Mavzu: Tarixiy geografiya: Ibtidoiy va antik davrda
Buyuk Ipak yo‘li: asosiy yo‘nalish va tarmoqlariga tarixiy-geografik tavsif
Download 36.46 Kb.
|
Mavzu Tarixiy geografiya Ibtidoiy va antik davrda
3. Buyuk Ipak yo‘li: asosiy yo‘nalish va tarmoqlariga tarixiy-geografik tavsif
Qadim zamonlar tarixiga nazar tashlar ekanmiz, jamiyat taraqqiyotining bronza davridan ham ilgarigi davridan boshlab, hududlarni bir-biriga bog‘lovchi o‘zaro ixtisoslashgan savdo yo‘llari mavjud bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin. Buyuk Ipak yo‘li tashkil topmasdan avval O‘rta Osiyo va Qadimgi SHarq hududida savdo va madaniy ayirboshlash uchun turli-tuman yo‘llar mavjud bo‘lgan. Eng qadimgi yo‘llardan biri miloddan avvalgi III-II ming yilllikda vujudga kelan “La’l yo‘li“dir. U Pomir tog‘laridan boshlanib, Eron va Old Osiyo hamda Misr orqali o‘tgan. Pomirdan olinadigan yarim nodir la’l toshi (lojuvard) Qadimgi SHarq mamlakatlari zargarlari tomonidan yuksak baholangan. Badaxshon la’li ishlatilgan buyumlar Misr fir’avnlari maqbaralaridan ham topilgan. Boshqa biri Eron ahamoniylari sulolasining yo‘li bo‘lib, “SHoh yo‘li” deb atalgan. U miloddan avvalgi VI-IV asrlarda Kichik Osiyo shaharlarini, O‘rta er dengizi bo‘yidagi Efes, Sard shaharlarini Eron poytaxtlaridan biri – Suza bilan bog‘lab turgan. Tag‘in bir yo‘l Eron, Baqtriya orqali Sug‘diyona, Toshkent vohasi va Qozog‘iston hududidan o‘tgan va Oltoygacha borgan. Uning umumiy uzunligi 2400 km.ni tashkil etgan. XVI asrga qadar SHarq bilan G‘arb xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-madaniy va savdo munosabatlari taraqqiyotida qadimgi dunyoda mashhur bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘li muhim o‘rin tutgan edi. Bu yo‘l miloddan avvalgi II asrda vujudga kelgan va “Buyuk meridianal yo‘l” deb atalgan. Bu yo‘lga “Buyuk Ipak yo‘li” degan nom 1877 yilda nemis geografi F.Rixtgofen tomonidan berilgan. Xitoy, O‘rta Osiyo, Hindiston va YAqin SHarq mamlakatlarini o‘zaro bog‘lagan qadimgi savdo orqali qadimgi Xitoydan O‘rta Osiyo, Hindiston, Eron va YAqin SHarq mamlakatlariga asosan ipak olib ketilganligi uchun uni Ipak yo‘li deb atashgan. Buyuk Ipak yo‘li milodiy XVI asrgacha (suv yo‘llari ochilgunga qadar) SHarqni G‘arb bilan bog‘lab, savdo-sotiq va madaniy aloqalarning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Buyuk Ipak yo‘li haqidagi dastlabki ma’lumotlar miloddan avvalgi 138 yili Xitoy imperatori Udining topshirig‘i bilan O‘rta Osiyoga yuborilgan elchi va sayyoh CHjansszyan sayohatnomasida uchraydi. Ipak yo‘li Xuanxe (Xitoy) daryosining o‘rta oqimida joylashgan Sian shahridan boshlanib, Lanchjou orqali Dunxuanga kelgan. Bu erda u ikkiga ajralib, biri shimoli-g‘arbga, ikkinchisi janubi-g‘arbga yo‘nalgan. SHimoliy yo‘l Turfon orqali Torim vohasiga, u erdan Qoshg‘ar, Farg‘ona vodiysiga, undan keyin Sug‘dning markazi Samarqandga va Marg‘iyonaga (Marvga) yo‘nalgan. Janubiy yo‘l Xo‘tan, YOrkent va Pomir tizma tog‘lari orqali o‘tib, Baqtriyaning poytaxti Zariaspga (Balxga) borgan. Balxda janubiy yo‘l ikkiga ajralib, biri Hindistonga, ikkinchisi g‘arbga yo‘nalgan va Marvda shimoliy yo‘l bilan tutashgan. Ipak yo‘li Marvdan Parfiyaning poytaxti Niso shahri, Eronning Gekatampil, Apaliya va Ekbatana (Hamadon) shaharlari orqali Mesopotamiyaga borgan, u erda Ktesifon va Bag‘dod shaharlaridan o‘tib, Dajla (Tigr) daryosining o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab shimolga yo‘nalgan va Nisibin hamda Antioxiya shaharlari orqali Damashqqa borgan. Damashqdan Tir shahri bilan Quddusga va Misrga yo‘nalgan. Buyuk Ipak yo‘li orqali Xitoyga har xil gazlamalar, gilamlar, oyna, metall, zeb-ziynat buyumlari, qimmatbaho tosh va dorivorlar, Baqtriya va Dovondan ot va tuyalar olib borilgan. Bu yo‘l tufayli Xitoyning O‘rta Osiyo va YAqin SHarq mamlakatlari bilan savdo va tashqi aloqalari I-II asrlardayoq ancha kengaygan. Har yili Xitoydan katta savdo karvonlari elchilar bilan G‘arb mamlakatlariga jo‘natilgan, ayni vaqtda G‘arbdan ham shu taxlitda karvonlar kelgan. Ipak yo‘li uzoq va mashaqqatli bo‘lganligi sababli Xitoyning G‘arb mamlakatlari bilan bevosita aloqa olib borishi mumkin bo‘lmagan. SHuning uchun ham Buyuk Ipak yo‘li orqali olib borilgan savdo-elchilik aloqalarida osiyoliklar, ayniqsa sug‘diylar, baqtriyaliklar, parfiyaliklar va eroniylar katta rol o‘ynaganlar. III-VI asrlarda Ipak yo‘li Xitoydan Hindistonga borib ziyorat qiluvchi budda monaxlariga katta xizmat qildi. X asrlarda Xitoy bilan arab xalifaligi va Vizantiya o‘rtasida savdo va elchilik munosabatlarining kengayishi natijasida Buyuk Ipak yo‘lining ahamiyati oshdi. XIII-XIV asrlarda Ipak yo‘li mo‘g‘ullar imperiyasining chekka o‘lkalarini Mo‘g‘uliston bilan bog‘lashda katta rol o‘ynadi. Buyuk Ipak yo‘li O‘rta Osiyo xalklarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatdi: shaharlar kengaydi, xunarmandchilik va madaniy hayot rivojlandi. IV asrda vujudga kelgan Xitoy chinnisozlik maktabi nodir buyumlar tayyorlagan. Xitoy chinnisi haqida Beruniy ma’lumotlar qoldirgan. O‘rta Osiyodagi kabi oyna tayyorlash texnologiyasi V asr o‘rtalarida Xitoyda ham tarqalgan. Xitoyda nafis qog‘oz tayyorlash usuli Turkistonga ham etib kelgan va bu sohada Samarqand mashhur bo‘lgan. Buyuk Ipak yo‘lining ahamiyati jahon jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otmoqda. YUNESKO Bosh konferensiyasining XXIV sessiyasi 1989-1997 yillarga mo‘ljallangan “Ipak yo‘li - muloqot yo‘li” deb nomlangan keng ko‘lamdagi tadqiqot ishlarini amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi. SHu qaror asosida tuzilgan ekspeditsiya O‘rta Osiyoning tarixiy taraqqiyoti jarayonini o‘rganish bo‘yicha katta tadqiqot ishlari boshlab yubordi. Download 36.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling