Moliyaning mohiyati va funksiyalari Moliyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati Moliyaning funksiyalari


XVI–XVII asrlarda Niderlandiya va Angliyada yuz bergan birinchi burjua inqiloblari moliyaning shakllanishiga juda katta turtki bergan


Download 82.8 Kb.
bet2/6
Sana03.12.2023
Hajmi82.8 Kb.
#1799155
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
1-MAVZU

XVI–XVII asrlarda Niderlandiya va Angliyada yuz bergan birinchi burjua inqiloblari moliyaning shakllanishiga juda katta turtki bergan. To‘g‘ri, mazkur inqiloblar qirollik tuzumini ag‘darib tashlay olmadi. Lekin shunday bo‘lsa-da, qirolning hokimiyatini ancha cheklashga erishildi va biz uchun eng muhimi qirolning xazinaning mutloq egasi sifatidagi huquqi keskin qisqartirildi.
Yangi sharoitda xazina o‘rniga umumdavlat pul mablag‘lari fondi, zamonaviy til bilan aytganda, byudjet tashkil etila boshlandi.
Qirolning xazinasi o‘rniga davlat byudjeti tushunchasining kirib kelishi moliyaning shakllanishi va zamonaviy ko‘rinish olishida o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan inqilobiy o‘zgarishlardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Shu o‘rinda Markaziy Yevropa davlatlarida xazinani tasarruf etish sohasida yuz bergan bunday o‘zgarishlar dunyoning juda ko‘p davlatlarida, xususan, O‘rta Osiyoda ommalashmaganligini e’tirof etish zarur. O‘z taraqqiyoti davrida kapitalistik tuzumni bosib o‘tmagan mazkur davlatlarda podsholar xazinaning mutloq egasi bo‘lib qolaverganligi va muomalaga davlat byudjeti tushunchasi kirishi podsholik hokimiyatining bekor qilinishiga qadar hal bo‘lmaganligini tabiiy hodisa sifatida tushunish to‘g‘ri bo‘ladi.
2. Amaliyotga “xazina” o‘rniga “davlat byudjeti” tushunchasi kirgandan keyin byudjetni tashkil etish va mablag‘lardan foydalanish tartibi shakllana boshladi. “Davlat daromadlari” va “davlat xarajatlari” iboralari paydo bo‘ldi, ularning tarkibi aniqlandi, davlat byudjetini shakllantirish va mablag‘larini sarflash uchun tegishli qonun hujjatlarining asoslari yaratila boshlandi.
Davlat byudjeti daromadlarini asosan soliqlar, turli to‘lovlar, harbiy o‘lja va kontributsiyalar tashkil etgan bo‘lsa, o‘sha paytdayoq xarajatlar moddalarining hozirga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan yo‘nalishlari shakllandi: harbiy xarajatlar, iqtisodiyot, boshqaruv va ijtimoiy maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar.
3. Qirol xazinaning mutloq egasi bo‘lgan davrda daromadlar natural soliqlar va aholining mehnat majburiyatlaridan iborat bo‘lgan edi. Endilikda pul ko‘rinishidagi soliqlar Davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismini tashkil eta boshladi. Natijada yaratilayotgan mahsulotni qiymat shaklida taqsimlash bosqichi boshlandi.
Lekin shuni yana alohida ta’kidlash lozimki, moliya va moliyaviy munosabatlarning mohiyati haqidagi tushunchalar vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib borgan.
Korporativ tipdagi (ustav kapitalining hissali aksiyadorlik shaklidagi) milliy va transmilliy tashkilotlarning vujudga kelishi bilan bog‘liq holda tovar ishlab chiqarishning yirik masshtablarda rivojlanishi takror ishlab chiqarish jarayonining turli ishtirokchilari o‘rtasida pul mablag‘larini jalb qilish, ulardan foydalanish va ularni taqsimlash metodlari hamda usullarining takomillashuviga olib keldi. Tovarlar harakatidan ajralgan pul mablag‘larining harakati masalalari bu taqsimlash jarayonlarida alohida ahamiyat kasb etadi. Ular bir tomondan, kreditning turli shakllari va ikkinchi tomondan, turli subyektlar o‘rtasida YaIM qiymatini taqsimlash va qayta taqsimlash bilan bog‘liqdir. Bir vaqtning o‘zida, ularning har biri amaldagi huquqiy normalar yoki ishbilarmonlik aylanmasining tartibiga muvofiq ishlab chiqarilgan mahsulotdan o‘z hissalarini olishga da’vo qiladilarki, bu moliyaviy munosabatlarning sohasidir.
Shunday qilib, moliyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati, taraqqiyot qonuniyatlari, tovar-pul munosabatlarining qamrab olish sohasi va ijtimoiy takror ishlab chiqarishdagi roli jamiyatning iqtisodiy tuzumi, davlatning tabiati va funksiyalari bilan belgilanadi. Tarixiy kategoriya sifatida ham moliyaning vujudga kelishi jamiyatning sinflarga bo‘linishi va davlatning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq.
Kengaytirilgan takror ishlab chiqarish uchun sharoitlarni ta’minlash hamda davlatning funksiyalari va vazifalarini bajarish maqsadida markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan pul mablag‘lari fondlarini shakllantirish, taqsimlash va foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy (moliyaviy) munosabatlar moliya deyiladi.
Moliyaviy munosabatlarning boshqa iqtisodiy munosabatlardan farqlanuvchi xarakterli belgilaridan biri shundaki, ular yordamida amalga oshiriladigan YaIMni qayta taqsimlash jarayonida oldindan ma’lum maqsadlarga mo‘ljallangan turli pul mablag‘lari jamg‘armalari (fondlari) yaratiladi. Davlat va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari darajasida tuziladigan pul mablag‘lari fondlari markazlashtirilgan fondlar, xo‘jalik subyektlari darajasida tuzilgan pul fondlari esa markazlashtirilmagan pul fondlari deyiladi.
Xo‘jalik subyektlarining turli faoliyatlaridan olingan daromadlar hisobidan maxsus pul mablag‘lari fondlari shakllantiriladi.
Ularni shakllantirish qat’iy ravishda reglamentatsiya qilinish (tartibga solinish) xarakteriga egaki, bu narsa moliyaviy munosabatlarning yana bir farqlanuvchi xarakterli belgisi hisoblanadi.
YaIMni taqsimlashda aholi ham ishtirok etib, ish haqi, tadbirkorlik daromadi, dividendlar va qayta taqsimlashning boshqa shakllari ko‘rinishidagi o‘z hissalarini oladi. Bundan tashqari majburiylik xarakteriga ega bo‘lgan soliqlar va boshqa to‘lovlarni to‘lash orqali aholi markazlashtirilgan pul mablag‘lari fondini shakllantirishda ishtirok etadi. Aholi daromadlari va xarajatlarini shakllantirish va foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan pul munosabatlarining bu tizimi ham moliyaviy munosabatlarning alohida sohasini tashkil etadi.
Shunday qilib, quyidagilar moliyaning xarakterli belgilaridir:
• qiymatning tovar shaklidagi harakatiga bog‘liq bo‘lmasdan, aksincha, real pullarning harakatiga bog‘liq bo‘lgan, huquqiy normalar yoki biznesni yuritish etikasiga asoslangan munosabatlarning taqsimlash xarakterda ekanligi;
• pul mablag‘lari harakatining, odatda, bir tomonlama yo‘nalishga ega ekanligi;
• markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan pul mablag‘lari fondlarini yaratish. Moliya pul munosabatlarining ajralmas qismi hisoblanadi.
Shuning uchun ham uning roli va ahamiyati pul munosabatlarining iqtisodiy munosabatlar tizimida qanday o‘rinni egallaganligiga bog‘liq. Bir vaqtning o‘zida moliya puldan o‘zining mazmuni va bajaradigan funksiyalari bo‘yicha farq qiladi. Agar pul umumiy ekvivalent bo‘lib, uning yordamida umumlashtirilgan ishlab chiqaruvchilarning mehnat xarajatlari o‘lchansa, moliya esa yalpi ichki mahsulot (YaIM) va milliy daromad (MD)ni taqsimlash va qayta taqsimlashning iqtisodiy vositasi (instrumenti), pul mablag‘lari fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish qurolidir. Pul daromadlari va fondlarini shakllantirish yo‘li bilan faqatgina davlat va korxonalarning pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash emas, balki moliyaviy resurslarning sarflanishi ustidan nazoratni ham amalga oshirish moliyaning nima uchun mo‘ljallanganligini belgilab beradi.
Moliya quyidagilar subyektlar o‘rtasida vujudga keladigan pul munosabatlarini ifodalaydi:
• tovar-moddiy boyliklarni sotib olish, mahsulot va xizmatlarni realizatsiya qilish jarayonida korxonalar o‘rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
• markazlashtirilgan pul mablag‘lari fondlarini yaratish va ularni taqsimlash borasida korxonalar va ularning yuqori organlari o‘rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
• byudjet tizimiga soliqlarni to‘lash va xarajatlarni byudjetdan moliyalashtirish davomida korxona va davlat o‘rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
• soliqlar va boshqa ixtiyoriy to‘lovlarni to‘lash jarayonida davlat va fuqarolar o‘rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
• to‘lovlarni amalga oshirish va resurslarni olish jarayonida korxonalar, fuqarolar va nobyudjet fondlari o‘rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
• byudjet tizimining alohida bo‘g‘inlari o‘rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
• sug‘urta badallarini to‘lash va zararlarni qoplash, sug‘urta hodisasi ro‘y bergan paytda aholi, korxonalar hamda mulkiy va shaxsiy sug‘urta organlari o‘rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;
• korxona fondlarining doimiy doiraviy aylanishiga xizmat qiluvchi pul munosabatlari.
Pul daromadlari va fondlarining eng asosiy moddiy manbai bo‘lib mamlakatning MD hisoblanadi. MDning hajmi umumdavlat ehtiyojlarini qondirish va ijtimoiy ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlarini aniqlab beradi. Aynan MD va uning alohida qismlarining – iste’mol fondi va jamg‘arish fondining – hajmini hisobga olgan holda iqtisodiyotning rivojlanish proporsiyalari (nisbatlari) va tarkibiy tuzilmasi aniqlanadi. Xuddi shuning uchun ham MD statistikasiga alohida e’tibor beriladi.
Moliyaning ishtirokisiz MDni taqsimlab bo‘lmaydi. Moliya MDni yaratish va undan foydalanishning ajratib bo‘lmaydigan bog‘lovchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Moliya ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’molga ta’sir etib, obyektiv xaraktyerga ega. U ishlab chiqarish munosabatlarining ma’lum bir sohasini ifoda etib, bazis kategoriyasiga mansubdir.
Zamonaviy iqtisodiyot davlat moliyasi ishtirokisiz faoliyat ko‘rsata olmaydi. Tarixiy taraqqiyotning ma’lum bir bosqichiga qadar jamiyatning ba’zi bir ehtiyojlari faqat davlat tomonidan moliyalashtirilishi mumkin. Atom sanoati, kosmik tadqiqotlar, iqtisodiyotning yangi va ustuvor tarmoqlari, jamiyat uchun zarur bo‘lgan sohalar (pochta, telegraf va boshqalar) ana shular jumlasidandir.
Moliya alohida olingan mamlakatlarda ishlab chiqarish kuchlari taraqqiyotining darajasini va ularning xo‘jalik hayotidagi makroiqtisodiy jarayonlarga ta’sir etish imkoniyatlarini ifodalaydi.
Mamlakat iqtisodiyotining ahvoli moliyaning holatini belgilab beradi. Doimiy ravishdagi iqtisodiy o‘sish, YaIM va MD miqdorlarining oshib borishi sharoitida moliya o‘zining muntazamliligi va barqarorligi bilan xarakterlanadi. U ishlab chiqarishning yanada rivojlanishini va mamlakat fuqarolari hayotining sifat darajasining yanada ortishini rag‘batlantiradi.
Iqtisodiy inqiroz, ishlab chiqarish hajmining pasayishi, ishsizlikning ortishi sharoitida moliyaning holati ham yomonlashadi. Bu narsa, o‘z navbatida, davlat ichki va tashqi qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan byudjet defitsiti miqdorining kattaligida, pul emissiyasida, davlat qarzining ortishi va unga xizmat qilish bo‘yicha xarajatlarning ko‘payishida namoyon bo‘ladi. Bularning barchasi inflyatsiyaning kuchayishiga, xo‘jalik aloqalarining buzilishiga, o‘zaro noto‘lovlarning ortishiga, pul surrogatlarining paydo bo‘lishiga, barter bitimlarining ko‘payishiga, soliqlarni byudjetga undirish borasida qiyinchiliklarning kelib chiqishiga, davlat xarajatlarining o‘z vaqtida moliyalashtirilmasligiga, aholi keng qatlamlari turmush darajasining pasayishiga olib keladi. Shuning uchun ham iqtisodiy va ijtimoiy (sotsial) munosabatlarda ishlab chiqarish real sohasining holati birinchi darajali ahamiyat kasb etadi.
O‘zining moddiy mazmuniga ko‘ra moliya pul mablag‘larining maqsadli fondlarini ifoda etib, ularning yig‘indisi, oxir oqibatda, mamlakatning moliyaviy resurslarini tashkil etadi.
Mamlakat moliyaviy resurslari o‘sishining asosiy sharti MD hajmining ko‘payishidir. Bir vaqtning o‘zida, “moliya” va “moliyaviy resurslar” bir-biri bilan bir xil tushunchalar emas. Moliyaviy resurslar o‘z-o‘zicha moliyaning mohiyatini aniqlab bermaydi, uning ichki mazmuni va ijtimoiy jihatdan mo‘ljallanganligini ocha olmaydi. Moliya fani resurslarning o‘zini emas, balki resurslarni shakllantirish, taqsimlash va foydalanish asosida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlarni o‘rganadi. Bu fan moliyaviy munosabatlarning taraqqiyot qonunlarini tadqiq etadi.
Moliya bazis kategoriyasi hisoblansa-da, ko‘p jihatdan u hukumat tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy siyosatga ham bog‘liq bo‘ladi.
Moliya – bu, eng avvalo, taqsimlash kategoriyasi. Uning yordamida MDni ikkilamchi taqsimlanishi yoki qayta taqsimlanishi amalga oshiriladi.
Moliyaviy munosabatlarning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati “Davlat kimning hisobidan moliyaviy resurslarni oladi va kimlarning manfaatlari uchun bu mablag‘lardan foydalanadi?” degan savolning tadqiq qilinishi orqali namoyon bo‘ladi.
Taqsimlash jarayonlari faqatgina moliya orqali emas, balki boshqa iqtisodiy kategoriyalar, jumladan baho, kredit, soliq va h.k.lar orqali ham amalga oshiriladi.
Tovar qiymatining pulda ifodalanishi baho deyiladi. MD taqsimlanishidan oldin tovar sotilishi kerak. Baho mulkdorlarga mahsulot sotishdan kelib tushishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘larining o‘lchamini aniqlaydi va navbatdagi taqsimlash jarayonlari uchun boshlang‘ich asos sifatida maydonga chiqadi.
Baho tovarlarga bo‘lgan talab va taklifni tartibga soladi va shu orqali takror ishlab chiqarishga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida baho nafaqa va hatto minimal ish haqini aniqlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘rsatkich hisoblanadi. Agar davlat baholarni tartibga solmasa, ijtimoiy to‘lovlarni o‘zgartirishga va minimal ish haqini oshirishga majbur bo‘ladi. Hozirgi paytda dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida davlat sotsial ahamiyat kasb etuvchi muhim tovarlarning bahosini boshqarib turibdi. Baho, shuningdek, bojxonaviy tartibga solishda va bojxona daromadlarini undirishda davlat tomonidan foydalaniladi. Masalan, ayrim mamlakatlarda bojxona bojlari ayrim tovar guruhlari bo‘yicha sotib olish bahosi bo‘yicha emas, balki haqiqatdagisidan keskin farq qiluvchi normativ baholar bo‘yicha undiriladi. Shunga mos ravishda (boshqa sharoitlar teng bo‘lgan taqdirda) byudjetning daromadlari va mamlakat ichki bozoridagi baholar miqdori oshadi.
Moliya va kredit mustaqil iqtisodiy kategoriyalar hisoblanishadi, lekin kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonida ko‘p hollarda ular bir-biri bilan bog‘liq bo‘ladi. Ular hamkorlikda kengaytirilgan asosda korxonalar pul fondlarining doiraviy aylanishiga xizmat qiladi. Kredit bank tizimi va maxsus moliya-kredit institutlari tomonidan amalga oshiriladigan ssuda fondining harakatini ifodalaydi. Bank krediti sifatida sof ko‘rinishda tushuniladigan kredit davlatga bevosita bog‘liq emas. Takror ishlab chiqarish jarayonida uning roli yyetarli darajada aniqlangan - bu daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi vaqtinchalik uzilishni qoplash usuli hisoblanadi. Biroq, bir vaqtning o‘zida, kredit -byudjet defitsiti va byudjet-kassa uzilishini (navbatdagi daromadlar kelib tushgunga qadar byudjet xarajatlarini qoplash uchun bank xizmatlari zarur bo‘lgan paytda) qoplashning muhim shakli. O‘z navbatida, agar byudjet mablag‘lari tijorat banklarining hisobvaraqlarida saqlanayotgan bo‘lsa, bu banklar uchun muhim ssuda manbaidir.
Kredit moliyadan (moliyalashtirishdan) o‘zining qaytariluvchanligi va muayyan foiz hisobiga berilishi bilan bilan farq qiladi. Bir vaqtning o‘zida, har ikki holatda ham ular pul mablag‘larining harakatlanishini ifodalaydi hamda kredit va moliya pul munosabatlarining chegarasidan (doirasidan) chetga chiqmaydi. Hatto, tovar krediti ham pul asosiga va shakliga ega.
Banklar korxonalar va aholining bo‘sh pul mablag‘larini yig‘adilar va ularni ta’minlanganlik, qaytaruvchanlik, haqlilik va muddatlilik asosida mablag‘ga ehtiyoj sezgan yuridik va jismoniy shaxslarga beradilar. Agar moliya qiymatning bir tomonlama va qayta tiklanmaydigan (qaytarilmaydigan) shakldagi harakatini ifodalasa, kredit esa kreditorga belgilangan muddatda oldindan o‘rnatilgan foizlarni qo‘shgan holda qaytarilishi kerak.
Yuqorida bayon etilgan barcha kategoriyalar pul xarakteriga, pul tabiatiga ega bo‘lib, ularga ikki va undan ortiq kategoriyalarning belgilari xosdir. Masalan, ish haqi yyetarli darajada asoslangan tarzda pulli to‘lanma, ya’ni pul deb atalishi mumkin. Biroq, bu oddiy pul bo‘lmasdan sarflangan mehnatga muvofiq olingan pul hisoblanadi.
Soliq ham biz tomonimizdan amaldagi qonunchilikka muvofiq ravishda davlatga tekinga berilayotgan puldir. Biroq, bundan tashqari, soliq bizga tegishli bo‘lgan daromad va ish haqining bir qismidir. O‘z navbatida, pulni muomalaga chiqarish (emissiya qilish) bo‘yicha operatsiyalar ham davlat daromadlarining manbai hisoblanadi.
Demak, yuqorida qayd etilgan barcha kategoriyalarni ularning pulli tabiati birlashtirib turadi. Ular bir-birlaridan o‘zlarining funksiyalari va muayyan maqsadga mo‘ljallanganligi bilan ajralib turadi. Bunda kategoriyalarga tegishli bo‘lgan barcha belgilarning majmui birgalikda ko‘rib chiqilsa, ularning bir-birlaridan farqlarini yanada yaqqolroq ko‘rish mumkin. Moliyaning funksiyalari bilan tanishish uning mohiyatini yanada yaqqol tasavvur etishga yordam beradi.

Download 82.8 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling