Microsoft Word Кобилов. Иктисод назарияси. Дарслик лот doc
Mulkchilikning iqtisodiy va huquqiy mazmuni
Download 2.93 Mb. Pdf ko'rish
|
Qobilov Sh Iqtisodiyot nazariyasi darslik 2013
1. Mulkchilikning iqtisodiy va huquqiy mazmuni
Har qanday jamiyatning iqtisodiy tizimi mulkchilikdan boshlanadi. Hamisha avlodlar mehnati yaratgan va tabiat in’om etgan boyliklar mulk bo‘lib kelgan. Mulk egasi bo‘lish yoki bo‘lmaslikka qarab, kishilarning jamiyatdagi mavqei, aniqrog‘i, ularning ijtimoiy maqomi yuzaga keladi. Mulkiy munosabatlarga asoslanmagan iqtisodiyot bo‘lishi mumkin emas. Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoya- sidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin (O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 53-modda). Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini mustahkamlashda «Mulkchilik masalasini hal qilish bozorni vujudga keltirishga qaratilgan butun tadbirlar tizimining tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi», degan da’vati bugungi kunda o‘z tasdig‘ini topdi. Darhaqiqat, mulk sohibi o‘z mulkiga tayanib, mustaqil ish yuritadi, u qaram emas. Mulksiz, o‘zga mulkini ijaraga olib, faoliyat yurgizishi yoki mulkdorga yollanib yoki nochorlikdan unga qaram holda ishlashi, birovning qo‘liga qarab qolishi mumkin. Har bir kishi o‘z mulki orqasidan kun ko‘radi. Yer egasi dehqonchilik qilish yoki yerni ijaraga berishdan, pul egasi uni qarzga berib, foiz olishdan, kapital egasi uni biznesda ishlatishdan, nihoyat, ish kuchi egasi yollanib ishlashdan daromad topadi. Iqtisodiy islohotlarning bugungi bosqichida (bundan 21 yil oldin davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan) eng muhim dolzarb vazifa – mulkiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirishdir. Uning tub mohiyati – mulkni haqiqiy egalari qo‘liga berishni tezlashtirish, tadbirkorlik uchun keng yo‘l ochib berish va mulkdorda yangi mulk egasi hissiyotini tarbiyalashdan iborat. 79 Mulkchilik o‘zlashtirish borasidagi munosabat bo‘lar ekan, u egalik qilish, foydalanish va tasarruf etishning yaxlitligini taqozo etadi. Mana shu uch jihat mulkchilikning ajralmas unsurlaridir. Mulkchilik iqtisodiy hamda yuridik kategoriya sifatida uch ajralmas jihatga ega: egalik qilish, tasarruf etish, foydalanish. Egalik qilish – mulkdorlik huquqining mulk egasi qo‘lida saqlanib turishidir. Egalik sharoitida mulk bo‘lgan boylik qisman o‘zlashtiriladi. Mulkka egalik saqlangan holda, uni amalda ishlatish o‘zga qo‘lida bo‘ladi. Buning oqibatida mulkdan kelgan naf ikki qismga ajraladi: bir qismini mulkdor, ikkinchisini mulkni amalda ishlatuvchi o‘zlashtiradi. Masalan, bino ijaraga berilganda, egalik qilish mulkdor qo‘lida qoladi va u mulkdan kelgan nafning faqat bir qismini ijara haqi shaklida o‘zlashtiradi. Boshqa qismi esa ijarachi o‘zlashtiradi. Xullas, egalik qilish qisman, cheklangan o‘zlashtirishni bildiradi. Foydalanish, ishlatish – mulk bo‘lgan boylikni iqtisodiy faoliyatda qo‘llab, xo‘jalik jarayoniga kiritib, undan natija olishdir. Foydalanish yuz berganda, boylik daromad topish yoki shaxsiy ehtiyojni qondirish uchun ishlatiladi. Mulkdor o‘z mulkini o‘zi ishlatganda, egalik qilish va foydalanish bir qo‘lda bo‘ladi. Olingan natijani mulkdor tanho o‘zi, boshqa bilan baham ko‘rmagan holda o‘zlashtiradi. Egalik qilish va foydalanish ajralganda, mulk keltirgan naf ham taqsimlangan holda o‘zlashtiriladi. Tasarruf etish – mulk bo‘lgan boylik taqdirini mustaqil hal etish, ya’ni mulkni sotib yuborish, ijaraga berish, merosga qoldirish, asrab- avaylab ko‘paytirish yoki uni yo‘qotib yuborishdan iborat xatti- harakatlarni amalga oshira bilishdir. Mulkchilik munosabat ekan, albatta, uning obyekti va subyekti bo‘lishi shart. Mulkchilik obyekti – bu mulkka aylangan barcha boylik turlari. Unga yer, suv, konlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi, mashinalar, mashina- uskunalar, bino-inshootlar, mahsulotlar – xizmatlar, tarixiy-madaniy yodgorliklar, ilmiy-texnikaviy g‘oyalar, tovar belgilari, tovarlarning o‘zi, mehnat – aqliy-jismoniy qobiliyatlar va boshqalar kiradi. Mana shu moddiy va nomoddiy ne’matlarni o‘zlashtirish yuzasidan mulkiy aloqa shakllanadi. Ne’matlar mulkka aylangandagina o‘zlashtiriladi. Mulkchilik subyekti – mulk obyektini o‘zlashtirishda qatnashuvchilar, mulkiy munosabatlarning ishtirokchilari. Bular jumlasiga ayrim kishilar, oilalar, aholining ijtimoiy guruhlari, hududiy birlashmalar, har xil jamoalar, ijtimoiy, diniy tashkilotlar va nihoyat, davlat kiradi. Aytilgan subyektlarga qarab o‘zlashtirish individual, oilaviy, ijtimoiy-sinfiy, 80 hududiy va umummilliy tus oladi. Ijtimoiy tabaqalashgan jamiyatda o‘zlashtirish o‘zining darajasi va usuliga qarab har xil bo‘ladi. O‘zlashtirish ikki yo‘sinda boradi: 1) ishlab chiqarish resurslari, ya’ni vositalarini o‘zlashtirish. Bunda moddiy va mehnat resurslari ishlab chiqarish sohibining mulkiga aylangandan so‘ng o‘zlashtiriladi. Ishlab chiqarishdagi o‘zlashtirish birlamchi. Bu yerda ishlab chiqarishning har ikkala omili (moddiy va inson omillari) birikadi, mahsulot va xizmatlar yaratiladi. Mana shu omillarning o‘zlashtirilishiga qarab, mehnat natijalariga nisbatan mulk shakllanadi; 2) ishlab chiqarish natijalarini o‘zlashtirish – yaratilgan mahsulot (ish) – xizmatlarni, ularni sotishdan kelgan daromadni kimning mulkiga aylanishini bildiradi. Resurslar kimning mulki bo‘lsa, natija ham uniki. Ammo bu qoida egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish yaxlit holda va bir subyekt ixtiyorida bo‘lganda, yuz beradi. Mulkchilik o‘zlashtirishning iqtisodiy usullarini anglatadi. Ammo, uning g‘ayriiqtisodiy usullari ham uchrab turadiki, bu boylikni mulk egasidan zo‘rlik bilan tortib olish yoxud uni o‘z egasi tomonidan ixtiyoriy ravishda umummilliy maqsad yo‘lida, savob-xayriya ishlari uchun boshqa subyektga berilishi, uning mulkiga aylanishidir. Islom mamlakatlarida azaldan din rivoji uchun xayriya berish bor. Bu yerda vaqf mulki, vaqf boshqarmasi va hatto vaqf banklari bor. Vaqf mulki ko‘ngilli xayriyadan tashkil topadi, uning shakllanishi g‘ayri iqtisodiy usulda yuz beradi. Mulk egasi o‘z boyligini diniy tashkilot ixtiyoriga vaqf qilib beradi, ya’ni o‘z mulkidan ko‘ngilli ravishda voz kechadi va u o‘zga mulkiga aylanadi. Iqtisod insoniylashib borgan, uning samarasi oshgan sayin boylikning xayriya uchun ajratilgan qismi ortib boradi. Turli-tuman xayriya fondlari – pul mablag‘lari tashkil topadiki, ularni turli mulk egalari ajratadilar. Masalan, Orol fondi, Oltin meros, Ekosan xalqaro jamg‘armasi, Mahalla jamg‘armasi va h.k. Mol-mulkni zo‘rlik bilan tortib olish ekspropriatsiya, ya’ni musodara deyiladi. Agar uning haqini to‘lamasdan sud hukmi yoki ma’muriy yo‘l bilan tortib olinsa, konfiskatsiya deyiladi. Mulk egasi bilan kelishgan holda va haqini to‘lab qonuniy ravishda olinsa, rekvizitsiya yuz beradi. Download 2.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling