Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 10-dekabrdagi 546-son "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ish tartibi to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan


Download 52.25 Kb.
Sana08.06.2023
Hajmi52.25 Kb.
#1463943
Bog'liq
575 27.11.1993




[OKOZ:

1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.04.00 Vazirlar Mahkamasining Reglamenti]

[TSZ:

1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING ISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 10-dekabrdagi 546-son “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ilova qilinayotgan Ish tartibi tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1990-yil 18-yanvardagi 38-son qarori bilan tasdiqlangan, O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1990-yil 3-maydagi 201-son qarori bilan o‘zgartirishlar va to‘ldirishlar kiritilgan O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining Reglamenti (O‘zSSR QT, 1990-y., 1-son, 1-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 27-noyabr,
575-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 27-noyabrdagi 575-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining*
* Keyingi o‘rinlarda Vazirlar Mahkamasi deb ataladi.
ISh TARTIBI
I. Umumiy qoidalar
1. “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ushbu Ish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyot, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyat ko‘rsatishiga rahbarlik qilishni, qonunlar, Oliy Majlisning boshqa qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi.
3. Vazirlar Mahkamasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish Vazirlar Mahkamasi Raisining, Bosh vazirning, uning o‘rinbosarlarining, vazirlarning, davlat qo‘mitalari raislarining, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Vazirlar Mahkamasining tarkibiga kiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari rahbarlarining faoliyati, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatining, doimiy, vaqtinchalik komissiyalarining, Hukumatning boshqa ishchi organlarining tashkiliy-amaliy ishi bilan ta’minlanadi.
4. Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga rahbarlikni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — Vazirlar Mahkamasining Raisi amalga oshiradi. Vazirlar Mahkamasi Raisining topshirig‘iga binoan Bosh vazir Vazirlar Mahkamasi ishini tashkil qiladi.
5. Vazirlar Mahkamasi apparati va uning tarkibiy bo‘linmalarining ish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tegishli nizomlar bilan belgilanadi.
II. Vazirlar Mahkamasi ishini rejalashtirish
1. Vazirlar Mahkamasining ishi yil choragi yoki yarim yillik rejalarga muvofiq olib boriladi.
Muhim davlat, xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy muammolarni hal etish uchun Vazirlar Mahkamasining kompleks yoki maqsadli tadbirlari ishlab chiqiladi, ular Bosh vazirning o‘rinbosarlari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
2. Ish rejasi loyihasiga masalalarni kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasi Rayosati a’zolari vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining takliflarini hisobga olgan holda kiritadilar.
Umumlashtirilgan takliflar rejalashtiriladigan davr boshlangungacha 20 kundan kechikmay Rayosatga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
3. Rejalashtirilgan masalalarni ko‘rib chiqish muddatlarini o‘zgartirishga yoki ularni chiqarib tashlashga Vazirlar Mahkamasining Raisi ruxsat beradi.
4. Vazirlar Mahkamasining Rayosati ish rejasining o‘tgan davr mobaynida qanday bajarilayotganligi to‘g‘risidagi hisobotlarni muntazam ravishda eshitib boradi.
III. Vazirlar Mahkamasiga masalalarni kiritish tartibi
1. Vazirlar Mahkamasining ko‘rib chiqishi uchun “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonun bilan uning vakolatiga kiritilgan masalalar kiritiladi.
Masalalar vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalarning rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ular bo‘lmagan (xizmat safarida, mehnat ta’tilida bo‘lgan) hollarda esa ularning birinchi o‘rinbosarlari tomonidan kiritiladi.
Tuman va shaharlarning hokimlari, respublikaning vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar va uyushmalar, ittifoqlar tarkibiga kiradigan birlashmalari, korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining rahbarlari masalalarni Vazirlar Mahkamasiga faqat o‘zlarining yuqori idoralari orqali, davlat sektoriga kirmagan korxonalar esa — o‘zlari joylashgan hudud hokimliklari yoki o‘zlarining respublika organlari orqali kiritadilar.
2. Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan har bir masala bo‘yicha, odatda, davlat tilida aniq bayon qilingan, asoslangan qaror yoki farmoyish loyihasi, shuningdek, masalaning mohiyati bayon etilgan va mazkur hujjatni qabul qilish zarurligi asoslab berilgan qisqacha xat taqdim etiladi.
Qarorlar, farmoyishlarning loyihalari amaldagi qonun hujjatlariga mos bo‘lishi, ularda ko‘rib chiqilayotgan masala puxta tahlil qilingan va xolis baholangan ijrochilar oldiga aniq ifodalangan maqsad va vazifalar qo‘yilgan bo‘lishi, ularda amalga oshirsa bo‘ladigan muddatlar belgilanishi kerak.
Qarorlar va farmoyishlarning loyihalarida, zaruriyat bo‘lganda, ilgari qabul qilingan qarorlarga o‘zgartirishlar kiritish yoki ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risidagi taklif nazarda tutiladi.
3. Aynan shu masalalar bo‘yicha ilgari qabul qilingan qarorlar bajarilmagan hollarda (yangi vaziyatlar paydo bo‘lgan hollar bundan mustasno) Vazirlar Mahkamasiga ana shu masalalar bo‘yicha qarorlar va farmoyishlar loyihalari kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
4. Oliy Majlisga kiritiladigan qonun loyihalari Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqilgunga qadar barcha manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib olinishi shart.
Boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining manfaatlariga yoki vakolatiga daxldor bo‘lgan qarorlar va farmoyishlarning loyihalari, shuningdek, ularga ilovalar Vazirlar Mahkamasiga kiritilgunga qadar davlat va xo‘jalik boshqaruvining mana shu organlari bilan kelishib olinadi.
Normativ tusdagi qarorlarning loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan ham kelishib olinadi.
O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish hamda respublika budjeti bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlar, farmoyishlarning loyihalari yoki takliflar tegishli ravishda Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi bilan moddiy-texnika ta’minoti masalalari bo‘yicha — “O‘zshartnomasavdo” davlat uyushmasi bilan, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha — Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan kelishib olinishi kerak.
Qonunlar, qarorlar (farmoyishlar)ning loyihalari yuborilgan rahbarlar, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, o‘zlari bilan kelishilayotgan qonun loyihalari bo‘yicha 10 kalendar kun mobaynida, qaror loyihalari bo‘yicha 3 kalendar kun, farmoyishlarning loyihalari bo‘yicha esa ko‘pi bilan 2 kalendar kun mobaynida xulosa berishlari lozim.
5. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan qonunlar, qarorlar, farmoyishlar loyihalarining asoslanganligi va sifati, keltirilgan ma’lumotlar va boshqa materiallarning to‘g‘riligi, shuningdek, ularning manfaatdor tashkilotlar bilan tegishli ravishda kelishib olinganligi uchun shaxsan javob beradilar.
Ushbu Ish tartibida ko‘rsatilgan talablarga rioya qilinmasdan Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan qonun, qaror, farmoyishlar loyihalari va respublikadagi tashkilotlarning murojaatlari zarur tartibda rasmiylashtirish uchun qaytariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Tayyorlangan va kelishilgan qonun, qaror, farmoyishlarning loyihalari ularni Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqish uchun kiritish to‘g‘risidagi masalani hal etish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari mudirlari tomonidan Bosh vazirning tegishli o‘rinbosariga taqdim etiladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
7. Hujjatlarning boshqa turlarini tayyorlash va Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga bildirish tartibi, shuningdek, ular bo‘yicha ijrochilarga topshiriqlar (ko‘rsatmalar, rezolyutsiyalar)ni yetkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi apparatida Ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan belgilanadi.
IV. Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini tayyorlash va o‘tkazish
1. Vazirlar Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida bir marta o‘tkaziladi. Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Rayosat majlislari muntazam, har oyda kamida bir marta o‘tkaziladi. Majlislarni Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri olib boradi.
Zaruriyat tug‘ilganda shoshilinch masalalarni ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosatining rejadan tashqari majlislar o‘tkazilishi mumkin.
2. Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislariga Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi har qanday masalalar kiritiladi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq faqat Vazirlar Mahkamasi majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalar bundan mustasnodir.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqish uchun masalalarni tayyorlashni Bosh vazir o‘rinbosarlarining rahbarligida Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, mazkur Ish tartibiga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga masala kiritish huquqiga ega bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari birgalikda amalga oshiradilar. Zarur hollarda masalalarni tayyorlashni Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati tomonidan tuziladigan komissiyalar amalga oshiradilar.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Majlis kun tartibi loyihasi Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari takliflariga binoan majlis boshlanishidan kamida 10 kalendar kun oldin tayyorlanadi hamda Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirig‘iga binoan Bosh vazir bilan kelishiladi. Kun tartibi kelishilgandan keyin unga qo‘shimcha masalalar faqat ularning roziligi bilan kiritilishi mumkin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
5. Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati majlisiga kiritiladigan masalalar bo‘yicha materiallar Bosh vazirning tegishli o‘rinbosari tomonidan ko‘rib chiqiladi, u tayyorlangan masalalarning sifati uchun javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qaror loyihasi Bosh vazirning tegishli o‘rinbosari, yuridik bo‘lim, boshqa manfaatdor bo‘limlar va Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari tegishli vazirliklar, idoralar tomonidan imzolangan va Vazirlar Mahkamasining Axborot-tahlil boshqarmasida albatta muhokama (aprobatsiya)dan o‘tgan bo‘lishi kerak.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Loyiha bilan bir vaqtda quyidagilar taqdim etiladi: muhokama qilish tartibi, majlisga taklif etiladigan mansabdor shaxslar ro‘yxati, qaror loyihasining manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatining kiritilgan masalaning mohiyati qisqacha bayon qilingan xati.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
Qaror loyihasini to‘liq kelishib olish imkoni bo‘lmagan favqulotda hollarda kelishilmagan masalalar asoslashlar, mulohazalar va takliflar bilan birgalikda kelishilganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomada ko‘rsatilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan materiallar Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari tomonidan majlisdan 7 kun oldin topshiriladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
7. Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati majlisiga taklif etiladigan mansabdor shaxslar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining Rayosati yoki uning topshirig‘iga binoan — Bosh vazir bilan kelishiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlari rahbarlarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisini, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarini hamda majlisga taklif etiladigan boshqa shaxslarni xabardor qilish, shuningdek, ularning majlisga ketgan-kelmaganliklarini nazorat qilish tegishliligi bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari tomonidan amalga oshiriladi.
(7-band ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Vazirlar Mahkamasi majlisiga Konstitutsiyaviy sud raisi, bosh prokuror, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oliy xo‘jalik sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Nazorat inspeksiyasi rahbari, O‘zdavteleradio kompaniyasi, Markaziy bank, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvlarining raislari, O‘zA Bosh direktori, Makroiqtisodiyot va statistika vazirining o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi doimiy vakili, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi doimiy ravishda, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari esa — zaruriyat bo‘lganda taklif etiladilar. Boshqa mansabdor shaxslar majlisga faqat ularga daxldor masalalar bo‘yicha taklif etiladilar.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida Ishlar Boshqaruvchisining o‘rinbosarlari, Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari qatnashadilar. Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa mas’ul xodimlari majlislarda tayyorlashda o‘zlari qatnashgan masalalar ko‘rib chiqilayotganda ishtirok etadilar.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
10. Majlis materiallari Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati a’zolariga, tegishli masalalar bo‘yicha materiallar esa majlisga taklif etiladigan boshqa mansabdor shaxslarga ham majlisdan kamida 3 kalendar kun oldin tarqatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kun tartibi va majlis materiallarini tarqatish, Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati a’zolarini, majlislarda doimiy ravishda qatnashadigan respublika idoralari rahbarlarini xabardor qilish, taklif etilganlarni ro‘yxatga olish va majlisga xizmat ko‘rsatish tegishli Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari bilan birgalikda Ishlar Boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
(10-band ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
11. Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati majlislarida masalalar bo‘yicha axborotlar Bosh vazirning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislari, idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari mudirlari tomonidan bayon qilinadi.
Muhokama etilayotgan masala bo‘yicha ma’ruza qilish uchun 10 minutgacha (rivojlanish istiqbollarini belgilash va respublika budjeti masalalari bo‘yicha — 30 minutgacha), qo‘shimcha ma’ruzalar va nutqlar uchun — 7 minutgacha, ma’lumot berish uchun — 3 minutgacha vaqt belgilanadi. Zarur hollarda majlisga raislik qiluvchi boshqa vaqtni belgilaydi.
(11-band birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
12. Majlislarda qarorlar Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Majlis tamom bo‘lgandan keyin qabul qilingan qarorning aniq ifodalangan matni Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyati mudiri tomonidan imzolangan holda majlis bayoniga kiritish uchun Umumiy bo‘limga beriladi. Majlis bayoni raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida qabul qilingan hujjatlar qarorlar va farmoyishlar shaklida chiqariladi.
Shoshilinch tusdagi masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati ularning majlislari bayonida qayd etiladigan qarorlar qabul qilishi mumkin. Bunday qarorlar ijrochilarga majlis bayonidan ko‘chirma holida yetkaziladi.
Majlis tamom bo‘lgach qarorlar, farmoyishlar, majlis qarorlarining loyihalari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa materiallar Umumiy bo‘limga topshiriladi.
(12-band birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
V. Vazirlar Mahkamasi qarorlarini rasmiylashtirish, tarqatish, e’lon qilish va kuchga kiritish
1. Vazirlar Mahkamasi qarorlar, farmoyishlar va majlis qarorlarini qabul qiladi. Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi yoki muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlari qarorlar shaklida chiqariladi, shoshilinch va boshqa joriy masalalar bo‘yicha hujjatlar Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari yoki majlisning qarori shaklida chiqariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati majlislarida muhokama etish davomida mulohazalar bildirilgan, qo‘shimchalar yoki o‘zgartirishlar kiritilgan qaror loyihalari tegishli Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari yoki majlislarda tuzilgan komissiyalar tomonidan puxta ishlanadi hamda, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, majlis bo‘lib o‘tgan kunning ertasiga imzolash uchun taqdim etiladi. Loyihalarga kiritiladigan o‘zgartirishlar Bosh vazirning tegishli o‘rinbosarlari va birinchi o‘rinbosari bilan kelishilishi kerak.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
3. Ayrim shoshilinch masalalar yoki Vazirlar Mahkamasi Rayosatida muhokama etilishi zarur bo‘lmagan masalalar bo‘yicha qaror loyihalari Vazirlar Mahkamasi Rayosati a’zolari bilan so‘rab bilish tartibida kelishiladi va rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ular imzolangan sana bo‘yicha rasmiylashtiriladi hamda tegishli Bosh vazir o‘rinbosarlarining kotibiyatlari tomonidan tuziladigan tarqatish ro‘yxati bo‘yicha darhol ijrochilarga tarqatiladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
5. Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining Qarorlari to‘plamida e’lon qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining muhim yoki ularda nazarda tutilgan tadbirlar tezda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan qarorlari keng ommaga darhol yetkazilishi zarur bo‘lganda, Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki Bosh vazirning ko‘rsatmasi bilan ommaviy axborot vositalari orqali umumxalqqa ma’lum qilinadi.
6. Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi qarorlarida ularni kuchga kiritish muddatlari ko‘rsatiladi, boshqa hollarda ular imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari ular imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
7. Vazirlar Mahkamasining e’lon qilinishi kerak bo‘lgan qarorlarining asl nusxalarida quyidagi yozuvlar bo‘ladi: “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plamida e’lon qilinadi”, “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plamida va gazetalarda e’lon qilinadi” va hokazo.
VI. Vazirlar Mahkamasining doimiy, vaqtinchalik komissiyalari va boshqa ishchi organlari
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi yuqori organlarining qarorlarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashish, Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan hujjatlarning qanday bajarilayotganligini nazorat qilish hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan uning doimiy komissiyalari tuzilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi ularning vazifalarini va xizmatlarni hamda faoliyat tartibini belgilaydi.
2. Davlat va xo‘jalik boshqaruvining alohida masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining alohida topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining vaqtinchalik komissiyalari va ishchi organlari tuzilishi mumkin.
3. Vazirlar Mahkamasining doimiy, vaqtinchalik komissiyalarining hamda ishchi organlarining hujjatlari majlis bayonlari bilan rasmiylashtiriladi hamda tegishli ijrochilarga yetkaziladi. Ko‘rsatib o‘tilgan komissiyalar va ishchi organlarning majlis bayonlari ularga boshchilik qilayotgan rahbarlar tomonidan imzolanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Doimiy komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan materiallarni tayyorlash hamda komissiyalar qarorlarining bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari, ularga tashkiliy-texnikaviy xizmat ko‘rsatish esa Ishlar Boshqarmasining bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladi. Zarurat bo‘lganda bu materiallarni tayyorlashga vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa manfaatdor tashkilotlarning mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
VII. Vazirlar Mahkamasida boshqa masalalarning ko‘rib chiqilishi
Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari tomonidan hujjat jo‘natilgan kundan boshlab 10 kalendar kun mobaynida (agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa) bajarilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari kiritilgan materiallarni Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga bildirish uchun zarur hollarda o‘rganishni va puxta ishlab chiqishni 3 kun mobaynida, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqalarning manfaatlariga tegishli puxta ishlab chiqishni talab qiladigan hujjatlar bo‘yicha esa 10 kungacha muddatda (boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa) ta’minlaydilar. Bajarish muddatlarini faqat topshiriqni imzolagan rahbar uzaytirishi mumkin.
(ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Agar topshiriq bir necha ijrochiga taalluqli bo‘lsa, u holda uni bajarishga mas’ul bo‘lgan vazirlik, davlat qo‘mitasi, idora, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari yoki muvofiqlashtirish (chaqirish) topshirilgan mansabdor shaxs uning bajarilishini tashkil etishga majburdir. Ijrochilar topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishi uchun bab-baravar javob beradilar.
(uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
Topshiriqda qo‘yilgan masalalar hal qilingan yoki asosiy masala bo‘yicha javob berilgan taqdirda u bajarilgan hisoblanadi.
VIII. O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi Muxtor vakolatxonasi
1. O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi Muxtor vakolatxonasi (Minsk shahridagi Muxtor vakolatxona) MDHda O‘zbekiston Respublikasi nomidan vakillik qiladi hamda MDH davlat boshliqlari Kengashi va hukumat boshliqlari Kengashi majlislarini tashkiliy-texnik jihatdan tayyorlash va o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha doimiy tezkor aloqani amalga oshiradi.
2. O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi Muxtor vakolatxonasi o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga, MDH davlat boshliqlari va hukumat boshliqlari Kengashi qabul qilgan normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiradi.
3. O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi Muxtor vakolatxonasi Vazirlar Mahkamasini O‘zbekiston Respublikasiga taalluqli qarorlarning loyihalari, boshqa hujjatlar va tadbirlar haqida muntazam xabardor qilib turadi.
IX. Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazorat qilish vakolatlarining amalga oshirilishi
1. Vazirlar Mahkamasi o‘zining vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari faoliyati ustidan muntazam nazoratni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasi qarorlarining, farmoyishlarining, majlis qarorlarining bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari kotibiyati tomonidan ta’minlanadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
3. Vazirlar Mahkamasi vazirlarning, davlat qo‘mitalari raislarining, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlarning qanday bajarilayotganligi, davlat budjetining ijrosi, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi yuqori organlari qarorlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam ravishda eshitib boradi, ularning so‘zsiz ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
4. Vazirlar Mahkamasi apparati, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, mahalliy boshqaruv organlari, korxonalar va tashkilotlarning nazorat ishi samaradorligini oshirish va tartibga solish maqsadida hujjatlar ijrosini nazorat qilishning yagona tartibi joriy qilinadi.
Hujjatlarning ijrosini nazorat qilish ishlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnoma hamda Hujjatlarning ijrosini va nazoratini tashkil etish tartibi bilan belgilanadi.
5. Bajarilgan qarorlarni nazoratdan chiqarish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan qabul qilinadi.
X. Fuqarolarning xatlari, arizalari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish hamda keluvchilarni qabul qilish
1. Vazirlar Mahkamasi apparatida fuqarolarning xatlari, arizalari va shikoyatlari bilan ishlash hamda keluvchilarni qabul qilish tartibi tegishli Nizom bilan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Fuqarolarning xatlari arizalari va shikoyatlari bilan ishlashni va keluvchilarni qabul qilishni tashkil etish uchun mas’uliyat Vazirlar Mahkamasining Fuqarolarni qabul qilish, xat va arizalarni ko‘rib chiqish bo‘limi mudiriga, Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari mudirlariga yuklatiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qarori tahririda)
XI. Ish yuritish
Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish Bosh vazir tomonidan tasdiqlanadigan Yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.

Download 52.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling