Men Nuhman


Download 0.53 Mb.
Pdf ko'rish
bet2/3
Sana26.03.2023
Hajmi0.53 Mb.
#1296715
1   2   3
Bog'liq
Men Nuhman

 
 
-3- 
Otabek Rashidov o‘z ish o‘rnida o‘tirardi. U ma’lumot topish uchun bir necha kundan beri 
tinmay yelib yugurar, kimlargadir qo‘ng‘iroq qilardi. Lekin foydasi bo‘lmasdi. U qalami o‘tkir 
ijodkor, o‘zining maqolalari bilan tanilgan taniqli jurnalist edi. So‘nggi paytlarda yozish uchun 
mavzu topa olmayotgandi. To‘satdan mashhur shaxs o‘ldirib ketildi. Uning bor e’tibori shunga 
qaratildi. Qotillikni fosh qilishni istab qoldi. Bu haqiqiy shov-shuv bo‘lib ketardi. 
Kutilmaganda ish stolidagi telefon jiringlab qoldi. Otabek ensasi qotgancha dastakni olib 
qulog‘iga tutdi. 
- Allo, bu “Uznews” tahririyati. Eshitaman.
Dastakning u tomonidan erkak kishining ovozi yangradi. 
- Salom. 
- Salom. 
- Menda Erkin Turg‘unovning qotilligi bo‘yicha ma’lumot bor.
Otabek sergak tortdi. Dastakni qulog‘iga mahkamroq tutdi.
- Qulog‘im sizda. Nimani aytmoqchisiz? Ismingiz nima? O‘zingizni tanishtiring.
- O‘zingizni biroz bosing. Qotil kim ekanligini bilaman.
- Kim? 


- Men. 
Otabek dastlab bu javobdan hayratga tushdi. Keyin buni xazil deb o‘ylay boshladi.
- Meni eshiting. Bu yer maynavozchilik qiladigan joy emas.
- Bu hali hammasi emas. Yoqtirgan raqamingizni ayting. 
- Nima? 
- Birorta raqam ayting. 
- Yetti. 
- Demak yettita. 
- Nima yettita. 
- Yana yettitasi o‘ladi. 
Otabek suhbat jiddiylashib ketayotganini sezdi.
- Bu nima deganingiz? 
- Tabriklayman. Mening o‘yinimni bevosita ishtirokchisiga aylandingiz. Erkin Turg‘unov 
boshlanishi edi. Bu hali yana davom etadi. Qotillik ketidan qotillik sodir etaman. Biror 
kimsa meni to‘xtatishga urinib ko‘rsin.
- Shoshmang. Allo… allo… 
Otabek ulgurmadi. Narigi tomondan allaqachon go‘shakni qo‘yib bo‘lgandi.
*** 
Hazrati Iso (a.s.) o‘limi oldidan ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi, yosh emas, qon oqardi. Agar 
payg‘ambar o‘limdan titrab, shunday yig‘lasa, boshqa qullarining ishi qanchalik og‘ir va azobli 
bo‘ladi buni idrok etib bo‘lmaydi.
Ulug‘bek bu hikmatni yodga olib o‘yga toldi. Qotillikni kim, qachon o‘ylab topgan ekan? U 
qachondan beri mavjud? Odam Ato va Momo Havo davridan beri bormi bu? Balki bu Odam 
Ato va Momo Havoning bug‘doy mojarosi tufayli jannatdan haydalishidan boshlangandir? 
Balki Qobil g‘azab-nafratga to‘lib birodari Hobilni o‘ldirganda boshlangandir bularning bari? 
Odamzot hayvondan ham vahshiyroqdir. To‘g‘ri, hayvon ham ba’zan och qolmaslik uchun o‘z 
turiga mansub hayvonni yeyishi mumkin. Ammo u buni insondan farqli ravishda ongli tarzda 
bajarmaydi.
- …meni tushundingmi? 
Ulug‘bek Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i qarshisida turardi. 
- Tushunarli, o‘rtoq boshliq.
- Xullas, bu ishni tezroq yop. Bo‘lmasa senga ham, menga ham havas qilib bo‘lmay 
qoladi. Istaganingcha ish ko‘r. Ruxsat beraman. Qancha xodim kerak bo‘lsa ol. Menga 
natija kerak.
- Aytganingizdek bo‘ladi, o‘rtoq boshliq. 
- Yaxshi, senga ruxsat. 
Ulug‘bek boshliqning xonasidan chiqib o‘z xizmat xonasiga kirdi. U yerda butun bir jamoa, 
ya’ni Hamidulla Rustamov, Oybek Umarov, Sodiq Matkarimov, ekspert-kriminalistlar 
boshlig‘i Nodir Siddiqov hamda konsultant-psixolog Abbos Zokirov o‘tirardi.


- Sog‘-omon chiqib oldingmi? – deya xazil qildi Rustamov. 
- Ko‘rib turganingdek. - U o‘z o‘rniga borib o‘tirdi. So‘ng gapida davom etdi. – bizga ish 
doirasida mutlaq erkinlik berildi. Bundan unumli foydalanishimiz kerak. Xo‘sh, kimda 
qanday yangilik bor?
Birinchi bo‘lib Umarov gap boshladi.
- Men berilgan topshiriqni bajardim. Qotillik sodir etilgan kecha ular nima qilganliklarini 
so‘raganimda Akram Turg‘unov meni yeb yuboray dedi. U o‘zini g‘alati tutdi. 
Ikkalasida ham ikkala kecha bo‘yicha yetarli dalillar bor. Ammo men baribir Akram 
Turg‘unovga ishonqiramay turibman. Undan qotillik sodir bo‘lgan nima qilganini 
so‘raganimda u bir do‘sti bilan bo‘lganligini aytdi. Buni tekshirib ko‘rdim. Do‘sti buni 
tasdiqladi. Ammo u menga rost gapirganiga shubham bor.
- Undan avvalgi kun bo‘yicha-chi? 
- U bo‘yicha ham unda dalil bor. 
- Akasi-chi? 
- Qotillik kuni u ish bilan mehmonxonada, bir kun avval uyda oilasi bilan bo‘lgan.
Oraga Sodiq qo‘shildi. 
- Men marhumning kotibasi bilan gaplashgandim. U menga qiziq bir voqeani aytib berdi. 
Uning aytishicha, bir oycha avval Akram Turg‘unov kelgan. Marhum xonasida 
bo‘lmagan. U kutib turishini aytib xonaga kirib ketgan. Kotiba birozdan so‘ng xonaga 
ish bilan kirganda uni marhumning ish stolidagi hujjatlarni titkilayotganini guvohi 
bo‘lgan. Qizni ko‘rib u o‘zini yo‘qotib qo‘ygan.
- Demak, bizda gumondor bor? – dedi Rustamov. 
- Menimcha, uni chaqirtirb so‘roq qilib ko‘rish kerak, - dedi Sodiq. Mayor Mirkomilov 
Siddiqovga yuzlandi.
- Senda nima yangiliklar? 
- Aytarlik, hech qanday. Hech qanday iz qolmagan. Mashinadan ham hech narsa 
topilmadi. Qarshilik alomatlari bor. Marhumni o‘rindiqqa bog‘lab orqa o‘rindiqdan turib 
bo‘g‘ishgan.
- O‘sha hudud kameralaridan biron nima topildimi? 
- Yo‘q. U boshqa hech yerda kamera kuzatuviga tushmagan.
- Bu nimasi? Nahotki qo‘lga ilinarli dalil bo‘lmasa? Kim bizni xavfsizlik xodimi deydi? 
Ishni ochilganiga ham uch kun bo‘ldi. Lekin hali ham natija yo‘q. 
- Biroz sabr qil. Hammasi sekin-asta bo‘ladi, - dedi Hamidulla.
- Bizda, o‘sha vaqt yo‘q, Hamid. - Mayor Mirkomilov Oybek Umarovga murojaat qildi. 
– Turg‘unovlarni kuzatish uchun odam qo‘ying. Ular doimiy nazoratda bo‘lishlari kerak. Har 
bir harakatidan xabardor bo‘lishimiz darkor.
- Ularni so‘roq uchun chaqirsak-chi? 
- Yo‘q , hozircha bunday qilib bo‘lmaydi. Ularga qarshi biror-bir arzirli dalilimiz yo‘q. 
Hammasiga aniqlik kiritib olmaguncha ularni bezovta qilmay turamiz. 
Shu payt xonaga IIB boshlig‘i Olim Mirzayev kirib keldi. Hamma o‘rnidan turdi.


- Bu yerda sizlar gap sotib o‘tiribsizlar. Hamma ish esa boshqarmadan tashqarida 
bo‘lyapti, - dedi u. 
- Nimadir sodir bo‘ldimi, o‘rtoq boshliq? – so‘radi mayor Mirkomilov. 
- Ha, sodir bo‘ldi. OAV sendan yaxshi ishlaydi, shuni bilasanmi?
Mayor Mirkomilov uning gaplarini tushunolmasdi.
- Tushuna olmadim, o‘rtoq boshliq. 
Mirzayev uning stoli ustiga o‘zi bilan olib kirgan gazetani uloqtirdi.
- O‘qi. Balki o‘shanda tushunarsan. 
Hammaning nigohi gazetaga qaratildi. Mirkomilovning ko‘zlari quyidagi satrlarga tushdi: 
“Mashhur ishbilarmonning qotili muxbirga qong‘iroq qilib yana qotillik sodir etishini aytdi”.
- Bu nimasi? – dedi u ko‘zini gazetadan uzib.
- Buni men so‘rashim kerak. 
Mirkomilov tezkor xodim Sodiq Matkarimovga yuzalandi.
- Tezda o‘sha jurnalistni topib olib kel.
Sodiq xonadan chiqib ketdi. Mirkomilov yana nigohini Mirzayevga qaratdi.
- Bu ish bilan hoziroq shug‘ullanib oydinlik kiritamiz. 
Mirzayev indamay chiqib ketdi. U chiqib ketishi bilan hamma o‘z o‘rniga o‘tirdi. Mirkomilov 
qaytadan gazetaga ko‘z yugurtirib chiqdi.
- Jin ursin, bu yana nimasi bo‘ldi? Shu kammidi endi menga? – dedi u. 
- Nima, biz ashaddiy qotilga duch keldikmi? – dedi Rustamov. 
- Ehtimol bu jurnalistning to‘qib chiqargan uydirmasidir, - deya Umarov o‘z fikrini 
bildirdi. Hamidov uning fikrini inkor etdi.
- Menimcha, bu uydirma emas. Chunki, bunday ishda qaltis xazil yaxshilikka olib 
kelmasligini ularning o‘zlari ham yaxshi bilishadi. 
- Balki, qo‘ng‘iroq qilgan haqiqiy qotil emasdir. Biror “xazilkash”ning ishidir. 
- Yoki taqlidchi paydo bo‘lgandir, -deb munozaraga qo‘shildi Siddiqov.
- Ehtimol, - dedi uning farazini tasdiqlab Umarov.
- Agar bu o‘sha qotil bo‘lsa-chi? – dedi Mirkomilov.
- Unda bu tomoshani unga nima keragi bor? Qaysi qotil butun olamga “Qaranglar, men 
qotillik sodir etyapman” deb jar soladi? Hech shunaqasini eshitganmisiz? Bu mantiqqa 
to‘g‘ri kelmaydi. Tentaklik.
- Hamma joyda ham mantiqqa tayanavermaslik kerak, Umarov.
- Menimcha, bu bizni ishdan chalg‘itish uchun qilingan nayrang, - dedi Umarov. 
- Bunga psixologimiz nima deydi? 
Mirkomilov konsultant-psixolog Abbos Zokirovga murojaat qildi. 
- Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib qotil shaxsi profilini tuzib bera olasizmi?
Zokirov ko‘zoynagini olib stol ustiga qo‘ydi.
- Agar bularning bari haqiqat bo‘lsa, shuni aytishim mumkinki, qotil o‘ta shuhratparast, 
ruhiy nosog‘lom odam. O‘zini butun dunyo tanishini xohlaydi. Oddiy ishchi yoki o‘zi 
ishlaydigan ishidan ko‘ngli to‘lmaydi. Ishini yoqtirmaydi. Hayotda hech nimaga 


erishmagan. Biror-bir faoliyatda o‘zini ko‘rsata olmagani uchun ham o‘z 
shuhratparastlik maylini qondirish uchun qotillik yo‘liga o‘tgan. O‘zining real omadsiz 
hayotidan farq qiladigan boshqa olam yaratgan. Bu olamda u o‘zicha qirol. U o‘zining 
barcha istak-mayllarini shu olamda aks ettiradi, amalga oshiradi. Shuhratparast bo‘lgani 
uchun ham birinchi o‘ljasi qilib o‘ziga mashhur shaxsni tanlagan deb o‘ylayman. Tezda 
tanilish uchun. U o‘zini ko‘rsatishni yoqtiradi. Shuning uchun ham nashriyotga 
qo‘ng‘iroq qilgan.
*** 
Mayor Mirkomilov tergov xonasiga kirdi. Xonani o‘rtasidagi stol ustiga gazetani qo‘ydi va 
o‘tiridi.
- O‘sha jurnalist sizmisiz? – dedi u qarshisidagi odamga.
- Ha. 
- Gazetadagi yozilgan narsalar haqiqatmi? 
- Men faqat haqiqatni yozaman. 
- Bilaman sizlarning haqiqatingiz qanday bo‘lishini. – U yana nimadir demoqchi bo‘ldi-
yu, o‘zini tiydi. – O‘sha kungi voqeani batafsil bayon qilib bering. 
- Ish o‘rnimda o‘tirgan edim. Ishchi telefon jiringlab qoldi.
- Soat nechi edi? 
- Tahminan kunduzgi birlar atrofida.
- Davom eting. Qo‘ng‘iroqqa javob berdim. Erkak kishining ovozi keldi.
- Ovoz qanday edi? 
- Nima desam ekan. U yo‘g‘on ham, mayin ham emasdi. Gapirish tempi bir ritmda, hech 
o‘zgarmasdi.
- U nima dedi? 
U bo‘lib o‘tgan suhbatni mayorga aytib berdi.
- Nega endi yettini tanladingiz? 
Rashidov “bilmayman” degandek yelka qisdi.
- O‘sha payt xayolimga kelgan birinchi raqam shu bo‘ldi.
- Bu haqida bizga xabar qilishingiz kerak edi?
Rashidov javob topolmay jimib qoldi. Mayor gapida davom etdi.
- Nega endi u sizni tanladi ekan? Nima deb o‘ylaysiz?
- Buni qayerdan bilay? 
- Bundan buyon nashriyotingizda bizning xodimlar ham bo‘ladi. U yana qo‘ng‘iroq 
qilishi mumkin.
- U yana qo‘ng‘iroq qiladi deb o‘ylaysizmi? 
- Ehtimol. Har qalay tayyor turganimiz yaxshi. Ketishingiz mumkin.
Mayor u yerdan chiqib qo‘shni xonaga o‘tdi. Xonada Rustamov va Mirzayev bor edi.
- Qo‘ng‘iroq qayerdan qilinganini aniqladinglarmi? – deb so‘radi u Rustamovdan.


- Ha, aniqlay oldik. “Istiqlol” prospektidagi telefon butkasidan amalga oshirilgan. U yerni 
ko‘zdan kechirib kelish uchun Sodiqni jo‘natdik.
- Yaxshi. Sodiq kelsa oldimga uchrasin. 
*** 
Sodiq “Istiqlol” prospektida turardi. Ko‘chaning har bir burchagini ko‘zdan kechirdi. Birorta 
ham kuzatuv kamerasini topa olmadi. Telefon butkasining oldida turar ekan, yo‘lning narigi 
yuzidagi tamaddixona uni e’tiborini tortdi. Yo‘ldan o‘tib o‘sha yerga kirdi. Mijozlar kam edi. 
U ko‘rinishidan oshpazga o‘xshab turgan odamning olidga bordi.
- Siz shu yerning egasimisiz? 
- Xuddi shunday. Nega edi? Tinchlikmi? 
Sodiq guvohnomasini ko‘rsatdi.
- Menga bir narsani aniqlashda yordamingiz kerak.
- Albatta, har qanday yordamga tayyorman.
Sodiq telefon butkasini ko‘rsatdi.
- Ana shu butkadan 28-mart kuni soat kunduzgi birlarda qo‘ng‘iroq bo‘lgan. 
Eslolmaysizmi, mobodo o‘sha shaxsni ko‘rmaganmisiz? 
- 28-mart deysizmi? Yo‘q, hech kimni ko‘rmaganman. Aniqrog‘i e’tibor bermaganman. 
- Ishonchingiz komilmi? 
- Shoshmang, balki jiyanim bilar. Undan so‘rab ko‘ray.
Boyagi odam bir necha bor “Dilnoza” deb chaqirdi. Shunda yosh bir qiz chiqdi.
- Chaqirdingizmi?
Boyagi odam qizga Sodiqni ko‘rsatdi.
- Bu akangni senga beradigan savoli bor. Diqqat bilan tinglab javob ber.
Sodiq boyagi savolini yana qaytardi.
- Ha, ko‘rgandim.
Sodiqqa qaytadan jon kirgandek bo‘ldi.
- Rostdanmi? 
- Ha. 
- Uni ko‘rinishi qanday edi? 
- Yuzini ko‘rmadim. Ortidan ko‘rdim. To‘q-ko‘k sport kiyimida. Kapyushoni ham bor 
edi. Yana boshiga qora kepka kiyib olgandi. Bo‘yi baland. Kiyimining orqasida 
qandaydir yozuv ham bor edi.
- Qanday yozuv? 
- Uni o‘qiy olmadim. Unga mijozlarga xizmat ko‘rsatayotib ko‘zim tushgandi. Shu bilan 
unga qaytib e’tibor qaratmadim.
Sodiq raqamini yozib berdi.
- Agar biron nima eslasangiz yoki o‘sha odamni yana ko‘rsangiz menga xabar qiling. 
- Ho‘p. 


Sodiq tashqariga chiqib ko‘cha bo‘ylab biroz yurdi. Hozirgi eshitganlarini tahlil qilishga urinib 
ko‘rdi. Yana o‘sha kapyushonli odam. Demak, bu o‘sha qotilning o‘zi. Uning maqsadi nima? 
Nimalarni o‘ylab qo‘ygan ekan? U shular haqida o‘ylardi. U qarshisida kimdir kelayotganini 
payqadi. Qarshisidagi odamga qaradi. Bu marhum Turg‘unovning kotibasi Oydin edi. Oydin 
dastlab uni tanimadi. Lekin keyin qayerda ko‘rganini yodiga tushdi.
- Salom, Oydin.
- Assalomu aleykum. 
- Vaaleykum assalom. Qalesiz, yaxshimisiz? 
- Yaxshi, rahmat. 
- Bu yerda nima qilyapsiz? 
- Uyga ketyapman. 
- Erta emasmi? 
- Mazam bo‘lmayotgan edi. Javob so‘radim.
- Tinchlikmi? Nima bo‘ldi? 
- Unchalik xavotirli emas. Biroz dam olsam o‘tib ketadi. O‘zingiz bu yerda nima 
qilyapsiz? 
- Men ish bilan. 
- Ha, tushunarli. 
- Uyingiz yaqinmi? 
- Ha, 2 ko‘cha narida.
- Ruxsat bersangiz uyingizgacha kuzatib qo‘yay.
- Yo‘q, ovora bo‘lmang.
- Ovora bo‘lmayman, yuring. 
Ular birga keta boshlashdi.
- Sizni bu yerda uchrataman deb sira o‘ylamagandim, - dedi Sodiq.
- Men ham, - qisqa qilib javob berdi qiz. 
- Bo‘lib o‘tgan ishlardan haligacha o‘zingizga kelolmagan ko‘rinasiz. 
- Qotilni topdinglarmi? 
- Hozircha yo‘q. Lekin albatta topamiz. Qidiruv davom etyapti.
- Men yaqinda internetda bir xabarni o‘qigandim. Qotil yana qotillikka qo‘l urishini 
aytipti. Shularning bari rostmi? 
- Kasbim taqozosi tufayli sizga hech narsa deyolmayman.
- Tushunarli. 
- Siz bu yerdan har kuni o‘tasizmi? 
- Ha, nima edi? 
- Hech ko‘zingiz baland bo‘yli, to‘q-ko‘k sport kiyimli va boshiga kepka kiygan odamga 
tushmaganmi?
- Yo‘q, nimaga so‘rayapsiz?
- Yo‘q, shunchaki o‘zim.
Sodiq to‘xtab qiz tomon burildi.


- Ahvolingiz meni xavotirga solyapti. Balki dori kerakdir. Yoki shifokorga borishingiz 
kerakmikan? 
- Yo‘q shart emas. O‘tib ketadi.
- Undayga o‘xshamayapti. Nima bo‘ldi? Menga ishonsangiz bo‘ladi.
- Hammasi joyida. Kuzatib qo‘yganingiz uchun rahmat. Yetib keldik. U yog‘iga o‘zim 
kirib olaman.
- Mayli, Oydin. Yaxshi qoling. Agar kerak bo‘lsa raqamimni bilasiz. Tortinmay 
qo‘ng‘iroq qiling.
- Ho‘p. 
*** 
- Jin ursin seni, Sanjar. Bir tiyinga qimmat ma’mursan. Bitta ishni ham eplolmaysan. 
Nega seni olib yuribman o‘zi.
- Senga tushuntirolmay charchadim.
- Tushuntirma. Menga tushuntirib o‘tirma. Ishni bajar. Bu rol meniki bo‘lishi kerak. 
Qanday qilib eplaysan bu seni muammoing.
- Men rejissyor va hattoki prodyuser bilan ham uchrashdim. Rejissyor seni o‘z filmiga 
olmoqchi emas.
- Men bilmayman. Uni ko‘ndir. Bunday film hali kinomotografiyamiz tarixida suratga 
olinmagan. Bu filmdagi rol mening nomimni abadiylashtiradi. Bunday film har yili ham 
olinavermaydi.
- “Buyuk sulola” qanday film bo‘lishini yaxshi bilaman. Unda barcha aktyorlar ishtirtok 
etishni xohlayapti. Rejissyor Shuhrat Jamolov qanday darajada ekanligini o‘zing 
mendan yaxshi bilasan. U aktyorlarni tanlab-tanlab oladi. Hammasini ham filmiga 
olavermaydi. Prodyuser rejissyorning tanloviga ishonmoqda. Jamolov allaqachon bosh 
rolga nomzod topib qo‘yibdi.
- Nima? Kim? 
- Farhod Abduhalilov. 
- Nima? Farhod? Nega endi u? Shunday film uchun topgan aktyori shu bo‘libdimi? Nega 
meni olmas ekan? Meni reytingim unikidan baland. Men o‘ynagan barcha film mashhur 
bo‘lgan.
- To‘g‘risi, seni nega yoqtirmasligini tushunmadim. Seni aytishim bilan menga haydab 
yuborgudek qaradi. Hammasiga oxirgi paytlarda ko‘rsatayotgan hunarlaring sabab. 
- Qanday hunar ko‘rsatibman? 
- Boshidan sanaymi? “Salom, Parij” filmida hamkasbing bilan yoqalashib ketayozgansan. 
Mashinada tezlikni oshirib qo‘lga tushib, film taqdimotiga kelmading. Go‘zal Nabiyeva 
bilan o‘ralashib mish-mishlar orttirding. Oxirgi filmda esa Surat Azimov bilan birga 
o‘ynashdan bosh tortib rejissyorni rosa xunob qilding. 
- Xo‘sh, nima qilibdi shunga? Men Jahongir Azizov – eng yaxshi aktyor bo‘laman. Bu 
nom barini hal qiladi.


- Qani unda hal qilsinchi. Hech kim bu filmga aktyorlarini tiqolmayapti. Rejissyor qanday 
talabchanligini bilasan.
- Bu seni muammoing. Seni vazifang shu. Shuning uchun haq olasan. 
- Bugun sen bilan suhbatimiz o‘xshamaydi chog‘i. Yaxshisi men ertaga kela qolaman.
Xonada Jahongirning o‘zi qoldi. Bu odam o‘zbek kino olamining eng talabgir va mashhur 
aktyori edi. Shuning bilan birga eng fe’li og‘iri ham. Ammo u juda ham yaxshi aktyor edi. 
Mana shu xislati uchun ko‘pchilik qolgan hunarlariga chidardi. Ammo uning hunarlari oxirgi 
paytlarda oshib keta boshladi. Uning ekran ortidagi hayotini o‘rnak qilib ko‘rsatib bo‘lmasdi. 
Oxirgi 3ta filmi kasodga uchradi. Rejissyorlarning ham uning hurmacha qiliqlaridan toqati toq 
bo‘ldi. U ekranlarda kam paydo bo‘la boshladi. Uning gonorarini uncha-muncha rejissyor 
to‘lay olmasdi. Uning ishlari orqaga keta boshladi. “Buyuk sulola” filmi uning shuhratini yana 
qaytarishi kerak edi. Uning nazdida bu film uni tirik afsonaga aylantirardi. U xonaning 
burchagidagi mini-barga o‘tdi. Qator terib qo‘yilgan shishalardan birini oldi. Shishaning 
og‘zini ochib, qarshisida turgan kichkina stakanga quydi. Bir ko‘tarishda stakanni bo‘shatdi. 
U miyasini portlatib yuboray deyayotgan xayollardan qutulishni istardi. Soatiga qaradi. O‘n 
to‘qqizu qirq besh. Biroz ko‘ngilxushlik qilib kelishni xohlab qoldi. Kiyim javonidan 
kiyimlarini oldi. Kiyimini almashtirdi. Telefonini yoqib raqamlar ketma-ketligini terdi. 
Telefonning u tomonidan ovoz eshitilgach u gapini boshladi. 
- Kamila, jonim, qalaysan? Nima qilyapsan? Kiyinib tayyor bo‘lib tur. Men hozir borib 
seni olib ketaman… Qayerga bo‘lardi diskotekaga. Yayrab hordiq chiqaraylik… Bo‘pti 
tezroq bo‘l. Men yo‘lga tushyapman.
Telefonni o‘chirdi. Shu mahal eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. U qo‘ng‘iroqdan hayron 
qoldi. Bu mahalda hech kimni kutmayotgan edi. Kutilmagan mehmon kimligini bilish uchun 
videokuzatuvga qaradi. Boshiga kapyushon tashlab olib yuzini berkitib turgan bu odamni 
Jahongir tanimadi. U videokuzatuvga yaqinroq kelib tugmachani bosdi. 
- Kim bu? 
Notanish kimsa boshini ko‘tarmagan holda javob qaytardi. 
- Men zulmatdagi nur, sening ajaling. Men Nuhman. 
Bu javob Jahongirni esankiratib qo‘ydi. Oyog‘ida o‘zini arang ushlab turardi. Shunday 
bo‘lsada o‘zini qo‘lga olib gapini davom ettirdi.
- Yuzingni ko‘rsat! Kimsan? Men bilan o‘ynashish yaxshilikka olib kelmaydi. Shuni bilib 
qo‘y.
- Sen ajalni qo‘rqitaman deb o‘ylayapsanmi?
- Yaxshilikcha jo‘na. Bo‘lmasa militsiyani chaqiraman.
- Yaxshi, chaqira qol. Meni ham ularga aytadigan gapim bor. Bu ularni qiziqtirib qolishi 
aniq. 
- Bu bilan nima demoqchisan? 
- Men o‘tgan yoz nima qilganingni bilaman.
Jahongir bu gapdan muzladi. “Bo‘lishi mumkin emas. Bu haqida hech kim bilmasdi” deb 
o‘yladi u. Hozirgina eshitgan gapi uni vahimaga solib qo‘ydi. U nimadir demoqchi bo‘lar, 


ammo biror-bir so‘z aytishga tili aylanmasdi. Suhbatni davom ettirish tashabbusini notanish 
sharpa o‘z zimmasiga oldi.
- Menimcha, endi eshikni ochish payti yetdi.
Jahongir videokuzatuvdagi boshqa bir tugmani bosishi bilan eshik ochildi. U bazo‘r borib 
yaqinidagi oromkurisga joylashdi. Hozir kirib keladigan shaxs o‘ta xavfli. U buni tushundi. 
Himoyalanish uchun nimadir topishi kerak. Yaqinlashib kelayotgan qadam tovushlari eshitildi. 
Kech qoldi. Ulgurmadi. Xonaga kirib kelgan shaxs jinsi shim, to‘q-ko‘k sport kiyimi va qora 
kepka kiyib olgandi. Jahongir o‘rnidan turmadi. Aniqrog‘i, tura olish uchun kuch topolmadi. 
Notanish kimsa uning qarshisiga kelib o‘tirdi.
- Salom. Vanihoyat yuzma-yuz ko‘rishdik.
- Kimsan? Shuncha narsani qayerdan bilasan?
Notanish kimsa jilmayib qo‘ydi.
- Siringni qanday bilib olganim qiziqtiryaptimi? Nima buni hech kim bilmaydi deb 
o‘ylaganmiding? Uni o‘zing bilan go‘ringga olib ketarmiding? Hech narsa abadiy emas. 
Shuni bilasanmi?
- Maqsading nima? Pulmi? 
- Ahmoq, men uchun pulning qiymati yo‘q. 
- Unda nimaning qiymati bor? 
- Hayotni. U insonga bir marta beriladi. Shuning uchun beriladigan shu yagona 
imkoniyatdan unumli foydalanib qolish kerak.
- Bu yerga nimaga kelding? Shuni gapir. Menga hayot haqida dars o‘tmoqchimisan? Agar 
meni fosh qilmoqchi bo‘lganingda allaqachon militsiyaga borgan bo‘larding.
- Ha sen haqsan.
- Unda nega bormading? Daliling yo‘qmi?
- Dalil yetralicha. Faqat seni ular emas o‘zim sud qilaman.
U qo‘lini orqasiga qildi va u yerdan kattagina hanjarni chiqardi. So‘ng gapida davom etdi.
- Inson qilgan gunohlari uchun javob bermog‘i lozim. 
Jahongir hanjarni ko‘rib yuragi taka-puka bo‘lib ketdi. U ushbu vaziyatdan chiqib ketishni 
hech bir ilojini topolmadi. 
- So‘nggi so‘zing? – dedi notanish kimsa. 
- Pushaymonman.
- Bu o‘zing uchun yaxshi.
- Iltimosim bor. 
- Xo‘sh? 
- Qiynalmasdan o‘lishni istayman. Buni tez bajar.
- Xavotirlanma. Sezishga ham ulgurmaysan.
- Men… 
U haqiqatdan buni sezishga ulgurmadi. Notanish sharpa kutilmagan hamla bilan uning 
bo‘yniga zarba berdi.


-4- 
Mayor Mirkomilov voqea joyiga Hamidulla Rustamov bilan yetib keldi. Ularni jinoyat joyiga 
Sodiq boshlab kirdi. Ikkisi ham murdani ko‘rib joylarida to‘xtab qolishdi. Xonadagi xodimlar 
jinoyat joyini o‘rganish bilan band edi. Murda oromkursida o‘tirar, uning ko‘zlari esa ochiq 
bo‘lib tepaga qarab turardi.
- Ko‘rib turganingizdek, mana shunday holat, - deb Sodiq voqeaga baho berdi. – U o‘tkir 
qurol bilan bo‘yniga berilgan zarbadan vafot etgan.
- Bu o‘shaning ishimi? – deb so‘radi mayor. 
Sodiq “bu yoqqa yuringlar”, deb ularni videokuzatuvning oldiga olib keldi. Bir nechta 
tugmalarni bosdi. So‘ng monitorda tasvir paydo bo‘ldi. Boshiga kapyushon tashlab olgan 
odam boshini egib yuzini to‘sib gapirardi. Shundan so‘ng xonani daxshatga soluvchi so‘zlar 
yangradi. 
“Men zulmatdagi nur, sening ajaling. Men Nuhman.” 
- Nuh? Yana qanday Nuh? – dedi taajjublanib Hamidulla 
- Bilmadim, Hamid, - dedi mayor. 
- Bu yozuv kecha kechki 19:55da yozib olingan. Koʻrib turganingizdek oʻsha toʻq-koʻk sport 
kiyimi, kapyushon, qora kepka. Bua aniq oʻsha, - dedi Sodiq. 
- Nega yozuvlarni oʻchirib tashlamagan? -deya soʻradi Hamidulla. Uning savoliga mayor 
javob berdi. 
- Atayin qoldirgan. Bu uning ishi ekanligini bilishimiz uchun. 
Mayor Sodiqqa yuzlandi.
-Yozuvlarni tahlilga joʻnat. Biror nimani aniqlashning uddasidan chiqib qolinar. 
- Hoʻp boʻladi. 
- Uyda marhumdan boshqa hech kim boʻlmaganmi? 
- U yolgʻiz yashagan.
- Qiziq. Qotil «men oʻtgan yoz nima qilganingni bilaman» deganda nimani nazarda tutgan 
ekan? Aynan shu gapdan soʻng marhum unga eshikni ochgan. U majbur boʻlgan. Bu yerda 
qandaydir daxshatli sir yotibdi. Aynan shuni aniqlash kerak. Shu narsa jumboqning kaliti 
boʻlishi mumkin.
- Ishimiz rasvo. Ikkinchi mashxur shaxs oʻldirildi, - deb oʻz fikrini bildirdi Hamidulla.
- Murdani topgan odam bilan suhbatlashasizmi, oʼrtoq boshliq, - dedi Sodiq. 
- Ha, faqat boshqa xonada.
Ular holiroq xonaga oʻtishdi. Sodiq guvohni olib kirdi.
- Bu Sanjar Salimov marhumning menejeri, - deb guvohni tanishtirdi. 
- Bugun uning oldiga nima maqsadda kelgan edingiz? - savolga tutdi uni mayor. 
- Ish uzasidann gaplashgani. 
- Qanday kirdingiz? Eshik ochiqmidi? 
- Yoʻq. Men parolni bilardim.
- U sizga parolni berganmidi? 
- Ha, bu meni gumondorga chiqarmasa kerak? 


- Yoʻq, aslo. Bundan xavotirlanmang. Parolni yana kim bilardi? 
- Bilmadim. Agar biror kimga bermagan boʻlsa. 
- Uni oxirgi bor qachon koʻrgandingiz?
- Kecha. Soat yetti yarimlarda ketdim, chamasi.
- Bilmaysizmi, oʻtgan yoz u bilan bogʻliq biror voqea sodir boʻlmaganmi?
- Aynan nima?
- Biror noxush hodisa. 
Sanjar biroz oʻylanib javob berdi 
- Yoʻq, eslolmadim. Gʼayritabiiy hech narsa boʻlmagan.
- Tushunarli. Agar eslab qolsangiz qoʼngʼiroq qiling. Sizga raqamimizni berishadi.
Sodiq Sanjarni kuzatib qaytib kirdi.
- Qanday koʻrsatma berasiz, oʻrtoq boshliq?
- Marhumning telefonini tekshirib koʻrdinglarmi?
- Ha. U oxirgi bor Kamila ismli ayolga qoʻngʻiroq qilgan ekan. 
- U bilan ham bir uchrashib gaplashib koʻr. 
- Hoʻp boʻladi, oʻrtoq boshliq.
Sodiq xonadan chiqib ketdi. Xonada endi ikki kishi qoldi. Mayor Hamidullaga yuzlandi. 
- Qurbonimiz oʻtgan yoz qayerlarda boʻlganini, nimalar qilganini aniqlash kerak. 
*** 
Sodiq xizmat mashinasi ichida oʼtirardi. U Oydinni oʻylardi. Uni xayolidan chiqarolmasdi. 
Qizning qaysidir hislati uni oʻziga ohangrabodek jalb qilardi. Aynan nima ekanligi Sodiqqa 
qorongʻu edi. Qiz goʻyoki uni sehrlab olgandi. Oxirgi bor uni tasodifan uchratib qolganda 
shunchalik xursand boʻlib ketgandik, xissiyotlarini arang yashira olgandi. Qizni uyigacha 
kuzatib qoʻyar ekan, u bu yoʻl sira ham tugamasligini istardi. Oʻsha kuni u qizning telefon 
raqamini olishni juda ham xohlardi, ammo soʻrashga jurʼati yetmadi. Yuragi dov bermadi. U 
yana qizni koʻrish istagida edi.
Nihoyat eshik ochilib tashqarida qora kalta koʻylakda, kalta soch turmagiga ega boʻlgan qiz 
paydo boʻldi. Sodiq mashinadan tushib uni qarshi oldi.
- Chiqdingizmi? 
- Ha, uzoq kutdirmadimmi? 
- Yoʻq. Qayerda gaplashib olsak boʻladi? 
- Shu yaqinda qahvaxona bor. Balki oʻsha yerga kirarmiz?
- Mayli yuring. 
Qahvaxona haqiqatan yaqin edi. Ular bir zumda u yerga yetib borishdi. Oʻtirishgach Sodiq 
gap boshladi.
- Kamila, Jahongir bilan qachondan beri tanish edinglar? 
- Bir yildan oshdi. 
- U bilan qanday tanishib qilgansizlar? 


- Bir dugonamning bazmida. 
- Ehtimol savolim oʻta shaxsiy tuyular… 
- Bemalol beravering. 
- Munosabatlaringiz jiddiymidi? 
- Yoʻgʻe, qoʻysangizchi. Jiddiy munosabatlar u uchun emas edi. Biz shunchaki doʻst edik.
- Tushunarli. Kecha u sizga qoʻngʻiroq qilgan ekan?
- Ha, u qoʻngʻiroq qilib kiyinib turishimni, meni kelib olib ketishini aytdi. 
- Negaligini ham aytdimi? 
- Ha, diskotekaga borishimizni aytdi. Men uni rosa kutdim. U esa kelavermadi. 
Qoʻngʻiroqlarimga javob bermadi. Oʻshanda undan qattiq jahlim chiqdi. Hozir esa bu 
ishimdan uyalyapman.
- Bilmaysizmi, u oʻtgan yoz biror koʻngilsizlikka uchramaganmidi? 
- Yoʻq. Sira bunday boʻlmagan. Lekin… 
- Nima? 
- Hozir yodimda tushib qoldi. Bu unchalik muhim emasdir ehtimol.
- Aytavering. 
- Bu aynan oʻtgan yoz sodir boʻlgandi. Ziyofatda edik. U oʻta darajada mast, yana buni ustiga 
rulda edi. Ketayotib menga birga ketishni taklif etdi. Men choʻchidim va rad javobini berdim. 
U oʻzi ketdi. Ertasi kuni u bilan uchrashganimda peshonasida shish borligini payqab qoldim. 
Uni qayerdan orttirganini soʻraganimda u turli bahonalar bilan savolimga aniq javob 
berishdan qochgandi. Aytmoqchi boʻlganim shu. 
- Bu voqea qaysi sanada boʻlgan edi? 
- Hozir eslab olay… 22-iyulda. 
- Ziyofat qayerda bilan edi? 
- «Osiyo» restoranida. 
- U uyiga yoʻl olganmidi? 
Ha, har holda menga shunday degandi. 
- Rahmat Kamila. Menga katta yordam berdingiz.
- Yordamim tekkanidan xursandman.
*** 
Qiz chiqib ketgach ham Sodiq qahvaxonada qoldi. Telefonining qulfini ochib, Gugl xaritaga 
kirdi va oʻziga kerakli boʻlgan hududning manzilini qidiruv darchasiga kiritdi. Yaxshilab 
koʻrib chiqqach, dasturdan chiqib bir odamga qoʻngʻiroq qildi. Goʻshakning narigi 
tomonidan ovoz kelgach u gapini boshladi. 
- Salom oshna, qalaysan. Sogʻliqlaring joyidami? Ishlayapsanmi? Bir masalada yordaming 
kerak boʻlib qoldi… Aniqlab berolmaysanmi, oʻtgan yili 22-iyulda Burxonov koʻchasi bilan 
Mahtumquli dahasi oraligʻida avtohalokat yoki shunga oʻxshash voqea sodir boʻlmaganmi?.. 
Ha, aniqlab xabarini ber…
Birozdan soʻng uning telefoni jiringladi. U qo'ng'iroqqa javob berdi. 


- Xoʻsh aniqladingmi?.. Boʻlgan ekanmi?.. Bolani mashina urib ketgan?.. Haydovchi qochib 
qolgan… Uni topa olishmaganmi? Bolaga nima boʻlgan? Nogiron boʻlib qolgan?... Guvohlar 
yoʻq… Tushunarli. Oldingda qarzdorman, oshna.
Suhbatni yakunlab telefonni choʻntagiga soldi. «Qiziq. Qotil buni qayerdan bilgan ekan», - 
deb oʻyladi u ichida. Shu mahal uning qarshisiga kostyum-shimdagi bir odam kelib oʻtirdi. 
- Yillar seni oʻzgartirmapti, ogʻayni, - dedi notanish odam. 
Sodiq diqqatini bir yerga yigʻib unga yaxshilab razm solgach uni tanidi. Qarshisida uning 
bolalikdagi doʻsti turardi.
- Mirjamol, oʻzingmisan?
- Xayriyat taniding. 
Ular oʻrnilaridan turib quchoqlashib koʻrishishdi. 
- Seni ham koʻradigan kun borakan-a? – deya kuldi Sodiq. 
- Qaytib koʻrmayman deb oʻylaganmiding? 
- Nega unday deysan. Qani oʻtir. 
Ular joylariga qaytib oʻtirishdi. 
- Biror nima buyuraymi? – dedi Sodiq.
- Hojati yoʻq. Hozir tamaddi qilib oldim. Hov anavi yerda oʻtirgandim, - u qahvaxonaning 
burchagini koʻrsatdi. Seni koʻrdim. Sen esa meni koʻrmading. Yolgʻiz emas ekansan. 
Bezovta qilmadim. U qiz kim edi?
- Ish boʻyicha koʻrsatma olayotgandim. 
- Ha, tushunarli. Ishlaring qalay ketyapti? Yulduzchalaring koʻpayib qoldimi?
- Ha asta-sekin boʻlyapti. Oʻzingda-chi? Xorijga ketganingdan keyin koʻrishmadik.
- Ha, u yerda katta tajriba oldim. Haqiqiy mutaxassis-profayler boʻldim.
- U yerda qancha vaqt boʻlding? 
- 2 yil. U yerdan qaytgach senga qoʻngʻiroq qildim. Raqamingni oʻzgartiribsan. Uyingga 
oʻtsam koʻchib ketibsizlar. 
- Ha shunday. Hovli uy oldik.
- Tabriklayman. Niyatingga yetibsanda?
- Ha. 
- Ichki ishlarga konsultantlik qilyapman. Xabaring bormidi?
- Yoʻq, nahotki?.. 
- Ha shunday. Men haqimda surishtirib koʻr, - u shunday deb kulib qoʻydi. – Uylandingmi? 
- Yoʻq endi. 
- Hali ham yuribsanmi? 
- Ha endi…
- Nimani kutyapsan? Oshqovoq aravadagi zolushkanimi? 
- Qoʻysangchi bu gaplarni. Sen ham boshlama. Oʻzi uydagilarniki yetib ortadi. Oʻgʻling 
qalay yuribdi? Katta bola boʻlib qolgandir?
- Ha, katta boʻlyapti. Uni yoniga singlisi ham qoʻshilgan.
- Yoʻgʻe? Tabriklayman, oʻrtoq. 


- Rahmat. Seni qachon tabriklayman?
- Vaqti kelganda.
- Qachon keladi?
- Keladi-da. 
Mirjamol soatiga qarab qoʻydi. 
- Mayli, oʻzing bilasan. Men ozgina shoshib turibman. Bemalol boʻlganimda oʻtiraverardim. 
Lekin ketmasam boʻlmaydi. Maʼzur tutasan.
- Raqamingni berib ket. 
- Tashrif qogʻozimni ola qol. - U shunday deb unga tashrif qogʻozini uzatdi. – Telefon qilib 
tur.
Shu tariqa u qahvaxonada chiqib ketdi. Hech qancha oʻtmay moʻjiza sodir boʻlib, qahvaxona 
eshiklarida Oydin paydo boʻldi. Sodiqning yuragi xapqirib ketdi. Koʻzlariga ishongisi 
kelmadi. Sodiqni koʻrib Oydin ham yurayotgan joyidan toʻxtab qoldi. Oydin Sodiqning 
stoliga yetib kelib qolgandi. Oydin faqat «siz» deya oldi, xolos. Sodiq oʻrnidan turdi.
- Bu yerda nima qilyapsiz
- Dugonam shu yerda ishlaydi. Oldiga kelgandim.
- Taqdirni qarang. Yana uchrashdik.
- Ha.
- Oxirgi bor koʻrganimda ahvolingiz unchalik yaxshi emasdi. Oʻzingizga kelib qoldingizmi? 
- Ha rahmat.
- Sizni koʻrganim yaxshi boʻldi. 
- Nega? 
- Menga telefon raqamingizni bera olasizmi?
-Sabab? 
- Men… Haligi… Men sizni… 
- Keragi yoʻq. 
- Nima? 
- Bu soʻzlarni aytmaganingiz maʼqul.
- Qalbimdagi hislarni bayon qilib olishimga ruxsat bering. 
- Bunga hojat yoʻq. Bu bilan hech kimga yaxshi boʻlib qolmaydi.
- Nimaga?
- Tuygʻularingni qadrlayman, ammo ularga xuddi shunday javob qaytarolmayman. Meni 
koʻnglim boshqa insonda.
Shu onda Sodiqning ustiga sovuq suv toʻkilgandek boʻldi. Uning yuragida anglab boʻlmas 
ogʻriq paydo boʻldi. U makon va zamonni yoʻqotdi. Qayerda turganini, nima qilayotganini 
bilmas, quloqlari hech narsani ilgʻamasdi. Nihoyat u oʻziga keldi. 
- Nima ham derdim, baxtli boʻling. Kim boʻlsa ham omadi bor ekan. Unga havasim keldi. 
- Siz yaxshi insonsiz. 
- Bilaman. Sizdan yaxshisini uchrataman, shundaymi? Shunga umid qilaman.
Shu payt qahvaxona eshigi ochilib bir yigit kirdi va toʻgʻri ularning oldiga keldi.


- Sevgilim, namuncha qolib ketding? – dedi u qizga. Soʻng Sodiqqa razm solib dedi: - Kim 
bu, tanishingmi?
Sodiq oʻychan nigohlarini unga qaratdi. Qiz biroz oʻzini oʻngʻaysiz his qildi. 
- Ha bu odam jinoyat qidiruv boʻlimidan. Rahbarimning qotilini qidirmoqda.
- Shundaymi? Tanishganimdan xursandman. 
Boyagi yigit Sodiqqa qoʻl uzatdi. Sodiq avval biroz uning qoʻliga termuldi-da, soʻng uning 
qoʻlini siqdi va dedi: - Men ham.
- Qidiruv qanday ketmoqda? 
- Yaxshi. 
- Ishlarizgi qiziq boʻlsa kerak-a? 
- Oʻziga yarasha qiyinchiliklari ham bor. 
- Yoshligimda xavfsizlik xodimi boʻlishni orzu qilardim. 
- Nega boʻlmadingiz? 
- Taqdir boshqa yoʻllarga olib ketdi.
- Kasbingiz nima boʻlishidan qatʼiy nazar sezib turibman u menikidan qiziqarliroq. 
- Qayda deysiz? Men muxbirman.
- Ajoyib kasb. 
- Ha, kasbim yaxshi nolimayman.
- Sizlar bilan bajonidil gaplashib turardimu, lekin ketishim kerak. Ish kutib qolmoqda. 
- Ha, albatta. Sizlarning ishingiz kutib turmaydi.
- Ruxsatingiz bilan.
U qahvaxonadan oʻqday otilib chiqdi. Nazarida yana biroz u yerda qolib ketsa portlab 
ketadigandek edi. U tushunmasdi. Oʻsha novcha nimasi bilan qizni rom qilganini aqliga 
sigʻdirolmasdi.
*** 
Sodiq koʻk darvoza eshigini navbatdagi bor taqillatdi. Ichkaridan ayol kishining «hozir» 
degan ovozi keldi. Keyin qadam tovushlari eshitildi. Ular borgan sari yaqinlashardi. Va 
nihoyat eshik ochilib katta yoshlardagi ayol paydo boʻldi. 
- Keling. Xush kelibsiz. 
- Assalomu alaykum. 
- Vaalaykum assalom. Kim kerak edi? 
- Men jinoyat qidiruv boʻlimi tezkor xodimi Sodiq Matkarimov boʻlaman. Menga Umid 
Yoʻldashev kerak edi.
- Men onasiman. Tinchlikmi? Nimadir boʻldimi? 
- Havotirlanmang. Hammasi yaxshi. U bilan gaplashib olsam degandim. Boshidan oʻtkazgan 
oʻsha mashʼum avtohalokat boʻyicha. Uydami?
- Ha uyda. Kiravering. Hozir chaqirib chiqaman.
Sodiq yoʻlak boʻylab hovliga oʻtdi. Hovlidagi eshiklardan biri ochilib, boyagi ayol 
aravachada oʻtirgan bolani aravasida yetaklab chiqdi. Uni Sodiqning oldiga olib keldi. 


- Salom, Umid. Senga beradigan bir-ikki savolim bor edi.
- Bemalol. 
- Oʻsha halokatli tunni esla. Mashinaning rangimi, markasimi biror narsani esingdami? 
- Yoʻq. Qorongʻu edi. Mashinaning chiroqlari koʻzimni qamashtirib yuborgandi. Hammasi 
tez sodir boʻlgandi. Biror-bir narsani anglashga ham ulgurmagandim. Esimda qolgani 
chiroqlar. Keyin men yerda oʻzimni his qilmay yotardim.
- Mabodo Jahongir Azizovni koʻrmaganmiding? 
- Bilasizmi, bu faqat menga koʻrindi deb oʻylagandim.
- Demak, koʻrgansan? 
-Men xushimdan ketdim. Keyin juda koʻp alkash-chalkash narsalar koʻrdim. Ular orasida 
Jahongir Azizovni ham koʻrgandek boʻlgandim. Ammo ular juda chalkash va koʻp edi. Aniq-
tiniq eslolmayman. 
- Nega buni oʻshanda organ xodimlariga aytmading? 
- Bu shunchaki alahsirash edi deb oʻyladim.
- Buni yana kimga aytganding? 
- Hech kimga. 
- Aniqmi? 
- Yoʻq, aytgandim. Faqat bir insonga.
- Kimga?
- Butun umrga nogiron boʻlib qolganimni eshitganimda qanday tushkun ahvolga tushib 
qolganimni taʼriflab berolmayman. Tinmay yigʻlardim. Bir kuni meni yangi palataga 
oʻtkazishdi. Dardimga achinib yigʻlab oʻtirsam, yonimdan «Hoy, chempion, nega 
yigʻlayapsan?» degan ovoz keldi. Men oʻzim bilan boʻlib palatadagi sherigimga eʼtibor 
bermagan ekanman. U mening dardimga astoydil qiziqdi. Men unga hammasini gapirib 
berdim. Hozir sizga aytganlarimni ham. U menga tasalli berib shunday degandi: «Kuyinma, 
qasos qiyomatga qolmaydi. Adolat qaror topadi. Menga ishon. Hech bir jinoyat jazosiz 
qolmaydi.» Kasalxonadan chiqqach uni qaytib koʻrmadim.
- Menga uni taʼriflab bera olasanmi? 
- Yoshi katta edi. Boʻyi baland, oriqdan kelgan, sochlari oqarib ketgan. Yuzida chandiqlari 
koʻp edi. Bir qoʻli esa yoʻq edi.
- Aynan qaysinisi? 
- Oʻng.
- Ismini aytganmidi?
- Samandar. 
- Qoʻliga nima boʻlganini soʻramaganmiding? 
- Soʻraganman, ammo u bunga javob bermagan. 
- U senga oʻzi haqida hech nima gapirib bermaganmidi? 
- Yoʻq. Hech ham. Ammo nuqul xat yozardi.
- Xat?


- Ha. Tinmay kimgadir xat yozardi. Lekin joʻnatmasdi. Qayeridir yoqmasmidi yozib 
gʻijimlab yuborardi.
- Bunday qilamiz. Men hozir ketishim kerak. Keyinroq oldinga xodimlarimizni joʻnataman. 
Uning qiyofasini yaratishda yordamlashib yuborasan. Yordam berasanmi?
- Albatta.
Sodiq bolaning onasiga yuzlandi.
- Oʻgʻlingiz qaysi kasalxonada yotgan? 
- 1-sonli shahar markaziy kasalxonasida? 
*** 
U qoʻlidagi Dostoyevskiy qalamiga mansub «Jinoyat va jazo» kitobini yonidagi stol ustiga 
qoʻydi. Uning yuzida sirli tabassum paydo boʻldi. U dastlabki ikki vazifani aʼlo darajada 
uddalaganidan oʻzi bilan faxrlanardi. Deydilarki har bir inson yorugʻ olamga nima uchun 
kelganligini, yerdagi oʻz vazifasini anglab yetmogʻi kerak. U ham oʻz vazifasi nimadan 
iborat ekanligini anglab yetgandi. Va u bu ishni aʼlo darajada bajarayotgandi. U qandaydir 
ilohiy vazifa uchun kelganini sezardi. Yoshligidan boshqacha ekanligini payqab kelgandi. 
Oyoq ostida yotgan ryukzakni ochib u yerdan ikkiga buklangan qogʻozni oldi. Ochib oʻqidi. 
Bu xatni nechanchi bor oʻqishi buni oʻzi ham bilmaydi. Balki yuz, balkim ikki yuz martalab 
oʻqigandir. Buni u hisoblamagan. Har safar buni oʻqiganda oʻzgacha zavqlanar, oʻzi uchun 
yangi olamni kashf qilgandek boʻlardi. U xatni oʻqib boʻlib ryukzakka qaytib soldi.
***
-Yur ketdik, - dedi Akram sherigiga. 
- Qayerga?
- Qurilish maydoniga oʻtib kelamiz. 
Ular mashinaga oʻtirishdi. Rulga Akram oʻtirdi.
- Qurilish maydonida nima qilamiz? 
- Ozgina ishlar bor. 
- Juda sirlisanda. 
- Gap bunda emas. Toʻgʻri tushun koʻp gapirishni yoqtirmayman.
- Ha, albatta, janob kamgap. 
- Piching qilma. 
- Meros masalasi nima boʻlyapti? 
- Yaqin kunlarda hal boʻladi. Agar yosh boʻyicha emas, boshqaruv salohiyati boʻyicha 
olinsa, shubhasiz, bu imperiyaning yangi vorisi oʻzim boʻlaman. Bu joyga eng munosibi 
oʻzimman. Akamni yerga urmoqchi emasman, ammo bu imperiyaga eng koʻp meni 
mehnatim singgan. 
- Boshqaruv oʻzingga tegishiga ishonching komilga oʻxshaydi.
- Albattada. 


- Ayt-chi, mendan ichki ishlar xodimlari seni akang oʻldirilgan kuni qayerda boʻlganligingni 
soʻrashganda nega mendan yolgʻon guvohlik berishimni soʻrading? 
- Oʻzing nima deb oʻylaysan? Ularga oʻsha tunda oilamni oʻrniga boshqa ayol bilan 
boʻlganligimni qanday aytishim mumkin edi, axir.
Shu payt Akram mashinaning old oynasidan ortlaridan kuzatib kelayotgan mashinani payqab 
qoldi. Darhol chap tomondagi burilishga rulni burdi.
- Qayerga buryapsan? Qurilish maydoni boshqa tomondaku? 
- Bizni kuzatishyapti. 
- Nima?
U ortiga oʻgirilmoqchi edi Akram toʻxtatib qoldi. 
- Qarama. Bildirib qoʻyasan.
U telefonini olib kimgadir qoʻngʻiroq qildi.
- Allo, bu men… Meni izimga tushishdi. Kimligini aniqla… Hozir senga mashina raqamni 
aytaman. Faqat tezlat. 
U oynaga qarab raqamlarni aytdi. Telefonni oʻchirdi. 
- Kim boʻlishi mumkin, - dedi unga sherigi. 
- Men qayerdan bilay? 
- Balki militsiyaga qoʻngʻiroq qilarsan? 
- Esingni yeganmisan? Muammoyimni oʻzim hal qilaman.
Hech qancha oʻtmay Akrmaning telefoniga qoʻngʻiroq boʻla boshladi. U javob berdi. 
- Aniqladingmi?.. Xoʻsh?.. Nahotki?.. Tushunarli.
U telefonni oʻchirdi. Bir qoʻli hamon rulda edi. Sherigi betoqatlik bilan soʻradi.
- Xoʻsh? 
- Xavfsizlik xodimlari ortimdan aygʻoqchi qoʻyishibdi. 
-Nima? Nega? 
- Menimcha, akamni oʻlimida mendan gumonsirashyapti. 
- Axir bu ahmoqlik-ku. 
- Buni ularg aytib koʻr. 
- Advokatingga qoʻngʻiroq qil. 
- Yoʻq, men boshqa narsani oʻylab qoʻydim. 
- Nimani?
- Avval seni uyingga tashlab qoʻyaman.
- Keyin-chi? 
- Keyin ichki ishlar boʻlimiga boraman. 
*** 
-Majlisni boshlaymiz. Hamma yigʻildimi? – deb soʻradi mayor Mirkomilov. 
- Sodiq yoʻq, oʻrtoq boshliq, - deya javob berdi Umarov. 
- U qayerda? 
- U qo'ng'iroq qilib bir nimani iziga tushganligini aytgandi.


- Nima? Nimani aniqlayapti?
- Bilolmadim. Ovozidan shoshilayotgandek edi. Gapni qisqa qildi. Soʻrashga ulgirmadim.
- Ishqilib arzirli maʼlumot bilan kelsin. Mayli, usiz boshlay qolamiz. Xoʻsh, qanday 
yangiliklar bor?
- Afsuski, qoʻlimizda hech narsa yoʻq. Hech qanday iz, hech qanday guvoh. Qoʻlimizda 
oʻsha videodomofondagi yozuvdan boshqa hech narsa yoʻq, - dedi Hamidulla. 
- Nima ustimdan kulyapsizlarmi? – mayor jahl bilan gapirdi. – Qanday qilib ikkinchi marta 
sodir etilgan qotillikda ham quruq qoʻl bilan oʻtirishimiz mumkin? Bu butun boʻlim uchun 
sharmandalik-ku. 
- Albatta biror nima aniqlaymiz. 
- Qachon? 
- Biroz vaqt kerak. 
- Vaqt yoʻq. Tushunyapsizlarmi? Bizda oʻsha vaqt yoʻq. Bu yerda sizlar iz olguncha u yerda 
bir jinni uchinchi qotillikka qoʻl urishi mumkin. 
- Oʻsha hududda yashovchi hammadan soʻradik. Lekin birortasi ham biz qidirayotgan 
kapyushonli odamni koʻrganini aytmayapti.
- Ikkala qotillik orasida bogʻliqlik bormi? Aniqlay oldinglarmi?
- Surishtirdik. Hech qanday bogʻliqlik topilmadi. Qurbonlarni bir-biriga bogʻlaydigan narsa 
yoʻq. Ular hech qachon tanish boʻlishmagan.
Mayor jahl bilan stol ustiga urdi.
- Sizlar yaxshi tekshirmagansizlar. Bogʻliqlik boʻlishi kerak. Nimaga koʻra u qurbonlarni 
tanlayapti? Alifbo boʻyichami, telefon raqamlari yoʻriqnomasi boʻyichami, nima boʻyicha? 
Keyingi qurbon kim boʻlishini aniqlashimiz kerak. Qotil koʻchada duch kelganini oʻldirib 
ketmayotgandir. Ishning mohiyatiga chuqurroq kirishinglar.
Shu payt eshik ochilib navbatchi qism xodimi kirdi. 
- Kechirasiz, majlisni boʻlish niyatim yoʻq edi, ammo…
- Gapir. 
- Akram Turgʻunov kelgandi. Zudlik bilan siz bilan koʻrishishni talab qilib toʻpalon 
koʻtaryapti.
- Tinchlik ekanmi? 
- Bilmadim. Menga aytmadi. Shaxsan oʻzingizda gapi bor ekan. Majlis boʻlayotganini 
aytsam ham tushunmadi.
- Yaxshi, uni xonamga olib kir. Men hozir chiqaman. 
Xodim «hoʻp boʻladi» deb chiqib ketdi.
- Hech narsa topa olmagan ekansiz, majlisni yakunlay qolamiz. Lekin qisqa muddat ichida 
stolim ustida nimadir turishini xohlayman.
Mayor shu soʻzlarni aytib chiqib ketdi. Xonasiga kirdi. U yerda Akram Turgʻunov uni kutib 
oʻtirardi.
- Qayergadir oʻt ketdimi, oʻrtoq Tursinov? 
- Ha , ketganda qandoq. 


Mayor kursisini egalladi. Turgʻunov ham joyiga qaytib oʻtirdi.
- Xoʻsh, bu yongʻinning sababi nima? 
- Siz.
- Men?
- Mendan nima istaysizlar? Aytadiganimni xodimlaringizga aytib boʻlgandim. Yo gaplarim 
yetarlicha ishonchli chiqmadimi?
- Gapingizga tushunmayapman? Ochiqroq gapiring. 
- Meni kuzatib yurish uchun aygʻoqchi qoʻyibsiz. Agar xohlaganimda advokatimga 
qoʻngʻiroq qilib ustingizdan arz qilishim mumkin edi. Noqonuniy ish koʻrgansiz. Lekin men 
unday qilmadim. 
- Sabab? 
- Oʻzingiz bilan koʻrishib yuzma-yuz, erkakchasiga gaplashib olmoqchi boʻldim.
- Maqbul tanlov.
- Nega ortimdan odam qoʻydingiz? Mendan shubhalanyapsizmi? 
- Ha. 
- Nima uchun? 
- Oʻzingiz sababchisiz. 
- Tushunmadim? 
- Bir oycha avval marhum Erkin Turgʻunov yoʻqligida xonasiga kirib ish stolidan nimanidir 
qidirgansiz. 
- Bu gapni qayerdan oldingiz? 
- Guvohlar bor. 
- Ha-ya. Anavi kotiba aytdimi? 
- Kim aytganini nima farqi bor? 
- Nima qilibdi? Bu jinoyatmi? 
- U yerdan nimani qidirgan edingiz? 
-… 
- Agar haqiqatni aytmas ekansiz gumondorligingizcha qolaverasiz. 
- Mayli ayta qolganim boʻlsin. 
- Qulogʻim sizda. 
- Oʻsha kuni men ish yuzasidan uning xonasiga kirgandim. U oʻz oʻrnida oʻtirardi. Stolini 
ustida qandaydir qogʻozlar, suratlar turardi. Meni koʻrishi bilan stolini ustidagi hujjatlarni 
yigʻishtirib tortmaga soldi. Uning yuzi qoʻrquvdan oqarib ketgandi. Menga xuddi arvohni 
koʻrgandek qarardi. Undan berkitgan hujjatlari nima ekanligini soʻradim. Hammasi joyida 
ekanligini, shunchaki, tobi boʻlmayotganligini aytib turib oldi. Mendan yashirdi. 
Tushunyapsizmi? Mendan. Eng yaqin odamidan. Soʻng xuddi hujjatlarni topib olishimdan 
choʻchiyotgandek meni xonadan olib chiqib ketdi. Men oʻsha narsalar nima ekanligini 
bilishga juda qiziqdim. Oʻsha kunning oʻzida payt poylab u yoʻqligida xonasiga kirdim. 
Ammo oʻsha qogʻozlar yoʻq edi. Ularni yoʻqotishga ulgurgan ekan. Kotiba oʻsha payt kirib 
qolgandi.


- Nima deysiz, uni shantaj qilishgan boʻlishlari mumkinmi?
Akram «qaydam» degandek yelka qisdi.

Download 0.53 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling