Mavzu: salohiddin mamajonov faoliyati reja
Download 54.5 Kb.
|
1 2
Bog'liq9-mavzu
Mavzu: SALOHIDDIN MAMAJONOV FAOLIYATI Reja: 1. Munaqqidning hayot yo‘li. 2. Olimning ilmiy izlanishlari. 3. Mustaqillikdan so‘nggi yillar ijodi. Salohiddin Mamajonov 1931 yilda Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida dehqon oilasida tug‘ildi. 1952 yili Farg‘ona pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi. Institutni bitirgach, maktabda o‘qituvchi, tuman xalq ta’limi bo‘limida katta nozir lavozimida ishladi. 1954-1957 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. 1958 yildan umrining oxiriga qadar mazkur institutda kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, bo‘lim mudiri lavozimlarida ishladi. 1959 yilda G‘afur G‘ulom rahbarligida “30 yillar o‘zbek sovet poeziyasida mehnat temasi” mavzusida nomzodlik, 1968 yilda “G‘afur G‘ulom prozasida mahorat masalalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. G‘.G‘ulom ijodi munaqqid ilmiy merosining asosini tashkil etadi. “Shoir va zamonaviylik”, “G‘afur G‘ulom prozasi” “Uslub jilolari” kitoblari bilan trilogiya yaratdi. Eng muhimi tanqidchi G‘.G‘ulom ijodini, mahoratini jahon adabiyotshunosligi kontekstida tekshirdi. Ayniqsa, badiiy asar tilini o‘rganish bo‘yicha yirik ilmiy ish qilgan V.V.Vinogradov, M.M.Baxtin kabi olimlarning ilmiy metodlarini o‘zbek adabiyotshunosligiga tadbiq qildi. S.Mamajonov H.Olimjon ijodi bo‘yicha o‘zbek va rus tillarida “Shoir dunyosi” va “Mir poeta” kabi monografiyalarini, “Hamid Olimjon va Zulfiya”, “Hamid Olimjon” kabi maqolalarini yaratdi. Munaqqid ushbu maqola va risolalarda zabardast o‘zbek shoirining poetik olamiga nazar tashladi. “Hayot va kurash poeziyasi” nomli maqolasi Zulfiya ijodini tadqiq etishga bag‘ishlangan. Maqolada shoiraning “o‘ziga xos bo‘lgan ovozi, ohangi , o‘z ruhiy olami, o‘z bo‘yog‘i, o‘z ritmi bor”ligi tahlil qilinadi. S.Mamajonov ilmiy-tanqidiy merosida o‘zbek she’riyati muammolariga bag‘ishlangan maqolalar ham mavjuddir. Olimning “She’riyat zamon xizmatida”, deb atalgan maqolasi (“She’riyat bahsida” kitobi, 1970) da ko‘proq she’rlardagi fikr va tuyg‘uning omuxtalanishi hamda unda lirik asosning ustun kelishi to‘g‘risida fikr yuritiladi. 30-50-yillarda o‘zbek poeziyasida quruq safsatabozlik, soxta hissiyotga berilish qusuri ustun edi. Afsuski, bu tez orada barham topavermadi, aksincha, 50-60-yillarga kelib dabdababozlik yanada avj oldi. 60-yillardan keyin adabiyotga yangi avlodning kirib kelishi bilan lirikamiz chuqur o‘ylar, o‘tkir fikrlar, yuksak tuyg‘ularga oshno bo‘la boshladi. Natijada tashqi dabdababozlik, tumtaroqlik chekinib, uning o‘rnini odamlardagi ruhiy tashnalikni qondirish mukammallikka bo‘lgan chanqoqlikni ehtiros bilan haqqoniy ifodalashga intilish istagi egallay boshladi”.1 Munaqqidning “Ranglar va ohanglar” kitobida o‘zbek she’riyatining kechagi, bugungi va ertangi kuni haqida fikr-mulohazalar yuritiladi. Shuningdek, olimning “Yillar va taqdirlar”, “Poemada inson va zamon”, “O‘zbek dostonchiligi haqida o‘ylar” kabi maqolalarida dostonchiligimizdagi jiddiy izlanishlar, ulardagi yutuq, kamchiliklarni tahlil e’tiboriga tortadi. Munaqqid talqin ob’ekti sifatida O.Matjonning “Pahlavon Mahmud”, Husniddin Sharipovning “Izma-iz”, Turob To‘laning “Zamon hukmi”, “Suyuk momo” dostonlarini oladi. Dostonlardagi bayonchilikka berilish holatlarini tanqid qiladi. S.Mamajonov adabiyotshunoslik va tanqidchilikning jonkuyar fidoyisi edi. Uning “Teranlik” kitobida adabiy jarayonda faol ishtirok etayotgan munaqqidlar haqida xolis haqqoniy fikrlar bildirilgan. Ayniqsa, yosh tanqidchilar haqida shunday mulohazalar bildirildi. “Hozirgi yosh, umidli, tanqidchilar to‘g‘risida o‘ylaganda she’riyatning tiniq osmoni” kitobining va qator prinsipial maqolalar muallifi O.Abdullaev “Tanqid va uslub” kitobining muallifi O‘.O‘taev, “ Chechanlikda suvday oqib...” nomli original kitobi bilan e’tiborni tortgan M.Qo‘shmoqov “Kurashchan she’riyat”, “Iste’dod, e’tiqod, zamon” kitoblarining muallifi B.Norboev “Teran tomirlar” asari va qator jiddiy maqolalar muallifi Mahmud Sa’diy, bir necha kitob va maqolalari bilan e’tiborni tortgan N.Komilov, A.Kattabekov, N.Xolliev, R.Otaev, I.Haqqulov. Shuningdek, ilmiy-nazariy puxta maqolalari e’lon qilayotgan Ahmad A’zam, H.Boltaboev, A.Otaboev, Mansur Tenglashev va boshqa o‘rtoqlar esga keladi”.2 Maqola 80-yillarda yozilganini e’tiborga olsak, bugungi kunda munaqqid e’tirof etgan ayrim ijodkorlar adabiyotshunoslik rivojiga katta hissa qo‘shib kelmoqdalar. Mustaqilligimizdan so‘nggi yillarda olim ijodining yangi sahifalari ochildi. Jadidchilik, jadid adabiyoti masalalari bo‘yicha, Hamza va jadid adabiyoti, Cho‘lpon she’riyati dramaturgiyasi, nasriy asarlari yuzasidan teran ilmiy izlanishlar olib bordi. Ushbu izlanishlarning samarasi o‘laroq, “Bizning Hamza”(1997), “Bizning Cho‘lpon” (1997), risolalari dunyo yuzini ko‘rdi. S.Mamajonov hamkorlikda oliy o‘quv yurtlari uchun “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi”, “O‘zbek tili va adabiyoti” kabi darslik va qo‘llanmalar yaratdi. Ustoz rahbarligida 30 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi. 40 ga yaqin monografiya, darslik va risolalar, 300 dan ortiq ilmiy maqolalar e’lon qildi. S.Mamajonovning o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi munosib taqdirlangan. Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti (1977), “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” (1982), Respublika fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1989), akademik (2002) unvonlariga sazovor bo‘lgan. Download 54.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling