Mavzu: Talabalarni erkin va mustaqil fikrlashlariga erishishda adabiyotlar bilan ishlash


II Bob: O‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish


Download 55.47 Kb.
bet4/6
Sana19.06.2023
Hajmi55.47 Kb.
#1612345
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Talabalarni erkin va mustaqil fikrlashlariga erishishda adabiyotlar bilan ishlash

II Bob: O‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish.
2.1.O‘quvchilarni kitob mutolaasiga qiziqtirish.
XXI asr fan-texnika taraqqiyoti jadal rivojlanayotgan, axborot-kommunikatsion vositalar xizmatidan foydalanish sur’ati keskin ortayotgan, fuqarolarning talab, ehtiyoj va maqsadlarini qondiruvchi moddiy manbalar yetarlicha ishlab chiqarilayotgan davr – innovatsion texnologiyalar asri bo’lib tarixga kirmoqda. Insoniyatning farovon, to’kinsochin hayot kechirishi uchun zarur bo’lgan moddiy-texnik jihozlar kundan kunga, yildan yilga takomillashib, sayqallanib, qulayliklari ortib bormoqda. Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi, “insonlarning millati, tili va dinidan qat’i nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotidan rozi bo’lib yashashi14”, yurt kelajagi kafolatlanganiga ishonch hosil qilishi Davlatimizda olib borilayotgan oqilona va odilona siyosatning bosh maqsadidir. Zero, O’zbekiston, yurtboshimiz e’tirof etganidek, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari jadal harakat qilmoqda.
Davlat va jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy sohalari qancha taraqqiy etsa, insonlarning ilmiy-ma’naviy salohiyati ham shunga mos va mutanosib bo’lishi lozim. Fuqarolarning ilmiy iqtidori, rahbarlik salohiyati, harbiy bilimlari, kasbiy mahorati yuqori saviyada bo’lishi bilan birga, ularning shaxsiy fazilatlari: insoniylik, xalqparvarlik, vatanparvarlik, milliy g’urur tuyg’ulari qanchalik kuchli bo’lsa, davlatimiz poydevori ham, kelajagi ham shunchalik mustahkam bo’ladi. Mustaqil O’zbekistonimiz bugungi tezkor taraqqiyot davrida har tomonlama eng rivojlangan davlatlar qatoridan mustahkam o’rin egallash yo’lidan sobitqadamlik bilan borayotgan bir davrda xalqimizning, shuningdek, kelajagimiz egalari hisoblanmish o’sib kelayotgan yosh avlodning o’z oldiga qo’ygan maqsadi ham shunga mos holatda teran, aniq, xolis va qat’iy bo’lmog’i lozim. Shu bois jamiyatning mazkur talabini – g’oyaviy-mafkuraviy jihatdan sobitqadam avlodlarga bo’lgan ehtiyojini qondirish uchun, avvalo, kamolotning dastlabki bosqichi sifatida har bir yoshning shaxs sifatida kamol topishiga zamin tayyorlanadigan ta’lim-tarbiya jarayoniga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlar tayyorlash15” maqsadida keyingi yillarda ta’lim tizimini takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Tarixiy hodisalar shundan guvohlik beradiki, moddiy ehtiyojlar har bir davrda o’ziga xos tazda namoyon bo’laveradi, lekin ma’naviy immunitetning mustahkam bo’lishi hamma davrlar uchun birdek qadriyat sanaladi. Aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizda 2017-2021-yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan oliy maqsad – mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuksak bosqichga ko’tarish yo’lida barcha soha va tarmoqlarda ulkan o’zgarishlar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan yosh avlodning, o’quvchi va talabalarning g’oyaviy-mafkuraviy jihatdan mukammal tarbiyalanishi ayni maqsadga muvofiq hodisa sifatida jamiyat a’zolarining diqqat markazida turuvchi dolzarb masaladir. Jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishda, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviyintellektual salohiyati, ong-u tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg’usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo’lgan omillar bir qancha bo’lib, shulardan eng muhimi – bu kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo’nalishda tashkiliy-amaliy ishlarni olib borish va ularni zamon talablariga mos tarzda yo’lga qo’yish bo’yicha tegishli huquqiy-me’yoriy hujjatlar bazasi yaratilgan.
Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezedentining bu sohada ijobiy o‘zgarishlar, tub isloрotlar amalga oshirishga qaratilgan 2006-yil 20-iyuldagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida16”gi qarori, 2011-yil 13-apreldagi “Axborot-kutubxona to’g’risida”gi Qonuni, 2017-yil 12- yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi Farmoyishi, 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob maxsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha Kompleks choratadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Qarori asosida yurtimizda keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur qonun va qonunosti hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan hududlarda Axborot-resurs markazlari faoliyati zamon talablariga mos isloh qilindi, yangi kitob savdo do’konlari faoliyati yo’lga qo’yildi hamda aholiga xizmat ko’rsatish sifat jihatidan ancha takomillashtirildi. Kitobsevarlar o’rtasida o’tkaziladigan ko’rik-tanlovlar respublika miqyosida ommalashtirildi va shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan rag’batlantiruvchi sovrinlar belgilandi. Yoshlarning kitob o’qishga ishtiyoqi ortdi. Nashriyotlarda badiiy asarlarni bir necha nusxada chop etish va hududlarga tarqatish ishlari sur’ati oshdi. Biroq, tan olish kerakki, bu maskanlar hali gavjum go’shalarga yetarlicha aylanib ulgurganicha yo’q. Demak, jamiyatimizda kitobga mehr qo’yish, kitobxonlikka qiziqish eng zarur ehtiyoj ekanligiga aholi o’rtasida hali to’liq e’tibor qaratilmagan. Pedagog sifatida tajribamizdagi kuzatishlardan kelib chiqib bu holat yuzasidan ayrim mulohazalarimizni aytib o’tmoqchimiz. Xalqimiz turmush tajribasidan ma’lumki, ajdodlarimiz farzand tarbiyasida kitob mutolaasiga alohida e’tibor qaratishgan.
Buyuk Navoiy-u Bobur, Amir Temur-u Ulug’bek kabi alloma-yu ijodkorlarimiz, tojdor-u daholarimiz ma’naviyati bolalikdan kitobga mehr qo’yish bilan shakllangan. Ajdodlarimiz xalq ertaklari-yu dostonlarini tinglab tasavvur va tafakkur dunyosini, ruhiyat olamini boyitishgan. Adabiyot durdonalari – xoh xalq og’zaki ijodi namunalari, xoh yozma asarlar bo’lsin – xalqimiz qalbida yurtiga, ona tiliga, oilasiga, vatandoshlariga mehr-muhabbat va sadoqat, milliy g’urur, or-nomus, adolat-u insof, andisha-yu hurmat, olijanoblig-u saxovatpeshalik sifatlari shakllanishida asosiy vosita bo’lib xizmat qilgan. Bunday ma’naviyat durdonalari mutolaa qilingan, tinglangan, eng muhimi, oila davrasida yoki jamoat ichida muhokama qilingan, bahs-u tortishuvlar asosida asarlar mazmun-mohiyati anglangan, anglatilgan. Ahamiyatlisi shundaki, yosh-u qari birday qiziqish bilan ishtirok etadigan bunday davralarda mushohada qilish va mulohaza yuritish, mantiqiy fikrlash qobiliyati, keng dunyoqarash va tafakkur shakllangan, e’tiqod va iroda mustahkamlangan, notiqlik mahorati o’sgan, kishilar ongi ham ma’nan, ham ruhan, ham ilman boyib borgan. Bugungi kunda esa juda ko’p xonadonlarda oilaviy mutolaaga deyarli vaqt ajratilmaydi. Aksariyat oilalarda xonadon sohib-u sohibasi doim ish bilan bandligi bois kechki taomdan so’ng kunning charchog’ini yozish uchun yoki oynayi jahon yoniga cho’kadi, yoki dam olish uchun uyquni afzal bilishadi. Hatto shunday oilalar borki, ota-onalarning o’zi uyda vaqtini farzandi bilan emas, telefon-u kompyuter bilan o’tkazishni afzal ko’rishadi. Bolalarining injiqlariga bardosh berish, ularga ruhan yaqin bo’lish, yutuqlari va muammolari bilan qiziqish o’rniga, ularning o’qishi o’qituvchilariga yuklab qo’yiladi yoki faqat ta’limiy fanlardan o’zlashtirishi nazorat qilinadi, ta’lim-tarbiya berish, asosan, o’quv maskanlaridagi ustoz va murabbiylar zimmasidagi ishdek bo’lib qoladi. Kunning qolgan qismida yolg’iz yoki nazoratsiz qolgan bola, asosan, mustaqil dars tayyorlaydi, oq-u qorani, kerakli-keraksiz narsalarni to’la idrok etib ulgurmagan, hali bolaligiga boradigan yoshdagi farzand zangori ekran bilan “dos’tlashib” oladi, uning yonida asosiy vaqtini o’tkazadi, lekin tomosha qilgan ko’rsatuvlari, o’qibo’rgangan bilimlarining mohiyatini anglab-anglamay (!) kunlarini o’tkazaveradi. Eng achinarlisi, hozirda yoshlarning aksariyati turli rusumdagi uyali aloqa vositalari yoki kompyuter texnikasi xotirasidan mustahkam joy olgan ko’ngilochar o’yinlarning (yanada dahshatlisi – bu o’yinlarning ko’pchiligida otishma, qotillik, jangarilik, mustlashish sahnalarining ko’pligi), internet orqali yuklab olingan, lekin yoshiga mos bo’lmagan film va suratlarning ashaddiy ishqiboziga aylanib qolayotganlaridir. Bola nimani qanday o’qishni bilmasa, o’qigan narsasini uqmasa yoki mohiyatini anglamasa, undan hech qanday bilim va zavq ololmaganidek, bu kabi nojoiz o’yinlardan ham hech qanday estetik zavq va ma’naviy quvvat ololmaydi, aksincha, unda o’ychanlik, jizzakilik, asabiylik, beparvolik, loqaydlik, mas’uliyatsizlik, dangasalik, maqsadsizlik kabi yana bir qator salbiy illatlar shakllanib, ruhiyati va xarakteriga tobora mustahkam o’rnashib boradi. Buyuk alloma, haqiqiy vatanparvar, yuksak salohiyatli ustoz Najmiddin Kubro “Muvaffaqiyatni sa’y-harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa loqaydlik va dangasalikda ko’rdim” degan ekanlar. Shu bois oila boshliqlari farzandlar taqdiriga bee’tibor bo’lmasliklari, bolalar bilan ularning yoshiga mos kitoblar mutolaasini yo’lga qo’yishlari va o’qilgan asarlar, olingan bilimlar, ularning inson hayotidagi o’rni va ahamiyati yuzasidan oilaviy suhbatlar o’tkazishlari, ko’proq o’gil-qizlarining fikrmulohazalarini tinglashga diqqatni qaratishlari, ularni qo’llab-quvvatlashlari, kamchiliklarini muloyimlik va bosiqlik bilan tuzatishlari kerak bo’ladi. Bu holat oilada nafaqat kitobsevar farzandlar kamol topishiga erishishda yordam beradi, balki oila a’zolari o’rtasida do’stona muhitni shakllantirishda ham, ota-onaga hurmat va o’ziga ishonch tuyg’ularining mustahkamlanishida ham, mulohazakorlik, mas’uliyat, javobgarlik, tejamkorlik, vaqtni qadrlash, tabiat va jamiyat, yurt uchun kerakli inson bo’lishga intilish sifatlarini o’stirishda ham o’ziga xos poydevor vazifasini o’taydi.
Demak, har bir ota-ona farzandining nafaqat jismoniy, balki ham aqliy, ham ruhiy, ham ma’naviy tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishi, yoshiga mos badiiy kitoblar bilan ta’minlab turishi, o’qigan kitoblari yuzasidan ular bilan fikr almashishi, bolani rag’batlantirib borishi lozim.
“Yoshlarimizga munosib ta’lim berish, ularning ilm-fanga bo’lgan intilishlarini ro’yobga chiqarishimiz kerak. Shu maqsadda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishimiz, o’rta va oily o’quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini, ilmiy va o’quv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilashimiz kerak17”,-deydi yurtboshimiz. Ta’lim sohasi faoliyatini kitoblarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Ta’lim jarayonida o’quvchi ham, o’qituvchi ham bevosita kitob mutolaasiga ehtiyoj sezadi. Bu quvonarli, albatta. Lekin hozirgi kunda o’quvchilar asosan ilmiy adabiyotlar, darslik va qo’llanmalardan foydalanayotganlari bois badiiy asarlar mutolaasiga vaqt ajratishga imkoniyatlari cheklanyapti. O’quvchi faqat adabiyot darsida o’qituvchi bergan vazifani bajarish uchungina badiiy asarlarni qo’lga olyapti. Natijada esa ma’lum: mutolaa jarayoni sevimli mashg’ulot emas, majburiyatga aylanib qoladi. Kitob mutolaasiga havasi bolalikdan paydo bo’lmagan o’quvchi keyinchalik berilgan katta hajmli asarlarni o’qishga kuch topolmaydi, ishtiyoq sezmaydi, xohish bildirmaydi, faqat darslikda berilgan qisqartirilgan parcha bilangina tanishadi va yozuvchining butun asar mazmuniga singdirib yuborgan pafosini, g’oyaviy-badiiy maqsadini to’la anglolmaydi, badiiy asarlarning haqiqiy zavqidan bebahra qoladi, adabiyotning haqiqiy kuchini, qudratini his qilmaydi, natijada kitob o’qishga mehr qo’ymaydi. Kam o’qishning salbiy oqibatlari juda ko’p: kishida mustaqil fikrlash qobiliyati, voqelikni teran idrok etish, hodisalarga munosabat bildira olish, oq-qorani farqlay bilish ko’nikmalari to’liq shakllanmaydi; milliy madaniyat, tarix va an’analar bilan keng tanish bo’lmaydi; ma’naviy qashshoqlik va ojizlik kelib chiqadi; hayotda muammolarga duch kelganda yechim topishga qiynaladi, o’zini irodasiz sanaydi; savodxonligi past bo’ladi, so’z boyligi kamligi sababli fikrini to’la ifodalab berolmaydi; madaniy nutq uchun qo’yiladigan (aniqlik, to’grilik, mantiqiy muvofiqlik, jo’yalilik, soflik kabi) talablarga mos, kompozitsion jihatdan mukammal matn yaratishda, jumlalar tuzishda qiyinchiliklarga duch keladi. Buning isboti sifatida aytishimiz mimkinki, ona tili va adabiyot darslarida insho, bayon, diktant yozdirganimizda, aksariyat ta’lim oluvchilarning yozma ishida juda ko’p imlo, ishoraviy va uslubiy xatolar uchrashiga, ko’pchilik o’quvchilarning ijodiy ishlari saviyasi juda past ekanligiga guvoh bo’lamiz. Hatto darsda o’rganilayotgan badiiy parchalarni g’oyaviy-badiiy tahlil qilishda, ularning estetik ta’siri haqida bahs-munozara qilishda o’quvchi jo’yali fikr aytolmaydi, munosabat bildirolmaydi. O’quvchi bilan suhbat o’tkazganimizda ular oxirgi marta qachon qaysi badiiy asarni o’qiganlarini aytolmaydilar, mutolaa qilgan badiiy asarlari ro’yxati bilan qiziqqanimizda, afsuski, ularning nomi sanoqligina bo’ladi. Bunday muammolarni bartaraf etish uchun o’quvchilarga har hafta bitta ma’lum nomdagi badiiy asarni o’qishni topshiriq sifatida beramiz va belgilangan muddatda guruh o’quvchilari bilan o’sha asarning g’oyaviy-badiiy jihatlarini o’rganib chiqamiz.
Mustaqil o’qish uchun berilgan asarlarni tahlil qilganimizda o’quvchida badiiy kitob o’qish ishtiyoqi ortganining, unda hayrat, zavq paydo bo’layotganining guvohi bo’lamiz. Demak, yosh avlodning ma’naviy ehtiyojini qondirish uchun ularga kitob tanlashni, uni o’qishni, tahlil qilishni muntazam o’rgatib borish kerak, buning uchun esa, bizningcha, adabiyot va ona tili fanlaridan dars soatlarini ko’paytirish, mashg’ulotlarni guruhlarga bo’lib o’tkazilishi tashkil etish maqsadga muvofiq bo’lar edi. Buning natijasida tahsil oluvchilarga individual yondashish imkoni ortadi, darslarning samaradorligi oshishiga erishiladi. Shuningdek, o’quvchilar mutaxassis o’qituvchilar bilan ko’proq suhbatda bo’lib, ulardan tajriba o’rganadilar. Ta’lim-tarbiya jarayonida tom ma’noda davr talabiga mos haqiqiy vatanparvar, salohiyatli, dadil yoshlarni, g’oyaviy-mafkuraviy va intellektual jihatdan yetuk kadrlarni tayyorlashda, zarur ma’naviy ehtiyojlarni qondirishda adabiyot darslarining insonshunoslik, ruhshunoslik, axloqshunoslik sifatlari to’la namoyon bo’ladi18.
Hozirgi vaqtda qabul qilingan global tendentsiyalarga ko’ra yosh avlodning o'qishga bo'lgan qiziqishi kamayishi keng miqyosga ega. Ko'pgina rivojlangan davlatlar, shu jumladan O’zbekistonda ham ushbu hodisaga faol qarshi choralar ko'rish vazifalari shakllantirilgan. Aholi o'rtasida kitob o'qishga qiziqish pasayishining hozirgi global tendentsiyasi o'qish madaniyatining tizimli inqirozini ko'rsatadi, Bu ko'plab mamlakatlarga, shu jumladan O’zbekistonga ham ta'sir qiladi. Mamlakatimiz uzoq vaqtdan beri dunyodagi eng ko'p kitobxonga ega davlat deb topildi.
Biroq, XX asrning 90 -yillaridan boshlab O’zbekistonda kitobxon faolligining pasayishi boshlanadi.
O’zbekistonda olib borilayotgan tub islohatlar mazmuni yosh avlodni ma’naviy yetuk, intellektual salohiyatli barkamol avlod qilib tarbiyalashga qaratilgan. Kitobxonlik inqirozi nafaqat O’zbekistondagi hodisa, qaysidir ma'noda – u ba'zida va ancha katta darajada rivojlangan G'arb mamlakatlariga ham tegishildir. Lekin hamma joyda, jamoatchilik anchadan beri muammoni hal qilish uchun jiddiy choralar ko'rmoqdi. O'qish va "kitobxon" milliy qadriyat sifatida tobora ko'proq tan olinmoqda. Hammamiz bilamizki, kitob o'qiydigan xalqlar o'qishni yaxshi ko'radigan bolalardan paydo bo’ladi . Kitobxon xalq - rivojlanayotgan xalqdir.
Zamonaviy sharoitda jamiyat taraqqiyotida bolalar kitobxonligi muammosi ommaviy tus olgan. Bolalar kitobxonligini maqsadli tashkil etish maktabning asosan boshlang'ich maktabning ustuvor vazifalaridan biri bo'lishi kerak. Malumki, Vazirlar mahkamasining “2020-2025 yillarga mo’ljallangan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo’llab -quvvatlash milliy dasturi to’g’risida’’gi qarori loyihasi e’lon qilindi. Bunga ko’ra yurtimizda barcha sohada kitobxonlikni targ’ib etish, turli xil loyihalar va tanlovlar ishlab chiqish, u orqali yoshlarda kitob mutola asiga qiziqish uyg’otish maqsad qilib qo’yildi. Kitob o’qish inson dunyoqarashini kengaytirib, bilimini oshiradi , fikrlash qobilyatini yuksaltiradi. Yosh avlod bizning vatanimizning ertangi egalari, ularning bilimli, aqlli, manan yetuk qilib tarbiyalashda ota-onalarining,ustozlarning o’rni beqiyosdir, “Yoshlikda olingan bilim, toshga o’yilgan naqsh kabidir’’ deb bejizga aytilmagan bolalar yoshlik dan ota-onalarining aytgan alla, ertak, hikoyalarini maktabda boshlang’ich sinfda o’zlari o’qishni boshlagan hikoya ertaklar orqali kitob , kitob mutolaasi dunyosiga kirib boradilar. Shu sababli bu davrlar bolalarda alohida e’tiborni talab qiladi. Bu davrda bolada poydevor shakllana boshlaydi. Boshlang’ich sinf o’quvchilario’yinqaroq, ko’proq kompyuter o’yinlari, telefon o’ynashni yoqtirishadi, ota-onalari bolalarini kitob o’qishlarini xohlashdi. Ota-onalar bolalariga zamonaviy texnologiyalardan foydalanib audio ertaklar, rasmli kitoblar quyib berishlari maqsadga muvofiqdir. Xalqimiz orzu qilgan va voyaga yetkazayotgan ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashda boshlang‘ich ta’lim juda muhim o‘rin tutadi. Boshlang‘ich ta’lim uzluksiz ta’lim ichida alohida ajralib turadi. Bu ta’lim yurtimiz kelajagini buyuk davlat darajasiga ko‘taradigan ijodkor shaxsni shakllantirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ta’lim-tarbiya berishdagi muhim vazifalarning asosiy qismi o‘qish darslarida amalga oshiriladi.
Bolalarga ezgulikka muhabbat, yovuzlikka nafrat uyg‘otish, bog‘lanishli nutqini o‘stirish, adabiy – estetik tafakkurini yuksaltirish o‘qish darslarining tub mohiyatini tashkil etadi. Mamlakatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish chora tadbirlari” to‘g‘risidagi qarori 19keng jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi va keng ma'naviyat dargohlarining e'tirofiga sazovor bo‘lmoqda. 2017-yil 13-sentabrdagi kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasidagi navbatdagi qarori yuqoridagi fikrimizni asoslovchi muhim omil bo‘ldi. Ta`lim muassalarda ta’lim-tarbiya ishlarini yaxshilashda, o ‘quvchilarning har tomonlama kamol topishida sinfdan tashqari o‘qish darslarini muntazam ravishda o‘tkazib turish yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini egallashlarida muhim ahamiyatga egadir. Sinfdan tashqari o‘qishning asosiy maqsadi, o‘quvchilarni kitoblarga, badiiy asarlarga qiziqishlarini oshirish, bilimlari asosida kitob ustida ishlash yuzasidan ko‘nikma va malakalar hosil qilish, dunyoqar ashi va nutqlarini o‘stirish hamda kutubxonada mustaqil ishlash tajribalarini paydo qilishdan iboratdir. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun yosh kitobxonlarda kitobni mustaqil o‘qishga havas uyg’otish; yosh xususiyatlariga mos bo‘lgan adabiyotlar va ularning turlari bilan o‘quvchilarni tanishtirish, mustaqil o’qish uchun kitob tanlash, tanlangan kitoblarni ongli ravishda o‘qib, o‘qilganlarning mazmunini idrok etish, fikrlash, mulohaza yuritishga o‘rgatish talab etiladi. Sinfdan tashqari o‘qish uchun kitob tanlashda uning ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyatiga e’tibor beriladi. Sinfdan tashqari o`qish darslarini tashkil etish bo`yicha ilmiy - tadqiqot ishlari olib borilgan. Matbuotda bir qancha mеtodist va o`qituvchilarning maqolalari e'lon qilingan. Jumladan, profеssor Q.Abdullayеva, K.Qosimova, O.Safarov, S.Matchonov, B.Ma’qulova, T.Adashboyеv, Е.Abduvalitov, D.Shodmonqulova, X.G‘ulomovalarning o`quv qo`llanmalari, mеtodik qo`llanmalari va maqolalari nashr etilgan. Ularda kitob tanlash tamoyillari, sinfdan tashqari o‘qish darslari mavzulari, yozuvchi va shoirlar bilan tashkil etiladigan uchrashuvlar, sinfdan tashqari o‘qish darslarida yozuvchi va shoirlarning asarlarini o`rganish, sinfdan tashqari o‘qish darslarida krossvordlar, ta'limiy o‘yinlardan foydalanish masalasi ko‘rib chiqilgan. Kitob mutolaasi o‘quvchilar ma'naviyatini shakllantiradi. Ma'lumki, har bir xalqning turmush tarzi, yasha sh sharoiti, muomala madaniyatining rivojlanish tadriji o‘sha xalqning ma’naviyati shaklida namoyon bo‘ladi. Ularning ma'naviyati qadrlanadi, ularga hurmat bajo keltiriladi. Aslida o‘sha xalq ma'naviyatini shakllantiruvchi birinchi omil ta'lim-tarbiya jarayonining izchil yo‘lga qo‘yilganligidadir.
Bolalarga kitob o’qitishda ularga qiziqarli bo’lgan kitoblarni tanlash muhim ahamiyatga ega. Boshlang’ich sinf o’quvchilari hayvonlarga qiziqish bildirsa,hayvonlar hayot i haqida ertaklar o’qib berish. Vaqt ni ayamasdan kitob o’qib berilsa , bola ham asta-sekin o’zi muntazam mustaqil tarzda kitob o’qiy boshlaydi. Bolajonlarni tez-tez kutubxonaga olib boorish lozim. Bolalarda doimiy ravishda kitob o’qish malaka sini shakllantirish maqsadida, haftasiga hech bo’lmaganda bir marta kutubxonaga olib bormoq lozim. Kitoblarni birgalikda ko’rib chiqib, birgalikda tanlab, birgalikda o’qish samara beradi. Kitoblar haqida tez-tez suhbatlashish muhim ahamiyat kasb etadi. Agar bolalarni kitob o’qishga mehrini, g’ayratini oshirmoqchi bo’lsak, tez - tez ertaklar, hikoyalar aytib berish , umuman kitoblar va ularning mazmun - mohiyati haqida suhbatlashib turish lozim . Hayotda sodir bo’lgan haqiqiy voqealarni bolalarga ertak va hikoyalarga bog’lashga harakat qilish kerak. Bundan tashqari ma’lum bir kitobning kino, multfilm ko’rinishini birgalikda tomosha qilib, so’ng solishtirishi, kitob va kinodan olgan fikrlarini bilib olish mumkin. Bu bola larda nafaqat kitob mutolaasiga balki , mushohada qilishga o’rgatadi, tahlil qilish qobilyatini ham oshiradi.
Bolalarga tinch xona qilib berish muhimdir. Bolalarni chalg’itmaydigan, tashqi shovqin-surondan holi bo’lgan o’zi uchun qulay bo’lga n xona yoki burchak tashkil qilib berish. Bolalar ota-onasidan namuna oladilar . Agar ota –onalar muntazam ravishda kitob mutolaa qilishsa, boshqa oila a’zolari bilan turli kitoblar to’g’risida tez-tez suhbatlashsa, kitobdan zavq olganligini namoyon qilsa, bolalarga o’rnak bo’lgan bo’ladi. Kitob o’qish asta - sekin bolalarni sevimli mashg’ulotiga aylanadi.
Kitob – insonning yaqin do'sti, suhbatdoshi, sirdoshi. U kishining dunyoqarashi, so'z boyligini oshiradi. Amerikalik olim, yozuvchi Nil Geyman olib borgan tadqiqot natijasi shuni ko'rsatdiki, kitob mutolaa qilmaydigan bolalar kelajakda bezori bo'lib ulg'ayishi ehtimoli yuqori ekan. Shu bilan birga, kitob o'qish odamlarni empatiyaga – faqat o'z xohish-istaklari va manfaatlarini o'ylashdan voz kechib, umumiy maqsad yo'lida birlashishga undaydi. Jamiyatimizda kitobxonlik masalasiga yondoshuv turli davrlarda turlicha bo'lgan. Har bir davrning o'z ehtiyojidan kelib chiqib, kitobxonlik darajasi belgilangan. Binobarin, har qanday davlatning kuch-qudrati o'z fuqarolarining ongliligi bilan belgilanar ekan, bunda albatta kitobxonlik masalasiga alohida e'tibor berilgan. Bugungi kunda “Mutolaa madaniyati”, “Kitobxonlik madaniyati”, “o'qish madaniyati” kabi atamalar bilan qo'llanilib kelayotgan ijtimoiy hodisalar axborot olish madaniyatining tarkibiy qismlaridir. “Mutolaa” so'zi arabcha “o'qish” degan ma'noga ega bo'lsa-da, bugungi kunda u kitob o'qishdan ko'ra kengroq tushunchani anglatmoqda20. o'qish – axborot olish madaniyati bo'lib, badiiy adabiyotni to'g'ri tushunish, undan estetik zavq olish, shuningdek, ilmiy adabiyotlar, barcha turdagi resurslar bilan ishlash, ma'lumot-bibliografiya va barcha turdagi axborot materiallaridan o'zini qiziqtirgan ma'lumotlarni qidirib topish, cheksiz axborot oqimlari orasidan kerakli, muhim bo'lgan ma'lumotlarni ola bilish, o'z kasbiy malakalarini oshirishda foydalanish, axborot-kutubxona muassasasidan to'g'ri foydalanish yo'llarini o'rganish ham axborot olish madaniyati tushunchasi doirasiga kiradi. Boshlang'ich sinf o'quvchilarida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishning bir qancha usullari, yo'llari mavjud bo'lib, shu kunlarda o'zbekiston yoshlari, boshlang'ich sinf o'quvchilari ilk bor qatnashayotgan PIRLS tadqiqotining o'rni beqiyosdir. PIRLS - (inglizcha –Progressin International Reading Literacy Study) matnni o'qish va tushunish darajasini aniqlovchi xalqaro tadqiqot bo'lib, maqsadi turli xil ta'lim tizimidan iborat bo'lgan davlatlardagi boshlang'ich sinf o'quvchilarining matnni o'qish va qabul qilish bo'yicha tayyorgarligi hamda o'quvchilarning har xil yutuqlarga erishishga sabab bo'luvchi ta'lim tizimidagi o'ziga xos xususiyatlarni aniqlash va baholashdan iborat. Albatta bunday tadqiqot xalq ta'limi sohasidagi mutaxassislar, olimlar, metodistlar, o'qituvchilar, ota-onalar va jamoat vakillari uchun katta ahamiyatga ega21. PIRLS dunyoning turli mamlakatlari boshlang'ich sinf o'quvchilarining matnni tushunish darajasini taqqoslash, shuningdek, milliy ta'lim tizimlarining o'qish savodxonligi o'rtasidagi tafovutlarni aniqlaydi. Tadqiqotning xalqaro lug'atiga ko'ra, “o'qish savodxonligi” - o'quvchining matn shaklida berilgan maʻlumotlarni tushuna olish va ularga reaksiya bera olish koʻnikmasi, oʻqigan maʻlumotlaridan hayoti davomida toʻgʻri foydalana olishi, bilim va imkoniyatlarini oshira olish layoqatidir. PIRLSda o'qish savodxonligining asosi matnlar bilan to'liq ishlash uchun zarur bo'lgan o'qish qobiliyatlarini shakllantirish hisoblanadi. Bu o'quvchi tomonidan kerakli ma'lumotlarni topish va tarqatish, matnning ma'lum qismi bo'yicha xulosalar chiqarish, asosiy belgilarning harakatlarini sharhlash, matn namunalari va matn tuzilishini dastlabki tahlil qilish bilan tasdiqlash kabilardir.
PIRLS tadqiqotida o'quvchilarga ikki turdagi matn taqdim etiladi, badiiy matn va axborotli matn. Shuning uchun o'quvchilar bilimi quyidagi ikki mezon asosida baholanadi:

  1. Adabiy kitobxonlik malakasini egallash maqsadida o'qish.

  2. Axborotni o'zlashtirish va foydalanish maqsadida o'qish.

Adabiy kitobxonlik malakasini egallash maqsadidagi o‘qish uchun quyidagi mahorat tavsiflari belgilangan:
- matnning muayyan qismlarini ajratib ko'rsatish va ulardan oddiy xulosalarni ifodalashda foydalanish;
- voqealar o'rtasidagi o'zaro aloqalarni ko'rsatish;
- matnning umumiy g'oyasini aniqlash;
- matn tarkibining elimentlarini ochib berish;
- qahramonlar xatti-harakatiga izoh berish;
- asar qahramonlarining xatti-harakatlari va his –tuyg'ularini taqqoslash va qiyoslash;
- matnda qo'llangan til vositalarining xususiyatlari ustida birlamchi tahlil o'tkazish;
- matnning asosiy g'oyasini tushunish, yashiringan axborotlarni aniqlash va umumlashtirish;
- matndagi savollarga qahramonlarni asosiy tavsiflari, ularning intilishlari va his- tuyg'ularini izohlash orqali javob berish;
- matndan misollar keltirgan holda, javoblarni asoslash.
Axborotni o‘zlashtirish va foydalanish maqsadidagi o‘qish uchun quyidagi mahorat tavsiflari belgilangan:
- matnda keltirilgan dalillarni aniqlash va tasvirlash;
- kerakli axborotni o'zida mujassamlashtirgan gapni ajratish;
- xulosalarni izohlash uchun olingan axborotdan foydalanish;
- matnda yaqqol taqdim etilgan axborotga muvofiq xulosa chiqarish;
- matnning turli qismlarini tahlil qilish va kerakli axborotni ajratish;
- matnda yashirin berilgan axborotni aniqlash;
- matndagi alohida gaplar o'rtasidagi mazmuniy aloqalar asosida xulosalarni ifodalash;
- matn mazmunini izohlab berish;
- turli tipdagi matnlardan foydalanish va alohida tavsiflarni belgilash;
- matnning turli qismlaridagi murakkab ma'lumotlarni anglash va asoslash;
- matndagi ma'lumotlarni tushunish uchun aniq va noaniq elimentlarni baholash va ahamiyatini tushuntirish;
- matnlar, xaritalar, illuystrasiyalar,diagrammalar va rasmlar kiritilgan materiallar asosida turli matnlardagi ma'lumotlarni umumlashtirish.
PIRLS tadqiqotida belgilangan mahorat tavsiflaridan ko'rinib turibdiki, o'quvchilar matnni nafaqat tushunishadi balki, matnda berilgan maʻlumotlarni tushuna olish va ularga o'zining shaxsiy munosabatini bildira olish koʻnikmasi, olgan maʻlumotlaridan hayoti davomida toʻgʻri foydalana olishi, bilim va imkoniyatlarini oshira olish layoqati ham shakllanib, rivojlanib boradi. Kitobxonlik – bu insonning o'z ustida ishlashi, faoliyatini ma'lum yo'nalishga burib yuborishi, ongida ma'lum tuyg'ularni, e'tiqod va dunyoqarashni hosil qilish, uni o'ylashga, hayotda qanday yashashga o'rgatish, fikr yuritish, yozuvchining insonparvarlik, axloqiy, estetik, badiiy, fuqarolik nuqtai nazarini bilib olish, uning ma'naviy o'gitlarini ilg'ab olish va bular asosida o'z hayot yo'li dasturini belgilash, yozuvchi bilan munozaraga kirishish, har bir o'qigan kitobidan yangilik topish, ma'naviy dunyosini boyitishdan iborat ekan, bu borada PIRLS va uning matnlari uchun tuzilgan topshiriqlari, belgilangan mahorat tavsiflari o'qituvchiga o'quvchilarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishda yaqindan yordam beradi. Haqiqatan ham kitobxonlik insonni barkamollikka yo'llasa, kitob o'qimaslik johillikka, ma'rifatsizlikka olib kelib, natijada bolada ma'naviy qashshoqlik yuzaga keladi. Maktabda, bolalar bog'chasida, oilada muhim vazifa, bu kitobxonlikni inson hayotida zaruriyatga aylantirishdan iboratdir. Agar kitobxonlik zaruriyatga aylanmasa, oilada ham, maktabda ham unga mehr-muhabbat, e'tibor kuchaytirilmasa farzandni kitobga bo'lgan munosabatini o'zgartirish mumkin emas22.

Download 55.47 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling