Me'morchilikda qo'llaniladigan yog’och o'ymakorligi


Download 30.96 Kb.
Sana01.05.2023
Hajmi30.96 Kb.
#1418138
Bog'liq
дилноза


Xiva me'morchilikda qo'llaniladigan yog’och o'ymakorligi
Xiva yog’och o'ymakor ustalari asosan gujum (qayrag’ochlar oilasiga mansub daraxt, faqat Xorazm vohasida o'sadi), qaramon, terak yog’ochlarini ko’proq ishlatganlar. Yirik, tik o'sgan qurigan yog’ochni oldin ma'lum bir muddat (3 - 6 oy) suvga solib qo'yib, keyin hashak tagida soya joyda quritganlar, keyinchalik tabiiyligini saqlash uchun zig’ir yog’, oq yog’ (oqlanmagan paxta yog’i) berilgan, shundan keyin unga naqsh o'yilgan.
Xiva naqshining go'zalligi, naqshlarni turli chuqurlikda o'yilishi orqali katta aniqlikka erishilgan. Ustalar yog’ochning tabiiy ko'rinishini saqlashga harakat qilib, yangi o'yma yuzasini silliqlash, bo'yash ishlarini qo'llamaganlar.
Duradgоrlikning sоhalari juda ko'p: o'ymakоrlik, panjarakоrlik, qоlipchilik, charxchilik, tarоqchilik, xarratchilik, jikchilik va bоshqalar. Biz asоsan yog’och o'ymakоrligi haqida so'z yuritamiz. Xivadagi yog’och o'ymakоrligiga to'xtalishdan оldin uning umumiy va farqli xususiyatlarini ko'rib chiqamiz.
Yog’och o'ymakоrligida naqsh yoki tasvir taxta yoki yog’och buyumlarga chizib, kesib va o'yib ishlanadi. Yog’och o'ymakоrligida birоr yog’och ishlatilishdan оldin uning xususiyatlari o'rganib chiqiladi. Daraxtlar bargli va nina barglilarga bo'linadi. O'ymakоrlikda asоsan nina barglilar ishlatiladi. Chunki ularda smоla bo'lib bu tez chirimasligini ta'minlaydi, tanasi to’g’ri va silliq bo'ladi. Xоrazmda asоsan chinоr, tut, yong’оq, terak, qayrag’оch, shumtоl, o'rik kabi mahalliy daraxtlardan ko'p fоydalanganlar. “Yog’ochga naqsh sоlishda uning suvda saqlanishi ( 6 оydan - bir yilgacha ) va sоyada quritilishiga ( 10 - 15 yil ) alоhida e'tibоr berish kerak”.1 Agar bunga e'tibоr berilmasa yog’och yorilib ketadi. Yog’och o'ymakоrligi texnikasi haqida to'xtalishni lоzim tоpmadik, chunki bu juda murakkab jarayon va uni o'z mutaxassislarigina yaxshi tushunadilar. Umumiy tasvirlasak, yog’och tayyorlanib ulgi (axta) qo'yib chizib chiqiladi va zamin o'yiladi. O'ymakоrlikda geоmetrik va islimiy (o'simliksimоn) naqshlardan fоydalaniladi.
Xоrazmlik o'ymakоrlar yog’och tabiiy rangini saqlab qоlganlar va bu bоshqa hududlarda deyarli uchramaydi. Tabiiy rangni saqlash uchun yuzasiga va zaminiga paxta, zig’ir yog’i (оq yog’) berganlar.
Xiva naqshlarining go'zalligi naqshlarning turli chuqurlikda o'yish оrqali katta aniqlikka va uyg’unlikka erishishidadir. Xivalik ustalar o'yma yuzasini silliqlash, bo’yoq surtish usulini qo'llamaganlar.
XIX asrda yaratilgan memoriy inshoоtlardagi san'at asarlarida quyidagi yog’och o'ymakor ustalarning ismlari har zamonda islimiy naqshlar orasida uchrab turadi. Mashhur xalq ustasi koshinpaz, naqqosh Abdulla Jin Shayhlar qishlog’idan, Masharip naqqosh Mevaston mahallasidan, yana Matkarim naqqosh, Momit o'rachi va o'g’illari Bolta o'rachi, Ho'ja o'rachi, Abdurahmon usta Matkarim usta o'g’li ( Sapo Bog’bekovni bobosi ), Ota Polvonov, Bog’ibek Abdurahmonov kabi ustalar o'z hunarlari ila xon va uning amaldorlari tomonidan qurilgan inshootlardagi darvoza, eshik va ustunlarni qalb qo'rlari ila yaratganlar.
Qadim Xorazmda har bir usta yog’och o'ymakorligining ma'lum bir sohasi bo'yicha ijod qilgan. Masalan:- mashhur ustalar avlodidan bo'lgan Safo Bog’bekov, otasi Bog’bek Abdurahmonov, bobosi Abdurahmon Matkarimovlar faqat qo'shtabaqali o'yma darvoza va eshiklar ishlash bilan shug’ullanganlar, ustalardan Momit o'rachi va uning o’g’illari Bolta, Ho'ja o'rachilar faqat naqshindor ustunlar ishlaganlar.
Xivaning mashhur xalq ustasi Ota Polvonov ko'pincha o'ymakor ustun ishlab ayrim vaqtlardagina qo'shtabaqali eshiklar yasagan, Shayhlar qishlog’ida yashagan mashhur xalq ustasi Abdulla jin bir vaqtda o'ymakor ustunlar uchun tut va gujum daraxtlaridan ustun tagliklari, hamda koshinpazlik, naqqoshlik san'ati bilan shug’ullangan. Yog’och o'ymakorlik bilan shug’ullanadigan ustalar naqqoshlar bilan hamkorlik qilib takrollanmas san'at asarlarini yaratganlar. Deshon qal’aning Mevaston mahallasida yashovchi Masharif naqqosh ustun va ustun tagliklari uchun “ulgi” lar chizgan.
Ichan qal’alik naqqosh Abdulla Boltaev bir vaqtning o'zida qo'shtabaqali darvoza, eshik, ustunlarga ulgilar chizib qolmasdan sangtoroshlar va ganchkorlarga ham islimiy va girih naqshlarni Xorazmni aylanma naqshlari bilan uyg’unlashtirib ulgilar chizib bergan. Mashhur xalq ustasi Ota Polvonov shogirdi Safo Bog’bekov bilan birgalikda naqqosh Abdulla Boltaev ulgisi asosida 1937 yilda ustun tayyorlagan, ushbu ustun Parijdagi xalqaro ko'rgazmaga yuborilgan va yuqori baho olgan ( oltin medal va 1 - darajali diplom bilan taqdirlangan ).
Ota Polvonov 1867 yilda Xivaning Gandimiyon qishlog’ida quruvchi usta Polvon oilasida tug’ilgan. Uning bobosi Abdusattor va otasi Polvon ustalar o'z zamonasining qo'li gul ustalari bo'lib bir talay hunarlarni ( quruvchilik, yog’och o'ymakorlik, duradgorlik, ganchkorlik ) rivojlantirib, xalq xizmatiga ko'plab shogirdlarni yetkazib berganlar. Ularning qadoq qo'llarida sayqal topgan qo'shtabaqali darvozalar, eshiklar, kichik va ulug’vor o'ymakor ustunlar bugungi kunlarimizda ham ularga tikilgan ko'zlarni hayratga solib Xorazmlik ustalar san'atini naqadar betakror ekanligini yana bir bora isbotlab turibdi.
Ota Polvonov 13-15 yoshlarga kirganda yog’och o'ymakorlik sirlarini bobosidan o'rgana boshlagan. Keyinchalik kata - katta qurilishlarda ustalarni yonlarida yurib usta bo'lib yetishgan. U yog’och o'ymakorligida juda ko'p naqsh turlaridan foydalanib, takrollanmaydigan naqsh kompozisiyalarini yaratgan. Ota Polvonov o'z ijodiy faoliyati davomida “besh qirrali”, “turunj”, “qo'shtanop” naqshlar va aylanma cheksiz naqshlar ustida ish olib borgan, hamda bu naqshlarni joyida, o'z vaqtida qo'llab bilgan. Inqilobdan keyin 1935 yilda Xiva shahrida ochilgan “Umid” arteli qoshida naqqoshlik, o'rachilik sexi ochilib unga Abdulla Boltaev va o'rachilarning bosh ustasi Ota Polvonovlar boshchilik qilganlar, shu orada ularga Toshkentdan nodir bir ustun ishlash to’g’risida taklif kelgan, ustun naqshini Abdulla Boltaev tayyorlab qolgan ishlarni Ota Polvonov ishlagan. Bu ustun 1937 yilda Parijdagi xalqaro ko'rgazmaga yuborilgan va yuqori baho olgan. ( Ustun taqdiri to’g’risida ustalar faqat 1948 yilda xabar topganlar ).
Shu orada Abdulla Boltaev keksa usta Ota Polvonovga nafaqa tayinlash to’g’risida hukumat rahbarlari bilan suhbatlashib bunga erisha olgan. Usta bundan quvonib yangicha ishtiyoq bilan yosh avlodni qadimgi an’analarni sevishga, hurmatlashga, ardoqlashga va davom qildirishga jon dili bilan kirishgan. 1943 yilda Toshkentdan injener - quruvchi S.N.Polupanov kelib “Umid” arteli bilan shartnoma tuzib Alisher Navoiy teatri uchun o'yma narvon ( zinapoya ), eshik va boshqa naqsh ishlarini buyurgan. Bu ishlarni naqshlari Abdulla Boltaev hunarmandchilik maktabidan chiqqan. Ota Polvonov va uning shogirdlari Dadajon Abdullaev, Sapo Bog’bekov, Ho'ja Ahmad Ollaevlarning samarali mehnatlarini mahsuli tayyor bo'lgach, Abdulla Boltaev ularni Toshkentga yuborgan. Keyinchalik (1947) ustalar Alisher Navoiy teatrining Xiva zalini yog’och o'ymakorligi san'atning eng yaxshi namunalari bilan bezaganlar.
Quyida biz sizga jurnalist, “Ichan-qal’a” davlat muzey qo’riqxonasi “Amaliy san'at” muzeyini ilmiy hodimi marhum Anvar Ismagilovni “Xalq ustalari” deb nomlangan ilmiy maqolasidagi Ota Polvonovning so'zlarini keltiramiz:-“Qadimda yog’och o'ymakor ustalari faqat buyurtma asosida ishlashgan. Yog’och ishlanishdan oldin maxsus tayyorlangan, avvaliga bo'yiga tomon qarab shoxlari kesilgan va go'ng yoki somonga ko'mib quritilgan. Daraxtlar naviga qarab uch yildan yetti yilgacha quritilgan. Keyin ishlash jarayoni boshlangan. Xiva ustalari yog’ochning tabiiyligini saqlash va uzoq muddatga chidamli hamda chiroyli bo'lib turishi uchun unga hech qanday bo’yoq urishmagan. Yog’och o'ymakorligida ota - bobolarimiz qadimdan xar-xil yog’ochlardan turli maqsadlarda foydalanib kelganlar. Yog’och materiallari tabiiy guliga, rangiga, tovlanishiga, hidiga qarab aniqlanadi. Xiva ustalari o'z ishlari uchun eng yaxshi gujum, qayrog’och, tut, ko'k terak, o'rik, olmurut, qoramon kabi mahalliy daraxtlarning eng a'lo navlarini ishlatganlar. Yog’och o'ymakorligida naqsh kompozisiyalarini chizish, o'lchash va boshqa ishlarda bir qancha o'lchov asboblari ishlatilgan. Masalan, chizg’ichlar, pargor (sirkul), Qalamlar, knopkalar, o'chirg’ich, uchburchaklar, transportyor va boshqalar” .
Ko'pchilik hollarda o'ymakor ustalar naqsh ulgisini naqqoshlardan olishgan, shuning uchun ular naqqoshlar bilan hamkor bo'lib ishlaganlar. Lekin ayrim hollarda ustaning o'zi ham naqqosh, ham xattot va o'ymakor bo'lgan. Ota Polvonovning shogirdi mashhur xalq ustalarining zurriyodi Safo otaning aytishicha, naqqoshlar madrasani tamomlagan, tarixni bilgan, musiqa va adabiyotdan yaqindan tanish bo'lganlar. Ular «ulgi» chizish uchun 5 - 7 yil ustaga shogird turishgan. Ko'pchilik hollarda hunar otadan bolaga meros tariqasida o'tgan. Ana shunday ustalar shajarasidan birini quyida keltiramiz. Yog’och o'ymakor xalq ustasi Matkarim ibn Muhammad ( 1768 - 1859 ) Xivadagi Gandumkon qishlog’ida yog’och o'ymakori oilasida tug’ilgan. Naqqosh va o'ymakor. Uning o’g’li Abdurahmon (1832-1928) Gandumkon qishlog’ida tug’ilgan. Xorazmda mashhur yog’och o'ymakori va naqqosh Bog’bek Abdurahmon o’g’li ( 1873 - 1954 ) Gandumkon qishlog’idan bo'lib, otasidan hunarini o'rganib, 16 yoshida usta darajasiga etgan. U Ota Palvonov, Abdulla Boltaevlar bilan hamkorlikda Isfandiyorxonning qabulxonasi, pochta, hastaxona ( kasalxona ), Islomho'ja madrasasi va minorasi qurilishida qatnashgan. O’g’li Safo Bog’bekov ( 1904 - 1978 ) ota - bobolarini an'anasini davom qildirib ko'zga ko'ringan usta bo'lib yetishadi va 1920 - yildan keyin mustaqil eshik va ustunlar ishlab boshlagan. Mashhur usta Ota Polvanov va Abdulla Boltaevlardan naqqoshlik sirlarini yanada puhta o'rgangan, ular bilan birga ishlab juda ko'p san'at asarlarini yaratgan, hamda avlodlar ishini davom qildirib ko'plab shogirdlar tayyorlagan. 1972 - yilda uning tashabbusi bilan Xiva shahrida ochilgan “Yog’och o'ymakorlik” guruhida har yili o'nlab yoshlar o'qib - o'rganib, qadimgi Xorazm san'atini bugungi kunlarimizgacha asrab avaylab kelmoqdalar.
Shuning uchun ham ishlari nihoyatda chiroyli chiqqan, har bir o'yma naqsh zamirida ramziy ma'no yashiringan bo'ladi, yana usta “usta shogird” masalasiga to'xtalib, shogird hunar o'rganib ustasini tan olmay va ustasini oq fotihasini olmasdan o'zim ustaman deb g’o'daysa el o'rtasida beburd bo'lgan, shogirdsiz ustani el orasida mevasiz daraxtga o'xshatishgan.
Mashhur xivalik naqqoshlar Оta Pоlvоnоv, usta Bоg’ibek, Nur Muhammad, Matkarim pоzachi, usta Abdurahmоn, Sapо Bоg’ibekоv, Abdulla Bоltaev, Ro'zmat Masharipоv va bоshqalar qalb qo'ri bilan yaratilgan yodgоrliklar hоzir ham chet el sayyohlarini hayratga sоlmоqda.
Xorazm yog’och o'ymakorligida vohaning o'ziga hos hususiyatlari yaqqol aks etgan. Ishlatiladigan material (gujum, qoramon, olmurut ), buyum turlari (o'ra, o'ratosh, qopi, lavh, egar, homut), bezalishi (islimi: madoqil, turunj, oygul; gireh: tirnoq, uchburchak, to'rtburchak, sakkiz qirrali yulduz), texnikasi (yog’ surtish, zaminning kamligi) bilan mutlaqo ajralib turadi. Mashhur ustalardan Masharif naqqosh, Matkarim naqqosh, Momit, Bolta va Ho'ja o'rachilar, Abdurahmon usta, Ota Polvonov, Safo Bog’ibekovlar o'ziga xos nom va o'nlab shogirdlar qoldirganlar. Xorazm amaliy san'atining barcha davrlarda ham taraqqiy etgan sohasi bu yog’och o'ymakorligidir.
Me'moriy yodgorliklardagi yog’ochdan ishlangan qismlar va muzeylardagi maishiy buyumlar Xorazm yog’och o'ymakorligi tadqiq etilayotgan barcha davrlarda rivojlanganligini ko'rsatadi. O'zaro urushlar, taxt uchun kurashlar ketayotgan XVII asrda ham, Chorizm bosqini davrida ham, xatto xususiy mulkchilikka qarshi ayovsiz kurashgan Sovet hokimiyati davrida ham yog’och o'ymakorligi o'z an'analarini saqlab qoldi va rivojlanishdan bir zum bo'lsada to'htamadi. Bizning fikrimizcha, bu Xorazm xalqining yog’och o'ymakorligiga haddan ortiq qiziqishi sabablidir, Boshqacha aytganda yog’och o'ymakorligi Xorazmliklar uchun odatiy holga aylangan. hozirgi kunda yog’och o'ymakorligi har qachongidan ko'ra gullab yashnamoqda.

1 Bulatov S. O'zbek xalq amaliy bezak san'ati. -T.: Mehnat, 1991. -243 bet.

Download 30.96 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling