Mening yurtim-mening faxrim. Reja


Download 27.69 Kb.
Sana04.02.2023
Hajmi27.69 Kb.
#1165764
Bog'liq
Mening yurtim-mening faxrim


Mening yurtim-mening faxrim.
Reja:

  1. G’ururim va sha’nimsan vatan!

  2. Yurtim kelajaging, yuksak bilimli, salohiyatli yoshlar qo’lida.

  3. O’zbekiston, hech ayrilgim kelmas, mehribon va iliq quchog’ingdan!

Xulosa.
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranji g’urbat havas aylama.
Alisher Navoiy.
Faxr tuyg’usi shukronalik hissi bilan bir o’rinda turuvchi tushunchadir. Go’zal, betakror, ozod, obod, tinch va farovon vatanda yashash faxr hamda shukronalik tuyg’ularini uyg’otadi. Bu sirli dunyoda yurtlar ko’pdir, ammo har kim o’zining kindik qoni to’kilgan joyiga talpinadi. Vatanni sevish iymondandir degan maqol ham bekorga emas. Agar kimgadir yordami tegsa, inson qalbining bir chetida quvonch his qiladi. Ona vatanimizga madadkor, vatanparvar, komil farzand bo’lsak, bu baxt. Yurtning iftixori bo’lish esa, dunyodagi eng katta shodlik bilan baravardir. Chunki onang kabi muqaddas vataning ham sen bilan faxrlansa, seni qo’llab quvvatlasa, buning uchun shukrona aytish kerak.
Mehribon va rahmli Yaratgan Egamga behad hamd-u sanolar hamda behisob shukronalar bo’lsinki, O’zbekiston deb atalmish jannatmakon yurtni bizga vatan ayladi. Bu muqaddas tuproq jahonga qanchadan qancha daholar, olim-u fuzalolarni yetishtirib berdi. “Vatan ne? deb so’rganlarga bir kaftgina tuproq berdim!” deydi shoir. Shu sabab ham vatanga muhabbat ostonadan, ona zamindan boshlanadi. Har insonning o’z kindik qoni to’kilgan tuprog’ini- ona diyorini sevishi balki shundandir.
Vatan! U- beminnat. U- bag’rikeng. U- suyuk.
Ba’zan baralla aytgim keladi:

  • Vatan mening tomirlarimda!...

Haqiqatan ham, ona vatanimiz O’zbekiston doimo biz bilan, jo’sh uradi tafti tomirlar ichra. Vatanim menga nima berdi?
-Baxt berdi. Har kuni iqbol ulashdi. Bag’rida insoniylikni tuyib ulg’aydim. Vatan menga o’zimni-o’zligimni tanitdi, kimligimni angladim. Vatan tuyg’usi, vatan muhabbati tomirlarim uzra jo’sh ura boshladi. Vatan qo’llarimga qalam tutdi. Uning madhini bita boshladim. Vatan menga insonlikni, odam bo’lib yashashni o’rgatdi. Shu yurtda buyuk bobolarimni tanidim.
Yuqoridagi savolni o’zgartiraman. Men vatanimga nima berdim? Uning ravnaqiga qanday hissa qo’shmoqdaman? Hozirgi kunda har birimizni o’ylantiradigan, mushohadali savollar. O’ylaymanki, bu savollar hamda ularning javobi har qaysi sohadagi yurtdoshlarimning ongi-shuurida bor. Ular bugun har bir jabhada vatanimizga naflari tegishi uchun xizmat qilmoqda.
Bugun O’zbekiston- yoshlar mamlakati! Har bir farzandining orzu-istaklari uchun qanot bermoqda. Iqtidorli, bilimli, talantli yoshlarga keng imkoniyatlar eshigi ochilgan. “Farzandlarimiz bizdan ko’ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo’lishlari shart!” degan hayotiy da’vat har birimizning, ota-onalar va keng jamoatchilikning ongi va qalbidan mustahkam o’rin egallagan. Shu o’rinda yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikrlarini keltirib o’tishni joiz deb bildim: “Yoshlarimiz haqli ravishda Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo’lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g’urur va iftixor bag’ishlaydi”. Mana shu so’zlarni o’zi bizga katta ma’suliyat yuklaydi. Prezidentimizning yuksak ishonchi bizga kuch-g’ayrat bag’ishlaydi. Bizni doimo izlanishda, harakatda bo’lishga undaydi. Hozirgi kunda yurtimiz dovrug’ini dunyoga tanitayotgan yoshlarimiz ko’p. Ilm-fan sohasida, san’at va sport yo’nalishlarida jahonni lol qoldirayotgan o’zbek farzandlari bunga yaqqol misoldir.
Ayniqsa, shaxmat bo’yicha olti yoshli va o’n bir yoshli aka-uka Sindorovlarni jahon chempioni bo’lishi, bokschilarimizni ko’rsatgan natijalari, yoshgina olimamizni nufuzli chet mamlakatning universitetlarida professorlik darajasiga chiqishi, bizda katta faxr tuyg’usini uyg’otadi. Bizni yanada mehnat qilishga chorlaydi. Vatanni sevishga, uni qadrlashga, tuprog’ini ko’zimizga surtishga undaydi.
Hech eshitganmisiz, vatani tashlab ketgan odamni? Yo’q, aslo bunday bo’lmagan, o’zini tamom ila bizlarga bergan onamiz kabi fidoyidir u va ikkisining ham unitib bo’lmas o’z o’rni bordir yuragimizda. Zero, shuning uchun “Ona vatan” deganimiz shubhasiz to’g’ri, albatta. Vatanni tashlab ketgan insonlarni kim deb ataymiz? Kim ular? Shunday jannatmakon yurtni tashlab ketish mumkinmi?
Bu narsalarni aqlga sig’dirish mushkuldir. Xizmat safariga uch yoki to’rt kunga ketayotganlar yurtining tuprog’idan o’zlari bilan olib ketishadi. Ular qaytib kelishadi, lekin begona joyga borishlari bilanoq, oilasini, vatanini sog’inishni boshlaydi. Aynan shu paytda yurtidan olib kelgan bir kaft tuproq ularga yupanch va malham bo’ladi. Ammo bilib turib, ongli anglagan holda yurtidan chiqib ketganlarchi… Ular ham ona tuproqlaridan olib ketishganmi? Yo’q, ular orasida o’z yurtining tuprog’ini tepkilash uchun chiqib ketganlarni borligi, biz uchun achinarli. Balki, ular adashgandir. Chunki inson borki, hayotida albatta xato qiladi. Ko’zda yoshim va yuzimda tabassumim bilan guvohi bo’lmoqdamanki, Ona vatanim adashgan, xato qilgan o’z farzandlarini kechirmoqda, ularga imkon bermoqda. Bag’ri keng, kechirimli, musaffo yurtda yashash ham o’zgacha iftixor.
Onamning qalbidek, toza, pok vatanni qanday sevmaslik mumkin?
Ona vatan tuyg’usi bu- shu aziz yurtga chin farzand bo’la olish, unga pokiza muhabbat hamda yuksak ehtirom ila qarash demakdir. Ana shu tuyg’u kabi chin insoniy hislarga ega bo’lgan odam o’z vatanini sevmasligi, vatanidan yiroqda bo’lganida uni qo’msamasligi mumkin emas. Ma’rifatparvar adib Abdurauf Fitrat shunday yozgan edi: “Yurtim, Turonim, sendan ayrilmoq- mening o’limim. Sening uchun o’lmoq- mening tirikligimdir”. Shunday ekan, bobolarimiz yetisholmagan ozod yurtda yashar ekanmiz, albatta ularga munosib davomchi avlod bo’lishimiz har birimizning burchimiz va qarzimizdir.
Demak, O’zbekiston – yoshlar mamlakati ekan, biz yoshlar ham shu vatanga munosib bo’lishimiz, qanchadan qancha mashaqqatlar evaziga qo’lga kiritilgan mustaqilligimizni, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev sa’y harakatlari bilan kechayotgan erkin va farovon turmushimizni, tinch va osuda hayotimizni ko’z-qorachig’imizdek asrashimiz, uning g’ururi, faxr-u iftixori ham bo’lmog’imiz lozim.
Zero, vatan taraqqiyotiga loqayd qaramagan insonlar jamiyatigina yuksak marralarni zabt etishga qodir!
O’zimga bo’lgan ishonch, kelajakka umid- bularning barcha-barchasini anglashimga yolg’iz sababkorimdan keyin sen sababkorsan. Mening muhabbatim ham, xijronim ham yolg’iz sen. Tunlarimni tongga ulagan, onggimda, shuurimda, xayollarimda gullagan o’sha qip-qizil atirgul yaproqlarida seni ko’raman. Lolavor ruhimni yupatgan ham yolg’iz sen. Sensan Vatanim!
Men vatanimdan minnatdorman. Quyosh sevgan yurt farzandi ekanimdan behad baxt og’ushidaman.
Men baxtiyorman! Sababi, buyuklar yurti- O’zbekiston farzandiman!


QarMII Energetika fakulteti
2-bosqich talabasi Fayziyev Muzaffar Parda o’g’li.
Download 27.69 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling