Muhammad Solih yo’lnoma
SOBİQ MİRSHABNİNG AYTGANLARİ
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3. YOZUVCHİLAR UYUSHMASİ KOTİBİNİNG AYTGANLARİ
- 4. BETARAF ZİYOLİNİNG AYTGANLARİ
- 5. MAKKAGA BORİB HOJİ BO‘LİB KELGAN VİLOYAT HOKİMİNİNG AYTGANLARİ
- 6. "VATAN TARAQQİYOTİ" FİRQASİ KOTİBİNİNG AYTGANLARİ
- 7. O’ZBEKİSTON XDP FİRQASİ MAS’UL KOTİBİNİNG AYTGANLARİ
- 8. DAVLAT SİRİNİ SAQLASH QO‘MİTASİ XODİMNİNG AYTGANLARİ
- 9. DEHQONNİNG AYTGANLARİ
2. SOBİQ MİRSHABNİNG AYTGANLARİ
Men partiyaning... e, kechirasiz, hukumatning soldatiman. Nimani buyursa, kiprik qoqmay bajaraman. Men o‘zim tergovchi edim, ammo mitinglar paytida ancha-muncha qora ishlarni ham qilishga to‘g‘ri keldi. Qo‘lga to‘qmoq olib, maydonga ham chiqqanman. Kimnidir urishga to‘g‘ri keldi, kimnidir otishga... men chekinmadim. chekinishga haqqim yo‘q edi. Ba’zi ahmoqlar buni tushunmaydi. Chekinsam, navbatdagi unvonni yo‘qotishim mumkinligini anglamaydi. O’zim tabiatan yumshoq odamman. hatto ko‘ngilchanman. Birovga ozor berishni istamayman. Axir, mening ham bolalarim bor. Lekin boshqalarning bolalari ko‘chaga chiqib, miting qilishsa, tutoqib ketaman. Ularning ota-onasi bormi o‘zi, deyman. 144 Muhammad Solih - Yo'lnoma Xoh ishoning, xoh ishonmang, bultur yanvarda talabalar shaharchasida to‘polon bo‘lganda bolalarning ahvolini ko‘rib, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladim. Komandirimiz buni ko‘rib, ancha uyaltirdi. Lekin ko‘z yoshlarimni to‘xtatolmadim, qo‘limda to‘qmoq, yig‘lab turib, zumrashalarni kaltakladim. Ko‘zim yoshlangani sababli, qaeriga urdim, ko‘rolmadim, ammo ikkitasini yiqitdim, shuni bilaman. Talabalar-ku, mayli, yana demokrat degani paydo bo‘lgan. Avval ular "qayta qurish," deb hayqirdilar. Keyin "mustaqillik," deb boshni qotirdilar, endi "diktatura," deb baqirmoqdalar. Prezidentimizga ham hayronman, qayta qurishni berdi, mustaqilligini berdi, diktaturasini ham berib qo‘yaqolsa nima qilarkan? Bu demokrat degan o‘jar xalq, uning so‘raganini bermasa, tinch qo‘ymaydi, bachchag‘ar. Shu toifadan bittasini uyidan haydadik. Tashqarida sovuq, bolalarim bilan qaerga boraman, deydi qiztaloq. Men jahlim chiqib, karovotidagi yostiqni otib yuborgan edim, u yostiq emas, demokratning chaqalog‘i ekan. Men, albatta, achindim, ammo kechirim so‘rashga yurak dov bermadi, tuman hokimi o‘rinbosari turgan edi. Ko‘rib qolsa, bu ko‘ngli bo‘sh latta ekan, deb ishdan haydab yuborardi. Ko‘nglim bo‘shligimni yashirib, dahlizga chiqsam, komandirimiz qaqqayib turibdi. "Demokratni chaqir!," dedi u menga. Chaqirib keldim. "Qorniga ur!," dedi komandir. Ikkilandim, yana ko‘zim qurg‘ur yoshlana boshladi. "Ur devopman sanga!" deb baqirdi boshliq. Ko‘zim yoshlangani sababli, qorniga emas, pastrog‘iga tushiribman. Demokrat dodlab yubordi. Men o‘girilib, yuzimni yashirdim. Demokratdan emas, komandirdan. Chunki, ko‘ngilchanlik professional mirshabga zarar keltiradi. Komandirimiz aqlli odam. "Agar tinch uxlayman desanglar, avval demokratlarning ta’zirini beringlar. Bu ishda kim yalqovlik qilsa, ishdan ketadi. Sizlar xalq militsiyasi a’zolarisiz. Buning mazmuni shunda-ki, siz xalqni emas, xalqdan hukumatni himoya qilishlaring zarur," dedi u. Uning nutqi murakkab bo‘lgani uchun, ba’zan boshim aylanib ketadi, kimni kimdan himoya qilishni unutib qo‘yaman. Lekin qo‘limga to‘qmoq berib, birovning aqlini kiritib qo‘y desalar, kiritib qo‘yaman. Har holda, birovga aql kiritish o‘zing aqlli bo‘lishdan ko‘ra ancha oson ekan. Ayniqsa, demokratlar bilan ishlash oson. Ularni urasan, tepasan, "miq" etmaydilar. Xotinlari ham shunday. Sovmin binosiga miting qilib kelishgan ekan, bittasining emchagidan tutib shunday silkitdim-ki, inson bolasi chiday olmas edi bunga. Ammo yig‘lamadi enag‘ar. Yana yuzimga qarab, "onangizni ham shunday emganmisiz?" deydi. Men, to‘g‘risi, uyalib ketdim. Haqiqatan ham bu xotin onam tengi edi. Ammo professional mirshab "onangni olib kel," deyishsa, olib kelishi kerak. Burch shuni taqozo etadi, komandirimiz aytgan. Demokratlarning joni qattiqligiga ko‘p marta shohid bo‘lganman. Ularning paxanlarini olib kelib, kabinetda kun bo‘yi ushlab o‘tiramiz, "miq" etishmaydi. Bittasini o‘zim so‘roq qilganman. Komandirimiz "ishsiz o‘tirma, mana shuni so‘roq qilib tur," deb chiqib ketuvdi. Men nima haqda so‘roq qilishni bilmaganim uchun, "yaxshimisiz?" deb yuboribman. Demokratning yuzi yorishib ketsa bo‘ladimi! "Raxmat," deydi yana. Men darrov o‘zimni o‘nglab oldim. Yaxshiyam komandir ko‘rmadi. Zudlik bilan xo‘mrayib so‘roq protokolini to‘ldirdim: Savol: Bu yerda nima qilib o‘tiribsan? Avob: Siznikilar olib kelishdi. Savol: Nimaga olib kelishdi? Javob: Buni sizdan so‘ramoqchi edim. 145 Muhammad Solih - Yo'lnoma Savol: Savolni men beraman, tushundingmi? Javob: Tushundim. Savol: Nimaga baqrayasan? Javob: Baqrayganim yo‘q. Savol: Baqrayding-ku, nimaga yolg‘on so‘ylaysan? Javob: Yolg‘on so‘ylamayman. Savol: Yolg‘on guvohlik berganing uchun jazo olasan, tushundingmi? Javob: Tushundim. So‘roq protokoli xulosasida aybdorning yolg‘on guvohlik berganligi haqida yozib, ishni sudga oshirishni tavsiya etdim. Buni aybdorga e’lon qilsam, "inson huquqlarini toptayapsiz!" deb chinqirib qoldi. Oyog‘im tagiga qaradim, hech narsa yo‘q. Bu bachchag‘ar menga ochiqdan-ochiq tuhmat qilgan ekan. Yana protokolni olib, "militsiya xodimiga tuhmat ham qildi," deb qo‘shib qo‘ydim. Bir kunda sud chaqirilib, aybdorni ikki yilga kesib yubordi. Men oddiy tergovchi edim, shu ishdan keyin shahar prokurori qilib qo‘yishdi. Shunday qilib, endi men mirshab emas, prokurorman. Shahar katta, ish ko‘p. Demokratlarning ancha-munchasining tanobini tortib qo‘ydik. Kattakonlaridan to‘rttasiga jinoiy ish ochdik, ular hozir yerto‘lada o‘tirishibdi. Davlatni to‘ntarmoqchi ekanlar. Vaqtida bilib qoldik. Hozircha bo‘yniga olishmayapti, ammo yanagi oyning o‘n beshida bo‘yniga olishadi, hujjati tayyor. Prokuror bo‘lib tayinlanganimdan keyin ko‘ngilchanlik kasalidan ham qutilib oldim. Ko‘zim yoshlanganlarini eslasam, o‘zimdan uyalib ketaman. Endi demokratlarning qaeriga urishni men boshqalarga o‘rgataman. O’zim urib qo‘limni harom qilmayman, yugurdaklar ko‘p, ishni o‘shalar bajaradi. Yaqinda oqsoqol chaqirdi. "Agar davlat to‘ntaruvchilarining aybini bo‘yniga qo‘yib bersang, ehtimol, respublika prokurorligiga nomzodingni o‘ylab ko‘ramiz," dedi. Uf-f, yana qo‘ng‘iroq!.. Tinchlik yo‘q, ko‘rayapsiz... Allo, eshitaman, gapiring... Nima? G’oyib bo‘libdi? Nega g‘oyib bo‘ladi?.. Miting tayyorlamoqchi shekilli, deysizmi? O’rtoq polkovnik, bizda "shekilli" degan gap bo‘lmaydi, aniq ma’lumot bering. Qaerga g‘oyib bo‘lgan bo‘lsa, topib keling! Qo‘ng‘irog‘ingizni kutayapman... 3. YOZUVCHİLAR UYUSHMASİ KOTİBİNİNG AYTGANLARİ "Avval vatan, keyin jon". Bu haqiqat uchun biz ancha-muncha jonlardan voz kechib yuborishga tayyormiz. Prezidentimiz sessiyada aytdi: "Minglab odamlarning osoyishtaligi yo‘lida 100-150ta boshi buzuqning boshini to‘g‘rilab qo‘yishga qodirmiz," dedi. Bu pozitsiyani to‘la qo‘llab-quvvatladik. Va "Birlik" raisdoshining boshini to‘g‘rilab qo‘yishganda, biz telegramma yubordik. 146 Muhammad Solih - Yo'lnoma Umuman, vatan degani biz yozuvchilar uchun havoiy tushuncha emas. Uni sevmoq - bizning kasbimizdir. Ertalab soat to‘qqizda Uyushmaga kelib, kechqurun soat beshgacha vatanni sevamiz. Vatanning bir nozik joyi bor. U gapirolmaydi, javob berolmaydi, do‘q urolmaydi. Bundan foydalangan ayrim boshi buzuqlar "biz ham vatan farzandlarimiz," deydilar. Agar vatanning tili bo‘lganda edi, qo‘li bo‘lganda edi, boshi buzuqlarni allaqachon chet elga uloqtirgan bo‘lardi. Boshi buzuqlarni men yaxshi taniyman. Hatto o‘zim ham bir paytlar "Birlik" faollaridan edim. Keyin qarasam, hammasining boshi buzuq. Avvaliga indamadim, chunki "Birlik"ning avom xalq o‘rtasida obro‘si katta edi. Hatto shu obro‘ yordamida, o‘zim xohlamasam ham, meni Uyushmaga kotib qilib saylashdi. Ammo, kotib bo‘lgandan keyin, aqlim yanada tiniqlashdi va boshi buzuqlarni tark etdim. Men gumanist odamman, boshi buzuqlarni "qora kuchlar" deb atashlariga unchalik qo‘shilmayman. Terminda adashmaslik kerak. Bu haqda Uyushmamiz hukumatga, gazetlarga, XDP va "Vatan taraqqiyoti"ga xatlar jo‘natdi. Ammo hanuzgacha ular boshi buzuqlarni "qora kuchlar" deb yozishmoqda. Bu, albatta, e’tiborsizlik oqibati. Men hukumatni e’tiborsiz deyotganim yo‘q, aksincha, hukumatimiz xalqqa qattiq e’tibor bergani uchun ham mayda narsalarga fursati qolmayapti. Biz buni yaxshi tushunamiz Umuman olganda, "qora kuchlar" desa ham bo‘laveradi. Chuqurroq o‘ylansa, o‘zi haqiqatan ham shunday. Bu kimsalar chindan ham qora kuchlar. Buni biz o‘ylab ko‘rmagan ekanmiz. Termin xususidagi xatni zudlik bilan bekor qilish kerak. Aks holda, raqiblarmiz qora kuchlarni himoya qilayapti, deb Prezidentimizga yozishlari mumkin. Raqiblarmiz sizga ma’lum - Adiblar Ittifoqi rahbarlari. Bu nokaslar Uyushmani ikkiga bo‘lib yuborishdi, bizning bir qancha a’zolarimizni avrab, "Adiblar ittifoqi" tuzishdi... Mundoq o‘ylab qarasam, Uyushmaning bo‘lingani ham yaxshi bo‘lgan ekan. Bo‘linmasdan oldin Uyushma xuddi qozondek qaynab turar edi, tinchlik yo‘q edi. Jumhuriyatda neki boshi buzuq bo‘lsa, e-e, kechirasiz, neki qora kuch bo‘lsa, hammasi shu Uyushmaga kelardi va hukumatimizga tinchlik bermas edi. Majlis, miting, piket - hamma balo shu Uyushmadan boshlanardi. "Orol" deyishdi, "davlat tili" deyishdi, xullas, butun dordan qochganlar shu yerda yig‘ilishardi. Mana, xudoga shukr, jim-jitlik o‘rnatildi. Goh-goh bir-ikki yozuvchi paydo bo‘lib, "majlis o‘tkazaylik", deb qolardi, ularning dumini tugdik. Majlisga balo bormi, mitingga aylanib ketsa, kim javob beradi? Yana bizga tushadi kaltak. Qora kuch yozuvchilardan biri Uyushmani laganbardorlikda ayblab, Moskvada maqola ham chiqardi. Biz ularga zarba sifatida yigirmata qora kuch yozuchining ro‘yxatini Davlat sirini saqlash raisi hurmatli R. Shog‘ulomovga berdik. Endi birortasining ham kitobi bosilmaydi. Xullas, vatanni sevish ham oson emas. Buni chidaganga chiqargan. Masalan, Adiblar ittifoqi rahbarlari xalqni aldab, vatan, deya lof uradi, ammo sevishga kelganda, kuniga bor-yo‘g‘i to‘rt-besh soat sevadi va qosh qoraymasdan juftakni rostlaydilar. Bizning Uyushmamizda ham shunday yalqovlar bor edi, biz ularning shtatini qisqartirib yubordik. Ishda qolganlarga konkret vazifa qo‘ydik: har kim barqarorlik haqida haftasiga she’r yoki hikoya, osoyishtalik haqida ikkita she’r yoki uchta maqola yozishi lozim. Prezidentimiz haqida ham yozish kerak, ammo bunga norma belgilamadik. Har kim ko‘ngliga siqqanicha yozsin. Har holda ishmiz yomon emas. Shu o‘rnatilgan tartib tufayli bizning a’zolarimizdan o‘ntasi xalq yozuvchisi, o‘ntasi xalq shoiri unvoniga sazovor bo‘lishdi. Davlat mukofoti olganlarni sanamasa ham bo‘ladi. Uyushmaning bu samarali faoliyatini qora kuchlar ko‘rolmayapti. Nima emish, biz laganbardorligimiz bilan O’zbekistonda diktaturaning 147 Muhammad Solih - Yo'lnoma o‘rnatilishiga yordam berayotgan emishmiz. Qarg‘a cho‘qilagan "o"ni yebsan, dedim ularga. Birinchidan, prezidentimiz biror narsa o‘rnatar ekan, hech qachon bizning yordamimizga muhtoj bo‘lmagan. Ikkinchidan, prezidentni xalq saylagan, nimani o‘rnatsag‘ ixtiyor o‘zida. Xalq rozi bo‘lsa, bas. O’zingiz ko‘rib turibsiz, xalq rozi. Bizga bu haqda juda ko‘p xatlar kelayapti. Ularni to‘plab, nashr qilish niyatimiz bor. Xullas, ish ko‘p. Ana, yana telefon jiringladi. Tepadan qo‘ng‘iroq qilishayapti, o‘zi kutib o‘tirgan edim... Allo, assalomu alaykum, domla... Nima? Kim bu?.. Nima deyapsiz?.. Qanaqa xat?.. Kimni qamashibdi?.. Mening bu bilan ishim yo‘q. Uyushma qizil yarim oy jamiyati emas. Qamalsa, o‘zi aybdor. Men unga siyosatga aralashma, deb aytgan edim... Yo‘q, yo‘q. Uyushma hech bir xatga imzo chekmaydi. Biz siyosatga aralashmaymiz... Ha, shunday! 4. BETARAF ZİYOLİNİNG AYTGANLARİ Betaraflik bu to‘polonli davrda eng yaxsh yo‘l ekan. Men birorta partiyaga kirmadim, XDPsiga ham, EDPsiga ham. Juda to‘g‘ri qilgan ekanman. XDPga kirsam, xalqning qarg‘ishiga duchor bo‘lardim. "Erk"ka kirsam, turmaga tushardim, "Vatan taraqqiyoti"ga kirsam, undan battar, nozaninlar partiyasiga kiribdi, deb kulgan bo‘lishardi. Odamlar shunaqa, madaniyatsiz bo‘lib ketishgan, haqorat qilishdan ham toymaydilar. Kecha to‘rt soat nonga navbatda turdim. Ana o‘sha yerda ko‘rdim madaniyatsizlikni. Ikki soat jim turishdi, uchinchi soatda asabiylasha boshladilar, to‘rtinchi soatda bir madaniyatsiz "miq" etgan edi, do‘konchi ham zo‘rg‘a turgan ekan, so‘kinchni yog‘dirdiki, ko‘raverasiz. Bir zumda hamma bir-birini kurakda turmas so‘zlar bilan haqorat qila boshladi. Keyin mushtlashuv boshlandi. Militsiya chaqirdik, kelmadi. Nihoyat, bir kishi chiqib, "Ho‘, og‘aynilar, nonning yo‘qligiga sizlar emas, hukumat aybdor, nega bir-birlaringizni ur-kaltak qilayapsizlar," degan edi, mushtlashuv taqqa to‘xtadi. Hamma hushiga keldi, jim-jitlik cho‘kdi. Shu payt osmondan tushganday, militsioner paydo bo‘ldi. "Kim hukumatga til tekkizgan?" deb so‘radi. Hech kim "miq" etmadi. Militsioner bir ishshaydi- da, til tekkizganni topdi va aybdorning qo‘lini to‘rxaltasi bilan bog‘lab, olib ketdi. Agar shu yerda betaraf bo‘lmaganimda, aybdorni himoya qilganimda, meni ham olib ketgan bo‘lishardi. Madaniyatli odam doim betaraf bo‘ladi. Katta olim va katta san’at arboblarining hammasi betaraf. Hozir zamon shunday-ki, birov bilan do‘st bo‘lish ham xatarli. Tanlagan og‘ayning "Erk"chi yoki "Birlik"chi bo‘lib chiqishi hech gap emas. Keyin boshing baloga qoladi. Bu sohada ham men betarafman. Umuman, har qanday savolga "betarafman," deb javob berishga odatlanganman. Bu, birinchidan, o‘zgalar fikriga suqilmaslik, odob va madaniyatni bildirsa, ikkinchi tomondan, har ehtimolga qarshi... ya’ni, kim biladi bu savolning ostida nima yotganini? Betaraflik prinsipimni hamma ham tushunavermaydi. Yaqinda bir jonon bilan tanishib, uni o‘payotgan edim, "meni sevasizmi?" deb qoldi. Albatta, odatdagiday "betarafman," dedim. U ketib qoldi. Mana, qirqqa kirayapman, hamon bo‘ydoqman, prinsipimga sodiqligimdan. Men hozir betaraflikning foydasi haqida doktorlik dissertatsiyamni yozib tugatdim. Juda qiziq faktlar bor. Ijtimoiyatchilarning aytishicha, O’zbekiston ziyolilari ichida bir millionga yaqin betaraf bor. Ha, bir million! Kichikroq bir mamlakat aholisi bu. Ularni bemalol betaraf davlatlar safiga qo‘shsa bo‘ladi... Kechirasiz telefon jiringlab qoldi... Allo, kim bu? Kimni?.. yo‘q, yo‘q, men siyosatdan uzoq odamman... Ha, men betarafman, sog‘ bo‘ling... 148 Muhammad Solih - Yo'lnoma 5. MAKKAGA BORİB HOJİ BO‘LİB KELGAN VİLOYAT HOKİMİNİNG AYTGANLARİ Poshsho - Xudoning yerdagi soyasi, degan ekanlar. Biz avvalambor o‘sha soyaga bo‘ysunishimiz kerak. Uning siyosati to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, qora kuchlarga o‘xshab muhokama qilish katta gunohdir. Shunday ko‘rnamaklar bizning viloyatimizda ham yo‘q emas. Ularning bittasining uyiga odamlarimni yuborib ottirgan edim, joyida yo‘q ekan, o‘q yostiqqa tegibdi. Baribir tinch qo‘ymadim, ishdan bo‘shatib, badarg‘a qildim. Unga yaqin bo‘lgan ellikta kishini ishdan haydadim. G’alabani yuvib, rosa ichdik. Darvoqe, Makkaga borib ko‘rdik-ki, u yerda aroq ichmas ekanlar. Biz ancha qiynaldik. Uyga kelgandan keyin rosa to‘yib ichdik. Bu aslo hojiligimizni buzmaydi. Chunki, payg‘ambarimiz "aroqning o‘zi emas, mastligi haromdir," deganlar. Ammo tunov kuni, poshshomizning tug‘ilgan kunida rosa otibmiz. Hoji bo‘lganim uchun menga so‘z berishdi. Barcha viloyat hokimlari o‘tirgan edi. Ozgina kayf qilibman, shekilli, ellik besh yosh o‘rniga oltmish besh yosh deb yuboribman. Ertasiga rosa so‘kinch eshitdim. Siyosiy xato qilganimni tushundim. Umuman, siyosatga aralashmagan ma’qul ekan. Bizning ishimiz qishloq xo‘jaligi bo‘lishi kerak. Xalqning qornini to‘ydirish lozim. O’rni kelganda shuni aytish kerak-ki, xalqimiz ham ancha mechkay xalq. Makkaga borganda ko‘rdik, u yerda odamlar juda kam ovqat yeyishadi. Bizda-chi, oyda bir marta albatta go‘sht yeydilar. Non har kuni, choyni aytmasangiz ham bo‘ladi. Makkadan kelib viloyatda mechkaylikni yo‘qotish haqida farmon chiqardim. Xalq xursand bo‘ldi, bozor qimmat zamonda oziq-ovqatga pul yo‘qotmaydi. Bu tashabbus tepadan qo‘llab-quvvatlandi. Iqtisodiy masalalrni shunday hal qilish lozim, deb alohida ta’kidlandi. Siyosiy xatomni shu bilan yuvdim. Poshshomiz aqlli, dono odam, meni kechirdilar. Biz Makkaga borib ko‘rdik, Saudiyada poshshosining qo‘lidan o‘par ekanlar. Bizda ham bu odatni joriy qilish kerak. Biz hozir viloyatimiz markazida poshshomizga haykal yasayapmiz. Fuqarolar uning qo‘lini o‘pishsin. Chunki, poshshomizning viloyatga kelishga vaqtlari bo‘lmasligi mumkin. Farg‘onada shunga o‘xshagan bir inshoot qurishibdi. Faqat juda balandda, deyishadi. Odamlar narvon qo‘yib o‘payotgan emishlar. Bu demokratiyaga to‘g‘ri kelmaydi. haykalni sal pastroq qo‘yish kerak, shunda yosh-qari, bola-chaqa - hammasi o‘pish imkoniga ega bo‘ladilar. Buni kofirlar "shaxsga sig‘inish," deb aytishlari mumkin. Biz shaxsga emas, soyaga sig‘inamiz! 6. "VATAN TARAQQİYOTİ" FİRQASİ KOTİBİNİNG AYTGANLARİ Prezidentdan boshqa kim siyosatga aralashsa, o‘sha qora kuchdir. Moskov televideniesini ko‘raverib boshi buzilgan kimsalar - qora kuchlardir. Nima emish, xalqni uyg‘otish kerak emish. Ho‘, bachchag‘ar, xalqni uyg‘otib nima qlasan, dam olsin, hordiq chiqarsin, yetmish yil paxta terdi, endi besh-olti yil uxlasa nima bo‘pti? Yo‘q, qora kuchlar, insonni ham, qonunni ham tushunishmaydi, uxlab yotgan zahmatkashni uyg‘otish - jamoat tartibini buzish ekanini anglamaydi va albatta, shunga yarasha jazo oladilar. 149 Muhammad Solih - Yo'lnoma Bularni jazolasang ham yoqmaydi. Darrov "O’zbekistonda inson huquqlari toptalayapti," deb butun dunyoga jar solishadi, oqibatda, bizning davlatimizni bilmaydigan chulchitlar yog‘ilib kela boshlaydi. Ular qora kuchlar bilan qo‘shilib, kulrang kuchga aylanadilar va jahonga kulrang xabarlar keta boshlaydi. Natijada asosiy boyligimiz - barqarorlik yuziga chak-chak kulrang dog‘lar tomadi. Hukumatimiz qora kuchlarni uzoq vaqt nazarga ilmay yurdi. Hatto do‘stimiz M. M. Do‘st aytganday, prezidentimizning o‘zi ularning "piligini" ko‘tarib qo‘ydi. Bu noshukrlar yaxshilikni bilmay, haddidan oshaverdi. Va jazosini oldi, olayapti ham. Xalq ichida obro‘sini yo‘qotib, ular chet eldagi maslakdoshlariga suyanamoqdalar. "O’zingdan chiqqan baloga, qayga boray davoga" daganlaridek, asli namanganlik Boymirza Hayit degan odam bor. Olmoniyada yashaydi. Xotini olmon. Davlat tilimizni bilmaydi. Boymirza Hayitni men ko‘rganman. Qop-qora kuch. Mo‘ylovi ham bor. Ana o‘sha kimsa bultur Namanganga kelib, rosa to‘polon qildi. Uni kutishga minglab avom xalq yo‘lga chiqdi, bu siyosiy qoloqligimiz oqibati. Bu qora kuch Namanganga keliboq, o‘z maslakdoshlarini axtara boshladi. Boyligimiz - barqarorlikka putur yetkazish uchun harakatga tushdi. Biz uning yo‘lini kesdik. Unga Prezidentimizning O’zbekistondan chiqib ketishi haqidagi buyrug‘ini men yetkazganman. Buyruqni eshitib, qora kuch yanada qorayib ketdi. Shuni aytish kerak-ki, qora kuchlar tuzog‘iga ba’zan sodda odamlar ham tushib qolishadi. Bu sodda odamlarning anchasini biz to‘g‘ri yo‘lga soldik. Bu odamlarnin hammasi hozir "Vatan taraqqiyoti" firqasiga kirgan. Ammo bu soddalarning ichida o‘jarlari ham uchrab turadi. Bittasi, "Nima qilasan Prezidentni tanqid qilib, lo‘lining eshagini sug‘orib, pulini olavermaysanmi?," desam, sodda nima deydi, deng: "Prezident lo‘li emas, samarqandlik, ikkinchidan, uning eshagini sug‘orsam, sizga ish qolmaydi-ku," deydi-ya bezbet. Xullas, bundaylarni faqat turma odam qiladi... Bu haqda men Prezidentga ochiq aytganman. Shafqatsiz bo‘lish kerak, deganman. U meni yaxshi tushunadi. Men ham uning psixologiyasini o‘rganib olganman. Deylik, birovni mansabga qo‘yish kerak bo‘lsa, buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytib bo‘lmaydi. Men odatda , prezident sekretariga "Ertaga qora kuchlar miting qilmoqchi, oqsoqolga batafsil axborot berishim kerak," deyman. Prezident zudlik bilan qabul qiladi. Qabulxonasida kun bo‘yi o‘tirgan vazirlarni qabul qilmaydi-yu, meni darrov kutib oladi. Axborotni eshitib, tutoqadi, so‘kinadi. Men bundan foydalanib, unga sekin, ish bo‘yicha yozilgan hujjatni beraman. U qaramay imzo chekadi-da, oldimga irg‘itadi. Shu bilan ish bitadi. Axborotning to‘g‘ri-noto‘g‘riligining ahamiyati yo‘q. Qora kuchlar bir kuni baribir miting qiladi-ku. Biz faqat oldini olamiz, xolos. Umuman, OLDINI OLISh - "Vatan taraqqiyoti" firqasining asosiy ish uslubidir. Bizni ko‘rolmaydiganlar ham bor. Ular "Vatan taraqqiyoti" cho‘ntak partiyasi, deb gap tarqatishgan. Biz fisqu-fasoddan baland turganimiz uchun, kulib qo‘yaqoldik. Ha, biz cho‘ntak partiyasimiz, dedik. Bu qora kuchlar shu qadar bezbetlar-ki, go‘yo o‘zlari cho‘ntakni o‘ylamaydilar, go‘yo hammasi boyvachcha. Prezident firqamizni tuzayotib, cho‘ntak - partiya uchun asosiy narsa, cho‘ntaksiz partiya bo‘lmaydi, deganlar. Shuning uchun ham "Vatan taraqqiyoti" faqat iqtisod bilan shug‘ullanadi. Iqtisodning hayotimizda naqadar muhim faktor ekanligini qishloqqa borib bilish mumkin. O’tgan yili choyxonada o‘tkazilgan qurultoyimizda (biz dabdabani yomon ko‘ramiz, majlislarimizni doim choyxona yoki restoranalarda o‘ttkazamiz) bir choldan "Sizga iqtisod kerakmi, siyosatmi?" deb so‘raganimizda, chol avval tushunmay turdi. Keyin "Sizga non kerakmi yoki safsatami?" degan edik, darrov tushundi, "Non kerak, bolam, non,"dedi. Shu yerning o‘zidayoq unga firqamiz nomidan to‘rtta issiq non haddya etdik va bu nonlarning iqtisod ekanini tushuntirdik. Tashviqotning kuchini qarang-ki, eshitishimizcha, o‘sha chol endi uyida ham "xotin, non obke," demas emish, balki "xotin, issiqqina iqtisodingni obke," deydigan bo‘libdi. 150 Muhammad Solih - Yo'lnoma Xalq bilan shunday ishlash kerak. Bir kuni xalq bilan ishlab turgan edim, qishloqi demokrat kelib qoldi. U ham xalq bilan ishlashga urina boshladi. Men unga qarshi kontrpropagandani boshlab yubordim. "Demokratlar sizni jarga olib boradi," dedim xalqqa. Bitta cho‘pon nima deydi deng: "Jarga o‘zim boraman, menga yo‘l ko‘rsatishning keragi yo‘q," deydi. U qishloq chekkasidagi jarda mol boqar ekan, keyin tushundim. Xalq bilan ishlash shunaqa nozik ish. U hamma narsani to‘ppa-to‘g‘ri tushunadi. Buning ustiga, xalq degani juda o‘jar narsa bo‘lar ekan. "Menga yo‘lboshchining keragi yo‘q, o‘zim boraman," deb ketaveradi. Buning OLDINI OLISh kerak. 7. O’ZBEKİSTON XDP FİRQASİ MAS’UL KOTİBİNİNG AYTGANLARİ Bizni "sobiq kommunistlar" deb atashadi. Bu tuhmat gap. Biz kommunist niqobi ostida yetmish yil O’zbekiston mustaqilligi uchun kurashganmiz. Mana, nihoyat shu kurashlar mahsuli - istiqlolga erishdik. Shunga qaramay, bugun ham bizni ko‘rolmaydiganlar uchrab turadi. Bu qora kuchlar endi "O’zbekistonda diktatura o‘rnatildi," deya baqirmoqdalar. Xudoga shukr-ki, diktatura bor. Shuning sharofati bilan O’zbekistonning hamma joyida barqarorlik bor. To‘rt tarafimiz barqarorlik. To‘g‘ri, bozorlar qimmat, oziq-ovqat yetishmaydi, ammo barcha do‘konlarda barqarorlik bor. Shu qadar serobki, chet ellik sayyohlar bizdan ilgarigiday suvenir qilib do‘ppi emas, barqarorlik olib ketishadi. Chet el gazetalari o‘zbek barqarorligi haqida tinmay yozadigan bo‘lishgan. Bunday sifatli mahsulot mustaqil O’zbekistonda yaratilishi vatanparvarlarning ko‘ksini g‘ururga to‘ldirmoqda. Faqat ular emas, Prezidentimizning shaxsan o‘zi "Barqarorlik eng katta boyligimiz," degan. Bu iborani Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Solor bo‘yiga osib ham qo‘yibdi: "BARQARORLIK - ENG KATTA BOYLIGIMIZ I. KARIMOV." Lekin bu hokimda ham farosot degani yo‘q ekan. Yozishga yozibdi-yu, iborani ikkiga bo‘lib, ishni rasvo qilibdi. Oqibatda, yozuv "Eng katta boyligimiz I. Karimov," deb o‘qilmoqda. Men Prezidentimiz bizning boyligimiz emas, demoqchimasman. Ammo buni Prezidentning o‘zi aytsa yarashadi, qandaydir tuman hokimi emas. Prezidentimiz dangal odam, aytsa aytaveradi. Bu haqda Murod Muhammad Do‘st batafsil yozgan. Uning dangalligiga men ham bir misol keltiraman. Sessiya mibaridan turib, dangal shunday dedi: "Meni maqtashni bas qilinglar, hali Niyozovga qo‘yganday menga ham anavi yerga haykal qo‘yib o‘tirmanglar, tag‘in," dedi. Pastda o‘tirgan maslahatchilardan biri beixtiyor "Qaerga?" deya Prezidentga termuldi. Prezident eshitmadi yoki atayin javob bermadi, chunki maslahatchilar farosatli bo‘lsa, qaergaligini o‘zlari bilishlari lozim, dovdiramasliklari kerak. Prezidentimiz nafaqat ichki siyosatda, tashqarida ham dangal siyosat yuritadi. Butun O’zbekiston ahli buni televizor orqali ko‘rib qoyil qolgan. Men ham ko‘rganman. Eron islom jumhuriyatining bir vaziri bilan bo‘lgan suhbatda prezidentimiz dangal so‘radi: "Nega sizlar (eronliklar - M. S.) yengil sanoatga tashqi investitsiyani jalb qilmayapsizlar?" dedi. Bu savol ohangidan sho‘rlik eroniy suvga tushgan jo‘jaga o‘xshab shalvirab qoldi. U Eronning yengil sanoati ancha rivojlangan, hatto yengil sanoat mahsulotlarini tashqariga sotayapmiz, demoqchi edi, prezidentimiz vajohatini ko‘rib, pisib qoldi. Vazir bunday mahsulotlarni O’zbekiston ham chetga sotayotgan bo‘olsa kerak, deb o‘yladi va O’zbekiston delegatsiyasi kiygan ingliz yoki fin kostyumlari ham uni hushiga keltirmadi. 151 Muhammad Solih - Yo'lnoma Xorijiy siyosatchilar g‘alati bo‘lishadi. Tinmay iljayadilar, iltifot ko‘rsatadilar, har qadamda "ruxsat eting", "marhamat qiling" deya o‘ralashadilar. Suhbat boshlagani zamon dovdiray boshlaydilar. Chunki, nimjon va omi insonlar. O’zbekistondan kelgan delegatsiya meni dovdiratish uchun kelgan, deb o‘ylamaydilar. Diplomatiya - bu raqibini dovdiratish demakdir. Qashshoq bo‘lsang ham o‘zingni boy kabi tutish - diplomatiyadir. Biror davlatning sanoati haqida ma’lumot bo‘lmasa, bu "sanoatga" do‘q urilsa bas, raqib dovdiraydi-qoladi. Siyosatga aralashar ekan yana bitta narsani yodda tutish kerak: kadrlar bilan iloji boricha salomlashmaslk lozim. Aks holda, sizni hech kim pisand qilmay qo‘yadi. O’zimizga o‘xshagan odam ekan-ku, deb o‘ylaydi. Vaziyat taqozo etsa, bir-ikki vazirni haqorat ham qilib qo‘yish lozim. Buni chet elliklar eshitishsa, yanada ta’sirli bo‘ladi, haqiqiy prezident ekan, deb qoyil qolishadi. Yana bir narsa bor - bu vajohat. To‘nni teskari kiyib o‘tirish kerak. Hatto xorijiy davlat kiydirgan to‘nni ham. Bu xalqaro obro‘mizni ko‘taradi. Albatta, siyosatning boshqa, ikkinchi darajali qoidalari ham mavjud. Masalan, Turkiyaga borib, O’zbekiston iqtisodda "turk modelini tanladi," Xitoyga borib "xitoy modeli", Singapurda "singapur modelini tanladi," deyish ham mumkin. Bu aniq yo‘lning yo‘qligi emas, balki birdaniga uchta davlatning ko‘nglini olish hisoblanadi. Siyosatga aralashib yurgan Prezidentlar buni yaxshi bilishadi. Bizning prezidentimiz ham ana shunday prezidentlardan. Ayrim qora kuchlar buni ko‘rolmaydi. Prezidentimiz "Men - iqtisodchi, siyosatchi emasman," deb intervyu bergan, deyishadi. Prezident siyosatchi bo‘lmasa, qanday prezident bo‘ladi, deyishadi. Qora kuchlar bilmaydilar-ki, xalqning qornini siyosat emas, iqtisod to‘ydiradi. (Bu haqda "Vatan taraqqiyoti" firqasi ilmiy ish olib bormoqda). Qora kuchlar yana shuni bilsinlar- ki, O’zbekistonda yuz ellik yil davomida birorta siyosatchi bo‘lmagan va xalq to‘q-faravon yashagan. Safsataboz siyosatchilarning hammasi Moskovda bo‘lgan. Ular siyosat bilan shug‘ullanaverib, mana, nima bo‘ldi. Sovet imperiyasi parchalandi. Agar ruslar siyosat haqida kamroq gapirib, iqtisodni yo‘lga qo‘yganda, imperiya parchalanmagan bo‘lardi va biz faravon hayot kechirishda davom etgan bo‘lardik. Xudoga shukr, bugun ham hayotimiz farovon. Bozor-o‘charda so‘kinayotgan ba’zi shaloq qora kuchlarni aytmasa, butun xalqimiz hukumatga tasanno aytmoqda. Barcha gazet-jurnallar, radio-televidenie, axborot agentliklari farovon turmushimizdan daraklar bermoqdalar. Bu mo‘‘jizaning siri shunda-ki, Prezidentimiz siyosatdan ham ko‘proq iqtisod bilan shug‘ullanayotibdi. Rus imperiyasi yo‘l qo‘ygan xatoni takrorlamayapti. Siyosat ishqibozlariga minbar berib, erkalatmayapti. Juda o‘jarlari bo‘lsa, turmaga tashlayapti. Va juda to‘g‘ri qilayapti. Bu siyosatning to‘g‘riligi xususida nafaqat yozuvchi va olimlar, hatto yuz yoshdan o‘tgan qariyalar ham simpoziumlar o‘tkazmoqdalar. Odam yuz yoshdan o‘tsa, aqli yana tiniqlasharkan, yaqinda yuz yoshlilar simpoziumi "Prezidentga ochiq xat" qabul qilib, gazetlarda e’lon etdi. Bu maktub O’zbekiston donolikning ham makoni ekanligiin isbotlaydi. 8. DAVLAT SİRİNİ SAQLASH QO‘MİTASİ XODİMNİNG AYTGANLARİ Sovet Ittifoqini parchalagan kimlar, bilasizmi? Ichki va tashqi josuslar. Ular demokratiya niqobini kiyib, avval chet elda, keyin mamlakat ichkarisida yuzlab gazeta va jurnallar chiqara boshladilar, bu nashrlarda davlat sirlarini fosh qildilar. Masalan, SSSRning imperiya ekanligi, totalitar davlat ekanini birorta sovet kishisi bilmas edi, josuslar buni aytdi. Inqiroz shundan boshlandi. Bizda josuslar ko‘p. Ular ham demokratiya niqobini kiygan edi, lekin biz bu niqobni darrov yulib oldik va XDPga berdik. 152 Muhammad Solih - Yo'lnoma Endi josuslar o‘z basharalarini xalqdan yashira olmaydilar. Qaerga borsa, darrov ma’lum bo‘ladi, otning qashqasiday. Davlat sirini saqlash qo‘mitasi o‘shalarga qarshi tuzilgan. Biz davlat sirlarini ulardan muhofaza qilamiz. Davlat siri nima, degan savolga shunday javob berishim mumkin: asosiy davlat siri - bizning hukumatimiz. Biror gazet yoki jurnalda hukumat va uning boshlig‘i tanqid qilinsa, davlat siri fosh bo‘lgan hisoblanadi, bunga yo‘l qo‘ygan nashr zudlik bilan ta’qiqlanadi. Misol sifatida "Erk" haftaligini keltirishim mumkin. Bizning ishimizda doim hushyor bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Ishda ham, ko‘chada ham. hatto uyda ham. Tunov kuni divanda yonboshlab, televizor ko‘rayotgan edim, ekranda shubhali bir qo‘shiqchi paydo bo‘ldi. Bir qarashda aytgan qo‘shig‘i durust, ammo zaminida tuzumga qarshi gap bor ekan. Paxtazorni maqtab turib, oxirida "bobodehqon yuzingda ajin," deydi siniq ovoz bilan. Bu bizning professional tilimizda "tuzum yuzida ajin" degan ma’noni bildiradi. Darrov qo‘ng‘iroq qildim... Afsuski, televidenie bizning nazoratimizda emas, ammo bizning tavsiyamizdan ular foydalanishadi, ularga siyosiy ko‘rsatuv bermaslikni tavsiya etuvdik, qabul qilishdi. Hozir faqat raqqosa yoki ashulachilarni ko‘rsatadi. Lekin, boya aytganimday, ashulachilardan ham ehtiyot bo‘lish kerak. Ishimizning og‘ir jabhasi - tashqi josuslar bilan kurash. Tashqi josuslar Moskov matbuoti, axborot vositalari orqali davlat sirlarimizni fosh qiladi. Masalan, O’zbekistonda demokratiyaning yo‘qligini o‘shalar fosh qilishdi. Ammo qo‘mita, brinchi galda, mahalliy josuslarni yo‘q qilishga intiladi. Men bu ishga butun vujudim bilan kirishganman. Sirlilikka shu qadar o‘rganibman-ki, uyga borsam, xotinim ham sirli jilmayayotganday tuyulaveradi. "Erk" partiyasiga a’zo bo‘lib kelmadingmi?" deb qo‘yaman. Bundan hayron bo‘lmang, bu shunchaki professional sezgi. Agar shu sezgi bo‘lmasa, meni Qo‘mitaga ishga olmas edilar. Shu sezgi tufayli biz nashriyotlarda o‘nlab josuslarni fosh qildik, ishdan haydadik. Ularning ko‘pchiligi "Erk" partiyasi a’zosi ekanlgi ma’lum bo‘ldi. Lekin josuslar ham ancha ehtiyotkor, tajribali bo‘lib qolishdi. Ilgari davlat sirlarini ochiqdan- ochiq o‘z maqolalarida fosh qilaverardilar. Bugun konspirativ yo‘lga o‘tganlar: ular endi she’r yoza boshladilar. Keyingi uch oyda yigirmata josusning oltmish yettita she’rida davlat sirlari fosh qilingani aniqlandi. Bu ishda bizga Yozuvchilar Uyushmasidagi do‘stlar katta yordam berdilar. Bittasi "Muvashshah" degan she’r yozibdi. Har satrning bosh harflarini qo‘shib o‘qisangiz, odamning ismi, familiyasi chiqarkan. Kimning nomi chiqdi deng, aytishga til bormaydi, prosto dahshat!.. Keling, aytmay qo‘yaqoliy, xullas, bu eng katta davlat siri. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, maqoladan ham ko‘ra she’r xavfli narsa ekan. Josuslarning deyarli hammasi she’r yozishni biladi (chet ellik rahnomalari o‘rgatishgan bo‘lishsa kerak). Ular ko‘proq Yozuvchilar Uyushmasi atrofida o‘ralashadilar, ba’zi birovlari Uyushma a’zoligiga ham o‘tib olgan. Umuman, bu nusxalar asosan shaharda yashashadi. Qishloqda bir kun ham turolmaydilar. Chunki, qishloqda sir yo‘q. Ular shaharga kelishadi, davlat sirlariga yaqinroq yurish kerak-da. Ularning bir guruhini Prezident Saroyi yonida ko‘rganman. Ob’ktga qarab turishgan ekan, meni ko‘rishdi-yu, jo‘nab qolishdi... 153 Muhammad Solih - Yo'lnoma Davlat sirini saqlashda davlat tilimiz ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, boshliq o‘zbek tilida nutq qilsa va uni rus yoki ingliz tiliga tarjima qilish kerak bo‘lsa, tarjima matnini albatta tekshirib ko‘rish lozim. Chunki, davlat tilida aytilgan hamma gapni tarjima qilaversa, boshliqning obro‘siga, demak, davlatimizning obro‘siga putur yetishi mumkin. Davlatimiz obro‘sini saqlash davlat sirini saqlash bilan barobardir. Buni ba’zi kaltafahmlar tushunmaydi va "nega rahbarimiz nutqi tarjimada qisqartirilgan?" deb janjal qiladilar. Yaqinda shunaqalardan bittasi kelib boshimni qotirdi, uning qulog‘iga shipshib tushuntirgan edim, bechora qo‘rqib ketganidan xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, jo‘navordi. Yana shuni aytish kerak-ki, biz mustaqil jumhuriyat bo‘lmaganda, davlat sirlarini saqlash ancha qiyin bo‘lardi. Ya’ni, mustaqillik davlat sirini saqlashning muhim omillaridan biridir. Davlat siri, o‘z navbatida, mustaqillik uchun kurashning muhim omilidir. Davlat siri faqat bor narsalar emas, yo‘q narsalar ham bo‘lishi mumkin. Masalan, bizning milliy armiyamiz yo‘q, ammo uning yo‘qligini yozish - davlat sirini fosh qilish demakdir. Shuningdek, do‘konda non yo‘qligi, sariyog‘ yo‘qligi ham davlat siriga kiradi. Buni yozish iqtisodiy xoinlik hisoblanadi. Yo‘q narsalarning ichida eng dolzarb sir - demokratiyadir. Uning yo‘qligini yozish eng katta siyosiy jinoyat sanaladi. Bu sirni fosh qilganlardan bir nechtasi hozir turmada o‘tirishibdi. Xullas, mustaqil O’zbekistonimiz dunyo davlatlari bilan yaqinlashgan sari sirlarining ro‘yxati ham uzayib bormoqda. Yaqinda bu ro‘yxatga yana bitta sir qo‘shildi - inson huquqlari. Bunisi yaqin kelajakda eng aktual davlat siri bo‘lib qoladi. 9. DEHQONNİNG AYTGANLARİ Prezidentimizga rahmat, bu yil hosil yaxshi bo‘ldi. Paxtani nes-nobud etmay terib oldik. Prezidentimizga rahmat, o‘n besh foyizi dehqonga berilsin, degan edi. Biz bu paxtani qaerda ham sotardik, Prezidentimizga rahmat, og‘irimizni yengil qildi - o‘zlari sotadigan bo‘ldi. Prezidentimizga rahmat, o‘zlari juda karomatli kishi ekanlar. Yozuvchi Pirimqul Qodirov degani televizo‘rdan aytdi, prezidentmiz Hindistonga borganlarida bulutlar tarqab, birdan quyosh chiqib ketibdi. Bizni quyoshli O’zbekiston deyishadi, ammo Hindistonda quyosh chiqarishning o‘zi bo‘ladimi? Prezidentmizga rahmat, bizda ham havo yaxshi keldi. Tomorqadan olgan hosil bilan kun kechirayapmiz. Ikkita sigirimiz bor, Prezidentimizga rahmat, ikkalovi ham tug‘di, sut-qaymoq tekin bo‘ldi. Prezidentmizga rahmat, qishloqda un yo‘q. Paxta ekib, bug‘doy ekmagan edik. Prezidentimizga rahmat, ancha qiyin bo‘ldi. Un olib kelishgan edi, janjal boshlandi. Qo‘shnilar jiqqa-musht bo‘lishdi. Prezidentimizga rahmat, janjalkashlar qamaldi. Prezidentimizga rahmat, mening xotinim ancha chidamli chiqdi, unsiz ham ovqat qilaveradi. Prezidentimizga rahmat, qishloqda go‘sht yo‘q. Qo‘shnilar bir-birining go‘shtini yeydi. Prezidentimizga rahmat, buni hech kim bilmaydi. Prezidentimiz sog‘ bo‘lsinlar, qishloqda har xil kasalliklar ko‘payib ketdi. Mening kuyovim jigari chirib, o‘ldi. Ikkita bola yetim qoldi. Prezidentimizga rahmat, onasi nafaqa olayapti. 154 Muhammad Solih - Yo'lnoma Prezidentimizning yuzi doim yorug‘ bo‘lsin, qishloqda chiroq yo‘q. Qorong‘u tushgan zahot hamma kappalariga kirib ketadi, sham yoqib, ovqat pishiradi. Prezidentimizga rahmat, hali hech kim noligani yo‘q. Yaqinda eshagimni sotdim. Prezidentimizga rahmat, bozorlar ancha qimmatlab ketibdi, eshakni naq ikki mingga olishdi. Bu pulga go‘sht olib uyga kelsam, xotin janjal qildi, butun eshakka to‘rt kilo go‘sht oldingmi, dedi. Prezidentimizga rahmat, yig‘lab-yig‘lab jim bo‘ldi. Prezidentimizga rahmat, hayot jonga tegdi. Hatto o‘zimni osmoqchi bo‘ldim, prezidentimizga rahmat, arqon chirik ekan, tirik qoldim. Yosh bolalarimni o‘ylab yashay boshladim. Prezidentmizga rahmat, kenjatoyim bultur maktabni tugatdi. Toshkentga o‘qishga boraman, deb xarxasha qildi. Menga yordamchi bo‘l, qishloqdan ketma, deb yolvordim. Bola o‘jar chiqdi, ketdi. Prezidentimizra rahmat, porasiz o‘qishga kirish mumkin emas ekan, bolam bag‘rimga qaytib keldi. U ham menday yashaydigan bo‘ldi. Prezidentmizga rahmat. Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling