Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- "ERK"NING BIRINCHI QURULTOYI
YANGI TOSHKENT Toshkentda bir oy bo‘lmagandim, uchoqdan inar ekan, shaharda o‘zgarish havosini his etdim. Ba’zi mintaqalarda masxat turklariga qarshi provakatsiyalar uyushtirilib, vaziyat taranglashib turgan bo‘lsa-da, umumning ruhiyati yaxshi edi. Hamma yangi Oliy Kengashning birinchi sessiyasi haqida gapirishardi. "Moskvada Sobchak chiqqan bo‘lsa, bizda Murod Jo‘raev bor, jasur qizimiz Toyiba To‘laganova bor," derdilar og‘iz to‘ldirib. Men juda sevindim. Butun andishalarga qaramay, ishimiz nihoyat o‘ngidan kelibdi-da, dedim ko‘nglimda. Agar Oliy Kengashda hukumatni ochiq tanqid qilishga qadar millatvakillari bo‘lsa, demak, bu saylov bekorga ketmabdi. Demak, mamlakatning qutulishi yaqin, deya orzu qila boshladi ko‘ngil. Yozuvchilar Uyushmasiga keldim, u yerda ham harakatli bir hayot jo‘sh urardi. "Erk"ning ilk gazetasini olib kelishdi. Mashinkada bosilib, A-4 hajmdagi qog‘ozga bosilgan varaqa shaklidagi bir narsa. Ammo unda "Erk"ning mustaqillik haqidagi ilk mujdalari o‘sha ibtidoiy "gazeta"da bosilgandi. Odamlar ilk da’fa o‘z yurtlarining mustaqilligini shior qilgan bir tashkilotni insho qilish uchun to‘planib turardilar. Bir romantik tuyg‘u hokim edi. Uni ta’riflash uchun o‘sha 90-yillarning nayson (aprel) oyi boshlarida Yozuvchilar Uyushmasining kichik majlislar zalida tortishayotgan shoir-yozuvchilar ko‘zidagi o‘tni ko‘rish lozim bo‘lardi. 11 nayson (aprel) 1990 yil "Erk" harakatining ta’sis qo‘mitasi bu harakatni "Erk" Demokratik Partiyasi deb atashga qaror qildi. Ta’sis Qo‘mitasi "Erk" Demokratik partiyasining Birinchi Qurultoyini 30 naysonda o‘tkazishni belgiladi. Ta’sis Qo‘mitasi majlisiga qo‘mita a’zolaridan tashqari ham odamlar kirgandi. Olomon kattayib, zalga sig‘madi, ko‘plar oyoqda turishdi. Ko‘tarinki ruh, kelajakka ishonch barq urardi yuzlardan. Bu majlisda shu tubandagi nutqni o‘qidim: Bu tong emas, shom shafaqlaridir. Biz Kunchiqarga emas, Kunbotarga qarab turibmiz. Zotan, kommunizm quyoshi ham bir paytlar - notabiiy bir yo‘sinda - Kunbotardan ko‘tarilgandi. Lekin u botar ekan, o‘zining tabiiy yo‘lini tanladi. Italiya, Olmoniya, Ruminiya, Poloniya, Yugoslaviya, Chexoslovakiya va boshqa Ovrupo mamlakatlaridagi keskin siyosiy o‘zgarishlar botayotgan kommunizm quyoshining shafaqlaridir. Kommunizm dohiysi Karl Marks "Inson o‘z o‘tmishi bilan jilmayib vidolashadi," degan ekan. Agar kommunistlar bu shom shafaqlariga qarab, jilmayishga kuch topsalar, haqiqatni tan olgan bo‘ladilar. Haqiqat bir qadar tan olinayapti ham. Masalan, Italiya kommunistlari o‘z partiyasi nomini o‘zgartirdilar. Bulg‘oriston ham shu yo‘ldan ketdi. Ruminiya kommunizm g‘oyasidan butunlay voz kechdi. Chexoslovakiya, sharqiy Olmoniya kommunistlari sarosimada va hokazo. Kommunizmni faol himoya qilayotgan mamlakatlar unchalik ko‘p emas. G’arbda - Albaniya, sharqda - Xitoy va Shimoliy Quriya, Lotin Amerikasida - Kuba. Lekin ularning orqasida buyuk bir davlat - Sovetlar Ittifoqi bor. Bugun Kubaning rahbari Fidel Kastro Sovet Ittifoqidagi yangi siyosatni tanqid qilayotgan bo‘lsa ham, Xitoy "biz boshqa yo‘ldan boramiz," deb turgan bo‘lsa ham, Albaniya Moskov tarafidan kelayotgan sadolarni eshitmaslik uchun qulog‘ini bekitayotgan bo‘lsa ham, ular batamom sovetlarga suyanadi. Ular kommunizm g‘oyasini hayotga birinchi bor tadbiq etgan mamlakatdagi siyosiy struktura turli xil madaniyatga ega bo‘lgan turli xalqlar hayotiga mislsiz darajada original bog‘langanligini va bu tugunni yechish Ovrupodagi kabi oson kechmasligini yaxshi biladilar. 92 Muhammad Solih - Yo'lnoma Ular yana, Sovet Ittifoqida siyosat sahnasiga chiqayotgan kuchlar - xalq harakatlari va turli partiyalar o‘zini o‘nglab olguncha, KPSS vaqtdan yutishi va o‘z-o‘zini chindan ham qayta qurib ulgurishiga ishonadilar. Darhaqiqat, ishonchga ma’lum asoslar bor. Birinchidan, yangi siyosiy uyushmalar tuzilish jihatidan KPSSga nisbatan anchagina mo‘rt va kurash tajribalari deyarli yo‘q. Qanchalik byurokratik bo‘lmasin, KPSSning yillar davomida shakllangan ish uslubi mavjud va bu uslubga ham biror bir yangi partiya ega emas. Shuning uchun ham yangi joriy etilgan siyosiy programmalar, asosan, jamiyatni demokratlashtirishga qaratilgan va ulardagi siyosiy hokimiyatga dahldorlik faqat yana o‘sha hokim tabaqa - KPSS a’zolari orqali o‘z ifodasini topmoqda. Boltiqbo‘yi va boshqa mintaqalardagi siyosiy harakatlarning rahbarlari aksar kommunistlar ekanligi buning misolidir. Kommunistlar kim o‘zi? Ular bir alohida irq emas. Ular biz bilan yonma-yon yashayotgan yaqinlarimiz, otalarimiz, akalarimiz, opalarimiz, uka va singillarimizdir. Lekin ular uydan chiqib, davlat xizmatchisiga, ziyoliga, dehqonga aylanadilar. Yana nariroq borib, davlat deb atalgan bahaybat mashinaning kichik, ammo zarur murvatlariga aylanadilar. Ular ishga tushar ekan, imtiyozli ijtimoiy qatlam - hokim sinfga aylanadilar. Hokimlik maqomi faqat siyosiy dastak bilan emas, balki, iqtisodiy rag‘bat bilan ham mustahkamlangandir. Bu maqom davlat idoralari, jamoat tashkilotlaridan, oilaviy munosabatlargacha o‘z ta’sirini o‘tkazishga qodir. Bugungi kommunist shaxs kim? Kommunistlarning aksariyati turmushsevar, nisbatan irodali, hokimiyatga intiluvchi va bu intilishidan uyalmaydigan, hayotga kurash deb qaraydigan hushyor kishilardir. Ular idealga (ulkuga) ishonmaydilar. Shu jumladan, ularni o‘z panohiga olgan kommunizm idealiga ham shubha bilan qaraydilar. Bir so‘z bilan aytsak, kommunistlar materialistlardir - ular har bir narsani qo‘l bilan ushlab ko‘rmasa, ishonmaydilar. Albatta, aynan shu ma’noda ular haqiqiy markschilardir. Qolaversa, ular ijtimoiy hayotni nihoyatda sezgirlik bilan kuzatadilar va iqlimga moslashuv qobiliyati ularda o‘tkir. Bugun firqa biletini tashlayotganlarga qarab, "nega bu ishni Brejnev davrida qilmading?", deb dashnom beradilar. Menimcha, bu o‘rinsiz dashnom. Har holda, bir necha ming kommunistning firqa biletini uloqtirishi butun boshli kompartiyaning o‘z nomidan voz kechishlari oldida hech gap emas. "Iqlimni o‘zgartira olmasang, iqlimga moslash." Bu haqiqatni kommunistlar yoddan bilishadi. Sovetlar qurultoyining dastlabki bosqichida muxolifat tomonidan kiritilgan radikal takliflar bugun kommunistlarning programmasidan joy oldi. Ular xalq harakatlari va yangi tuzilgan siyosiy uyushmalarning ertaga qanday talab bilan chiqishini oldindan ko‘rishga intilmoqdalar va ta’bir bilan aytganda, "qichiydigan joyni bir avval qashib qo‘yish"ga unnamoqdalar. Xullas, kommunistlar bugun ham ijtimoiy-siyosiy hayotga eng faol kuchlardan biri bo‘lib qolmoqda. To‘g‘ri, ko‘p joylarda kommunistlar saylovda yutqazdilar, ammo yutqazsa ham, ko‘pincha o‘z safdoshlariga - kommunistlarga yutqazdilar. Ular hokimiyatdagi ayrim pozitsiyalarni boy berishmoqda, ammo ketayotib, o‘z kursisini kechagi safdoshlariga - bugungi muxolifatchilarga - yana o‘sha kommunistlarga topshirib ketayaptilar. Qayta qurish siyosati kommunistlar tashabbusidan, ammo unga faol qarshilik ko‘rsatayotganlar ham kommunistlardir. Faqat boshlovchilar emas, boshlanganni tugatishga urinayotganlar ham jiddiy kuchlardir. Sovet Ittifoqi Konstitutsiyasidan VI-moddaning olib tashlanishi ham, ko‘ppartiyaviylik tuzumga hayrihohlik ham kommunistlarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchidandir. 93 Muhammad Solih - Yo'lnoma Bu kuch Sovet Ittifoqida KPSSning hokimlik muddatini biroz cho‘zishda hal qiluvchi rol o‘ynashi shubhasiz. Ammo bunga halal beradigan birinchi va eng xavfli faktor - iqtisodiy zilziladir. Buning oldini olish uchun joriy etilayotgan erkin oldi-sotdi siyosatini hayotga tinch yo‘l bilan tadbiq etilishini ta’minlash zarur. Bu tadbirning davomi o‘laroq, o‘z xarajatini qoplaydigan kolxoz-savxozlarning yer va suvini shaxslarga abadiy bo‘lib bermoq lozim va hokazo. KPSSning oldida turgan ikkinchi to‘siq, ma’lumki, milliy masaladir. Qayta qurish siyosatini boshlab berganlar iqtisodiy muammo hal qilinsa, milliy ziddiyatlar susayishini to‘g‘ri taxmin etadilar, ammo o‘sha iqtisodni yo‘lga qo‘yish uchun KPSS jumhuriyatlarga milliy huquqlar berish majburiyatida qoladi. Chunki, bironta jumhuriyat o‘z yeri, o‘z boyligi, o‘z huquqi, ya’ni, milliy huquqlariga ega bo‘lmay turib, iqtisodiy mustaqil bo‘lolmaydilar. Va demak, erkin oldi- sotdi siyosati, iqtisodiy mustaqillik o‘zining mantiqiy davomini - siyosiy mustaqillik ehtiyojini tug‘diradi. Bu holat KPSS strategiyasida ko‘rsatilmagandir. KPSS Ittifoqda o‘zining hokimlik muddatini cho‘zishni istar ekan, (bunga shubha yo‘q) bugungi siyosatni fedaratsion emas, konfedaratsion davlat tuzish uchun yo‘naltirishga majburdir. Tan olish kerak, kommunizm quyoshi botayapti. Uni partiyalar ushlab qololmaydi. Zotan, kommunistlarning faolligi ham kommunizm g‘oyasini himoya qilishga emas, hokimiyatda o‘z mavqeini saqlab qolishga qaratilgan. Ta’bir bilan aytsak, kommunizm g‘oyasi bir xudo bo‘lsa, kompartiyalar bir din edi. Xudo ketdi, din qoldi. E’tiqod so‘ndi, namoz davom etayapti. Lekin bu namoz - shom namozidir. Albatta, bu boshqa partiyalar faoliyati uchun maydon to‘la ochiq, degan gap emas. Yangi partiyalar o‘z g‘oyalarining hayotiy ekanini amalda isbot qila oladimi, xalqni o‘ziga ergashtira oladimi - gap shunda. Buning uchun vaqt kerak. Bu vaqt kimning foydasiga ishlayajagini yana o‘sha vaqt ko‘rsatadi. Bu nutqdan keyin yana bir necha kishi so‘z oldi. Hammasi bu yangi tashkilotni qurishga qat’iy qarorli edilar. Ammo bu ishning oson bo‘lmayajagini bilganlar ham bor edi. Birinchidan, oramizda hech kim siyosiy partiya "tuzib" ko‘rmagandi. Yagona partiya KPSS bor edi, u ham Lenin tarafidan tuzilgandi. Ikkinchidan, muxolif fikrlovchi qatlamning aksariyati "Birlik" harakatiga qo‘shilib bo‘lgandi, ularni yangi tashkilotga jalb qilish qiyin edi. Qolaversa, "Birlik" ichidagi ig‘vochi guruh "Erk" hukumatga sotilgan degan tashviqotni avj oldirib yuborgandi. Xullas, "Erk" tap-taqir cho‘lda qurilishi lozim edi. Bizda na tajriba, na mablag‘ va na-da "ishchi kuchi" bor edi. Bizda g‘oyadan boshqa hech narsa yo‘qdi. Mustaqillik g‘oyasidan boshqa. Bu g‘oyaning xalq tarafidan qo‘llab-quvvatlanadimi, yo‘qmi, uni ham bilmasdik. Biz, xuddi "Birlik" qurilishida bo‘lgani kabi, aql bilan emas, intiutiv zako bilan yo‘lga chiqqandik. Yo‘limiz to‘g‘ri ekanligiga ishonch bor edi, qat’iyatli edik. Bu sifatlar bizga kimsasiz sahroda mustaqillik bayrog‘ini ko‘tarish jasoratini bergandi. Har bir soniyada yuz bor tirilgan, Yuz bor so‘roqlangan shappatday diyor, Senmi hali o‘sha ko‘kka intilgan, Senmi qorong‘uda axtargan ziyo, Farovon hayotdan noshukur banda, Non emas, Erk haqda o‘ylagan senmi? Yomon otli bo‘lib hammaga bunda 94 Muhammad Solih - Yo'lnoma Yana hamma haqda o‘ylagan senmi? Senmi, tutib qolgan Adl qamchisin, Senmi haq jazoga xalaqit bergan? Senmi, nishon olgan ko‘zyosh tomchisin, Senmi, hali o‘sha takabbur mergan? Senmi, hamon bo‘yinsunmagan bo‘yin, Qaqragan lablarning ol qahri senmi? Qullar sahrosida ko‘tarib quyun, Hech ne ko‘rmaganday lol dahriy senmi? Soqchi uyquda deb umidla boqqan, Qochishni ko‘zlagan senmi piyoda, Bu og‘ir zanjirni shaldiratmoqqa, Jur’at etgan senmi jim-jit dunyoda, A-ha, senmi? 1985 ("Olis tabassum soyasi," 1986) Bu she’r yozilgandan keyin besh yil o‘tgandi va ortiq sahro "qullar sahrosi" emasdi. Oyoqdagi zanjirlarimiz sharaqlardi, ammo biz endi bundan qo‘rqmasdik. Soqchi uyg‘onib bo‘lgandi, ammo hech narsa qilolmasdi. Hammaga yomonotliq bo‘lsak ham, hammani o‘ylashga jazm qilgandik. To‘qson ikkinchi yilning o‘nbirinchi naysonida to‘plangan "Erk"chilardagi bu jo‘shqinlik o‘sha kun oramizdagi kommunistlarni firqa biletlarini uloqtirishga majbur qildi. Hatto ehtiyotkor shoir Erkin Vohidov ham bu majlisdan ilhomlanib, "Firqa biletimni otganim bo‘lsin," degan she’r yozgandi... ammo firqa biletini otmagandi. Har ehtimolga qarshi, uni yana bir yarim yil, to Yanaev xuntasigacha asragandi. Aslida, Erkin Vohidovning boshqa kommunist-ziyolilardan mustasnoligi yo‘q edi. Aksincha, uni o‘zbek kommunist-yozuvchilarining tipik vakili deyish mumkin edi. Faqat shoirligi, kasbining o‘ziga xosligi uni boshqa kommunistlarga nisbatan liberalroq shamoyilda ko‘rsatardi. Qayta qurish boshlanganida bu tipdagi odamlar yoppasiga xalq harakatiga qo‘shildi va harakatning muhim parchasiga aylandi. Bizning kommunistlar bilan murosamiz ularning o‘sha milliy harakatga qo‘shgan hissasi uchun ko‘rsatgan iltifotdan boshqa narsa emasdi. Kommunist rahbarlar bilan munosabatda ham ularning milliy masalaga naqadar hayrihohligi biz uchun asosiy mezon bo‘ldi. Tabiiy, ularning, deyarli hammasi bu masalaga joriy siyosiy konyuktura doirasida yondoshar, vaziyat ularning foydasiga bo‘lsa, milliyatchi bo‘lishar, zarariga bo‘lsa, darrov dushmanga aylanishardi. Lekin Ollohning bizga bergan matohi, xom- ashyosi shu edi. Shu xom-ashyo bilan ishlab-chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim edi. Masala, bu kommunist rahbariyatni do‘stga aylantira olmasak, loaqal uni dushmanga aylantirmaslikda edi. Undan kelishi mumkin bo‘lgan zararni minimumga indirib, diqqatni xalqning tezroq uyg‘onishini ta’minlaydigan ishlarga qaratish edi. Bu taktika 90-yilda juda asqotdi. "Erk" tashkiloti o‘z g‘oyasi bilan mavjud tuzum ildiziga bolta urayotganini ko‘rgan rahbarlar bunga, tishlarini g‘ijirlatib bo‘lsa-da, chidab turdilar. Albatta, bunda Sovet Ittifoqida davom etayotgan erkinlik ruhining ta’siri bor edi, ammo O’zbekiston Rusiya emas, Toshkent ham Moskva emasdi. Biz siyosatimizni shu real voqelik ustiga qurishga intildik. Bu o‘z samarasini berdi. "Erk" qisqa vaqt ichida jiddiy talofat 95 Muhammad Solih - Yo'lnoma ko‘rmasdan, oyoqqa turdi, xalq orasida tanildi. Sahro odam yashaydigan makonga aylana boshlagandi. "ERK"NING BIRINCHI QURULTOYI 1990 yilning 30-naysonida, "Bilim jamiyati"ning konferentsiya zalida "Erk" partiyasining birinchi Qurultoyi ochildi. Qurultoyda 200 atrofida delegat va mahalliy, markaziy matbuot vakillari qatnashdi. Toshkent televideniesi, hatto Moskvaning mashhur "Vremya" programmasidan muxbirlar kelib, bizni hayratga solishdi. Yig‘inimizga ko‘satilgan bu tavajjuh sabablarini Qurultoydan keyin o‘rgandik. "Erk" partiyasining programmasi tezislarini va kirish nutqini men o‘qigandim. Boshqa ma’ruzachilar chiqib gapirishdi. Tashkilotning rahbar organlari saylandi. Partiya raisligiga nomzod ko‘rsatildim. Bir necha qarshi ovoz chiqdi, aksariyat qo‘lladi va "Erk" partiyasi raisi saylandim. "Erk" 20 yillardagi jadidlar harakatidan keyin paydo bo‘lgan birinchi milliy partiya edi. Qayta qurish davrida paydo bo‘lgan "norasmiy" tashkilotlarning "baynalminalchilik", "sotsializmning insoniy yuzi" kabi ritorikasidan voz kechib, maqsadini oshkora o‘rtaga qo‘ygan ilk tashkilot edi. Bu farq, Qurultoydan keyin, ayniqsa, yaqqol ko‘rindi. Qurultoyning ertasi kuni o‘zbek matbuoti ham Moskvadagi matbuot ham Qurultoy haqida lom-mim demadi. Televidenie muxbirlari olgan suratlar, gazetachilar yozgan xabarlarning birortasi chiqmadi. Voqeani yoritish shaxsan Islom Karimov tarafidan ta’qiqlangani ma’lum bo‘ldi. Men Markazqo‘m bo‘lim mudiri Shahobiddin Ziyomovga telefon qilib, nega shunday qilinganini so‘radim. U bundan mas’ul emasligini, bu masalaning yuqoriroq maqomda ko‘rilganiga ishora qildi. Yana bir necha kundan so‘ng "Erk" gazetasining (to‘g‘rirog‘i, varaqasining) so‘nggi sonida bosilgan "aksilsovet" fikrlar uchun Toshkent shahar prokurori menga chaqiruv qog‘ozi yubordi. Deputatlik dahlsizligim bor edi go‘yo, ammo baribir prokuror chaqirayotgandi. Demak, dahlsizlikka dahl qilishga qodir bir shaxs tarafidan yuborilgandi bu. Men erkchilar bilan maslahatlashib, borishga qaror qildim. Prokuror "kechirasiz, sizni chaqirishga majbur bo‘ldik, chiqargan varaqalaringiz hukumatimizga yoqmayapti," deb ochiq gapni aytdi. Men qayta qurish davrida milliy masalalarning faqat bizda emas, ko‘pchilik jumhuriyatlarda ochiq o‘rtaga qo‘yila boshlaganini tushuntirdim. Noroziligi bo‘lsa, Karimovning o‘zi aytsin, meni Oliy Kengashda istagan paytda ko‘rishi mumkin, dedim. Ammo Karimov "ko‘rishni" u qadar istayotgani yo‘qdi. Masalani huquq organlari vositasida, ochiq bo‘lmasa-da, sezilarli tazyiq yordamida hal qilishni o‘ylayotgandi. Deputatni prokuror chaqirishi ma’lum ma’noda haqorat edi. Deputat bo‘lding, ammo "norasmiy"ligingcha qolding, demoqchi bo‘lardi bu bilan Karimov. "Erk" Qurultoyi uning hafsalasini tamoman "pir" qilgandi. "Erk"ning konstruktiv muxolifat tezisi hech bir shaklda "hukumat tarafdori" degan ma’noni bermasligi Qurultoyda o‘qilgan nutq va xulosaviy hujjatlardan ko‘rinib turardi. Aynan shu sababli, Qurultoy haqida matbuotda bir kichik xabar ham chiqmadi, matbuot vakillarining sasi o‘chirildi. "Erk" timsolida O’zbekiston Kompartiyasiga qarshi ilk siyosiy raqib paydo bo‘lgandi, Kompartiya boshida esa, Islom Karimov turardi. Uning raqibga ham, raqobatga ham hech toqati yo‘q edi. Ammo uning bu xususiyati 90-yilda ochiq ko‘rinmasdi. Men bu odamni yaxshi tanimasdim, ko‘pchilik qatori undan xayirli tashabbuslar kutayotgandim. 96 Muhammad Solih - Yo'lnoma O’sha paytdagi siyosiy rejimga bo‘lgan mendagi munosabatning xolis guvohlari bo‘lgan ikkita amerikalikning 90-yilda chop etilgan kitobidan bir necha jumla keltiraman: "Muhammad Solih O’zbekistonning Birinchi Sekretari Islom Karimov haqida shunday deydi: U ancha demokratik qarashlarni bayon etdi, biz umidlimiz. Qarab ko‘ramiz. Biz faqat umid qilishimiz mumkin, umiddan boshqa hech narsa yo‘q." (Nadia Diuk & Andrian Karatnysky, "The Hidded Nation", New York, William Morrow and company, Inc. 1990, page 174) OLMONIYA 90-yilga kelib, Xitoy devoridan keyin, eng uzun devor bo‘lgan Berlin devori yiqildi. Berlin devorining yiqilishi Dunyo geopolitikasining yaqin kelajakda keskin o‘zgarishidan darak berardi. Ikki Olmoniyaning birlashuvi G’arb uchun bir prinsip, bir hadaf holiga kelgandi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Ovrupo xalqlarida olmon irqiga qarshi paydo bo‘lgan kin va nafrat, Sovuq Urush davrida ruslarga tomon yo‘nala boshlagandi. AQSh Prezidenti Ronald Reyganning 80-yillar boshida Sovet Ittifoqini "Yomonlik Saltanati" deya radikal uslubda qoralagai G’arbning ham qarashini ifodalardi. Lekin Qayta qurish boshlanib, Berlin devori yiqilar ekan, bu G’arb va Sharq o‘rtasidagi munosabatlarning yanada shaffoflanajagidan mujda edi. Sovet kishilari uchun G’arb o‘lkalariga borib kelish, u yerdagi odamlar bilan aloqa qurish nisbatan osonlashdi. May oyining boshida menga Frankfurtdan bir taklifnoma keldi. Ovrupo Turk-Islom Birligi (ATIB) degan tashkilotdan ekan. Qurultoy tayyorlashgan ekanlar, shunga mehmon sifatida taklif qilishibdi. Bu tashkilotni hech qachon eshitmagandim, keyin bilsam milliy-diniy jamiyat ekan. Anjumanga boradigan bo‘ldim. Har ehtimolga qarshi, Toshkentga bildirmasdan, to‘g‘ri Moskvaga bordim, u yerdan viza olib, Frankfurtga uchdim. U yerda mezbon tashkilotning rahbari Sardor Chalabiy qarshiladi. Turkcha yaxshi o‘qirdim, ammo yaxshi gaplasholmasdim. Lekin bir-necha soatdan so‘ngra sekin-sekin tilga kirdim. Sardor Chalabiy ulkuchi bo‘zqurtlar (bo‘zbo‘rilar)dan ekan. 84-yil Rim papasiga suiqasd tayyorlashda qatnashgan, degan gumon bilan to‘rt yil Rim turmasida o‘tirib chiqqan ekan. Haqiqatan ham, 1982 yil "Literaturnaya gazeta"da Rim papasiga suiqasdda gumon qilinayotganlar ichida Chalabiyning ham otini o‘qiganimni esladim. Gazetada yana ikki kishining ismi tilga olingandi: Ro‘zi Nazar, Anvar Oltoyli. Bularning har ikkolovining ham kelib chiqishi o‘zbek ekanligini men Amerikada o‘rgangandim. Bu insonlar Turkiyaning 70-yillardagi eng kuchli siyosiy tashkiloti bo‘lmish "Milliyatchi Harakat partiyasi"ning yosh qanoti vakillari edi. Ular 80-chi yil yuz bergan harbiy to‘ntarishdan keyin boshlangan repressiyada qora ro‘yxatga tushgandilar. Turkiyaga qaytib kelishlari mumkin emasdi. Olmoniyada qolib, har xil jamiyatlar qurib, Turkiya ichidagi siyosiy vaziyatni o‘zlaricha mutaassir etishga harakat qilishmoqda edi. Turklar uyushqoq bir xalq. Olmoniyadagi nufuzi 2 million, olmon ekonomikasidagi sarmoyasi 80 milliard mark, 30 mingdan oshiq boy ishbilarmon bor. Oltmishinchi yillarda Olmoniyaga qora ishchi bo‘lib ketgan turkning bolasi bugun olmon intellektual dunyosiga kirib bormoqda. Turk diasporasi o‘zining milliy, madaniy ehtiyojlarini bir demokratik o‘lka imkoniyatlari darajasida qondirib, Ovrupo madaniyatiga integratsiya bo‘lish arafasida. Ammo integratsiya assimlyatsiyaga asoslanmasmikin, degan qo‘rquv ham bor. Masalan, Olmoniyada turk tilida 97 Muhammad Solih - Yo'lnoma maktab yo‘q. Olmon maktablarining boshlang‘ich sinflarida turk tili o‘qitiladi, ammo bu cheklangan ta’lim olmon tilida total xabarlashma soyasida yo‘q bo‘lib ketadi. Turklar bundan bir oz xavotirda. Bu ta’lim bo‘shlig‘ini ma’lum ma’noda sivil (fuqoroviy) tashkilotlarning tashabbusi bilan ochilgan ta’lim kurslari to‘ldiradi. Bu tashkilotlarga madaniy, ijtimoiy va diniy yo‘nalishdagi jamiyat va vaqflar kiradi. Sardor Chalabiy boshchilik qilgan ATIBning Olmoniya ichidagi faoliyati, asosan, diniy va milliy qadriyatlarning targ‘ibotiga qaratilgandi. Men ATIB Qurultoyidan ikki kun avval kelgandim. Ertasi kuni mehmonxonaga Anvar Oltoyli keldi. U ham Frankfurtda yashar ekan. Shaharni aylanishga chiqdik. Non chiqaradigan kichik nonvoyxonasi bor ekan, ko‘rsatdi. O’zbekistonga borib kelganini aytdi. Goskomizdat raisi Ubaydulloh Abdurazzoqovni tanir ekan. Qurultoyga kichik nutq tayyorladim. Yarim o‘g‘uz, yarim o‘zbek shevasida bir nutq. Anvar Oltoyliga o‘qib berdim, bo‘ladimi, desam, bo‘ladi, dedi. Xalq tushunadimi, desam, tushunadi, dedi. Qurultoy Frankfurtning katta sport zallaridan birida bo‘ldi. Bir necha ming odam bor edi. Tataristondan, Afg‘onistondan, Bulg‘oristondan va yana boshqa yurtlardan mehmonlar chaqirilgan ekan. Bu mashvaratga Kyoln shahridan Boymirza Hayit, Saudiya Arabistonidan Zuhriddin Turkistoniy, Myunxendan Temur Xo‘ja hamkelishgandilar. Ko‘rishib, quchoqlashdik. Temur Xo‘jani "Ozodlik" radiosining xodimi sifatida bilar va hurmat qilardim, ammo hech qachon ko‘rishmagandim. Uning 20-yilda qurilgan Buxoro jumhuriyatining raisi Usmon Xo‘janing o‘g‘li ekanini ham o‘sha yerda o‘rgandim. Shuningdek, Turkiyada tanilgan turkchi- milliyatchilardan Sodi Somunjio‘g‘li va Oyvoz Go‘kdamir bilan ham o‘sha Qurultoyda tanishdik. Nutqim haqiqatan ham tushunarli chiqdi, shekilli, Qurultoy qatnashchilari chapak chaldilar. Balki, mehmon bo‘lganim uchun iltifot ko‘rsatgandilar. Meni o‘z nutqimdan ko‘ra umrimda ko‘rmagan odamlarning nutqlari ko‘proq qiziqtira boshlagandi. To‘g‘rirog‘i, ularning nutqlaridagi pafosning yuksakligi, ulardagi g‘aroyib ilhom va samimiy artistizm meni hayratga solgandi. Garchand,g‘ artisitlik va samimiylik bir-biriga zid tushunchalar bo‘lsa-da, turklarning minbardagi nutq so‘ylash uslubini shu bir-biriga qarshi so‘zlar bilan ifodalamoq mumkin. Eng munkaygan turk ham minbarga chiqsa, darrov otashin notiqqa aylanar, ko‘zlarida o‘t, qo‘llarida yildirim chaqnay boshlardi. Qurultoy tugagandan so‘ng Temur Xo‘ja bilan Myunxenga ketdik. Ertasi kuni uzoq yillar davomida "temir parda" orqasidan bir tomonga hurriyat g‘oyalarini sovurgan mashhur radiostantsiyaga bordik. Bu radio -"Ozodlik" radiosi edi. Uni mening intim radiom desam ham bo‘lardi. Chunki, 70-80 yillarda yashirinib eshitadiganimiz radio shu "Ozodlik" edi. O’zbek va rus redaktsiyalarida O’zbekiston haqida bilgi berdim, jurnalistlar bilan suhbatlashdim. Bu "CIAning agentlari" normal insonlar ekan. U yerda menga 1987 yilda o‘z fikri bilan yordam bergan Enn Shixi ismli jurnalist-tadqiqotchi bilan ham ko‘rishdim. Ruslarning O’zbekistonda tug‘ilishni kamaytirish kampaniyasiga qarshi bir maqolamda "burjuaziya olimi" Shixi xonimning diskriminatsiya haqidagi fikrini ishlatib, boshim baloga qolgandi. Ammo fikr "burjuaziya"niki bo‘lgani uchun kechirishgandi. Olmoniyada bir haftacha qoldim va bir narsa diqqatimni tortdi: bu o‘lkaning shaharlari bizning Sovet Ittifoqidagi shaharlarga nisbatan hayratlanarali darajada sokin edi. Bu sokinlik shahar aholisining yuzlarida ham aks etardi. Keyinroq bu xususiyatning faqat Olmoniya emas, G’arbning butun shaharlari va ularda yashagan odamlariga xos ekanini ko‘rdim. Bizning esa, shaharlarimiz kabi qiyofalarimizda ham bir notinchlik, bir shovqin-suron, bir bezovtalik bor 98 Muhammad Solih - Yo'lnoma edi. Sovet kishisi, millatidan qat’iy nazar, G’arb o‘lkalaridan biriga kelsa, uni katta olomon ichidan darrov topib olsa bo‘lardi. Notinch yuzi uni doim fosh qilib turardi. Bu notinchlik totalitar davlatning o‘z fuqarolari yuziga urgan tamg‘asi edi. Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling