„zbek sug„dshunosligi taraqqiyoti uchun muhim rol o„ynadi. Xususan, XX asr 
ikkinchi choragidan boshlab sobiq Ittifoqda sug„dshunoslikning fan sohasi sifatida 
rivojlanishida Mug„ arxivi hujjatlarini katta o„rni bor. Sovet davri tadqiqotchilari 
hujjatlarni o„rganish ishiga salmoqli ulush qo„shdilar. Dastlab hujjatlar ekspeditsiya 
rahbari A.A. Freyman tomonidan moddiy ashyo sifatida izchil o„rganildi. 
Aniqlanishicha, bu hujjatlar teri, qog„oz va yog„och parchalariga yozilgan bo„lib, 
shaxsiy va diplomatik xatlar, bitimlar, taqvimlar, xo„jalik va hisob qaytlaridan iborat 
bo„lgan. Ulardan ikkitasi arabcha, uchtasi xitoycha va bittasi runiy yozuvida bitilgan. 
Qolganlari esa sug„diy til va yozuvida bo„lib, barcha hujjatlar. Panch viloyati va uning 
markazi Panjikent shahri hokimi Devashtich saroyida saqlangan, ya‟ni saroy 
devonxonasining arxivi hisoblangan. A.A. Freyman o„z ekspeditsiyasi aniqlagan 74 ta 
hujjatning barchasini tavsifladi, yirik va ahamiyatlilarini esa tarjima qilib, ularning 
ayrimlariga sharhlar berdi. Avvaliga, ya‟ni 1934 yildan “Согдийский сборник” da 
nashr etila boshlangan ma‟lumotlar, so„ngra 1962 yilda yaxlit to„plam holida nashrdan 
chiqdi. Ayni vaqtda arabshunos mutaxassis I.Yu. Krachkovkiy Mug„ arxividagi ayrim 
arab tilli hujjatlarning tarjimasini va talqinini e‟lon qildi. 
Mug„ arxivi hujjatlarining katta kompleksi - yuridik hujjatlar va maktublar yirik 
sug„dshunos olim V.A. Livshits tomonidan ilmiy jihatdan chuqur o„rganilib, lingvistik 
va tarixiy izohlari bilan nashr etildi. Mug„ tog„i sug‟d hujjatlarining foto nusxalari 
Rossiya FA Sharqshunoslik Instituti Leningrad bo„limida saqlanmoqda. Rasmlar 
alohida albom holatida, “Eroniy tillar yozuvlari korpusi” (“Corpus inscrip- torum 
iranicarum”) seriyasida nashr qilingan. Mug„ tog„i sug„d hujjatlari taxminan 20 xil 
husnixatda yozilganligi aniqlangan. Mug„ tog„i Sug„d hujjatlari M.N.Bogolyubov, 
V.A.Livshits, O.I.Smirnova, M.Is‟hoqovlar tomonidan o„rganilgan. 
Hujjatchilik an‟anasi o„rta asrlarda yanada takomillashib borgan. Mahkamalarda 
ish yuritish bilan bog„liq ishlar qonuniy tus ola boshlagan. Hujjatlarni saqlashga 
alohida e‟tibor berila boshlangan. Ayniqsa, vaqf mulklari bilan bog„liq vaqfnomalarni 
yozish va uni saqlash an‟anasi rivojlanib borgan. Afsuski, somoniylar, o„rta asrlar 
davlat mahkamachiligi bilan bog„liq arxiv hujjatlari bugungi kungacha hali 
aniqlangani yo„q. Ammo mulklarni vaqfga o„tkazish bilan bog„liq hujjatlarning ko`p 
qismi bizgacha yetib kelgan. Vaqf mulklari rasmiylashtirilgan hujjat vaqfnoma deb 
atalgan hamda qozining muhrlari bilan bu hujjat qonuniylashtirilgan. Vaqf hujjatlarida 


mulklarni biror tashkilotga xayriya qilishgina emas, balki tarixiy jarayonlar, 
ijtimoiyiqtisodiy hayot, somoniylarning kelib chiqishi, somoniylar tarixi kabi 
masalalar ham o„z ifodasini topgan. Ismoil Somoniy vaqfnomasi Markaziy Osiyoda 
o„rta asrlarda huquqiy hujjat yuritish ishlari qay tartibda amalga oshirilganligini bilish 
uchun ham asos bo„ladi.Vaqfnoma asosan Ollohga hamd va payg„ambar Muhammad 
(s.a.v) salovat so„zlari bilan boshlanadi. Shundan so„ng vaqf ta‟sis etilishi sabablari 
bayon etiladi; vaqfdan keladigan daromad kimlarga va qanchadan taqsimlanishi 
bildiriladi. Vaqfnomada vaqf yeri kim uchun yoki qaysi muassasa foydasiga joriy 
etilayotgani aytiladi. Vaqf yeri chegaralari, uning qaysi yerlar bilan chegaradosh 
ekanligi ham hujjatda qayd etiladi. Vaqf hujjatlarini dastlab 1950- yilda taniqli 
sharqshunos olima O.D. Chexovich ilmiy muomalaga olib kirgan. 1951-yilda u 
O„zRFA Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 527 “a” 
raqamli hujjat bo„yicha maqola e‟lon qiladi. O„zRFA Sharqshunoslik institutida 
saqlanayotgan hujjat bir-biriga yopishtirilgan 8 ta qog„oz bo„laklarining o„ramidan 
iborat, uning uzunligi 6 m 60 sm, eni 19-20 sm, bu hujjatda Ismoil Somoniy o„z 
avlodlariga vaqf qilib qoldirgan Buxoro viloyati atrofidagi qishloqlar hamda 
somoniylar sulolasining shajaraviy tarixi haqida so„z yuritiladi. Hujjatda Ismoil 
Somoniy vaqf yerlari birma-bir sanab keltirish bilan kifoyalangan. Bundan tashqari 
ko„pgina manbalardan bizga malumki, toxiriylar, somoniylar, qoraxoniylar, 
g„aznaviylar va xorazmshohlar saroylarida kutubxona- arxivlari mavjud bo„lgan. Bu 
davrda Marv, Nishopur, Ray, Balx, Hamadon, Tus, Buxoro, Samarqand, Urganch, 
Xiva, Nisa, Termiz va boshqa shaharlarning har birida o„nlab davlat, vaqf va shaxsiy 
kutubxonalar vujudga kelgan. Ularda ko„p minglab Arastu, Aflotun, Iqlidus, Batlimus, 
Suqrot, Arximedlarning nodir qo„lyozmalari, shuningdek, qadimgi hind, pahlaviy, 
yunon, arab, fors va turkiy tillarda yozilgan olim, mutafakkirlar asarlarining asl 
nusxalari, tarjimalari saqlangan. Kutubxonalar shaxsiy, vaqf (masjid va madrasalarda) 
va saroyda tashkil etilgan. Ularning ko„pchiligida kitoblar o„z sohalari bo„yicha 
kataloglashtirilgan, tartibga solingan, maxsus va malakali xodimlar biriktirilgan. 
Shuningdek, kutubxonalar farroshlar, qorovullar va boshqa xodimlarga ega bo„lib, 
to„la moliyaviy ta‟minlangan. O„rta Osiyo kutubxonalari Hindiston, Eron, Istambul, 
Qohira shaharlarida Sharq tili va uslublarida bitilgan, shuningdek, O„rta Osiyoning 
yirik shaharlarida yashab ijod etgan adib va xottotlar tomonidan tayyorlangan kitoblar 
hisobiga kengayib, boyib bordi. Mo„g„ullar istilosiga qadar (XI - XII aslar) Marvda 
saqlangan Saljuqiylar va Gurgunchdagi Xorazmshoxlar kutubxonalari juda mashxur 
bo„lgan. 
O„rta Osiyo Amir Temur davriga kelib iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy va madaniy 


tomondan rivojlana boshlaydi. Bu davrga kelib ko„plab kalligraflar, rassomlar, san‟at 
ustalari, xattotlar etishib chiqdi, kitobchilik sohasida yangi burulish yuz berdi. Amir 
Temur va temuriylar davrida ham kutubxona-arxivlari mavjud bo„lgan. Ayniqsa Amir 
Temur harbiy yurishlari davrida ko„pgina nodir qo„lyozma asarlarini Movarounnahrga 
olib keldi. Amir Temurning o„g„li Shoxruh hukumronligi vaqtida Hirotda kutubxona 
tashkilib qilinib, unda qirqqa yaqin yetuk rassom, kalligraf va muqavasoz ustalar 
ishlagani, XV asrning ikkinchi yarmida Hirot yirik ilmiy va madaniy markaz 
bo„lganligini, ajoyib saroy kutubxonasi o„ziga xos ilmiy muassasaga aylanganligini, 
kitoblar kalligraflar yordamida ko„chirilganligi va bezaklar berilganligi haqida keltirib 
o„tadi. Amir Temur va temuriylar davri davlatchiligi o„zbek davlatchiligi taraqqiyotida 
alohida o„rin egallaydi.Bu davrda davlat boshqaruvi tizimi va ish yuritish jarayoniga 
ham katta e‟tibor qaratilgan. O„zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 
Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanayotgan hujjatlar to„plamini arxiv ishi 
yuritilishining bir ko„rinishi deyish mumkin. Masalan Amir Temur va temuriy 
hukmdorlarning qo„shni davlat hukmdorlari bilan yozishmalari jamlanib to„plam 
holiga keltirilgan va u “Maktuboti Temuriya” deb nomlanadi.“Maktuboti Temuriya” 
hozirgi kunda mazkur institut qo„lyozmalar fondida 2278 raqam ostida saqlanayotgan 
maktublar majmuasining nomidir. Majmua 191 varaqdan iborat bo„lib, XVI asrda 
kitobat qilingan. Amir Temur va temuriylar davrida hujjatchilik va ish yuritish 
tizimiga oid yana bir hujjatlar. O„zbekiston Respublikasi Abu Rayxon Beruniy 
nomidagi Sharqshunoslik Instituti (hozirgi Sharq qo„lyozmalari markazi) olimlari 
1992-yilda Yaponiyaning Kioto Universitetining professori Toru Xorikava 
boshchiligidagi delegatsiyaning O„zbekistonga qilgan safarlarining birida xivalik Aliya 
Aliakbarovadan 1713 ta asl nusxa Xiva qozilik hujjatlarini sotib olishdi va institutga 
taqdim etildi. Bu hujjatlar ichida temuriylar davriga oid bo„lganlari ham tadqiqotchilar 
tomonidan aniqlandi. “Yorliqlar” ichida eng nodir hujjat 1378- yilda Amir Temur 
tomonidan Xorazmdagi Darxonota mavzesida istiqomat qiluvchi Abu Muslim 
avlodlariga berilgan imtiyozlar haqidagi “Inoyatnoma” yorlig„idir. Bu hujjatda o„sha 
avlodga berilgan imtiyozlar haqida farmon berilgan. Yana shunday to„plamlardan biri 
“Muraqqayi Mir Alisher” yoki “Majmua‟yi murosilot (“Maktublar to„plami”)” bo„lib, 
u o„z davrining nufuzli ruhoniylari - Abdurahmon Jomiy, xo„ja Ubaydulla Axror, xo‟ja 
Axrorning o„g„li xo‟ja Muhammad Yaxyo, xo„ja Axrorning safdoshi va kuyovi Mir 
Abdulavval Nishopuriy va boshqalarning Sulton Abu Said Mirzo, Sulton Husayn 
Mirzo va Alisher Navoiyga yo„llagan maktublarini o„z ichiga oladi. Mazkur to„plam 
Alisher Navoiy tomonidan tuzilgani uchun “Muraqqayi Mir Alisher” yoki “Navoiy 
albomi” nomi bilan ham ataladi. To„plam XIX asrning yirik ziyolilaridan biri Buxoro 
qozi kaloni Sharifjon Mahdum sadri Ziyo kutubxonasida saqlangan va undan Alisher 
Navoiy nomidagi Xalq kutubxonasining Sharq qo„lyozmalari bo„limiga va undan 
keyin 1943-yili O„zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti 


qo„lyozmalar fondiga o„tkazilgan. U 2178 tartib raqami bilan saqlanmoqda. 
“Maktuboti Allomiy” - “Maktuboti Abulfazl”, “Inshoyi Abul- fazl” (“Abulfazl 
(Allomiy) tarafidan bitilgan va (ko„chirilgan) mak- tublar”) deb ham ataladi. 
Maktublarning asosiy qismi Boburiylar saltanatining atoqli podshohlaridan Jaloliddin 
Akbar nomidan, bir qismi vazir va yirik tarixchi olim Abulfazl ibn Muborak 
Allomiyning shaxsiy mazmundagi maktublaridan iborat. To„plam uch qismga 
bo„lingan. Undan bizga uchdan ikki qismi, ya‟ni ikkita daftar yetib kelgan, xolos. U 
Allomiyning qarindoshi Abdusamad ibn Afzal Muhammad tomonidan tuzilgan. 
“Maktuboti Allomiy”da 1586-1596-yillarda Buxoro va Balx xonliklari bilan 
Boburiylar davlati (Hindiston) o„rtasidagi siyosiy munosabatlar haqida o„ta qimmatli 
ma‟lumotlarni uchratamiz. “Maktuboti Allomiy” majmuasining yaxshi bir qo„lyozma 
nusxasi O„zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 
qo„lyozmalar fondida № 290 raqam bilan saqlanmoqda. Majmua 154 varaqdan iborat. 
 O„rta Osiyo mintaqasida mavjud bo„lgan Qo„qon va Xiva xonliklari va Buxoro 
amirligida o„ziga xos tarzda ish yuritish, hujjatchilik shu bilan birgalikda arxiv tizimi 
xususida XX asrning birinchi choragiga qadar aniq ma‟lumotlar yo„q edi. XX asrning 
30-yillarida O„rta Osiyo xonliklarida arxivlar bo„lganligi o„z tasdig„ini topdi. Bular 
Qo„qon va Xiva xonlari, Buxoro amirligi Qo„shbegi arxivlari bo„lib, ularda XVIII-
XIX asrga oid hujjatlarning ma‟lum qismi saqlanib qolgan. O‟zbekiston Respublikasi 
Markaziy davlat arxivi I-126-jamg„armada saqlanayotgan Buxoro amirligiga qarashli 
bo‟lgan “Qo‟shbegi arxivi” XIX - XX asr boshlarigacha bo‟lgan davrni qamrab oladi 
va ulardagi ma‟lumotlar, asosan, Buxoro amirligiga oiddir. Qo‟shbegi arxivining 
mavjudligi Xiva va Qo‟qon xonligi arxivi ochilgunga qadar, “O'rta Osiyo xonliklarida 
hech qanday arxiv bo‟lmagan” kabi e‟tirozlarga o'rin qoldirmaydi. Bu arxivlarning 
1930-yildan keyin ochilishi natijasida, nafaqat Buxoro amirlgida, balki O'rta Osiyo 
mintaqasida xonliklarda XIX - XX asr boshlaridagi davlatchilik tarixiga oid qimmatli 
yozma manbalar vujudga keldi.Natijada, ushbu yozma manbalar orqali hujjatlardagi 
ma‟lumotlarni to'ldirish, ayrim sohalarni qayta ko'rib chiqish imkoniyatlari ham 
tug'ildi. 1931-yilda Buxoro muzeyi xodimlari tomonidan Ark yerto'lasidan topilgan 
Qo'shbegi arxivi 1933-yilda Toshkentga - Markaziy davlat arxiviga olib kelingan. 
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi ma‟naviy ishlar noziri Musojon Saidjonov tomonidan 
berilgan ma‟lumotlarga ko'ra Buxoro amirligida ikki turdagi arxiv hujjatlari mavjud 
bo'lib, ular: 1) amirlik devonxonasi arxiv hujjatlari; 2) Buxoro amirligi qo'shbegisi 
arxividan iborat bo'lgan. Amirlik devonxonasi arxiv hujjatlarini hukmdorlar o„z 
qarorgohlarida saqlagan. Masalan, amir Muzaffar ularni Shirbudunda saqlangan bo'lsa, 


uning o„g„li Abdulahad arxiv hujjatlarini o„zi bilan Karmanadagi qarorgohiga olib 
ketgan edi. Amir Olimxon davrida esa hujjatlar Buxoro shahriga olib kelingan. 1933-
yilda Buxoroda qo„shbegi arxivni guruhlash maqsadida maxsus komissiya tuziladi. 
Uning tarkibiga Buxoro Davlat muzeyi direktori vazifasini bajaruvchi A.S. Amirov, 
Buxkomstaris vakili V.A. Shishkin, muzey konsultanti, buxoro Davlat muzeyi ilmiy 
kengashining kotibi N.E. Shmidt hamda qo‟shbegi arxivini tekshirayotgan M.R. 
Hakimovlar kirgan. Hujjatlarni tartibga keltirish 1934- yilning 14-mayida yakunlanib, 
hammasi bo'lib ro'yxatga kiritilgan 77 764 ta hujjat 54 mavzuga va 268 ta bog'lamga 
ajratilgan. Mazkur qushbegi arxivi hozirda O„zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat 
arxivining tarixiy fondida (№ I-126) saqlanadi. Fondning 2 ta ro„yxati bo„lib, 1- 
ro„yxatda 2008 ta, 2- ro„yxatda 7437 ta saqlov birligidagi hujjatlar mavjud. Ushbu 
arxiv xonlikning ijtimoiy-siyosiy tarixi, iqtisodiyoti va boshqa masalalarni o„rganishda 
muhim manba ro‟lini o„ynaydi. Lekin bu fond hali yaxshi o„rganilmagan.
1873-yil 29-mayda ruslar Xiva xonligining poytaxti Xiva shahrini bosib 
olgandan so„ng, xon saroyini talan-taroj qildilar. Moddiy boyliklar bilan bir qatorda 
qo‟lyozma asarlar va arxiv hujjatlari Turkiston general - gubernatori K.P. 
Kaufmanning topshirig„iga asosan sharqshunos olim Aleksandr Kun tomonidan 
Toshkentga olib kelindi. Aleksandr Kun Xiva xoni saroyidan Sharq qo„lyozmalaridan 
iborat 300 ga yaqin kitob, 129 nomda 140 jild tarixiy asarlar, 20 nafar shoirlarning 30 
jildli asarlari, 50 jildli 40 ta huquqiy-diniy asar, bundan tashqari 18 ta Qur‟on va 50 ta 
darslik kitoblari to„planganini ma‟lum qiladi. Mazkur noyob hujjatlarning bir qismi 
fon Kaufman tomonidan 1874-yil 28- martda Peterburg Fanlar Akademiyasi Osiyo 
muzeyi (hozirgi Sankt-Peterburgdagi Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik 
instituti kutubxonasi)ga, qolgani esa Peterburgdagi Imperator xalq kutubxonasi (Sankt-
Peterburgdagi Rossiya Milliy kutubxonasi)ga yuborilgan. Xiva xonlari arxivini 
birinchi bo‟lib, 1936-yili sharqshunos olim P.P.Ivanov tomonidan tasodifan topib 
olinishi va o‟rganib chiqilishi tarix fani sohasida katta yutuq bo‟ldi. 1948-yilda Xiva 
arxivining hech kimga ma‟lum bo„lmagan yana bir qancha noyob daftarlari topildi. 
Bular xalq kutubxonasida P.P.Ivanov tomonidan topilgan kolleksiyani ancha to„ldiradi 
va uni yanada qimmatliroq qiladi.Shunday qilib, biz umumiy hajmi 333 daftar, 11.000 
varaqdan ortiq bo„lgan qimmatli arxivga ega bo„ldik. O„zbekiston Respublikasi 
Markaziy Davlat Arxivi 125-raqam tarix fondi “Xiva xonlari devonxonasi” va “Xiva 
xonlari arxivi” deb atalgan birinchi va ikkinchi tavsiflari “Iqtisod” va “Qozi vasiqlari” 
bo„limida, hamda 323-fond birinchi tavsifida saqlanayotgan vaqfnomalarda Xiva 
madrasalari va ularning iqtisodiy manbalari to„g„risida noyob hujjatlar mavjud.“Xiva 
xonlari arxivi” fondida “Yasovulboshining vaqf masalalari bo„yicha xon saroyiga 
chaqirilishi” deb nomlangan hujjatlar jamg„armasi saqlanadi. Mazkur hujjatlarni tadqiq 
etilishi ikki jihati bilan muhim bo„lib, birinchidan, sud-huquq tizimida yasovulboshi 
institutining tutgan o„rni, uning funksiyalari haqida, ikkinchidan, vaqf ma‟muriyati 


faoliyatiga oid qimmatli ma‟lumotlarni beradi. Yasovulboshining davlat boshqaruvi va 
sud-huquq tizimida tutgan o„rni masalasi atroflicha o„rganilgan bo„lib, mazkur 
tadqiqotda asosiy e‟tibor Xiva xonligida vaqf ma‟muriyatining amaliy faoliyatiga 
qaratiladi. Xiva xonligi arxivi hozirgi kunda O„zbekiston Respublikasi Markaziy 
davlat arxivining I-125 fondida saqlanmoqda. 
1939-yilda Sankt Peterburgdagi Saltikov-Shedrin nomidagi Davlat xalq 
kutubxonasi yerto„lasidan Qo„qon xonlari arxivi hujjatlari topilgan. Bu hujjatlar 
Qo„qon xonlarining XIX asr tarixiga taalluqli bo„lgan. Mazkur hujjatlar1876-yil 
noyabr oyida general-gubernator K.P. Kaufman buyrug'i bilan sharqshunos A. Kun 
tomonidan Peterburg shahridagi Imperator kutubxonasiga jo'natilgan. Arxivdagi 
hujjatlarning asosiy qismi 1866 - 1875 yillarga oid bo'lib, umumiy hajmi 5026 varaq 
va 151 daftardan iborat qo'lyozma hujjatlar topilgan. Ularda xonlikning inoyatnomalari 
- soliqlardan ozod qilish yoki imtiyoz berish; muboraknomalari - xon xizmatchilarini 
tayinlash, aholini hashar ishlariga jalb qilish va bir qancha ijtimoiy-iqtisodiy 
ma‟lumotlar mavjud. Saqlanib qolgan 151 ta daftarda soliq yig'uvchilarning yozuvlari, 
hisobotlari, xon saroyidagi sarf-xarajatlar va boshqa yozuvlar o„z aksini topgan bo‟lib, 
xonlikning iqtisodiy tarixini yoritishda muhim manba hisoblanadi. Arxivda yana 
harbiy ishlar to„g„risida (qo„shin yig„ish, harbiylarni taqdirlash, qurol ishlab chiqarish) 
ko„pgina hujjatlar mavjud. Hujjatlar orasida Xudoyorxonning xususiy xo„jaligi va xon 
o„rdasi to„g„risida, qo„rg„oshin buloqlar, neft ishlab chiqarish va undan kerosin 
tayyorlash, xonning g„isht zavodlari va gugurt ishlab chiqarish to„g„risida materiallar 
bor.Marg„ilon beki Sulton Murod to„g„risida ham ko„pgina hujjatlar saqlangan. 
Masalan, uning xo„jaligi, uning qasri va qasrni qurish usuli, xizmat qiluvchi odamlari, 
O„rda aholisi va bekning shaxsiy hayoti. Qo'qon xonlari arxivi ham 1962-yilda 3800 
yig'majild tartibida mamlakatimizga olib kelingan va hozirda O'zbekiston Respublikasi 
Markaziy Davlat arxivida saqlanmoqda. Arxiv hujjatlarining mikrofilmlari 
Leningradda M.E.Saltikov-Shedrin nomli davlat kutubxonasida va SSSR FA Osiyo 
xalqlari instituti qo„lyozmalar fondida saqlanmoqda. 
Xulosa o`rnida shuni takidlash joizki bizning boy va qadimiy tariximiz hozirgi 
kundagi eng rivojlangan davlatlar tarixidan ham qadimiyroqdir. Bunday qadimiy tarix 
juda oz davlatlarda bor. Biz esa bu tariximizni chuqurroq o`rganishimiz uni xalqimizga 
yekazib berishimiz kerak. Hozirgi kunda chet el muzeylarida saqlanayotgan tarixiy 
boyligimiz 
bo`lgan 
qo`lyozmalar, 
tarixiy 
hujjatlarni 
va 
boshqa 
tarixiy 
yodgorliklarimizni yurtimizga qaytarishimiz kerak. O`rganilmagan hujjatlarni 
o`rganishimiz va tariximizni o`zimiz yozishimiz lozim. Bunda bizga hozirga qadar 
saqlanib qolgan hujjatlar katta yordam beradi. Tarixiy hujjatlardan o`sha davrdagi 
ijtimoiy siyosiy madaniy va manaviy hayot o`sha davr insonlarining turmushi yashash 


tarzi va shu kabi boshqa ko`plab savollarga javob topamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar. 
1. Oybek Rashidov – O`zbekistonda arxiv ishi tarixi. 
Toshkent-2019
2. Is„hoqov Mirsodiq Mirsultonovich, Alimova Rahima Riskulovna – 
Arxivshunoslik.(
O`quv qo`llanma
)
Toshkent-2017

Download 496.84 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling