Yunonistonlik faylasuf, notiq Horgiy Sitsiliyadagi Leontin shahrida tug‘ilgan. U faylasuf Empedoklning shogirdi. 427 yildan boshlab Afina shahrida yashagan. Horgiyning quyidagi asarlari ma’lum: «Yelenaga maqtovlar» (ma’ruza), «Tabiat to‘g‘risida», «Palamedniyoqlab...»
* * *
Dori-darmon jismimizga qanday ta’sir o‘tkazsa, so‘z ham ruhimizga shunday ta’sir etadi. Dorilarning ba’zisi tanadagi turli xiltlarni haydasa, boshqalari goho o‘limga sabab bo‘ladi. Xuddi shunga o‘xshash ba’zi bir notiqlar tinglovchilarni qayg‘uga botirsa, boshqalari ularga huzur-halovat, ko‘tarinkilik baxsh etadilar. Ayrim notiqlar esa insonlar qalbiga qutqu solsalar, yana birovlari tinglovchilarda mardonavorlikni jo‘sh urdiradilar. Boshqa bir toifa notiqlar yovuz so‘zlari bilan tinglovchilarni rom etib, qalblarni zaharlaydilar.
* * *
San’at odamlarni boshqa hunarlardan ko‘ra ko‘proq ishontiradi. San’at majburlash orqali emas, balki ixtiyoriy ravishda hammani o‘z quliga aylantiradi.
PROTAGOR
(Taxminan miloddan avvalgi 480-410 yillar)
Qadimgi yunon faylasufi, mohir notiq Protagor Abdera shahrida tug‘ilgan. U sofistlardan bo‘lib, talabalarga falsafa, notiqlik va bahs san’ati (eristika)dan saboq bergan. «Sofist» — qadimiy yunoncha so‘z bo‘lib, usta, yaratuvchi, ixtirochi, donishmand degan ma’nolarni anglatadi. Ammo miloddan avvalgi V asrning ikkinchi yarmidan bu so‘z alohida ma’no kasb eta boshladi. Ya’ni falsafa, notiqlik va bahs san’atidan pullik saboq beruvchilar sofistlar deb atala boshladi.
Protagorni 411 yilda dahriylikda ayblashdi, uning «Tangrilar haqida» deb nomlanuvchi kitobi yoqib yuborildi, o‘zi o‘lim jazosiga hukm etildi. Ammo hukm bekor qilinib, Protagor avf etildi va Afinadan badarg‘a qilindi. Protagor 410 yilda Janubiy Italiyadan Sitsiliyaga ketayotib, Messin bo‘g‘ozida suvga cho‘kib halok bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |