Ikki tomonlama aloqa ikki yo‘nalishda, ya'ni, o‘qituvchining o‘quvchiga nisbatan ko‘rsatadigan ta'siri (to‘g‘ri aloqa) hamda o‘quvchining o‘qituvchiga nisbatan munosabati (teskari aloqa) tarzda tashkil etiladi. Tarbiyaning pedagogik texnologiyasi nazariyasi g‘oyasiga muvofiq endilikda o‘quvchi tarbiya jarayonining obektigina bo‘lib qolmasdan, subektiv sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi. Shuning uchun o‘qituvchi o‘quvchining ichki imkoniyatlari, unga nisbatan bo‘layotgan tashqi ta'sirlar, axborot manbalarini inobatga olishi zarur. Agarda, mazkur talab unutilsa, shaxsni tarbiyalash qiyinlashadi yoki barcha urinishlar samarasiz yakunlanadi. Mana shundan tarbiya jarayonining yana bir muhim xususiyati - tarbiyada qarama-qarshiliklarning mavjudligi kelib chiqadi. Ushbu qarama-qarshiliklar o‘quvchilarda o‘z tushunchalariga muvofiq paydo bo‘lgan dastlabki sifatlar o‘rtasida yoki o‘quvchilarga qo‘yiladigan talablar bilan ularni bajarish imkoniyatlari o‘rtasida ziddiyatlarning kelib chiqishi uchun zamin yaratadi. Bundan tashqari, bu qarama-qarshiliklar ko‘pincha bolaning ongi bilan xulqi bir-biriga muvofiq bo‘lmasligidan, o‘qituvchi va tarbiyachilarning o‘quvchilar yosh va shaxsiy psixologik xususiyatlari (fe'l-atvori, xarakteri, qiziqishlari, jismoniy, ruhiy va fiziologik sog‘lomligi)ni yaxshi bilmasligi oqibatida kelib chiqadi. Demak, tarbiya jarayoni o‘zida quyidagi xususiyatlarni namoyon etadi:
1.Aniq maqsadga yo‘naltirilgan jarayon;
2.Ko‘p qirrali jarayon;
3.Uzoq muddatli jarayon;
4.Yaxlit tizimlilik jarayon;
5.Ikki tomonlama aloqa jarayoni;
6.Qarama-qarshiliklardan iborat jarayon.
Tarbiya qonuniyatlari va tamoyillari. Tarbiya mazmunida oldinga qo‘yilgan maqsad va vazifalarga muvofiq o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalar, shaxs xulq-atvori hamda sifatlari mohiyati aks etadi. Tarbiya mazmuni shaxsning shakllanishiga qo‘yiluvchi ijtimoiy talablar mohiyatidan iborat bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, kishilik munosabatlari mohiyati va darajasi, shuningdek, jamiyat mafkurasi g‘oyalari asosida belgilanadi. Zamonaviy tarbiya mazmunida quyidagi tamoyillar yotadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |