Мавзу: туркистон мухторияти тарихига доир архив ҳужжатлари
Turkiston Muxtoriyati va mahalliy boshqaruv organlarining o’zaro munosabatlarini yorituvchi hujjatlar
Download 386.5 Kb.
|
ARXIV HUJJATLARIDA TURKISTON MUXTORIYATI TARIXINING YORITILISHI
1.2. Turkiston Muxtoriyati va mahalliy boshqaruv organlarining o’zaro munosabatlarini yorituvchi hujjatlar
Turkiston Muxtoriyati tuzilgandan keyin, aholi bilan bir qator davlat organlari, rasmiy tashkilotlar, shahar dumalari, shahar sovetlari, ishchi-soldat deputatlari, bolьsheviklar tomonidan tuzilgan Xalq Komissarlari Soveti va boshqa organlar muxtoriyatga bo’lgan o’z pozitsiya va munosabatlarini e’lon qildilar. Bu yuqoridagi organlarning qaror va rezolyutsiyalarida, matbuot xabarlarida va rasmiy hujjatlarda o’z aksini topdi. Quyidagi paragrafda mahalliy boshqaruv organlarining Turkiston Muxtoriyatiga nisbatan qanday pozitsiyada turganligini va unga qanday munosabatda bo’lganligini arxiv hujjatlari, o’sha davr matbuot xabarlari va keyingi davrlarda ochilayotgan yangi ma’lumotlar asosida yoritishga harakat qilamiz. Turkistonga muxtoriyat berish g’oyasi tug’ilishining dastlabki kunlaridanoq Petrogradga xabar berilgan edi. Bu haqda Muvaqqat hukumat Bosh vaziri A.F.Kerenskiyning so’zlari guvohlik beradi: “Muvaqqat hukumat Turkistonning ehtiyojlaridan xabardor va unga diqqat bilan quloq soladi. Turkistonliklar Ta’sis majlisi qarorlarini sabr-toqat bilan kutishlariga to’g’ri keladi”37. Bundan ko’rinib turibdiki, Muvaqqat hukumat Turkistonga muxtoriyat berilishiga qarshi chiqmagan. Turkistonga muxtoriyat berish g’oyasini Butunrossiya musulmonlari kengashi ijroiya komiteti – “Milliy SHo’ro” (1917 yil may oyida Moskvada bo’lib o’tgan I Butunrossiya musulmonlari s’ezdida tuzilgan) ham qo’llab-quvvatlaydi38. Fevralь inqilobidan 1(14) noyabrga qadar Turkistondagi siyosiy vaziyatni 3 ta asosiy kuch belgiladi: Muvaqqat hukumatning Turkiston qo’mitasi (1917 yil 7 apreldagi Muvaqqat hukumatning qarori bilan o’lkaga rahbarlik qilish uchun 9 nafar kishidan iborat vakil), O’lkamussovet (I o’lka musulmonlari s’ezdida tuzilgan), o’lka ishchi va soldat deputatlari soveti (bolьsheviklar). Turkiston qo’mitasi o’sha davr sharoitidan kelib chiqib, mahalliy aholining xaq-huquqlarini hisobga olgan holda, nisbatan to’g’ri siyosat yuritdi. 1917 yil yozida Toshkent shahar Dumasiga bo’lib o’tgan saylov natijalari uning demokratik ruhda o’tganligidan dalolat beradi. Saylovda 112 mandatdan 64 tasi “SHo’roi Ulamo” jamiyati vakillariga, 12 tasi “SHo’roi Islom”chilarga tegdi. Eserlar – 24, sotsial-demokratlar – 5 o’rin oldilar. Mahalliy aholidan hammasi bo’lib 74 ovoz, yevropalik xalqlardan esa 38 ovoz o’tdi39. Muvaqqat hukumat, uning Turkiston qo’mitasi ham o’lka xalqlari xaq-huquqlari va erkinliklarini e’tirof etdi, boshqaruv organlarida mahalliy aholi vakillariga katta o’rinlar berildi. Bundan xulosa shuki, bu hukumat mahalliy xalqqa milliy-hududiy muxtoriyat berishga qarshi chiqmagan. Xalqlarni Ta’sis majlisi orqali o’z hokimiyatini erkin barpo qilishlariga yo’l ochib berdi. Bu, albatta, to’g’ri siyosat edi. Lekin, 1917 yil 25 oktyabrdagi Petrograd voqealari, uning ta’sirida Toshkentdagi 28 oktyabrь voqealari butun o’lkadagi siyosiy vaziyatni o’zgartirib yubordi. Bu voqealar natijasida ishchi va askar sovetlari joylarda hokimiyatni zo’ravonlik bilan qo’lga ola boshladi, shu bilan birga, mahalliy xalq erkini, xaq-huquqlarini jilovlay boshladi. Aslida sovetlar mahalliy xalq vakillari o’lka uchun muxtoriyat istashi va shu yo’lda harakat qilayotganligini sezib, Fevralь inqilobidan keyin o’tgan vaqt ichida “sotsialistik inqilob”ga tayyorgarlik ko’ra boshlagan edi (1917 yil 12 sentyabrь Toshkentda Aleksandr parkidagi mitingni bolьsheviklar uyushtirgan edi. Bolьsheviklar hokimiyatni qo’lga olishga urinib, Turkistonda fuqarolar urushi boshlanib ketishi xavfini tug’dirgan). Muvaqqat hukumat hali yashayotgan paytdayoq Turkiston xalqlari erkiga chang urgan, “inqilob qurbonlari foydasiga” deb, haddan ziyod og’ir soliqlar solgan, temir yo’l orqali keltirilgan g’allani faqat ruslarga berib, shahar va qishloqlarda ochlik tahlikasini vujudga keltirgan sovetlarning mutloq hokimga aylanishi o’lka uchun o’ta xavfli edi40. Manu shu xavf sovetlarning III o’lka s’ezdi (1917 yil 15-22 noyabrь)da yaqqol namoyon bo’ldi. S’ezdda milliy masalada qo’pol xatoga yo’l qo’yildi, bolьsheviklar tomonidan tuzilgan hokimiyatga mahalliy aholidan birorta ham vakil kiritilmadi, mahalliy xalqning xaq-huquqlari poymol qilindi. Turkiston o’lka sovetlari V.I.Lenin va I.V.Stalin tomonidan imzolangan “Rossiya xalqlari huquqlari deklaratsiyasi” (1917 yil 2(15) noyabrь) hamda “Rossiya va SHarqdagi barcha musulmon mehnatkashlariga murojaatnomasi” (1917 yil 20 (3 dekabrь) noyabrь)ga ham yuzaki qaradi. Vaholangki, III s’ezd tomonidan saylangan Xalq Komissarlari Soveti Petrogradga yuborgan telegrammasida “Sizning barcha dekretlaringni amalga oshirishni o’zining muhim masalasi qilib qo’ydi” deyilgan. Bu markaz yo’llagan barcha topshiriqlarni, shu jumladan, xalqlarning o’z taqdirini o’zi belgilash masalasini so’zsiz bajarish yuzasidan bildirilgan ishonch xatlari hayotga tadbiq etilmay, quruq va’da bo’lib qoldi. O’lka XKSning mashhur da’vatnomasida: “sovet musulmon mehnatkash aholisi o’rtasida ozodlik, tenglik, birodarlik g’oyalarini tarqatish yuzasidan barcha choralarni ko’radi, shu yo’l bilan mehnatkash ommani birlashtirishga harakat qiladi”41, - deyiladi. Bu da’vatnoma ham nomigagina qabul qilingan quruq va’da edi. Amalda esa, milliy masalada, milliy siyosatni amalga oshirishda mahalliy aholi xohish-irodasiga qarshi, mahalliy va boshqa demokratik ruhdagi partiyalarning pozitsiyasini mensimay faoliyat ko’rsatdi. XKS Muxtor Muvaqqat hukumatini tan olmasliklarini birinchi kunlardan boshlaboq ma’lum qildilar va bu hukumatga “aksilinqilobiy, milliatchi, burjua hukumati” deb baho berishdi. Muxtoriyatga qarshi targ’ibot-tashviqot ishlarini avj oldirdi, unga qarshi pinhona va ochiq kurash boshladi. Sovetlarning asosiy matbuot organi bo’lgan “Nasha gazeta” muxtoriyatchilarga nisbatan har xil bo’htonlar uyushtira boshladi, xalqni o’z fikridan, to’g’ri yo’lidan chalg’itishga harakat qildi. O’sha paytlarda mazkur gazeta musulmonlarning ko’p ming kishilik mitingi to’g’risida xabar berib, qabul qilingan qarorda “yig’ilganlar qallob Muvaqqat hukumatni tan olmaydilar, deya e’lon qilganlari xususida tuhmat so’zlarni yozadi. Bu gazeta muxtoriyatga qarshi chiqqan musulmon ishchilari ayrim vakillarining xatlarini chop etishni uyushtiradi va ularni barcha musulmonlarning fikri deya da’vo qiladi”42. Sovetlar 1917 yil 13 dekabrь Toshkent voqealari yuzasidan Petrogradga quyidagicha telegramma yuboradi: “Qo’qonda reaktsion burjuaziya tomonidan tayyorlangan musulmonlar s’ezdi Turkiston Muxtoriyatini e’lon qildi, endi vujudga kelgan muxtoriyat hukumati Turkiston proletar ommasi tomonidan tan olinmagani holda, bor kuchi bilan o’lkaning ayrim shaharlarida muxtoriyatni e’lon qilishga tayyorlanmoqda. SHu yil 13 dekabrda, Muhammad payg’ambar tug’ilgan kunda, Toshkentda muxtoriyat e’lon qilindi”43. Yuqoridagi telegrammadan ham sovetlarning muxtoriyat hukumatiga bo’lgan munosabatni ko’rish mumkin. Ular muxtoriyatga “reaktsion burjua hukumati”, deb qaramoqda va yaqin-yaqin yillargacha kommunistlar bu hukumatga nisbatan shunday fikrda bo’ldilar, xalqqa ham shuni singdirishga harakat qildilar. Petrogradning ham Turkiston Muxtoriyatiga munosabati samimiy emas edi. Qo’qonda bo’lib o’tgan musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari s’ezdi (1917 yil dekabrь)ning Turkistondagi hokimiyat masalasidaga talab xatiga I.V.Stalin (millatlar ishlari bo’yicha komissar) quyidagicha javob yo’llaydi: “Toshkentdagi sovet komissariatini yo’q qilish haqida Petrogradga murojaat qilishning ehtiyoji yo’q, agar komissariatni istamasangiz, uni kuch bilan yo’qota bilasiz”44. Lekin, Stalin Turkiston Muxtoriyatida Toshkentdagi hukumatni yo’q qilishga qodir kuch yo’qligini yaxshi bilardi va shu aniqki, Markaz ham Turkistonda hokimiyat muxtoriyatchilar qo’liga o’tishini xohlamas edi. Turkiston XKS mahalliy aholi orasida hech qanday mavqega ega emas edi, ularning ishonchiga tayana olmas edi. Sovetlarni, asosan, temir yo’l depolari ishchilari va qizil askarlar qo’llab-quvvatlardi, xolos. Xalq ommasining asosiy qismi muxtoriyatchilarni qo’llab-quvvatladi, uni qonuniy hukumat deb tan oldi. Vaziyatning muxtoriyatchilar foydasiga o’zgarayotganligini sezgan bolьsheviklar muxtoriyat hukumatini yakkalab, uning imkoniyatlarini cheklab qo’yishga qaratilgan bir qancha tadbirlarni amalga oshirdi. Jumladan, Toshkent, Namangan, Samarqand shahar dumalarini tarqatib yubordi, sobiq general-gubernator kantselyariyasini tugatdi. “Turkestanskiy vestnik” gazetasini yopdi, paxta zahiralarini musodara qildi, neftь qazib chiqarish, baliq sanoati, “Xiva” kemachilik jamiyatida “milliylashtirish” o’tkazdi, ya’ni zo’ravonlik bilan qo’lga oldi, dinni davlatdan va maktabni dindan ajratganini e’lon qildi45. Bundan tashqari, banklardagi muxtoriyatchilar va uning tarafdorlari hisobidagi pullarni rekvizitsiya qilish to’g’risida bolьsheviklar qaror qabul qilib, bu ishni P.G.Poltoratskiyga topshirdilar46. 1917 yil 29 dekabrda butun Turkistonda qamal holati e’lon qilindi. SHu kabi choralar bilan bolьsheviklar muxtoriyatchilarni har tomondan iskanjaga ola boshladilar. Bu kabi chora-tadbirlar sovetlar bilan muxtoriyatchilar o’rtasidagi munosabatlarni jiddiylashtirib yubordi. Sovetlarning IV o’lka s’ezdi muxtoriyatchilarga nisbatan murosasiz munosabati va mahalliy xalqqa nisbatan buyuk davlatchilik shovinizm nuqtai nazardan qarashlari yanada ochiqroq namoyon bo’ldi. 1918 yil 19-26 yanvarь kunlari bo’lib o’tgan Turkiston o’lka sovetlarining IV s’ezdida nutq so’zlagan bolьshevik I.O.Tobolin shunday deydi: “Biz nafaqat Rossiya haqida, balki mehnatkashlar to’g’risida, proletariat sinfi to’g’risida qayg’urayapmiz, agar xalq xohish-irodasi bu o’lkaning Rossiyadan ajralib chiqishini referendum orqali hal etishni istasa, uning ajralib chiqish huquqini saqlab qolamiz”. Lekin, u muxtoriyatga ochiqdan-ochiq qarshi chiqadi: “Biroq muxtoriyatni hozir, zudlik bilan amalga oshirish to’g’risida gap ham bo’lishi mumkin emas. Zero, muxtoriyatning eng birinchi shartiga ko’ra, bu o’lkadan harbiy qo’shinlarni olib chiqib ketishi kerak. Agar biz muxtoriyat tushunchasidan kelib chiqadigan ana shu asosiy holatni amalga oshirsak, unda inqilob biqiniga zarba bergan bo’lur edik, o’lkada esa yana aksilinqilobchilar hokimiyati qaror topar edi. SHuning uchun mamlakatning urush holatida ekanligini nazarga olgan holda, bizlar muxtoriyat holatidagi va, hatto, mustaqil davlat tashkil etish uchun tayyorgarlik ishlarini boshlab yuboramiz”. Oxirida Tobolin s’ezdda bolьsheviklar fraktsiyasi nomidan quyidagi qarorni taklif qiladi: “Inqilobchi sotsial-demokratlar partiyasi proletariat muxtoriyatini tashkil etish uchun harakat qiladi, shu bois deputatlarni kasaba sovet (soyuz)lariga jalb etib, musulmon proletariatining sinfiy ongini ko’tarish” bo’yicha proletariat ommasini tayyorlash asosiy masala etib e’lon qilinadi. Muxtoriyatni e’lon qilish masalasi esa noaniq muddatga kechiktirib qoldiriladi47. SHuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, sovetlarning IV o’lka s’ezdi o’tayotgan kunlarda Turkiston Muxtoriyati hukumati uning nomiga telegramma yubordi. Unda 1918 yilning 20 martida umumiy, to’g’ridan-to’g’ri teng va yashirin ovoz berish asosida Turkistonda Ta’sis majlisi chaqirish tadoriki borligi ma’lum qilindi. Bu majlisda nomusulmon aholiga 1/3 o’rin berilishi nazardi tutilgan. Telegrammada ta’kidlanishicha, “Turkiston Ta’sis majlisi xalqlarning barcha orzu-istaklarini amalga oshirishga da’vat etilgan bo’lib, Turkiston Muxtoriyatida o’lkaning oz sonli aholisi va mehnatkash xalq huquqlarini himoya qilib, Rossiya inqilobi tomonidan oldinga surilgan demokratik qonun-qoidalar bilan to’la kelishgan holda demokratiyani tashkil etadi. Ana shu munosabat bilan Muxtor Turkistonning Xalq Majlisi (Milliy Majlis) yana bir marta Turkiston xalqlariga “Xalq majlisi tomonidan mazkur holatning (moddaning) ishlab chiqilayotgani, hayotga tadbiq etilishi yuzasidan choralar ko’rilayotganligini baralla ma’lum qilishni o’z vazifasi deb biladi”48. M.Hasanov “Zvezda Vostoka” jurnalida bergan maqolasida “muxtoriyatchilarda sovetlar bilan munosabatlarni to’g’ri yo’lga qo’yishga intilishlar bo’lgan”, - deydi va muxtoriyatchilarning Toshkentga 1918 yil yanvarь boshlarida, ya’ni s’ezddan oldinroq quyidagi mazmunda telegramma yuborganini ta’kidlaydi: “Toshkentda musulmonlar s’ezdi chaqirilishi ko’zda tutilmoqda va s’ezd tashkilotchilari sovetlar s’ezdini shu oy (yanvarь)ning 25 gacha qoldirilishini, chunki musulmonlar s’ezdi sovetlar s’ezdi bilan qo’shilishi mumkin”ligi aytiladi”.49 O’z-o’zidan ma’lumki, bu telegrammaga sovetlar e’tibor bermagan va muxtoriyatchilarni IV o’lka sovetlar s’ezdiga taklif ham qilmaganlar. Sovetlarning IV o’lka s’ezdi Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb hisoblab, hatto ularning rahbarlarini qamoqqa olishga qaror qildi50. SHu tariqa sovetlarning IV o’lka s’ezdida ham muxtor hukumat vakillariga ishonchsizlik bilan qaraladi va mahalliy xalq xohish-irodasi hisobga olinmaydi. S’ezdda oldingisi kabi shovinistik kayfiyat hukmron bo’ldi: “O’rtoq musulmonlar! SHuni bilingizkim, biz sizlarning katta og’angizmiz. Sizlar kichiksizlar va, tushunarliki, bizga bo’ysunishingiz kerak”51. Bu gaplarni sovetlarning IV s’ezdida nutq so’zlagan bolьshevik K.F.Uspenskiy aytgan edi. Endi bevosita Farg’ona viloyati davlat arxivi hujjatlariga murojaat qilamiz. Ularda viloyat sovetlari va shahar Dumalari rahbarlarining Turkiston Muxtoriyatiga nisbatan xilma-xil munosabatda bo’lganligining guvohi bo’lamiz. Viloyat arxivida 1917 yil 6-7 dekabrda Farg’ona viloyatida bo’lib o’tgan soldat, ishchi va musulmon deputatlari hamda kasaba tashkilotlari va zavod komitetlari vakillarining s’ezdi bayonnomasi saqlanmoqda52. Mazkur s’ezdda 2 ta masala muhokama qilinadi: Turkiston Muxtoriyatiga munosabat to’g’risida; viloyat boshqaruvini qayta tashkil etish to’g’risida. S’ezdda muxtoriyat masalasini qo’yish turli bahs-munozaralarga sabab bo’ladi. Masalan, Farg’ona viloyat soveti deputati Doriomedov muxtoriyat masalasini kun tartibiga qo’yilishiga qarshi chiqadi. Farg’ona viloyat soveti deputati M.I.Podolyak ham bu masalani faqat muxtoriyatchilar bilan birga muhokama qilish kerakligini aytadi. Skobelev shahar soveti deputati Osipov s’ezd muxtoriyatga nisbatan o’z munosabatini bildirishi kerakligini, shuning uchun bu masala muhokama qilinishi lozimligini ta’kidlaydi. SHu tariqa, ko’pgina bahs-munozaralardan so’ng, muxtoriyat masalasi s’ezd kun tartibiga qo’yiladi. S’ezdda muxtoriyatga nisbatan turli xil fikrlar bildiriladi. Jumladan, Andijon soveti deputati Brыzgaylov: “Umuman olganda, muxtoriyat haqidagi masala qarshilikka uchramayapti, lekin e’tibor berish kerak, kim tomonidan va qanday e’lon qilindi. Inqilobdan so’ng, Turkistonda hokimiyat 2 foizni tashkil qiluvchi ovrupaliklar qo’lida bo’ldi, muxtoriyatning e’lon qilinishi noto’g’ri bo’lsa ham, mavjud holatdan chiqish deb tushunish kerak. Muxtoriyat e’lon qilinishida mehnatkash omma ishtirok etmadi, u inqilob uchun o’ta xavfli bo’lgan musulmon va ovrupalik burjuaziya tomonidan e’lon qilindi. Demokratiyaning vazifasi faol ishtirok etish va musulmon demokratiyasini faol ishga chorlovchi vaziyatni saqlash”53. Farg’ona viloyat soveti deputati Doriomedov: “Kechagina Xalq Komissarlari Sovetining xalqlarning erkin ravishda o’z taqdirini belgilash huquqini beruvchi telegrammasi olindi. Biz uchun (ya’ni sovet deputatlari) muxtoriyat faqat markaziy umumdavlat organi roziligi bilan e’lon qilinishi mumkin. Telegramma noqulay vaziyat vujudga keltiryapti: agar Petrograd hukumatini tan olsak, unda biz Toshkent komissarlariga bo’ysunishimiz kerak; telegramma bo’lsa, bizni muxtoriyatni tan olishga majbur qilyapti. Quyidagi masalaga jiddiy yondashishimiz kerak. “Burjuaziya” va “proletariat” iboralari hech nimani bildirmaydi. Qo’qon s’ezdi Ta’sis majlisida umumiy ovoz berish yo’li bilan saylanganlardan tashkil topgan, ular reaktsionerlar emas. Agar biz ular bilan murosaga kelmasak, bizga qirg’in xavf tug’dirishi mumkin”54. Andijon soveti deputati Uryupin: “Muxtoriyatni tan olish kerak, lekin uning tepasida hozir kechagina muxtoriyatni ko’rgani ko’zi yo’q bo’lgan bir to’da kapitalistlar turibdi. Biz ana shu to’dani haydab va musulmon demokratiyasi bilan birlashib, o’zimiz u (muxtoriyat)ning tepasida turishimiz kerak”55. Skobelev shahar soveti deputati Sugrobov: “Umuman, muxtoriyatni tan olishimiz kerak, lekin ta’sis majlisi, agar proletariat manfaati nuqtai nazaridan tursa, hech qachon Qo’qon hukumatini tan olmaydi. Toshkent ishchilari hokimiyatni barrikadalarda jang qilib oldi va hokimiyat ularda qolishi kerak”56. Farg’ona viloyat soveti deputati Podolyak, “men barcha xalqlarning, shu bilan birga musulmonlarning ham o’z-o’zini belgilash huquqini tan olaman. Toshkent hukumati Turkiston mehnatkash ommasi manfaatlarini ifoda etmaydi. Musulmonlarni haqoratlab, u (Toshkent hukumati) nafaqat Turkiston uchun, balki butun mamlakat uchun xavfli bo’lib qolmoqda va shunga olib kelishi mumkinki, biz o’lkada tashlandiq bo’lib qolishimiz mumkin. Hukumat organlarida musulmon ommasi vakillari bo’lishi shart”57. Xullas, s’ezd muxtoriyat masalasida har xil bahs-munozara va tortishuvlar doirasida o’tdi. Uning natijalari quyidagi qarorlarda namoyon bo’ldi: sotsial-demokratlar fraktsiyasi Skobelev shahar soveti deputati Pavlyuchenko tomonidan kiritilgan quyidagi qarorni qabul qildi: “Musulmon xalqining muxtoriyatga huquqi daxlsizligini tan olgan holda va uni Turkiston uchun so’zsiz zarurligini hisobga olib, s’ezd bu huquqning amalga oshirilishini umumproletar manfaatlariga mos keladigan, demokratiyaning hamma erkinliklarini namoyish etadigan Butunrossiya Ta’sis majlisiga qoldiradi”58. Bu hujjatga e’tibor beradigan bo’lsak, Farg’ona viloyat soveti deputatlari muxtoriyatga turlicha munosabat bildirgani holda, Toshkentdagi hukumatga ham to’la ishonmaydilar. Skobelev shahar Dumasi va jamoat tashkilotlari komiteti 7(20) fevralь 1918 yilda majlis o’tkazib, quyidagicha qaror qabul qiladi: “Skobelev shahar Dumasi va jamoat tashkilotlari komiteti hokimiyatni tezda Turkiston Muxtor hukumatiga topshirishni zarur deb hisoblaydi, Farg’ona viloyatida hukumat tuzilguncha joylarda Vaqtli jamoat viloyat soveti ta’sis qilinsin”59. Mazkur qarorda Vaqtli sovetning tarkibi ham ko’rsatib o’tiladi va Duma muxtor hukumat zudlik bilan viloyatda o’zining boshqaruv organlarini tuzadi, deb ishonch bildiradi va unga o’zining vakolatlarini qo’shishini bildiradi. Bu hujjatdan bizga ma’lum bo’lishicha, Skobelev shahar Dumasi va shahar jamoat tashkilotlari Muxtoriyatni tan olgan va viloyatda hokimiyatni qo’lga olishni so’raganlar. Biz ko’rdikki, Farg’ona viloyat soveti Muxtoriyatga nisbatan unchalik yaxshi munosabatda bo’lmagan. Lekin, shahar Dumasi muxtoriyatchilarni qo’llab-quvvatlagan va ular pozitsiyasida ish olib borgan. Masalan, Marg’ilon shahar mahkamasi eski shahar qismidan hibsga olinganlarning ishini shahar Dumasiga ko’rib chiqish uchun jo’natadilar. Duma mazkur ish yuzasidan quyidagicha qaror qabul qiladi: “Skobelev shahar Dumasi eski Marg’ilon shahrida hibsga olinganlarning odil sudlovini kafolatlash maqsadida, shu ish yuzasidan tergov komissiyasiga kirishni zarur deb biladi, Turkiston Muxtoriyati nuqtai nazaridan turib ishonadiki, yuqoridagilarning ustidan tergov Fevralь inqilobi tomonidan tan olingan qonunlar asosida va shahar Dumasi hamda musulmon vakillari ishtirokida o’tilishi zarur”60. Dumaning yana bir bevosita Muxtoriyatga taalluqli qarori: “Duma o’z delegatlaridan Turkiston Muxtoriyati hukumati vakillariga Dumaning Muxtoriyatga munosabatini xabar qilishni va Duma hukumat boshlig’i (muxtor hukumat boshlig’i)ning dokladini o’z doirasida eshitishni xohlashini zudlik bilan yetkazishini so’raydi”61. Skobelev Dumasining yuqoridagi qarorlaridan ko’rinib turibdiki, ular Turkiston Muxtoriyatini to’la qo’llab-quvvatlagan va Qo’qondagi Vaqtli hukumatni Turkistonning qonuniy hukumati sifatida tan olgan. Paragrafni yakunlar ekanmiz, quyidagi xulosalarga keldik: SHahar Dumalari, ya’ni Fevralь inqilobidan keyin saylovlar asosida tuzilgan qonuniy mahalliy boshqaruv organlari Turkiston Muxtoriyatini qo’llab-quvvatladilar va uni tan oldilar. CHunki, bu organlar, oz bo’lsa-da, xalqning xohish-irodasini ifoda etgan, mahalliy xalqning xaq-huquqlarini hurmat qilgan, o’lkada nisbatan to’g’ri siyosat yurita boshlagan Muvaqqat hukumatning organi edi. Bizningcha, shahar Dumalarining Xalq Komissarlari tomonidan tugatilishining asosiy sababi ham shu, ya’ni Dumalarning Muxtoriyat pozitsiyasida turganligi bo’sa kerak. Endi sovetlarga kelsak, ular, albatta, muxtoriyat bilan murosa qila olmaydilar. CHunki, ularning maqsadi bitta, u ham bo’lsa, o’lkada butun hokimiyatni qo’lga olish. Sovetlar xalq ommasining, ayniqsa, mahalliy xalq ommasining xaq-huquqlarini poymol qildi, o’lkada hokimiyat masalasida o’zlarining shovinstik kayfiyatlarini namoyon qildilar. Farg’ona viloyat sovetlari ham qizil askar va zavodlarning ayrim ishchilari tomonidan tuzilgandi, ular ham asosiy xalq ommasidan ancha yiroq edilar. Lekin, viloyat sovetining ayrim vakillari Muxtoriyatga nisbatan ob’ektiv munosabatda bo’ldi va o’z navbatida, Toshkentdagi Xalq Komissarlarini tanqid qildi, hatto, ularga ishonchsizlik bildirdi. Bu fikrimizga Skobelev shahrida 1917 yil 6-7 dekabrda bo’lib o’tgan s’ezd isbot bo’lishi mumkin62. Download 386.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling