Mavzusidagi essesi


Download 17.87 Kb.
Sana24.12.2022
Hajmi17.87 Kb.
#1063285
Bog'liq
ESSEM


Lingvistika: o‘zbek tili 121-guruh magistranti
To‘raliyev Bahodirning
MEN NEGA TILSHUNOS BO‘LMOQCHIMAN?
MAVZUSIDAGI ESSESI


Yoshligimda orzularim bisyor edi. Qaysi kasb egasi bo‘lsam ekan deya uzundan uzoq xayollar surardim. Maktabda barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qisam-da, ingliz tiliga mehrim bo‘lakcha edi. Maktabda hech kim menchalik bu fandan yaxshi bilmasdi va doim mendan yordam so‘rashardi, hatto yuqori sinflar ham. Axir 5-sinf bolasidan 11-sinf bolasi yordam so‘rasa, uy vazifalarini bajartirsa qaysi bola faxrlanmaydi. Balki shundan ilhomlanganimdandir, akademik litseyda ham ingliz tili yo‘nalishida ta’lim oldim. O‘sha kezlarda anglay boshladimki, men boshqa tillardan shunchaki bilimli inson bo‘lishim mumkin, ammo bekam-u ko‘st bo‘lolmayman. Faqat o‘z ona tilimda kam-u ko‘stsiz bo‘la olaman. Universitetga hujjat topshirish muddati yetkanda, garchi qarindoshlarimga ingliz tili yo‘nalishiga hujjat topshirdim degan bo‘lsam-da, hech ikkilanmay o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Dastlab bilimim kamligi sabab ikki yil talabalik baxtiga erisholmadim. Uchinchi yil talabalar safiga qo‘shildim. Universitetda to‘rt yil ta’lim olish jarayonida ustozlarimdan tilshunoslikning o‘zim uchun noma’lum bo‘lgan qirralari haqida bilim oldim. Bakalavr bosqichida ta’lim olib yurgan kezlarimda men tilshunos bo‘lamanmi yoki adabiyotchi bo‘lamanmi deb o‘zimga ko‘p savollar berardim va adabiyotchi bo‘lishga qaror qilgandim. Ozgina vaqt o‘tib tilshunos bo‘lishga qat’iy qaror qabul qildim. Nega bunday qaror qabul qildim? Mulohaza qilib ko‘rsam, onam aytgan allani til vositasida his qilganman. Dunyoni, borliqni shu til yordamida anglab yetganman. Allohni til yordamida tanidim. Allohga iltijolarimni til vositasida aytdim. Insonlar bilan til yordamida muloqot qildim. Ular meni, men ularni tushunishimizga shu til xizmat qildi. Fikrlarimni ravon yetkazishim ham tilning menga bergan imkoniyatidandir. Alloh menga til vositasida shuncha ne’mat bergan ekan men nima qildim? Shu savolga javob izlash orqali tilshunos bo‘lmoqchi bo‘lib yanglish qaror qilmaganimga yana bir bora ishonch hosil qildim. Har bir millat mustaqilligining asosiy belgilari bor. Ular orasidagi eng muhimi uning milliy tilidir. Millatning ruhi, tag ildizi o‘z tilida mujassamdir. Bugungi o‘zga tillarni o‘rganishga sho‘ng‘ish va o‘z ona tilisida so‘zlash kimlargadir malol bo‘lib turgan bir davrda, ona tilim ravnaqi uchun nafaqat bo‘lg‘usi tilshunos sifatida, balki bir til foydalanuvchisi sifatida shu tilning ravnaqi uchun xizmat qilishga qaror qildim. Men sevib mutolaa qilayotgan badiiy asarlarim ham shu til vositasida, uning birliklaridan foydalanib yaratilishini, o‘z tilim qonuniyatlarini yaxshi bilgan taqdirimdagina ularni yanada teranroq tushunishim mumkinligini anglab yetdim. Tilshunos sifatida o‘z tilimning o‘rganilmagan jabhalarida tadqiqot olib borib, jamiyat uchun manfaatli bo‘ladigan ishlar qilmoqchiman. Agar bu ishni uddalay olmasam, oddiy bir tilshunos o‘qituvchi sifatida o‘zim dars beradigan yosh avlodga o‘z tilini sevishni, shu tilda ravon gapirishni, to‘g‘ri yoza olishni, mazmunli matnlar tuza olishni, odatiy qoliplardan chetga chiqib, tabriklar ayta olishni o‘rgatish uchun, o‘z ona tilida gapirishdan uyalish emas, aksincha, faxrlanishni o‘rgatish uchun ham tilshunos bo‘lmoqchiman. Men nafaqat tilshunos sifatida, balki bir o‘zbek tilidan foydalanuvchi kishi sifatida oila qurib farzandlar o‘stirganimdan so‘ng, ularni o‘zbek tilida faoliyat yuritadigan bolalar bog‘chasiga beraman. Bu mening ona tilim yashovchanligini ta’minlash uchun qilgan eng katta ishlarimdan biri bo‘ladi.
Download 17.87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling