FRIDRIX VILGELM NITSHE
(1844-1900)
Nemis faylasufi Fridrix Nitsshe Prussiyaning Ryokken muzofotidagi protestant ruhoniysi oilasida dunyoga keldi. Nitsshelar sulolasining uchinchi avlodi polyak dvoryanlariga mansub bo‘lgan.
Nitsshe taqvodorlik muhitida o‘sgan. Gimnaziyadagi do‘stlari uni «ibodatxonadagi 12 yoshli Iso»ga o‘xshatib «Mitti pastor» deb atashgan. Nitsshe Injil suralarini va cherkov qo‘shiqlarini shu darajada ta’sirchan ijro etganki, tinglovchilar beixtiyor ko‘zlariga yosh olishgan.
Nitsshe Bonn va Leyptsig shaharlarida ta’lim olgan. Mutaxassisligiga ko‘ra filolog bo‘lgan Nitsshe tengqur talabalar orasida o‘zining kuchli qobiliyati bilan ajralib turgan. U 22 yoshida Markaziy adabiy gazetada xizmat qilgan.
25 yoshida Bazel universitetining professori bo‘lgan.
Nitsshe 1869-1879 yillar oralig‘ida Bazelda yashagan hamda faylasuf Rixard Vagner bilan tanishgan. Nitsshening o‘zi bu haqda shunday deb yozadi: «Biz bir necha yil Vagner bilan hamma katta-kichik narsalarni teng baham ko‘rdik; o‘rtamizdagi ishonchning cheki yo‘q edi».
Nitsshe bosh og‘rig‘i va qandaydir noma’lum kasallik xurujidan umr bo‘yi azob chekkan.
Nitsshe Artur Shopengauerning yovvoyilar to‘dasi to‘g‘risidagi masalini o‘qigach, jamiyatning ichki mohiyati nimadan iboratligini anglab oldi. Shundan keyin u Shopengauerning ashaddiy muxlisiga aylandi. Chunki Shopengauerning ko‘plab fikrlari Nitsshega juda yaqin edi.
1876 yilning kuzida Nitsshe salomatligi yomonlashgani tufayli universitetdagi ma’ruzalarini to‘xtatib, bir yillik ta’tilga chiqadi va Sarrentoga ko‘chib o‘tadi. Ana shu yerda uning dunyoqarashida keskin burilish ro‘y beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |