Mavzu; Soliqlarning tarixiy shakllanishi va uning elementlari


Download 52.53 Kb.
Sana24.12.2022
Hajmi52.53 Kb.
#1061546
Bog'liq
3.Soliqlarning tarixiy shakllanishi va uning elementlari

Mavzu; Soliqlarning tarixiy shakllanishi va uning elementlari

  • Reja:
  • · Soliqlarning paydo bo‘lishi, ilk ko‘rinishlari va rivojlanish bosqichlari.
  • · Mamlakatimiz hududida soliqlarning paydo bo‘lishi, o‘ziga xos xususiyatlari va rivojlanishi.
  • · Amir Temur va temuriylar davrida soliqlar, soliqqa tortishning xususiyatlari.
  • · Oktyabr inqilobigacha bo‘lgan davrda soliqlar, soliqqa tortishning rivojlanishiga umumiy tavsif.
  • Soliqlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi davlat moliyasining shakllanishi va rivojlanishi jarayonida soliq to‘lovchilar mol-mulkining bir qismini majburiy ko‘rinishda davlat xazinasiga o‘zlashtirilishi sifatida undirish uzoq davrga borib taqaladi. Soliqlarning qachon paydo bo‘lganligi haqida hech qanday aniq ma’lumot tarixiy kitoblarda uchramasada, lekin soliqlarning ilk ko‘rinishi sifatida qurbonlik qilingan noz-ne’matlar e’tirof etiladi. Buning xususiyati shundan iboratki, u majburiy bo‘lmay ixtiyoriy tarzda amalga oshirilgandir. Qilingan qurbonliklar esa, kambag‘allarga, nochorlarga, etimlarga, muhtojlarga ulashib berilgan.
  • Keyinchalik joriy etilgan soliqlar esa, bevosita qabila hamda urug‘lar o‘rtasida davom etib turgan urush-janjallarga bog‘liqdir. Bunday soliqlar natura shaklida bo‘lib, bir qabilani bosib olish yoki o‘zini muhofaza qilish uchun safarbar etilgan.
  • Soliqlar tarixda inson tsivilizatsiyasi bilan birga rivojlanib, uning ajralmas qismi hisoblanadi. Soliqlarning iqtisodiy munosabatlarda asosiy o‘ringa chiqishiga avvalambor davlatning shakllanishi, jamoalarning sinflarga bo‘linishi, qadimgi ijtimoiy tuzumning vujudga kelishi, hamda ularning ma’lum moliyaviy manbaga ehtiyoj sezishlari sabab bo‘lgan.
  • Soliqlar paydo bo‘lishi va rivojlanishi jarayonida ularning shakllari ham o‘zgarib kelmoqda. Agarda bugungi kunga kelib soliqlar asosan pul shaklida undirilayotgan bo‘lsa, ular qadimda bir qancha ko‘rinishlarda, jumladan, mehnat shaklida, natura shaklida undirilgan. Shu bilan birgalikda jamiyat iqtisodiy taraqqiyoti yuksalishiga mos ravishda soliqlarning pulli shaklda undirilishi ham tobora rivojlanib bordi.
  • Mamlakatimiz tarixida miloddan oldingi va miloddan keyingi davrlarda hukmronlik qilgan davlatlarda, davlat boshliqlarining oliy maqsadlari o‘z xazinasini tinmay to‘ldirib borish, keyingi avlodlariga 2-3 barobar ortiq boylik qoldirish bo‘lgan. Yig‘ilgan xazinalarning eng ko‘p qismi unumsiz tadbirlarga tartibsiz sarflanib, hatto isrof bo‘lganligi ayon. Miloddan oldingi birinchi ming yillikning boshlaridayoq Markaziy Osiyo hududlarida ko‘chmanchilik sharoitida, o‘zlari uchun qulay joy izlab yurgan ko‘plab urug‘ va qabilalar, er maydonlari, suv, o‘tloqlarni egallash maqsadida kurashib kelganlar, ayrim hollarda esa, o‘zlaridan kuchliroq, yirik qabilalarga er solig‘i, ya’ni o‘lpon to‘lab turganlar.
  • Amir Temur insoniyat tarixida yirik davlat arbobi va o‘rta asrning engilmas, betakror lashkarboshisi sifatida Markaziy Osiyo hududida yirik saltanat barpo qilib, o‘z saltanati tarkibiga hozirgi 27 ta davlatni birlashtirdi. U hamisha o‘z davlat tizimini takomillashtirib borishni o‘ylar, mo‘g‘ullardan farqli o‘laroq, boshqa o‘lkalarni zabt etishnigina emas, balki aksincha, u erlarni idora qilish to‘g‘risida ham qayg‘urar edi.
  • Shu bilan birgalikda davlatni adolatli idora etishda soliq siyosatining o‘rni beqiyos ekanligini yaxshi tushunar edi. Amir Temurning soliqlar masalasi bilan jiddiy shug‘ullanganligini isbotlaydigan qator dalillar bor.
  • Amir Temur soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari uning farzandlariga siyosiy vasiyati bo‘lmish “Temur tuzuklari” da ifodalangan: “Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi, o‘z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib keladi”
  • Soliqlarni hisoblash qoidalari ham ishlab chiqilgan: “Yana amr qildimki, xirojni ekindan olingan hosilga va erning unumdorligiga qarab yig‘sinlar. Chunonchi, doim uzluksiz ravishda koriz, buloq va daryo suvi bilan sug‘oriladigan ekin erlarini hisobga olsinlar va unday erlardan olinadigan hosildan ikki hissasini raiyatga, bir hissasini oliy sarkorlik (saltanat xazinasi) uchun olsinlar. Lalmikor erlarni esa, jariblarga bo‘lsinlar, hisobga olingan bu erlardan (soliq olishda) uchdan bir va to‘rtdan bir qoidasiga amal qilsinlar[4]. Ushbu jumlalardan ko‘rishimiz mumkinki, soliq erning lalmikor va sug‘oriladigan qismlaridan alohida-alohida tartibda undirilgan. Bundan tashqari yangi erlar o‘zlashtirishni rag‘batlantirish maqsadida soliq imtiyozlari ham belgilangan: “Yana amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa, yoki koriz qursa, yo biron bog‘ ko‘kartirsa yoxud biron xarob bo‘lib yotgan erni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olinmasin, ikkinchi yili raiyat o‘z roziligi bilan berganini olsinlar, uchunchi yili esa oliq-soliq qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig‘ilsin”

Download 52.53 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling