Milliy siyosat va davlat qurilishi masalalari


Download 22.15 Kb.
Sana21.11.2023
Hajmi22.15 Kb.
#1791879
Bog'liq
REFERAT - Milliy siyosat va davlat qurilishi masalalari


Milliy siyosat va davlat qurilishi masalalari.

1-masala:


Bolsheviklar partiyasi bosh bo‘lgan sovet hokimiyati Turkistonda uzoqqa mo‘ljallangan o‘z makkorona rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Shu maqsadni ko‘zlab u XX-asrning 20-yillari boshlaridan bu zaminda mustamlakachilarga xos bo‘lgan “bo‘lib tashla, hokimlik qil” qabilidagi o‘z milliy siyosatini hayotga izchil tadbiq etish yo‘lini tutdi. Sovet mutasaddilari o‘zlarining niqoblangan soxta ishlari, yolg‘on-yashiq va’dalari va da’vatlari bilan mazlum millat kishilarini o‘z hukmlariga bo‘ysundirishga, “yagona Turkiston uchun” kurash g‘oyasini yo‘qqa chiqarishga intildilar.


Turkiston xalqlari o‘z milliy davlatchiligini tiklash va rivojlantirishga intilardi. 1920-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan Turkiston Kompartiyasining V o‘lka konferensiyasida Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi T.Risqulov so‘zga chiqib, mushtarak Turkiston g‘oyasini ilgari suradi. Asosan turkiy xalqlardan iborat Turkiston Avtonom Respublikasini Turk Sovet Respublikasi, Turkiston Kompartiyasini Turkiy xalqlar Kompartiyasi, deb o‘zgartirishni taklif qiladi. Bu takliflar o‘lka ijtimoiy-siyosiy hayotida, RKP(b) Markazqo‘mi, uning siyosiy byurosi, sovet hokimiyati doiralarida turli bahslarga sabab bo‘ldi. Shu bois “Turkiston masalasi” bir necha bor Markazda muhokama qilindi. 1920-yil 13-iyunda T.Risqulov, N.Xo‘jayevlardan iborat Turkiston xalqlari delegatsiyasi o‘z amaliy takliflari bilan bevosita sovet hukumati rahbari V.I.Lenin qabulida bo‘ladi. Sovet hukumati rahbariyati va bu masalani 1920-yil 29-iyulida ko‘rib chiqqan RKP(b) Markazqo‘mi Siyosiy byurosi Turkiston xalqlari delegatsiyasi iltimosnomasiga ijobiy baho bera olmadi. Buning aksicha, sovet hukumati va partiya rahbariyati o‘lkadagi vaziyatni tezlikda bartaraf etish uchun shoshilinch tarzda “Turkistonda hokimiyatni tashkil etish to‘g‘risida”gi maxsus qarorni qabul qilib, bunda Turkistonda Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi, RSFSR Xalq Komissarlari Soveti va RKP(b) Markaziy Qo‘mitasining doimiy vakolatxonasi bo‘lishi kerakligi zarur, deb ko‘rsatildi. Mazkur qaror o‘lka hayoti ustidan nazoratni kuchaytirish, sovet hokimiyati negizlarini mustahkamlashga xizmat qildi.


Shunday qilib, o‘lka xalqlarining o‘z taqdirini o‘zi belgilash, o‘z milliy davlatchiligini o‘z xohishlaricha huquqiy asosda tashkil qilish borasidagi yana bir urinishi barham toptirildi. O`lka xalqlarining orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga muvaffaq bo‘la olmagan Turkiston avtonom respublikasi hukumati raisi T.Risqulov tez orada o‘z lavozimidan iste’foga chiqishga majbur bo‘ladi. Sovet Rossiyasi hukumati Turkistonning emin-erkin rivojlanish yo‘lidan ilgarilab borishini emas, balki uning doimiy nazoratlari ostida bo‘lishini xohlardi. O`lkaning mehnatsevar, jafokash xalqi, uning boyliklari va tabiiy mineral resurslari Markaz foydasiga ishlashi, xizmat qilishi ularning birdan-bir muddaolari edi. Hukmron Markaz tashabbusi bilan tashkil etilgan Turkkomissiya, O`rta Osiyo byurosi, O`rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi singari nufuzli organlarning o‘lka hayotining barcha jabhalarini o‘z nazoratiga olishi, o‘z iznlariga bo‘ysundirish borasida harakat etib kelganligi boisi ham mana shundadir.


Ma’lumki, bolsheviklar boshliq sovetlar hokimiyati barcha usul va g‘oyaviy ta’sir vositalarini ishga solib, mazlum millatlarni yagona bir qizil saltanat tarkibiga birlashtirish, shu asosda qudratli ittifoq davlatini barpo etishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ydilar. Chorizmning mustamlakachilik siyosatini boshqacha shakl va ko‘rinishlarda ustamonlik bilan davom ettirgan makkor sovet rejimi sovet respublikalari ittifoqini tuzishga, ularni RSFSR atrofiga jipslashtirishga asosiy e’tibor qaratdi. Sovet hukumati rahbari V.I.Lenin, yangi ittifoq RSFSRdan yuqori bo‘ladi va unga RSFSR ham boshqa milliy respublikalar kabi teng maqom va huquqlar bilan kiradi, degan fikrni bildirdi. Bu sovetlarning yana bir o‘ziga xos hiylasi edi.


Nihoyat, RKP(b) MQ rahbarligida joylarda uzoq vaqt olib borilgan tashviqot-targ‘ibot ishlari va ko‘rsatilgan tazyiqlar o‘z natijasini berdi. Ukraina, Belorussiya, Kavkazorti Federatsiyasi Kompartiyalari, bu respublikalarning sovetlar s’ezdlari RKP(b) Markazqo‘mining “SSSRni tuzish to‘g‘risida”gi takliflarini qo‘llab-quvvatlashlarini bayon qildilar. 1922-yil 26-dekabrda sovetlarning Butun Rossiya X-s’ezdi sovet respublikalarini yagona sovet davlatiga birlashtirishni zarur deb topdi.


1922-yil 30-dekabrda Moskvada Butunittifoq sovetlarining I-s’ezdi SSSRni tuzish to‘g‘risidagi Deklaratsiya loyihasini ko‘rib chiqib, Deklaratsiya va Ittifoq Shartnomasini tasdiqlaydi. SSSRning yuqori hokimiyat organlari – Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va hukumati tuzildi. V.I.Lenin SSSR Xalq Komissarlari Soveti raisi etib tasdiqlandi.


Shunday qilib, oktabr to‘ntarishidan 5 yil o‘tgandan keyin 1922-yil 30-dekabrda SSSR tuzildi. Uning ta’sischilari RSFSR, Ukraina, Belorussiya va Kavkazoprti Federativ respublikalari hukumatlari bo‘ldilar. Keyinchalik uning tarkibi kengayib bordi. XX-asrning 30–40-yillari boshlariga kelib bu ittifoq davlati tarkibi yangi respublikalar hisobiga kengayib, u son jihatidan 15 taga yetkazildi. Shunday qilib, yer yuzi hududining 1/6 qismini egallagan qudratli sovetlar saltanati vujudga keldi. Bu ittifoqqa asos solingan barcha dasturamal hujjatlarda tenglik, birodarlik tushunchalari aks ettirilsada, biroq amalda u hukmron Markaz uchun butun-butun xalqlarning taqdiriyu qismati, inon-ixtiyorini tamomila o‘z tasarrufiga bo‘ysundirishga xizmat qilgan tuzoq rolini o‘tab keldi. Negaki, bu ittifoq uning tarkibiga kiritilgan har bir milliy respublikalarning amaldagi mustaqilligini barham toptirdi, emin-erkin rivojlanishiga g‘ov bo‘ldi. Bunday o‘gir ayanchli qismatni O`zbekiston va uning jabrdiyda xalqi ham o‘z boshidan kechirdi.


2-masala:


Ma’lumki, O`rta Osiyo hududida qadim-qadimdan tili, dini, tarixi, madaniyati, an’analari bir-biriga juda yaqin, mushtarak qardosh va qondosh xalqlar yashab kelganlar. Bu yerda istiqomat qilgan o‘zbeklar, turkmanlar, tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlar, qoraqalpoqlarning xo‘jalik hayoti, turmush tarzi, udumlari ham o‘xshash bo‘lib, shu muqaddas ona zaminni o‘zlarining asl Vatanlari deb bilganlar. “Biz ildizi, tomirlari bir xil xalqmiz”, degan g‘oya azaldan avloddan-avlodga o‘tib keladi. Bu g‘oya doimo hudud yaxlitligi, birligiga xavf tug‘ilganda kuchli, yengilmas tushunchaga aylangan, xalqlarning bir-biridan ajralib, uzoqlashib ketishiga yo‘l qo‘ymagan. Biroq, afsuslar bo‘lsinki, pixini yorgan sovet hokimiyati arboblari qondosh va jondosh, tarixan bir hududda yashab kelgan birodar xalqlarni bir-biridan ajratib tashlash, ularning birlashib davlat tuzishlariga izn bermaslik ushun butun choralarni ishga solib borganlar. Bundan kuzatilgan bosh maqsad o‘lka xalqlarining birlashuviga, o‘z istiqlolini va istiqbolini birgalikda bunyod etishiga yo‘l qo‘ymaslik va shu asosda Markazning bu yerdagi hukmronligiga, sotsialistik qayta qurish jarayonining avj olishiga keng maydon yaratish edi. Shu maqsadda Turkistonni milliy o‘ziga xoslik, til birligi asosida bo‘lib tashlash g‘oyasi ilgari surildi.




Markazning hukmronlik irodasini bajarishga da’vat etilgan Turkiston ishlari bo‘yicha maxsus komissiya – Turkkomissiya zimmasiga o‘lkada milliy-hududiy chegaralanishni o‘tkazish va shu asosda bu hududda bir qator sovet respublikalarini tashkil qilish vazifasi yuklangan edi. RKP(b) Markazqo‘mi kotibi Ya.Rudzutak bu tadbirga bosh mutasaddi qilib belgilangan edi. Markaz mo‘ljallayotgan milliy siyosat mazmuni, mohiyatidan xabardor bo‘lgan Turkistonning ilg‘or ziyolilari o‘lka birligini zo‘r berib himoya qilishga urindilar. Biroq o‘lka jilovini qo‘lda mahkam tutgan bo‘lshevik mutasaddilar ularning haqqoniy fikrlarini hisobga olmadilar. Yagona va mustaqil Turkiston g‘oyasi uchun kurashgan vatanparvar kuchlar, milliy ziyolilar millatchilikda, turkparastlikda, islomparastlikda va sovet hokimiyatiga qarshilikda ayblandilar va qoralandilar. Shunday qilib, O`rta Osiyoni milliy-hududiy jihatdan alohida respublikalarga bo‘lib tashlash masalasi bir necha bor Markazda, Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalarida, ularning kompartiyalari plenumlarida, RKP(b) MQning O`rta Osiyo byurosi plenumlarida muhokama etilib, mahalliy xalqqa ta’sir va tazyiqlar o‘tkazilib borildi. O`rta O`siyo respublikalarida milliy-hududiy chegaralanish loyihasini tayyorlovchi maxsus komissiya tuzildi. Loyiha RKP(b) MQ O`rta Osiyo byurosining 1924-yil 2-iyundagi yig‘ilishida muhokama etilib, asosan ma’qullandi. Bundan norozi bo‘lgan mahalliy aholi vakillari, xususan, Xorazm respublikasining bir guruh mas’ul xodimlari, chunonchi, XKP MQ kotibi Odinayev, ichki ishlar noziri Abdusalomov, Yoqubov; Turkiston va Buxoro vakillari Sultonbek Xojanov, Sanjar Asfandiyorov va boshqalar yagona Turkistonni bo‘lib tashlash maqsadga muvofiq emas, deb e’tiroz bildirdilar. Ular Turkiston xalqlari birligini saqlab qolishga qaratilgan “O`rta Osiyo Federatsiyasini tuzish to‘g‘risida” taklif kiritdilar. Shuningdek, 1924-yil 8-mayda RKP(b) MQga “Xorazmda milliy masalani hal etish to‘g‘risida xat” kelib tushadi. Bu xatda ham Xorazm respublikasini bo‘lib yuborish maqsadga muvofiq emas, deyilgan edi. Biroq mahalliy xalqlarning talab va takliflari inobatga olinmadi. Aksincha, 1924-yil 12-iyunda RKP(b) MQ Siyosiy byurosi “O`rta Osiyo respublikalarini milliy-hududiy chegaralash to‘g‘risida”gi masalaga yana qaytib, uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Munozaralar tobora qizib borganligi sababli vaqtincha Xorazm respublikasida milliy-hududiy chegaralanishni to‘xtatib turishga qaror qilindi. Bu borada Xorazm Kompartiyasi va hukumati rahbarlariga har tomonlama ta’sir o‘tkazib borildi. Ularning ko‘pchiligi vazifasidan olinadi, qolganlari partiya qaroriga qo‘shilishga majbur bo‘ladi. Oqibatda 1924-yil 26-iyunda Xorazm Respublikasi rahbarlari Xorazm uchun ham milliy chegaralanishning zarurligini “e’tirof” etadilar. Shundan so‘ng, 1924-yil 15-iyulda O`rta Osiyo byurosi milliy chegaralanish loyihasini tayyorlash va 1924-yil oktabr oyida uni o‘tkazish zarur, degan xulosaga keldi. Bu qaror 1924-yil 14-oktabrda SSSR BMIQ tomonidan ham ma’qullanadi. Shu tariqa, sovet hukumati va uning joylardagi mahalliy tashkilotlarining 1920–1924-yillar davomida O`rta Osiyoda olib borgan, xalqqa yolg‘on va’dalar berishni ko‘zda tutgan “lenincha milliy siyosat”ni hayotga tatbiq etish bobidagi amaliy ishlari yakun topdi. Buning orqasida o‘lkaning tarixan tarkib topgan o‘ziga xos milliy xususiyatlari, hududiy yaxlitligi zavol topdi. Uning hududlarini kichik-kichik milliy bo‘laklarga bo‘lish ishlari yakuniga 1924-yil 24-oktabrda RKP(b) MQ plenumi so‘nggi nuqtani qo‘ydi.

Shunday qilib, hukmron Markaz zo‘ravonlarining bir necha yillik sa’y-harakatlari orqasida O`rta Osiyoning siyosiy jo‘g‘rofiyasi sun’iy ravishda o‘zgartirildi. Bu hududdagi ko‘p asrlik milliy davlatchilik tarixi an’analariga chek qo‘yildi. Buning yorqin ifodasi xususan Buxoro va Xorazm davlatlarining zo‘ravonlik yo‘li bilan tugatilganligida namoyon bo‘ladi. O`rta Osiyo hududida shu davrga qadar hukm surib kelgan uch davlat: Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari o‘rnida endilikda O`zbekiston SSR, Turkmaniston SSR, shuningdek, O`zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR tuzildi. Qirg‘izlar yashagan huddudlar Qoraqirg‘iz (Qirg‘iziston) muxtor viloyatiga birlashtirilib RSFSR tarkibiga, Turkistonning qozoqlar yashaydigan tumanlari Qozog‘iston ASSR ixtiyoriga berildi. Qoraqalpoqlar yashaydigan hududlar Qoraqalpoq muxtor viloyatiga birlashtirilib Qozog‘iston ASSR tarkibiga kiritildi. O`lkada beshta milliy davlat birlashmalari tashkil etildi. Natijada, yagona Turkiston xalqlari bir-biridan sun’iy ravishda uzoqlashtirildi. Bu hol sovetlarga o‘lkada o‘z hokimiyatini mustahkamlash ushun katta imkoniyatlar yaratib berdi.


3-masala:


Milliy-hududiy chegaralanish natijasida O`zbekiston SSR tashkil etildi. Uning tarkibiga quyidagi hududlar: Turkiston ASSRning 9 ta uezdi, 133 ta tumani va 7 ta qishloq okrugi; Buxoro respublikasining 9 ta viloyati; Xorazm respublikasining 23 ta tumani kiritildi. O`zbekiston SSR tashkil etilgan paytda uning hududi 312394 kv. km.ni, aholisi 4 mln. 447 ming 55 kishini tashkil etar edi. Milliy tarkibiga ko‘ra aholining 74,2 foizini o‘zbeklar, qolganlarini esa boshqa millatlar tashkil etar edi. O`zbekiston SSRning dastlabki poytaxti Buxoro shahri bo‘lgan. Biroq ko‘p o‘tmay 1925-yil aprelda poytaxt Samarqand shahri qilib belgilandi. 1930-yil oxirida poytaxt Toshkentga ko‘chirildi. O`zbekiston SSR hududida butun hokimiyat O`zbekiston SSR sovetlarining ta’sis qurultoyiga qadar Muvaqqat Inqilobiy qo‘mita ixtiyoriga berildi. Buxoro respublikasi hukumati raisi, taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev O`zbekiston SSR Inqilobiy qo‘mitasi raisi qilib tasdiqlandi. 1924-yil 5-dekabrda Inqilobiy qo‘mita butun O`zbekiston xalqiga murojaat qilib, O`zbekiston SSR tuzilganini, uning tarkibiga Tojikiston ASSR kirganligini ma’lum qildi. Milliy chegaralanish bilan bir vaqtda iqtisodiy bo‘linish ham o‘tkazildi. Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalariga tegishli barcha boyliklar yangi milliy respublikalar o‘rtasida qayta taqsimlandi. Bu ishlar sovet hukumati tomonidan maxsus tuzilgan O`rta Osiyoni tugatish komissiyasi boshchiligida amalga oshirildi.


1925-yil 13-fevralda Buxoroda Xalq uyida Umumo‘zbek sovetlarining I-qurultoyi ochildi. Qurultoy “O`zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilganligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya”ni qabul qildi. Qurultoyda davlat hokimiyati oliy organlari tuzilganligi rasmiylashtirildi. O`zbekiston SSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi lavozimiga farg‘onalik dehqon, “Qo‘shchi” uyushmasi rahbarlaridan biri Yo‘ldosh Oxunboboyev saylandi. O`zbekiston SSR hukumati – Xalq Komissarlar Kengashi raisi lavozimiga Fayzulla Xo‘jayev tasdiqlandi. Milliy chegaralanish davrida O`rta Osiyoda faoliyat ko‘rsatib kelgan partiya, komsomol va xo‘jalik tashkilotlarida ham bir qator tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshirildi.


O`zbekiston Kompartiyasining 1925-yil 6–12-fevral kunlari Buxoroda bo‘lib o‘tgan I-ta’sis s’ezdida O`zbekiston Kommunistik partiyasi tashkiliy jihatdan rasmiylashdi. Uning Markaziy Qo‘mitasi saylandi. V.I.Ivanov va Akmal Ikromov Markaziy Qo‘mitaning mas’ul kotiblari etib saylandilar. Akmal Ikromov 1927-yildan O`z-bekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi lavozimida faoliyat olib bora bosh- ladi. Shu yili O`zbekiston komsomoli, respublika kasaba uyushmalari, uning rahbar organlari ham tuzildi. Ular respublikada Markaz va sovet hokimiyatining tayanch organlari bo‘lib qoldilar.


1925-yil may oyida O`zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi SSSR tarkibiga kiritildi. SSSR Konstitutsiyasi, uning asosiy qonun-qoidalari O`zbekiston SSR hududida bevosita ishlaydigan bo‘ldi. 1927-yilda qabul qilingan O`zbekiston SSRning birinchi va 1937-yilda qabul qilingan ikkinchi konstitutsiyalari ham amalda SSSR Konstitutsiyasining ko‘chirma nusxasi edi. Chunki O`zbekiston qog‘ozdagi “suveren” respublika bo‘lib, amalda Markazga tobe va qaram bir o‘lka edi. U o‘z xalqining milliy manfaatlariga oid biror-bir dolzarb, hayotiy ahamiyatga molik masalani Sovet Ittifoqi hukumatidan xoli ravishda mustaqil hal eta olmasdi. Hatto O`zbekistonning ma’muriy-hududiy tuzilishiga oid masalalar ham Sovet Ittifoqi hukumati tasarrufida edi. Masalan, O`zbekiston xalqi, uning hukumati roziligini so‘ramasdan 1929-yilda Tojikiston ASSR O`zbekiston SSR tarkibidan chiqarilib, Tojikiston SSR ga aylantirildi hamda SSSRga qabul qilindi.




Shunday qilib, qog‘ozda suveren respublika sifatida shakllantirilib, hukmron sovet imperiyasi tarkibiga kiritilgan O`zbekiston SSR amalda Markazga to‘la bo‘ysunuvchi, arzon xom ashyo mahsulotlari yetkazib beruvchi bir chekka o‘lka bo‘lib qolaverdi.
Download 22.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling