G’USL KITOBI
Alloh taolo bunday deydi: «Agar yaqinlik (aloqa) etsangiz, g‘usl qilingiz! Agar
betob bo‘lsangiz, yoki safarda bo‘lsangiz, yoki qazoi hojat etsangiz yoki ayolga
yaqinlashsangiz-u suv topmasangiz, toza tuproqqa tayammum qilingiz,
yuzingizga surtingiz va ikki qo‘lingizga surtingiz. Alloh taolo sizni qiynab
qo‘yishni istamaydi, ammo sizning gunohdan va nopokliqdan forig‘
bo‘lishingizni istaydi. Sizga mo‘l-ko‘l ne’mat ato qilgayman, shoyadki siz shukr
etsangiz!»
Alloh taolo yana bir oyati karimasida aytadi: «Ey mo‘‘minlar, mast holda nima deb
aytayotganingizni biladigan bo‘lguningizcha namozga kirmangiz va nopok
holda tahorat olmaguningizcha masjidga yaqin bormangiz, yo‘lovchi bo‘lsangiz,
o‘tib ketsangiz, mayli. Agar betob bo‘lsangiz yoki safarda bo‘lsangiz yoki
tahorat ushatsangiz yoki xotinga yaqinlik qilsangiz-u, suv topmasangiz, toza
tuproqqa tayammum qilingiz ikki kaftingizni tuproqqa tekkizib yuzingizga
surtingiz va qo‘llaringizga surtingiz. Darhaqiqat, Alloh taolo (gunohlarni) avf
qilguvchi va kechirguvchidir».
1-bob. G’usldan avval tahorat olmoq
Rasulullohning xotinlari Oisha raziyallohu anho dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va
sallam jimo’dan keyingi g‘uslni avval qo‘llarini yuvishdan boshlar edilar. Keyin namozga
tahorat olgandek tahorat olar edilar, so‘ng qo‘llarini suvga tiqib ho‘llab, sochlarining
oralariga panjalarini kirgizib, ishqar edilar, keyin boshlariga 3 hovuch suv quyar edilar.
Shundan so‘ng butun badanlarini suv quyib yuvar edilar».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xotinlari Maymuna raziyalloxu anxo dedilar:
«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namozga tahorat olgandek tahorat oldilar, lekin
oyoqlarini yuvmadilar (mustahab qildilar). So‘ng maniy tekkan joyni yuvib tashladilar,
keyin ustlariga suv quyib, butun badanlarini yuvdilar-da, chetga chiqib turib, ikki
oyoqlarini yuvdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning jimo’dan keyingi g‘usllari
mana shudir».
Do'stlaringiz bilan baham: |