Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- AYBNOMALAR VA AYG’OQCHILAR
- DAVLAT SIRLARI 1. QOCHQİN "ERK"CHİNİNG AYTGANLARİ
YOLG’IZ NAMOYISHCHI Oliy Kengash sessiyasi kuni Toshkentda namoyish o‘tkazish rejasi bir oy avval muhokama qilingandi, ammo bir qarorga kelinmagandi. Tazyiqlar kuchayib, hukumat muxolifat bilan muloqot qilmayajagi ma’lum bo‘lgandan keyin, norozilik mitingi o‘tkazish zaruratga aylandi. Ammo miting tashkilotchilari hukumat organlarining davomli bosimi ostida namoyishni sessiya kuniga tayyorlab ulgurmadilar. 2 iyul kuni ertalab uydan chiqqanimda, biz yashayotgan bino atrofida KGB ayg‘oqchilari bilan ihota qilingandi. Ular meni Oliy Kengashgacha kuzatib borishdi. Ammo asos tomosha Kengash zalida bo‘ldi. Majlis boshlanmasdan 10-15 daqiqa avval kelgan deputatlar, odatda bosiq, vazmin kommunistlar qiy-chuv edi. Mening ham qo‘limga bir qog‘oz berishdi. Unda sxema chizilib, zaldagi o‘rindiqlar ko‘rsatilgan va har kimning o‘rindig‘i, ismi nomerlab qo‘yilgandi. Avvallari deputat o‘zi saylangan "okrug" deputatlari bilan birga o‘tirardi. Bizda fraktsiyalar bo‘lmaganidan "okrug" bo‘yicha joylashgandik. Men Toshkent shahar okrugi hududida 5-qatorda o‘tirardim, endi esa, bu qo‘limdagi qog‘oz bo‘yicha men 20 qatorga, uning ham o‘rtasiga "ko‘chirilgandim." Qiy-chuv qilayotgan 136 Muhammad Solih - Yo'lnoma deputatlar bu yangi tartib ma’nosini tushunmasa-da, men tushungandim. Menga o‘xshagan odamlar so‘z olib, minbarga chiqishi qiyinlashsin, deb, uning oldiga shunday jismoiy va psixologik to‘siqlar o‘ylab topishgandi. Bunga albatta, normal odamning aqli bovar qilmaydi. Men so‘z olishim uchun uzoqdan baqirishim kerak, chunki, mening mikrafonimni o‘chirib qo‘yishgan bo‘ladilar. Bunday baqiriq atrofdagi uyqusarak kommunistlarning asabini qo‘zg‘otishi lozim. So‘z berishmaganidan keyin qatorning o‘rtasidan yo‘lakka chiqish uchun kamida 15ta qorindor shavvozni siqishtirib rohat-farog‘atiga futur yetkazmog‘im va buning nisbatida qarg‘ishlarini olmog‘im kerak. Toki, nihoyat, minbarga chiqib gapira boshlasam, rohatini buzganim mavjudotlar menga qarshi norozilik chapaklarini gulduros bilan chala boshlasinlar. Lekin men bu to‘siqlarga qaramasdan so‘z olishga, gapirishga majbur edim. Hukumat so‘nggi ikki oyda shu qadar haddidan oshgandi-ki, qayta qurish davrida siyosatchi bo‘lib shakllangan odam bunga chidab o‘tirolmasdi. Men o‘shanday "shakllangan"lardan edim. Sessiya boshlanib, Oliy Kengash raisining nasihatlari bitgandan keyin, men so‘z so‘radim. Mening stolimdagi mikrafon hali o‘chirilmagan edi, Kengash raisi eshitdi, ammo eshitmaganga oldi. Men so‘rovni takrorladim. Rais "shoshmay turing," dedi va yonida o‘tirgan Islom Karimov bilan shivirlashdi. Televidenie majlisdan to‘g‘ri translyatsiya qilinayotgandi, yanglishmasam. Shu boismi, ochiq janjal chiqishidan qo‘rqib, avvaliga yumshoq harakat qilishdi. Ammo ular to‘qnashuv muqarrar ekanini bilishardi. Sessiya oldidan meni izolyatsiya qilish tashabbuslari bekorga ketgandi. Lekin menga so‘z bermaslik uchun ular ham "qasamyod" qilgandilar. Bu deputatlarning o‘rinlarini almashtirish hodisasidan ko‘rinib turardi. Men ham agar so‘z berishmasa, deputatlik mandatini bu to‘ralarning oldiga uloqtirishga qaror qildim. Bu radikal qaror edi, ammo kundan-kunga kuchaymoqda bo‘lgan zulmga qattiq bir uslubda "to‘xta," deyish zarur edi. O’yladim-ki, agar hozir so‘z berishmasa, bundan keyin hech qachon so‘z berishmaydi. Uch yil deputatlik davrida so‘z olish istagimni biror marta rad qilishga jur’at qilaolmagandilar, endi bu jur’atni topdilar. Agar ularga bo‘yin egsam, men ham yonimda o‘tirgan sassiz kommunistlardan biriga aylanaman, bundan xudo saqlasin, deb o‘ylardim. Bu mutelikni hech bir siyosiy maqsad, hatto partiya raisligi mas’uliyati ham menga qabul qildiraolmasdi. Men uchinchi marta mikrafonga egildim, ammo ovozim u tarafda eshitilmasdi, mikrafonni o‘chirishgandi. O’rnimdan turdim va Oliy Kengash raisiga "o‘rtoq Yo‘ldoshev, men sizdan so‘z so‘rayapman, eshitmayapsizmi?" dedim baland ovoz bilan. - O’rtoq Madaminov o‘tiring, o‘tiring deyapman, sizga!, - deya hayqirdi Kengash raisi va o‘rnidan turdi. - Agar so‘z bermasanglar, men uni olaman, - dedim va qatorning o‘rtasidan turib, yo‘lakka tomon yo‘naldim. - Madaminov, o‘tiring, o‘tiring deyapman, sizga so‘z beraman!, - deya hayqirishda davom etdi Oliy Kengash Raisi Yo‘ldoshev. Men deputatlarning hayron boqishlari oralab turtina-surtina nihoyat yo‘lakka chiqdim va tez odimlar bilan minbarga qarab yurdim. - O’rtoq deputatlar, tanaffus!, - deya baqirdi birdan Kengash raisi, - tanaffus e’lon qilamiz, o‘rtoq deputatlar! 137 Muhammad Solih - Yo'lnoma Tanaffusga hali 40 daqiqa bo‘lishiga qaramasdan, Prezident Islom Karimov bu e’longa birinchi quloq solganlardan bo‘ldi, tez o‘rnidan turib, parda orqasiga qocha boshladi. Mubolag‘a qilmayapman, Kengash raisi ham xuddi bir falokatdan yashirinayotganday sahnadagi kulis orqasiga chopqilab qocha boshladi. Men minbarga chiqqanimda prezidiumda hech kim qolmagandi, shu qadar tez g‘oyib bo‘lishgandi. Mikrafonni chertib ko‘rdim, albatta, o‘chirilgandi. Televizion kameralarning ob’ektivlari ham uyatdan yerga qaragan odam kabi pastga qarab turishardi. Kengash raisining hayajonli qilgan chaqirig‘iga 20-30 kishi bo‘ysunib, o‘rnidan turishgan va majburiy tanaffusga hozirlanayotgandi. Qolganlari nima bo‘lganiga aqli yetmay, hangu-mang o‘tirishardi. - Hurmatli deputatlar, ko‘rib turibsiz, O’zbekistonda diktatura to‘la o‘rnatildi, hatto millatvakillari ham so‘zlash huquqidan mahrum qilinmoqda, men bunga norozilik sifatida deputatlikdan iste’fo qilganimni e’lon qilaman... Va shunga o‘xshagan bir necha kalima so‘yladim minbardan. Keyin orqamga o‘girilib hay’atning bo‘m-bo‘sh stoliga, O’zbekiston prezidenti o‘tiradigan joyga deputatlik mandatini uloqtirdim. Keyin g‘ala-g‘ovur orasida zaldan chiqdim. Foyeda bizning "Erk" fraktsiyasidan yigitlar kelib, nimalardir dedi, esimda yo‘q. Balki bu harakatimdan qaytarishni istagandirlar, ammo men uchun orqaga yo‘l yo‘q edi. Foyedan Oliy Kengash bog‘chasiga chiqdim. Shukrullo Mirsaidov yaqinlashdi. "To‘g‘ri qilmadingiz, bir oz kutish kerak edi," dedi. Kuldim, javob bermadim. Yonimda turgan bilan xayrlashib, Kengash binosini tark etdim. Shofyorni "tushdan keyin kelasan," deb yuborgandim. Kengashdan "bevaqt ayrilish" fikri ertalab yo‘qdi. Partiya markaziga piyoda ketdim. Yo‘l, yo‘laklar mirshablarga to‘lib ketgandi. Ko‘pchiligiga tanish edim. Har qadamda "salom"ga alik olishga to‘g‘ri keldi. Bu odamlar muxolifatning e’lon qilingan namoyishini to‘xtatish uchun shay turardilar. Lekin bu namoyish o‘tmadi. Bitta namoyishchi men edim. Yolg‘iz namoyishchi. Uni to‘xtatish uchun shunchalik mirshabning keragi yo‘q edi. TANQID Partiya markazida mening Oliy Kengashdan iste’fo qilganimni bilmas edilar. Vaziyat majbur qilsa, shundan so‘nggi choraga bosh urish ehtimoli haqida tashkilot rahbariyatidagi do‘stlarga xususiy o‘tirishlarda gapirgandim. Ammo buning 2-iyulda yuz berishini hech kim, hatto o‘zim ham taxmin qilmagandim. Hay’at a’zolarining bir qismi iste’foni ma’qullamadi. Maslahatlashmay qilingan ish, deb topdi. Minbarni yo‘qotdik, deyishdi va hakozo. Men bu tanqidni uncha xush ko‘rmadim. Agar mening o‘rnimda bo‘lsangiz, sizlar ham buni qilgan bo‘lardingiz, dedim. Deputat Oliy Kengashda tinglash va chapak chalish uchun emas, o‘lka muammolarini yechishga boradi, agar bunga yo‘l berishmasa, u ketishi kerak, men ketdim, dedim. 138 Muhammad Solih - Yo'lnoma Iste’fo bahonasi bilan boshqa mavzudagi tanqidlar ham yog‘ila boshladi. May oyida O’zbekiston Prezidenti taklif qilgan lavozimlarni olish kerak edi, hukumatning ichida turib, mamlakat ehtiyojlarini o‘rganish va ularga chora topish osonroq bo‘lardi, hukumatda ekan, partiyaga ham tazyiqlar kamayardi, ishodamlarimizni ishdan quvmasdilar, tashkilotga moddiy yordam ko‘payardi va hakozo juda mantiqli mulohazalar bilan tanqid qilindim. Tanqidchilarga bizning posttotalitar tuzimda yashayotganimiz, unda na qonun, na-da prinsip borligini aytdim. Bir kishining mutloq hukmronligi bilan boshqarilayotgan bu majhul jamiyatda rahbarlar siyosatning fohishabozlik ekaniga e’tiqod qilishadi. Bu e’tiqoddagi rahbarlarning va’dasiga qanday ishonardim, deya o‘zimni himoya etdim. Xullas, tashkilot ichida iste’foga ko‘rsatilgan reaksiya meni uncha haqli chiqarmagandi. Ammo menda pushaymonlik hissi yo‘qdi. Bu, har holda, qaysarlik emasdi, ehtimol intuitiv idrok etilgan haqlilik tuyg‘usi edi. Bu voqeadan yarim yil so‘ngra hukumat muxolif demokratlarni Oliy Kengashdan ochiqchasiga, sharmandalarcha ihroj eta boshlaganida, 2- iyulda olganim qaror naqadar isobatli bo‘lganini ko‘rib, meni siroti mustaqimdan ayirmagan Ollohga shukurlar aytdim. AYBNOMALAR VA AYG’OQCHILAR Sentyabr oyida "Mavjud hokimiyatga parallel hokimiyat yaratishga intildi," deb bir guruh "Erk" va "Birlik"chiga jinoiy ish ochildi. Buning barobarida "Erk" gazetasidagi moliyaviy qonunbuzarliklarni "fosh qilgan" komissiya "Erk" gazetasi muharriri va barcha xodimlariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘otdi. Ayni paytda, hukumat, "Erk" partiyasi binosining ijara haqqini to‘lagan bir shirkatga (shirkat boshlig‘i buxorolik Toshpo‘lat Tojiddinov degan kishi edi) tazyiq qilib, pulini qaytarib olishga majbur qildi va "Erk" partiyasiga rus rublyasi bilan 1,5 million so‘m faktura berdi. Buni zudlik bilan to‘lamasanglar, binodan haydalasizlar, deya tahdid qilishdi. Biz bu mablag‘ni bir hafta ichida do‘stlardan to‘plab, kassaga to‘ladik, ammo yana boshimiz baloga qoldi: endi bu pulni bergan odamlarni birma-bir milisaga chaqirib, pulni qaerdan olganligi haqida tilxat yozishga majbur qildilar. Avgust oyida "Milliy majlis" tuzish tashabbuskori sifatida Bobur Shokirov degan odamni qamoqqa olishgandi, uning ko‘rsatmalariga asosan, oktyabr oyida "Erk" gazetasi kompyuteri va boshqa nashr jihozlari musodara qilindi. "Milliy majlis" programmasi shu kompyuterda yozilgan ekan. Oktyabr-noyabr oylarida "Erk" partiyasining uchta viloyat gazetasi ta’qiqlandi. Markaziy "Erk" gazetasi ham grafik bo‘yicha chiqishdan to‘xtab, oyda uch marta chiqa boshladi, dekabr oyida esa, so‘nggi soni chiqdi. Men bilan partiyaning boshqa rahbarlari 1992 yil iyul oyidan to dekabrgacha KGBning yaqin ta’qibi ostida yashadik. Men do‘stlarimnikiga ham, juda zarur bo‘lmasa, borolmaydigan bo‘ldim. Chunki, birovnikiga borib ketganimdan keyin, o‘sha odamnikiga KGBchilar kelib, uy nomerini va uy egasining otini yozib ketadigan bo‘lishdi. Sentyabr oyida uyimizga "yosh shoirman," deb bir qiz kela boshladi. Ismi Zebuniso yoki Nodira (mashhur shoiralarimizning ismi) edi. Bizning xonim haqida bir maqola yozib "Oila" degan gazetada bostirdi, yanglishmasam. Menga juda ko‘p she’rlarini keltirdi, xonimning "bosimi" bilan " o‘qib, fikr bildirib" turdim. Har haftada bir marta kelardi, oilamiz o‘rganib ham qoldi so‘ngida. Ammo dekabr oyida qiz sarxush bo‘lib kelib, bizning xonimga o‘zining KGB ayg‘oqchisi ekanini aytibdi. Uni KGB bilan prezident saroyidan bir shoir yollaganini, ularga yarim yil davomida Muhammad Solih haqida ma’lumot berib turganiga iqror bo‘lib yig‘labdi. Sizlar esa, menga quchoq ochdingiz, doim yaxshilik qildingiz, debdi. 139 Muhammad Solih - Yo'lnoma Xotinga bu voqeani menga aytganingni aytma, kelib yuraversin. Uni kechirganingni so‘yla, ko‘nglini ol, dedim. Qiz biznikiga qatnashda davom etdi. Ammo ayg‘oqchilarning hammasi ham bu qizday tajribasiz emasdi. Bizning oila do‘stlarimizga do‘st bo‘lib 80-yillar oxiridayoq bizning ishonchimizni qozongan ba’zi shaxslar 1992-95 yillarda faoliyatimizga katta zarar yetkazdi. Ularning KGB kadrlari ekanini tasbit etish uchun uch yil kerak bo‘ldi. Oktyabr oyida muxolifat liderlarini qamoqqa olishga buyruq chiqibdi, bir bahona uydirib, hibsga ola boshlaydilar, degan mish-mish tarqaldi. Buni KGBning tarqatgani shubhasiz. Muxolifat saflarida porakandalik yaratish, faol shaxslarni passiv holatga tushirishning eski usullari edi bu. Bu psixologik tazyiq darrov o‘z ta’sini ko‘rsatdi, "Birlik" harakatining ba’zi rahbarlari O’zbekistonni tark etdi. Dekabr oyida "Milliy majlis" ishi bo‘yicha B. Shokirovdan keyin "Birlik" faoli, injener-olim Hazratqul Xudoyberdi hibsga olindi. Undan keyin, 22-dekabrda "Erk" partiyasi kotibi Otanazar Orif ushlanib, Ichki ishlar vazirligi yerto‘lasiga tashlandi. Yana dekabrda Toshkent shahar prokurori Jo‘raev chaqirib, "Milliy majlis" ishi bo‘yicha menga ham jinoiy ish ochilganini bildirdi va Toshkent shahridan chiqmasligim haqida tilxat yozdirib oldi. Ortiq men uy hibsida edim. UY HIBSIDA Albatta, bu tom ma’nodagi uy hibsi emasdi. Men ko‘chaga chiqaolardim, ammo partiya ofisidan boshqa hech bir yerga odim otish mumkin emasdi. Chunki, men bilan ko‘rishganlarga ham soxta ayb qo‘yib, jinoiy ish ocha boshlagandilar. Tashkilotdagi do‘stlar bilan maslahatlashib, o‘n kunga g‘oyib bo‘lishga qaror berdim. Rejalagan bir yozuvim bor edi, o‘shani tamomlarman, deb o‘yladim. Bir kecha tomga chiqib, biz yashaydigan binoning boshqa pod’ezdiga tushdim. Uning orqa eshigidan chiqib, kuzatuvchi-izquvarlarni dog‘da qoldirdim. Kutib turgan mashinaga o‘tirib, Qozog‘iston hududiga o‘tdim, kichik shaharchaga bordim, u yerda do‘stlar hozirlagan uyga joylashdim. Sokin, provinsial shaharcha, yo‘q, qishloq edi. Go‘zal bir qishloq, toza havoli, toza suvli bir qishloq edi. Mening ko‘pdan orzu qilganim bir yer. O’sha sokin qishloq va kichik uychada o‘tirib, umrimda yozmagan janrga qo‘l urdim, bu hazil janri edi. Aslida, keyingi oylarda boshdan kechirganlarimni bir publitsistik kitob qilmoqchi edim. Ammo mening jiddiyligim kulgili chiqa boshladi. Uni tuzatmadim. Jiddiy narsalar ham kulgili bo‘lishi mumkin-ku, dedim. Bu kulgiga "Davlat sirlari" degan jiddiy nom qo‘ydim. DAVLAT SIRLARI 1. QOCHQİN "ERK"CHİNİNG AYTGANLARİ Iyagimga kaftimni tiragan edim, ignalar botdi: soqolimni uch kundan beri olmabman. Inqilobchilar iborasi bilan aytganda, "konspirativ hayot" birinchi marta mening turmushimga kirib keldi. Lekin u kvartiradan bu kvartiraga ko‘chish, "izimda "dum" yo‘qmikan," deb har bir ko‘ringan mashina yoki odamga shubha bilan qarash - men kabi erka o‘sgan sovet yigitiga 140 Muhammad Solih - Yo'lnoma to‘g‘ri kelolmayotganini hozir - shuncha tazyiq-ta’qibdan keyin ham sezib turibman. Chunki, men o‘zimni hech qachon hech qanday inqilobga tayyorlamaganman va, hatto inqilobchilar hayotiga bir qadar kinoya bilan qarar edim. Shu onda ham, mustaqil O’zbekistonning maxsus organlaridan bir ammallab qutilib, notanish bir muhitda garangsib turar ekanman, o‘zimni hech inqilobchi sezayotganim yo‘q. Valloh, turmushning qulay sharoitlarini sevguchi, yetarli darajada erinchoq men kabi odamning turmada o‘tirib, biror foydali ish qilishga ko‘zim yetmas edi va shuning uchun inqilobchi uchun zarur bo‘lgan "turma bosqichi"ni ongli ravishda rad etdim. So‘roq paytida Toshkent shahar prokurori do‘q-po‘pisasi ostida mening kallamda "agar hozir qamasalar, sigaret masalasi nima bo‘ladi?," degan jo‘n bir fikr aylanardi. "Erk" partiyasi emas, bola-chaqa emas, sigaret haqida o‘ylabman. Yo‘q, dedim keyin, men ozod bo‘lsamgina, "Erk"ni, bola-chaqani o‘ylashim mumkin, dedim va bu fikr ancha jo‘yali ekanligini his qildim. Va "konspirativ" turmushga kechdim. Lekin, soqolimning meyoridan ortiq o‘sganini aytmaganda, bu turmush ham avvalgisidan uncha farq qilmas ekan. Yana, odamlarni ko‘p ko‘ravermaysan. Doim odamlar ichida yashagan kishiga bu og‘ir keladi, albatta. Odamlarni birdan ko‘rmay qo‘yish, ularning mish-mishi va fisqu-fasodidan bir zumda judo bo‘lish - xuddi nashavand odamning birdan chekmay qo‘yganiday gap. Ammo buning yaxshi tomoni ham bor.. Gizli hayot odamga yozish imkoniyatini beradi. Deylik, u xotiralar yozishi mumkin. Xotira yozish uchun mashhur shaxs bo‘lish shart emas. Agar etikdo‘z yoki oshpaz o‘zining boshidan kechirganlarini bo‘yab-bejamay yozsa, bu yozuvlarni xuddi roman o‘qiganday o‘qish mumkin. Men ham mirshablardan yashirinib, so‘nggi yillarda boshimdan kechirganlarimni yozishga qaror qildim. Ko‘pchilik menga "shoirlikdan siyosatga qanday o‘tdingiz?," deb savol beradi. Chindan ham, siyosat desa, doim kuladigan, butun turish-turmushi bilan siyosatga yot bo‘lgan shaxsning birdaniga "siyosatchi" bo‘lib qolishi birmuncha g‘alati ko‘rinadi. Lekin xuddi shunday savolni men "siyosatga o‘tmasdan oldin" ham eshitgan edim. Faqat unda "she’riyatga qanday keldingiz," deb so‘rashar edilar. Avval she’riyatga qanday kirganimni aytib beraman. She’riyatga mutlaqo tasodifan "kirdim." O’ninchi sinfni tugatib, institut imtihonlariga tayyorlanayotgan edik, sinfdosh do‘stimning Ramz Bobojon degan shoir ruboiylarini o‘qib o‘tirganini ko‘rdim. U ruboiylarni maqtadi. Kitobni varaqlab, bunday tekstni men ham yozishim mumkinligini bildirdim. Do‘stimning jahli chiqdi, takabburlik qilma, dedi. Men takabburlik qilishda davom etib, shu yerning o‘zida bir nechta "ruboiy" yozib unga "hadya" etdim. Do‘stim sodda yigit, hayron qoldi va "sen shoirsan," dedi. Men do‘stimdan ham soddaroq bo‘lganim uchun uning gapiga darrov ishondim va yigirma yil tinmay she’r yozdim. Tasavvur qiling, soddadillik oqibatida o‘nta kitob chop qildim - hammasi "ruboiy." Bu kitoblar yuzlab odamlarning g‘ashini keltirdi va, eng qizig‘i, yuzlab odamlar menga shoirga qaraganday qaray boshladilar. Men ularning avomligiga haron qolar edim, chunki, men "shoir faqat tug‘ma bo‘ladi," deb o‘ylar edim. Tug‘ma shoir ilhomini ilohdan oladi, she’r yozar ekan, tutqanoq tutganday junbushga keladi, men esa, soppa-sog‘man, deb yurardim. Bugun yoshim qirq to‘rtga qarab ketdi, hanuzgacha menga biror ilhom kelgani yo‘q. Shunga qaramay, uzoq yillar meni "shoir" deb atashdi va shubham yo‘q-ki, yana she’r yoza boshlasam, yana shoir deb atayveradilar. Chunki, tug‘ma shoir juda kamyob bo‘ladi, yuz yilda bir marta tug‘iladi, shoirparvar insonlar esa, yuz yil kutolmaydilar va she’r yozishga jur’at etgan har jasoratli kishini shoir deb atashga tayyor turadilar. "Jasoratli", dedim, chunki, she’rga qo‘l urgan odam qo‘l urmaganga nisbatan, albatta, jasoratli bo‘ladi. Tanqidchi do‘q 141 Muhammad Solih - Yo'lnoma urganida, unga javoban jilmayib qo‘yish uchun jasorat kerak. Umuman, atrofdagi shovqin- suronga e’tibor bermay yozaverish ko‘proq tug‘ma bo‘lmagan shoirlarga xos odat. Chunki, tug‘ma shoir ortiq darajada hissiyotli, ko‘ngil shishasi shaffof va nozik bir mavjudot bo‘ladi. U doim insonlarga yaxshilik istaydi va ulardan faqat yaxshilik kutadi. Bunday ruhiyat bilan yashamoq bizning zamonamizda qiyin. Bunday shaffof xastalik belgilari menda ham bir paytlar paydo bo‘lgan edi. Vaqtida bartaraf etdim. Nima bilan, desangiz, aytaman: BAG’RITOShLIK bilan. Bag‘ritoshlik ham Xudoning bir ne’mati. Olloh taolo tug‘ma shoirga juda ko‘p fazilatlarni ato etgan, ammo bag‘ritoshlikni ravo ko‘rmagan. Deylik, tug‘ma shoirni tanqid qilsalar, u chin yurakdan xafa bo‘ladi, kechalari uxlamay chiqadi. Tanqidchining bag‘ritoshligidan hayratlanadi. Agar u ham sal bag‘ritosh bo‘lganida edi, har qanday tanqidga tabassum bilan javob bergan bo‘lardi. Zotan, tabassum - iztirobga qarshi yagona antibiotikdir. Bu doriga teng keladigani yo‘q. Bu dori kuchini men siyosatda ham sinab ko‘rdim. Yuqorida eslatganim prokuror "bu bayonoting bilan mustaqil O’zbekiston obro‘sini dunyo oldida to‘kayapsan," deb baqirganida, men tabassum qilib qo‘yaqoldim. Shunda uning battar jahli chiqdi: ustimdan kulayapsan, deya na’ra tortdi. Men takror jilmayishga majbur bo‘ldim. Ishoning, bu ikkinchi tabassum aslo antibiotik emas edi, faqat ko‘z oldimga katta idishdagi lim to‘la obro‘ni to‘kayotganim keldi. Ammo buni g‘azab otiga mingan bir bechoraga tushuntirish amri mahol bo‘lganligidan, noiloj jilmaygan edim. Qurb, Kuch emas, Qurb, deyapman sizga. Hamma farzandini erkalar, Men seni erkalarman, qurb... Toki, so‘nggi balo kelganda, Bir masrur tabassum, Bir ozod tabassum suratin Ko‘m-ko‘k lablarimga chiza olsin qurb. Bu she’r o‘sha men anglatishga urinayotgan bag‘ritoshlik haqida yozilgan. Xullas, aytmoqchimanki, meni siyosatga "olib kirgan" narsa bir zamonlar o‘ng-so‘lga qaramay she’r yozishga yordam bergan bag‘ritoshlikdir. Ya’ni, she’riyatga kirish tasodif bo‘lsa, siyosatga kirish tasodif emas ekan. Buni hozir tushunib o‘tiribman. Mening bu harakatim ham juda ko‘plarning g‘ashini keltirdi. She’rga aralashganimdan jahli chiqib yurgan insonlar endi "siyosatga aralashib nima qiladi, she’rini yozavermaydimi?," deya pisanda qiladigan bo‘lishdi. "Siyosatga aralashma," deb sobiq dohiylarimiz buyurganlar. Ya’ni, unga aralashish xavfli, deya o‘z xalqini ogohlantirmoqchi bo‘lganlar. Naqadar xavfli ekanini amalda ko‘rsatganlar ham. Bunday ko‘rgazmani yuksak darajada tashkilqilganlardan biri Iosif Stalin edi. Yaqinda nashriyotga borib, Stalin davrida azob chekkan shoir Shukrulloni uchratib qoldim. U yaxshi odam. Ilgari juda yaxshi odam edi. Hozir ham yomon odam emas. Faqat ortiq darajada kuyunchak, sal narsaga ko‘ziga yosh oladigan kishi. Meni ko‘rib, achina boshladi. - Prezident qilayotgani yo‘q bu tazyiq-ta’qiblarni. Uning nomidan ish ko‘radigan nokaslar ko‘p. "Erk" partiyasi hokimiyatga intilayapti, deb yetkazishibdi Prezidentga. Siyosatga aralashib bekor qilding-da... Men Shukrullo akani yupatdim. Ammo uning soddadilligini yuziga solmadim, bag‘ritoshlik qilmadim. U shoir, faqat "Erk" partiyasi emas, dunyodagi barcha siyosiy partiyalar hokimiyatga intilishini, ularning boshqa maqsadi yo‘qligini tushunmas edi. 142 Muhammad Solih - Yo'lnoma Lekin Toshkentda "Vatan taraqqiyoti" degan bir partiya tuzilibdi. Bu partiya siyosat bilan emas, iqtisod bilan shug‘ullanar va mutlaqo hokimiyatga intilmas ekan. U romantiklar emas, pragmatiklar partiyasi ekan. Bu partiya Prezident bilan qo‘lni-qo‘lga berib, mustaqillik uchun kurashar ekan. Partiya raisi Prezident maslahatchisi ekan va xuddi Prezident kabi baqir- chaqirni sevmas ekan. Faqat qo‘lni-qo‘lga berib faoliyat ko‘rsatar ekan. Albatta, bu xil partiya hokimiyatga intilmaydi. O’zi hokimiyatning bir parchasi bo‘lib, o‘z-o‘ziga intiladimi... qo‘lni- qo‘lga berib? Ammo bu gapni domla Shukrulloga aytsang, yana tushunmasligi mumkin. Chunki, domla Stalin davrida ko‘p azob chekkan va bu azoblar bizning ham boshimizga tushushini istamaydi. Lekin shunga o‘xshagan azoblar allaqachon boshimizga tusha boshlaganini eslatsang, darvishlarcha hayron bo‘ladi, nahotki, deydi. Shukrulloning soddaligidan hayron qolishning keragi yo‘q. Adabiyotimizda undan ham soddadil shoirlar ko‘p. Ular haftada bir marta jumhuriyat oyni-jahonidan boqib, "SODDADILLIK KYeChALARI" o‘tkazmoqdalar. Kashpirovskiy usulini qo‘llab, "bo‘shashing, sustlashing, atrof go‘zal, atrof gulbahor, qora kuchlarga ishonmang, biz mustaqilmiz, biz mustaqilmiz," deya ilhom bilan shivirlamoqdalar. Bu shivir ostida sevikli millatimizni yana orombahsh uyqu elitmoqda. Uni endi kim uyg‘otadi? Qora kuchlarmi? Yo‘q! Ne’mat Aminov yaqinda ochiq yozdi-qo‘ydi: "Hoy, Qora xo‘roz, bevaqt qichqirma, qichqirsang kallang uziladi!". Keyingi voqealar bu zukko yozuvchining bashorati haqiqatga yaqin ekanligini isbotlayapti. Bunday yozuvchilar nafaqat hukumatga, bizga ham qadrlidir. Garchand, biz mukofot bera olmasak ham, otalarcha g‘amxo‘rlik qo‘limizdan kelmasa ham, ogoh etganiga rahmat. Ogoh etmasligi ham mumkin edi-ku. Masalan, Jamol Kamolga o‘xshab. Siyosatga aralashib nima qilardinglar, muxolifat bo‘lgandan keyin chidash kerak-da, qamaydi, otadi, butun dunyoda shunday, deydi u. Bir-ikkita odamlaring qamalsa, shunga ota go‘ri qozixonami? Mustaqillik yo‘lida qurbonlar bo‘lishi tabiiy, avval vatan, keyin jon, deydi kuyunib Jamol Kamol. Jamol Kamol ichi ham, tashi ham hushro‘y inson. Unda mantiq ham nuqsonsiz. "Avval vatan, keyin jon," deganida Jamol Kamol o‘z jonini emas, muxolifat jonini nazarda tutadi, vatan deganda esa, o‘z "vatanini" tushunadi. U tarixni yaxshi biladi. Butun dunyoda muxolifatni qamab, otganlar deganda, misol sifatida Pinochet, Suxarto yoki o‘zimizning Mustafo Kamol Otaturk faoliyatini keltiradi. Faqat bir joyini aytmaydi. Pinochetning ham, Suxarto va Otaturkning ham muxolifati kommunistlar bo‘lganligini yashiradi. Chunki, Jamol Kamol ham sobiq kommunist-da. Bugun Otaturkka tenglashtirayotganimiz O’zbekiston Prezidenti ham kommunist bo‘lgan. Nafaqat ular, butun O’zbekiston hukumati sobiq kommunistlardan tuzilgan. Buni ochiq aytish, davlat sirini fosh qilish bilan teng bo‘lardi. Bu hazil emas, kurash. Bu kurashda xato qilganlarni xalq-daryo xasni qirg‘oqqa uloqtirganday, chetga uloqtirib, yo‘lida davom etaveradi. Shunday uloqtirilgan bir insonni ko‘rdim. Deputat emas, muxolifat vakili ham emas, oddiy mashinistka qiz. U idorada siyosiy xato qilib qo‘yibdi. "Mustaqillik" kalimasidagi "i" o‘rniga "u"ni yozib qo‘ygan. Ya’ni, boshliqqa bu so‘z "mustaqillik" emas, "mustaqullik" bo‘lib yetib borgan. Jamol Kamol haq, bu yo‘ldan qurbonsiz yurib bo‘lmaydi. Lekin, do‘stlar, inson robot emas-ku, xato qiladi. Ayniqsa, bu so‘zni kolxozchi ham, o‘quvchi- o‘qituvchi ham, Prezident va maslahatchilari ham har kuni tinmay takrorlayversa, odamning boshi aylanib, xato qilib qo‘yishi mumkin-ku. Bu xususda mening do‘stim Tursunali Polvon dono gap aytgan. "Hadeb mustaqil O’zbekiston, mustaqil O’zbekiston deyaverish, qamoqdan chiqqan odamga "ho‘, qamoqdan chiqqan do‘stim, choy ich, ho‘ qamoqdan chiqqan og‘ayni, kel o‘tir," deya tinmay javraganga o‘xshaydi." Xullas, bandasiga farosat bersin. Buni bermasa, chatoq. O’z tajribamda sinab ko‘rganman. Bir necha marta. Hurmatli Prezident bilan bir-necha marta uchrashganman va har safar, uchrashuvdan oldin xudoga nola qilaman: "Ey, Parvardigor, shu gal bir farosot ber, poshshoning oldida yuzimni yerga qaratma,ozgina xushomad qilay, ishimni bitirayin, 143 Muhammad Solih - Yo'lnoma ichimdagi bor gapni yashirishga yordam ber, Xudoyim," deyman. Ammo poshshoning yoniga borgan zahot ichimdagi bor gaplar uchib chiqa boshlaydi, ularni iziga qaytarolmayman. Ne mehnatlar bilan topgan shirin kalomlarim esa, tilimda muzday qotib qolaveradi. Tabiiy prezident bundan xursand bo‘lmaydi. ya’ni, to‘g‘ri so‘z nafaqat otangga, hatto Prezidentga ham yoqmaydi. Farosatsizlikning oqibati bu. Shu ma’noda men prezident maslahatchilariga havas qilaman. Ular Xudoga nola qiladimi-yo‘qmi, bilmayman, ammo hammasi farosatli. Birortasi ichidagi gapni aytmaydi. Juda nari borsa, "siyosatga aralashmagan ma’qul," deb qo‘yishadi. Bu maslahatni ular Prezidentga emas, xalqqa beradilar. Xalq o‘z navbatida, farzandlariga uqtiradi. Va farzandlarning birortasi siyosatga aralashmaydi, aralashgani darrov "qora kuch"ga aylanadi va bunday farzanddan xalq "yuz o‘giradi." Bizning partiyaning Farg‘ona viloyat kotibi Inomjon Tursunovdan xalq shunday yuz o‘girdi. Siyosatga aralashgani uchun. O’zi yozuvchi yigit, ammo siyosatga aralashdi, oqibatda, deputatlikdan haydaldi, yaqinda ikki yil qamoq jazosiga hukm etildi. "Erk" Markaziy Kengash kotibi, professor Otanazar Orif ham hozir ichki ishlar vazirligining yerto‘lasida o‘tiribdi. Siyosatga aralashgani uchun. Men ham qochqin maqomida, xotira yozib yuribman. Sababi - siyosatga aralashganman. "Erk" partiyasining bugun 54 ming a’zosi bor, ular hammasi siyosatga aralashganlar. Bu odamlarni yig‘ib olishsa, yerto‘lalarga sig‘armikan? Bu tashvishli fikr ma’murlarimiz halovatini buzayotgan bo‘lsa, ajab emas. Mening halovatimni esa, mutlaqo boshqa narsalar buzayapti. Men siz bilan shular haqida o‘rtoqlashmoqchiman... Eshik taqillayapti, kechirasizlar... Kim ekan, bemahalda? Nahokti meni yana topishgan bo‘lsa? Bor-yo‘g‘i uchta odam bilardi- ya? Yoki ulardan bittasi... (Qo‘lyozma shu yerda uziladi.) Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling