Konfutsiychilikning Хitoyda tarqalishi. Garchi konfutsiychilar o’z ta’limotlarini qadimgi Chjou aqidalariga bog’liq urf-odatlar, marosimlar, axloqiy me’yorlar asosiga qurgan bo’lsalar-da, ular mazkur aqidalar orasida o’z munosabatlari, qolaversa, har bir masala yuzasidan o’z xulosalarini ham berib bayon qilar edilar. Mana shu narsa konfutsiychilikning muvaffaqiyatga erishishiga sabab bo’ldi. Undan tashqari uning muvaffaqiyatiga sabab bo’lgan omillardan yana biri konfutsiychilarning o’zlari foydalangan qadimgi kitoblar, she’rlar, risolalarni yig’ib o’quvchilariga o’rgatganliklaridir. Bu ishning asosiy qismi Konfutsiyning o’zi tomonidan bajarilgan edi. U turli podshohliklarda mavjud bo’lgan uch mingdan ortiq qadimiy qo’shiqlar, yozuvlarni jamlab, ularni qayta tahrir qilgan edi. Konfutsiy va uning shogirdlari tomonidan tahrir qilingan asarlar keyinchalik konfutsiychilikning asosiy manbalariga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |