Moliyaviy risklar nazariyasi
Mavzu: Zamonaviy (amaliy) moliya va risklar
Bajardi: Toshimov Shohrux
“Moliyaviy risklar nazariyasi” fani moliya sohasida yuzaga keluvchi xavf-xatar va risklarni tasniflash sohasida kasbiy bilim beruvchi, bo`lg`usi moliyachilarni mazkur risklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishga yo`naltiruvchi, hamda risklarni baholash va boshqarishning asosiy qonunlarini o`rgatuvchi fandir. Ma`lumki, moliya sohasida risklarni minimallashtirishga risk strategiyasini ishlab chiqish orqali erishish mumkin Moliyaviy risklarni boshqarish tizimi riskning yuzaga kelishini oldindan xom-cho`t qilish, risk tufayli yuzaga keladigan salbiy xolatlarga yo`l qo`ymaslik yoki ularning ta`sirini kamaytirish borasida chora-tadbirlar, usullar yig`indisini o`z ichiga oladi. Moliyaviy risklarni boshqarish tizimining ob`ekti moliya sektori faoliyatida yuzaga keluvchi risklar bo`lsa, uning sub`ekti sifatida riskga o`z ta`sirini o`tkazuvchi guruh, moliya sohasi hodimi yoki menejeri hisoblanadi. Moliyaviy risklarni boshqarish strategiyasini ishlab chiqish uchun bank faoliyatini chuqur bilish, moliyaviy korxonalari bajaradigan operatsiyalarning samaradorligini aniqlay bilish, banklarning kredit, investitsiya, valyuta siyosati va boshqa faoliyatlari bo`yicha optimal qarorlar qabul qilishga erishish, mijozlarning xo`jalik faoliyati va ularning moliyaviy ahvoli, tarmoqlar faoliyatining xususiyatlari va boshqalarni bilish lozim. Moliyaviy risklarni boshqarish strategiyasi xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning barcha imkoniyatlaridan to`la foydalanish, korxonalarni rivojlantirish istiqbollarini belgilab berish va moliyaviy risklarni oldini olib banklar faoliyatining samaradorligini oshirishga imkon yaratadi. Hozirgi paytda O`zbekistonda ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish jarayoni moliya-bank sektorini barqaror faoliyat yurituvchi tizimini yaratishni ko`zda tutadi. Chunki moliya-bank sektori bozor infratuzilmasining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Ularning barqarorligi davlat ahamiyatiga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |