Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- "ERK" - RASMIY PARTIYA
- DEMOKRATIK IHTILOL
- PREZIDENT SAYLOVI
HUKUMATNING MUSTAQILLIGI Oliy Kengash "Erk" partiyasi Qurultoyidan besh kun keyin 30 avgustda Favqulodda sessiyasini chaqirib O’zbekiston mustaqilligini ikkinchi marta e’lon qildi. Hukumat birinchi marta mustaqillikni e’lon qilib, o‘zi boykot qilgan bo‘lsa, bunisini e’lon qilar ekan, Moskvaning boykot qilishidan qo‘rqib turardi. 30 avgustda e’lon qilingan Mustaqillik hukumatning mustaqilligi edi. Ham to‘g‘ri, ham ko‘chma ma’noda. Hukumat Moskvadan mustaqil bo‘layotgandi. Xalq bir yil avval, to‘qsoninchi yil 20 iyunda o‘z mustaqilligini e’lon qilgandi. 30 avgustda hukumat mustaqillik e’lon qilganda, millatvakillari miq etmadi. Chapak chalish u yoqda tursin, ovoz chiqarmadi. Shunda sho‘rlik prezident "nega chapak chalmayapsizlar?", deya hayqirdi zalga qarab. Bir-ikki chapak yangradi. Ammo ko‘pchilik qaysarlarcha jim qolaverdi. Bunday sukunat dunyoning mustaqillik e’lon qilgan biron bir Parlamentida bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Millatvakillari hukumatning mustaqilligidan qo‘rqishayotgandi. Ilgari biror adolatsizlik bo‘lsa, og‘a rusga murojaat qilishardi, endi kimga murojaat qilamiz, deb o‘ylayotgandi sho‘rlik xalq vakillari. Ular adolatsizlikni yo‘q qilish uchun og‘aga qaram bo‘lish yanada qo‘rqinchliroq ekanini sezishmasdi. Chunki, qaram bo‘lib o‘rgangandilar. Adolatsizlikni yo‘q qilish uchun kurashish mumkinligini esa, xayoliga ham keltirmasdilar. Kurash ular uchun begona so‘z edi. Ular o‘tirgan o‘rnidan turib, rahbarga shu gapingiz adolatsiz bo‘ldi, deb hech qachon aytmagandilar. Bunga jasorat qilganlarni "telba" deb aytardilar. Bu 500ta xalq vakilining to‘qson foyizi nomenklatura qanoti ostidan chiqqan jonzodlar edi. Ular bolaligida avtomatik ravishda oktyabryat, o‘smirligida pioner, balog‘atga yetgib komsomol bo‘lgan va darrov kommunist bo‘lish uchun navbatga turgan sip-silliq insonchalar edi. Ular o‘zlari egallagan hech bir maqomga siyosiy mujodola bilan kelmagandilar. Ular o‘zidan yuqorida turganning oyog‘i ostiga yelkasini qo‘yib, sekin-asta tepaga ko‘tarilishgandi. Shu bois, ularning hech biri siyosatchi emasdi, ularning siyosat haqida birorta mustaqil fikri yo‘qdi, siyosiy vaziyatda qaror olishni bilmasdilar, dovdirab qolishardi. Shu ma’noda "norasmiy" deb nom olgan muxolifat tashkilotlarining o‘rta saviyadagi bir a’zosi bu sipo kiyingan janoblardan ko‘proq siyosatchi edi. Chunki, u o‘zi ishongan narsa uchun kurasha olar, adolatsizlikka qarshilik ko‘rsata bilardi. To‘qson birinchi yil 30-avgustda bu millatvakillari Karimovning zulmidan qo‘rqib, mustaqillikdan ham voz kechib turishga tayyor edilar. Ularning mustaqillik e’lon qilinganidagi sukuti shu mutelikning ifodasi edi. Ularda 90-yilgi shahd yo‘q edi. 90-yilda ular Karimovni diktator bo‘lib oladi, deb o‘ylamagandilar. Shuning uchun Iyun Deklaratsiyasi olqishlar bilan qabul qilingandi. 115 Muhammad Solih - Yo'lnoma Albatta, Mustaqillikni olqishlamagan xalq vakillari uning uchun yuz foyiz ovoz berdilar. Mustaqillik kuni qilib 1-sentyabr belgilandi. To‘g‘risi, bu bayram mening ham ko‘nglimni yoritmadi. Umumruh mutaassir etdi, balki. Yoki mustaqillik uchun ajratilgan sevinch zahirasini to‘qsoninchi yilda keragidan ortiqroq sarflab qo‘ydimmi, bilmayman. Har holda, bu voqeaning naqadar ahamiyatli ekanini his qilgan holda, baxtiyorlik tuyg‘usi lozim bo‘lganidek jo‘sh urmadi. "ERK" - RASMIY PARTIYA 5-sentyabr kuni "Erk" partiyasi Adliya vaziri tomonidan rasmiy partiya sifatida ro‘yxatga olindi. Yana bir necha kundan so‘ng "Birlik" harakati ham rasman ro‘yxatdan o‘tdi. Bu, albatta, muxolifatning o‘lkada tashkilotlanishi uchun katta imkoniyat yaratardi. "Erk"chilar yo‘llarga tushdilar. Butun jumhuriyat miqyosida tashkilotning bo‘limlari tuzildi, avval tuzilganlari mustahkamlandi. Xalq tashkilotimizga mislsiz tavajjuh ko‘rsatdi. 91-yil oktyabriga kelib, a’zolarimiz soni 50 ming atrofida edi. Men Prezident Islom Karimov bilan bir-necha marta uchrashib, muxolifatning yangi qurilayotgan davlat uchun naqadar ahamiyatli ekanini anglatishga intildim. Ayni fikrlarni Oliy Kengash sessiyalarida ham davomli tilga keltirdim. Karimovga har xil variantlarda doim bir narsani takrorladim: bizning tashkilotimiz uchun davlat mustaqilligi har narsaning ustida bo‘lgan. Bugungi bosqichda ham shunday. Rusiya o‘ziga kelmasdan oldin bu mustaqillikni mustahkamlab olishga shoshilishimiz kerak, davlatni chinakamiga mustaqil qiladigan iqtisodiy va siyosiy tadbirlar olinmog‘i kerak, bu ishlar qilinsa, biz bir muxolifat tashkiloti sifatida sizning hukumatni qo‘llashga hozirmiz. Bizga na mansab, na shuhrat lozim, biz shu Olloh ato qilgan hurriyatimizni saqlab qola olsak, biz uchun yetarlidir. Faqat siz ham bizga lutf qiling-da, muxolifat tanqidini dushmanlik sifatida qabul qilmang, muxolifat hukumatni tanqid qilish uchun yaratilgan bir mexanizm, butun dunyoda shunday... Men gapirar ekan, bir odam ikkinchisiga umum manfaat haqida gapirgani kabi, o‘yin qilmasdan, samimiy gapirardim. Faqat bu gaplarni samimiy eshitgan Prezident, men Oliy Kengash minbaridan chiqib, hukumatni tanqid qilganim zahot, darrov to‘nini teskari kiyib olardi. Biz buni o‘zaro gaplashdik-ku, nega yana minbardan gapiradi, deya jig‘ibiyroni chiqardi. Muammosi bo‘lsa, menga imi-jimida aytsin, men hal qilaman-ku, deb xafa bo‘lardi. Ammo men bu muammolarning "imi-jimida" hal bo‘lishini istamasdim. Bu muammolar Prezidentning kayfiy buyruqlari bilan emas, qonun asosida yechilishini orzu qilardim. O’lkadagi ahvol bitta kishining kayfiyatiga qarab o‘zgarib turishi - mamlakatni qounsizlikka sudraydi, deb o‘ylardim. Albatta, mening orzularim erta pishgan orzular edi. Mendagi optimizm kommunistlarni baholashda pand berdi, ammo uni o‘zgartirish mening ixtiyorimda emasdi. Men orzu qilishga va orzularni imkon bor joyda tilga keltirishga mahkum edim. Talashib-tortishib "Erk" partiyasining oyda bir marta 30 daqiqalik televizion programmasi uchun Karimovdan ruxsat undirdim. Ammo bu programma sentyabr-oktyabr oyida ikki marta efirga chiqdi va ta’qiqlandi. Prezident o‘z sahovatiga chidolmadi. "Erk"chilar shu ikki oyning oltmish minutida yoqimsiz gaplarni shu qadar ko‘p gapirib tashladilar-ki, bu 60 minut hukumatga 60 kun kabi ko‘rinib ketdi va programma ta’qiqlandi. Yana targ‘ibotimizning asos minbari "Erk" gazetasi bo‘lib qoldi. Bu ham oz emas edi. Gazeta rasmiy ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ngra tiraji birdan yuksaldi. Bir marta 100 mingga chiqdi. Bosmaxona mudirlari "Erk"dan ortiqcha bir necha ming bosib, o‘zlari sotib "biznes" 116 Muhammad Solih - Yo'lnoma qilaboshlagani ma’lum bo‘ldi. Biz bunga indamadik. "Erk" xalq o‘rtasida tarqalsa, bo‘ldi deb hisobladik. Chunki, alternativ matbuot aholi uchun o‘sha yili kuponga berilayotgan yog‘ va shakar kabi muhim edi. 91-yilda Markaziy "Erk" gazetasi bilan bir qatorda yana to‘rtta viloyat gazetasini chiqara boshladik. Bu gazetalar o‘z mintaqalarida tez obro‘ qozondi. Odamlar ortiq kommunistlarning matbuotiga emas, bizning gazetalarga o‘z dardini ayta boshladi. Bu qisqa, bir yil ham davom etmagan matbuot erkinligi hukumat pisand qilmayotgan aholining plyuralizmga yetarli darajada tayyor ekanligini ko‘rsatdi. DEMOKRATIK IHTILOL Oliy Kengashning navbatdagi sessiyasi oktyabr oyida bo‘lishi kerak edi. Men bir ish bilan Moskvaga ketgandim, sessiyadan bir kun avval qaytib keldim. O’sha kechqurun bir deputat oshnamizdan telefon keldi: - Ertaga jangga tayyormisiz? - deb so‘radi u. - Albatta, tayyorman, - dedim. Deputatning savolida bir g‘ayritabiiylik ko‘rmadim. Men har bir sessiyada hukumatni tanqid qilardim, tanqid qilinadigan narsa shu qadar ko‘p edi-ki, birov "jangga tayyormisiz," deb so‘rashining ham keragi yo‘qdi. Ertasiga Oliy Kengash zaliga kirdim. Deputatlar guruh-guruh bo‘lib qah-qah otishar, nimalarnidir odatdagidan qiziqroq, sirliroq muhokama qilishardi. Sessiya ish boshladi. Birinchi bo‘lib, Alijon Qo‘chqorov degan deputatga so‘z berildi. U kutilmaganda Prezidentni tanqid qilaboshladi. Qaysidir farmonni noto‘g‘ri chiqarganlikda aybladi. Uning chiqishi meni sevintirdi. Nihoyat, til kirdi Parlamentga, deya sevindim. Qo‘chqorovdan keyin so‘zni Toshkent shahar Kuybishev tumani ijroqo‘mi raisi Shuhrat Nusratov oldi. Bu yigit hech qachon sessiyalarda gapirmasdi. Birinchi so‘z berishganini ko‘rib, biror bir e’loni bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Lekin u hammani hayratga soldi (keyin hammani hayratga solmagani ma’lum bo‘ldi). Minbarga kelib ruschalab taxminan shunday dedi: - Prezident Konstitutsiyaga xilof ish tutayapti, bunga falon-falon voqealarni misol keltirish mumkin. Konstitutsion Sud Raisi O’rozaev qaerga qarayapti, biz uning millati o‘zbek emasligiga qaramay, uni saylagandik... Nusratov 5 daqiqa davomida Prezident Karimovni shunday tanqid qildi-ki, uning bu jur’ati menda bir oz shubha uyg‘otdi. Undan keyin chiqqan yana bir deputat ayni shiddatla Karimovga tashlandi. Bu odam ham avval qochadigan joyini tayinlab qo‘ymasdan bunday "jasorat"ga qodir emasdi. Bu odamlar o‘tgan majlislarda men minbarga chiqib, Prezidentni tanqid qila boshlagan zahot yer tepib, "bo‘ldi endi!" deya baqirgan, Karimovga laganbardorlik qilgan odamlar edi. Ularning 180 daraja o‘zgarganida mutlaqo bir sinoat bor edi, ammo buni o‘ylab oxiriga yetmasdan, minbarga meni taklif qilishdi. So‘z olish uchun navbatga yozilgandim, ammo navbat bunchalik tez kelishini kutmagandim. Har holda, nutqim tayyor edi, minbarga chiqdim. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida muxolifat vakillariga bo‘layotgan tazyiqlar haqida, hukumatning bu voqealarni jo‘rttaga bilmaganga olayotgani va Karimovning buyurug‘isiz bunday tazyiq o‘tkazila olmayajagi haqida yozilgandi nutq. 117 Muhammad Solih - Yo'lnoma Gapimni boshlamasdan oldin mendan avval chiqqan deputatlarni tanqid qilishni o‘rganayotganligi bilan tabrikladim. Ammo ularning samimiyatiga ishonmayman, dedim. Kechagina prezidentni tanqid qilganlarga "bo‘ldi, yetar", deb yer tepgan odamlar qanchalik nosamimiy bo‘lgan esalar, bugun o‘zlari Prezidentni tanqid qilganda ham shunchalik nosamimiydirlar, dedim. Va o‘z nutqimni o‘qiy boshladim. Nutq bitdi, borib joyimga o‘tirdim. Olqish ham, qarg‘ish ham yo‘q, zal jim-jit edi. Keyin bir nechta deputat Mirsaidov gapirsin, deb baqira boshladi. Shukrullo Mirsaidov o‘sha paytda Vitse-prezident edi. Avvallari Prezident Karimov bilan juda qalin edilar, 91-yil o‘rtalariga kelib, oralari buzilgandi. Karimov uni Bosh ministrlikdan olib, Vitse-prezidentlik lavozimiga o‘tkazgandi. Bunga isyon qilgan Mirsaidov deputatlardan bir qismini Karimovga qarshi tayyorlab, uning o‘rnini egallashni reja qilgandi. Oliy Kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov ham bu ishning ichida edi, shuning uchun ham sessiyada so‘z olganlar ma’lum tartib bilan chiqib gapira boshlagandilar. Mening bu ishdan mutlaqo xabarim yo‘q edi. Sessiyadan bir kun oldin menga "jangga tayyormisiz," deb so‘raganlarida bu savolning bir parol ekanini bilmasdim. Men chiqib Prezidentni tanqid qildim, ammo mendan oldin chiqqan odamlarni ham nosamimiylikda ayblab qo‘ygandim. Bu ihtilolchilarga kutilmagan chiqish bo‘ldi. Ular mendan ko‘mak kutishgandi, men buni bilmagandim. "Mirsaidov gapirsin!" deb baqirayotgan deputatlarning vajohatidan vaziyatning anchagina jiddiy ekanini sezdim. Prezidiumda o‘tirgan Islom Karimovning yuzi oqarib ketgani shundoq ko‘rinib turardi. Karimovni Prezident qilib saylagan Oliy Kengash edi, uni bu lavozimdan olish ham joriy qonun bo‘yicha Oliy kengash deputatlarining qo‘lida edi. Agar "Mirsaidov"chilar o‘z ishlariga yanada puxtaroq tayyorlanishganida va ular ergashgan lider jasoratliroq harakat qilganida, ehtimol, yutib chiqishardi. Chunki, Oliy Kengash deputatlarining aksariy qismi Karimovni yoqtirmasdi. Lekin Mirsaidov deputatlarning talabi bilan minbarga chiqib, ularning hafsalasini pir qildi: - Iltimos, meni tinch qo‘yinglar, menga hech narsa kerak emas, tiz cho‘kib yashagandan, tik turib o‘lgan yaxshi... va hakozo gaplarni aytdi. Reja bo‘yicha, Mirsaidov programm nutqini so‘ylagandan keyin ministrlar Ubaydulloh Abdurazzoqov, Alixon Otajonov kabi yana to‘rt mansabdor shaxs Karimovning o‘z lavozimiga layoqatsizligini isbot qilishi va Oliy Kengash uni vazifasidan chetlashtirishi kerak edi. Bu haqiqatan ham yaxshi tuzilgan plan edi. Ammo Mirsaidov o‘yinni oxirigicha o‘ynay olmadi. U shunday kamtarlik bilan chetga chiqib turay, deputatlar meni majburlab taxtga o‘tqazishadi, deb o‘ylagandi, balki. Ammo taxtga da’vo qilayotgan liderning o‘zi bu ish uchun tavakkal qilmasa, uning orqasida turganlar nega tavakkal qilsin? Mirsaidov minbardan kamtarona uzoqlashganidan keyin hech kim so‘z so‘ramadi. Zalning shashti qaytgandi. Buni sezgan Karimov o‘ziga kelib, qarshi hujumga o‘tdi.... Oliy Kengashning 1991 yil oktyabr sessiyasi Islom Karimovni demokratik yo‘l bilan hokimiyatdan uzoqlashtirishning so‘nggi imkoni edi. Bundan buyog‘i, amerikalik tadqiqotchi professor Marta Olkott aytganidek, Karimov va Niyozov kabilar faqat saroiy to‘ntarishi oqibatida hokimiyatdan ketishlari mumkin. PREZIDENT SAYLOVI O’zbekiston Mustaqil bo‘lgandan keyin o‘zining mustaqil Prezidentni saylashi kerak edi. Oktyabr isyonidan keyin ehtiyotkorlikni oshirgan Karimov saylovdan oldin Oliy Kengashdagi muxoliflarni bartaraf qilmasa-da, betaraf qilishga kirishdi. Oktyabrda minbarga chiqib, o‘ziga 118 Muhammad Solih - Yo'lnoma tashlangan bittasini maslahatchi qilib yoniga oldi, boshqasiga kattaroq lavozim berdi va hokozo yo‘llar bilan "mirsaidovchi" guruhni tinchitdi. Noyabrda Oliy Kengashning Favqulodda sessiyasi chaqirilib, dekabr oyiga Prezidentlik saylovlari belgilandi. Bizning guruh saylovlarni 1992 yilda o‘tkazilishini talab qildi. Lekin Karimovning tazyiqi ostida Kengash saylovlarni 1991 yilning 29-dekabriga tayinladi. "Erk" partiyasi saylovda qatnashish qarorini avvaldan olgandi. Faqat biz saylovlarni 1992 yilga ko‘chirishga umid qilgandik, bo‘lmadi. Men Oliy Kengashda "Erk" partiyasining saylovlarda qatnashish qarorini e’lon qildim. Bu e’lon hukumatga sovuq suv sepgandek ta’sir qildi. O’sha kuniyoq uyga odam yuborishdi. Hozircha partiyani mustahkamlab olishi kerakligi, bu qiyin davrda hukumatga kelish obro‘ni tushirishi muqarrar ekanligi haqida "foydali maslahatlar" berildi. Bu odamning aytgan gaplari, asosan, to‘g‘ri edi, ammo bu to‘g‘ri gapdan ko‘zlangan niyat -"Erk" tashkilotini Karimovning qarshisiga chiqarmaslik edi. Men bu odamga rahmat aytdim, tashkilot saylovda qatnashish qarorini olgan, u bilan maslahatlashay, balki qarorini o‘zgartirar, dedim. Odam quvonib chiqib ketdi. Ertasiga saroydan, adabiyotchilardan chiqqan bir maslahatchi qo‘ng‘iroq qilib: - To‘g‘ri qaror qabul qilibsizlar, - dedi. - Nima qaror, saylovda qatnashishmi? - deb so‘radim. - Yo‘q, qatnashmaslik qarori, - dedi maslahatchi, - ko‘rasiz, buning foydasi ko‘p bo‘ladi hali..! - Nomzodni ro‘yxatdan o‘tkazaylik, qaytib olish haqida gapirish hali erta, - dedim maslahatchiga. - Sizni tushundim, - dedi, sevinch bilan bechora. Ammo u meni tushunmagandi. U mening "qaytib olish haqida gapirish erta" deganimni qaytib oladi, deb o‘ylagandi. Agar bu tasodifiy so‘z tuzilishi bo‘lmasaydi, balki, mening nomzodim hech qachon ro‘yxatga olinmasdi. Albatta, "Erk" partiyasi mashru, rasmiy tashkilot edi, u saylovda qatnashishi uchun tarafdorlar imzosi ham talab qilinmasdi, partiya plenumida saylovga nomzod ko‘rsatilsa, bas, saylov komissiyasi bu nomzodni registratsiya qilishga, qonun bo‘yicha majbur edi. Ammo O’zbekistonda qonun Prezidentning cho‘ntagida bo‘lgani uchun, u istagan narsa qonuniy, istamagani noqonuniy, deb topilaverardi. Demak, "Erk"ning saylovlarda qatnashuvini Prezidentga bog‘liq bo‘lgan qonun bilan emas, o‘z irodamizga bog‘liq tadbir bilan kafolatlab qo‘yishimiz kerak edi. Va biz buni kafolatladik. Endi Karimov to saylov kuniga qadar "Erk" o‘z nomzodini ertaga qaytarib oladi, deb umid qilaversin, dedik. Albatta, "Erk"chilarning eng xayolparasti ham saylovda g‘alaba qilamiz, degan orzudan yiroq edi. Birinchidan, targ‘ibot uchun tashkilotning pul-mablag‘i yo‘qdi. Davlat har bir nomzodga ajratadigan mablag‘ni bir bahona topib "Erk"ka bermasligi mumkin edi. Aynan shunday bo‘ldi. Ikkinchidan, ovoz berish qutilarini nazorat qilishga "Erk"chilarni yo‘latmasliklari mumkin edi. Aynan shunday bo‘ldi. Uchinchidan, saylov natijalari soxtalashtirilishi mumkin edi, bu ham xuddi shunday bo‘ldi. Lekin biz saylovda qatnashishga qarorli edik. Butun bu bizning foydamizga bo‘lmagan narsalar ichida bitta foyda bor edi. Saylov bizga xalq bilan yuzma-yuz uchrashish, uning dardini tinglab, bu asosda "choralar programmasi" tayyorlash, ayni paytda partiya g‘oyalarini targ‘ib etib, uning ijtimoiy bazasini kengaytirish imkonini yaratardi. 119 Muhammad Solih - Yo'lnoma Saylov kampaniyasi boshlangan bo‘lsa-da, men o‘n kun davomida Toshkentdan chiqolmadim. Saylov komissiyasi menga ishonchli vakil bo‘lgan odamlarni tasdiqlamay, o‘zining ilk tazyiqlarini boshlagandi va 10 kunim o‘shanaqa byurokratik to‘siqlar bilan "kurashga" ketdi. Nihoyat, ko‘rdim-ki, bularni yengish qiyin, ishonchli vakillardan voz kechib, Samarqandga ketdim. Karimovning vatanidan boshladim "yurish"ni. Viloyat teatri zalida saylovchilar bilan uchrashdim. Odamlarning kayfiyati yaxshi edi. So‘zlagan nutqim yaxshi aks-sado berdi. Savol-javoblar samimiy bo‘ldi. Majlisni boshqarayotgan Samarqand viloyat rahbari ham o‘zini vazmin tutdi. Prezidentdan qo‘rqib, majlis ruhini o‘zgartirishga harakat qilmadi. Bu holat esimda qoldi, chunki, keyin o‘tkazilgan barcha uchrashuvlarda viloyat rahbarlari xuddi igna ustida o‘tirganday o‘tirdilar. Odamlar mening deganlarimga qarsak chalarkan, rahbar sho‘rliklar qo‘llarini qaergadir yashirib, Prezidentga o‘z sadoqatini izhor qilishga majbur bo‘lgandilar. Uchrashuvlarning birortasi, qisqa xabarlar mustasno, na radio, na-da televidenieda berildi. Zotan, uchrashuvlar ham viloyat markazlarida bo‘ldi, yarim-yumaloq qilib o‘tkazildi. Sal chekkaroqda tashkil qilinganlari hokimiyat tarafidan zo‘rlab tarqatib yuborildi. Yoki uchrashuv zallarining poli bo‘yalib, saylovchilar ichkariga qo‘yilmadi. Yoki elektrni o‘chirib qo‘ydilar, suv bostirdilar, remont qildilar. Yoki saylovchilarga Muhammad Solih falon joyda uchrashuv o‘tkazadi, deb to‘rtta adres berishdi, bu to‘rtta adresga odamlar borib, prezidentlikka nomzod kelmagandan keyin, qarg‘ab-qarg‘ab tarqaldilar. Ishqilib, qiziq hangomalar bo‘ldi bu saylovda. Saylov kampaniyasining o‘rtalarida Saroydan Shahobiddin Ziyomov keldi. U bilan suhbatlashdik. Niyati ma’lum bo‘ldi. Nomzodimni qaytarib olish uchun ilhomlantirmoqchi, ammo ochiq taklif qilishdan cho‘chiydi. 12-dekabrda prezident boshchiligida 10 kishilik davlat arkoni Turkiyaga ketayotibdi, yuqori saviyada qabul bo‘ladi, Islom aka (Karimov) Sizni shu hay’atga o‘n birinchi bo‘lib qo‘shilishingizni istayapti. Uchoqda saylov masalasida kelishib olasizlar, dedi. Men o‘ylab ko‘raman, dedim. Ammo Saroy shu qadar shoshilgan edi-ki, diplomatik pasportimga Moskvadan viza qo‘ydirib, uyga tashlab ketishibdi. 11-dekabr kuni Ziyomov telefon qilib, "Ertaga ketayapsiz, unutmang yana," deb kuldi. Men "ertaga ketmayman, chunki, ishim ko‘p ekan," dedim. Nima ishingiz bo‘lsa, Oqsoqolga aytasiz, iltimos, bizni uyaltirmang, dedi Ziyomov. Men qat’iy bormasligimni aytib, uni uyaltiradigan qildim. Boshqa chora yo‘q edi. Buyog‘iga Saroyni umidlantirishda davom etish mumkin emasdi. Ochiq kurash, tengsiz, ammo mashru kurashning payti kelgandi. Endi Prezident mening nomzodimni hech bir bahona bilan ro‘yxatdan o‘chira olmasdi. Chunki, o‘zi televizorga chiqib, alternativ nomzodning borligini tan olgan, uni "mening raqibim," deyish o‘rniga "mening dushmanim" deb, hammani lol qoldirgandi. Ortiq "Erk" partiyasining hech bir imkoniyat va tayyorgarliksiz davlatning butun moddiy imkoniyatlari va tashkilotlariga hokim bo‘lgan kommunistlar partiyasiga qarshi maydon o‘qiganini butun dunyo eshitgandi. Bu ishni to‘xtatib bo‘lmasdi. Qirq kunlik saylov kampaniyasida menga bir marta televidenieda chiqishga imkon berdilar. O’nbesh daqiqa gapirdim. Uning uch daqiqasini Prezidentga haqorat qilingan deb, qaychilashdi. Lekin mening kayfim chog‘ edi. Kommunistik partiyaning ichi bo‘sh, irodasiz bir mahluq ekanini ko‘rgandim. Ozgina imkon, ozgina tayyorgarlik va ozgina g‘ayrat bilan bu mahluqning oyog‘ini osmondan keltirish mumkinligini ko‘rgandim. Saylovdan oldin birinchi saboq shu bo‘ldi. Ikkinchi saboq - biz o‘z kuchimizning nimada ekanligini o‘rgangandik. Bizning kuchimiz to‘g‘rilikda, halollikda va biz tashigan g‘oyalarning samimiyatida edi. Bizning kuchimiz an’anaviy siyosatni rad etib, xalqning dardlari bilan chinakamiga o‘rtoqlashganimizda edi. Bir so‘z bilan aytganda, bizning Kuchimiz kommunistlarga o‘xshamaganimizda edi. 120 Muhammad Solih - Yo'lnoma Saylovda 12.7 foyiz ovoz oldim, bundan na xursand, na xafa bo‘ldim. Natijalar soxtalashtirilganining isboti sifatida yigitlar bir necha xalta soxta byulletenni xalqqa namoyish qilmoqchi edilar, to‘xtatdik. Chunki, saylovdan keyingi bosqich tashkilot uchun juda muhim edi. Saylov xalqqa bizga nisbatan favqulodda kuchli tavajjuh uyg‘otdi, bu yuksak to‘lqinni qochirmasligimiz shart edi. Uning ustiga minib, dengizga tomon ochilishimiz zarur edi. Mayda narsalarga chalg‘imaslik kerak edi. Hukumatning qo‘shimcha g‘azabi bizga qo‘shimcha yuk bo‘lardi, xolos. Hisobli harakat qilishga majbur edik. Shu mulohaza bilan saylovning soxtalashtirilgani haqida ko‘p ham shovqin qilmadik. Saylovdan keyin saylovni kuzatgan senator De Kensini boshchiligidagi hay’at partiya markaziy binosiga kelib, biz bilan fikr almashdi... Ularning gap-so‘zidan neokommunistik O’zbekiston uchun shunday "saylov" ham yomon narsa emas, qabilidagi qarash sezilib turardi. Umuman, 1991 saylovlariga barcha G’arb o‘lkalari biz kutgandek talabchanlik bilan yondoshmadi. Endi mustaqillikka erishgan o‘lka, darrov demokratiya talab qilavermaylik, bir necha yildan keyin, sekin-asta demokratlashar, degan umid bilan shunday qilindi. Ammo bir necha yil o‘tib, ahvolning beshbattar bo‘lishini, hokimiyatini mustahkamlagan kommunist liderning avval zohir bo‘lmagan atavistik mayllari yuz ko‘rsatib, o‘lka aholisini stalincha qatag‘onga duchor qilajagini hech kim bilmasdi. Saylov deb atalgan bu tomoshadan mening esimda qolgan bir yorqin manzara - bu mening Farg‘ona vodiysidagi ishonchli vakilim, hofiz Dadaxon Hasanning qaysidir qishloqda, bir uyning devoriga suyanib turgan surati. Bu uyning oldida, qishda, dekabr oyida, biz o‘zimizning yupun kiyingan, kambag‘al, bechora saylovchilarimiz bilan uchrashayotgandik. Dadaxon Hasan devorga suyanib turarkan, unga so‘z berishganda, darrov jonlanib, hozirgina yuzini qoplab turgan tundlik g‘oyib bo‘lar, ko‘zlari chaqnab, ovozi yangrab, kimga ovoz berish kerakligi haqida kuylay boshlardi. So‘zini tugatganda esa, yuziga yana tundlik yoyilar, xuddi hozirgi otashin nutqni u gapirmaganday, nigohini uzoqqa emas, o‘z ichki dunyosiga qadab, devorga suyangancha qotib qolaverardi. Bu irratsional manzara 1991 yil saylov kampaniyasidan ko‘ngilni yoritadigan yagona xotira bo‘lib qoldi. Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling