Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
152 javrashda davom etdi Korovyov, — nainki beshinchi o‘lchov nazariyasidan, balki, umuman hech vaqodan xabari bo‘lmagan, ammo shunga qaramay, o‘z kvartiralarini kengaytirish borasida eng barkamol mo‘‘jizalar yaratgan odamlarni bilaman. Chunonchi, menga hikoya qilib berishgan edi, shaharlik bir kishi Zemlyanoy valda uch xonali kvartira olib, hech qanday beshinchi o‘lchov nazariyasi va o‘zga esni og‘dirib qo‘yuvchi nayranglarsiz, hash-pash deguncha, kvartirasini to‘rt xonali qilgan — xonalardan birining o‘rtasidan devor olib. Keyin uni Moskvaning boshqa-boshqa rayonidagi ikkita alohida (biri — uch, ikkinchisi — ikki xonali) kvartiraga ayirboshlagan. Mana sizga — beshta xona. Keyin o‘sha uch xonali kvartirasini ikkita ikki xonaliga almashtirib, o‘zingiz ko‘rib turibsizki, olti xonaga ega bo‘lgan. Shunda u, Moskvaning turli rayonlaridagi olti xonadan iborat o‘sha kvartiralarini Zemlyanoy valdagi bitta besh xonali kvartiraga almashtirmoqchi bo‘lgani haqida gazetaga e’lon berib, eng oxirgi va eng g‘aroyib nayrang qilmoqchi bo‘lib turganida, birdan bu faoliyati unga daxldor bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, taqqa to‘xtab qolgan. To‘g‘ri, hozir ham u biron-bir xonaga joylashgan, albatta, lekin sizni ishontirib aytamanki, u xona Moskvadan tashqarida bo‘lishi kerak. Ko‘rdingizmi, qanaqa olg‘irlar bor, siz bo‘lsangiz beshinchi o‘lchovni gapirib o‘tiribsiz. Beshinchi o‘lchov haqida gap ochgan Margarita emas, Korovyovning o‘zi edi, shunga qaramay, Margarita kvartira almashtiruvchi ucharning sarguzashtlarini eshitib, sho‘x kulib yubordi. Korovyov davom etdi: — Maqsadga o‘taylik, Margarita Nikolaevna. Siz g‘oyat oqila ayolsiz, shunga ko‘ra, sohibimizning kimligini fahmlagan bo‘lishingiz kerak. Margaritaning yuragi «shuv» etib ketdi, u indamay bosh irg‘atdi. — Ana, tushunibsiz, — dedi Korovyov, — biz har qanday chala-yarim, mavhum gaplarga qarshimiz. Sirasi, messir har yili bir marta bal beradilar. U bahorgi to‘linoy bali yoxud yuzta qirol bali deb ataladi. Tumonat odam keladi! Hali bunga o‘zingiz shohid bo‘lasiz. Qisqasi: messir bo‘ydoq — buni o‘zingiz ham gushunib turgan bo‘lsangiz kerak. Biroq beka yo‘q, — Korovyov qo‘llarini yoydi, — o‘zingizdan qolar gap yo‘q, qanday qilib bal bekasiz... Margarita Korovyovning har bitta so‘zini nihoyatda diqqat bilan tinglarkan, qalbining teran yeri uvishganday bo‘ldi — o‘z baxtiga erishish umidi uning boshini aylantirardi. — Bizda an’ana bo‘lib qolgan, — deb gapida davom etdi Korovyov, — bal bekasining ismi albatta Margarita bo‘lishi kerak, bu birinchidan, ikkinchidan esa, bal beriladigan yerda tug‘ilgan bo‘lishi shart. Ko‘rib turibsizki, biz jahongashtalarmiz, bu safar, Moskvada manzil qurdik. Bu yerda biz yuz yigirma bitta Margaritani uchratdik, lekin ishonasizmi, — deb Korovyov hafsalasi pir bo‘lib o‘z soniga «shap» etib urdi, — bittasi ham to‘g‘ri kelmadi. Va nihoyat, bizga baxt kulib boqdiyu... Korovyov qaddini egib, ma’nodor jilmaydi, shunda Margaritaning yuragi bir orziqib tushdi. — Qisqa qilaman! — dedi Korovyov, — eng qisqasi: shu mas’uliyatni zimmangizga oling desak, yo‘q demaysizmi? — Yo‘q demayman, — qat’iy javob qildi Margarita. — Albatta-da! — dedi Korovyov va shamchiroqni baland ko‘tarib ilova qildi: — Marhamat, men bilan yuring. Ular ikki qator bo‘lib tizilgan ustunlar orasidan yurib borib nihoyat boshqa bir zalga o‘tishdi, bu yerda o‘tkir limon hidi dimoqqa urildi, allanimalarning qitirlagani eshitildi, buning ustiga yana Margaritaning boshiga allaqanday sharpa tegib o‘tdi. U seskanib ketdi. — Qo‘rqmang, — deb muloyim ohangda tasalli berdi Korovyov, Margaritani qo‘ltiqlab olarkan, — bu Begemotning baloldi nayranglari, xolos. Umuman, men sizga, Margarita Nikolaevna, hech qachon, hech nimadan qo‘rqmaslikni maslahat berishga jur’at etmoqchiman. Ko‘rqish telbalik. Sizdan yashirib o‘tirmayman — bal nihoyatda dabdabali bo‘ladi. Biz, hukmronlik hududi o‘z vaqtida benihoya ulkan bo‘lgan shaxslarni ko‘ramiz. Ammo ularning imkoniyatlarini kamina muqarribi bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lgan zotning imkoniyatlariga muqoyasa qilinsa, u dengiz oldida bir tomchi ham bo‘la |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling