SUQROT
(Miloddan avvalgi 469-399 yillar)
Mashhur yunon faylasufi Suqrot Attika shahrida haykaltarosh Sofroniks va doya Fenaretta oilasida dunyoga keldi. U juda ko‘rimsiz qiyofaga ega bo‘lgan. Past bo‘yli, qorni osilgan, kalta bo‘yinli, keng va do‘ng peshonali, yapaloq, tanqaygan burunining teshiklari katta, lablari do‘rdoq Suqrotning ukki ko‘zlari kishiga zimdan boqishga moyil edi. U doim eski liboslarda, yalangoyoq yurgan.
Ayollar borasida ham Suqrotning omadi yurishmagan. Garchi ikki marta uylangan bo‘lsa-da, oilaviy baxtga erisholmagan.
Suqrot asosiy vaqtini munozara va bahslarda o‘tkazgan. Bahslarda doim uning qo‘li baland kelgan. Shuning uchun ko‘pincha uning sochidan tortib kaltaklashgan, ustidan kulib, haqoratlashgan. Suqrot hammasiga dosh bergan. Hatto bir kuni tepki yeganda ham chidab turavergan. Odamlar bundan ajablanishganda ularga qarata shunday degan: «Eshak tepsa, uni sudga berolmayman-ku!»
Suqrot mohir raqqos bo‘lgan va bunday mashqni jismning salomatligi uchun foydali deb bilgan.
U talabalarga og‘zaki saboq bergan va hech qanday yozma manba qoldirmagan. Timey ismli shogirdi: «Ey ustoz, nima sababdan dono fikrlaringizni qog‘ozga tushirmaysiz?» — deb so‘raganda, Suqrot: «Ey Timey, o‘lik hayvonlarning terisiga ishonching va tirik, barhayot fikrlarga ishonchsizliging juda mustahkam ekan», — deb javob bergan.
399 yil Suqrot bir yurtdoshining fitnasi tufayli fuqarolik me’yorlarini buzganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan va qatl etilgan. Sudda Suqrotning og‘zidan chiqqan so‘nggi so‘zlar shunday bo‘lgan: «Menga o‘lish uchun, sizga esa yashash uchun bu yerni tark etish fursati yetdi. Faqat buning qay biri afzalligi Xudodan o‘zga hech kimga ayon emas».
Do'stlaringiz bilan baham: |