Mavzu Zoologiya faniga kirish


Foydalanilgan adabiyotlar


Download 29.57 Kb.
bet2/2
Sana05.01.2023
Hajmi29.57 Kb.
#1078954
1   2
Bog'liq
1 Zoologiya faniga kirish

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Salimov B.S., Daminov A.S. «Zoologiya» Oʻquv qoʻllanma. Toshkent, 2012 y.

  2. Movlonov O., Xurramov SH. «Umurtqasizlar zoologiyasi»Toshkent,1998 y.

  3. Lukin E.I. «Zoologiya» Moskva, 1989 y.

4. D.T.Anderson “Invertebrate Zoology” Oxford University Press 2002.


1-savol: Organik olamning tarkibi.
Organik olam, yoki tirik tabiat turli organizmlarni oʻz ichiga oluvchi bir necha dunyodan tarkib topgan. Ulardan biri eng sodda tuzilishga ega boʻlgan organizmlarni oʻz ichiga oladi. Bunday organizmlarni oddiy koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan, ayrimlari hatto oddiy mikroskoplarda koʻrinmaydigan viruslar, bakteriyalar, rekketsiyalar, koʻk-yashil suvoʻtlari tashkil qiladi. Ularning barchasi zarracha organizmlar – Muchota dunyosini tashkil qiladi. Organik olamning ushbu dunyosiga taalluqli organizmlar morfologik tomonidan shakllangan xujayra yadrosiga ega emas va ularning koʻpayishida haqiqiy jinsiy jarayonlar kuzatilmaydi.
Barcha oʻsimliklarni oʻz ichiga oluvchi organik olamning tarkibiy qismini oʻsimliklar dunyosi – Planta ni tashkil qiladi. Oʻsimliklar boshqa tirik organizmlardan avtotrof usulda oziqlanishi, ya’ni anorganik moddalardan murakkab organik birikmalar hosil qilishi bilan ajralib turadi. Ular oziqlanishi jarayonida quyosh nurlari energiyasidan foydalanish, ya’ni fotosintez jarayonini hosil qilish xususiyatiga ega. Shunday qilib oʻsimliklar organik olamning boshqa hayot shakliga ega boʻlgan organizmlarga asosiy oziqa va energiya manbalari boʻlib hisoblanadi. Hozirgi paytda oʻsimliklar dunyosi 400 mingdan ortiq turlarni tashkil qiladi. Ularni botanika fani oʻrganadi.
Ilgari tuban oʻsimliklarga kiritilgan zamburugʻlar – Fungi organik olamning uchinchi dunyosidir. Oʻsimliklardan farqli oʻlaroq, zamburugʻlar geterotrof organizmlardir. Zamburugʻlar vegetativ, jinssiz (sporalar yordamida) va jinsiy yoʻllar bilan koʻpayadi.
Organik olamning toʻrtinchi tarkibiy qismini hayvonot dunyosi – Animalia tashkil qiladi. Hayvonlar geterotrof organizmlar boʻlib,ular harakat qilish,har xil taassurotlarga javob qaytarish, oʻsish, koʻpayish turli hayotiy xususiyatlarga ega.
Organik olamning hayvonot dunyosini zoologiya fani oʻrganadi (zoon – hayvon, logos-ilm, fan).


2-savol: Zoologiya fanining maqsadi, vazifalari, boshqa biologik fanlar bilan bogʻliqligi.
Zoologiyaning maqsadi: Talabalarga evolyusion nazariya asosida hayvonot dunyosining xilma-xilligini, hayvonlarning turli sistematik guruxlarining kelib chiqishini, jugʻrofik tarqalishini, tuzilishini, rivojlanish xususiyatlarini, ekologiyasini oʻrgatishdir. Barcha oʻquv materiallari esa shakl va funksiya birligi, bogʻliqlik (korrelyasiya), moslashish (adaptatsiya) kabi umumbiologik qonunlar asosida yoritiladi. Bu qonunlarni tub mohiyatini bilish esa boʻlajak bakalavr – veterinariya vrachi, qorakoʻlchilik, zootexniya, veterinariya va zootexniya boʻyicha kasbiy ta’lim oluvchi pedagog mutaxassisliklariga juda zarur boʻlib hisoblanadi. Turli kasalliklarga chidamli yangi hayvon zotlarini yaratishda, hayvonlarning parazitlar kasalliklarini kelib chiqishini aniqlashda, ularga qarshi toʻgʻri chora-tadbirlar qoʻllashda ular uchun zoologiya eng muhim fundamental fandir.
Shuningdek, zoologiya bilimlari asosida talabalar hayvonot dunyosining hozirgi holatini, uning biotsenetik va xoʻjalik ahamiyatlarini toʻgʻri baholay bilishga erishadilar.
Zoologiyani oʻrganishning asosiy vazifalari: talabaning ongiga umumbiologik qonuniyatlarini singdirish, ularni hayvonot dunyosining sistematikasini mustaqil tahlil qilishga erishtirish, har bir hayvon guruhining evolyusiyasini bilishga, muhim parazit hayvonlarning rivojlanish xususiyatlarini toʻgʻri tasavvur qilish va uning asosida ular chaqiradigan kasalliklarning oldini olish choralari ustida fikr yuritishga chorlash, hayvonot dunyosidan oqilona foydalanib, uni genetik fond va xonakilashtirish revervi sifatida himoya qilishga oʻrgatish.
Zoologiya bilimlarini chuqur egallash embriologiya, anatomiya, fiziologiya, genetika, ekologiya kabi fanlarni oʻzlashtirishga bogʻliq. Shu bilan birga zoologiya bilimlari parazitologiya (veterinariya protozoologiyasi, veterinariya araxnologiyasi, veterinariya entomologiyasi, veterinariya gelmintologiyasi qismlari), veterinariya asoslari (qishloq xoʻjalik hayvonlarining invazion kasalliklari qismi), chorvachilik (parrandachilik, qorakoʻlchilik, asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik) tabiatni muhofaza qilish kabi biologik, klinik, zootexniya va qorakoʻlshunoslik sikllariga oid fanlar poydevor hisoblanadi va talabalarni ijodiy yondoshgan holda ularni chuqurroq oʻzlashtirishga xizmat qiladi.
3-savol: Zoologiya faning qisqacha tarixi
Eng qadim oʻtmishdan boshlab kishilar tabiiy resurslardan, shu jumladan hayvonlardan foydalanish borasida tajribalar orttirib kelishgan.Turli xayvonlarni ushlash, istemolga tayyorlash jarayonlarida qadimgi odamlar asta – sekin ularning hayotiga va tuzilishiga e’tibor bera boshlashgan. U davrda yozish boʻlmaganligi tufayli ular tomonidan toshlarga hayvonlar rasmlari, ov saxnalari kabi hayvonot dunyosi xaqida birmuncha axborotlar qoldirilgan. Ammo zoologiyaga fan sifatida asos solgan birinchi olim qadimgi yunon faylasufi, buyuk tabiatshunos olim Aristotel dir (eramizgacha 384-322 yillar). “Hayvonlar tarixi” asarida Aristotel 452 turga oid hayvonlarni oʻrganib, ularni juda oddiy va sun’iy tuzilgan “qonli” va “qonsiz” sistematik guruhlarga ajratadi. U tuzgan sistematikada hayvonot dunyosi 9 ta katta avlodga boʻlingan.
Aristotel sistematikasi sun’iy boʻlishiga qaramasdan fanda qariyb XX asr hukm surdi. Chunki feodalizm davrida Evropada fanda taraqqiyot kuzatilmadi. Tabiiy fanlarga qiziqish XV-XVI asrlarga kelib kuchaydi.
Polo Marko (1254-1324), Xristofor Kolumb (1451-1506), Magellan (1480-1521) lar kabi sayohatchi olimlar dunyoning turli qit’alarida hayvonlar toʻgʻrisida ma’lumotlar toʻplab hayvonot dunyosi toʻgʻrisidagi bilimni boyitdilar. Keyinchalik SHvetsariyalik olim Konar Gesner (1516-1565) oʻzining 5 tomlik “Hayvonlar tarixi” asarini yaratdi.
Niderlandiyalik tabiatshunos olim Antoni van Levenguk (1632-1723) oʻzi ixtiro qilgan birinchi mikroskopda turli hayvonlarni oʻrganib, 4 tomlik “Mikroskop yordamida ochilgan tabiat sirlari” asarini yozdi.
XVIII asrga kelib shved olimi Karl Linney (1707-1778) fanda hayvonlar va oʻsimliklar dunyosini eng qulay sun’iy sistematikasini yaratdi. U barcha turlarni lotin tilida qoʻshaloq ism bilan yuritishni, unda birinchi urugʻ ismini bosh harfda, tur ismini kichik harfda yozishni tavsiya qilgan va oʻzi unga itoat qilgan. SHunday qilib K.Linney fanga binar nomenklaturani kiritdi va bunday nomenklaturaga barcha dunyo olimlari hanuzgacha rioya qilishadi. Bunga misol tariqasida ikki tur jigar qurtlari – fassiolalarni nomlanishini keltirish mumkin. Ular “obыknovennaya fassiola”ning tarjimasidan kelib chiqqan. Bu esa fan talabiga javob bermaydi. Fassiolaning ikkinchi turi 1855 yilda aniqlangan va unga Fasciola gigantica, Cobbold, 1855 deb nom qoʻyilgan.
Yuqoridagi misoldan koʻrinib turibdiki, Fasciola soʻzi ikkala holda ham urugʻ, ya’ni avlodning nomini bildiradi, u bosh harf bilan belgilangan va uni oʻzgartirish mumkin emas. Turning ismini esa muallif oʻz hohishiga qarab qoʻyadi. Shunday prinsip sistematikada hanuzgacha oʻz mohiyatini yoʻqotmagan.
K.Linney sistematikasi uni tuzishda befarqlik bilan olingan belgilarga asoslangan sun’iy xarakterdagi sistematika edi. SHunga koʻra K.Linneyning oʻzi ham ayrim hayvon turlarini aniqlashda va sistematikaga kiritishda biroz xatoliklarga yoʻl qoʻygan.
K.Linney tuzgan sistematikada bir-biriga yaqin turlar avlodlarga, avlodlar turkumlarga, turkumlar esa sinflarga birlashtirilgan. Unda butun hayvonot dunyosi 6 ta sinfga boʻlingan, ulardan ikkitasi (chuvalchanglar va hashoratlar) umurtqasizlarni 4 tasi (baliqlar, sudralib yuruvchilar, qushlar, sut emizuvchilar) esa umurtqalilarni tashkil etadi. K.Linney turlar oʻzgarmaydi degan e’tiqodga asoslangan va har xil turlar avvalda qancha yaratilgan boʻlsa hozir ham shuncha deb hisoblangan.
Zoologiyada sistematikani tabiatshunos olimi J.B.Lamark (1744-1829) bir muncha isloh qildi. K.Linneyning aksicha, J.Lamark turlarining oʻzgaruvchanligini tan olgan va bu bilan dastlabki evolyusion nazariyaga asos solgan. Ammo turlar oʻzgaruvchanligining sabablarini tushuntirishga Lamark ojizlik qilgan.
J.B.Lamark hayvonot dunyosini 14 sinfga ajratgan, ulardan 10 tasi umurtqasiz hayvonlarni tashkil qilgan. Undan tashqari, J.Lamark sinflarining har biri hayvonot dunyosi rivojlanishining ma’lum bosqichini aks ettirish kerak boʻlgan 6 ta bosqichga joylashtirilgan. IV, V va VI bosqichlar (baliqlar, reptiliyalar, qushlar, sut emizuvchilar) ni bir muncha toʻgʻri deb hisoblash mumkin. Birinchi bosqichga infuzoriyalar va poliplar kirgan.
Zoologiya sistematikasining kelgusi taraqqiyoti fransuz zoologi Jorj Kyuve (1769-1832) ishlari bilan bogʻliq. U hayvonot dunyosini 4 ta “shoxlar” ga ajratadi, qaysiki ular keyinchalik 4 ta tip deb yuritiladi. Umurtqalilar, yumshoq tanlilar, boʻgʻimlilar, va nurlilar. Ammo ularga kiritilgan 19 ta sinf koʻpincha toʻgʻri joylashmagan. Kyuve fikricha esa turlar oʻzgarmasdir.
Biologiyada evolyusion nazariya buyuk ingliz olimi Ch.Darvin (1809-1882) ning “turlarning tabiiy tanlash yoʻli bilan kelib chiqishi” asaridan keyin toʻliq gʻalaba qozondi. “Uy hayvonlari va madaniy oʻsimliklarni oʻzgarishi” asarida bu ta’limot oʻz tasdigʻini oldi. Ch.Darvin oʻzining “Odamning kelib chiqishi va jinsiy tanlov” asarida kishilarni maymunsimon ajdodlardan kelib chiqishi haqidagi gepotizani isbotlab berdi.
Zoologik tekshirishlar XIX-XX asrlarda keng miqyosda rivojlandi. Jumladan, N.A.Seversov (1827-1885) oʻzining “Turkiston hayvonlarining vertikal va gorizontal tarqalishi” asarda Markaziy Osiyo faunasini yaratdi. K.M.Ber (1792-1876) embriologiyaga asos solgan olimlardan biri. II.Mechnikov (1845-1916), A.O.Kovalevskiy (1840-1901), V.O.Kovalevskiy (1842-1883) larning zoologiyani rivojlantirishdagi, Ch.Darvin nazariyasini boyitishdagi xizmati katta.
N.M.Prjevalskiy (1839-1888), A.P.Fedchenko (1844-1873) yillarning Markaziy Osiyoga qilgan sayohatlari va zoologik tekshirishlari ushbu region faunasini boyitishga qaratilgan.
A.P.Fedchenko mamlakatimizda parazit chuvalchanglarning tarqalishini ilk bor oʻrgandi. Buxoroda kishilar oʻrtasida koʻplab uchraydigan, ogʻir kasallik chiqaradigan – drakunkulaning rivojlanishini oʻrganib chiqdi va bu nematodaning oraliq xujayini siklop ekanligini aniqladi.
Oʻzbekistonda zoologiyaning rivojlanishi A.P.Fedchenkodan soʻng K.I.Skryabin (1878-1972), E.N.Pavlovskiy (1884-1965), V.L.YAkimov (1870-1940), T.Z.Zaxidov, A.T.Tulaganov, G.K.Komilov, N.V.Badanin va ularning bir guruh shogirdlari, A.K.Sagitov, L.M.Isaev, M.S.Sultonov, K.Samadov, A.M.Muxammadiev, Sh.Azimov, I.Uzakov, O.P.Bogdanov, E.X.Ergashev, J.Azimov, J.Laxanov, A.Oripov, M.Aminjonov, A.Roʻzimurodov, I.Rasulov va boshqalarning ilmiy ishlari bilan chambarchas bogʻliq. Hozirgi paytda oʻzbek zoologlarining ishlari boshqa MDH olimlari ishlari ichida koʻzga koʻringan oʻrinni egallaydi.


4-savol: Hayvonot dunyosi sistematikasining asoslari, asosiy sistematik kategoriyalar.
Zoologiyada u yoki bu hayvonning hayvonot dunyosidagi oʻrinni aniqlash quyidagilarga asoslanadi:
Xujayra differensiatsiyasining mavjudligi yoki yoʻqligi.
Tana simmetriyasining shakli.
Tana boʻshligʻining xususiyati.
Embrion varaqlar soni.
Tana sigmentatsiyasining mavjudligi yoki yoʻqligi.
Maxsus boshqa xususiyatlari.
Yuqoridagi belgilarga koʻra oʻrganilayotgan hayvon turi avvalo bir xujayralilarga yoki koʻp xujayralilarga taalluqligi aniqlanadi. Soʻngra ularning qaysi tipga (eng yuqori sistematik kategoriya), sinfga, turkumga, oilaga, avlodga taaluqliligi belgilanadi. Avlodi aniqlangach unga tur ismini binar nomenklaturasi asosida berilishi shart. Tur asosiy sistematik kategoriya hisoblanadi. Chunki bir-biriga oʻxshash turlar bir avlodga, avlodlar oilaga, oilalar turkumga, turkumlar sinfga, sinflar tipga kiritiladi. Bulardan tashqari oraliq sistematik kategoriyalar ham boʻlishi mumkin.


5-savol: Zoologiyaning tarkibiy qismlari.
Hozirgi paytda hayvonot dunyosi 2 mln. ga yaqin turga ega. Bunday aniqlangan hayvon turlari 20 dan ortiq tipga kiritilgan. Shulardan bizlar quyidagi tiplar bilan tanishib chiqamiz:
Eng sodda hayvonlar – Protozoa.
Bulutlar - Spongia
Kovakichlilar – Coelentrata
Yassi yoki parenximali chuvalchanglar – Plathelminthes
Birlamchi tana boʻshliqli yoki yumaloq chuvalchanglar – Nemathelminthes
Ikkilamchi tana boʻshliqli yoki halqali chuvalchanglar – Annelides
Yumshoq tanlilar yoki mollyuskalar – Mollusca
Boʻgʻimoyoqlilar – Arthrapoda
Xordalilar – Chordata
Shulardan “Eng sodda hayvonlar” tipi bir xujayrali organizmlarni, qolgan hayvon tiplari esa koʻp hujayrali organizmlarni tashkil qiladi.
Koʻp xujayrali organizmlar oʻz navbatida tuban va yuqori darajada taraqqiy etgan guruhlarga ajratilgan. Tuban darajada rivojlangan koʻp hujayralilarga “Bulutlar” va “Kovakichlilar” tiplari mansub boʻlib, ular ikki qavatli, toʻqima va organlarga ega boʻlmagan, maxsus vazifalarni bajaruvchi hujayralar guruhlaridan tashkil topgan organizmlardir. “Yassi chuvalchanglar” tipidan boshlab oʻrganiladigan barcha koʻp xujayralilar uch qavatli, maxsus toʻqima va organlarga, yoki organlar sistemasiga ega boʻlgan organizmlardir.
Zoologiya fani rivojlana borib, endilikda uning maxsus qismlarini oʻrganuvchi mustaqil fanlar paydo boʻlgan. Jumladan, “Eng sodda hayvonlar” tipini oʻrganuvchi zoologiyaning maxsus qismi – protozoologiya, barcha chuvalchanglarni oʻrganuvchi zoologiyaning maxsus qismi gelmintologiya, yumshoq tanlilarni oʻrganuvchi qismi – malakologiya, urgimchaksimonlarni oʻrganuvchi qismi – araxnologiya, kanalar turkumini oʻrganuvchi qismi – akarologiya, hasharotlar sinfini oʻrgaunvchi qismi – entomologiya, urgimchaksimonlar va hasharotlarni qoʻshib oʻrganuvchi qismi – araxnoentomologiya, baliqlarni oʻrganuvchi qismi – ixtiologiya, qushlarni oʻrganuvchi qismi – ornitologiya, sut emizuvchilarni oʻrganuvchi qismi – mammologiya yoki teriologiya deb yuritiladi. Hozirgi paytda esa yuqorida koʻrsatilgan fanlar boʻyicha maxsus mutaxassislar etishib chiqqan.


6-savol: Mamlakat xalq xoʻjaligini rivojlantirishda hayvonot dunyosidan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish. (Mustaqil)
Zoologiya xalq xoʻjaligida ham muhim ahamiyatga ega. Hayvonot dunyosidagi talaygina hayvon turlaridan inson manfaatlari uchun foydalanish barcha mamlakatlarning taraqqiyotida muhim oʻrin toʻtadi.
Hayvonlarni ularning yashash sharoiti bilan bogʻliq holda oʻrganish xalq xoʻjaligining boshqa sohalari uchun ham katta ahamiyatga ega.
Uy hayvonlarining, ya’ni xonakilashtirilishi, ularni yangi sharoitda oʻzgarib borilishi va yangi sermahsul zotlarining yaratilishi hayvon resurslaridan oqilona foydalanishning bir koʻrinishidir.
Qishloq xoʻjaligida keng rivojlantirib kelinayotgan sut emizuvchilar va parrandalarning talaygina turlari har bir shirkat yoki fermer xoʻjaliklarining koʻrki, ular uchun katta daromad beruvchi, xalq dasturxonini turli chorvachilik mahsulotlari, sanoatni esa xom-ashyolar bilan ta’minlovchi manbadir.
Mustaqillikni qoʻlga kiritgan va taraqqiy etgan davlatlar qatoriga intilayotgan Respublikamizning kelajagi bir tomondan hozirda qishloq xoʻjaligida foydalanib kelinayotgan turli hayvon zotlarini yaxshilash, ularning parvarishiga, saqlanishiga e’tiborni kuchaytirish, bu soha bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaliklari etkazayotgan mahsulotlarni jahon andozalari talablari darajasida qayta ishlash kabi muhim vazifalar tayyorlayotgan kadrlar sifatiga bogʻliq.
Respublikamizda rivojlanib kelayotgan va davlatimizga ma’lum miqdorda endilikda valyuta keltirayotgn ipakchilik ham xalq xoʻjaligining muhim sohasidir. Ipak qurtini toʻgʻri parvarish qilish, undan olinayotgan mahsulotlarning sifatini yaxshilash ham bugungi dolzarb vazifalardan biridir. Uzoq yillardan beri xonakilashtirish natijasida keng qoʻllanib kelinayotgan va xalq xoʻjaligi uchun qimmatbaho shifobaxsh mahsulotlar beruvchi asalarilar zoologiya oʻrganadigan muhim bir tarmoqdir.
Bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida baliqchilikni rivojlantirish ham oʻziga katta e’tibor talab qilmoqda.
Orol dengizining ekologik inqirozga uchrashi va uni baliqchilikdagi ahamiyatining yoʻqolishi tufayli Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan baliq etishtirishga ixtisoslashgan xoʻjaliklar davlat tasarrufida saqlanib qolindi. Bunday xoʻjaliklar deyarli har bir viloyatda mavjud boʻlib, ularda karpsimon baliqlar etishtiriladi.
Hozirgi paytda chorvachilik, ipakchilik, asalarichilik, baliqchilik xoʻjaliklarini yanada rivojlantirish, ularning mahsuldorligini oshirish, hayvonlar orasida keng tarqalish imkoniyatiga ega boʻlgan turli kasalliklarni qoʻzgʻatuvchilarga qarshi samarali kurash olib borish bilan chambarchas bogʻliqdir. Koʻp kasalliklarni qoʻzgʻatuvchilari esa zoologiyaning ob’ektlaridir. Mana shulardan zoologiya bilimlarini hayvonot dunyosidan foydalanishda katta ahamiyatga ega ekanligi yaqqol koʻrinib turibdi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish, yoʻqolib borayotgan hayvon turlarini asrash, koʻpaytirish maqsadida mamlakatimizda bir necha qoʻrikxonalar tashkil qilingan. Ularning faoliyati muhim axamiyat kasb etuvchi va Oʻzbekiston “Qizil kitob” iga koʻchirilgan bir necha baliq turlari va ayrim sudralib yuruvchilarni, bir necha tur qushlar va sut emizuvchilarni muhofaza qilishga qaratilgan.
Respublikamizda maxsus tabiatni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasi tashkil qilingan, uning esa har bir viloyatda va tumanlarda maxsus boʻlimlari mavjud. Respublika miqiyosida tabiatni muhofaza qilish qonuni ishlab chiqilgan va Respublikaning ekologik xaritasi tuzilgan. Ammo ushbu qonunga va ekologik xaritaga tegishli oʻzgarishlar kiritib turishini kundalik hayotimizning oʻzi, ya’ni bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayoni taqozo etib turibdi.
Download 29.57 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling